Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini taʼminlash, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat bilan oʻzaro hamkorligini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli boʻyicha 2025-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning 15 ta tuman (shahar)larida, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida tajriba-sinov loyihasi (keyingi oʻrinlarda — tajriba-sinov loyihasi) amalga oshirilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish va uni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Oilaviy poliklinika toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 4-ilovaga muvofiq;
Aholini tibbiyot brigadalariga biriktirish tartibi 5-ilovaga muvofiq;
Tibbiyot, farmatsevtika va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligini baholash tartibi 6-ilovaga muvofiq;
Davlat tibbiyot muassasalarida autsorsing asosida stomatologik xizmatlarni koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki, tajriba-sinov loyihasi doirasida:
tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida markaziy laboratoriyalar Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot muassasalariga xizmat koʻrsatuvchi markaziy laboratoriyalar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2024-yil 4-oktabrdagi 627-son qarorida belgilangan tartibda tashkil etiladi;
tuman (shahar) darajasida yuridik shaxs boʻlgan barcha statsionar yordam koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari hamda dispanserlar tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasining boʻlinmasi sifatida uning tarkibiga kiritiladi.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda, 2025-yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida:
barcha tibbiyot muassasalarini xatlovdan oʻtkazsin;
faoliyati samarasiz deb topilgan tibbiyot muassasalarini tugatish hamda tibbiyot muassasalarini ushbu qaror bilan tasdiqlangan tegishli nizomlar asosida qayta tashkil qilish choralarini koʻrsin.
Bunda yangi yoki qayta tashkil qilinishi lozim boʻlgan oilaviy poliklinikalar va oilaviy poliklinika filiallarini zarur bino va inshootlar hamda infratuzilma bilan taʼminlash, taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari masʼul hisoblanadi;
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorda belgilangan tartib va qoidalar tajriba-sinov loyihasi doirasida amal qiladi.
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-dekabrga qadar tajriba-sinov loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlarni puxta tahlil qilgan holda, uni respublikaning qolgan hududlarida ham toʻliq joriy qilishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-iyun,
384-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-iyundagi 384-son qaroriga
1-ILOVA
Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish va uni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Sogʻliqni saqlash vazirligi) tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari tizimidagi oilaviy poliklinika va uning filiallari (keyingi oʻrinlarda — oilaviy poliklinikalar) tomonidan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami — profilaktika qilish, tashxis qoʻyish, kasalliklarni davolash, homiladorlik kechishini kuzatish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish hamda aholini sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari toʻgʻrisida xabardor qilish boʻyicha tadbirlarni oʻz ichiga oladigan tibbiy yordam turi;
oilaviy poliklinika — biriktirilgan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish uchun tashkil qilingan davlat tibbiyot muassasasi;
bemorlarni (aholini) yoʻnaltirish (marshrut) — tibbiy yordam olish hamda undan foydalanish maqsadiga qarab oilaviy poliklinikalarga murojaat qilgan bemorlar (aholi) oqimini tizimli boshqarish jarayoni;
bemorni dinamik kuzatish — bemorning salomatlik holatini tizimli monitoring qilish va kuzatish natijalari boʻyicha zarur tavsiya berish hamda tibbiy yordam koʻrsatish;
palliativ tibbiy yordam — davolanishi qiyin boʻlgan kasallikka chalingan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladigan, ogʻriqdan xalos qilishga va kasallikning boshqa ogʻir koʻrinishlarini yengillashtirishga qaratilgan tibbiy yordam turi;
patronaj xizmati — tibbiyot brigadasi tomonidan bolalarga, uyda yotib qolgan va oʻzgalar parvarishiga muhtoj bemorlarga, homiladorlarga, tugʻruqdan keyingi hamda tugʻish yoshidagi ayollarga “uyiga tashrif” asosida koʻrsatiladigan tibbiy xizmat turi;
profilaktika — kasalliklarning paydo boʻlishi, dastlabki bosqichlarida rivojlanishi hamda asoratlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
skrining tekshiruvlari — aholi orasida kasalliklarni erta aniqlashga qaratilgan dasturlar majmui;
statsionar oʻrnini bosuvchi tibbiy yordam — oilaviy poliklinikalarda tashkil etilgan kunduzgi shifoxona, uy sharoitida aholiga tibbiy yordam koʻrsatish;
profilaktik tibbiy koʻrik — aholini belgilangan tartibga muvofiq reja asosida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish jarayoni.
2-bob. Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishni tashkil etish
3. Oilaviy poliklinikada:
tajriba-sinov loyihasini amalga oshirishning dastlabki bosqichida aholi tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari tomonidan tegishli oilaviy poliklinikalarning tibbiyot brigadalariga biriktiriladi. Bunda oilaviy shifokor aholi tomonidan erkin tanlanadi;
tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha oilaviy shifokor hamda biriktirilgan aholi oʻrtasida bitim tuziladi. Bitimda tomonlarning huquq va majburiyatlari aniq koʻrsatiladi;
aholi tomonidan bitimda keltirilgan majburiyatlar bajarilganda oilaviy poliklinikalarda Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari (keyingi oʻrinlarda — kafolatlangan paket) doirasida tibbiy xizmatlarni tasdiqlangan davolash standartlariga, milliy klinik protokollarga asosan bepul koʻrsatiladi;
aholiga tibbiy xizmat faqat tegishli oilaviy shifokorga murojaat qilish orqali bepul koʻrsatiladi (shoshilinch va tez tibbiy yordam hollari bundan mustasno);
oilaviy shifokor tomonidan, zaruratga koʻra tor soha mutaxassislariga va tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasiga elektron yoʻllanmalar beriladi;
biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hamda oilaviy poliklinika oʻrtasida tibbiy xizmatlar xaridi boʻyicha shartnoma tuziladi;
oilaviy poliklinikadan 10 km dan uzoq masofada joylashgan mahalla fuqarolar yigʻinlarida yashovchi aholi uchun tibbiyot xodimlarining sayyor tibbiy xizmati faoliyati tashkil etiladi.
4. Oilaviy poliklinikalarga hududlar tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining buyrugʻi asosida amalga biriktiriladi.
5. Oilaviy poliklinika joylashgan hududda yashamaydigan, lekin ushbu oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholiga ham kafolatlangan paket doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatiladi (patronaj xizmati bundan mustasno).
6. Oilaviy poliklinika va uning filiallarida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining quyidagi turlari koʻrsatiladi:
aholiga tibbiy yordamning profilaktika, tashxis qoʻyish, davolash, tibbiy reabilitatsiya, palliativ yordam, dispanserizatsiya xizmatlari;
milliy emlash kalendariga binoan profilaktik emlash;
yuqumli kasalliklar, zaharlanishlar va favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida tegishli xizmatlarni oʻz vaqtida xabardor qilish, shuningdek sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlarni, yuqumli kasalliklar oʻchoqlarida observatsiya tadbirlarini oʻtkazish, aholini xavfli epidemik vaziyat toʻgʻrisida ogohlantirish;
aholiga ambulatoriya-poliklinika yordamini koʻrsatishni tashkil etishda filiallarga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatish.
7. Oilaviy poliklinika filiallari quyidagi mezonlar asosida tashkil etiladi:
a) 3 000 nafargacha aholi biriktirilgan hamda mavjud 2-tip oilaviy poliklinikagacha 5 km dan yaqin boʻlmagan masofada va chekka hududlarda joylashgan mahallalar inobatga olingan holda, koʻchma konteynerlar yoki bino va inshootlarda yordamchi qurilmalar tashkil qilinadi;
b) oilaviy poliklinika filiali mahalla markaziga yaqin joylashgan bino va inshootlarda, mahalla fuqarolik yigʻini, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari yoki ushbu hududdagi aholi uchun qulay joylashgan davlat tashkilotlarining bino va inshootlarida tashkil etilishi mumkin;
v) oilaviy poliklinika filiali quyidagilardan tashkil topadi:
bemorlarni koʻrikdan oʻtkazish xonasi;
muolajalar oʻtkazish xonasi;
gigiyenik xona;
g) oilaviy poliklinika filiali biriktirilgan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishni Oilaviy poliklinika toʻgʻrisidagi nizom asosida tashkil qilinadi.
8. Shifokorlarning faoliyat yoʻnalishidan kelib chiqib, ularning qabul vaqtlari meʼyori Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu meʼyordan kelib chiqqan holda, muassasa rahbari tomonidan shifokor va mutaxassislarning ambulator qabul vaqtlari belgilanadi.
9. Oilaviy poliklinikada biriktirilgan aholiga tibbiy xizmat muassasaning oʻzida hamda bemorning holatiga koʻra uning doimiy yoki vaqtincha yashash joyida koʻrsatiladi.
3-bob. Oilaviy poliklinika va tibbiyot brigadalari faoliyatini tashkil etish
10. Tibbiyot brigadasi tarkibi oilaviy shifokor, amaliyotchi hamshira va oila hamshiralaridan iborat boʻladi.
11. Tibbiyot brigadasi va tor soha mutaxassislarining soni Sogʻliqni saqlash vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan shtat meʼyorlariga muvofiq belgilanadi.
Bunda tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻiga shtat meʼyorlarida koʻzda tutilmagan lavozimlarni ajratilgan mablagʻlar doirasida lavozim almashinishi orqali shtatlar jadvaliga belgilangan tartibda kiritishiga ruxsat beriladi.
12. Oilaviy poliklinikalar quyidagi mezonlar asosida tashkil etiladi:
a) oilaviy poliklinikada xonalar aholini yoʻnaltirish marshrutiga asosan joylashtiriladi.
Bunda bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish hamda eng koʻp murojaat qilinadigan xonalar oilaviy poliklinikaga kirish joyiga yaqin xonalarda joylashtiriladi;
b) oilaviy poliklinikaga kirishda aholi uchun qulay sxema ishlab chiqilib, roʻyxatxonaga hamda boʻlimlarga oʻtish uchun yoʻl belgilari bilan belgilanadi;
v) koʻp qavatli bino va inshootlarda tashkil qilingan oilaviy poliklinikalarda har bir qavat uchun bloklarga ajratilgan holda chizma ishlab chiqilib, shifokorlarga yoʻllash boʻyicha saralanadi;
g) oilaviy poliklinikalar kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish uchun jihozlash standartlari asosida barcha zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanadi;
d) har ikki nafar oilaviy shifokorga kamida 1 ta maxsus jihozlangan shifokordan oldingi koʻrik xonasining boʻlishi optimal hisoblanadi;
e) oilaviy shifokorlar xonasi koʻrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan paketlariga mos ravishda shifokorlar uchun zarur toʻplam (oftalmoskop, tonometr, fonendoskop, pikfloumetr, koʻrish oʻtkirligini aniqlash jadvali, nevrologik bolgʻacha va boshqalar), tibbiy mebel hamda personal kompyuter bilan jihozlanadi;
j) shifokordan oldingi koʻrik xonasi oilaviy shifokor qabuliga tashrif buyuruvchilar oqimini tartibga solish, shifokor vakolati va aralashuvini talab qilmaydigan funksiyalarni bajarishda shifokor yuklamasini kamaytirish va hamshiraning ushbu yoʻnalishdagi vakolatlarini oshirish maqsadida tashkil etiladi hamda unda tibbiyot brigadasining amaliyotchi hamshirasi faoliyat yuritadi.
13. Shifokordan oldingi koʻrik xonasi faoliyatini samarali tashkil etish, zarur tibbiy jihoz va anjomlar, sarflov materiallari, adabiyotlar (tashxis qoʻyish va davolash standartlari, milliy klinik protokollar, algoritmlar, buyruqlar va boshqalar), savolnoma, koʻrgazmali va tarqatma materiallar bilan taʼminlash uchun muassasa rahbari hamda katta hamshira javobgar hisoblanadi.
14. Shifokordan oldingi koʻrik xonasiga aholi quyidagi masalalar boʻyicha murojaat qilishi mumkin:
profilaktik tibbiy koʻriklar;
amaliyot oʻtkazish (bemorlar shikoyatlarini oʻrganish, antropometriya, tonometriya, EKG va boshqalar);
bolalarning oʻsishi va rivojlanishini baholash;
profilaktik emlashlar;
skrining tekshiruvlardan oʻtish;
antenatal kuzatuvlar;
surunkali kasalligi bor bemorlarning dinamik kuzatuvi.
15. Oilaviy poliklinika roʻyxatxonasi binoning kirish qismida yoki birinchi qavatida, “tashrif buyuruvchiga yaqinroq” tamoyili asosida tashkil etiladi va katta hamshira tomonidan nazorat qilinadi.
16. Oilaviy poliklinikada nuroniylar, nogironligi boʻlgan shaxslar va homilador ayollarga roʻyxatxona tomonidan navbatsiz xizmat koʻrsatiladi.
4-bob. Oilaviy poliklinikaga murojaat qilish tartibi
17. Aholi oilaviy poliklinikaga murojaatlari quyidagi yoʻnalishlar guruhi asosida murojaat qiladi:
a) profilaktik tibbiy koʻrik va skrining tekshiruvlari (Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib va muddatlarda);
b) kasalliklarning oʻtkir holatlarida bemorni yoʻnaltirish;
v) antenatal parvarish va kuzatuv;
g) vaksinatsiya (profilaktik emlashlar);
d) shoshilinch holatlar;
e) tor soha mutaxassislarining qabuliga yozilish;
j) mehnatga layoqatsizlik varaqasini olish;
z) nikohlanuvchilarning tibbiy koʻrigi;
i) tibbiy maʼlumotnoma olish;
k) migrantlarning tibbiy koʻrigi;
l) oʻlim toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish;
m) respublika va viloyat darajasidagi tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun imtiyozli yoʻllanma olish;
n) harbiy xizmatga chaqiriluvchilarning koʻrigi;
o) fizioterapiya va reabilitatsiya muolajalarini olish;
p) aholi uchun bepul dori vositalarini olish;
r) eshitish moslamasi, aravacha, hassa, qoʻltiqtayoqlar va ortopedik oyoq kiyimni olish uchun tibbiy xulosa olish;
s) haj safariga borish uchun tibbiy koʻrik maʼlumotnomasini olish.
Oilaviy poliklinikalarda tirbandlikning oldini olish, aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida bemorlar (aholi) ushbu Nizomga ilovaga muvofiq belgilangan tartibda yoʻnaltiriladi.
18. Tibbiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bevosita oilaviy poliklinikadagi axborot stendlariga (rasmiy veb-sahifasi) joylashtiriladi, shuningdek, muassasaning telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilish orqali taqdim etiladi.
19. Aholi koʻrsatilgan tibbiy yordam sifatidan norozi boʻlganda, shuningdek, boshqa sabablar boʻyicha murojaatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq koʻrib chiqiladi.
20. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishi uchun aholi oʻzi biriktirilgan (yoki yashash joyidagi) tibbiyot brigadasi faoliyat yuritadigan oilaviy poliklinikaning roʻyxatxonasiga shaxsan murojaat qilish orqali yoki maxsus elektron dastur orqali yoxud telefon orqali murojaat qilib, oilaviy shifokori qabuliga navbat oladi.
21. Tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan aholi belgilangan vaqtda qabulga kelishi lozim.
22. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, doimiy yashash huquqiga ega boʻlgan va daromad soligʻi toʻlaydigan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy yordam koʻrsatiladi. Boshqa hollarda tibbiy xizmatlar pulli asosda koʻrsatiladi (shoshilinch va tez tibbiy yordam bundan mustasno).
23. Ambulator tibbiy karta oilaviy poliklinika roʻyxatxonasida va (yoki) “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimlarining yagona kompleksi bazasida elektron shaklda saqlanadi hamda bemorga topshirilishi taqiqlanadi.
24. Oilaviy shifokor tomonidan zarur hollarda, jismoniy imkoniyati cheklangan (nogiron), harakatlana olmaydigan yoki aqli zaif bemorlarga doimiy yoki vaqtincha yashash joyida kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatilishi mumkin.
25. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sayyor tibbiy yordam brigadalari tomonidan ham koʻrsatilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi hamda oilaviy poliklinika mudirlari aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatish va uni tashkil etish uchun javobgar hisoblanadi.
27. Ushbu Nizomning qoidalari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 53, 591-moddalari.
Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oilaviy poliklinikalarda aholi va bemorlar marshruti
1. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari ‒ tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari tizimidagi oilaviy poliklinika va uning filiallarida (keyingi oʻrinlarda — oilaviy poliklinika) aholi (bemorlar) profilaktik koʻrikdan oʻtishda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
tibbiyot brigadasining profilaktik koʻrikdan oʻtkazish rejasiga asosan aholi oilaviy poliklinikaga tashrif buyuradi;
bemor oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokor oldi koʻrigi xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi murojaat etuvchining tashrif maqsadi, shikoyati hamda holatidan kelib chiqib, belgilangan tekshiruvlarni bajaradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor murojaat etuvchining shikoyatlaridan kelib chiqib, tibbiy koʻrik oʻtkazadi, tibbiy koʻrik natijasiga koʻra kasallik aniqlansa yoki kasallikka gumon qilinsa, zaruratga koʻra qoʻshimcha tekshiruv va tor soha mutaxassislari koʻriklari tavsiya etiladi va bemorga zarur tibbiy yordam koʻrsatiladi (ambulator tibbiy yordam, kunduzgi shifoxonada davolash choralari yoki shifoxonada davolanish uchun yoʻnaltirish);
agar murojaat etuvchi sogʻlom deb topilsa, sogʻlom turmush tarziga rioya etish boʻyicha zarur tavsiyalar beriladi;
oilaviy shifokor yoki tor soha mutaxassisining tavsiyasi asosida qayta koʻrik belgilanganda, aholi oilaviy poliklinika yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga murojaat qiladi. Roʻyxatxona xodimiga fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etilganda, toʻgʻridan-toʻgʻri oila shifokori yoki tor soha mutaxassisiga yoʻllanma beriladi.
2. Oilaviy poliklinikada aholi (bemorlar) kasallikning oʻtkir holatida quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
bemor roʻyxatxonaga murojaat qilganda, roʻyxatxona hamshirasi uni filtr xonaga (alohida xona) bevosita olib boradi;
oilaviy shifokor bemorni holatiga koʻra bemorni filtr xonada (alohida xona) qabul qiladi;
oilaviy shifokor bemorga ambulator sharoitda tibbiy yordam koʻrsatadi hamda ambulator davo muolajalarini tayinlaydi, zaruratga koʻra tor soha mutaxassislari koʻrigiga yoʻnaltiradi. Bunda koʻrsatma boʻlsa, bemorni kunduzgi shifoxonaga yoki statsionar davolanish uchun shifoxonaga yuboradi;
alohida hollarda bemor oʻzi biriktirilgan tibbiyot brigadasi oilaviy shifokorini yashash joyiga chaqirishi mumkin.
3. Aholi (bemorlar) mehnatga layoqatsizlik varaqasini olishda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
mehnatga layoqatsizlik varaqalari va mehnatga layoqatsizlik maʼlumotnomalari, sogʻliqni saqlash tizimi, shu jumladan, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlariga qarashli tibbiyot muassasalarining shifokorlari tomonidan maxsus elektron blankaga kiritiladi va avtomatik tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimlarining yagona kompleksida (keyingi oʻrinlarda — Axborot tizimi) saqlanadi. Bunda maʼlumotlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyati yaratiladi;
bemor oilaviy poliklinikaga murojaat qilganda, shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi murojaat etuvchining tashrif maqsadi, shikoyati hamda holatidan kelib chiqib, belgilangan tekshiruvlarni bajaradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor bemorning shikoyati asosida unga zarur tibbiy yordam koʻrsatadi (ambulator tibbiy yordam, kunduzgi shifoxonada davolash choralari va shifoxonada davolanish uchun yoʻnaltirish) va zaruratga koʻra tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor tomonidan tor soha mutaxassisiga yoʻnaltirilgan bemor tor soha mutaxassisi tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi hamda tor soha mutaxassisi tibbiy koʻrigi xulosasi asosida belgilangan tartibda oilaviy shifokor tomonidan Axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi;
yashash joyiga chaqirilganda oilaviy shifokor kun tartibidagi yuklamalarni bajargach, bemorni uyda koʻrikdan oʻtkazib, zarur muolajalarni bajaradi va davo muolajalarini belgilaydi hamda oilaviy poliklinikaga qaytganidan soʻng mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtiradi.
4. Oilaviy poliklinikada aholi (bemorlar) tor soha mutaxassislari qabuliga quyidagicha yoʻnaltiriladi:
bemor oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi murojaat etuvchining tashrif maqsadi, shikoyati hamda holatidan kelib chiqib, belgilangan tekshiruvlarni bajaradi hamda oilaviy shifokorga (tish ogʻrigʻida stomatologga) yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor bemor shikoyatlaridan kelib chiqib, koʻrik oʻtkazadi va zarurat boʻlganida yoʻnalish boʻyicha tor soha mutaxassislariga yoʻnaltiradi;
tor soha mutaxassisining tavsiyasi asosida qayta koʻrik belgilanganda bemor oilaviy poliklinika yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiriladi.
5. Oilaviy poliklinikada shoshilinch holatlarda aholi (bemorlar) quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
bemor roʻyxatxonaga murojaat qiladi va roʻyxatxona hamshirasi uni muolaja xonasi yoki shifokor xonasiga bevosita olib boradi;
oilaviy shifokor bemorni holatiga koʻra muolaja xonasi yoki shifokor xonasida qabul qiladi;
oilaviy shifokor bemorga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatadi hamda zaruratga koʻra tor soha mutaxassislari koʻrigiga yoʻnaltiradi;
alohida koʻrsatma boʻlganda, bemorlar statsionar davolanish uchun shifoxonaga yoʻnaltiriladi (oilaviy poliklinika avtotransport vositasida bemor holatiga koʻra umumiy amaliyot hamshirasi yoki oilaviy shifokor hamrohligida yoki tez tibbiy yordam mashinasida).
6. Nikohlanuvchi shaxslar tibbiy koʻrikdan oʻtishda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
nikohlanuvchi shaxslar tibbiy koʻrikdan eksterritorial tamoyil asosida psixiatr shifokorlar, narkologlar, teri-tanosil kasalliklari shifokorlari, OIV/OITSga tekshirishdan oʻtish, ftiziatrlar (dispanser va tuman kabinetlari) tomonidan tibbiy koʻrik oʻtkazish uchun asos hisoblanadigan FHDY organlari tomonidan berilgan yoʻllanma boʻyicha bepul oʻtkaziladi;
eksterritorial tamoyil asosida tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga murojaat qiladi;
nikohlanuvchi shaxslar roʻyxatxona xodimiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha masʼul boʻlgan shifokor qabuliga yoʻllanma (talon) oladi;
masʼul shifokor yoʻllanmasiga muvofiq psixiatr shifokor, narkolog, teri-tanosil kasalliklari shifokori, ftiziatr koʻrigiga yuboriladi;
tor soha mutaxassislari koʻrigidan soʻng nikohlanuvchi shaxslar tibbiy koʻrik natijalarini masʼul boʻlgan shifokorga taqdim etadi;
tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika poliklinikasining masʼul shifokori nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha maʼlumotnoma berishda nikohlanuvchi shaxslarda aniqlangan kasalliklarning nikoh tuzilgandan keyin yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish beradi;
nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtish muddati tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlinmasiga murojaat qilgan kundan boshlab ikki haftadan oshmasligi lozim.
7. Oilaviy poliklinikada aholi bolalarni emlash boʻyicha murojaat qilganda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
bolalar milliy emlash rejasi asosida patronaj hamshirasining taklifiga muvofiq oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga ularning ota-onasi yoki qonuniy vasiysi tomonidan olib kelinadi;
oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga bolaning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (JSHSHIR) yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) olinadi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi bolaning belgilangan maʼlumotlarini rasmiylashtiradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor bolani koʻrikdan oʻtkazadi, agar bola sogʻlom boʻlsa, emlashga ruxsat beradi va emlash xonasiga yuboradi;
emlashga qatʼiy yoki vaqtincha tibbiy cheklov aniqlangan hollarda oilaviy shifokor bolani sogʻlomlashtirish chorasini koʻradi va zaruratga koʻra pediatrga, immunologga yoki boshqa tor soha mutaxassislariga yoʻnaltiradi;
emlashga vaqtincha tibbiy cheklovlar bartaraf qilingandan soʻng oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga bolaning shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri oilaviy shifokorga yoʻllanma beriladi.
8. Aholi tibbiy maʼlumotnoma (086-shakl) olish boʻyicha murojaat qilganda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
aholi oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi murojaat etuvchining tashrif maqsadi, shikoyati hamda holatidan kelib chiqib, belgilangan tekshiruvlarni bajaradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor tibbiy koʻrik oʻtkazadi va murojaat etuvchini tor soha mutaxassislariga yoʻnaltiradi, tora soha mutaxassislari tomonidan tibbiy koʻrik oʻtkaziladi, zarurat boʻlganda laborator va instrumental tekshiruvlar buyuradi. Tor soha mutaxassislarining koʻrigi xulosalari tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlinmasi tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) shifokoriga yoki boʻlim mudiriga yoʻnaltiriladi;
TMEK shifokori yoki boʻlim mudiri xulosasi murojaat etuvchiga oilaviy poliklinika yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasi orqali beriladi.
9. Oilaviy poliklinikada aholi oʻlim toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma olish boʻyicha murojaat qilganda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
vafot etgan odamning yaqin qarindoshlari oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga vafot etgan odamning shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali vafot etgan odam biriktirilgan oilaviy shifokorga yoʻnaltiriladi;
oilaviy shifokor oʻlimni qayd qilish tartibiga muvofiq vafot etgan odamning doimiy yoki vaqtincha yashash joyiga borgan holda oʻlimni tasdiqlaydi;
zoʻraki oʻlim belgilari aniqlanganda, shubhali holatlarda yoki oʻlimni qayd qilish tartibiga muvofiq vafot etgan odam surunkali kasalliklar tufayli dispanser roʻyxatida turmasa, oilaviy shifokor tomonidan huquq-tartibot organlari xabardor qilinadi;
oilaviy shifokor tomonidan oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma elektron tizim orqali rasmiylashtiriladi va bir nusxasini vafot etgan odamning yaqin qarindoshlariga taqdim qilinadi.
10. Oilaviy poliklinikada homilador ayollar murojaat qilganda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
homilador ayollar homiladorlikning 12-haftasigacha roʻyxatdan oʻtishi lozim;
homilador ayol oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi homilador ayolni zarur tekshiruvlardan oʻtkazadi va oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor homiladorni roʻyxatga olib, akusher-ginekolog shifokoriga yoʻnaltiradi;
akusher-ginekolog shifokor tomonidan homilador ayol belgilangan tekshiruvlardan oʻtkaziladi va nazoratga olinadi;
zaruratga koʻra boshqa tor soha mutaxassislari koʻrigiga yoʻnaltiriladi;
shifokor tavsiyasi asosida qayta koʻrik belgilanganda, homilador ayol oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri akusher-ginekolog shifokorga yoki zaruratga koʻra oilaviy shifokor tomonidan boshqa tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiriladi;
akusher-ginekolog shifokor tomonidan xavf belgilari aniqlanganda statsionar davo uchun yoʻllanma beriladi;
agar homiladorlik xavf belgilarisiz kechayotgan boʻlsa, tibbiyot brigadasining patronaj hamshirasi tomonidan kuzatuvga olinib, kerakli maslahatlar berib boriladi.
11. Oilaviy poliklinikada migrantlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda ishlar quyidagi yoʻnalishda amalga oshiriladi:
chet elda uch oydan ortiq muddat boʻlganlar roʻyxati hududiy ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda oilaviy poliklinikaga taqdim etiladi hamda roʻyxat muntazam doimiy yangilanib boradi;
patronaj hamshirasi roʻyxatdagilarni tibbiy koʻrikdan oʻtish rejasini tuzib, rejaga muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtishga chaqiradi;
migrant oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi murojaat etuvchining tashrif maqsadi, shikoyati hamda holatidan kelib chiqib, belgilangan tekshiruvlarni bajaradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor murojaat etuvchi shikoyatlaridan kelib chiqib, koʻrik oʻtkazadi, zarurat boʻlganda laborator va instrumental tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiradi, murojaat etuvchida kasallik belgilari aniqlansa tibbiy yordam koʻrsatiladi (ambulator tibbiy yordam, kunduzgi shifoxonada davolash choralari va statsionar davo uchun yoʻnaltirish);
murojaat etuvchi tibbiy koʻrik natijasida sogʻlom deb topilganda, unga sogʻlom turmush tarziga rioya etish va boshqa zarur tavsiyalar beriladi;
oilaviy shifokor yoki tor soha mutaxassisining tavsiyasi asosida qayta koʻrik belgilanganda, murojaat etuvchi oilaviy poliklinika yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga murojaat qiladi. Roʻyxatxona xodimiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etilib toʻgʻridan-toʻgʻri oilaviy shifokor yoki tor soha mutaxassisiga yoʻllanma beriladi.
12. Oilaviy poliklinikada bemorlar imtiyozli yoʻllanma olish boʻyicha murojaat qilganda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
surunkali kasalliklari boʻlgan va imtiyozli yoʻllanma olish uchun murojaat qilgan bemorlar oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi bemorni zarur tekshiruvlardan oʻtkazadi, maʼlumotlarini rasmiylashtiradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor tomonidan belgilangan tibbiy koʻriklar oʻtkaziladi hamda bemor tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi tor soha mutaxassislari koʻrigiga yoʻllantiriladi;
oilaviy shifokor tomonidan belgilangan yoʻnalishlarda kasalliklar boʻyicha bemorlarga tuman (shahar) markaziy shifoxonalariga statsionar davolanish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri imtiyozli yoʻllanma berilishi mumkin;
tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi tor soha mutaxassislari tomonidan instrumental va laborator tekshiruvlar natijalari asosida imtiyozli yoʻllanma tuman (shahar) markaziy shifoxonasiga rasmiylashtiriladi yoki hududiy darajadagi shifoxonada davolanish uchun imtiyozli yoʻllanma rasmiylashtirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar yoʻnalishlar boʻyicha tegishli bosh mutaxassislarga bemor maʼlumotlarini elektron yoʻnaltiriladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar yoʻnalishlar boʻyicha bosh mutaxassislar tomonidan bemor maʼlumotlari hamda tor soha mutaxassislari tomonidan qoʻyilgan tashxisga asosan hududiy darajadagi tibbiyot muassasalariga yoʻllanma rasmiylashtiriladi va bemor elektron navbatga qoʻyiladi;
bemor respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarida davolanishi lozim deb topilganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar yoʻnalishlar boʻyicha bosh mutaxassislar elektron tizim orqali bemor maʼlumotlarini hamda kasallik tashxisini yoʻnalish boʻyicha respublika darajasida tashkil qilingan tibbiy tanlov komissiyasiga koʻrib chiqish hamda imtiyozli yoʻllanma rasmiylashtirish va elektron navbatga qoʻyish uchun yoʻnaltiradi.
Bunda bemor tashxisi hamda koʻrsatilishi lozim boʻlgan tibbiy xizmatdan kelib chiqib, tibbiy tanlov komissiyasi tomonidan respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarida statsionar sharoitda davolanish uchun elektron shakldagi yoʻllanma rasmiylashtirilishi mumkin;
bemor statsionar davolanganidan soʻng chiqaruv epikrizi bemor davolangan tibbiyot muassasasi tomonidan oilaviy poliklinikaga yetkazilishi taʼminlanadi.
13. Harbiy xizmatga chaqiruvchilarning tibbiy koʻrigini tashkil etishda ishlar quyidagi yoʻnalishda amalga oshiriladi:
harbiy xizmatga chaqiriluvchilar tibbiy harbiy komissiyaning yoʻllanmasi asosida tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga murojaat qiladi;
harbiy xizmatga chaqiriluvchilar tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqami va tibbiy harbiy komissiyaning yoʻllanmasini taqdim etish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri flyuorografiya, EKG, laborator va UTT tekshiruviga elektron yoʻllanma (talon) rasmiylashtirib yoʻnaltiriladi.
14. Oilaviy poliklinikada aholi uqalash va fizioterapiya muolajalarini olish boʻyicha murojaat qilganda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
uqalash va fizioterapiya muolajalarini oluvchilar birlamchi murojaatida oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi murojaatchining tashrif maqsadi, shikoyati hamda holatidan kelib chiqib, belgilangan tekshiruvlarni bajaradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor murojaat etuvchining shikoyatlaridan kelib chiqib, zarur tibbiy yordam koʻrsatadi va muolajalarni soni va davomiyligini belgilaydi va zaruratga koʻra tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiradi;
tor soha mutaxassisi aholining shikoyatlaridan kelib chiqib, zarur tibbiy yordam koʻrsatadi va muolajalarni soni va davomiyligini belgilaydi;
keyingi muolajalarni olish uchun bemor oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri uqalash va fizioterapiya muolajalariga yoʻnaltiriladi.
15. Aholi dori vositalarini olish boʻyicha murojaat qilganda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
bemor oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi murojaat etuvchining tashrif maqsadi, shikoyati hamda holatidan kelib chiqib, belgilangan tekshiruvlarni bajaradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor bemorga qoʻyilgan tashxis, milliy klinik protokollar hamda tashxis qoʻyish va davolash standartlariga muvofiq dori vositalarini bepul olish uchun yoʻllanma beradi;
oilaviy shifokor bemorni shikoyatlaridan kelib chiqib, yoʻnalish boʻyicha tor soha mutaxassislariga yoʻnaltirishi mumkin;
dispanser nazoratida roʻyxatda turuvchilarga dori vositalariga shifokor retsepti olish uchun oilaviy poliklinika yoki tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri oilaviy shifokorga yoki tor soha mutaxassisiga yoʻllanma beriladi;
bemorlarga oilaviy shifokor hamda tor soha mutaxassislari tomonidan reimbursatsiya tizimi orqali beriladigan dori vositalarini bepul olish uchun (elektron) retsept rasmiylashtiriladi.
16. Oilaviy poliklinikada aholi moslashuv vositalarini olish boʻyicha murojaat qilganda quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi:
eshitish moslamasi, aravacha, hassa, qoʻltiq tayoqqa va ortopedik oyoq kiyimga muhtoj boʻlgan bemorlar birlamchi murojaatida oilaviy poliklinika roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali shifokordan oldingi koʻrik xonasiga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
shifokordan oldingi koʻrik xonasida umumiy amaliyot hamshirasi murojaat etuvchining tashrif maqsadi, shikoyati hamda holatidan kelib chiqib, belgilangan tekshiruvlarni bajaradi hamda oilaviy shifokorga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokor bemorni koʻrikdan oʻtkazib, laborator-instrumental tahlillarni belgilaydi va koʻrsatmaga asosan tor soha mutaxassislari koʻrigiga yoʻnaltiradi;
oilaviy shifokorning yoki tor soha mutaxassislari tibbiy koʻrik natijalari jamlangan holda, oilaviy shifokor bemorga eshitish moslamasi, aravacha, hassa, qoʻltiq tayoqlarni berish uchun maʼlumotnomani rasmiylashtiradi hamda tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi TMEK yoki boʻlim mudiriga yoʻnaltiradi va elektron tizim orqali “Inson” markaziga yuboradi, ortopedik oyoq kiyim olish uchun maʼlumotnomani “Nogironlarni protezlash markazi”ga taqdim etish uchun beradi.
17. Haj safariga boruvchilarni tibbiy koʻrigini tashkil etishda ishlar quyidagi yoʻnalishda amalga oshiriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahri va viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmalariga Haj safariga boruvchilar roʻyxatini belgilangan tartibda va muddatlarda taqdim etadi;
Haj safariga boruvchilar tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasiga tashrif buyuradi;
Haj safariga boruvchilar tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali masʼul shifokorga elektron yoʻllanma (talon) oladi;
masʼul shifokor tomonidan Haj safarga boruvchilar shikoyatlari asosida zarur tibbiy yordam koʻrsatiladi (ambulator tibbiy yordam, kunduzgi shifoxonada davolash choralari va shifoxonada davolanish uchun yoʻnaltirish) va zaruratga koʻra tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiradi;
agar Haj safariga boruvchi sogʻlom deb topilsa, unga safar chogʻida tibbiy savodxonligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar beriladi;
masʼul shifokor yoki tor soha mutaxassisining tavsiyasi asosida qayta koʻrik belgilanganda Haj safariga boruvchi tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasi roʻyxatxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat yoki tibbiy ID raqamini taqdim etish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri masʼul shifokorga yoki tor soha mutaxassisiga yoʻnaltiriladi.
18. Oilaviy poliklinikada bemorlar kunduzgi shifoxonada davolanishga faqat oilaviy shifokor orqali yoʻnaltiriladi. Bunda bemorlarni kunduzgi shifoxonada davolash tartibi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
19. Oilaviy poliklinika ushbu tibbiyot muassasasida faoliyat yuritadigan oilaviy shifokorlarga biriktirilmagan shaxslarga barcha tibbiy xizmatlarni, biriktirilgan aholi uchun kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlarni hamda oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) markaziy shifoxonasi maslahat-diagnostika boʻlinmasida aholi va bemorlar marshrutiga amal qilinmagan hollarda tibbiy xizmatlar pulli asosda koʻrsatadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-iyundagi 384-son qaroriga
2-ILOVA
Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining maqomi, faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, vazifalari, huquqlari va majburiyatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilingan hududlardagi tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlariga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilingan hududlarda amaldagi tibbiyot birlashmalari faoliyati tugatilib, tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi tashkil etiladi.
3. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi oʻz faoliyatida tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va sogʻliqni saqlash boshqarmasiga boʻysunadi.
4. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi mustaqil balansga, gʻaznachilik organlarida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, oʻz nomi yozilgan gerbli muhrga, shuningdek, oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa atributlarga ega boʻlgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
5. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi:
tegishli hududlarda joylashgan oilaviy poliklinikalar va ularning filiallari, tuman (shahar) markaziy shifoxonalari hamda boshqa tuman (shahar) darajasidagi davlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qiladi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining tuman (shahar) boʻlimlari bilan hamkorlikda faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha ishlarni tashkil etadi va amalga oshiradi.
6. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmasining buyruqlariga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni, “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasi.
2-bob. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
7. Quyidagilar tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
yagona tashkiliy-metodik rahbarlikni va tuman (shahar) darajasida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilishni taʼminlash, shuningdek, tizimidagi tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
davolash-profilaktika, sanitariya-tashviqot va reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirishda tibbiyot muassasalariga uslubiy yordam koʻrsatish;
hudud aholisi orasida kasalliklarni erta aniqlash, ularning asoratlanishi, nogironlik va barvaqt oʻlimning oldini olish choralarini koʻrish;
tibbiyot muassasalari tomonidan tashxis qoʻyish va davolash standartlari hamda milliy klinik protokollar asosida sifatli tibbiy yordam hamda laborator va instrumental tekshiruvlar oʻtkazilishini taʼminlash;
aholi orasida kasallanish, shikastlanish, nogironlikning oldini olish, oʻlimni kamaytirish boʻyicha profilaktika tadbirlarini tashkil etish hamda amalga oshirish;
sogʻlom turmush asoslarini shakllantirish va mustahkamlash, shuningdek, voyaga yetayotgan avlodni sogʻlom tarbiyalash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, reproduktiv salomatlik, sanitariya va gigiyena, tugʻma nogironlik va irsiy kasalliklar holatlarini kamaytirish boʻyicha aholi oʻrtasida profilaktika chora-tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish;
tibbiyot tashkiloti va bemorlar uyida koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarning sifati va samaradorligini oshirish maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirib borish.
3-bob. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining asosiy vazifalari
8. Quyidagilar tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) aholiga sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishni tashkil qilish. Bunda:
mavjud birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini xatlovdan oʻtkazish hamda xatlov natijalari asosida tajriba-sinov loyihasi talablariga muvofiq ularni tegishli shakldagi yuridik shaxs boʻlgan oilaviy poliklinika shaklida qayta tashkil etish;
tegishli koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarni markaziy shifoxonalarning maslahat-diagnostika boʻlinmalariga aylantirish;
tajriba-sinov loyihasi doirasida tibbiyot brigadalarini yangi normativlarga muvofiq qayta shakllantirish, aholining qayta biriktirilishini tashkil etish va nazorat qilish, tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlashning shaffof mexanizmlari asosida tibbiyot xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda uning natijalari boʻyicha tibbiyot xodimlarini toʻliq stavkada ishga qabul qilish va ularga munosib ish sharoiti yaratilishini taʼminlash;
aholiga oilaviy shifokorni tanlash imkoniyati va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini amalga oshirish, tibbiyot xodimlari faoliyatini tasdiqlangan samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) boʻyicha nazorat qilish hamda natijalar asosida ularni ragʻbatlantirish;
Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida aholini bepul ambulator va statsionar tibbiy xizmatlar hamda dori vositalari bilan taʼminlashni tashkil qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
reimbursatsiya dasturi orqali aholiga dori vositalari va tibbiy jihozlarni yetkazib berishga tadbirkorlar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini monitoring qilish va doimiy yaxshilab borish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
(8-band “a” kichik bandining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot taʼlim muassasalari bilan birgalikda tibbiyot brigadasi xodimlarining oila salomatligi boʻyicha maxsus oʻquv dasturida hamda rahbar xodimlarni menejerlik kurslari boʻyicha malakasini oshirishini taʼminlash;
tajriba-sinov loyihasi doirasida maqbullashtiriladigan mablagʻlarni tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlarida ochilgan tegishli shaxsiy gʻaznachilik hisobvaraqlariga jamlash hamda loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish;
b) milliy kalendarga binoan profilaktik emlash ishlarini oʻtkazish orqali boshqariladigan infeksiyalar va ularning asoratlarining oldini olish ishlarini nazorat qilish;
v) malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, profilaktik tibbiy koʻriklarni tashkil etish orqali kasalliklarni barvaqt aniqlash boʻyicha zarur choralarni amalga oshirish;
g) kecha-kunduz faoliyat koʻrsatadigan mobil, belgilangan talablarga muvofiq jihozlangan tez tibbiy yordam kichik stansiyasidan foydalangan holda shifoxonaga yotqizishdan oldingi tez va shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishni, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarning muntazam kuzatib borilishini, sogʻlomlashtirilishi va reabilitatsiya qilinishini tashkil etish;
d) aholi salomatligi koʻrsatkichlari, kasallanish darajasi va boshqa maʼlumotlarni tahlil qilish orqali oʻz hududida sogʻliqni saqlash holatini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, yuqumli kasalliklar, zaharlanishlar va favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida tegishli xizmatlarni oʻz vaqtida xabardor qilish, sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlarni, hudud va uy xoʻjaliklarining sanitariya jihatidan xotirjamligi yuzasidan umumiy nazoratni amalga oshirish, yuqumli kasalliklar oʻchoqlarida observatsiya tadbirlarini oʻtkazish, aholini xavfli epidemik vaziyat toʻgʻrisida ogohlantirish;
e) aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishni tashkil etishda oilaviy poliklinikalarga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatish;
j) bemorlarga tashxislash va davolash standartlari hamda milliy klinik protokollar asosida tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etish hamda uning nazoratini taʼminlash;
z) tibbiyot muassasalariga ajratilgan mablagʻlarning samaradorligi hamda natijadorligini monitoring va nazorat qilish.
4-bob. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining huquqlari va majburiyatlari
9. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
tizimidagi tibbiyot muassasalari xodimlari bilan mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilish;
oʻziga tegishli davlat mulkidan foydalanish va uni tasarruf etish;
yuqori turuvchi tashkilot bilan kelishgan holda asosiy faoliyat yoʻnalishlarini rejalashtirish;
asosiy vositalarni ijaraga olish yoki ijaraga berish, grant va boshqa moliyaviy yordamlar jalb etish;
professional faoliyatni amalga oshirish jarayonida yaratilgan intellektual mol-mulk obyektlariga mualliflik huquqlarini olish va ulardan foydalanish;
tizimidagi muassasalar xodimlari uchun mehnatni tashkil etish va unga haq toʻlashning qonunchilikda belgilangan shartlari kafolatlanishini, texnika xavfsizligini, ijtimoiy taʼminoti va muayyan ijtimoiy himoya qilinishini taʼminlash;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandi.
10. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
aholiga malakali ixtisoslashgan ambulator va statsionar konsultatsiya va davolash-profilaktika yordami koʻrsatilishini tashkil etish;
oilaviy poliklinikalar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning shoshilinch tibbiy yordam xizmati va statsionar muassasalar bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
olis, chekka hududlarda joylashgan oilaviy poliklinikalarga biriktirilgan aholiga shifokor sayyor tibbiy xizmatlarini tashkil etish hamda muvofiqlashtirib borish;
bemorlar huquqlarining, shu jumladan, bemor toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotlarning maxfiyligini lozim darajada taʼminlanishini nazorat qilish;
aholini oʻz xohishiga koʻra tizimdagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridagi tibbiyot brigadalariga biriktirishni tashkil qilish hamda muvofiqlashtirib borish;
mavjud tibbiy asbob-uskunalar, jihozlar va mol-mulkning saqlanishini hamda ulardan samarali foydalanilishini taʼminlash;
tizimidagi tibbiyot muassasalarining faoliyatiga oid tibbiy hisob va hisobot, statistika va moliyaviy hujjatlarning oʻz vaqtida va toʻliq yuritilishini, saqlanishi hamda ularning davlat saqloviga belgilangan tartibda berilishini taʼminlash;
tizimidagi tibbiyot muassasalariga xizmat koʻrsatuvchi markaziy laboratoriya xizmatini tashkil etish;
tuman (shahar) markaziy shifoxonasining notibbiy xizmatlar koʻrsatishni (ovqatlanish, kir yuvish, sterilizatsiya va boshqa), shuningdek, samarasiz hamda boʻsh turgan bino va inshootlarni davlat-xususiy sheriklik yoki autsorsing asosida xususiy sektorga berish ishlarini monitoring qilish;
tibbiyot muassasalari tomonidan pulli tibbiy xizmatni tashkil qilish, rivojlantirish va xizmat turlarini kengaytirish, jumladan tegishli hududda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishda xususiy sektor ulushini oshirish, jumladan, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tajriba-sinov loyihasi doirasida kelib chiqadigan muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va Sogʻliqni saqlash vazirligiga kiritish;
tizimidagi tibbiyot muassasalari xodimlarining malakasini oshirish, jumladan, xorijiy seminar va stajirovkalarga yuborish hamda surunkali kadr yetishmovchiligi mavjud boʻlgan yoʻnalishlar va hududlarni kadr bilan taʼminlash boʻyicha viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi va Sogʻliqni saqlash vazirligiga soʻrovnoma kiritish.
5-bob. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi faoliyatini tashkil etish va uni boshqarish
11. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimiga Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
12. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi statsionar xizmat boʻyicha, oilaviy poliklinikalar boʻyicha hamda moliya-iqtisod xizmati boʻyicha oʻrinbosarlarga ega boʻladi.
Bunda statsionar xizmat boʻyicha boshliq oʻrinbosari tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi tizimidagi barcha statsionar tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar boʻyicha boshliq oʻrinbosari boʻlim tizimidagi barcha oilaviy poliklinikalar, ularning filiallari hamda ambulator tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari, moliya-iqtisod xizmati boʻyicha boshliq oʻrinbosari boʻlimi tizimidagi barcha tibbiyot muassasalarining umumiy va iqtisodiy masalalari yuzasidan faoliyatini muvofiqlashtiradi.
13. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimida asosiy faoliyatni tegishli ixtisoslik boʻyicha diplomga ega boʻlgan mutaxassislar yuritadi.
14. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻiga ajratilgan mablagʻlar doirasida hududning geografik joylashuvi, infratuzilma holati, aholining murojaatlari, kasallanish koʻrsatkichlari va boshqa zaruratlarga koʻra tizimidagi tibbiyot muassasalari shifokorlari va hamshiralari shtat birliklarini mavjud shtat birliklari doirasida mustaqil belgilash va ehtiyojga koʻra oilaviy poliklinikalarga safarbar qilish vakolati beriladi.
6-bob. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining moliya-xoʻjalik faoliyati
15. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining moliya-xoʻjalik faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
16. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati boʻlimning hamda tizimidagi tibbiyot muassasalarining moliya-buxgalteriya faoliyatini yuritadi.
17. Quyidagilar tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Davlat budjeti mablagʻlari;
homiylik mablagʻlari, xalqaro tashkilotlarning grantlari;
tizimidagi tibbiyot muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ajratmalar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
18. Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy qilinishi bilan tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi va uning tizimidagi tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar (kapital qoʻyilmalar, fan va ilmiy izlanishlar, emlash va boshqa maqsadli dasturlar uchun ajratiladigan mablagʻlar bundan mustasno) xarajatlar tasnifining bir satrida oʻtkazilishi uchun alohida shaxsiy gʻaznachilik hisobvaraqlari shakllantiriladi.
19. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi rahbar xodimlari va boshqa xodimlariga uning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) asosida oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda oylik ustama beriladi.
20. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
7-bob. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining hisob va hisoboti
21. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda statistika hisobotini yuritadi va uni yuqori turuvchi sogʻliqni saqlash organiga taqdim etadi, hujjatlarning belgilangan standartlarga muvofiq yuritilishi hamda saqlanishiga javob beradi.
22. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hisobot va boshqa axborotlarni taqdim etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni 10-moddasining toʻrtinchi qismi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 255-moddasi, Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2911, 2017-yil 11-avgust) ning 13-bandi.
23. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi tegishli hudud boʻyicha tibbiy hisob-kitob va hisobotlarning yuritilishi uchun javob beradi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 — 56-moddalari.
25. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi qayta tashkil etilgan va tugatilgan holatlarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq xodimlarning huquqlariga rioya qilinishi kafolatlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 49-moddasi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasi, Mehnat kodeksining 73, 100 va 102-moddalari.
26. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi qayta tashkil etilganda uning huquqlari, majburiyatlari va mulki huquqiy vorisga oʻtadi.
27. Mazkur Nizom qoidalarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1977-moddasi, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 41 va 46-moddalari.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-iyundagi 384-son qaroriga
3-ILOVA
Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilingan hududlardagi tuman (shahar) markaziy shifoxonalariga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasini tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi bilan birlashtirish yoʻli bilan qayta tashkil etiladi.
Bunda tuman (shahar) darajasida yuridik shaxs boʻlgan barcha statsionar yordam koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari hamda dispanserlar tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasining boʻlinmasi sifatida uning tarkibiga kiritiladi.
3. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi tuzilmasiga kiruvchi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi.
4. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha klinik oʻquv bazasi hisoblanadi.
5. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi barcha zarur kommunikatsiya tarmoqlari (elektr, isitish, suv taʼminoti, kanalizatsiya, telefon aloqasi va IT tizimi) bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
6. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasida ish vaqti qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 13-bobi.
7. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, Sogʻliqni saqlash vazirligi, hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmasi, tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining buyruqlariga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 276-son, 2015-yil 21-apreldagi “Markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning normativ metodiga bosqichma-bosqich oʻtish toʻgʻrisida”gi 95-son qarorlari, 2008-yil 18-martdagi 48-son qarori bilan tasdiqlangan Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi toʻgʻrisidagi nizom.
2-bob. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasining asosiy vazifalari va funksiyalari
8. Quyidagilar tuman (shahar) markaziy shifoxonasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
dastlabki shoshilinch, kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishni, bemorlarni statsionar davolash hamda aholiga kasalliklarning oldini olish va davolash boʻyicha tibbiy xizmatlar koʻrsatish;
yuqumli boʻlmagan kasalliklarga chalinish xavfi omillarini barvaqt aniqlash mexanizmlarini joriy etish orqali aholi oʻrtasida kasallikka chalinish, nogironlik va oʻlimning barvaqt oldini olish;
malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, laboratoriya va instrumental tekshiruvlar oʻtkazish, aholining profilaktik tibbiy koʻriklarida ishtirok etish;
kecha-kunduz tez va shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish, shuningdek, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarni muntazam kuzatish, sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilinishini taʼminlash;
tor soha mutaxassislarining tashxis qoʻyish va davolash standartlari hamda klinik protokollarga qatʼiy amal qilgan holda, aholiga tibbiy maslahat berishni, aholiga sifatli laborator, tashxis qoʻyish, ambulator, statsionar hamda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash;
tuman darajasida oilaviy shifokor yoki tor soha shifokori yoʻllanmasi asosida belgilangan tartibda aholiga bepul ambulator va rejali statsionar tibbiy xizmatlar koʻrsatish;
tor soha mutaxassislari ishtirokida aholi orasida kasallanish, nogironlikning oldini olish, oʻlimni kamaytirish boʻyicha profilaktika tadbirlarini (skrining tekshiruvlari, chuqurlashtirilgan va sayyor tibbiy koʻriklar) amalga oshirish;
Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan tibbiy xizmatlar xaridi boʻyicha shartnoma tuzish;
kasallikka tuman (shahar) darajasida tashxis qoʻyish va uni davolash imkoni boʻlmagan hollarda, bemorlarga yuqori darajadagi tibbiyot tashkilotlariga elektron yoʻllanma berish;
notibbiy xizmatlarni (ovqatlanish, kir yuvish, sterilizatsiya va boshqa) autsorsing asosida tashkil etish.
9. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, shu jumladan, oilaviy shifokor yoki tor soha mutaxassisi yoʻllanmasi asosida aholiga bepul xizmat koʻrsatilishi toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishda barcha zarur tadbirlarni (tibbiyot mutaxassislari, tibbiy asbob-uskunalar, instrumental va laborator tekshiruvlar va boshqalar) amalga oshirish;
kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida aholini profilaktik koʻriklardan va xavf guruhiga mansub aholini chuqurlashtirilgan skrining tekshiruvlaridan oʻtkazish hamda bu borada oilaviy poliklinikalar bilan hamkorlik qilish;
mehnatga layoqatlilik holatini yoʻqotgan bemorlarni vrachlik-mehnat ekspert komissiyasiga belgilangan tartibda yuborish;
oilaviy shifokor tomonidan yuborilgan bemorlarga yuqori malakali tor soha mutaxassislarining xizmatini tashkil etish;
maqsadli tibbiy koʻriklarni (haj safariga boruvchilar, nikohlanuvchi shaxslar, migrantlar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlar, ishga va oʻqishga kiruvchilar, harbiy xizmatga chaqiriluvchilar va boshqalar) tashkil etish va oʻtkazish;
zaruratga koʻra tuman (shahar) markaziy shifoxonasida davolanayotgan bemorlar va uyda ogʻir yotgan bemorlarga maslahatlar berish hamda konsiliumlarda ishtirok etish.
3-bob. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasining huquqlari va majburiyatlari
10. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi bilan kelishgan holda oʻzining asosiy faoliyatini rejalashtirish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻllanmasiz murojaat qilgan hamda bepul tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha aholi toifalariga mos kelmaydigan shaxslarga tibbiy xizmatlarni pulli asosda koʻrsatish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi 694-son “Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori, 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qoʻyish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish Qoidalari, Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2911, 2017-yil 11-avgust).
xodimlarning doimiy ravishda oʻz ustida ishlashi va malakasini oshirib borishi yuzasidan amaliy choralar koʻrish;
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan rejadan tashqari profilaktik koʻriklar va skrining tekshiruvlarda, aholini uyiga borib xizmat koʻrsatish kabi boshqa tadbirlarda ishtirok etmaslik;
asosiy vositalarni ijaraga olish yoki ijaraga berish, grantlarni va boshqa moliyaviy yordamlarni jalb etish;
professional faoliyatni amalga oshirish jarayonida yaratilgan intellektual mol-mulk obyektlariga mualliflik huquqlarini olish va ulardan foydalanish;
tuman (shahar) markaziy shifoxonasiga berilgan mol-mulkdan belgilangan tartibda foydalanish;
tuman (shahar) markaziy shifoxonasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash hamda ularni moddiy ragʻbatlantirish miqdorlarini belgilash yuzasidan takliflar kiritish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi maqsadlari va asosiy faoliyatiga zid boʻlmagan faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandi.
11. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
aholiga tasdiqlangan tashxis qoʻyish va davolash standartlari hamda klinik protokollarga muvofiq ambulator va statsionar tibbiy yordam koʻrsatish;
bemorlar huquqlarining, shu jumladan, bemor toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotlarning maxfiyligini lozim darajada taʼminlash;
tasarrufidagi binolarda zarur sanitariya-gigiyena rejimini, aseptika va antiseptika qoidalarini, asboblar va materiallarning gemokontakt va boshqa infeksiyalardan profilaktikasini taʼminlovchi sterilizatsiya qilish shart-sharoitlarini saqlash;
qonunchilik hujjatlari, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi, yongʻin xavfsizligi, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablariga rioya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
mavjud tibbiy jihozlar va mol-mulkning saqlanishini va ulardan samarali foydalanilishini taʼminlash;
(11-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
tuman (shahar) markaziy shifoxonasining faoliyatiga oid tibbiy hisob va hisobot, moliyaviy hujjatlarning oʻz vaqtida va toʻliq yuritilishi, saqlanishi hamda ularning davlat saqloviga belgilangan tartibda berilishini taʼminlash;
tuman (shahar) markaziy shifoxonasi xodimlari uchun mehnatni tashkil etish, texnika xavfsizligini, ijtimoiy taʼminoti va muayyan ijtimoiy himoya qilinishini taʼminlash;
moddiy-texnik bazasini zamonaviy tibbiyot texnikasi hamda texnologiyalari bilan mustahkamlash va rivojlantirish;
tasarrufidagi mol-mulkdan maqsadli foydalanish, uning saqlanishini taʼminlash;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq statistik hisobni hamda hisobotlarni yuritish;
oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni sifatli bajarish.
4-bob. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi faoliyatini tashkil etish va uni boshqarish
12. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi bosh shifokori tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
13. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi bosh shifokori ambulator poliklinika yordami, davolash ishlari hamda tugʻruqqa koʻmaklashish ishlari boʻyicha oʻrinbosarlarga ega boʻladi.
14. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasida asosiy faoliyatni tegishli ixtisoslik boʻyicha diplomga (sertifikatga) ega boʻlgan mutaxassislar, oʻrta tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar amalga oshiradi.
15. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlinmasi tuman (shahar) aholisiga ixtisoslashtirilgan ambulator davolash-profilaktika, konsultatsiya-tashxislash yordami koʻrsatishga moʻljallangan shifoxonaning rejali qabul boʻlimi hisoblanadi.
16. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasida oilaviy shifokor yoki tor soha shifokori yoʻllanmasi asosida murojaat qilgan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq bepul tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha aholi toifalariga mos keluvchi shaxslarga rejali ambulator va statsionar tibbiy xizmatlar elektron navbat asosida bepul koʻrsatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni 8-moddasining uchinchi qismi, 10-moddasining ikkinchi qismi, 22-moddasining ikkinchi qismi, 23, 29-moddalari, 33-moddasining birinchi qismi, Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2911, 2017-yil 11-avgust), Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3355, 2022-yil 28-mart).
17. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻllanmasiz murojaat qilgan hamda bepul tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha aholi toifalariga mos kelmaydigan shaxslarga, shuningdek, elektron navbatsiz tibbiy xizmatdan foydalanish istagini bildirgan aholi uchun rejali ambulator va statsionar tibbiy xizmatlar pulli asosda koʻrsatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qoʻyish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish Qoidalari, Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3355, 2022-yil 28-mart) ning 3-bobi.
18. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi tomonidan aholiga pulli asosda koʻrsatiladigan tibbiy xizmat turlari va narxlari tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi tomonidan tasdiqlanadi.
19. Maslahat-diagnostika boʻlinmasiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish uchun aholi biriktirilmaydi. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi hududiga yaqin joylashgan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish uchun alohida oilaviy poliklinika tashkil etiladi.
Bunda ushbu hudud aholisi uchun tuman (shahar) markaziy shifoxonasidan tashqari hududda oilaviy poliklinika tashkil etish imkoni mavjud boʻlmagan hollarda, ushbu oilaviy poliklinika shifoxona bino va inshootlarining alohida qavatlariga joylashtiriladi hamda aholining oilaviy poliklinikaga kirib chiqishi uchun alohida yoʻlak tashkil qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
191. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasining tashkiliy tuzilmasi tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi tomonidan tasdiqlanadi.
(191-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-331-son qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2025-y., 07/25/331/1014-son)
5-bob. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasining moliya-xoʻjalik faoliyati
20. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasining moliya-xoʻjalik faoliyati qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Asosiy vositalar, shuningdek, boshqa moddiy boyliklar hamda moliyaviy resurslar tuman (shahar) markaziy shifoxonasining mol-mulkini tashkil etadi.
22. Quyidagilar tuman (shahar) markaziy shifoxonasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
tuman (shahar) markaziy shifoxonasining joriy faoliyatini saqlab turishga, unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tuman (shahar) markaziy shifoxonasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari;
homiylik mablagʻlari, xalqaro tashkilotlarning grantlari;
pulli tibbiy xizmatlar koʻrsatishdan olingan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
23. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasini moliyalashtirish:
statsionar boʻlinmalar, shu jumladan, diagnostika boʻlinmalarini saqlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 15 foizidan kam boʻlmagan qismini har bir davolangan holatdan kelib chiqib toʻlash orqali;
ambulator tibbiy xizmat koʻrsatadigan boʻlimlarini moliyalashtirishning yillik hajmi bir nafar aholiga xarajatlarning bazaviy normativi hisob-kitobidan hamda tuzatish koeffitsiyentlaridan (jinsi va yoshi tarkibi, aholi zichligiga koʻra va boshqalar) foydalanilgan holda, biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Bunda tuman (shahar) markaziy shifoxonasi Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan tibbiy xizmatlar xaridi boʻyicha tuzilgan shartnoma asosida moliyalashtiriladi.
24. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtirishda Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar (kapital qoʻyilmalar, fan va ilmiy izlanishlar, emlash va boshqa maqsadli dasturlar uchun ajratiladigan mablagʻlar bundan mustasno) uchun xarajatlar tasnifining bir satrida alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari shakllantiriladi.
Tuman (shahar) markaziy shifoxonasini moliyalashtirish, moliyaviy hisobotlarni yuritish tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining markazlashgan buxgalteriyasi xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasining hisobi va hisoboti
25. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda statistika hisobotini yuritadi va tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimiga taqdim etadi, hujjatlarning belgilangan standartlarga muvofiq yuritilishi hamda saqlanishiga javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonuni.
26. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi oʻz faoliyati natijalari toʻgʻrisida qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda hisobot va boshqa axborotlar taqdim etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni 10-moddasining toʻrtinchi qismi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 255-moddasi, Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2911, 2017-yil 11-avgust) ning 13-bandi.
27. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi bosh shifokori tibbiy hisob-kitob va hisobotlarning yuritilishi uchun javob beradi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 — 56-moddalari.
29. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi qayta tashkil etilgan va tugatilgan holatlarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq xodimlarning huquqlariga rioya qilinishi kafolatlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 49-moddasi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasi, Mehnat kodeksining 73, 100 va 102-moddalari.
30. Tuman (shahar) markaziy shifoxonasi qayta tashkil etilganda uning huquqlari, majburiyatlari va mulki huquqiy vorisga oʻtadi.
31. Ushbu Nizom qoidalarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1977-moddasi, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 41 va 46-moddalari.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-iyundagi 384-son qaroriga
4-ILOVA
Oilaviy poliklinika toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom (keyingi oʻrinlarda — Nizom) oilaviy poliklinikaning maqomi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-maydagi PF-88-son Farmoniga muvofiq sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilingan hududlardagi oilaviy poliklinikalarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Oilaviy poliklinikalar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, Sogʻliqni saqlash vazirligi, hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamda tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining buyruqlariga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-iyundagi PQ-3039-son qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahridagi oilaviy poliklinika toʻgʻrisidagi namunaviy nizom, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”i 276-son va 2015-yil 21-apreldagi “Markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining koykalar fondini aniqlashning normativ metodiga bosqichma-bosqich oʻtish toʻgʻrisida”gi 95-son qarorlari, 2008-yil 18-martdagi 48-son qarori bilan tasdiqlangan Tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi toʻgʻrisidagi nizom.
4. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari biriktirilgan aholi soniga koʻra quyidagi tiplarda tashkil etiladi:
biriktirilgan aholi soni 3 000 nafargacha boʻlganda — oilaviy poliklinika filiali;
biriktirilgan aholi soni 3 001-12 000 nafargacha boʻlganda — 1-tipdagi oilaviy poliklinika;
biriktirilgan aholi soni 12 001-51 000 nafargacha boʻlganda — 2-tipdagi oilaviy poliklinika.
Bunda:
2-tipdagi oilaviy poliklinikalarga hududning geografik joylashuviga koʻra qoʻshimcha 3 000 nafargacha aholi biriktirilishi mumkin;
oilaviy poliklinika filiallari 2-tipdagi oilaviy poliklinikaning filiali sifatida faoliyat yuritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Oilaviy poliklinika va ularning filiallarini tashkil qilish, mavjud bino-inshootlarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi bino-inshootlariga qoʻyiladigan talablar asosida quyidagi toifalarga ajratiladi:
3 001 — 6 000 nafargacha aholi biriktirilgan 1-tipdagi oilaviy poliklinikalar — 1a toifa;
6 001 — 12 000 nafargacha aholi biriktirilgan 1-tipdagi oilaviy poliklinikalar — 1b toifa;
12 001 — 24 000 nafargacha aholi biriktirilgan 2-tipdagi oilaviy poliklinikalar — 2a toifa;
24 001 — 36 000 nafargacha aholi biriktirilgan 2-tipdagi oilaviy poliklinikalar — 2b toifa;
36 001 — 48 000 nafargacha aholi biriktirilgan 2-tipdagi oilaviy poliklinikalar — 2v toifa;
48 001 — 54 000 nafargacha aholi biriktirilgan 2-tipdagi oilaviy poliklinikalar — 2g toifa.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
5. Oilaviy poliklinikalar davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanib, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
6. Oilaviy poliklinikalar aholining joylashish tarkibi, aholi punktlari soni va ular orasidagi masofa, xizmat koʻrsatish doirasi, yoʻl tarmogʻi rivojlangani, hududdagi infratuzilma holati, ishlab chiqarish va ishlab chiqarishning boshqa turlari xususiyati hisobga olingan holda tashkil etiladi.
7. 2-tipdagi oilaviy poliklinikalarga aholi soni, zichligi hamda geografik joylashuviga koʻra 1-tipdagi oilaviy poliklinikalar va oilaviy poliklinika filiallari biriktiriladi.
Bunda 2-tipdagi oilaviy poliklinikadagi oilaviy shifokorlardan tashqari boshqa shifokorlar (pediatr, akusher-ginekolog, UTT shifokori hamda rentgenolog shifokor) unga biriktirilgan 1-tipdagi oilaviy poliklinikalar va oilaviy poliklinika filiallariga biriktirilgan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. 2026-yil 1-apreldan oilaviy poliklinikalarda ish vaqti besh kunlik ish haftasi tartibida — dushanba — juma kunlari soat 08-00 dan 16-00 gacha etib belgilanadi.
Bunda:
2-tip oilaviy poliklinikalarda dushanba — juma kunlari 16-00 dan 20-00 gacha, shuningdek, dam olish (shanba) kunlari 08-00 dan 14-00 gacha belgilangan tartibda ish haqi toʻlanadigan bir nafardan shifokor va oʻrta tibbiyot xodimidan iborat navbatchilik tashkil qilinadi;
2-tip oilaviy poliklinikalarning navbatchi tibbiyot xodimlari 1-tipdagi oilaviy poliklinikalar va oilaviy poliklinika filiallari aholisiga ham tibbiy xizmatlar koʻrsatadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
9. Oilaviy poliklinikalar barcha zarur kommunikatsiya tarmoqlari (elektr, isitish, suv taʼminoti, kanalizatsiya va telefon aloqasi va IT tizimi) bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
10. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatlari Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan tashkil etilishi va (yoki) ushbu xizmatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan nodavlat tibbiyot tashkilotlaridan xarid qilinishi mumkin.
11. Oilaviy poliklinikada Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish ilovada keltirilgan namunaviy shartnoma asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Oilaviy poliklinikalarning asosiy vazifalari
12. Oilaviy poliklinikalarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
biriktirilgan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish (ambulator qabul, bemorlarni uylariga tashrif va boshqalar);
birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishda tibbiyot brigadasi biriktirilgan aholini ijtimoiy ahamiyatga ega va eng koʻp tarqalgan kasalliklar boʻyicha guruhlarga ajratish hamda ularni individual davolash va sogʻlomlashtirish dasturlarini ishlab chiqish;
aholi salomatligini muhofaza qilish, xizmat koʻrsatayotgan hududdagi aholini Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartib va muddatlarda profilaktik tibbiy koʻriklaridan oʻtkazish;
kasalliklar xavfini aniqlash hamda ularni erta bosqichlarda aniqlash, kasalliklarni kamaytirish va ularning asoratlanishi, nogironlik va oʻlim holatini kamaytirish boʻyicha kompleks profilaktik tadbirlarni amalga oshirish;
milliy emlash kalendariga asosan belgilangan muddatlarda profilaktik emlashlarni amalga oshirish;
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tuman (shahar) boʻlimlari bilan birgalikda yuqumli kasalliklar, zaharlanish va favqulodda holatlar yuzaga kelganda, tegishli xizmatlarga xabar berish, sanitariya-epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, profilaktik emlashlar, yuqumli kasalliklar oʻchogʻidagi observatsion tadbirlar, aholini epidemiologik xavfli vaziyatlar boʻyicha ogohlantirish;
surunkali kasallikka chalingan bemorlar salomatligining tizimli dispanser nazorati, davolash, sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish;
tashxislash va davolash standartlari hamda klinik protokollarga asosan mavjud asbob-uskunalardan foydalangan holda instrumental tekshiruvlarni oʻtkazish;
bemorlarni tekshirish, davolash, nazorat qilish va reabilitatsiyasida boshqa davolash-profilaktika muassasalari bilan uzviylik tamoyiliga rioya qilish;
bemorlarni koʻrsatmaga asosan tor soha mutaxassislari koʻrigiga hamda shifoxonaga yotqizish uchun tibbiyot muassasalariga yoʻllanma berish;
hayotga xavf soluvchi holatlar, baxtsiz hodisa (jarohat, zaharlanish, hayvon va kemiruvchilar tishlashi va boshqa holatlar)da shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish hamda koʻrsatmaga binoan yuqori malakali va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish uchun bemorlarni boshqa davolash-profilaktika yordami muassasasiga yoʻllash;
vaqtincha mehnatga layoqatsizlik ekspertizasini oʻtkazish, mehnatga turgʻun layoqatsiz boʻlgan bemorlar hujjatlarini tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga yoʻnaltirish;
aholiga quyidagi masalalar boʻyicha maslahat berish va sanitariya-tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
yuqumli kasalliklar profilaktikasi;
koʻkrak suti bilan oziqlantirish, bolalarni gigiyenik tarbiyalash, bolalar salomatligidagi salbiy oʻzgarishlarning oldini olish;
reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish;
xavfsiz onalikni taʼminlash, istalmagan homiladorlikning oldini olish, kontratsepsiya, oilaviy hayotning etika, psixologiya, tibbiy-ijtimoiy masalalari targʻibot ishlarini amalga oshirish;
sogʻlom turmush tarzi, jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati;
zararli omillar va ularning asoratlari boʻyicha ogohlantirish;
oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholining salomatlik holatini tahlil qilish va sogʻlomlashtirish tadbirlari rejasini ishlab chiqish;
biriktirilgan aholining salomatlik holati asosida, zaruratga koʻra belgilangan tartibda aholini yoʻllanma (qogʻoz va elektron) asosida tuman (shahar) markaziy shifoxonasiga yoki boshqa ixtisoslashgan statsionar yordam koʻrsatuvchi muassasaga yuborish;
oilaviy poliklinika xonalarida zarur sanitariya-gigiyena rejimini, aseptika va antiseptika qoidalarini, inyeksiyadan keyingi asoratlar, gepatit, OIV va boshqa yuqumli kasalliklar profilaktikasini taʼminlaydigan instrumentlar va materiallarni sterilizatsiya qilish sharoitlarini taʼminlash;
mavjud tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar hamda boshqa mol-mulkdan samarali foydalanilishini taʼminlash;
hisob va hisobot hujjatlarining elektron shaklda oʻz vaqtida va sifatli yuritilishini taʼminlash.
3-bob. Oilaviy poliklinikalar faoliyatini tashkil etish
13. Oilaviy poliklinikalarda quyidagilar amalga oshiriladi:
birlamchi murojaat qilgan bemor oʻsha kuni yoki avvaldan tuzilgan roʻyxat asosida qabul qilinadi, qayta qatnovlar tibbiy koʻrsatmaga koʻra shifokor tomonidan belgilanadi;
bemorlar uyiga chaqiruvi soat 8-00 dan 14-00 gacha qabul qilinadi hamda tashrif chaqiruv boʻlgan kuni amalga oshiriladi, boshqa tashriflar shifokor va hamshira tomonidan koʻrsatmaga binoan belgilanadi;
bilim va koʻnikmaga ega tibbiy xodimlar birlamchi, ikkilamchi va uchinchi darajali profilaktika, dispanserizatsiya kabi profilaktik tadbirlarini amalga oshiradi;
muassasaga murojaat qilgan aholiga hayotga xavf soladigan zarur shoshilinch holatlarda birlamchi tezkor tibbiy yordam koʻrsatiladi va koʻrsatmaga asosan shifoxonaga yuboriladi;
tor soha mutaxassislarining maslahati, nazorati, davolash boʻyicha tavsiyalariga koʻra oilaviy shifokor tomonidan bemorlar nazorati olib boriladi;
bemorlar oilaviy poliklinikaning kunduzgi shifoxonasi va uy shifoxonasi sharoitida davolanadi.
4-bob. Oilaviy poliklinikalarning huquqlari va majburiyatlari
14. Oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun oilaviy poliklinikalar quyidagi huquqlarga ega:
yuqori turuvchi sogʻliqni saqlash organi bilan kelishgan holda oʻzining asosiy faoliyatini rejalashtirish;
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tadbirlardan tashqari boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan profilaktik tibbiy koʻriklar va skrining tekshiruvlar, aholini uyiga borib tibbiy xizmat koʻrsatish kabi tadbirlarda ishtirok etishdan bosh tortish;
professional faoliyatni amalga oshirish jarayonida yaratilgan intellektual mol-mulk obyektlariga mualliflik huquqlarini olish va ulardan foydalanish;
oilaviy poliklinikaga berilgan mol-mulkdan belgilangan tartibda foydalanish va uni tasarruf etish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy poliklinika maqsadlari va asosiy faoliyatiga zid boʻlmagan faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandi.
15. Oilaviy poliklinikalar quyidagilarga majbur:
aholini kafolatlangan tibbiy yordam hajmiga muvofiq ambulator konsultatsiya va davolash-profilaktika yordami bilan taʼminlash;
bemorlarga tashxis qoʻyish, davolash va reabilitatsiya qilishda tegishli tuman (shahar) markaziy shifoxonasi, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati hamda boshqa tibbiyot muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash;
bemorlarni ambulatoriyada qabul qilish va koʻrsatmaga asosan doimiy va vaqtincha yashash joyida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish;
bemorlar huquqlariga, shu jumladan, ularning bemor toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotlarning maxfiyligi huquqiga rioya etish;
oilaviy poliklinika binolarida zarur sanitariya-gigiyena rejimini, aseptika va antiseptika qoidalarini, asboblarni va materiallarning gemokontakt va boshqa infeksiyalardan profilaktikasini taʼminlovchi sterilizatsiya qilish shart-sharoitlarini saqlab turish;
qonunchilik hujjatlari, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi, yongʻin xavfsizligi, sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablariga rioya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
mavjud tibbiy jihozlar va mol-mulkning saqlanishini hamda ulardan samarali foydalanilishini taʼminlash;
(15-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
oilaviy poliklinika faoliyatiga oid tibbiy hisob va hisobot, statistika va moliyaviy hujjatlarning oʻz vaqtida va toʻliq yuritilishi, saqlanishi hamda davlat saqloviga belgilangan tartibda berilishini taʼminlash.
16. Oilaviy poliklinikalar oʻzlariga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
5-bob. Oilaviy poliklinikalar ishini tashkil etish va uni boshqarish
Oldingi tahrirga qarang.
17. 1-tip oilaviy poliklinikalarga tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi tomonidan oilaviy poliklinika mudiri vazifasi yuklanadigan mazkur muassasada faoliyat yuritayotgan oilaviy shifokor rahbarlik qiladi hamda mudir vazifasi yuklangan oilaviy shifokorga bazaviy tarif stavkasiga 50 foiz ustama toʻlanadi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
18. 2-tip oilaviy poliklinikalarga tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan mudir rahbarlik qiladi.
19. Oilaviy poliklinika mudiri (mudiri vazifasi yuklangan oilaviy shifokor) belgilangan tartibda:
oilaviy poliklinika faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, uning ishini tashkil etadi, oilaviy poliklinika nomidan ish koʻradi, uning manfaatlarini barcha tashkilotlarda ifoda etadi hamda oilaviy poliklinika faoliyatining natijalari uchun shaxsan javob beradi;
tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimiga hisobotlar taqdim etadi;
mutaxassislar bilan birgalikda biriktirilgan aholi oldida hisobot beradi.
20. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimining buyrugʻiga asosan 2-tip oilaviy poliklinikada faoliyat yuritadigan shifokorlar va hamshiralar hududning geografik joylashuvi, infratuzilma holati, aholining murojaatlari, kasallanish koʻrsatkichlari va boshqa zaruratlarga koʻra biriktirilgan 1-tipdagi oilaviy poliklinika va oilaviy poliklinika filiallariga taqsimlanishi va safarbar qilinishi mumkin.
21. Oilaviy poliklinikalar (shu jumladan, oilaviy poliklinika filiallari) xodimlari tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
22. Oilaviy poliklinika mudirlari tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi bilan kelishgan holda oilaviy poliklinikaga tegishli mol-mulkni tasarruf etadi hamda faoliyatini tashkil etish boʻyicha buyruqlar chiqaradi.
23. Oilaviy poliklinikalar faoliyati bevosita nazorat qilish tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Oilaviy poliklinikalarning moliya-xoʻjalik faoliyati
24. Oilaviy poliklinikaning moliya-xoʻjalik faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-iyundagi PQ-3039-son qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahridagi oilaviy poliklinika toʻgʻrisidagi namunaviy nizomning 14-bandi.
25. Asosiy vositalar, shuningdek, boshqa moddiy boyliklar hamda moliyaviy resurslar oilaviy poliklinikaning mol-mulkini tashkil etadi.
26. Quyidagilar oilaviy poliklinikalar faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
oilaviy poliklinikaning joriy faoliyatini saqlab turishga, unga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishga, shuningdek, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari;
homiylik mablagʻlari, xalqaro tashkilotlarning grantlari;
pulli tibbiy xizmatlar koʻrsatishdan olingan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
27. Oilaviy poliklinikalar faoliyatini moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar (kapital qoʻyilmalar, mukammal taʼmirlash, fan va ilmiy izlanishlar, emlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, sayyor tibbiy koʻriklar, homiladorlik nafaqasi, shuningdek, koʻzda tutilmagan boshqa xarajatlarni qoplash uchun ajratiladigan mablagʻlar bundan mustasno) xarajatlar tasnifining bir satrida har oyning birinchi ish kunida oʻtkazilishi uchun Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasining alohida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari shakllantiriladi.
28. Oilaviy poliklinikalarni moliyalashtirishning yillik hajmi bir nafar aholiga xarajatlarning bazaviy normativi hisob-kitobidan hamda tuzatish koeffitsiyentlaridan (jinsi va yoshi tarkibi, aholi zichligiga koʻra va boshqalar) foydalanilgan holda, biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib aniqlanadi.
29. Oilaviy poliklinika mudirlari mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi uchun belgilangan tartibda javob beradi.
30. Oilaviy poliklinikaning moliya-xoʻjalik faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 27-bobi.
7-bob. Oilaviy poliklinikalarning hisoboti
31. Oilaviy poliklinikalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda statistika hisobotini yuritadi va uni tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimiga taqdim etadi, hujjatlarning belgilangan standartlarga muvofiq yuritilishi hamda saqlanishiga javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonuni.
32. Oilaviy poliklinikalar oʻz faoliyati toʻgʻrisida qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda hisobotlar va boshqa axborotlar taqdim etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni 10-moddasining toʻrtinchi qismi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 255-moddasi, Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2911, 2017-yil 11-avgust) ning 13-bandi.
33. Tibbiy hisob va hisobot hujjatlarining toʻgʻri va oʻz vaqtida yuritilishi, ulardagi maʼlumotning haqqoniyligi uchun oilaviy poliklinikalar mudirlari javob beradi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Oilaviy poliklinikalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 — 56-moddalari.
35. Oilaviy poliklinikalar qayta tashkil etilgan va tugatilgan holatlarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq xodimlarning huquqlariga rioya qilinishi kafolatlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 49-moddasi, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasi, Mehnat kodeksining 73, 100 va 102-moddalari.
36. Oilaviy poliklinikalar qayta tashkil etilganda uning huquqlari, majburiyatlari va mulki huquqiy vorisga oʻtadi.
Oilaviy poliklinika toʻgʻrisida namunaviy nizomga
ILOVA

NAMUNA

Oilaviy poliklinikada Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida

____-son SHARTNOMA

“____” ____________20___ yil

___________________

(tuman/shahar nomi)

Ushbu shartnoma oilaviy poliklinika tibbiyot brigadasi va jismoniy shaxs oʻrtasida tuzildi.

Bir tomondan mehnat shartnomasi asosida faoliyat yurituvchi _____________________________

_________________________________________________________________________________________

(birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi nomi, oilaviy shifokorning F.I.O.)

keyingi oʻrinlarda — “tibbiy xizmat koʻrsatuvchi”, ikkinchi tomondan jismoniy shaxs sifatida

_________________________________________________________________________________________

(F.I.O, tugʻilgan yili, yashash manzili)

mazkur muassasa tibbiyot brigadasiga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilgan chet el fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shaxslarning qonuniy vakillari, keyingi oʻrinlarda — “tibbiy xizmat oluvchi” bilan (keyingi oʻrinlarda — “tomonlar”) Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari (keyingi oʻrinlarda — kafolatlangan paket) doirasida tibbiy xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida tuzildi.

1. Shartnoma predmeti

1.1. “Tibbiy xizmat koʻrsatuvchi” oilaviy poliklinika tomonidan kafolatlangan paket doirasida quyidagi tibbiy xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlaydi:

“tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ni qabul qilish, tibbiy koʻrik va maslahat berish;

“tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ga tibbiy-profilaktika xizmatlarini koʻrsatish;

“tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ni belgilangan tartibda profilaktik va skrining tekshiruvlardan oʻtkazish;

“tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ga kafolatlangan paket doirasida kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolash standartlari hamda klinik protokollarga muvofiq klinik-laborator, funksional va instrumental tekshiruvlarni oʻtkazish, tashxis qoʻyish, davolash, reabilitatsiya hamda palliativ xizmatlarini koʻrsatish;

kafolatlangan paket doirasida dori va sarflash vositalariga retsept rasmiylashtirish yoki ularni poliklinika orqali berish;

oilaviy poliklinika kunduzgi statsionarida kafolatlangan paket doirasida davolash, muolaja va amaliyotlarni oʻtkazish;

mehnatga vaqtincha layoqatsizligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, natijasiga koʻra “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ga mehnatga vaqtincha layoqatsizlik varaqasini berish;

oʻlimni qayd qilish va rasmiylashtirish;

sogʻlom turmush tarzi tamoyillari (zararli odatlardan voz kechish, toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollik, gigiyenik tarbiya va boshqalar) toʻgʻrisida maʼlumot berib borish.

1.2. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” doimiy yoki vaqtinchalik yashash hududiga biriktirilgan tibbiyot brigadasidan boshqa tibbiyot brigadasiga oʻz xohishiga koʻra biriktirilganda, “Tibbiy xizmat koʻrsatuvchi” tomonidan patronaj xizmati va uyda tibbiy xizmat koʻrsatilmaydi.

2. Tomonlarning huquq va majburiyatlari

2.1.Tibbiy xizmat koʻrsatuvchi”ning huquqlari:

2.1.1. Kafolatlangan paketdan tashqari qoʻshimcha tibbiy xizmatlarni “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ning oʻz mablagʻlari yoki ixtiyoriy sugʻurta tizimi va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan taqdim etish;

2.1.2. Tibbiy qarorlarni oʻz kompetensiyasi doirasida mustaqil ravishda qabul qilish.

2.2.Tibbiy xizmat koʻrsatuvchi”ning majburiyatlari:

2.2.1. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ga kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq hajmda koʻrsatish;

2.2.2. Belgilangan muddatlarda “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ni qabul qilish, uni tegishli tibbiy koʻriklardan oʻtkazish va maslahat berish, Milliy emlash kalendariga muvofiq profilaktik emlashlarni oʻtkazish;

2.2.3. Tashxis qoʻyish va davolash standartlari hamda klinik protokollarga muvofiq tor soha mutaxassislariga, zarur hollarda shifoxonalarga yoʻllanma berish;

2.2.4. Oilaviy poliklinikada mavjud hamda kafolatlangan paket doirasidagi dori va sarflash vositalariga (amaldagi tartibga koʻra) retsept rasmiylashtirish yoki ularni berish;

2.2.5. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ning ambulator sharoitda davolanishi uchun amaldagi tashxis qoʻyish va davolash standartlari va klinik protokollarga rioya etgan holda, kunduzgi statsionarda davolanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

2.2.6. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ga dori vositalarini toʻgʻri va oʻz vaqtida qabul qilish tartibini tushuntirish hamda dori vositasining nojoʻya taʼsirlari toʻgʻrisida maʼlumot berish;

2.2.7. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ga sogʻlom turmush tarzi tamoyillari (zararli odatlardan voz kechish, toʻgʻri ovqatlanish va boshqalar), kasalliklarning oldini olish toʻgʻrisida maʼlumotlar berib borish;

2.2.8. Kasalliklarni erta aniqlash va dispanser roʻyxatiga olish, sogʻlomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish hamda berilgan tavsiyalarning bajarilishini doimiy nazorat qilish;

2.2.9. Agar “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” tibbiyot brigadasiga biriktirilgan hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilsa, tibbiyot brigadasi tomonidan kafolatlangan paket doirasida patronaj xizmatini koʻrsatish, ambulator davolash ishlarini tashkil qilish, “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ning doimiy yoki vaqtincha yashash joyida va (yoki) oilaviy poliklinikada unga palliativ tibbiy yordamlarni koʻrsatish;

2.2.10. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ni mehnatga vaqtincha layoqatsizligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, tekshiruv natijasiga koʻra “tibbiy xizmat oluvchi”ga mehnatga vaqtincha layoqatsizlik varaqasini belgilangan tartibda rasmiylashtirish yoki asoslantirgan holda rasmiylashtirishni rad etish;

2.2.11. Tibbiy yordam soʻrab murojaat qilganligi, sogʻligʻining holati, qoʻyilgan tashxis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda uni tekshirish va davolash chogʻida olingan boshqa maʼlumotlarning sir saqlanishini, “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ning roziligisiz uchinchi shaxslarga oshkor qilinmasligini taʼminlash;

2.2.12. “Avvalo zarar yetkazma” tamoyiliga rioya qilish;

2.2.13. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ni uning sogʻligʻi va davolash jarayoni haqida toʻgʻri va aniq maʼlumot bilan taʼminlash;

2.2.14. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ga ishonch, hurmat va tibbiy etika tamoyillariga asoslangan munosabatda boʻlish, bunda ochiq va tushunarli muloqotni taʼminlash, “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ning huquqlarini hurmat qilish va har qanday tibbiy aralashuvga “tibbiy xizmat oluvchi” uning roziligini olish.

2.3. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” quyidagi huquqlarga ega:

2.3.1. Kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmatlardan foydalanish;

2.3.2. Oʻz sogʻligʻining holati toʻgʻrisida maʼlumot, shu jumladan, tekshirish natijalari, qanday tashxis qoʻyilgani, kasallikning bundan buyon qanday kechishiga oid taxminlar, davolash usullari va bu usullar bilan bogʻliq xavf-xatar, buyurilgan tibbiy aralashuvlar, ularning ehtimoliy oqibat va asoratlari, amalga oshirilgan davolashning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ochiq va tushunarli tarzda olish;

2.3.3. Oʻziga nisbatan tibbiyot xodimlari tomonidan xushmuomalalik bilan tibbiy xizmatlar koʻrsatilishini talab qilish;

2.3.4. Tibbiy aralashuvga rozilik berish;

2.3.5. Tibbiy aralashuvni rad etish;

2.3.6. Kafolatlangan paket doirasidagi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq dori va sarflash vositalari uchun (amaldagi tartibga koʻra) retsept olish yoki oilaviy poliklinikadan bepul dori va sarflash vositalarini olish;

2.3.7. Qabul qiladigan dori va sarflash vositalarini toʻgʻri va oʻz vaqtida qabul qilish tartibi hamda ularning nojoʻya taʼsirlari toʻgʻrisida maʼlumot olish;

2.3.8. Sogʻlom turmush tarzi tamoyillari (zararli odatlardan voz kechish, toʻgʻri ovqatlanish va boshqalar), kasalliklarning oldini olish toʻgʻrisida maʼlumot olish;

2.3.9. Oilaviy shifokor tavsiyasiga koʻra tashxis qoʻyish va davolash standartlariga muvofiq tor soha mutaxassislariga, zarur hollarda shifoxonalarga yoʻllanma olish;

2.3.10. Amaldagi tashxis qoʻyish va davolash standartlari va klinik protokollarga muvofiq kafolatlangan paket doirasida kunduzgi statsionarda davolanish;

2.3.11. Agar “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” oʻzi shartnoma tuzgan tibbiyot brigadasiga biriktirilgan hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilsa, tibbiyot brigadasi tomonidan patronaj xizmatidan foydalanishga, koʻrsatmaga koʻra uy shifoxonasida davolanishga, oʻzining doimiy yashash joyi yoki vaqtincha yashash joyida va (yoki) oilaviy poliklinikada palliativ tibbiy yordamlar olish;

2.3.12. Mehnatga vaqtincha layoqatsizligini aniqlash va qayd etish uchun tibbiy tekshiruvdan oʻtish hamda natijasi boʻyicha maʼlumot olish;

2.3.13. Shifokorni va davolash-profilaktika muassasasini tanlash;

2.3.14. Oʻzi bitim tuzgan tibbiyot brigadasini chorak davomida bir marta, biroq bir moliya yilida koʻpi bilan ikki marta oʻzgartirish;

2.3.15. Koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar bilan bogʻliq noroziligini bildirish.

2.4.Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ning majburiyatlari:

2.4.1. Sogʻlom turmush tarziga rioya etish, zararli odatlardan voz kechish, toʻgʻri ovqatlanish;

2.4.2. Belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida va (yoki) oilaviy shifokor tavsiyasiga koʻra profilaktik tibbiy koʻriklar hamda skrining tekshiruvlardan oʻtish;

2.4.3. Tibbiyot xodimlari bilan hamkorlik qilish, ular bilan muloqot qilishda hurmat koʻrsatish hamda sogʻligʻida yuz bergan barcha holatlar haqida biriktirilgan tibbiyot brigadasi oilaviy shifokori yoki hamshiralarini xabardor qilish;

2.4.4. Dori va sarflash vositalarini uy sharoitida koʻrsatmalarga muvofiq holda saqlash va shifokor tomonidan berilgan tavsiyalarga binoan qabul qilish;

2.4.5. Kafolatlangan paket doirasida ambulator tibbiy xizmatlarni, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq rejali statsionar xizmatlardan bepul foydalanish maqsadida oilaviy shifokorning tegishli yoʻllanmasini olish;

2.4.6. Oʻz sogʻligʻini saqlash, kasalliklarning avj olishi va asoratlanishini oldini olish, oʻz vaqtida va (yoki) shifokor tavsiyasiga koʻra davolanish.

3. Shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish tartibi

3.1. Ushbu shartnomaning shartlarini oʻzgartirish yoki uni bekor qilish tomonlar oʻrtasida qoʻshimcha kelishuv tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

3.2. Qoʻshimcha kelishuv shartnoma qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, shunday shaklda tuziladi.

Qoʻshimcha kelishuv tuzishga muzokaralar yoʻli bilan erishilmasa, tomonlardan birining talabi bilan bitim sud tomonidan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

3.3. Ushbu shartnoma quyidagi hollarda bekor qilingan deb hisoblanadi:

“tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” boshqa tibbiyot brigadasi oilaviy shifokori bilan xuddi shunday kafolatlangan paket doirasida tibbiy xizmat koʻrsatishni nazarda tutuvchi bitim imzolaganda;

“tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” (shaxs) vafot etganda;

oilaviy poliklinika va (yoki) tibbiyot brigadasi faoliyati tugatilganda.

3.4. Barcha oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazkur bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.

4. Maxfiylik

4.1. “Tibbiy xizmat koʻrsatuvchi” va “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” shartnoma boʻyicha maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash uchun javob beradi.

4.2. “Tibbiy xizmat koʻrsatuvchi” va “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ning bir-biriga bitim predmeti bilan bogʻliq taqdim etgan maʼlumotlari maxfiy hisoblanadi. Tomonlar olingan maʼlumotlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq saqlanishi uchun barcha zarur va yetarli choralarni koʻradilar.

4.3. “Tibbiy xizmat koʻrsatuvchi” va “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” ushbu shartnoma boʻyicha shifokor siri va shaxsga doir maʼlumotlarning xavfsizligi uchun javob beradi.

5. Shartnomaning amal qilish muddati

5.1. Mazkur shartnoma tomonlar imzolagan paytdan boshlab kuchga kiradi hamda basharti qonunchilik hujjatlarida boshqacha muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi.

6. Tomonlarning javobgarligi

6.1. Ushbu shartnoma boʻyicha belgilangan majburiyatlarning bajarilmagani yoki lozim darajada bajarilmagani uchun tomonlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

6.2. “Tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” tomonidan mazkur shartnomaning 2.4-bandida belgilangan talablar bajarilmasligi natijasida sogʻligʻining yomonlashishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlarda, javobgarlik toʻliq “tibbiy xizmat oluvchi” zimmasiga yuklanadi hamda unga koʻrsatiladigan qoʻshimcha (kafolatlangan paketga kiritilmagan yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq) tibbiy xizmatlar pulli asosda amalga oshiriladi.

6.3. “Tibbiy xizmat koʻrsatuvchi” ushbu shartnomaning 2.2-bandida belgilangan talablar sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha javobgar hisoblanadi hamda uning bajarilmasligi natijasida “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi” tomonidan shartnomaning bir tomonlama bekor qilinishi mumkin, shuningdek, “tibbiy xizmat koʻrsatuvchi”ga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan choralar qoʻllaniladi.

7. Yakunlovchi qoidalar

7.1. Ushbu shartnomada belgilangan huquq va majburiyatlarning bajarilishi jarayonida “tomonlar” oʻrtasida yuzaga kelgan har qanday tushunmovchilik va kelishmovchiliklar muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi yoki “tibbiy xizmatdan foydalanuvchi”ning yozma murojaati asosida eʼtiroz tartibida koʻrib chiqiladi. Murojaatni koʻrib chiqish va uning mazmuniga qoʻyiladigan talablar qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.

7.2. Kelishmovchiliklarni muzokaralar yoʻli bilan hal qilishning imkoni boʻlmagan taqdirda, nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq sud orqali hal etiladi.

Tibbiyot brigadasi oilaviy shifokori

Jismoniy shaxs

(oilaviy shifokor vaqtincha mavjud boʻlmagan hollarda amaliyotchi hamshirasi)

Tugʻilgan vaqti____________

Pasport seriyasi ___ № ______

____________________________

____________________________

F.I.O. (imzo)

F.I.O. (imzo)

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-iyundagi 384-son qaroriga
5-ILOVA
Aholini tibbiyot brigadalariga biriktirish
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib aholini Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida oilaviy poliklinika va uning filiallarini tanlash, tibbiyot brigadasiga biriktirish va roʻyxatdan chiqarish bilan bogʻliq munosabatlarni belgilaydi.
2. Ushbu Tartib harbiy xizmatchilarga va tibbiy yordam koʻrsatishda harbiy xizmatchilarga tenglashtirilgan shaxslarga, muqobil fuqarolik xizmatini oʻtayotgan fuqarolarga, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalaridagi shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Aholini tibbiyot brigadasiga biriktirish tibbiy yordam koʻrsatish uchun asos boʻlib, quyidagi tamoyillar asosida amalga oshiriladi:
tibbiyot brigadasi va uning oilaviy shifokori tomonidan unga biriktirilgan aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining hududiy mavjudligi;
oilaviy shifokor, tibbiyot brigadasi va oilaviy poliklinikani erkin tanlash;
bemorning tibbiy yordam sifatidan qoniqishi;
tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, tenglik va adolatli raqobat.
2-bob. Aholini tibbiyot brigadasiga biriktirish, qayta biriktirish va roʻyxatdan chiqarish
4. Aholi oʻzining doimiy yoki vaqtincha yashash, ishlash, oʻqish joyida oilaviy poliklinikadagi tibbiyot brigadasiga biriktiriladi. Bunda bir jismoniy shaxs faqat bitta tibbiyot brigadasiga biriktirilishi mumkin.
5. Kafolatlangan paket doirasida bepul xizmat koʻrsatish uchun aholi oʻz xohishiga koʻra oilaviy poliklinikani erkin tanlashi hamda tibbiyot brigadasiga biriktirilishi mumkin. Bunda:
a) aholi tomonidan tibbiyot brigadasini chorak davomida bir marta, biroq koʻpi bilan bir moliya yilida ikki marta oʻzgartirishga ruxsat etiladi;
b) aholi oʻz yashash hududiga biriktirilgan tibbiyot brigadasidan boshqa tibbiyot brigadasiga oʻz xohishiga koʻra biriktirilganda, ularga patronaj xizmati va uyda tibbiy xizmat koʻrsatmasligi mumkin.
Bunda tibbiyot brigadasi tomonidan koʻrsatiladigan patronaj xizmati va uyda tibbiy xizmat koʻrsatilishi yoki koʻrsatilmasligi aholi oʻz xohishiga koʻra biriktirilgan tibbiyot brigadasi bilan aholi oʻrtasida tuziladigan bitimda belgilanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet el fuqarolarining (daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq toʻlovchi boʻlgan taqdirda) tibbiyot brigadasiga biriktirilishi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan, tuman (shahar) darajasida ambulator va statsionar sharoitda koʻrsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordam olish huquqini beradi.
7. Aholi quyidagi holatlarda, istisno tariqasida, tibbiyot brigadasiga qayta biriktirilishi mumkin:
doimiy yoki vaqtincha yashash joyini olti oydan ortiq muddatga bir maʼmuriy-hududiy birlikdan boshqa hududga safar qilish munosabati bilan oʻzgartirganda;
oilaviy poliklinika bilan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi oʻrtasida tibbiy xizmatlarni sotib olish toʻgʻrisidagi shartnoma bekor qilinganda;
yashash hududida yangi oilaviy poliklinika tashkil etilganda;
oilaviy poliklinika faoliyati tugatilganda yoki xususiylashtirilganda.
8. Tibbiyot brigadasi roʻyxatidan chiqish, boshqa hududdagi tibbiyot brigadasiga biriktirish hamda ularni tanlash yoki almashtirish voyaga yetgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
9. Voyaga yetmagan shaxslar doimiy yoki vaqtincha yashash, oʻqish joyida oilaviy poliklinikalardagi tibbiyot brigadasiga biriktiriladi hamda boshqa tibbiyot brigadasiga biriktirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Amalda biriktirilgan tibbiyot brigadasining roʻyxatidan chiqish, aksincha boshqa tibbiyot brigadasiga biriktirish maqsadida aholi shaxsan oʻzi yoki vakili orqali shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan tasdiqlangan shakldagi yozma yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza bilan tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimiga murojaat qiladi.
11. Ariza berishda quyidagi hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari uchun:
pasport yoki qonun bilan belgilangan yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga muvofiq chet el fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olingan boshqa hujjat;
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash guvohnomasi;
b) Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun:
shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga muvofiq tan olingan hujjat;
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash guvohnomasi;
v) Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha yashovchi chet el fuqarolari uchun chet el fuqarosining pasporti yoki qonunda belgilangan yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasiga muvofiq chet el fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olingan hujjat (Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha yashash ruxsat etilganligi toʻgʻrisidagi yozuv bilan);
g) Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun fuqaroligi boʻlmagan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat sifatida Oʻzbekiston Respublikasiga xalqaro shartnomaga muvofiq tan olingan, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha yashash uchun ruxsat berilgani toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan hujjat yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasida berilgan, belgilangan shakldagi hujjat;
d) shaxsning vakili, shu jumladan, qonuniy vakili uchun, shaxsni tasdiqlovchi hujjat va vakilning vakolatini tasdiqlovchi hujjat;
e) doimiy yoki vaqtincha yashash joyi oʻzgargan taqdirda — yashash joyi oʻzgarganligini tasdiqlovchi hujjat.
12. Tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi tomonidan fuqarolarning tibbiyot brigadasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizasi uch ish kuni davomida koʻrib chiqiladi hamda murojaat etuvchiga uning xohishiga koʻra yozma yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinet orqali tibbiyot brigadasiga biriktirish natijasi taqdim qilinadi.
13. Tibbiyot brigadasini tanlash jarayonida aholi ushbu muassasada faoliyat yuritadigan tibbiyot xodimlari va oilaviy shifokor roʻyxati, biriktirilgan aholi soni va tibbiyot brigadasiga biriktirilgan hudud haqidagi maʼlumotlar bilan tanishishi mumkin.
14. Murojaat etuvchi oʻz xohishiga koʻra tanlangan tibbiyot brigadasiga biriktirilishi tasdiqlangandan soʻng tibbiyot brigadasi oilaviy shifokoriga shaxsan murojaat qilgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinet orqali bitim tuzadi.
15. Murojaat etuvchining arizasiga muvofiq tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi tomonidan oʻzi tanlagan tibbiyot brigadasiga biriktirish rad qilinganda, rad etish sabablari aniq koʻrsatilishi lozim.
16. Tibbiyot brigadasiga biriktirilgan aholi soni 3 000 nafarni tashkil etganda unga qoʻshimcha 10 foizgacha aholi biriktirilishi mumkin. Bunda qoʻshimcha aholi biriktirish istagi boʻlgan tibbiyot brigadasi oilaviy shifokori tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimiga ariza bilan murojaat qiladi hamda ushbu tibbiyot brigadasi xodimlari, unga biriktirilgan hudud, aholi soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimida aks ettiriladi.
17. Amalda aholi biriktirilgan tibbiyot brigadasi faoliyat yuritadigan oilaviy poliklinika aholini boshqa oilaviy poliklinikadagi tibbiyot brigadasiga qayta biriktirilgani toʻgʻrisidagi xabarnomani “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimi orqali olgandan soʻng unga tibbiy xizmat koʻrsatishni toʻxtatadi va unga tegishli boʻlgan tibbiy hujjatlar qayta biriktirilgan yangi oilaviy poliklinikaga yetkazilishini taʼminlaydi.
18. Tibbiyot brigadasida vaqtincha oilaviy shifokor mavjud boʻlmagan taqdirda, oilaviy shifokor lavozimga tayinlangunga qadar aholi ushbu tibbiyot brigadasi tashkil qilingan oilaviy poliklinikaga biriktirilgan hisoblanadi.
19. Oilaviy poliklinikada tibbiyot brigadasiga biriktirilmagan shaxslarga barcha tibbiy xizmatlar hamda tibbiyot brigadasiga biriktirilgan aholi uchun kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pulli asosda koʻrsatiladi.
20. Oilaviy poliklinikada tibbiyot brigadalariga aholini biriktirish boʻyicha xizmatlar bepul koʻrsatiladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Tibbiyot tashkiloti rahbari aholini oilaviy poliklinikaga va tibbiyot brigadasiga biriktirish, roʻyxatdan chiqarish va qayta biriktirishda ushbu Tartib talablariga muvofiq bajarilishi boʻyicha javob beradi.
22. Ushbu Tartibning qoidalari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1977-moddasi, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 41 va 46-moddalari.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-iyundagi 384-son qaroriga
6-ILOVA
Tibbiyot, farmatsevtika va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligini baholash
TARTIBI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib tajriba-sinov tariqasida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilingan hududlardagi tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari tizimidagi oilaviy poliklinikalar, oilaviy poliklinika filiallari hamda tuman (shahar) markaziy shifoxonasida (keyingi oʻrinlarda — tibbiyot muassasasi) faoliyat yuritayotgan tibbiyot, farmatsevtika va rahbar xodimlar faoliyati samaradorligini baholash bilan bogʻliq munosabatlarni belgilaydi.
2. Tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgan tibbiyot, farmatsevtika va rahbar xodimlar (keyingi oʻrinlarda — tibbiyot xodimlari) faoliyati samaradorligini reyting baholash (keyingi oʻrinlarda — reyting baholash) ularning mehnatiga munosib haq toʻlash maqsadida amalga oshiriladi.
2-bob. Reyting baholash tartibi
3. Reyting baholash tibbiyot xodimlari faoliyatining koʻrsatkichlari “Elektron sogʻliqni saqlash” axborot tizimlarining yagona kompleksiga (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) kiritilgan maʼlumotlar natijalari har chorakda bir marotaba amalga oshiriladi.
4. Tibbiyot xodimlari uchun reyting baholashning toʻplangan yakuniy ballari axborot tizimida avtomatlashtirilgan holda aniqlanadi.
5. Tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligini reyting baholash mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Sogʻliqni saqlash vazirligi) tomonidan belgilanadi.
6. Tibbiyot xodimlari tomonidan axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligiga tibbiyot brigadasi uchun oilaviy shifokor, boshqa hollarda esa tibbiyot xodimlarining ish beruvchisi shaxsan masʼul hisoblanadi.
7. Tibbiyot xodimlari faoliyatining toʻlaqonligi, sifati va yakuniy natijalari axborot tizimi maʼlumotlariga asosan tegishli tibbiyot xodimlari uchun besh ish kuni mobaynida tegishli ish beruvchilar tomonidan ragʻbatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
8. Reyting baholash tizimining shaffofligini taʼminlash maqsadida tibbiyot xodimlarining reyting baholash natijalari Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmalarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilib boriladi.
9. Tibbiyot xodimlariga ustama navbatdagi reyting baholash yakuniga qadar (uch oy davomida) belgilanadi hamda ular muassasaning Tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda tibbiyot muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirib boriladi.
10. Tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligining reytingi 100 ballik baholash tizimi orqali hisoblanadi.
11. Tibbiyot xodimlari uchun oylik lavozim maoshlari yoki bazaviy tarif stavkasiga qoʻshimcha ustamalar quyidagi tartibda belgilanadi:
56 balldan 70 ballgacha — oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 40 foizi miqdorida;
71 balldan 85 ballgacha — oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 70 foizi miqdorida;
86 balldan yuqori — oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida.
Tibbiyot xodimlari tomonidan toʻplangan ballar 56 balldan kam boʻlgan hollarda, tibbiyot xodimlariga qoʻshimcha ustamalar toʻlanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Tibbiyot muassasalarida dastlabki bir chorak davomida:
a) oilaviy poliklinika mudiriga — bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida;
Oldingi tahrirga qarang.
b) oliy toifali shifokorlarga bazaviy tarif stavkasining 60 foizi, 1-toifali shifokorlarga — 40 foizi, 2-toifali shifokorlarga — 20 foizi, toifasiz shifokorlarga — 10 foizi miqdorida;
(12-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) oliy toifali oʻrta tibbiyot xodimlariga bazaviy tarif stavkasining 40 foizi, 1-toifali oʻrta tibbiyot xodimlariga — 30 foizi, 2-toifali oʻrta tibbiyot xodimlariga — 10 foizi, toifasiz oʻrta tibbiyot xodimlariga — 5 foizi miqdorida ustamalar toʻlanadi.
Bunda ushbu tartib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi “Respublikada sogʻliqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-88-son Farmoni 2-bandiga asosan 2025-yil 1-iyuldan hamda 2026-yil 1-yanvardan boshlab sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy etilgan hududlardagi tibbiyot muassasalarida 2027-yil 1-yanvarga qadar amalda boʻladi.
(12-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligini baholash jarayoni va natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmalari hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.
14. Mazkur Tartib talablarining hududlardagi ijrosi holati rejaga muvofiq Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oʻrganilib boriladi.
15. Ushbu Tartib talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1977-moddasi, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 41 va 46-moddalari.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-iyundagi 384-son qaroriga
7-ILOVA
Davlat tibbiyot muassasalarida autsorsing asosida stomatologik xizmatlarni koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tajriba-sinov tariqasida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilinadigan hududlardagi davlat tibbiyot muassasalarida (keyingi oʻrinlarda — tibbiyot muassasalari) autsorsing asosida stomatologik xizmatlarni tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
autsorsing — tibbiyot muassasalarining ayrim funksiyalari yoki xizmatlarini shartnoma asosida autsorserga oʻtkazish;
autsorser — shartnoma asosida tibbiyot muassasalarida stomatologik xizmatlarni koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyekti;
buyurtmachi — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Sogʻliqni saqlash vazirligi) tizimidagi oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonasi.
3. Buyurtmachi xizmatlarini autsorsingga oʻtkazishda quyidagi shartlarga rioya qilishi shart:
autsorserni qonunchilik hujjatlari asosida tanlab olish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bobi.
autsorserga oʻtkaziladigan ishlar (xizmatlar) sifatini oshirish;
buyurtmachining autsorserga beriladigan ishlar (xizmatlar)ni bajarish bilan band boʻlgan xodimlari sonini (shtatini) qisqartirish.
4. Autsorserning xodimlari tegishli tibbiyot muassasasi hududiga belgilangan tartibda buyurtmachiga oldindan taqdim etilgan roʻyxat asosida kirishiga ruxsat beriladi.
Bunda autsorser xodimlari tibbiyot muassasasining ichki tartibi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda muassasada belgilangan ish vaqtiga toʻliq rioya qilishlari shart.
2-bob. Tibbiyot muassasalaridagi stomatologik xizmatlarni autsorsing asosida tashkil qilish talablari
5. Tibbiyot muassasalaridagi stomatologik xizmatlarni autsorsing asosida tashkil qilish boʻyicha tanlov (tender) savdolarida tegishli tibbiy faoliyatni amalga oshirish boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari ishtirok etadi. Bunda:
a) tuman (shahar) hududidagi barcha tibbiyot muassasalarida autsorsing asosida stomatologik xizmatlar tanlov (tender) savdolari natijalariga koʻra bir yuridik shaxs tomonidan tashkil etiladi;
b) tuman (shahar)larning aholi zich joylashmagan (chekka) hududlaridagi stomatologik xizmatlar uchun sharoit yaratilgan tibbiyot muassasalarida ushbu xizmatlar autsorsing asosida tashkil etilgan hollarda, ushbu tuman (shahar)dagi qolgan tibbiyot muassasalarida stomatologik xizmatlar belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tanlov (tender) savdolari natijalariga koʻra boshqa yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilishi mumkin;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-bobi.
v) tibbiyot muassasasining imkoniyatlaridan (bino va inshooti, biriktirilgan aholi soni va boshqalar) kelib chiqib, autsorser hisobidan qoʻshimcha stomatologiya xonalarini tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimi bilan kelishgan holda tashkil etishga yoʻl qoʻyiladi.
6. Tibbiyot muassasalaridagi stomatologik xizmatlarni autsorsing asosida tashkil qilish uchun stomatologiya xonalarining jihozlanishi yagona talablar asosida tashkil etiladi.
7. Stomatologiya xonalari uchun talab etiladigan jihozlar tibbiyot muassasalarida mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu jihozlar autsorser tomonidan taʼminlanadi.
8. Autsorsing shartnomasi doirasida autsorserga vaqtincha foydalanishga beriladigan xonalar, asbob-uskunalar va mebeldan foydalanganlik uchun ijara toʻlovi “nol” qiymatda belgilanadi.
Bunda xonalarni va undagi tibbiy asbob-uskunalar va jihozlarni soz holatda saqlash hamda taʼmirlash xarajatlari, shuningdek, kommunal toʻlovlari autsorser tomonidan qoplanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Davlat budjeti hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyxatiga (keyingi oʻrinlarda — kafolatlangan paket) kiritilgan stomatologik xizmatlar va pulli asosda stomatologik xizmatlarni koʻrsatish uchun talab etiladigan barcha dori vositalari, tibbiy jihozlar, sarflash materiallari autsorser tomonidan taʼminlanadi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 353-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)
Bunda autsorser tomonidan amalga oshiriladigan xarajatlar koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarning umumiy narxida inobatga olinadi.
10. Aholiga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tibbiyot muassasasida joriy qilingan elektron axborot tizimiga autsorser tomonidan kiritib boriladi.
11. Autsorser elektron axborot tizimidan buyurtmachining tarkibiy boʻlinmasi sifatida qoʻshimcha toʻlovlarsiz foydalanadi.
12. Tibbiyot muassasasining stomatologik xizmatlarni autsorsing asosida tashkil qilish uchun shartnomaning namunaviy shakli Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va unda autsorserga qoʻyiladigan minimal talablar belgilanadi.
3-bob. Autsorsing asosida tashkil qilinadigan stomatologik xizmatlarga narx belgilash tartibi
13. Kafolatlangan paketga kiritilgan stomatologik xizmatlarning narxi Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tomonidan belgilanadi hamda har moliya yili uchun qayta koʻrib chiqiladi.
14. Kafolatlangan paketga kiritilmagan stomatologik xizmatlarning narxi autsorser tomonidan tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmalari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
15. Autsorser aholiga kafolatlangan paketga kiritilgan stomatologik xizmatlarni bepul hamda boshqa stomatologik xizmatlarni aholining barcha qatlamlariga pulli asosda koʻrsatadi.
16. Stomatologik xizmatlardan bepul va pulli asosda foydalanish uchun oilaviy shifokor yoʻllanmasi talab etilmaydi. Bunda ushbu xizmatlar elektron navbat asosida koʻrsatiladi (shoshilinch holatlarda tibbiy xizmat navbatsiz amalga oshiriladi).
4-bob. Autsorserni tanlash va shartnoma tuzish tartibi
17. Autsorserni tanlab olish boʻyicha xarid hujjatlari tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari tomonidan ishlab chiqiladi.
Bunda oilaviy poliklinikaga biriktirilgan aholining soni, koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati va ularning narxlari, bir yilda koʻrsatiladigan stomatologik xizmatlarning oʻrtacha soni kabi koʻrsatkichlar nazarda tutiladi.
18. Autsorserni tanlab olish boʻyicha xarid Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari asosida tibbiyot muassasalari nomidan tegishli tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi.
19. Autsorser talabgorlariga nisbatan quyidagi talablar qoʻyiladi:
yuridik shaxs tashkil qilgan holda tadbirkorlik subyekti boʻlishi;
moliyaviy ahvoli barqarorligi, soliq va yigʻimlardan qarzdorligi mavjud emasligi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq tibbiy faoliyat boʻyicha tegishli litsenziyaga va boshqa ruxsatnomalarga ega boʻlishi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 3-apreldagi “Tibbiy faoliyatni litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 61-son va 2024-yil 24-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 444-son qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomga 27-ilovasi.
20. Xarid jarayonida autsorsing talabgorlari tomonidan beriladigan takliflarni baholash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
a) takliflarning xarid hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 34, 37, 39 va 51-moddalari.
b) stomatologik xizmatlarni autsorsing asosida tashkil etish natijasida tushadigan tushumlardan tibbiyot muassasasi tasarrufida qoldiriladigan ajratmaning eng koʻp miqdori.
Bunda ajratma miqdori tibbiyot muassasasining joylashuvidan kelib chiqib, autsorsing xizmati yoʻlga qoʻyiladigan tibbiyot muassasalari kesimida turlicha boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
21. Xarid jarayonida gʻolib boʻlgan autsorser talabgori bilan buyurtmachi oʻrtasida autsorsing xizmatini koʻrsatish boʻyicha shartnoma ikki yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Autsorser tomonidan shartnoma shartlari toʻliq bajarilgan taqdirda, tomonlarning kelishuviga koʻra shartnoma muddati qoʻshimcha bir yil muddatga uzaytirilishi mumkin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
5-bob. Autsorsing xizmati boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish
22. Pulli asosda koʻrsatiladigan stomatologik xizmatlar uchun toʻlovlar tibbiyot muassasasiga toʻlanadi.
Bunda toʻlangan mablagʻlar mazkur muassasaning alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanadi hamda autsorserni tanlash jarayonida kelishilgan ajratma miqdorini inobatga olgan holda, har oyning dastlabki besh ish kunida autsorserga yoʻnaltiriladi.
23. Autsorser tomonidan aholiga koʻrsatilgan kafolatlangan paketga kiritilgan stomatologik xizmatlar xarajatlari buyurtmachi tomonidan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan oyma-oy qoplab beriladi.
Bunda Jamgʻarma tomonidan kafolatlangan paketga kiritilgan stomatologik xizmatlar uchun toʻlovlar tibbiyot muassasasida qoldiriladigan ajratma miqdori chegirib tashlangan holda amalga oshiriladi.
24. Tibbiyot muassasasi tibbiy xizmatlar xaridi boʻyicha tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq aholiga koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar, shu jumladan autsorser tomonidan koʻrsatilgan stomatologik xizmatlar toʻgʻrisida maʼlumotlarni har oyning dastlabki ikki ish kunida Jamgʻarmaga kiritadi.
25. Autsorserga oʻtkaziladigan toʻlov miqdori elektron axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar asosida hisob-kitob qilinadi.
6-bob. Autsorser hamda buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari
26. Autsorser quyidagi huquqlarga ega:
autsorsing shartnomasi doirasida bino va inshootlarning ichki va tashqi qismida texnik jihatdan jihozlash va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
xizmatlar tannarxining oʻzgarishi munosabati bilan shartnomaga oʻzgartirish kiritish taklifi bilan chiqish;
koʻrsatilgan xizmatlar natijasida foyda olish;
buyurtmachidan shartnoma shartlarining bajarilishini, shu jumladan, toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini talab qilish.
Autsorser qonunchilik hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 13-bandi.
27. Autsorser:
tibbiyot muassasasining autsorsingga olingan stomatolog xonasi va jihozlaridan maqsadli hamda oqilona foydalanishi, saqlashi, nosoz holga kelganda ularni oʻz hisobidan taʼmirlashi;
autsorsing xizmatini koʻrsatishda texnika va yongʻin xavfsizligi, mehnat muhofazasi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya etishi;
tegishli litsenziya va boshqa ruxsatnomaga muvofiq aholiga tibbiy xizmatlar sifatli koʻrsatilishi;
shartnomani bekor qilish haqida buyurtmachini ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirish, ushbu muddat tugaguniga qadar esa buyurtmachining tegishli xizmatlarni uzluksiz tashkil etishni taʼminlashi lozim.
Autsorser zimmasiga qonunchilik hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 14-bandi.
28. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
xizmatlar sifatli koʻrsatilishini talab qilish;
autsorserning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmagan holda shartnoma shartlarining bajarilishini nazorat qilish.
Buyurtmachi qonunchilik hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandi.
29. Buyurtmachi zimmasiga qonunchilik hujjatlari va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-yanvardagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 16-bandi.
7-bob. Autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan nazorat va monitoring yuritish tartibi
30. Autsorser tomonidan sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etilishining monitoringini yuritish buyurtmachining tegishli xodimlari zimmasiga yuklanadi.
31. Autsorsing xizmatlari sifati buyurtmachi hamda Jamgʻarma tomonidan shartnomada belgilangan shartlarda va muddatlarda nazorat qilinadi.
32. Autsorser tomonidan tashkil etilgan xizmatlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, shuningdek, texnik tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlar talablariga toʻliq muvofiqligi buyurtmachi, vakolatli organlar tomonidan hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli boʻlinmalari tomonidan nazorat qilinadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
33. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarning buzilishi hamda kafolatlangan paketga kiritilgan stomatologik xizmatlar uchun autsorser tomonidan aholidan qoʻshimcha toʻlov olinishi buyurtmachi va autsorser oʻrtasida tuzilgan shartnomaning belgilangan tartibda bekor qilinishiga asos boʻladi.
34. Autsorsing xizmatini koʻrsatish jarayonida shaxsga doir va shifokor siri hisoblangan maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga tarqatmaslik boʻyicha javobgarlik buyurtmachi va autsorser zimmasiga yuklanadi.
35. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1758 va 2415-moddalari, Fuqarolik kodeksining 706-moddasi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2025-y., 09/25/384/0543-son; 05.11.2025-y., 07/25/331/1014-son; 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son; 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son; 03.07.2026-y., 09/26/353/0680-son)