Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
M.V. LOMONOSOV NOMIDAGI MOSKVA DAVLAT UNIVERSITETINING TOSHKENT SHAHRIDAGI FILIALINING TASHKILIY TUZILMASI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 24-fevraldagi PQ–290-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialining (keyingi oʻrinlarda Filial deb ataladi) maʼmuriy-boshqaruv hamda xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining (professor-oʻqituvchilar va oʻquv-yordamchi xodimlardan tashqari) cheklangan soni 107 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 31 nafardan iborat tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2. Filial direktoriga muassislar bilan kelishuv boʻyicha, zarur hollarda, Filial tuzilmasiga maʼmuriy-boshqaruv hamda xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi uchun 2006-yilga tasdiqlangan budjet ajratmalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin va Filialda oʻqitishni tashkil etish uchun zarur budjet mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin;
2006-yil uchun Filial xarajatlari smetasini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga zarur hollarda taqdim qilingan hisob-kitoblar boʻyicha Filialni jihozlash va taʼminlash uchun oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasidan xarajatlarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 7-iyun,
111-son
M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialining
tashkiliy tuzilmasi
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 23-son, 209-modda)