Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6017-son Farmoniga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
2. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining yoshlar hayoti, orzu-intilish va muvaffaqiyatlarini keng yoritish, muammo va kamchiliklari yechimiga qaratilgan koʻrsatuv, maqola va eshittirishlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish maqsadida ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari va nashriyotlardagi ulushlarini Agentlikka berish hamda Agentlik tomonidan ular negizida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Yoshlar media xoldingi”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.
Agentlik uch oy muddatda “Yoshlar media xoldingi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Agentlik:
yoshlar yoʻnalishida faoliyat koʻrsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlariga oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyish, amalga oshirish va rivojlantirishda har tomonlama tashkiliy va amaliy yordam koʻrsatsin;
uch oy muddatda “Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyatini takomillashtirish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik yoshlarning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshiruvchi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi boʻysunuvida faoliyat yuritadigan alohida maqomga ega mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)
Agentlikning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar uchun majburiydir;
davlat va davlat ulushi mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasasining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori (filial direktorining birinchi oʻrinbosari) lavozimiga nomzod Agentlik bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Agentlik va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari va tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan soʻrov yuborish huquqiga ega;
Agentlik yoshlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlarga har tomonlama koʻmaklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga masʼul hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
5. Belgilansinki:
a) Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
b) Agentlik direktorining oʻrinbosarlari, shu jumladan birinchi oʻrinbosari Agentlik direktori taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
g) Agentlik markaziy apparati xodimlariga yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,8 baravar miqdorda, Agentlik hududiy boʻlinmalari xodimlariga 1,2 baravar miqdorda qoʻllaniladi.
6. Agentlik direktori ikki oy muddatda Agentlikning unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining uning Markaziy va hududiy kengashlari balansidagi va operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli boʻlgan bino va inshootlari, shuningdek, mol-mulklarini (faoliyatini taʼminlashga yetarli qismini oʻz balansida saqlab qolgan holda) oʻrnatilgan tartibda davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi asosida tegishlicha Agentlik va uning hududiy boʻlinmalariga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlikning markaziy apparati Toshkent shahar, Navoiy koʻchasi, 11b-uy manzildagi binoga joylashtirilsin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Agentlik, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 7-bandida koʻzda tutilgan bino va inshootlar, shuningdek, mol-mulklarni xatlovdan oʻtkazsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu mol-mulklarning Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini taʼminlashga yetarli qismini uning balansida saqlab qolgan holda Agentlik va uning hududiy boʻlinmalariga oʻtkazilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Agentlik, Moliya vazirligi Yoshlar markazlari va yoshlar uchun moʻljallangan boshqa infratuzilma obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari Agentlikka ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishini inobatga olsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent shahar “Yoshlar ijod saroyi” qoshidagi Yoshlar simfonik orkestri negizida Oʻzbekiston davlat simfonik orkestrini tashkil etish va amaldagi mehnatga haq toʻlash shartlari saqlanib qolgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tuzilmasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni 2020-yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi uchun davlat budjetida koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan ajratsin, 2021-yildan boshlab esa — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nazarda tutilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalaridagi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkilot yetakchilarini saqlash xarajatlarini qoplash yuzasidan taklif kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlik va uning hududiy boʻlinmalarini belgilangan tartibda yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulashni, shuningdek, zarur aloqa, jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
13. Agentlik:
moliya, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, bandlik va mehnat munosabatlari, ichki ishlar vazirliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, boshqa vazirlik va idoralarning statistika axboroti;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjet-soliq tadqiqotlari instituti hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy yuboriladigan reyestrga kiritilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini (keyingi oʻrinlarda – Institut) Agentlik tuzilmasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
yoshlarga oid davlat siyosati ijrosi monitoringini olib borish, yoshlar muammolarini tizimli oʻrganish va ularni hal etishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqish;
davlat hokimiyati, vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yurituvchi istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular faoliyatini uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, yosh boshqaruv xodimlarini professional jihatdan rivojlantirish uchun oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash;
yoshlarga oid qonun hujjatlari va davlat dasturlari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
vazirlik, idora va tashkilotlar buyurtmalari asosida yoshlar muammolarini oʻrganishga qaratilgan fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish;
yoshlar duch kelayotgan dolzarb muammolar, ularning barqaror rivojlanishiga toʻsiq boʻlayotgan tahdidlarni aniqlashga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazish;
yoshlar sohasidagi ishlarni samarali yoʻlga qoʻyishga qaratilgan uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish, anjumanlar, “davra suhbatlari” va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etish;
yoshlar masalalarida Oʻzbekiston Respublikasining mintaqaviy va xalqaro hamkorlik istiqbollari borasida qoʻshma tadqiqotlar olib borish.
15. Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Belgilansinki:
Institut Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining barcha huquq, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Institut asosiy faoliyati yoshlar muammolarini oʻrganish, mazkur yoʻnalishda ilmiy va tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish hamda istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga yoʻnaltirilgan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan davlat muassasasi hisoblanadi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Institut faoliyatiga doimiy ravishda ilmiy-uslubiy yordam koʻrsatib boradi;
Institut direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
mehnatga haq toʻlash shartlari, moddiy ragʻbatlantirish hamda tibbiy xizmat koʻrsatish shartlariga koʻra Institut direktori — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi prorektoriga, xodimlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining xodimlariga tenglashtiriladi;
Institut direktoriga xodimlariga moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorida oylik ustamalar belgilash, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa moddiy ragʻbatlantirish choralarini qoʻllash huquqi beriladi;
oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun Institut shartnoma asosida taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, shuningdek, vazirlik, idora va tashkilotlar mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega.
17. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy dasturlarida nazarda tutilgan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyati hamda shartnoma asosida oʻquv, metodik va ilmiy-tadqiqot loyihalari, axborot-tahlil hamda tahririy-nashriyot ishlarini bajarish, taʼlim va boshqa xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablagʻlar.
18. Institut Toshkent shahar, Islom Karimov koʻchasi, 45-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari doirasida 2020-yilda Agentlik hamda Institut taʼminoti uchun mablagʻlar ajratsin, 2021-yildan boshlab esa har yili zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin. Bunda, Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgunga qadar xarajatlarni moliyalashtirish 2020-yil uchun Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin;
Agentlik markaziy apparati uchun 8 ta xizmat avtotransport vositasini, shu jumladan 6 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositasi, 1 ta navbatchi avtotransport vositasi va 1 ta mikroavtobus hamda hududiy boshqarmalar uchun 14 ta xizmat yengil avtotransport vositasini saqlash uchun limit belgilasin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3206-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
21. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
Agentlik direktori — ushbu qarorda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul vazirlik, idora hamda tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʻrsatsin, belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha yuzaga keladigan masalalarni tezkorlik bilan hal etilishini taʼminlasin;
masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari — ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarish yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev — ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.
23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 30-iyun,
PQ-4768-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2 — 4-ilovalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi PQ-4768-son qaroriga
5-ILOVA
Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan umumiy soni — 26 shtat birligi (professor-oʻqituvchilar tarkibi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar inobatga olinmagan holda), shu jumladan boshqaruv xodimlari soni — 18 shtat birligi, oʻquv-yordamchi xodim soni — 1 shtat birligi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2020-y., 07/20/4768/1020-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2022-y., 07/22/92/0046-son; 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son; 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)