Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Volontyorlik faoliyatini yanada ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini yanada takomillashtirish, aholi oʻrtasida volontyorlik harakatini keng ommalashtirish, aholining ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ekologiya, madaniyat, yoshlar masalalari, sogʻliqni saqlash kabi sohalarda fuqarolarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda ushbu yoʻnalishlarda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar volontyorlik faoliyatini yanada ommalashtirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) aholi, ayniqsa, yoshlarda ijtimoiy masʼuliyat, hamjihatlik, oʻzaro yordam va rahm-shafqat tuygʻularini keng shakllantirish;
(b) ijtimoiy himoyaga muhtojlar, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga begʻaraz yordam koʻrsatish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha xayriya tadbirlarini amalga oshirish;
(v) volontyorlarning bilim va koʻnikmalarini (loyiha boshqaruvi, jamoatchilik bilan ishlash, yetakchilik) yanada rivojlantirish orqali ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanishiga zamin yaratish;
(g) davlat organlari va ijtimoiy xizmatlar faoliyatiga volontyorlarni faol jalb qilish orqali davlat dasturlari va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarda ularning ishtirokini kengaytirish;
(d) volontyorlik guruhlari va tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda ularning xalqaro volontyorlik harakatlariga qoʻshilishiga koʻmaklashish.
II. Volontyorlik faoliyatini yanada ommalashtirish
2. Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasining “Ezgulik sari qadam” shiori ostida volontyorlik faoliyatini umummilliy harakatga aylantirish, volontyorlik sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida:
(a) volontyorlar ishtirokida ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlar, loyihalar va aksiyalar oʻtkazilishini tashkil etish, ularning huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash, volontyorlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish;
(b) “Fidoyi volontyor” koʻkrak nishonini taʼsis etish;
(v) 5-dekabr — Xalqaro koʻngillilar kunini keng nishonlash;
(g) xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari ishtirokida Osiyo volontyorlari forumini oʻtkazib borish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin.
3. Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Fidoyi volontyor” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
III. Institutsional tashkiliy choralar
4. Volontyorlik harakatini ommalashtirish hamda koʻngillilar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vasiylik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Vasiylik kengashi) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) aholining ijtimoiy himoyasini taʼminlash, sport, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat, sogʻliqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarda volontyorlik faoliyatini ommalashtirish yoʻnalishlarini belgilash;
(b) volontyorlar faoliyatini samarali tashkil etish, ularning ijtimoiy loyihalardagi faol ishtirokini taʼminlashga uslubiy koʻmaklashish;
(v) volontyorlik faoliyati sohasida davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
6. Volontyorlar va volontyorlik guruhlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladigan faoliyat yoʻnalishlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda 2-ilovada koʻrsatilgan sohalar boʻyicha vakolatli davlat organlari va tashkilotlari oʻz yoʻnalishida volontyorlik faoliyatini rivojlantirishga masʼul hisoblanadi.
IV. Volontyorlik faoliyatiga oid moliyaviy instrumentlarni takomillashtirish
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PF-66-son Farmoniga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Belgilansinki, Jamgʻarmaning mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
(a) ushbu Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan tadbirlar bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
(b) volontyorlik loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, grant dasturlari eʼlon qilish orqali mablagʻ ajratish;
(v) qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan va volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi nodavlat notijorat tashkilotlar hamda volontyorlar guruhlarining volontyorlik faoliyati sohasiga oid loyiha va tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
(g) aholi orasida volontyorlik faoliyatini kengaytirish, bu boradagi fuqarolik tashabbuslarini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash;
(d) fuqarolarni aholining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan turli xil jamoat faoliyatiga jalb etish.
V. Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari
9. Yoshlar ishlari agentligi Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Kasbiy taʼlim agentligi bilan birgalikda 2027-yildan boshlab aholi, ayniqsa yoshlar va davlat xizmatchilarining volontyorlik faoliyati boʻyicha bilim va koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida:
(a) volontyorlik qilish istagidagi yoshlar ishtirokida “Service Learning” (ijtimoiy xizmat asosidagi taʼlim) dasturi asosida qisqa muddatli oʻquvlar tashkil etish orqali ularning volontyorlik koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
(b) davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalari va texnikum oʻquvchilari uchun “Kasbiy volontyorlik” dasturini amalga oshirsin. Bunda:
(i) davlat organlari va tashkilotlari oliy taʼlim tashkilotlari talabalari hamda texnikum oʻquvchilariga taʼlimdan tashqari vaqtlarda volontyorlar guruhi tarkibida volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
(ii) talabalar taʼlim olayotgan ixtisosligiga mos volontyorlik dasturida oʻz xohishiga koʻra ishtirok etadi.
10. Kasbiy taʼlim agentligi tajriba-sinov tariqasida 2026/2027 oʻquv yilida Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlaridagi bittadan texnikumda, 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab talab va ehtiyoj tahlili asosida boshqa hududlarda volontyorlik faoliyati boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil etsin.
11. Belgilansinki, volontyorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarni taʼlim jarayonida va ishga qabul qilishda ragʻbatlantirish maqsadida:
(a) Vasiylik kengashining tavsiyasi bilan oliy taʼlim tashkilotlari talabalari va texnikum oʻquvchilari “ijtimoiy faollik kartasi” maʼlumotlari asosida oʻqishdan boʻsh vaqtlarida volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun tashkilotlarga yoʻnaltiriladi;
(b) volontyor sifatida ikki yillik faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishgan volontyorlardan faol volontyorlar guruhlari shakllantiriladi hamda ushbu volontyorlar Vasiylik kengashi tavsiyasiga asosan davlat organlari va tashkilotlari kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
12. Belgilansinki, 2027-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlari lavozimiga ishga qabul qilishda nomzodlarning malaka talablari boʻyicha koʻrsatkichlari teng boʻlgan hollarda volontyorlik faoliyati bilan shugʻullangan nomzodlarga ustunlik beriladi.
13. Yoshlar ishlari agentligi:
(a) Taʼlim va ilm-fan vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda volontyorlar faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(b) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Volontyor” yagona elektron platformasi” (“volontyor.uz”) axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — Axborot tizimi) quyidagilarni hisobga olgan holda takomillashtirish choralarini koʻrsin:
(i) “ijtimoiy faollik kartasi”ni ishga tushirish orqali yoshlar tomonidan amalga oshiriladigan volontyorlik faoliyati tarixini yuritish, volontyorlik ixtisoslashuvi darajasini qayd etish;
(ii) volontyorlik tashabbuskorligi uchun “ijtimoiy token” (raqamli ball) berish, uning miqdorini yuritish, ushbu ballarni monetizatsiya qilish hamda uni moddiy va boshqa ehtiyojlar uchun sarflash imkoniyatini yaratish;
(iii) volontyorlik faoliyati sohasi samaradorligini baholash va uning natijadorligini aniqlash;
(iv) volontyorlarning faoliyati koʻrsatkichlari, volontyorlik davrida orttirgan ish tajribasi va koʻnikmalari haqida maʼlumotlarni jamlash;
(v) volontyor, volontyorlik guruhi va volontyorlik tashkilotlari hamda ular faoliyati haqidagi maʼlumotlarning yagona reyestrini yuritish;
(vi) volontyorlik faoliyati sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, tadbirlar va aksiyalar haqida maʼlumotlarni shakllantirish.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
14. Volontyorlik faoliyatini yanada ommalashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 6-noyabr,
PF-240-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-noyabrdagi PF-240-son Farmoniga
1-ILOVA
Volontyorlik harakatlarini ommalashtirish hamda koʻngillilar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vasiylik kengashi
TARKIBI

1.

A.Z. Saʼdullayev

—

Yoshlar ishlari agentligi direktori, Vasiylik kengashi hamraisi

2.

Sh.Sh. Mirziyoyeva

—

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, Vasiylik kengashi hamraisi

3.

A.A. Abduxakimov

—

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi

4.

E.O. Turdimov

—

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri

5.

Gʻ.Gʻ. Mirzayev

—

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi

6.

A.I. Ikramov

—

sport vaziri

7.

O.A. Nazarbekov

—

madaniyat vaziri

8.

E.E. Adilov

—

sogʻliqni saqlash vaziri

9.

A.I. Ikramov

—

favqulodda vaziyatlar vaziri

10.

I.R. Maxkamov

—

transport vaziri

11.

Sh.X. Xodjayev

—

energetika vaziri

12.

O.A. Xasanov

—

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari

13.

K.N. Ishanxodjayev

—

Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi

14.

L.Sh. Nigmanov

—

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi boshqaruvi aʼzosi

15.

O.Yu. Isoqov

—

Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi

16.

B.M. Bekmurodov

—

“Yuksalish” harakati raisi

17.

Tavsiyaga koʻra *

—

faol volontyorlar

18.

Sh.R. Abidova

—

Yoshlar ishlari agentligi direktorining maslahatchisi, Vasiylik kengashi kotibi

Izoh.
* Faol volontyorlar Vasiylik kengashi tavsiyasi asosida kengash tarkibiga kiritiladi.
Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-noyabrdagi PF-240-son Farmoniga
2-ILOVA
Volontyorlar va volontyorlik guruhlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladigan faoliyat yoʻnalishlari
ROʻYXATI
I. Ijtimoiy himoya sohasida:
1) yolgʻiz keksalar, mehnatga layoqatsiz shaxslar, nogironligi boʻlgan shaxslar, davlat taʼminotidagi, kambagʻal va ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlar koʻrsatishda koʻmaklashish;
2) ijtimoiy xizmatlar muassasalari faoliyatida, shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarda, ijtimoiy aksiyalar va xayriya loyihalarida ishtirok etish.
II. Sogʻliqni saqlash sohasida:
3) aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
4) donorlik aksiyalari va ommaviy tibbiy koʻriklarni tashkil etishda koʻmaklashish;
5) epidemiya, pandemiya va karantin davrida aholini xabardor qilish, himoya va xavfsizlik choralarini targʻib qilishda ishtirok etish;
6) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari (oilaviy poliklinikalar va shifokorlik punktlari) infratuzilmasi holatini jamoatchilik monitoringidan oʻtkazishda hamda aholining tibbiy xatlov jarayonlariga tibbiyot oliygohlarining yuqori kurs talabalarini volontyor sifatida keng jalb qilish.
III. Raqamli texnologiyalar:
7) aholi oʻrtasida raqamli koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan treninglar va mahorat darslari tashkil etishga koʻmaklashish;
8) aholi, ayniqsa yoshlar orasida raqamli savodxonlikni, shuningdek, internet xavfsizligi va kiberxavfsizlik koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish.
IV. Taʼlim va yoshlar siyosati sohasida:
9) taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etish;
10) yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, savodxonlikni oshirish va qoʻshimcha taʼlim dasturlarini amalga oshirishda koʻmaklashish;
11) yoshlarga oid davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish.
V. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida:
12) ekologik madaniyatni oshirishga va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid aksiyalar, maʼrifiy va axborot-targʻibot tadbirlarini tashkil etishda koʻmaklashish;
13) obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va hududlarni tozalash ishlarida ishtirok etish;
14) tabiiy resurslar, suv, yer va biologik xilma-xillikni muhofaza qilish boʻyicha jamoatchilik nazorati tadbirlarida koʻmaklashish.
VI. Favqulodda vaziyatlar sohasida:
15) tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish tadbirlarida koʻmaklashish;
16) aholini evakuatsiya qilish, vaqtinchalik joylashtirish va zaruriy yordam koʻrsatish tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
17) jamoatchilik va yoshlarni favqulodda vaziyatlarda ogohlik, favqulodda harakat qilish koʻnikmalari boʻyicha oʻqitish va targʻibot tadbirlariga koʻmaklashish.
VII. Madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat sohasida:
18) davlat va umummilliy bayramlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etish;
19) madaniy meros obyektlarini asrash va ularning ahamiyatini targʻib qilish ishlarida koʻmaklashish;
20) aholi oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish.
VIII. Jamoat tartibi va huquqiy madaniyat sohasida:
21) huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
22) yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha axborot-targʻibot aksiyalarini amalga oshirish.
IX. Sport va sogʻlom turmush tarzi sohasida:
23) ommaviy sport tadbirlari va musobaqalar aksiyalarini tashkil etishda, shuningdek, aholi oʻrtasida jismoniy faollikni oshirish hamda maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida, ish joylarida va aholi koʻp toʻplanadigan joylarda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish tadbirlarida ishtirok etish;
24) sport muassasalari va klublar bilan hamkorlikda volontyorlik loyihalarini amalga oshirish.
Izoh. Sohalarning oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda Vasiylik kengashi tomonidan roʻyxatga qoʻshimcha yoʻnalishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-noyabrdagi PF-240-son Farmoniga
3-ILOVA
Volontyorlik faoliyatini yanada ommalashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar
DASTURI

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish shakli

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

1.

Eng yaxshi volontyorlik loyihalarini tanlab olish va ularni qoʻllab-quvvatlash tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.

Volontyorlik harakatlarini ommalashtirish hamda koʻngillilar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Vasiylik kengashi bayoni

2027-yil yanvar

Yoshlar ishlari agentligi,

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi,

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi,

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi

2.

“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” doirasida respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida vatandoshlar ishtirokida tinchlik volontyorlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2026-yil noyabr

Tashqi ishlar vazirligi,

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi,

“Butunjahon yoshlar ofisi” NNT,

manfaatdor vazirlik va idoralar

3.

BMT Volontyorlari (UNV) tashkilotining toʻliq moliyalashtirish dasturi (UNV Full Funding Program)da oʻzbekistonlik volontyorlarning ishtirokiga koʻmaklashish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2027-yil davomida

Yoshlar ishlari agentligi,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Tashqi ishlar vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

4.

Sohaviy volontyorlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda ularni oʻqitish maqsadida “Eko-avlod” volontyorlar oʻquv oromgohini tashkil etish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2027-yildan boshlab doimiy

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi,

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi

5.

“Eng faol volontyor”, “Eng faol volontyorlar guruhi” hamda “Eng faol volontyorlik tashkiloti” koʻrik-tanlovlarini yuqori saviyada tashkil etib borish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2027-yildan boshlab doimiy

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

6.

Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari uchun “Kasbiy volontyorlik” dasturini ishlab chiqish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2026-yil noyabr

Taʼlim va ilm-fan vazirligi,

Kasbiy taʼlim agentligi,

Yoshlar ishlari agentligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

7.

Volontyorlik qilish istagidagi yoshlar ishtirokida “Service Learning” (ijtimoiy xizmat asosidagi taʼlim) dasturi asosida qisqa muddatli oʻquvlar tashkil etish orqali ularning volontyorlik koʻnikmalarini shakllantirish.

Amaliy chora-tadbirlar

2027-yil yanvar

Yoshlar ishlari agentligi,

Taʼlim va ilm-fan vazirligi,

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi

8.

Jizzax viloyatida zamonaviy yondashuvlar asosida “Volontyorlar bogʻi”ni tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflarni kiritish

2026-yil noyabr

Jizzax viloyati hokimligi,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi,

Qishloq xoʻjaligi vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

9.

Xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasi asosida sohalar boʻyicha volontyorlik faoliyatini ommalashtirish choralarini koʻrish.

Bunda avvalo aholi salomatligini taʼminlash hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida faoliyat koʻrsatuvchi volontyorlik guruhlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2027-yil davomida

Sogʻliqni saqlash vazirligi,

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi,

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

10.

Volontyorlik faoliyatini ommalashtirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini amalga oshirish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2027-yil davomida

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi

11.

Fuqarolar va tashkilotlarning volontyorlik faoliyatida ishtirok etish shakllari va darajasini oʻrganishga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlarni oʻtkazish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2027-yil davomida

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi

12.

Volontyorlar imijini oshirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar yaratish va ijtimoiy reklama koʻrinishida telekanallarda yoritish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2027-yil davomida

Yoshlar ishlari agentligi,

Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi,

Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-noyabrdagi PF-240-son Farmoniga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5630-son Farmonining 6-bandi quyidagi mazmundagi “a2” kichik band bilan toʻldirilsin:
“a2) Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari balansidagi bino va inshootlarni ularda yoshlarni sport, ilm-fan, xorijiy tillar va kasblarga oʻqitish, kreativ loyihalarni amalga oshirish va boshqa xizmatlarni koʻrsatish uchun ijaraga berishdan tushadigan mablagʻlarning 100 foizi (bundan auksion xarajatlari mustasno) tegishli bino va inshootning balansda saqlovchisiga”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6017-son Farmonida:
(a) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
yoshlar bilan bogʻliq soha va yoʻnalishlarda yagona davlat siyosatini, strategik yoʻnalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish boʻyicha belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish;
yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish;
yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilish;
yoshlarning intellektual rivojlanishga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlash va bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib borish;
yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunar, raqamli iqtisodiyot koʻnikmalarini puxta egallashlari uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, ularni ish bilan taʼminlash jarayonlariga koʻmaklashish;
yoshlar ishlari sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash, xalqaro shartnomalar tayyorlash, tuzish va bajarish haqida takliflar taqdim etish;
normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish”;
(i) ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
(ii) uchinchi, beshinchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(iii) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yosh tadbirkorlarning xalqaro forum va yarmarkalardagi ishtirokini taʼminlash”;
(v) 1-ilovaning 1, 3, 4 va 16-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6208-son Farmonining 8-bandida:
(a) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4768-son qarorida:
(a) 4-bandning beshinchi xatboshisidagi “boshqarmalari” soʻzi “boʻlinmalari” soʻzi bilan almashtirilsin;
(b) 14-band quyidagi mazmundagi oʻninchi — oʻn toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“yoshlarga oid davlat siyosati strategiyasi, yoʻnalishlari va mexanizmlarini ilmiy asoslash, yoshlar siyosati ijrosi borasida idoralararo nomuvofiqliklarni aniqlash, yoshlar tashkilotlari faoliyati, qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, qarorlar, dasturlar va rejalarning samaradorligini metodologik oʻrganish hamda ularni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar ishlab chiqish;
yoshlar maʼnaviyati, hayotiy ustuvorliklari va qadriyatlar tizimi, migratsiya jarayonlari bilan bogʻliq muammolarini tahlil etish, umuminsoniy qadriyatlarga zid boʻlgan radikalizm, ekstremizm, jinoyatchilik, giyohvandlik, zoʻravonlik kabi illatlarni bartaraf etishga qaratilgan tadqiqotlarni oʻtkazish;
yoshlar bandligini taʼminlash, ularni madaniy, jismoniy va maʼrifiy jihatdan kamol toptirish bilan bogʻliq tizimli muammolarni hududlar va tarmoqlar kesimida oʻrganish, shuningdek, yoshlar muammolari boʻyicha hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan samarali yechimlar ishlab chiqish;
yangi avlod yoshlarining ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari, ehtiyoj va umidlari, farovonlik darajasi hamda ijtimoiy kayfiyatini sotsiologik oʻrganish, yoshlar siyosati borasida xalqaro ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish;
yoshlar siyosati ijrosiga doir statistik maʼlumotlarni toʻplash va tahlil qilish, boshqaruv vertikalining barcha boʻgʻinlarida yoshlar siyosati ijrosini aks ettiruvchi Milliy yoshlar indeksini yuritish, statistik, demografik va sotsiologik tadqiqotlar metodologiyasini rivojlantirib borish, yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi milliy maʼruzani tayyorlash”;
(i) toʻrtinchi xatboshidagi “Davlat boshqaruvi akademiyasi” soʻzlari “Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mehnatga haq toʻlash shartlari, moddiy ragʻbatlantirish hamda tibbiy xizmat koʻrsatish shartlariga koʻra Institut direktori — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi prorektoriga, xodimlari — A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti xodimlariga tenglashtiriladi”;
(g) 18-banddagi “Davlat boshqaruvi akademiyasi” soʻzlari “Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(d) 19-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlik markaziy apparati uchun 8 ta xizmat avtotransport vositasini, shu jumladan, 6 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositasi, 1 ta navbatchi avtotransport vositasi va 1 ta mikroavtobus, hududiy boshqarmalar uchun 14 ta xizmat yengil avtotransport vositasi hamda Institut uchun 1 ta xizmat avtotransport vositasini saqlash uchun limit belgilasin”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-96-son qaroriga 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi PQ-96-son qaroriga
2-ILOVA
“Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasi tarkibi

1.

O.D. Davlatov

—

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Tashkiliy qoʻmita rahbari

2.

A.Z. Saʼdullayev

—

Yoshlar ishlari agentligi direktori, Tashkiliy qoʻmita rahbari oʻrinbosari

3.

E.O. Turdimov

—

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri

5.

Sh.X. Shermatov

—

raqamli texnologiyalar vaziri

6.

S.B. Shakirova

—

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi direktori

7.

Lavozimiga koʻra

—

Innovatsion rivojlanish agentligi direktori

8.

U.Sh. Xusainov

—

Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori v.b.

9.

A.A. Djurabayev

—

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi

10.

X.Gʻ. Xudayberdiyev

—

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari

11.

A.M. Abdullayev

—

“Zakovat” intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti prezidenti

12.

X.X. Raxmanov

—

“Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti direktori

13.

Lavozimiga koʻra

—

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining masʼul oʻrinbosarlari

14.

Lavozimiga koʻra

—

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita kotibi

Izohlar:
Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi;
Tashkiliy qoʻmita ishiga kelishilgan holda boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari va mutaxassislari jalb qilinishi mumkin”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-iyundagi “Yoshlarni xorijiy tillarga oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-239-son qarorining 2-bandida:
(a) ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2026-y., 06/26/240/1104-son)