Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 9-avgust roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3546]
Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-son BHMS) “Asosiy vositalar” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin
3. Mazkur buyruq 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-iyun,
133-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 133-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (bundan buyon matnda BHMS deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi boʻlib hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mazkur BHMS budjet, banklar va nobank kredit tashkilotlaridan tashqari mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) mulk huquqi va operativ boshqarish huquqi asosida tegishli boʻlgan asosiy vositalar hisobini yuritish va ularni moliyaviy hisobotda aks ettirish tartibini belgilaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 3-dekabrdagi 306-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3546-1, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 10/25/3546-1/1129-son)
3. Mazkur BHMSda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
asosiy vositalar — tashkilotning uzoq muddat davomida (bir yildan ortiq) xoʻjalik faoliyatini yuritishda mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish jarayonida yoxud maʼmuriy va ijtimoiy-madaniy vazifalarni bajarish jarayonida foydalaniladigan, shuningdek ijaraga berish mumkin boʻlgan moddiy aktivlar;
amortizatsiyalanadigan qiymat — asosiy vositaning boshlangʻich yoki moliyaviy hisobotda oʻrnini bosuvchi boshqa qiymatdan tugatish qiymatining chegirilishi natijasida aniqlanadigan qiymat. Boshlangʻich qiymati qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash ishlari va boshqalar boʻyicha xarajatlar summasiga oshirilgan asosiy vositalar uchun amortizatsiyalanadigan qiymat boʻlib, ushbu ishlar tugatilganidan soʻng tugatish qiymatini chiqarib tashlagan holda mazkur asosiy vositalar foydalanishga kiritilgan paytda aniqlangan ularning qoldiq (balans) qiymati hisoblanadi;
amortizatsiya — asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymatini foydali xizmat muddati davomida tizimli taqsimlashdir;
qoldiq (balans) qiymati — jamlangan amortizatsiya va qadrsizlanishdan koʻrilgan zararlar chegirib tashlangandan soʻng asosiy vositaning tan olinadigan summasi;
boshlangʻich qiymati — asosiy vositalarni yaratish (qurish va qurib bitkazish) yoki xarid qilish boʻyicha qilingan xarajatlarning qiymati, shu jumladan toʻlangan va qoplanmaydigan soliqlar (yigʻimlar), shuningdek aktivni undan maqsadga muvofiq foydalanish uchun ishchi holatiga keltirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan yetkazib berish va montaj qilish, oʻrnatish, ishga tushirish uchun qilingan boshqa xarajatlar;
tugatish qiymati — asosiy vositalarning chiqib ketishi boʻyicha kutilayotgan xarajatlarni chegirgan holda kutilayotgan foydali xizmat muddati oxirida asosiy vositalarni tugatish chogʻida olinadigan aktivlarning kutilayotgan summasi.
foydali xizmat muddati — asosiy vositalarning tashkilot tomonidan foydalanadigan vaqt davri yoki ushbu aktivdan foydalanishdan olinishi kutilayotgan mahsulot (ishlar va xizmatlar) miqdori. Qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash boʻyicha ishlar tugatilganidan soʻng foydalanishga kiritilgan asosiy vositalar uchun foydali xizmat muddati boʻlib ushbu ishlar tugatilganidan soʻng mazkur asosiy vositalar foydalanishga kiritilgan paytdan boshlab tashkilot tomonidan asosiy vositalardan foydalaniladigan vaqt davri yoki tashkilot ushbu asosiy vositalardan foydalanishdan olishni kutilayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) miqdori hisoblanadi;
haqqoniy qiymat — baholash sanasida bozor ishtirokchilari oʻrtasidagi odatdagi operatsiyada aktivni sotishdan olinishi yoki majburiyatni oʻtkazish uchun toʻlanishi mumkin boʻlgan narx.
4. Tashkilot rahbari hisob siyosatida aktivlarni asosiy vositalar tarkibida hisobga olish uchun mezonlarni, shuningdek asosiy vositalarni guruhlar boʻyicha tasniflanishini belgilash huquqiga ega.
5. Buxgalteriya hisobida asosiy vositalar bir xil belgilarga, shu jumladan ularning asosiy xususiyatlariga va tashkilot faoliyatida foydalanish xarakteriga koʻra guruhlar boʻyicha tasniflanishi mumkin.
Asosiy vositalar quyidagi alohida guruhlarga tasniflanishi mumkin:
yer;
yerni obodonlashtirish;
moliyaviy ijara shartnomasi boʻyicha olingan asosiy vositalarni obodonlashtirish;
binolar, inshootlar va uzatuvchi moslamalar;
mashina va asbob-uskunalar;
mebel va ofis jihozlari;
kompyuter jihozlari va hisoblash texnikasi;
transport vositalari;
ishchi va mahsuldor hayvonlar;
koʻp yillik va hosildor oʻsimliklar;
boshqa asosiy vositalar;
konservatsiya qilingan asosiy vositalar.
6. Asosiy vositalarning buxgalteriya hisobi birligi boʻlib inventar obyekti hisoblanadi. Asosiy vositalarning inventar obyekti sifatida barcha qurilmalari va jihozlariga ega boʻlgan obyekt yoki muayyan mustaqil vazifalarni bajarish uchun moʻljallangan alohida konstruktiv asosdagi buyum yoxud butun bir yaxlitlikni ifodalovchi va muayyan ishlarni bajarish uchun moʻljallangan konstruktiv jamlangan buyumlarning alohida majmui tan olinadi.
Konstruktiv jamlangan buyumlarning majmui — umumiy moslamalarga va jihozlarga, umumiy boshqaruvga ega, bir poydevorda qurilgan, natijada majmuaga kiruvchi har bir buyum oʻz vazifasini mustaqil ravishda emas, balki faqatgina majmua tarkibida bajara oladigan bir yoki turli maqsadlarga moʻljallangan bitta yoki bir nechta buyumlardir.
Bitta asosiy vositada turlicha foydali foydalanish muddatiga ega bir nechta mustaqil obyektlar mavjud boʻlganda, har bir bunday obyekt buxgalteriya hisobida alohida mustaqil inventar obyekt sifatida tan olinadi.
Ikki yoki undan ortiq tashkilot mulki boʻlgan asosiy vositalar har bir tashkilot tomonidan asosiy vositalar tarkibida uning umumiy mulkdagi ulushiga mutanosib tarzda aks ettiriladi.
7. Asosiy vositalar tarkibida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkilot mulkiga topshirilgan yer uchastkalari ham hisobga olinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 4-bobi.
8. Asosiy vositalar aktiv sifatida tan olinadi, agar:
tashkilotga mazkur aktiv bilan bogʻliq kelgusi iqtisodiy naflar kelishi ehtimoli mavjud boʻlsa;
aktivning boshlangʻich qiymatini aniq baholash mumkin boʻlsa.
2-bob. Asosiy vositalarning kelib tushishi
Oldingi tahrirga qarang.
9. Mulk huquqi va operativ boshqarish huquqi asosida tashkilotga tegishli boʻlgan asosiy vositalarning qiymati tashkilot balansiga kiritilishi lozim.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 3-dekabrdagi 306-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3546-1, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 10/25/3546-1/1129-son)
10. Asosiy vositalar qiymati tashkilot balansiga:
kapital qoʻyilmalar tugaganidan soʻng qurilgan obyektni qabul qilish-topshirish;
obyektni oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha xarid qilish;
taʼsischilarning ustav kapitaliga ulushlari;
tekinga kelib tushish (hadya shartnomasi boʻyicha);
ayirboshlash;
tovar-moddiy zaxiralar tarkibidan oʻtkazish;
moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi boʻyicha olish;
qiymati aniqlab boʻlingan asosiy vositalarga kapital qoʻyilmalar;
ortiqcha (hisobga olinmagan) asosiy vositalarni aniqlash;
tashkilotning taʼsischilari tarkibidan chiqayotganda yoki tugatilayotgan tashkilotning mulki taʼsischilar oʻrtasida taqsimlanayotganda asosiy vositalarni olish;
Oldingi tahrirga qarang.
asosiy vositalarga mulk huquqi, operativ boshqarish huquqini qoʻlga kiritishga olib keladigan boshqa operatsiyalar yoki hodisalar natijasida kiritiladi.
(10-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 3-dekabrdagi 306-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3546-1, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 10/25/3546-1/1129-son)
3-bob. Asosiy vositalarni baholash
11. Asosiy vositalar aktiv sifatida tan olinganda, ular boshlangʻich qiymat boʻyicha baholanadi va hisobga olinadi.
12. Aktiv sifatida tan olinganidan soʻng, asosiy vosita boshlangʻich yoki qayta baholangan qiymati boʻyicha hisobga olinishi lozim. Asosiy vositalarni qiymatini hisobga olishning qoʻllaniladigan usuli tashkilotning hisob siyosatida aks ettirilishi lozim.
4-bob. Asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati
13. Asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati xarid qilish qiymati (yetkazib beruvchiga toʻlangan summa) hamda asosiy vositalarni xarid qilish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻz ichiga oladi.
Asosiy vositalarni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarga quyidagilar kiradi:
roʻyxatga olish yigʻimlari, davlat bojlari va asosiy vositalarga boʻlgan huquqni xarid qilish (olish) boʻyicha amalga oshirilgan boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar;
bojxona bojlari va yigʻimlari;
asosiy vositalarni xarid qilish (yaratish) munosabati bilan soliqlar va yigʻimlar summalari (agar ular qoplanmasa);
asosiy vositalarni xarid qilish (yaratish) bilan bogʻliq axborot va maslahat xizmatlari uchun toʻlanadigan summalar;
asosiy vositalarni yetkazib berish (yaratish) xatarini sugʻurtalash boʻyicha xarajatlar;
asosiy vositalar vositachilar orqali olinganda, ularga toʻlanadigan mukofotlar;
asosiy vositalarni oʻrnatish, montaj qilish, sozlash va ishga tushirish xarajatlari;
aktivdan maqsadga muvofiq foydalanish uchun uni ishchi holatga keltirish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlar.
Kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni toʻlashga doir xarajatlar qarz mablagʻlari hisobidan toʻliq yoki qisman sotib olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymatiga kiritilmaydi.
Bunda, qurilish davrida qurilish uchun olingan kreditlar boʻyicha hisoblangan foizlar yaratilgan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymatiga kiritiladi.
Xarid qilingan asosiy vositalar haqini toʻlash bilan bogʻliq bank xizmatlari, shu jumladan akkreditiv ochish, xorijiy valyutani oʻtkazganligi va konvertatsiya qilganligi uchun bankka vositachilik haqi toʻlash boʻyicha xarajatlar, shuningdek shartnomani tayyorlash va roʻyxatga olish xarajatlari asosiy vositalarning boshlangʻich qiymatiga kiritilmaydi, balki ular yuzaga kelgan hisobot davrida xarajatlar sifatida tan olinadi.
Agar shartnoma shartlarida xarid qilingan asosiy vositalar haqini kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, unda mazkur asosiy vositalar buxgalteriya hisobiga kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlashni hisobga olmagan holdagi sotib olish qiymati boʻyicha qabul qilinadi. Bunda sotib olish qiymati va toʻlovning umumiy summasi oʻrtasida yuzaga keladigan farq kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash davri davomida joriy toʻlovning kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash boʻyicha toʻlovlarning umumiy summasidagi salmogʻidan kelib chiqib moliyaviy xarajatlarga (foizlar boʻyicha xarajatlarga) olib boriladi.
14. Tashkilotning oʻzida tayyorlangan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati deb mazkur asosiy vositalarni yaratish (qurish, qurib bitkazish) boʻyicha amalga oshirilgan xarajatlar summasi tan olinadi.
Bunda, meʼyordan ortiq sarflangan material, mehnat haqi xarajatlari va boshqa resurslar aktivning boshlangʻich qiymatiga qoʻshilmaydi.
15. Aktivdan maqsadga muvofiq foydalanish uchun uning tegishli ishini tekshirish jarayonida olingan mahsulot realizatsiya qilishning sof qiymati boʻyicha kirim qilinadi va asosiy vositalarning boshlangʻich qiymatini shakllantirishda kapital qoʻyilmalar summasidan ayriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Chet el valyutasida xarid qilingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati, ularning xarid qilinganligini tasdiqlovchi boshlangʻich hisob hujjatlarida (tovarning kuzatuv hujjatlari yoki bojxona yuk deklaratsiyasida) koʻrsatilgan qiymatidan kelib chiqib, ularni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha qayta hisoblab, shuningdek asosiy vositalarni xarid qilish bilan bogʻliq tegishli xarajatlarni hisobga olgan holda, aniqlanadi, bundan toʻlangan boʻnak summasi mustasno.
Bunda, asosiy vositalar toʻliq yoki qisman oldindan chet el valyutasida toʻlangan boʻnak hisobiga xarid qilinganda, ularning qiymatining ushbu boʻnak miqdoriga teng summasi boʻnak toʻlangan sanadagi Markaziy bank kursida tan olinadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 30-yanvardagi 228-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3607, 11.02.2025-y.) tahririda — (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2025-y., 10/25/3607/0125-son)
17. Tashkilot ustav kapitaliga ulush hisobidan olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati deb, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, tashkilot taʼsischilari (ishtirokchilari) tomonidan kelishilgan ularning puldagi bahosi tan olinadi.
18. Tashkilot taʼsischilari tarkibidan chiqqanda yoki tugatilayotgan tashkilotning mulki taʼsischilar oʻrtasida taqsimlanganda kelib tushgan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati boʻlib asosiy vositalarning qabul qilingan qabul qilish-topshirish hujjatlarida, shuningdek ularni xarid qilish bilan bogʻliq tegishli xarajatlarni hisobga olgan holda koʻrsatilgan qiymat tan olinadi.
19. Tashkilot tomonidan tekinga (hadya shartnomasi boʻyicha) olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati deb ularni xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni hisobga olgan holda buxgalteriya hisobiga qabul qilingan sanadagi ularning haqqoniy qiymati tan olinadi.
Agar berilgan asosiy vositaning haqqoniy qiymatini ishonchli baholash mumkin boʻlmasa, uning boshlangʻich qiymati berilgan aktivning balans qiymati boʻyicha baholanadi.
20. Tovar-moddiy zaxiralar tarkibidan asosiy vositalarga oʻtkazilgan obyektlarning boshlangʻich qiymati Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (4-sonli BHMS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ga (roʻyxat raqami 3259, 2020-yil 30-iyun) muvofiq belgilanadigan ularning tannarxiga teng boʻladi.
21. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ayirboshlash yoʻli bilan olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati berilgan asosiy vositalarning qoldiq qiymatiga teng. Asosiy vositalar qoʻshimcha toʻlov bilan ayirboshlangan holatlarda almashtirish yoʻli bilan olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati berilgan asosiy vositalarning ayirboshlashda oʻtkazilgan (olingan) pul mablagʻlari yoki ularning ekvivalentlari summasiga oshirilgan (kamaytirilgan) qoldiq qiymatiga teng.
22. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda majburiyatlarni (toʻlovni) pul koʻrinishida boʻlmagan mablagʻlar bilan bajarish nazarda tutiladigan shartnomalar boʻyicha olingan asosiy vositalarning boshlangʻich qiymati deb tashkilot tomonidan berilgan yoki berilishi lozim boʻlgan aktiv qiymati tan olinadi. Tashkilot tomonidan berilgan yoki berilishi lozim boʻlgan mavjud aktiv qiymati tashkilot qiyosiy holatlarda shunga oʻxshash aktiv qiymatini aniqlaydigan narxdan kelib chiqib belgilanadi.
Tashkilot tomonidan berilgan yoki berilishi lozim boʻlgan aktiv qiymatini belgilashning imkoni boʻlmagan taqdirda, majburiyatlarni (toʻlovni) pul koʻrinishida boʻlmagan mablagʻlar bilan bajarish nazarda tutiladigan shartnomalar boʻyicha tashkilot olgan asosiy vositalarning qiymati qiyosiy holatlarda shunga oʻxshash asosiy vositalar sotib olinadigan qiymatdan kelib chiqib belgilanadi.
23. Majburiyatlari umumiy summada ifodalangan mustaqil obyektlarga ega asosiy vositalar boʻyicha boshlangʻich qiymat ushbu summani alohida obyektning haqqoniy qiymatiga proporsional ravishda taqsimlagan holda aniqlanadi.
5-bob. Asosiy vositalarga oʻtkaziladigan kapital qoʻyilmalar
24. Asosiy vositalarning buxgalteriya hisobiga qabul qilingan boshlangʻich qiymatini ushbu asosiy vositalar qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash, qisman tugatish holatlarida oʻzgartiriladi.
Qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlash, modernizatsiya qilish ishlariga asosiy vositalarning texnologik yoki xizmat maqsadining oʻzgarishi, yuklamaning oshishi va sifatni yanada yaxshilash tufayli yuzaga kelgan ishlar kiritiladi.
Rekonstruksiya qilish ishlariga ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, mahsulot (ishlar, xizmatlar) sifatini yaxshilash va nomenklaturasini oʻzgartirish maqsadlarida ishlab chiqarishni takomillashtirish va uning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini oshirish bilan bogʻliq boʻlgan hamda asosiy vositalarni rekonstruksiya qilish loyihasi boʻyicha amalga oshiriladigan mavjud asosiy vositalarni qayta qurish kiradi.
Texnik qayta jihozlashga ilgʻor texnika va texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, maʼnan va jismonan eskirgan uskunalarni modernizatsiya qilish va ularni yangi, unumdorligi yanada yuqori boʻlganlari bilan almashtirish asosida asosiy vositalar va ularning ayrim qismlarining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar kiradi.
25. Asosiy vositalarga oʻtkaziladigan kapital qoʻyilmalar asosiy vositalardan foydalanishdan kelgusidagi iqtisodiy naf oshganda ularning boshlangʻich qiymatini oshiradi. Kelgusidagi iqtisodiy nafni oshirmaydigan boshqa barcha xarajatlar ular amalga oshirilgan davrda xarajatlar sifatida tan olinishi lozim.
26. Asosiy vositalarni qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlashga xarajatlar, ular tugatilganidan soʻng, agar ular natijasida asosiy vositalar ishlatilishining dastlab qabul qilingan meʼyoriy koʻrsatkichlari (foydali xizmat muddati, quvvati, qoʻllash sifati va boshqalar) yaxshilansa (oshsa), bunday obyektning boshlangʻich qiymatini oshiradi.
27. Koʻp yillik koʻchatlarga, yerni tubdan yaxshilashga, ijaraga olingan asosiy vositalar obyektlariga kapital qoʻyilmalar har yili butun ishlar majmui yakunlangan sanadan qatʼiy nazar, hisobot yilida foydalanishga qabul qilingan asosiy vositalarga tegishli xarajatlar summasida asosiy vositalar tarkibiga kiritiladi.
6-bob. Asosiy vositalarning qayta baholash qiymati
28. Haqqoniy qiymati ishonchli tarzda baholanishi mumkin boʻlgan asosiy vosita aktiv sifatida tan olinganidan soʻng, keyingi jamgʻarilgan eskirish va qadrsizlanishdan jamgʻarilgan zararlarni chegirgan holda, qayta baholash sanasidagi haqqoniy qiymatni aks ettiradigan qayta baholangan qiymatda hisobga olinishi lozim. Hisobot davri oxirida asosiy vositaning balans qiymati uning haqqoniy qiymatidan muhim (jiddiy) farqlanmasligi uchun qayta baholash yetarli darajada muntazam amalga oshirilishi lozim.
29. Tashkilot oʻz hisob siyosatida qayta baholash usulini belgilashi va mazkur usulni barcha asosiy vosita guruhlariga qoʻllashi zarur.
30. Qayta baholash davriyligi qayta baholanayotgan asosiy vositaning haqqoniy qiymatidagi oʻzgarishlarga bogʻliq boʻladi.
Asosiy vositalarning baholashdagi ortgan summasi qayta baholash natijasida “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash boʻyicha tuzatishlar” hisobvaragʻiga rezerv kapitali tarkibiga hisoblanadi.
Asosiy vositalarning baholashdagi kamayish summasi qayta baholash natijasida “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash boʻyicha tuzatishlar” hisobvaragʻi rezerv kapitalining mazkur obyektning avvalgi hisobot davrlarida oʻtkazilgan baholashdagi ortgan summasi atrofida kamayishiga tegishlidir.
31. Asosiy vositalarni qayta baholash natijalari moliyaviy hisobotda asosiy vositalarni qayta baholash oʻtkazilgan joriy davrda aks ettiriladi.
7-bob. Amortizatsiyani hisoblash
32. Asosiy vositalar qiymati amortizatsiya hisoblash yoʻli bilan qoplanadi. Amortizatsiyalanadigan qiymat asosiy vositalarning butun foydali xizmat muddati mobaynida tashkilot xarajatlariga amortizatsiya ajratmalari koʻrinishida tizimli taqsimlanadi.
33. Asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur obyekt asosiy vositalar tarkibiga qabul qilingan va ishga tushirilgan sanadan boshlanadi hamda mazkur obyektning amortizatsiyalanadigan qiymati toʻliq qoplangunga yoxud ushbu obyekt balansdan hisobdan chiqarilgunga qadar amalga oshiriladi.
34. Asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash mazkur obyektning amortizatsiyalanadigan qiymati toʻliq qoplangan yoki ushbu obyekt balansdan hisobdan chiqarilgan sanadan toʻxtatiladi.
35. Asosiy vositalarni foydali xizmat muddati davomida amortizatsiya ajratmalarini hisoblash toʻxtatilmaydi, asosiy vositalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda konservatsiya qilishga oʻtkazilgan holatlar, shuningdek ularni toʻliq toʻxtatish sharti bilan obyektni qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash davri bundan mustasno.
36. Asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash hisobot davridagi tashkilot faoliyati natijalaridan qatʼiy nazar amalga oshiriladi va u tegishli boʻlgan hisobot davridagi buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
37. Asosiy vositalar boʻyicha hisoblangan amortizatsiya summalari buxgalteriya hisobida ushbu summalarni alohida schyotda jamgʻarish yoʻli bilan aks ettiriladi.
38. Quyidagilar amortizatsiya qilinmaydi:
a) yer uchastkalari va tabiatdan foydalanishga doir boshqa obyektlar (suv, yer osti boyliklari va boshqa tabiiy resurslar);
b) mahsuldor chorva mollari;
v) axborot-kutubxona fondi;
g) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda konservatsiyalashga oʻtkazilgan asosiy vositalar;
d) muzey ashyolari;
e) moddiy madaniy meros obyektlari;
Oldingi tahrirga qarang.
j) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, yoʻlaklar, sayilgohlar, xiyobonlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufida boʻlgan obodonlashtirish inshootlari;
(38-bandning “j” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4-avgustdagi 25-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3916, 04.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
z) toʻliq amortizatsiyalangan asosiy vositalar.
39. Amortizatsiya quyidagi usullarni qoʻllash yoʻli bilan hisoblanadi:
a) amortizatsiyani bir maromli (toʻgʻri chiziqli) hisoblash.
Amortizatsiyani bir maromli (toʻgʻri chiziqli) hisoblash usulida amortizatsiya asosiy vositalarni foydali xizmat muddati mobaynida ularning amortizatsiyalanadigan qiymatidan kelib chiqqan holda bir maromda, teng ulushlarda hisoblanadi.
Mazkur usulga koʻra asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymati uning xizmat muddati davomida tegishli xarajatlarga bir maromda hisobdan chiqariladi (taqsimlanadi). Ushbu usul amortizatsiya meʼyori foydali xizmat muddatining faoliyatiga bogʻliqligiga asoslangan. Har bir davr uchun amortizatsiya ajratmalari summasi amortizatsiyalanadigan qiymatni asosiy vositalardan foydalanilgan hisobot davrlari soniga boʻlish yoʻli bilan hisoblanadi.
Amortizatsiyani bir maromli (toʻgʻri chiziqli) hisoblash usulida amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymati va mazkur obyektning foydali xizmat muddatidan kelib chiqib aniqlanadi;
b) amortizatsiyani bajarilgan ishlar hajmiga mutanosib ravishda hisoblash (ishlab chiqarish usuli).
Amortizatsiya hisoblashning ishlab chiqarish usuli har bir muayyan yildagi asosiy vositalarning ishlab chiqarish quvvatini hisobga olishga asoslangan.
Mazkur usul boʻyicha amortizatsiyaning har yilgi qiymatini hisoblash uchun asosiy vositaning butun foydali xizmat muddatidagi umumiy baholangan ishlab chiqarish quvvati yigʻindisini va mazkur muayyan yildagi ishlab chiqarish quvvatini aniqlash lozim. Ishlab chiqarish quvvati sifatida ishlab chiqariladigan mahsulot birliklari soni, ishlangan soatlar soni, bosib oʻtgan tonna-kilometrlar soni va boshqalar olinishi mumkin.
Amortizatsiya hisoblashning ishlab chiqarish usulida yillik amortizatsiya ajratmalari summasi hisobot davridagi mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmining natural koʻrsatkichidan hamda asosiy vositalar amortizatsiyalanadigan qiymatining asosiy vositalar butun foydali xizmat muddatida nazarda tutilayotgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmiga nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
40. Asosiy vositalardan intensiv foydalanilganda, shuningdek ilmiy-texnikaviy jarayonning katta taʼsirida asosiy vositalar amortizatsiyasi quyidagi usullarda hisoblanadigan jadallashtirilgan amortizatsiya yoʻli bilan ifodalanadi:
a) ikki baravar amortizatsiya meʼyori bilan qoldiqni kamaytirish usuli;
b) yillar yigʻindisi usuli (kumulyativ usul).
41. Ikki baravar amortizatsiya meʼyori bilan qoldiqni kamaytirish usuli amortizatsiya hisoblash davrida aktivning amortizatsiyalanadigan qiymati kamayishini anglatadi.
Mazkur usulga koʻra bir maromli (toʻgʻri chiziqli) hisoblash usulidan ikki baravar amortizatsiya meʼyori mazkur hisobot davridagi asosiy vositaning tegishli qoldiq qiymatiga koʻpaytiriladi. Ikki baravar amortizatsiya meʼyori bilan qoldiqni kamaytirish usuli boʻyicha amortizatsiya hisoblashda kutilayotgan tugatish qiymati boshlangʻich (tiklash) qiymatidan chegirilmaydi.
Ikki baravar amortizatsiya meʼyori bilan qoldiqni kamaytirish usulida yillik amortizatsiya ajratmalari summasi asosiy vositalarning hisobot yili boshidagi qoldiq qiymatidan va mazkur obyektni foydali xizmat muddatidan kelib chiqib hisoblangan amortizatsiya meʼyorining ikki baravaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ikki baravar amortizatsiya meʼyori bilan qoldiqni kamaytirish usulida asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarini hisoblash ushbu obyektlarning balans (qoldiq) qiymati ularning tugatish qiymatiga teng boʻlgan vaqtda tugatiladi.
42. Yillar yigʻindisi usuliga (kumulyativ usulga) koʻra har yilgi amortizatsiya meʼyori amortizatsiya muddati oxiriga qadar qoladigan amortizatsiyalanadigan qiymatga ulush sifatida aniqlanadi. Ulush amortizatsiya ajratmalari tugaguniga qadar qoladigan toʻliq yillar sonini amortizatsiya muddatini tashkil qiladigan yillar tartib sonlari yigʻindisiga boʻlish orqali aniqlanadi.
Yillar yigʻindisi usulida (kumulyativ usulda) amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymatidan hamda suratida obyektni foydali xizmat muddatining oxiriga qadar qoladigan yillar soni, maxrajida esa — obyektni foydali xizmat muddati yillari soni yigʻindisining nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
43. Hisobot yili davomida asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya ajratmalari qoʻllaniladigan hisoblash usulidan qatʼiy nazar (amortizatsiya hisoblashning ishlab chiqarish usulidan tashqari), yillik summaning 1/12 miqdorida har oyda hisoblanadi.
Mavsumiy tusdagi ishlab chiqarish tashkilotlarida foydalaniladigan asosiy vositalar boʻyicha amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi hisobot yilida tashkilot tomonidan asosiy vositalardan foydalanish davri mobaynida bir maromda hisoblanadi.
44. Asosiy vositalarning har xil turlariga (guruhlariga) amortizatsiya hisoblashning turli usullarini qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi. Bunda asosiy vositalarning bir turdagi obyektlari boʻyicha (markasi, turi va boshqalar boʻyicha) faqat bitta usul qoʻllaniladi.
45. Qoʻllaniladigan amortizatsiya hisoblash usuli tashkilotning hisob siyosatida majburiy tartibda aks ettiriladi.
46. Agar asosiy vositalardan foydalanishdan kutilayotgan iqtisodiy naf sezilarli darajada oʻzgarish yuz bersa, amortizatsiya hisoblash usuli, agar yuzaga kelgan holatlar amortizatsiya usulining oʻzgartirilishini oqlasa, oʻzgarayotgan tendensiyani aks ettiradigan tarzda oʻzgartirilishi mumkin. Bunday oʻzgarish hisob siyosatida aks ettirilishi lozim. Bunda moliyaviy hisobotga tushuntirish xatida mazkur oʻzgarish sabablari va ularning iqtisodiy samarasi yoritib berilishi zarur.
47. Asosiy vositalar holatini yaxshilaydigan va, mos ravishda, xizmat muddatini uzaytiradigan xarajatlar amalga oshirilganini hamda xizmat muddatini qisqartiradigan texnologik oʻzgarishlarni hisobga olib asosiy vositalarning foydali xizmat muddati tashkilot tomonidan qaytadan koʻrib chiqilishi mumkin.
48. Tugatish qiymati asosiy vositalarning amortizatsiyalanadigan qiymatini hisob-kitob qilishda muhim tarkibiy omil hisoblanadi. Tugatish qiymati muhim boʻlmagan holatda, u amortizatsiyalanadigan qiymatni hisoblab chiqarishda hisobga olinmasligi mumkin.
Agar tugatish qiymati ahamiyatga ega boʻlsa, u asosiy vositalarni xarid qilingan sana yoki ularni qayta baholash sanasida aniqlanadi. Tugatish qiymati asosiy vositalarning xizmat muddati oxirida tugatish boʻyicha kutilayotgan xarajatlarga kamaytiriladi.
8-bob. Asosiy vositalarni taʼmirlash
49. Asosiy vositalarni ishlash holatida saqlab turish ularni taʼmirlash (joriy, oʻrtacha va kapital tarzda) orqali amalga oshiriladi.
Joriy taʼmirlash — asosiy vositalarni ishlash holatida saqlab turish maqsadida amalga oshiriladigan taʼmirlashdir.
Oʻrtacha taʼmirlashda taʼmirlanayotgan agregatni qismlarga qisman ajratish va detallarning qismlarini qayta tiklash yoki almashtirish amalga oshiriladi.
Uskunalar va transport vositalarini kapital taʼmirlash — agregatni qismlarga toʻliq ajratib amalga oshiriladigan taʼmirlash, bazaviy va korpus detallari va uzellarini taʼmirlash, barcha eskirgan detallar va uzellarni almashtirish yoki qayta tiklash, agregatni yigʻish, sozlash va sinab koʻrishdir.
Binolar va inshootlarni kapital taʼmirlash — bazaviy va korpus detallari va uzellarini taʼmirlash, detallar va uzellarning barcha eskirgan konstruksiyalarini almashtirish yoki qayta tiklash amalga oshiriladigan taʼmirlashdir.
50. Obyektni ishchi holatida tutib turish va undan foydalanishdan kelgusidagi iqtisodiy nafning dastlabki belgilangan summasini olish uchun amalga oshiriladigan xarajatlar ular tegishli boʻlgan hisobot davridagi xarajatlar tarkibiga kiritiladi. Ishlab chiqarishdagi asosiy vositalarni ishchi holatida saqlab turishga doir xarajatlar (texnik koʻrikdan oʻtkazish va holatini yaxshilashga oid xarajatlar) hamda ishlab chiqarishdagi asosiy vositalarning barcha turdagi taʼmirlanishini (joriy, oʻrtacha, kapital tarzda) oʻtkazish xarajatlari mahsulotning (ishlarning, xizmatlarning) ishlab chiqarish tannarxiga, maʼmuriy va ijtimoiy-madaniy vazifalarni amalga oshirish uchun moʻljallangan asosiy vositalari boʻyicha esa — davr xarajatlari tarkibiga kiritiladi.
51. Agar bitta asosiy vositada turlicha foydali xizmat muddatiga ega boʻlgan bir nechta mustaqil obyektlar mavjud boʻlsa, taʼmirlash jarayonida har bir bunday obyektni almashtirish mustaqil inventar obyektni balansdan chiqarish va xarid qilish sifatida hisobga olinadi.
9-bob. Asosiy vositalarning chiqib ketishi
52. Asosiy vositalarning chiqib ketishi ularning qiymatini balansdan hisobdan chiqarish orqali amalga oshiriladi.
53. Asosiy vositalarning qiymati tashkilot balansidan quyidagilar natijasida hisobdan chiqariladi:
tugatilganda;
sotilganda;
ayirboshlanganda;
tekinga berilganda;
ustav kapitaliga taʼsischi ulushi sifatida berilganda;
moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi boʻyicha berilganda;
kamomad yoki yoʻqotishlar aniqlanganda;
taʼsischi taʼsischilar tarkibidan chiqqanda;
nodavlat notijorat tashkilot mulkini shakllantirishda mulkiy badal sifatida berilganda.
54. Asosiy vositalar qisman tugatilgan holatda uning qiymati va jamgʻarilgan amortizatsiyasi mos ravishda obyektning tugatilgan qismining qiymati va jamgʻarilgan amortizatsiyasi summasiga kamaytiriladi.
55. Asosiy vositalar quyidagi hollarda ularni tugatish munosabati bilan balansdan hisobdan chiqarilishi mumkin:
belgilangan xizmat muddati tugaganda (toʻliq eskirish hisoblab yozilganda);
jismoniy eskirish, halokatlar, tabiiy ofatlar, foydalanishning normal shart-sharoitlarini buzish oqibatida yaroqsiz holga kelganda;
maʼnan eskirganda. Maʼnan eskirgan asosiy vositalar — xuddi shunday maqsadda asosiy vositalarning yanada unumdor va tejamkor turlarini ishlab chiqish natijasida qadrsizlanadigan asosiy vositalar;
tegishli davlat organlarining qarorlari boʻyicha balansdan chiqib ketganda;
tashkilot va tashkilotlarning qurilishi, kengaytirilishi, rekonstruksiya qilinishi, modernizatsiya qilinishi va texnik qayta jihozlanishi munosabati bilan balansdan chiqib ketganda.
Tiklanishi mumkin boʻlmagan yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlmagan asosiy vositalar tugatilishi lozim.
56. Tashkilotlarda asosiy vositalarni tugatish munosabati bilan ularni hisobdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun rahbar (rahbar oʻrinbosari) yoki bosh muhandis raisligida komissiya tuziladi. Komissiya tarkibiga tashkilotning tegishli mutaxassislari, buxgalteriya xodimlari va moddiy javobgar shaxslari kiritilishi kerak. Komissiyaning tarkibi uning ish tartibi va vakolatlari tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan belgilanadi.
Komissiya tomonidan asosiy vositalarni tugatish (likvidatsiya) toʻgʻrisidagi dalolatnoma mazkur BHMSning 1-ilovasiga muvofiq, shu jumladan transport vositalarni tugatish (likvidatsiya) toʻgʻrisidagi dalolatnoma mazkur BHMSning 2-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladi.
Asosiy vositalarni tugatish bilan bogʻliq xarajatlar va ularni tugatishdan kelib tushgan material qiymatliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma mazkur BHMSning 3-ilovasiga muvofiq shaklda tuziladi.
Asosiy vositalarni ularning tugatilishi sababli hisobdan chiqarish doir hujjatlar tashkilotning hisob siyosatida belgilanadi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi.
57. Komissiya tomonidan tuzilgan asosiy vositalarni tugatish dalolatnomalari tashkilot rahbari tomonidan:
Oldingi tahrirga qarang.
operativ boshqarish huquqi bilan tegishli boʻlgan asosiy vositalarni qonunchilik hujjatlari yoki taʼsis hujjatlariga muvofiq mulkdorning qaroriga asosan;
(57-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 3-dekabrdagi 306-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3546-1, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 10/25/3546-1/1129-son)
davlat ishtirokidagi korxonalarda korxona taʼsischisi (ishtirokchisi) bilan kelishgandan soʻng tasdiqlanadi.
Tugatish dalolatnomalari tasdiqlanguniga qadar asosiy vositalarni qismlarga boʻlish va demontaj qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
58. Asosiy vositalarning chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) asosiy vositalarni chiqib ketishidan daromaddan ularning qoldiq (balans) qiymati, asosiy vositalarning chiqib ketishi bilan bogʻliq bilvosita soliqlar va xarajatlarni ayirish orqali aniqlanadi.
Asosiy vositalarning chiqib ketishidan moliyaviy natijani (foydani yoki zararni) aniqlashda asosiy vositalarning ilgarigi qayta baholashdagi bahosini oʻsishi summasi, yaʼni ushbu asosiy vositalarning ilgarigi bahosini oʻsishi summalarining ilgarigi bahosini pasayishi summasidan ortgan qismi asosiy vositalarning chiqib ketishidan daromad tarkibiga kiritiladi va bir vaqtning oʻzida “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash boʻyicha tuzatishlar” schyoti boʻyicha rezerv kapital kamayadi.
10-bob. Asosiy vositalarni inventarizatsiyadan oʻtkazish
59. Asosiy vositalarning haqiqatda mavjudligini aniqlash va ularning but saqlanishini nazorat qilish maqsadida tashkilotlar tomonidan vaqti-vaqti bilan, biroq ikki yilda kamida bir marta asosiy vositalar inventarizatsiyasi oʻtkaziladi, kutubxona fondlari esa besh yilda bir marta inventarizatsiya qilinadi.
60. Inventarizatsiya jarayonida aniqlangan ortiqcha asosiy vositalar boshqa operatsion daromadlar sifatida aks ettiriladi. Inventarizatsiya vaqtida kamomad fakti aniqlangan yetishmayotgan asosiy vositalar aybdor shaxslar aniqlangan kunga qadar kamomadlar hisobga olinadigan schyotda aks ettiriladi.
Kamomadning aniq aybdori topilmagan yoki moddiy javobgar shaxslardan undirib olish imkoni boʻlmagan hollarda, kam chiqqan asosiy vositaning chiqib ketishidan koʻrilgan zarar moliyaviy natijalarga olib boriladi.
61. Inventarizatsiya jarayonida aniqlangan hisobga olinmagan asosiy vositalar, ortiqcha chiqish aniqlangan sanadagi aynan shunga oʻxshash asosiy vositalarning haqqoniy qiymati boʻyicha ularning ahvolini hisobga olgan holda baholanadi (ortiqcha chiqish sabablari va aybdor shaxslar keyinchalik aniqlanadi).
11-bob. Axborotni yoritib berish
62. Moliyaviy hisobotda quyidagi axborotlar yoritib berilishi lozim:
asosiy vositalarning harakati, shu jumladan ularning kiritilishi, chiqib ketishi, qiymatini aniqlash uchun qoʻllangan baholash asoslari;
asosiy vositalarning hisobot davri boshidagi va oxiridagi qiymati solishtirmasi va ularning oʻzgarish sabablari;
asosiy vositalarning har bir guruhlar boʻyicha amortizatsiya hisoblashda amortizatsiya hisoblashning foydalaniladigan usuli, amortizatsiyalanadigan asosiy vositalarning hisobot davri boshidagi va oxiridagi jamgʻarilgan amortizatsiya summasi.
63. Moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar uchun hisobot davri oxirida quyidagilar toʻgʻrisidagi axborotni ham yoritib berish lozim:
a) vaqtinchalik foydalanilmayotgan asosiy vositalarning qiymati toʻgʻrisida;
b) foydalanishda boʻlgan, amortizatsiyasi toʻliq hisoblangan asosiy vositalarning qiymati toʻgʻrisida;
v) majburiyatlar boʻyicha kafolat sifatida garovga berilgan asosiy vositalarga mulk huquqining mavjudligi va cheklanganligi toʻgʻrisida;
g) asosiy vositalarni xarid qilish boʻyicha toʻlanmagan majburiyatlar toʻgʻrisida;
d) hisobot davri oxiridagi tugallanmagan qurilish qiymati toʻgʻrisida;
e) davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida boʻlgan, foydalanishga qabul qilingan va haqiqatda foydalanilayotgan koʻchmas mulk obyektlari toʻgʻrisida;
j) maqsadli moliyalashtirish hisobidan olingan asosiy vositalarning qiymati, qoldiq qiymati toʻgʻrisida;
z) foydalanishdan chiqarilgan, biroq keyinchalik ularni sotish maqsadida asosiy vositalar tarkibida hisobda turgan asosiy vositalarning ayrim turlarining hisobot davri oxiridagi qiymati toʻgʻrisida;
i) asosiy vositalarni tiklashga doir xarajatlar bilan bogʻliq boʻlgan hisob siyosati toʻgʻrisida.
Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga
1-ILOVA

“Tasdiqlayman”

__________________ _________ __________

Rahbarning F.I.O._______________imzo

20 __ yil “_____” ____________

Asosiy vositalarni tugatish (likvidatsiya) toʻgʻrisidagi

_____-sonli dalolatnoma

Tashkilot ___________________________________________

Tarkibiy boʻlinma

Tuzish sanasi

Operatsiya turining kodi

Asosiy vositani saqlashga masʼul shaxsning kodi

Asosiy vositaning nomi

tur

kod

Qiymati

Jamgʻarilgan eskirish summasi

Ishlab chiqilgan (qurilgan) yili

Foydalanishga kiritilgan sana

Raqami

inventar

tayyorlovchi

20__ y “___” ___________ dagi — ____ sonli buyruq bilan tayinlangan komissiya

__________________________________________________ koʻrib chiqdi.

asosiy vositaning nomi

_____________________________ni, uning agregatlari, qismlari va mexanizmlarini

asosiy vositaning nomi

koʻrib chiqish natijasida va hujjatlari (pasporti, formulyari) bilan tanishib chiqib komissiya aniqladi:

1. 20__ y. “___” ____________ tashkilotga kelib tushgan;

2. Pasport boʻyicha asosiy vositalarning ogʻirligi ______

3. Yaroqli qismlar, detallar, materiallar, rangli va qimmatbaho metallar va boshqalarning mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot.

Raqami

Nomi

Oʻlchov birligi

Soni

Qiymati

Summasi

Tartib boʻyicha

Katalog boʻyicha

Nomenklatura

Jami

4. Hisobdan chiqarish sababi ____________________________________

5. Texnik holati ______________________________________________

Komissiya xulosasi: ____________________________________________

Ilova qilinadigan hujjatlar roʻyxati ___________________________

Komissiya raisi

__________________

____________

_______________________________

lavozimi

imzo

imzolovchining F.I.O.

Komissiya aʼzolari

__________________

____________

_______________________________

lavozimi

imzo

imzolovchining F.I.O.

__________________

____________

_______________________________

lavozimi

imzo

imzolovchining F.I.O.

Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga
2-ILOVA

“Tasdiqlayman”

________________________________________

rahbarning F.I.O.__________________imzo

20 __ yil “_____” ____________

Transport vositalarni tugatish (likvidatsiya) toʻgʻrisidagi

_____-sonli dalolatnoma

Tashkilotning nomi ___________________________________________

Tarkibiy boʻlinma

Tuzish sanasi

Operatsiya turining kodi

Transport vositasini saqlashga masʼul shaxsning kodi

Transport vositasining nomi

Modeli, turi

kod

Qiymati

Jamgʻarilgan eskirish summasi

Ishlab chiqil gan yili

Foydalanishga kiritilgan sana

Raqami

Bajarilgan ish hajmi yoki bosgan yoʻli

Inventar

Tayyorlovchi

20__ y. “__” _________ dagi — _____ sonli buyruq bilan tayinlangan komissiya

_____________ modeli _________ turi _________ dvigatel raqami ________

(markasi)

davlat belgisi raqami ___________________ transport vositasini koʻrib chiqdi.

__________________ni, uning agregatlari, qismlari va mexanizmlarini

(markali)

koʻrib chiqish natijasida va hujjatlari (pasporti, formulyari) bilan tanishib chiqib komissiya aniqladi:

1. 20__ y. “___” _______ tashkilotga kelib tushgan;

2. Pasport boʻyicha asosiy vositalarning ogʻirligi _____

3. Yaroqli qismlar, detallar, materiallar, rangli va qimmatbaho metallar va boshqalarning mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot.

Raqami

Nomi

Oʻlchov birligi

Soni

Bahosi

Summasi

Tartib boʻyicha

Katalog boʻyicha

Nomenklatura

Jami

4. Hisobdan chiqarish sababi ____________________________________

5. Texnik holati _____________________________________________

6. _________________________________________________dan hisobdan

(davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati idorasi)

chiqarilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot _____________________________

Komissiya xulosasi:_____________________________________________

Ilova qilinadigan hujjatlar roʻyxati ____________________________

Komissiya raisi

__________________

____________

_____________________________

lavozimi

imzo

imzolovchining F.I.O.

Komissiya aʼzolari

__________________

____________

_____________________________

lavozimi

imzo

imzolovchining F.I.O.

__________________

____________

_____________________________

lavozimi

imzo

imzolovchining F.I.O.

Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga
3-ILOVA
Asosiy vositalarni tugatish bilan bogʻliq xarajatlar va ularni tugatishdan kelib tushgan material qiymatliklar toʻgʻrisida
MAʼLUMOTNOMA

Tugatish xarajatlari

Tugatishdan foydalanish mumkin boʻlgan material qiymatliklar kelib tushdi

Ish turi

Hujjat raqami

Xarajat moddasi

summasi

Hujjat raqami

Qiymatliklar nomi

kod

(nomenklatura raqami)

Soni

Bahosi

summasi

Tugatish natijasi _____________________________________________

Asosiy vositalarni hisobga olish kartochkasida (kitobida) chiqib ketish belgilab qoʻyildi.

Buxgalteriya hisobi hamda moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs (bosh buxgalter)

______________

______________________________________

imzo

imzolovchining F.I.O.

20 ___ yil “_____” ____________sana

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 133-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2003-yil 9-oktabrdagi 114-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1299, 2004-yil 20-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 3-son, 35-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2014-yil 18-noyabrdagi 75-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1299-1, 2014-yil 9-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-yil, 50-son, 598-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2016-yil 5-sentabrdagi 64-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1299-2, 2016-yil 9-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-yil, 36-son, 420-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2017-yil 12-iyundagi 73-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1299-3, 2017-yil 16-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-yil, 24-son, 514-modda).
5. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 22-oktabrdagi 134-son “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-son BHMS) “Asosiy vositalar”ga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1299-4, 2018-yil 8-noyabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2018-y., 10/18/1299-4/2173-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2024-y., 10/24/3546/0602-son; 11.02.2025-y., 10/25/3607/0125-son; 09.12.2025-y., 10/25/3546-1/1129-son; 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)