Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
XOTIN-QIZLARGA QOʻShIMChA IMTIYOZLAR TOʻGʻRISIDA
Bolalarni tarbiyalash uchun shart-sharoit yaratish hamda xotin-qizlarning mehnatdan manfaatdorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Uch yoshga toʻlmagan bolalari bor, budjet hisobidan moliyaviy jihatdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga mehnatga toʻlanadigan haqni kamaytirmasdan, ish vaqtining haftasiga oʻttiz besh soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilansin.
2. Ushbu Qonun 3-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan ish staji mavjud boʻlgan taqdirda ellik toʻrt yoshga toʻlgan ayollarga pensiyaga chiqish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 338-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda) quyidagi mazmundagi 121-modda bilan toʻldirilsin:
“121-modda. Umumiy belgilangan yoshni bir yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqi
Ushbu Qonun 37-moddasining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan kamida yigirma yillik ish staji boʻlgan ayollar ellik toʻrt yoshga toʻlganda pensiya olish huquqiga ega boʻladilar”;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktabrdagi OʻRQ-798-sonli Qonuniga asosan 2023-yil 30-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2022-y., 03/22/798/0972-son)
4. Ushbu Qonun 1999-yil 1-iyuldan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 14-aprel,
760-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 112-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.10.2022-y., 03/22/798/0972-son)