O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimidagi ayrim ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, tizimning qamrovini kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash orqali mamlakatning turistik jozibadorligini yanada oshirish hamda chakana savdo sohasida hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimi qamrovini kengaytirish;
(b) 2026-2027-yillarda chet el fuqarolari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 baravarga oshirish;
(v) chakana savdo sohasida hisob-kitoblar shaffofligini oshirish va yashirin tovar aylanmasini qisqartirish.
II. Chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimini takomillashtirish
2. 2023-yil 1-yanvardan boshlab chet el fuqarolari tomonidan chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi subyektlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qisman qaytarish tizimi (keyingi o‘rinlarda — “tax free” tizimi) tajriba tariqasida joriy etilganligi hamda Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida servis shoxobchalari tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab:
(a) respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
(b) chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi. Bunda qo‘shilgan qiymat solig‘ining belgilangan stavkasi miqdorining 85 foizi chet el fuqarosiga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarishga, 15 foizi “tax free” tizimi operatorining xizmatlariga yo‘naltiriladi;
(v) qo‘shilgan qiymat solig‘ini chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi;
(g) chet el fuqarolariga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda minimal xarid qiymati qo‘shilgan qiymat solig‘ini inobatga olgan holda uch yuz ming so‘m etib belgilanadi;
(d) “tax free” tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan ro‘yxati (bundan oziq-ovqat mahsulotlari mustasno) bekor qilinadi.
4. Soliq qo‘mitasi:
(a) bir oy muddatda soliq organlarining maxsus mobil ilovasida chet el fuqarolariga qaytariladigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish va uni qaytarish uchun elektron pochta orqali identifikatsiyadan o‘tish imkoniyatini yaratsin;
(b) Bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida rekonstruksiya ishlari yakunlanib, odamlar va transport vositalari harakati tiklangandan so‘ng tajriba tariqasida ushbu bojxona postida barcha talablarga javob beradigan “tax free” servis shoxobchasini tashkil etsin.
III. “Tax free” tizimi targ‘ibotini kuchaytirish
5. Soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda:
(a) “tax free” tizimi bo‘yicha ingliz, rus, xitoy, arab tillarida axborot materiallarini tayyorlab, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini;
(b) turistik markazlar, yirik savdo majmualari hamda chet el fuqarolari ko‘p tashrif buyuradigan bozorlardagi chakana savdo obyektlarida “tax free” tizimi joriy etilganligini bildiruvchi maxsus belgilar (flayerlar) bo‘lishini ta’minlasin.
6. Turizm qo‘mitasi:
(a) Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar “tax free” tizimining afzalliklari va qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibi to‘g‘risida ingliz, rus, xitoy va arab tillarida taqdimot va axborot materiallarini tayyorlab, xalqaro turistik ko‘rgazma va yarmarkalarda targ‘ib qilishni ta’minlasin;
(b) 2026-yil davomida O‘zbekistonga sayyohlar oqimi yuqori bo‘lgan xorijiy davlatlarda faoliyat yurituvchi turoperatorlar, aviakompaniyalar va onlayn bronlash platformalari bilan hamkorlikda “tax free” tizimi imkoniyatlarini targ‘ib qilishni tashkil etsin.
7. “Uzbekistan Airports” AJ Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda barcha xalqaro aeroportlarda O‘zbekiston Respublikasida “tax free” tizimi joriy etilganligini bildiruvchi hamda mobil ilovadan foydalanishning bosqichlari haqida ma’lumot beruvchi flayer, bukletlar, tarqatma materiallar va boshqa qo‘llanmalar bo‘lishini ta’minlasin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
9. Soliq qo‘mitasi:
(a) “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda 2026-yil 1-apreldan boshlab respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida “tax free” servis shoxobchalarini tashkil etsin hamda xalqaro aviqatnovlar grafigi asosida ishlashini ta’minlasin;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib Soliq qo‘mitasi raisi F.J. Pulatov belgilansin.
11. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-mart,
PQ-78-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PQ-78-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4812-son qarorining 4-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“budjet va korporativ buyurtmachilar rahbarlari xarid qilinishi nazarda tutilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni), shu jumladan, audit va soliq maslahati xizmatlarini birinchi navbatda new.cooperation.uz yoki Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi portallarida (keyingi o‘rinlarda — portal) ro‘yxatdan o‘tgan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyatini majburiy tartibda o‘rganadi. Bunda davlat xaridlari uchun zarur bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ushbu portalda mavjud bo‘lmagan taqdirdagina portal ma’lumotnomasi asosida ularni boshqa elektron portallardan xarid qilishga ruxsat etiladi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-348-son qarorida:
(a) 8-bandning “a” kichik bandidagi “2026-yil 1-fevraldan” so‘zlari “2026-yil 1-apreldan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(b) 6-ilova 17-pozitsiyasining “Ijro muddati” ustunidagi “2026-yil yanvar” so‘zlari “2026-yil aprel” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2026-y., 07/26/78/0201-son)