Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston elektr energetika, neft va gazni qayta ishlash, kimyo va ogʻir sanoat davlat loyiha institutini tashkil qilish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi PQ-2831-sonli “Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida loyiha ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlarni ilmiy-texnikaviy jihatdan va loyihalar bilan taʼminlashni muvofiqlashtirishni kuchaytirish, respublika iqtisodiyotini barqaror va mutanosib rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan sanoatning bazaviy tarmoqlari korxonalarini qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash boʻyicha yirik investitsiya loyihalarini yuqori darajada tayyorlash va uni sifatli amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek jalb etiladigan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlari sanoat obyektlarini qurish, modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilishning texnik-iqtisodiy asoslari hamda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash ishlarini muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzurida Oʻzbekiston elektr energetika, neft va gazni qayta ishlash, kimyo va ogʻir sanoat davlat loyiha instituti — “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” tashkil qilinsin.
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti zimmasiga iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlaridagi strategik muhim investitsiya loyihalari boʻyicha loyihalash ishlarini oʻtkazishda bosh pudratchi funksiyasi yuklansin.
3. Quyidagilar “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:
sanoatning bazaviy tarmoqlarini tarkibiy oʻzgartirish, elektr energetika, neft va gazni qayta ishlash, kimyo va ogʻir sanoat yirik obyektlarini modernizatsiyalash va texnik rekonstruksiya qilish konsepsiyasini ishlab chiqish;
investitsiya loyihalarining texnik iqtisodiy asoslarini aniq ishlab chiqish uchun subpudratchilar sifatida mamlakatimiz va xorijiy ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarini, shuningdek yetakchi mutaxassislarni tanlov (tender) asosida jalb etish, ularning ishini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladigan iqtisodiyot bazaviy tarmoqlarining strategik muhim korxonalarini qurish va modernizatsiyalash boʻyicha taqdim etilgan investitsiya loyihalari va texnik-iqtisodiy asoslanishini ekspertizadan oʻtkazish hamda ularni tanlab olishda qatnashish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini ishlab chiqishdan boshlab to ularni amalga oshirgunga qadar monitoring qilish va texnik jihatdan taʼminlash.
4. Quyidagilar belgilansin:
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga hisobot beradigan mustaqil tashkilot hisoblanadi;
loyihani ishlab chiqish uchun ham, uni toʻla nihoyasiga yetkazgungacha texnik taʼminotning tashkil etilishi uchun ham masʼul boʻlgan loyiha bosh muhandislari (LBM) tomonidan rahbarlik qilinadigan tarmoq byurolari “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutining asosiy tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi;
LBMlar byurosini yuqori malakali mutaxassis kadrlar bilan taʼminlash institutning istiqboldagi ixtisoslashuvini hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti Ilmiy-texnika kengashining ijobiy xulosasidan keyingina belgilangan tartibda vakil qilingan organlarga ekspertizadan oʻtkazish uchun kiritiladi;
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti Ilmiy-texnika kengashi aʼzolarining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti, shuningdek, boshqa loyiha institutlarining yetakchi mutaxassislaridan tuziladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.
5. Quyidagilar:
xodimlar umumiy cheklangan soni 153 nafar, shu jumladan, ishlab chiqarish-boshqaruv xodimlari soni 115 nafardan iborat boʻlgan “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda beriladi.
Loyiha bosh muhandisi byurosining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda beriladi.
Belgilansinki, “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti direktori lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari hisoblanadi.
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti direktoriga iqtisodiyot vaziri bilan kelishilgan holda, tasdiqlangan lavozimlar soni doirasida, institut tarkibiga zarur hollarda oʻzgartishlar kiritish va xodimlar sonini uning tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasida qayta taqsimlash huquqi berilsin.
Institut xodimlari tarkibini shakllantirish aniq loyiha topshiriqlari olinishiga qarab amalga oshirilsin.
6. Quyidagilar “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
investitsiya loyihalari buyurtmachilarining shartnoma asosida TIAni ishlab chiqishga ajratilgan mablagʻlari, loyiha-qidiruv va loyiha ishlarini bajarish, loyihalar amalga oshirilishini texnik jihatdan taʼminlash;
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutining qonun hujjatlariga muvofiq holda shaxsiy faoliyati natijasida olingan daromadlari;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarining grantlari;
etishmayotgan qismida — davlat budjeti mablagʻlari.
7. “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti 2010-yilning 1-yanvarigacha barcha soliq turlaridan, yigʻimlar, bojlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan ozod qilinsin, bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar va yagona ijtimoiy toʻlov bundan mustasno.
8. Quyidagilar belgilansin:
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, mukofotlash, moddiy yordam va tibbiy xizmat koʻrsatish shartlari tadbiq etiladi;
“Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti xodimlariga institut direktorining buyrugʻi bilan ustav faoliyatidan olingan daromadlar hamda ajratilgan maqsadli budjet mablagʻlari doirasida ish haqiga oylik ustama haq belgilanishi mumkin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti faoliyatini tashkil etish yuzasidan qaror qabul qilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 13-iyun,
PQ-377-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 24-son, 218-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 7-son, 257-modda)