1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.23.00.00 Boshqa kredit muassasalari / 07.23.02.00 Lombardlar]
[TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Lombardlar tomonidan faoliyat va operatsiyalarni amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 10-dekabrda 1290-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 2-apreldagi 5/10-sonli “Mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3300, 07.05.2021-y.) asosan 2021-yil 8-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 50-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 402-son “Oʻzbekiston Respublikasi hududida lombardlarni roʻyxatdan oʻtkazish va ular faoliyatini litsenziyalash masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Lombardlar tomonidan faoliyat va operatsiyalarni amalga oshirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi M.R. JUMAGALDIYEV
Toshkent sh.,
2003-yil 22-sentabr,
23/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 2003-yil 22-sentabrdagi 23/4-son qaror bilan “TASDIQLANGAN”
Lombardlar tomonidan faoliyat va operatsiyalarni amalga oshirish
QOIDALARI
Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 402-son “Oʻzbekiston Respublikasi hududida lombardlarni roʻyxatdan oʻtkazish va ular faoliyatini litsenziyalash masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, fuqarolarga qisqa muddatli kreditlar berish va mol-mulkni saqlashga qabul qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Lombardlar shaxsiy isteʼmolga moʻljallangan koʻchar mol-mulkni zaklad shaklida garovga qabul qilib, fuqarolarga qisqa muddatli (uch oydan oshmagan muddatga) kreditlar beradi.
Lombardlar tijorat banklaridan kreditlar, yuridik shaxslardan va jismoniy shaxs-taʼsischilardan qarz mablagʻlarini jalb etishga haqli. Bunda, jami jalb etilgan mablagʻlar hajmi (qoldiq) haqiqatda shakllantirilgan Ustav fondi miqdoridan oshmasligi kerak.
2. Lombardlar shaxsiy isteʼmolga moʻljallangan koʻchar mol-mulkni saqlashga qabul qilishga haqli.
3. Lombard oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan lombard faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida amalga oshirishga haqli.
Lombard qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlarni qonunchilikda belgilangan tartibda beriladigan roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi asosida amalga oshirishga haqli.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1290-3, 03.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1290-3/3853-son)
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan amalga oshiriladigan ishlarning xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1290-3, 03.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1290-3/3853-son)
4. Lombard, pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat taqdim etilganda, fuqarolar bilan shartnomalar tuzadi.
Lombard, zarur boʻlgan hollarda, garovga yoki saqlashga topshirilayotgan mol-mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni yoki boshqa dalillarni talab qilish huquqiga ega.
5. Lombard tomonidan garovga yoki saqlash uchun mol-mulkni qabul qilish, shuningdek, garovga qoʻyilgan mol-mulkka undiruvni qaratish Fuqarolik kodeksi va “Garov toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
Lombard tomonidan qabul qilingan mol-mulk, lombardga tegishli boʻlgan barcha toʻlovlar qoplanganidan soʻng egasiga qaytarilishi mumkin.
6. Lombarddan ashyolarni olish huquqini boshqa shaxslarga topshirish, faqat mulk egasining oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomasidan boshqasiga ruxsat etilmaydi.
7. Lombard garovga yoki saqlovga qoʻyilgan ashyolardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqli emas.
Garovga yoki saqlash uchun topshirilgan mol-mulk yoʻqolganda, agar yoʻqotish yengib boʻlmas kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, lombard garov pattasi yoki saqlash pattasida koʻrsatilgan narx boʻyicha uning qiymatini mol-mulk egasiga qaytarishi shart.
Garovga yoki saqlash uchun topshirilgan mol-mulkka zarar yetkazilgan holda, agar yetkazilgan zarar yengib boʻlmas kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, lombard mol-mulk egasiga, tomonlar kelishuviga koʻra, mulkiy zararni garov pattasi yoki saqlash pattasida koʻrsatilgan mol-mulk narxidan oshmagan qiymatda toʻlashi shart.
8. Lombard operatsiyalarni ushbu Qoidalar, operatsiyalarni oʻtkazish umumiy shartlari toʻgʻrisidagi qoidalar va ichki qoidalarga muvofiq amalga oshiradi.
Operatsiyalar oʻtkazilishining umumiy shartlari toʻgʻrisidagi qoidalar lombardning yuqori boshqaruv organi tomonidan ushbu Qoidalar asosida tasdiqlangan boʻlishi va quyidagi maʼlumot hamda tartiblarni oʻz ichiga olishi kerak:
beriladigan kreditlarning chegaralangan summasi va muddatlari;
beriladigan kreditlar boʻyicha haq stavkalarining chegaralangan miqdori;
kreditlar boʻyicha haq olish shartlari;
lombard tomonidan olinadigan taʼminotga talablar;
mol-mulkni saqlashga qabul qilish qoidalari;
koʻrsatiladigan xizmatlar uchun stavkalar va tariflar;
lombard va uning mijozlarining huquq va majburiyatlari, ularning javobgarligi vujudga kelishi shartlari;
garovga beruvchi garov pattasini yoʻqotganida, dublikat berish tartibi;
lombardning yuqori boshqaruv organi operatsiyalar oʻtkazish umumiy shartlariga kiritilishi zarur deb hisoblagan boshqa shartlar, talablar va cheklashlar.
81. Lombard tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tarif va narxlar faqat milliy valyutada belgilanadi.
9. Operatsiyalarni oʻtkazishning umumiy shartlari ochiq maʼlumotlar hisoblanadi va ular tijorat siri predmeti boʻlishi mumkin emas. Operatsiyalar oʻtkazishning umumiy shartlari toʻgʻrisidagi qoidalar lombardning mijozlari uchun qulay va koʻrinarli joyga oʻrnatilishi kerak.
10. Lombardning ichki qoidalari lombardning yuqori boshqaruv organi tomonidan tasdiqlanishi va quyidagilar belgilanishi lozim:
lombardning tuzilishi, uning vazifalari, funksiyalari va vakolatlari;
rahbar va bosh buxgalterning huquq va majburiyatlari;
lombardning mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan lombard nomidan va uning hisobidan bitimlarni amalga oshirishdagi vakolatlari.
II. Kreditlarni rasmiylashtirish va berish tartibi
11. Garov asosida kreditning berilishi lombard bilan fuqaro oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasi va garov shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Lombardda mol-mulklar garovga qoʻyilishi toʻgʻrisidagi shartnoma lombard tomonidan 1-ilovada keltirilgan shakl boʻyicha garov pattasining berilishi bilan rasmiylashtiriladi.
12. Lombard undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan mol-mulkni garovga qabul qilishga haqli emas.
13. Bir shaxsga berilishi mumkin boʻlgan kreditlar summasi va soni, ularning beriladigan muddatlari, shuningdek, kreditlardan foydalanish uchun toʻlovlar hajmi tomonlarning kelishuviga asosan belgilanadi.
14. Kredit olish uchun lombardga garovga topshiriladigan mol-mulk tomonlar kelishuviga asosan baholanadi.
15. Lombard quyidagilarni bajarishi shart:
garov narsasini saqlash uchun choralar koʻrishi;
garov narsasi yoʻqolishi xavf-xatari paydo boʻlganligi yoki shikast yetkazilganligi toʻgʻrisida garovga qoʻyuvchiga darhol xabar berishi;
kredit shartnomasining shartlari garovga qoʻyuvchi yoki uchinchi shaxs tomonidan bajarilganida, garov narsasini darhol qaytarishi;
garovga qabul qilingan ashyolarni garovga qabul qilish paytida shunga oʻxshash va shunday sifatli ashyolarning narxlariga mos bahodagi toʻliq summasida oʻz hisobidan garovga qoʻyuvchi foydasiga sugʻurtalashi;
garovga qoʻyuvchining talabiga asosan kredit shartnomasidan kelib chiqqan majburiyatlarning garovga qoʻyuvchi yoki uchinchi shaxs tomonidan qisman yoki toʻliq bajarilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma berishi.
16. Lombardda ashyolar garovi bilan taʼminlangan kredit summasi belgilangan muddatda qaytarib berilmagan taqdirda, lombard notariusning ijro yozuvi asosida imtiyozli bir oylik muddat oʻtganidan keyin garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotish uchun belgilab qoʻyilgan tartibda ushbu mol-mulkni sotishga haqli.
Shundan keyin hatto garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotishdan tushgan summa talablarni toʻliq qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmasa ham, lombardning garovga qoʻyuvchiga (qarzdorga) talablari bekor boʻladi.
17. Garovga qoʻyilgan ashyolarni sotishdan tushgan summa, agar shartnomada boshqa hollar koʻzda tutilmagan boʻlsa, kredit, kredit boʻyicha foizlar, neustoyka, ijro muddati oʻtganligi natijasidagi zararlarni qoplash, shuningdek, saqlash va sugʻurta uchun toʻlov, garovga olingan mol-mulkning sotilishi boʻyicha xarajatlarni qoplashga qaratiladi.
18. Agar garovga qoʻyilgan mol-mulkning sotilishidan tushgan summa lombardning talablari miqdoridan oshsa, tafovuti garovga beruvchiga toʻlanadi.
19. Lombardning talablari meʼyoridan oshgan va garovga qoʻyilgan mol-mulkning sotilish kunidan uch yil davomida talab qilib olinmagan summa, lombardning ixtiyorida qoladi.
III. Lombard tomonidan mol-mulklarni saqlash uchun qabul qilish tartibi
20. Lombardga saqlash uchun fuqarolardan shaxsiy isteʼmol uchun moʻljallangan koʻchar mol-mulklar (ashyolar) qabul qilinishi mumkin. Lombardda ashyolarni saqlash shartnomasi lombard tomonidan yuk topshiruvchi (mijoz)ga 2-son ilovaga muvofiq shakl boʻyicha egasining nomi yozilgan saqlov pattasi berish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
21. Lombardga topshiriladigan ashyo taraflarning kelishuvi bilan saqlash uchun qabul qilish paytida va joyida odatda savdoda shu turdagi va sifatdagi ashyoga belgilanadigan narxlarga muvofiq baholanishi kerak.
Lombard saqlashga qabul qilgan ashyolarni ularning toʻliq baholanadigan summasida mijoz foydasiga oʻz hisobidan sugʻurtalashi shart.
22. Agar, mijoz tez alangalanadigan, portlash xavfi boʻlgan yoki oʻzi tabiatan xavfli ashyolarni saqlashga topshirish vaqtida ularning xususiyatlari toʻgʻrisida lombardni ogohlantirmagan boʻlsa, lombard ashyolarni topshirgan mijozga koʻrilgan zararlarini qoplamagan holda, ularni xohlagan vaqtda xavfsizlantirish yoki yoʻq qilishi mumkin. Mijoz lombardga va uchinchi shaxslarga ushbu ashyolarni saqlash natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashga javobgardir.
23. Mijoz ashyoni qaytarib olishdan bosh tortgan holatda, lombard ushbu ashyolarni uch oy muddat ichida saqlashi kerak. Uch oy oʻtgandan soʻng talab qilib olinmagan ashyolarni lombard mazkur Qoidalarning 16- bandida oʻrnatilgan tartibda sotishi mumkin.
Ashyolar sotuvidan tushgan summadan saqlash boʻyicha va lombardga tegishli boshqa toʻlovlar qoplanadi. Qolgan summa saqlov pattasini egasiga, uni taqdim qilganda, lombard tomonidan qaytarib beriladi.
IV. Lombardning qonunchilik talablarini buzganligi uchun javobgarligi
24. Markaziy bank lombardlar faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartib va asoslarga koʻra tekshirishi mumkin. Lombardlar Markaziy bank vakolatli vakillarining qonuniy talabiga koʻra tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumot va hujjatlarni taqdim etishi, ularni tekshiruv obyektlariga kirib-chiqishlarini taʼminlashi, ularning majburiyatlari ijrosida amaliy yordam koʻrsatishi shart.
Markaziy bankning vakolatli vakillari tekshirish jarayonida olingan lombard faoliyatiga oid tijorat siri va boshqa sir boʻlgan maʼlumotlarini oshkor etganligi uchun javobgar boʻladi.
25. Lombardlar ushbu Qoidalar talablarini bajarmaganliklari uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
Lombardlar tomonidan faoliyat va operatsiyalarni amalga oshirish qoidalariga 1-sonli ILOVA
9. Garovning muddati ______________________________________________________________________________
Garov mol-mulki lombardga egalik qilish uchun topshiriladi. Lombard garov mol-mulkidan foydalanish, boshqa shaxsga berishga, uchinchi shaxslarga ijaraga yoki tekinga foydalanishga berish, yoki, garov mol-mulkini boshqa koʻrinishda tasarruf etish huquqiga ega emas. Garovning mol-mulkini navbatdagi garovga qoʻyish taqiqlanadi. Garovning mol-mulki garovga qoʻyuvchining va/yoki uning oila aʼzolarining normal turmush kechirishi uchun zarur boʻlgan mol-mulk boʻla olmaydi. Lombardda garov mol-mulki bilan taʼminlangan kredit summasi belgilangan vaqtda qoplanmagan taqdirda, lombard notariusning ijro yozuviga asosan ushbu mol-mulkni mustaqil ravishda undirishga qaratish huquqiga ega.
Boshqa shartlar ___________________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________________
Ushbu garov pattasi 2-nusxada tuzilgan
Qabul qiluvchi __________________________
Garov pattasi shartlari bilan tanishdim va
(familiya, imzo)
bir nusxasini oldim.
Garovga qoʻyuvchi ________________________
Lombardning muhri
(imzo)
Lombardlar tomonidan faoliyat va operatsiyalarni amalga oshirish qoidalariga 2-sonli ILOVA
7. Saqlashga qabul qilingan sana ______________________________________________________________________
8. Saqlash muddati _________________________________________________________________________________
9. Saqlash uchun haq summasi _________________________________________________________________________
Saqlash uchun topshirilgan ashyodan uni egasining roziligisiz foydalanishga va uni tasarruf etishga lombard haqli emas (ashyoning saqlanishini taʼminlash uchun undan foydalanish hollari, bundan mustasno). Lombard saqlash uchun qabul qilingan ashyolar yoʻqolishiga, yetishmasligiga yoki ashyoning zararlanishiga javobgardir. Lombard saqlash uchun qabul qilingan ashyolarni ularning toʻliq baholangan narxida oʻz hisobidan yuk qoʻyuvchining foydasiga sugʻurtalashi shart. Lombard, yuk qoʻyuvchining talabiga koʻra, saqlashga qoʻyilgan ashyoni zudlik bilan qaytarishi shart. Bunday holda, majburiyat oldindan toʻxtatilishi munosabati bilan, lombardga yetkazilgan zararlarni yuk qoʻyuvchi qoplashi shart. Yuk qoʻyuvchi ashyoni olishdan bosh tortsa, agar saqlash shartnomasida boshqacha tartib koʻzda tutilgan boʻlmasa, lombard ashyoni mustaqil ravishda sotish huquqiga ega, ashyoning qiymati belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridan oshgan holda esa, qonunchilikda belgilangan tartibda sotishga haqli.
Boshqa shartlar: ___________________________________________________________________________________
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/8-sonli qarori (roʻyxat raqami 1290-3, 03.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1290-3/3853-son)