Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Raqamli texnologiyalar sohasida zamonaviy bilimlar olishni ragʻbatlantirish, ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi yosh kadrlarning xorijiy tillarni bilish koʻnikmalarini oshirish, mehnat bozorida IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish, shuningdek, mazkur yoʻnalishdagi nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Belgilansinki, 2024-yil 1-martdan boshlab:
nodavlat taʼlim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi boʻlgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya (keyingi oʻrinlarda — subsidiya) ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur (keyingi oʻrinlarda — Dastur);
xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizgacha boʻlgan qismini qoplab berish tartibi;
ingliz tilini bilish boʻyicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega boʻlgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlar olish xarajatlarini toʻliq qoplab berish tartibi joriy etiladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-iyuldagi 475-sonli “Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
subsidiya bitiruvchisi IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori boʻlgan oʻquv yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olgan hamda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi oʻrinlarda — IT-park) rezidenti maqomiga ega boʻlgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga ishga qabul qilingan nodavlat taʼlim tashkilotlariga oʻrnatiladigan mezonlarga muvofiq ajratiladi;
subsidiya olish hamda xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqish va ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — Yagona portal) orqali bepul koʻrsatiladi;
nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilarini roʻyxatga olish, Yagona portal orqali kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish va natijalarini eʼlon qilish bilan bogʻliq jarayonlar Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq quyidagilar Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi:
har bir bitiruvchi uchun ajratiladigan subsidiya;
xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizgacha boʻlgan qismini va ingliz tilini bilish boʻyicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega boʻlgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlari toʻliq miqdorda.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
4. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
ikki hafta muddatda sohada talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarni tahlil qilib, subsidiya taqdim etiladigan oʻquv yoʻnalishlari roʻyxatini tasdiqlasin hamda IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotlar ehtiyojlari asosida muntazam ravishda yangilab borsin;
bir oy muddatda Dastur doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish hamda yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatlari Yagona portal orqali koʻrsatilishi hamda uning har bir bosqichida ariza beruvchilarning murojaatlari koʻrib chiqilishini kuzatib borish imkoniyatini yaratsin;
2025-yil 1-yanvarga qadar Dasturni amalga oshirishning natijadorligi va samaradorligi boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazib, shu jumladan, uni IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-park rezidenti maqomiga ega boʻlmagan boshqa tashkilotlarga nisbatan ham tatbiq etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qaroriga asosan 5-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)
6. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarorlarini qabul qilsin:
bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga ishga joylashgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga ajratiladigan subsidiya miqdorlarini tasdiqlash;
subsidiya olish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlari va ularning bitiruvchilariga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplash miqdorlarini tasdiqlash;
subsidiya ajratish va xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning oʻqish hamda ushbu sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha vazifalarni amalga oshiruvchi masʼul vakolatli organni belgilash;
Dastur doirasida nodavlat taʼlim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish hamda yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 162-son qarori 9-bandining “b” kichik bandidagi “2023-yil 1-oktabrdan” soʻzlari “2024-yil 1-martdan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Raqamli texnologiyalar vazirligi ikki oy muddatda:
vazirlikning maxsus axborot tizimi hamda rasmiy veb-saytida Dastur doirasida respublika va hududlar kesimida nodavlat taʼlim tashkilotlarining onlayn tarzda yangilab boriladigan reytingi shakllantirilishini nazarda tutuvchi modulni ishga tushirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 1-fevral,
PQ-51-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2024-y., 07/24/51/0084-son; 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)