O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUChLARIGA 15 YIL” ESDALIK NIShONINI TA’SIS ETISh TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining o‘n besh yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlar qurilishi ishiga munosib hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilarni rag‘batlantirish maqsadida:
1. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni ta’sis etilsin.
2. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishonining nizomi va tavsifi 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh. Mirziyoyev) 2007-yilning 5-yanvarigacha “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishonlari va guvohnomalarining blanklari belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining Kotibi M. Atayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 26-dekabr,
PF-3837-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 26-dekabrdagi PF-3837-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni to‘g‘risida
NIZOM
1. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni bilan davlatning mudofaa qudratini mustahkamlash va Qurolli Kuchlar qurilishiga muhim hissa qo‘shgan shaxslar, o‘zining yuksak kasb mahoratini, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon qilgan harbiy xizmatchilar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun bo‘lgan jangovar harakatlarda ishtirok etgan va zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqarilgan harbiy xizmatchilar, shuningdek harbiy hamda xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan yoki yaralangan va shikastlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari taqdirlanadilar.
2. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni nomidan qo‘shilma komandiri va yuqori turuvchi mansabdor shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
Mukofotlanganlarga esdalik nishoni bilan birga belgilangan shakldagi guvohnoma beriladi.
3. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni vazirliklar hamda mudofaa va xavfsizlik tuzilmalari idoralari rahbarlarining buyruqlari asosida mukofotlanganlarga topshiriladi.
4. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 26-dekabrdagi PF-3837-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni
TAVSIFI
“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” esdalik nishoni 0,25 mikrongacha qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanib, diametri 34 millimetrli doira shakliga ega bo‘ladi.
Esdalik nishonining old tomonida balqib chiqayotgan quyosh fonida Xumo qushi aks ettirilgan. Xumo qushining tagida sakkiz qirrali yulduz joylashgan bo‘lib, uning o‘rtasida kesishayotgan ikki qilich bilan qalqon (Amir Temurning harbiy aslahalari) tasvirlangan. Nishonning yuqori qismida doira bo‘ylab “Ozbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 15 yil” yozuvi mavjud. Esdalik nishonining pastki qismida tasvirlangan lentaga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga asos solingan yil va yubiley sanasini anglatuvchi 1992—2007 raqamlari yozilgan.
Esdalik nishonining orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
Esdalik nishoni eni 24 millimetrli moviy-havorang shoyi tasma bilan qoplangan besh qirrali kolodkaga halqacha yordamida tutashtiriladi. Tasma eni 2 millimetrli sariq rangdagi yo‘l bilan hoshiyalangan. Tasma o‘rtasidan eni 7 millimetrli yashil rangli yo‘l o‘tgan.
Tasvirlar va yozuv qavariqdir.
Esdalik nishonining qirralari bo‘rtiq hoshiyalangan.
OZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARIGA 15 YIL
Esdalik nishoni
Esdalik nishoni
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 51-52-son, 504-modda)