Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IT-xizmatlar eksporti yoʻnalishi boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 1-fevraldagi PQ-51-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, yoshlarni IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasblarga tayyorlovchi nodavlat taʼlim tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash ishlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi PQ-51-son qarorida 2024-yil 1-martdan boshlab nodavlat taʼlim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi boʻlgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya (keyingi oʻrinlarda — subsidiya) ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur (keyingi oʻrinlarda — Dastur) joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
a) Dastur doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga subsidiya quyidagi barcha mezonlar bajarilgan hollarda ajratiladi:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-sentabrdagi PQ-3276-son “Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
IT-park rezidenti maqomiga ega boʻlish;
bitiruvchi IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori boʻlgan va Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv yoʻnalishlari boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotida oʻqishni tamomlagan boʻlishi;
bitiruvchi oʻqishni tamomlaganidan keyin uch oy muddatda eksport qiluvchi tashkilotlarga ishga joylashgan boʻlishi;
bitiruvchi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotda olti oydan ortiq muddat davomida uzluksiz ravishda ishlab kelayotgan boʻlishi;
bitiruvchi ishga kirgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilot rezident maqomini olganiga olti oydan oshgan boʻlishi;
bitiruvchi ishga kirgan kompaniyaning yillik eksport xizmatlari hajmi xodimlarga toʻlangan umumiy yillik ish haqi miqdoridan kam boʻlmasligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish va natijalarini eʼlon qilish bilan bogʻliq jarayonlar Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi” davlat muassasasining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) maxsus axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — maxsus axborot tizimi) amalga oshiriladi;
v) Markaz Dasturni amalga oshirish boʻyicha ishchi organ hisoblanadi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “IT talents” dasturi doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan subsidiya ajratish boʻyicha YIDXP orqali murojaat qilish tartibi;
nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan subsidiya olish uchun murojaat qilish boʻyicha arizani hamda “IT talents” dasturi mezonlariga muvofiqligini koʻrib chiqish tartibi;
nodavlat taʼlim tashkilotiga ajratiladigan subsidiya miqdorlari, ajratish muddatlari va hisobotlarini yuritish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
subsidiya uchun mablagʻlar har yili 1-martga qadar tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan Markazga ajratiladi;
Dastur doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilarini roʻyxatga olish, YIDXP orqali kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish va natijalarini eʼlon qilish bilan bogʻliq jarayonlar amalga oshiriladigan maxsus axborot tizimining egasi — Raqamli texnologiyalar vazirligi, operatori — Markaz hisoblanadi;
maxsus axborot tizimining joriy etilishi, uning kelgusida uzluksiz faoliyat koʻrsatishi va takomillashtirilishi bilan bogʻliq xarajatlar Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-fevral,
86-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-fevraldagi 86-son qaroriga
ILOVA
“IT talents” dasturi doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament “IT talents” dasturi doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga (kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish taʼlim turi boʻyicha) bir martalik subsidiya (keyingi oʻrinlarda — subsidiya) ajratish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“IT talents” dasturi — “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — IT-park) rezidenti boʻlgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalarga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab beruvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish hamda kengaytirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan loyiha;
bitiruvchi — talabgor hisoblangan IT-park rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkilotida taʼlim olgan va uni tamomlagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs;
ishchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi;
kompaniya — bitiruvchi ishga joylashgan, IT-xizmatlar eksporti bilan shugʻullanuvchi IT-park rezidenti boʻlgan tashkilot;
maxsus tizim — nodavlat taʼlim tashkilotlarini va unda taʼlim oluvchilarni roʻyxatga olish, ular oʻrtasida taʼlim olishga oid rasmiylashtiriladigan shartnomalarni tuzish, oʻquv jarayonlarini kuzatib borish, bitiruvchilar ishga joylashganligini monitoring qilib borish hamda talabgorlarning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali kelib tushgan soʻrovnomalarini koʻrib chiqishga moʻljallangan ishchi organning axborot tizimi;
talabgor — “IT talents” dasturida ishtirok etish uchun ushbu Reglamentga muvofiq ishchi organga murojaat qilgan, IT-park rezidenti boʻlgan nodavlat taʼlim tashkiloti. Ushbu nodavlat taʼlim tashkilotlari faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan boʻlishi lozim.
3. Talabgorga bir nafar bitiruvchisi uchun bir martalik subsidiya mazkur Reglamentga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq ajratiladi.
2-bob. Maxsus tizimda roʻyxatdan oʻtish, maʼlumotlarni saqlash, ularga ishlov berish va ulardan foydalanish
4. Talabgor maxsus tizimda soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), oʻquv yoʻnalishlari, hisobvaragʻi ochilgan bank haqidagi maʼlumotlarni kiritadi va “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtadi.
5. Talabgor roʻyxatdan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JSHSHIR) kiritish orqali oʻtadi.
6. Bitiruvchi yoki uning ota-onasi yoxud qonuniy vakili hamda talabgor oʻrtasida shartnoma tuziladi yoki ular tomonidan imzolangan shartnoma maxsus tizimga yuklanadi.
7. Shartnoma boʻyicha oʻquv kursida taʼlim olish uchun belgilangan toʻlovlarni bitiruvchi, uning ota-onasi yoki qonuniy vakili toʻlaydi.
8. Bitiruvchining oʻquv kursini tamomlaganini tasdiqlovchi sertifikat maxsus tizimga joylashtiriladi.
9. Bitiruvchi kompaniyaga ishga kirgan kundan boshlab olti oy davomida mazkur tashkilotda ishlagan taqdirda, maxsus tizim orqali talabgorga xabarnoma yuboriladi.
Xabarnomada talabgorning tegishli bitiruvchi boʻyicha YIDXP orqali subsidiya olishga ariza berish imkoniyati maʼlum qilinadi hamda ariza berish uchun havola aks ettiriladi.
3-bob. Subsidiya ajratish boʻyicha hujjatlarni qabul qilish
10. Talabgor subsidiya olish uchun YIDXPda elektron roʻyxatdan oʻtgan holda murojaat qiladi.
11. Talabgor tomonidan subsidiya olish uchun mazkur Reglamentga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq soʻrovnoma toʻldiriladi.
Bunda har bir bitiruvchi boʻyicha alohida soʻrovnoma yuboriladi va talabgor tomonidan davlat xizmatidan foydalanish uchun toʻlov amalga oshirilmaydi.
12. Talabgor soʻrovnomani toʻldirib, maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
13. Talabgor YIDXP orqali taqdim etilgan hujjatlar va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va haqqoniyligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
14. Talabgor tomonidan YIDXP orqali tasdiqlangan soʻrovnoma avtomatik tarzda ishchi organga yuboriladi.
15. Ishchi organ ikki ish kunida soʻrovnoma toʻgʻri va toʻliq toʻldirilganligini tekshiradi. Soʻrovnomada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, bu haqda bir ish kunida talabgorga YIDXP orqali kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan xabarnoma yuboradi.
Talabgor mavjud kamchiliklarni bartaraf qilib, oʻn kun ichida yangi soʻrovnoma bilan takroran murojaat qilish huquqiga ega.
16. Soʻrovnoma toʻgʻri toʻldirilgan taqdirda, ishchi organning masʼul xodimi tomonidan YIDXP orqali talabgorga hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.
17. Talabgor davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Talabgor davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
18. Talabgordan mazkur Reglamentga 2-ilovada keltirilgan soʻrovnomada koʻzda tutilmagan maʼlumot va hujjatlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
4-bob. Subsidiya olish toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish
19. Ishchi organ YIDXP orqali maxsus tizimga kelib tushgan soʻrovnoma boʻyicha quyidagi maʼlumotlarning mavjudligi, toʻliqligi va toʻgʻriligini tekshiradi:
nodavlat taʼlim tashkiloti IT-park rezidenti maqomiga ega ekanligini — maxsus tizimdan olingan maʼlumotlar asosida;
kompaniya IT-park rezidenti ekanligini hamda kompaniyaning yillik eksport xizmatlari hajmi xodimlarga toʻlangan umumiy yillik ish haqi miqdoridan kam emasligini — maxsus tizimdan olingan maʼlumotlar asosida;
nodavlat taʼlim tashkiloti va taʼlim oluvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomani — maxsus tizimdan olingan maʼlumotlar asosida;
taʼlim oluvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan nodavlat taʼlim tashkilotiga toʻlangan mablagʻlarni (homiylik xayriyalari va grant hisobidan bitirgan oʻquvchilar bundan mustasno) — maxsus tizimdan olingan maʼlumotlar asosida;
taʼlim oluvchining oʻquv kursini muvaffaqiyatli tugatganligi haqidagi sertifikatni — maxsus tizimdan olingan maʼlumotlar asosida;
taʼlim oluvchining shaxsini identifikatsiya qilish bilan bogʻliq maʼlumotlarni — “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olingan maʼlumotlar asosida;
nodavlat taʼlim tashkilotining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasini — “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olingan maʼlumotlar asosida;
taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani yoki tasdiqnomani — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining elektron tizimidan olingan maʼlumotlar asosida;
bitiruvchining ish faoliyati, davomiyligi va oylik ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda bitiruvchi ishga joylashgan kompaniyaning toʻlagan soliqlari haqidagi maʼlumotlar — Soliq qoʻmitasi tizimidan olingan maʼlumotlar asosida;
bitiruvchining ishga joylashgani va lavozimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidan olingan maʼlumotlar asosida;
nogironligi boʻlgan bitiruvchilarning maʼlumotlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidan olingan maʼlumotlar asosida.
Bunda vazirlik va idoralarning ushbu bandda koʻrsatilgan maʼlumotlari “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali maxsus tizimning soʻroviga binoan olinadi.
20. Talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ishchi organ tomonidan yetti ish kunida koʻrib chiqiladi.
21. Subsidiya olish yuzasidan toʻldirilgan soʻrovnoma ishchi organga kelib tushgan vaqtiga koʻra roʻyxatga olingan ketma-ketlikka muvofiq koʻrib chiqiladi.
22. Ishchi organ talabgorga bir martalik subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorini besh ish kunida qabul qiladi.
Ishchi organ subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorlarining elektron reyestrini yuritadi. Bunda reyestrga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
subsidiya berilgan yoki berish rad etilgan nodavlat taʼlim tashkilotining nomi va yuridik manzili;
tashkiliy-huquqiy shakli;
rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi;
subsidiya berishga asos boʻlgan talabgor va bitiruvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomaning raqami va sanasi;
bitiruvchining shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR);
berilgan subsidiya miqdori;
subsidiya berish rad etilgan holda buning sabablari.
23. Talabgorga subsidiya ajratish quyidagi asoslarga koʻra rad etiladi:
talabgor bitiruvchisi Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olmagan boʻlsa;
talabgor bitiruvchisi kompaniyaga xizmat koʻrsatuvchi yoki texnik xodim sifatida ishga joylashgan boʻlsa;
soliq organining axborot tizimida bitiruvchining oylik ish haqi toʻgʻrisida maʼlumot aniqlanmaganda;
talabgor bitiruvchisi kompaniyada olti oydan kam faoliyat yuritgan boʻlsa;
bitiruvchi oʻqishni bitirganidan keyin uch oy muddatda kompaniyaga ishga joylashmagan boʻlsa;
talabgor bitiruvchisi ishga joylashganidan soʻng bir yildan koʻproq muddat oʻtib, subsidiya olish boʻyicha soʻrovnoma yuborsa;
taʼlim oluvchi va talabgor oʻrtasida shartnoma imzolangan vaqtdan boshlab taʼlim oluvchi kompaniyada ishlab turgan boʻlsa;
bitiruvchi talabgorda taʼlim olishidan oldin kompaniyada ishlagan boʻlsa;
kompaniya tomonidan bitiruvchiga oylik ish haqi miqdorlarini belgilashda qalbaki hujjatlardan foydalanishga yoki notoʻgʻri va yolgʻon maʼlumotlar shakllantirilishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa;
talabgor ilgari subsidiya olgan bitiruvchi uchun takroriy murojaat qilsa;
talabgorning taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya yoki xabardor qilish tartibida faoliyat yuritishi uchun berilgan tasdiqnomasi tugatilgan boʻlsa;
bir nodavlat taʼlim tashkiloti boshqa nodavlat taʼlim tashkiloti tomonidan bitiruvchi uchun olingan subsidiya yuzasidan murojaat qilsa.
24. Subsidiya ajratish yoki uni rad etish toʻgʻrisida QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan qaror elektron shaklda bir ish kunida YIDXP orqali talabgorga yuboriladi.
25. Subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi ijobiy qaror qabul qilingan nodavlat taʼlim tashkilotlariga murojaatlarning ketma-ketligiga qatʼiy amal qilgan holda subsidiya ajratiladi.
26. Ishchi organ subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi ijobiy qarorga muvofiq ajratilgan summani talabgorning bankdagi hisobvaragʻiga oʻn besh ish kunida oʻtkazib beradi.
Bunda talabgor tomonidan bankdagi hisobvaraq maʼlumotlari notoʻgʻri kiritilgani aniqlangan hollarda muddat oʻtishi toʻxtatiladi hamda ishchi organ tomonidan hisobvaraq maʼlumotlarini aniqlashtirish choralari koʻriladi.
27. Talabgorga toʻlanadigan subsidiya bitiruvchisining oʻrtacha hisoblangan oylik ish haqi miqdori hamda faoliyatini boshlagan kompaniya faoliyat yuritayotgan hududga qarab, mazkur Reglamentga 3-ilovada belgilangan miqdorlarda bir martalik subsidiya talabgorning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
28. YIDXP orqali belgilangan tartibda murojaat qilgan va subsidiya berish rad etilmagan talabgorlar joriy moliyaviy yil doirasida subsidiya ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasining budjet parametrlarida mablagʻlar yetarli boʻlmaganligi sababli subsidiya olish imkoniyatiga ega boʻlmagan taqdirda, keyingi choraklarda subsidiya oluvchilar roʻyxatiga avtomatik ravishda kiritiladi.
5-bob. Ajratilgan subsidiyaning hisobi va hisobotini yuritish
29. Ishchi organ nodavlat taʼlim tashkilotlariga berilgan subsidiyalarning hisobi va hisobotini yuritadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya portaliga joylashtirish uchun kiritib boradi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalari vazirligi hamda ishchi organ har chorakda bir marta nodavlat taʼlim tashkilotlariga subsidiya ajratishga doir hisobotlar haqidagi maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtirib boradi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
31. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan talabgor tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
32. Ushbu Reglamentni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
33. Mazkur Reglament talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 2155-moddasi.
“IT talents” dasturi doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
1-ILOVA
“IT talents” dasturi doirasida talabgorga bir martalik subsidiya ajratish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Talabgor

Maxsus tizim orqali roʻyxatdan oʻtadi va oʻzaro shartnoma tuzadi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

Talabgor

1. Subsidiya olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP) roʻyxatdan oʻtadi va soʻrovnoma toʻldiradi.

1. Oʻz xohishiga koʻra

2. Soʻrovnomani Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi (Ishchi organ)ga yuboradi.

2. Avtomatik tarzda

3-bosqich

Ishchi organ

1. Soʻrovnomani toʻgʻri va toʻliq toʻldirilganligini tekshiradi.

2. Soʻrovnoma toʻgʻri toʻldirilganda YIDXP orqali talabgorga hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.

1. Ikki ish kunida

3. Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanganda, bu haqda talabgorga YIDXP orqali xabarnoma yuborib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tushuntirish beradi.

2. Bir ish kunida

4-bosqich

Ishchi organ

Mavjud maʼlumotlar bazasi orqali soʻrovnomani oʻrganib chiqadi.

Yetti ish kunida

5-bosqich

Ishchi organ

1. Talabgorga subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

1. Besh ish kunida

2. Subsidiya ajratishni rad etish haqidagi qarorni rad etishning sabablarini koʻrsatib, YIDXP orqali talabgorga yuboradi.

2. Bir ish kunida

6-bosqich

Ishchi organ

Belgilangan miqdordagi subsidiyani ajratadi va talabgorning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazadi.

Oʻn besh ish kunida

“IT talents” dasturi doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
2-ILOVA

SOʻROVNOMA

_________________

_________________

(sana)

(raqam)

Nodavlat taʼlim tashkiloti toʻgʻrisida maʼlumot:

1. Yuridik shaxsning toʻliq nomi:

2. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma raqami:

3. Bitiruvchining shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):

4. Tashkiliy-huquqiy shakli:

5. Taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya yoki xabardor qilish tartibida faoliyat yuritishi uchun berilgan tasdiqnoma raqami:

6. Joylashgan joyi (pochta manzili):
7. Xizmat koʻrsatayotgan bank nomi:
8. Asosiy faoliyat turi:
9. Bankdagi hisobvaragʻi:
10. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR):
11. Bank kodi (MFO):
12. Telefon raqami:
13. Elektron pochta manzili (agar mavjud boʻlsa):

14. Yuridik shaxsning rahbari yoki ishonchli vakili F.I.O va JSHSHIR maʼlumotlari:

15. Yuridik shaxsning rahbari yoki ishonchli vakilining telefon raqami:

16. Bitiruvchi nogironligining mavjudligi (agar mavjud boʻlsa):

“IT talents” dasturi doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga
3-ILOVA
Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga ajratiladigan subsidiya
MIQDORLARI

T/r

Bitiruvchining 6 oy mobaynidagi oʻrtacha ish haqi

Bir nafar bitiruvchi uchun ajratiladigan subsidiya miqdori

Bir nafar nogironligi boʻlgan bitiruvchi uchun ajratiladigan subsidiya miqdori

(mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida)

(bazaviy hisoblash miqdorida)

(bazaviy hisoblash miqdorida)

I. Toshkent shahri boʻyicha

1.

10 baravardan yuqori

75 baravar

105 baravar

2.

6 baravardan 10 baravargacha

50 baravar

75 baravar

3.

3 baravardan 6 baravargacha

25 baravar

50 baravar

II. Boshqa hududlar boʻyicha

4.

6 baravardan yuqori

75 baravar

105 baravar

5.

4 baravardan 6 baravargacha

50 baravar

75 baravar

6.

2 baravardan 4 baravargacha

25 baravar

50 baravar

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.02.2024-y., 09/24/86/0119-son)