ONLINE TRANSLATE
Hujjat pasporti
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi qabul qilingani munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2023-yil 27-sentabrdagi 500-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 21.10.2026 yildagi 585-son

Qarorga ko‘ra, quyidagilar suv olish tartibini buzish deb hisoblanadi:
belgilangan limitdan ortiqcha suv olish;
suv olish shartnomasini rasmiylashtirmasdan suv olish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlamagan holda suv olish;
suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomasiz suv olish;
o‘zboshimchalik bilan suv olish.

2027 yil 1 yanvardan boshlab yil davomida birinchi marta suv olish tartibini buzgan, lekin fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, o‘zgalar mulkiga zarar yetkazmagan yuridik shaxslarga nisbatan “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi tatbiq etiladi. Bunday holda Inspeksiya yuridik shaxsni “suvnazorat.uz” elektron platformasi orqali ogohlantiradi va ko‘rsatma beradi. Holat 10 kun muddatda bartaraf etilmasa, moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi.

Moliyaviy sanksiya har ming kub metr suv uchun BHM asosida, Suv kodeksining 164-moddasida belgilangan foiz miqdorida hisoblanadi. Sanksiya qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida tartib takroran buzilsa, sanksiya besh baravari miqdorida qo‘llaniladi.

To‘lash tartibi:
qaror va sanksiya hisobi olingan kundan boshlab bir oy muddatda mablag‘ning 50 foizi ixtiyoriy to‘lansa, yuridik shaxs qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi;
summani olti oydan kechiktirmasdan, har oyda oltidan bir qismidan kam bo‘lmagan miqdorda bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin. Bir oy ichida dastlabki to‘lov to‘langanda bu tartib avtomatik ravishda amal qiladi;
sanksiya ixtiyoriy to‘langanda huquqiy taʼsir chorasi qo‘llanilmagan deb hisoblanadi.

Bir oy muddatda ixtiyoriy to‘lov to‘lanmasa, Inspeksiya sudga daʼvo arizasi kiritadi. Shikoyat qilingan taqdirda esa u ko‘rib chiqilgunga qadar sanksiya qo‘llash jarayoni va muddati to‘xtatib turiladi.

Sud noqonuniy va asossiz deb topgan hamda to‘langan mablag‘lar 15 kun muddatda qaytariladi. O‘z vaqtida qaytarilmagan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lanadi.