Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
“Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba va oʻquvchi yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun ssuda ajratish tartibini joriy etish toʻgʻrisida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari talaba va oʻquvchi yoshlarining taʼtil davrida xorijiy davlatlarda ishlash va sayohat qilish imkonini beruvchi “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlash hamda ularning taʼlimdan boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2025-yil 15-maydan boshlab talaba yoshlarga hamda 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab texnikumlarning oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlarida taʼlim olayotgan oʻquvchilarga “Work and travel” xalqaro dasturlari doirasida xorijiy davlatlarda (Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya) ishlash va sayohat qilish uchun ushbu davlatlarga borish va kelish hamda boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida ssuda (keyingi oʻrinlarda — ssuda) ajratish tartibi joriy etilsin. Bunda:
Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan har yili 2 000 nafargacha talaba va oʻquvchi yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida ssuda ajratiladi;
ssuda ajratish haqidagi arizalar Davlat xizmatlari markazi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali qabul qilinadi;
talaba va oʻquvchi yoshlar ajratilgan ssudani ishlash va sayohat qilish huquqini tasdiqlovchi vizada qayd etilgan xorijiy davlatda boʻlishning soʻnggi sanasidan boshlab bir oy muddatda Yoshlar ishlari agentligiga toʻliq qaytarish majburiyatini oladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
2. “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Yoshlar ishlari agentligi 2025-yil 15-mayga qadar:
a) Adliya vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda:
ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlari YIDXP orqali koʻrsatilishini taʼminlasin;
YIDXPda ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlar koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin;
b) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda oʻz mablagʻi hisobidan “Yoshlar xizmatlari reyestri” axborot tizimida ssuda ajratish haqida ariza beruvchilarning elektron reyestrini yuritish modulini yaratish hamda ushbu davlat xizmatini YIDXP bilan oʻzaro integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
4. Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil 15-mayga qadar quyidagi maʼlumotlar YIDXP bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin:
a) Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jismoniy shaxslarning doimiy yashash manzili maʼlumotlari hamda jismoniy shaxslarning pasport maʼlumotlari (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, pasport seriyasi va raqami, jinsi va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami);
b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda:
“Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish (HEMIS)” axborot tizimidagi talaba taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkiloti nomi;
oliy taʼlim tashkilotining manzili, uning kodi va egalik turi (davlat, xususiy);
taʼlim yoʻnalishi (yoʻnalish kodi va nomi);
bosqichi (kurs);
taʼlim shakli (kunduzgi, sirtqi va kechki);
talabaning status maʼlumoti (oʻqiyotganligi yoki boshqa) hamda baholari;
Oldingi tahrirga qarang.
v) Taʼlim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar:
“Kasbiy taʼlim jarayonlarini boshqarish — EMIS PT” axborot tizimidagi oʻquvchi taʼlim olayotgan texnikum nomi;
texnikumning manzili, uning kodi va egalik turi;
kasb va mutaxassislik yoʻnalishi (yoʻnalish kodi va nomi);
bosqichi (kurs);
taʼlim shakli (kunduzgi, dual va kechki);
oʻquvchining status maʼlumoti (oʻqiyotganligi yoki boshqa) hamda baholari.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qaroriga asosan “v” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
5. Belgilansinki, ssuda Yoshlar ishlari agentligiga respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Migratsiya agentligi:
2027-yil 1-yanvardan boshlab “Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi ish beruvchilar roʻyxatini shakllantirsin hamda “xorijdaish”.uz platformasiga joylashtirib borsin;
har yili 1-martga qadar “Work and travel” xalqaro dasturlari doirasida xorijiy davlatlarda ishlash va sayohat qilish uchun xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash choralarini koʻrsin;
doimiy ravishda oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari talaba va oʻquvchilari uchun “Work and travel” xalqaro dasturlari doirasida xorijiy davlatlarda ishlash va sayohat qilish uchun viza hujjatlarini rasmiylashtirishda koʻmaklashsin.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
6. Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-fevralga qadar ushbu qarorga muvofiq joriy etilgan ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq jarayonlarni puxta tahlil qilgan holda, uni takomillashtirish yuzasidan asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-may,
290-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 290-son qaroriga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
“Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba va oʻquvchi yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
(ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Reglament Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Work and travel” xalqaro dasturlarida (keyingi oʻrinlarda — “Work and travel” dasturi) ishtirok etuvchi talaba va oʻquvchi yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun foizsiz ssuda (keyingi oʻrinlarda — ssuda) ajratish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
ariza beruvchi (ssuda oluvchi) — 16 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan, Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy va kasbiy taʼlim tashkilotining kunduzgi, kechki (smenali) yoki dual taʼlim shakli boʻyicha tahsil olayotgan (bitiruvchi kurs talaba va oʻquvchilari bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan, “Work and travel” dasturi doirasida ishlash va sayohat qilish uchun xorijiy davlatga borish va kelish bilan bogʻliq xarajat uchun ssuda ajratishni soʻrab belgilangan tartibda murojaat qilgan jismoniy shaxs;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi;
viza — ariza beruvchi “Work and travel” dasturi doirasida ishlash va sayohat qilish istagida boʻlgan xorijiy davlatning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasidan olingan, maʼlum muddat davomida oʻsha davlatda ishlash va sayohat qilish uchun berilgan hujjat;
ssuda — “Work and travel” dasturi doirasida xorijiy davlatga borish
va kelish uchun aviachipta xarid qilish va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida ariza beruvchi tomonidan qaytarish sharti bilan ajratiladigan qarz;
qarz shartnomasi — ssuda oluvchi va ssuda beruvchining huquq
va majburiyatlari, ssuda miqdori, ssuda muddati, uni qaytarish shartlari, kafillik shartlari (agar kafil ishtirok etsa), nizolarni hal qilish tartibi va boshqa shartlarni belgilovchi huquqiy hujjat.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Ssuda har yili arizalar topshirish ketma-ketligi boʻyicha mazkur Reglament talablariga toʻliq mos kelgan 2 000 nafargacha talaba va oʻquvchi yoshlarga ajratiladi.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
Bir kalendar yil davomida 2 000 nafar ariza beruvchiga ssuda ajratish maʼqullangandan soʻng ssuda ajratish uchun ariza qabul qilish toʻxtatiladi.
Ssuda ajratilgunga qadar, biroq ketma-ketligi boʻyicha ssuda ajratilgan ariza beruvchilardan keyin ariza topshirgan shaxslar keyingi yil uchun roʻyxatga qoʻyilmaydi hamda ssuda olish uchun kelgusi yilda qaytadan murojaat qiladi.
Ssuda ajratish maʼqullangan murojaatlar hamda ajratilgan ssudalar soni haqidagi maʼlumotlar vakolatli organning rasmiy veb-saytida doimiy ravishda eʼlon qilib boriladi.
4. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish doirasida axborot almashinuvi Elektron hukumatning idoralararo maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali amalga oshiriladi.
5. Ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun vakolatli organ tomonidan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda malakali mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4008-son qarori.
Bunda ushbu mutaxassislar tomonidan arizalarning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va asossiz rad etilmasligi vakolatli organ tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.
2-bob. Ssuda ajratish haqidagi arizani koʻrib chiqish tartibi
6. Ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmati mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
7. Ariza beruvchi ssuda olish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi va ommaviy oferta shartlarini qabul qiladi.
8. Ariza beruvchi mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi. Bunda:
a) ariza beruvchining murojaatiga oid quyidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda aniqlanadi:
shaxsiga doir maʼlumotlar — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamentining elektron axborot tizimi orqali;
Oldingi tahrirga qarang.
yashash manzili — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining manzil-maʼlumot elektron axborot tizimi orqali;
(8-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-maydagi 224-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2026-y., 09/26/224/0457-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ariza beruvchining oliy yoki kasbiy taʼlim tashkilotining talabasi yoxud oʻquvchisi ekanligi — Taʼlim va ilm-fan vazirligining “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish (HEMIS)” hamda Kasbiy taʼlim agentligining “Kasbiy taʼlim jarayonlarini boshqarish — EMIS PT” axborot tizimi orqali. Agar oliy yoki kasbiy taʼlim tashkilotlarining maʼlumotlari ushbu axborot tizimlarida mavjud boʻlmasa, ariza beruvchi oliy yoki kasbiy taʼlim tashkilotida kunduzgi, kechki (smenali) va dual taʼlim shakli boʻyicha taʼlim olayotgani toʻgʻrisida ssuda ajratish haqidagi murojaat qilingan kundan 10 kalendar kundan oshmagan sanada berilgan maʼlumotnomani elektron shaklda (pdf formatda) ilova qiladi;
(8-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktabrdagi 604-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)
agar ariza beruvchiga kafil boʻluvchi jismoniy shaxs kafil boʻlayotgan boʻlsa, taqdim etilgan uning maʼlumotlari soʻnggi 12 oylik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali;
b) ariza beruvchi quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
“Work and travel” dasturi mavjud boʻlgan xorijiy davlatdagi ish beruvchi bilan ariza beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi (pdf formatda);
Oldingi tahrirga qarang.
ariza beruvchi tomonidan ssuda qaytarilmagan hollarda, ushbu mablagʻlarni qaytarish majburiyatini oʻz zimmasiga oluvchi kafil jismoniy shaxsning qarz shartnomasi boʻyicha kafil boʻlishga rozilik arizasi (pdf formatda) — agar mavjud boʻlsa;
(8-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
viza (pdf formatda).
Oldingi tahrirga qarang.
Kafil jismoniy shaxsning YIDXP orqali olingan soʻnggi 12 oylik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumot “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mustaqil ravishda olinadi. Mazkur maʼlumot “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali aniqlanmagan hollarda ilova qilinadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son)
Agar kafil boʻluvchi shaxsning maʼlumotlari taqdim etilmagan boʻlsa, ariza beruvchi ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tashkiloti tomonidan beriladigan sugʻurta polisini taqdim etishi haqida YIDXP orqali maʼlumot kiritadi.
Ariza beruvchidan ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumot va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning xaqqoniyligiga ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
9. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning murojaati koʻrilmasdan qoldiriladi.
10. Mazkur Reglamentda nazarda tutilgan davlat xizmati bepul koʻrsatiladi.
11. Ushbu Reglamentga muvofiq ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishda quyidagilar ishtirok etadi:
a) davlat xizmatlari markazi ariza beruvchi kelib murojaat etganda, uning nomidan murojaatni vakolatli organga yuboradi;
b) vakolatli organ taqdim etilgan hujjatlarning kelib tushish ketma-ketligi boʻyicha uch ish kuni ichida ariza beruvchining maʼlumotlari va taqdim etgan hujjatlari ushbu Reglamentning 8-bandi “a” va “b” kichik bandlariga muvofiqligini oʻrganadi va natijasi boʻyicha YIDXPga maʼlumot kiritadi. Bunda:
taqdim etilgan hujjatlar ushbu Reglamentning 8-bandi “a” va “b” kichik bandlari talablariga mos kelmagan taqdirda, ssuda ajratish rad etiladi va vakolatli organ tomonidan tegishli kamchiliklar koʻrsatilgan holda ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga maʼlumot kiritiladi hamda ariza beruvchiga bu haqida SMS-xabarnoma yuboriladi;
taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga mos kelgan taqdirda, tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi vakili, ariza beruvchi va kafil (agar sugʻurta polisi taqdim etilmagan boʻlsa) tomonidan imzolangan, notarial tartibda tasdiqlangan qarz shartnomasi va kafillik shartnomasini besh ish kuni ichida YIDXP orqali vakolatli organga elektron shaklda (pdf formatda) yuborish haqida ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga maʼlumot kiritiladi va ariza beruvchiga bu haqida SMS-xabarnoma yuboriladi. Mazkur qarz shartnomasini tuzish bilan bogʻliq barcha xarajatlar (davlat boji va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa toʻlovlar) ariza beruvchi tomonidan toʻlanadi;
v) tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi vakili ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan, uning xorijga chiqish biometrik pasportining asl nusxasidagi viza maʼlumotlarini ariza beruvchi ssuda ajratish haqida ariza yuborishda ilova qilgan viza maʼlumotlari bilan solishtirish orqali oʻrganadi hamda ariza beruvchining viza maʼlumotlari haqqoniy boʻlgan taqdirda, shuningdek, agar ariza beruvchi kafil boʻluvchi shaxsning maʼlumotlarini taqdim etmagan holatda ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tashkiloti tomonidan beriladigan sugʻurta polisini taqdim etgan taqdirda, qarz shartnomasini imzolaydi;
agar ariza beruvchining viza maʼlumotlari haqqoniy boʻlmagan taqdirda yoki agar ariza beruvchi kafil boʻluvchi shaxsning maʼlumotlarini taqdim etmagan holatda ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tashkiloti tomonidan beriladigan sugʻurta polisini taqdim etmagan taqdirda, Yoshlar ishlari boshqarmasi vakili bu haqida dalolatnoma rasmiylashtirib, bir ish kunida vakolatli organning masʼul xodimini xabardor qiladi;
g) ariza beruvchi tasdiqlangan qarz shartnomasini YIDXP orqali elektron shaklda (pdf formatda) yuborgandan soʻng vakolatli organ tomonidan ssuda ajratilishi haqida elektron shakldagi QR-kodli maʼlumotnoma ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga kiritiladi va ariza beruvchiga bu haqida SMS-xabarnoma yuboriladi;
ariza beruvchining viza maʼlumotlari haqqoniy boʻlmagan taqdirda, shuningdek, ariza beruvchi tasdiqlangan qarz shartnomasini ushbu bandning “b” kichik bandida belgilangan muddatda yubormasa, ssuda ajratish rad etiladi hamda vakolatli organ tomonidan tegishli kamchiliklar koʻrsatilgan holda ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga maʼlumot kiritiladi va bu haqida ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboriladi.
3-bob. Ssuda ajratish va uni qaytarish tartibi
12. Ariza beruvchiga QR-kodli maʼlumotnoma yuborilgandan soʻng vakolatli organ uch ish kuni ichida ssudani tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi hisobvaragʻiga, Yoshlar ishlari boshqarmasi esa uch ish kuni ichida qarz shartnomasida rekvizitlari koʻrsatilgan ariza beruvchining bank kartasiga oʻtkazadi.
13. Ariza beruvchi xorijiy davlatning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga berilgan vizada qayd etilgan xorijiy davlatda boʻlishning soʻnggi sanasidan boshlab bir oy ichida, agar ariza beruvchi ajratilgan ssuda hisobidan xorijiy davlatga bormagan boʻlsa, unga vakolatli organ tomonidan ssudani qaytarish haqida talabnoma yuborilgan sanadan boshlab oʻn besh kun ichida ajratilgan ssudani qarz shartnomasida koʻrsatilgan vakolatli organning tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga toʻliq qaytarishi shart.
Ushbu mablagʻlar yuqorida belgilangan muddatda qaytarilmagan hollarda tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi ariza beruvchiga va agar qarz shartnomasi kafil tomonidan imzolangan boʻlsa, unga ssudani oʻn besh kalendar kundan koʻp boʻlmagan muddatda qaytarish haqida notarius orqali yozma bildirishnoma yuboradi.
14. Ariza beruvchi yoki kafil jismoniy shaxs tomonidan yozma bildirishnoma talablari bajarilmaganda, tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi ikki ish kuni ichida muddati oʻtgan qarzdorlik boʻyicha ijro xati yozib berishni soʻrab notariusga murojaat qiladi hamda ijro xatini yozib berganlik uchun Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan davlat bojini toʻlaydi.
15. Notarius tomonidan bir ish kuni ichida yozib berilgan ijro xati ijro harakatlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (keyingi oʻrinlarda — Majburiy ijro byurosi) hududiy boʻlinmasiga taqdim etiladi.
16. Majburiy ijro byurosining hududiy boʻlinmasi belgilangan tartibda muddati oʻtgan qarzdorlikni undirish choralarini koʻradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
17. Majburiy ijro byurosi tomonidan undiruvni amalga oshirish imkoni boʻlmaganda, agar ariza beruvchi tomonidan sugʻurta polisi taqdim etilgan boʻlsa, qarzdorlik ushbu sugʻurta polisiga asosan sugʻurta tashkiloti tomonidan toʻlab beriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Ariza beruvchi vakolatli organning ssuda ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomasidan norozi boʻlgan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
19. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2155-moddasi.
“Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
“Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun ssuda ajratish
SXEMASI

Bosqichlar

 

Subyektlar

 

Tadbirlar

 

Bajarish muddati

 

 

 

 

 

 

 

1-bosqich

 

Ariza beruvchi

 

Ssuda ajratish boʻyicha tuman (shahar) davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali murojaat qiladi.

 

Vizada koʻrsatilgan xorijiy davlatda boʻlish sanasi boshlanishiga kamida 20 kalendar kun qolganda

 

 

 

 

 

 

 

2-bosqich

 

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

 

Murojaatni va unga ilova qilingan hujjatlarni Yoshlar ishlari agentligiga yuboradi.

 

1. 10 daqiqa ichida

2. Avtomatik tarzda

 

 

 

 

 

 

 

3-bosqich

 

Yoshlar ishlari agentligi

 

1. Taqdim etilgan hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrganadi hamda muvofiqligi aniqlanganda, ariza beruvchiga tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi vakili, ariza beruvchi va kafil tomonidan imzolangan, notarial tartibda tasdiqlangan qarz shartnomasini 5 ish kuni ichida YIDXP orqali elektron shaklda (pdf formatda) yuborish haqida ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga maʼlumot kiritadi hamda ariza beruvchiga bu haqida SMS-xabarnoma yuboradi.

2. Taqdim etilgan hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq boʻlmaganda, ssuda ajratishni rad etadi, ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga maʼlumot kiritadi va ariza beruvchiga bu haqida SMS-xabarnoma yuboradi.

 

3 ish kuni ichida

 

 

 

 

 

 

 

4-bosqich

 

Tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi

 

1. Yoshlar ishlari boshqarmasi vakili ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan uning xorijga chiqish biometrik pasportining asl nusxasidagi viza maʼlumotlarini ariza beruvchi ssuda ajratish haqida ariza yuborishda ilova qilgan viza maʼlumotlari bilan solishtirish orqali oʻrganadi. Ushbu maʼlumotlar toʻgʻri boʻlgan taqdirda, shuningdek, agar ariza beruvchi kafil boʻluvchi shaxsning maʼlumotlarini taqdim etmagan holatda ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tashkiloti tomonidan beriladigan sugʻurta polisini taqdim etgan taqdirda, qarz shartnomasini imzolaydi.

2. Ariza beruvchining viza maʼlumotlari haqqoniy boʻlmagan taqdirda yoki agar ariza beruvchi kafil boʻluvchi shaxsning maʼlumotlarini taqdim etmagan holatda ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tashkiloti tomonidan beriladigan sugʻurta polisini taqdim etmaganda, Yoshlar ishlari boshqarmasi vakili bu haqida dalolatnoma rasmiylashtirib, 1 ish kuni ichida Yoshlar ishlari agentligi masʼul xodimini xabardor qiladi.

 

5 ish kuni ichida

 

 

 

 

 

 

 

5-bosqich

 

Ariza beruvchi

 

Tasdiqlangan qarz shartnomasini YIDXP orqali elektron shaklda (pdf formatda) Yoshlar ishlari agentligiga yuboradi.

 

5 ish kuni ichida

 

 

 

 

 

 

 

6-bosqich

 

Yoshlar ishlari agentligi

 

1. Ariza beruvchining viza maʼlumotlari haqqoniy boʻlmaganda, agar ariza beruvchi kafil boʻluvchi shaxsning maʼlumotlarini taqdim etmagan holatda ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tashkiloti tomonidan beriladigan sugʻurta polisini taqdim etmaganda, shuningdek, ariza beruvchi tasdiqlangan qarz shartnomasini 5 ish kuni ichida YIDXP orqali elektron shaklda (pdf formatda) yubormaganda ssuda ajratishni rad etadi, bu haqida ariza beruvchining YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga maʼlumot yuboradi va ariza beruvchiga SMS-xabarnoma yuboradi.

2. Ariza beruvchi tasdiqlangan qarz shartnomasini 5 ish kun ichida YIDXP orqali elektron shaklda (pdf formatda) yuborganda, uning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga ssuda ajratilishi haqida elektron shakldagi QR-kodli maʼlumotnoma yuboradi va ariza beruvchiga bu haqida SMS-xabarnoma yuboradi.

 

1 ish kuni ichida

“Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun ssuda ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA
“Work and travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talaba yoshlarning ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borishi va kelishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun ssuda ajratish boʻyicha
SOʻROVNOMA

Ariza t/r

Qabul qilish sanasi

Qabul qilgan shaxs

—

—

—

I. Ariza beruvchi (ssuda oluvchi) jismoniy shaxs haqida maʼlumot:

1.1. F.I.O.:

(avtomatik aniqlanadi)

1.2. Tugʻilgan sanasi:

(avtomatik aniqlanadi)

1.3. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):

(maʼlumot kiritiladi)

1.4. Telefon raqami:

(maʼlumot kiritiladi)

1.5. Yashash joyi:

(avtomatik aniqlanadi)

1.6. Oliy taʼlim tashkiloti talabasi ekanligi toʻgʻrisida maʼlumot

(avtomatik aniqlanadi)

1.7. “Work and travel” dasturi mavjud boʻlgan xorijiy davlatdagi ish beruvchi bilan ariza beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi

(pdf formatda kiritiladi)

1.8. Ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tashkiloti tomonidan berilgan sugʻurta polisi (ariza beruvchiga kafil boʻluvchi jismoniy shaxs haqidagi maʼlumot kiritilmaganda, ushbu hujjat kiritiladi)

(pdf formatda kiritiladi)

1.9. “Work and travel” dasturi doirasida ariza beruvchi ishlash va sayohat qilish istagida boʻlgan xorijiy davlatning diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasidan olingan, maʼlum muddat davomida oʻsha davlatda ishlash va sayohat qilish uchun berilgan viza

(pdf formatda kiritiladi)

II. Ariza beruvchiga kafil boʻluvchi jismoniy shaxs haqida maʼlumot:

(ssudani qaytarmaslik xavfini sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi taqdim etilsa, toʻldirilmaydi)

2.1. F.I.O.:

(avtomatik aniqlanadi)

2.2. Tugʻilgan sanasi:

(avtomatik aniqlanadi)

2.3. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):

(maʼlumot kiritiladi)

2.4. Telefon raqami:

(maʼlumot kiritiladi)

2.5. Yashash joyi:

(avtomatik aniqlanadi)

2.6. Soʻnggi 12 oylik ish haqi toʻgʻrisida maʼlumot

(avtomatik aniqlanadi)

2.7. Qarz shartnomasi boʻyicha kafil boʻlishga rozilik arizasi

(pdf formatda kiritiladi)

III. Taqdim etilgan I va II boʻlimlardagi hujjatlar mazkur Reglament talablariga muvofiq boʻlganda taqdim etiladi:

3.1. Tegishli hududdagi Yoshlar ishlari boshqarmasi vakili, ariza beruvchi va kafil (agar sugʻurta polisi taqdim etilmagan boʻlsa) tomonidan imzolangan, notarial tartibda tasdiqlangan qarz shartnomasi

(pdf formatda kiritiladi)

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 09/25/290/0407-son; 06.01.2026-y., 09/26/840/0012-son; 06.05.2026-y., 09/26/224/0457-son; 03.11.2026-y., 09/26/604/1093-son)