Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
SOLIQ MASLAHATI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 29-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 25-avgustda maʼqullangan
2006-yil 29-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 25-avgustda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi 2022-yil 4-avgustdagi OʻRQ-787-sonli “Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2022-yil 5-noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Soliq maslahati tushunchasi
Soliq maslahati soliq maslahatchilari tashkilotining yuridik va jismoniy shaxslarga (bundan buyon matnda mijozga (ishonch bildiruvchiga) deb yuritiladi) shartnoma asosida soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish borasidagi faoliyatidir.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Soliq maslahatining asosiy prinsiplari
Soliq maslahati qonun ustuvorligi, mustaqillik va maxfiylik prinsiplariga asoslanadi.
5-modda. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar:
mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash masalalari (bundan buyon matnda soliq solish masalalari deb yuritiladi) boʻyicha maslahat berishni;
Keyingi tahrirga qarang.
soliq solish masalalari boʻyicha hujjatlar tuzishda mijozga (ishonch bildiruvchiga) yordam koʻrsatishni;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
sudda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda soliq solish masalalari boʻyicha mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan va uning topshirigʻiga binoan vakillik qilishni oʻz ichiga oladi.
6-modda. Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzishning majburiy sharti
Soliq maslahatchilari tashkilotining fuqarolik-huquqiy javobgarligi xususidagi sugʻurta shartnomasiga binoan sugʻurtalovchining majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi sugʻurta polisining mavjudligi soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzishning majburiy shartidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Soliq maslahati sohasidagi vakolatli davlat organi
Soliq maslahati sohasidagi vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Vakolatli davlat organi:
soliq maslahati boʻyicha faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
soliq maslahatchisi malaka sertifikatini (bundan buyon matnda malaka sertifikati deb yuritiladi) beradi, uning amal qilishini tugatadi va uni bekor qiladi;
soliq maslahatchilari reyestrini yuritadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Soliq maslahati boʻyicha kengash
Vakolatli davlat organi huzurida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi soliq maslahati boʻyicha kengash tuziladi. Soliq maslahati boʻyicha kengash tarkibiga davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, soliq maslahati sohasidagi mutaxassislar kirishi mumkin.
9-modda. Soliq maslahatchilari tashkiloti
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi tijorat tashkilotidir.
Soliq maslahatchilari tashkiloti aksiyadorlik jamiyatidan tashqari, istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari soliq maslahatchisi boʻlishi kerak.
Soliq maslahatchilari tashkiloti ushbu Qonunning 5-moddasida nazarda tutilgan soliq maslahati boʻyicha xizmatlar bilan bir qatorda:
buxgalteriya hisobini yoʻlga qoʻyish, tiklash va yuritish;
moliyaviy hisobot tuzish;
buxgalteriya hisobi, menejment va moliya-xoʻjalik faoliyatining boshqa masalalari boʻyicha konsalting xizmatlari ham koʻrsatishi mumkin.
10-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Soliq maslahatchilari tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq maslahatchilari tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularning davlat reyestrini yuritish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining huquqlari
Soliq maslahatchilari tashkiloti quyidagi huquqlarga ega:
mijozdan (ishonch bildiruvchidan) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va boshqa maʼlumotlarni olish;
soliq maslahati berish jarayonida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha mijozdan (ishonch bildiruvchidan) ogʻzaki yoki yozma tushuntirishlar olish;
soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborot, maʼlumotnomalar, hujjatlar va boshqa materiallarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muassasalar hamda tashkilotlardan soʻrab olish;
Keyingi tahrirga qarang.
soliq solish masalalari boʻyicha davlat organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat qilish (iltimos qilish, takliflar kiritish, soʻrovlar, arizalar, shikoyatlar berish va boshqa shu kabilar) hamda ulardan javoblar olish;
Keyingi tahrirga qarang.
soliq maslahatida ishtirok etishga boshqa mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
mijoz (ishonch bildiruvchi) soliq maslahatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va boshqa maʼlumotlarni taqdim etmagan taqdirda, soliq maslahati berishni rad qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Soliq maslahatchilari tashkiloti qonun hujjatlariga va soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda. Soliq maslahatchilari tashkilotining majburiyatlari
Soliq maslahatchilari tashkiloti:
mijozning (ishonch bildiruvchining) huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan usullari hamda vositalaridan foydalanishi;
Keyingi tahrirga qarang.
soliq maslahatini amalga oshirayotganda olingan axborotning maxfiyligiga rioya etishi;
soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzilayotganda mijozning (ishonch bildiruvchining) talabiga binoan malaka sertifikatini koʻrsatishi;
mijozga (ishonch bildiruvchiga) uning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan zarar yetkazilganligi haqida dalolat beruvchi faktlar, shuningdek qonun hujjatlarining buzilganligi aniqlangan taqdirda, bu haqda mijozga (ishonch bildiruvchiga) maʼlum qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Soliq maslahatchilari tashkilotining zimmasida qonun hujjatlariga va soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13-modda. Soliq maslahati boʻyicha hisobot
Soliq maslahatchilari tashkiloti mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq maslahati boʻyicha hisobot taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Soliq maslahati boʻyicha hisobot soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan soliq maslahati predmeti haqidagi axborotni oʻz ichiga oladi.
Soliq maslahati boʻyicha hisobotdagi axborot maxfiydir va oshkor qilinishi mumkin emas.
Soliq maslahati boʻyicha hisobotning har bir beti soliq maslahatini amalga oshirgan soliq maslahatchisi tomonidan imzolanadi, hisobot soliq maslahatchilari tashkiloti rahbarining imzosi va mazkur tashkilotning muhri bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Soliq maslahatchisi
Malaka sertifikatini olgan jismoniy shaxs soliq maslahatchisidir.
Soliq maslahatchisi, agar u soliq maslahatchilari tashkilotining shtatida turgan boʻlsa yoki soliq maslahatchilari tashkiloti u bilan fuqarolik-huquqiy xarakterdagi shartnoma tuzgan boʻlsa, soliq maslahatiga jalb etilishi mumkin.
Soliq maslahatchisi vakolatli davlat organi belgilagan tartibda oʻz malakasini oshirishi shart.
15-modda. Malaka sertifikati
Soliq maslahati boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jismoniy shaxsga beriladigan malaka sertifikati bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Malaka sertifikati cheklanmagan muddatga beriladi va Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida haqiqiydir.
16-modda. Malaka talablari
Malaka sertifikatini olishga quyidagi talablarga javob beradigan:
oliy maʼlumotga ega boʻlgan;
soliq maslahatchilarini tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv kursini oʻtagan;
kamida besh yillik ish stajiga, shu jumladan iqtisodiy yoki yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxs talabgor boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Soliq maslahatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha maxsus oʻquv kursini belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan davlat va nodavlat taʼlim muassasalari vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan oʻquv dasturi asosida amalga oshiradi.
Malaka talablariga javob beradigan shaxs malaka imtihoni topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi ariza bilan vakolatli davlat organiga murojaat qilish huquqiga ega.
Malaka imtihonini tashkil etish va oʻtkazish tartibi vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
17-modda. Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish
Malaka sertifikatining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
soliq maslahatchisining arizasi;
soliq maslahatchisi tomonidan soliq maslahati berish davomida olingan maʼlumotlar mijozning (ishonch bildiruvchining) yozma ruxsatisiz uchinchi shaxslarga taqdim etilganligi;
soliq maslahatini amalga oshirishda bir yil ichida ikki martadan koʻp qonun hujjatlarini buzish sodir etilganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
soliq maslahati boʻyicha faoliyatda uch yil mobaynida ishtirok etmaganligi, shuningdek malaka oshirishni belgilangan tartibda oʻtamaganligi;
malaka sertifikatini soliq maslahatida ishtirok etish uchun foydalanish maqsadida boshqa jismoniy shaxsga berilganligi faktining aniqlanganligi;
muayyan lavozimlarni egallash yoki moliya-xoʻjalik sohasida muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi sud hukmining qonuniy kuchga kirganligi;
fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarorining qonuniy kuchga kirganligi.
Malaka sertifikatining amal qilishi uni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi, toʻrtinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha malaka sertifikatining amal qilishi tugatilgan shaxs malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida vakolatli davlat organiga malaka sertifikati olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Vakolatli davlat organining malaka sertifikatining amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
18-modda. Malaka sertifikatini bekor qilish
Malaka sertifikatini bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
vakolatli davlat organining malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganligi;
malaka sertifikatining soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.
Malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror malaka sertifikati berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha malaka sertifikati bekor qilingan shaxs malaka sertifikati bekor qilinganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch yil ichida vakolatli davlat organiga malaka sertifikati olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishga haqli emas.
Vakolatli davlat organining malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
19-modda. Soliq maslahatchisining yordamchisi
Malaka sertifikatiga ega boʻlmagan va soliq maslahatchisining soliq maslahati bilan bogʻliq topshiriqlarini soliq maslahati boʻyicha hisobotga imzo qoʻyish huquqisiz bajaruvchi jismoniy shaxs soliq maslahatchisining yordamchisi boʻlishi mumkin.
Soliq maslahatchisi yordamchisining mehnat sharoitlari qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda soliq maslahatchilari tashkiloti bilan tuzilgan mehnat shartnomasida belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Soliq maslahatchisining yordamchisi sifatida ishlangan vaqt malaka sertifikati olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.
20-modda. Soliq maslahati boʻyicha faoliyatning kafolatlari
Uchinchi shaxslarning soliq maslahatchilari tashkilotlarining faoliyatiga aralashishi, ulardan professional xizmatlar koʻrsatish vaqtida olingan biron-bir maʼlumotni talab qilishi, shuningdek bunday maʼlumotlarni soliq maslahatchilaridan, soliq maslahatchilarining yordamchilaridan va soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish jarayonida ishtirok etayotgan boshqa shaxslardan talab qilishi taqiqlanadi.
Soliq maslahatini amalga oshirayotgan shaxslardan ular soliq maslahati boʻyicha vazifalarini bajarishlari bilan bogʻliq holda tayyorlagan hujjatlarning olib qoʻyilishi yoki koʻzdan kechirilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchisi va uning yordamchisi professional vazifalarini bajarishlari munosabati bilan oʻzlariga maʼlum boʻlgan holatlar toʻgʻrisida guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari va ularning yordamchilari sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan ekspertlar hamda mutaxassislar sifatida, shuningdek tekshiruvlarni amalga oshirishga jalb etilishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida xizmat qiluvchi shaxslar soliq maslahatiga jalb etilishi mumkin emas.
Soliq maslahatchilari tashkiloti davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan boshqa shaxslar soliq maslahatchilari tashkilotining muassislari boʻlishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
21-modda. Soliq maslahatchilarining birlashmasi
Soliq maslahatchilari va (yoki) soliq maslahatchilarining tashkilotlari umumiy manfaatlarni ifoda etish va himoya qilish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq maslahatchilari birlashmasini tashkil etish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda. Nizolarni hal etish
Soliq maslahati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23-modda. Soliq maslahati boʻyicha javobgarlik
Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida mijozga (ishonch bildiruvchiga) zarar yetkazganligi uchun javobgar boʻladi. Mijozga (ishonch bildiruvchiga) yetkazilgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning oʻrni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi kerak.
Soliq maslahatchisi ishni sifatsiz bajarganligi, tijorat sirini oshkor etganligi natijasida yetkazilgan ziyon va soliq maslahatchilari tashkiloti zarar koʻrishiga olib kelgan boshqa xatti-harakatlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq soliq maslahatchilari tashkiloti oldida javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Soliq maslahati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
26-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-sentabr,
OʻRQ— 55-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 37-38-son, 374-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda; 2012-y., 1-son, 2-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2017-y., 16-son, 265-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)