Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 15-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 27-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2022-yil 27-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning amal qilishi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi texnik reglamentlarni ishlab chiqish, qabul qilish va qoʻllash, muvofiqlikni baholash hamda davlat nazoratini amalga oshirish chogʻida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
sanitariya, fitosanitariya va veterinariya choralari;
mehnatni muhofaza qilish sohasidagi choralar;
buxgalteriya hisobi standartlari;
qimmatli qogʻozlar emissiyasi standartlari va qimmatli qogʻozlar emissiyasi risolalari, baholash faoliyati standartlari;
tibbiy yordam standartlari;
davlat taʼlim standartlari bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3-modda. Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
arizachi — muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulot taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
davlat nazorati organi — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirishga vakolatli boʻlgan davlat boshqaruvi organi;
ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili — ishlab chiqaruvchi (chet el ishlab chiqaruvchisi) bilan tuzilgan shartnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududida mahsulotning muvofiqligini baholashda va uni muomalaga chiqarishda ushbu ishlab chiqaruvchi nomidan harakatlarni amalga oshiradigan tadbirkorlik subyekti;
mahsulot — faoliyatning moddiy-ashyoviy shaklda taqdim etilgan va xoʻjalik maqsadida hamda boshqa maqsadlarda foydalanish uchun moʻljallangan natijasi;
mahsulotni muomalaga chiqarish — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish doirasida mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatish maqsadida yetkazib berish (realizatsiya qilish) yoki olib kirish (ishlab chiqaruvchining omboridan joʻnatish yoki omborga joylamasdan yuklab joʻnatish);
muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya — ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi muomalaga chiqariladigan mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjat;
muvofiqlikni deklaratsiyalash — mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini majburiy ravishda tasdiqlash shakli;
savdodagi texnik toʻsiq — mahsulot kelib chiqqan mamlakatga (joyga) qarab mahsulotga va muvofiqlikni baholash tartib-taomillariga doir majburiy talablarning turlicha qoʻllanilishi oqibatida mamlakatlar oʻrtasidagi savdoda yuzaga keladigan toʻsiq;
sinash laboratoriyasi — sinashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki uning tarkibiy boʻlinmasi;
sotuvchi — mahsulotni realizatsiya qiladigan, Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan tadbirkorlik subyekti;
texnik jihatdan tartibga solish — mahsulotning xavfsizligiga, uni ishlab chiqarish jarayonlariga va usullariga doir talablarni belgilash, qoʻllash hamda bajarish, shuningdek ularga rioya etilishini muvofiqlikni baholash va davlat nazoratini amalga oshirish orqali tekshirish;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar — texnik reglamentlar va standartlar;
texnik reglament — mahsulot xavfsizligining qoʻllanilishi majburiy boʻlgan tavsiflari yoki ular bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish jarayonlari va usullari, qoidalar belgilangan hujjat;
xizmat — jismoniy va yuridik shaxslarning ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan, natijalari ashyoviy shaklga ega boʻlmagan faoliyat.
5-modda. Texnik jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari
Texnik jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
texnik reglamentlarni qoʻllashning birligi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasida tadbirkorlik subyektlarining kamsitilishiga va insofsiz raqobatga yoʻl qoʻyilmasligi;
texnik jihatdan tartibga solishning hamda muvofiqlikni baholashning birligi va yaxlitligi;
muvofiqlikni baholash organlarining ishlab chiqaruvchilardan, sotuvchilardan va xaridorlardan (isteʼmolchilardan) mustaqilligi;
muvofiqlikni majburiy baholash tartib-taomillarini amalga oshirishda sinash hamda oʻlchash qoidalarining va usullarining birligi;
davlat nazoratiga va muvofiqlikni baholashga doir vakolatlarning bir organ tomonidan birga qoʻshib bajarilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
ikki va undan ortiq davlat nazorati organida ayni bir vakolatlarning takrorlanishiga yoʻl qoʻyilmasligi.
2-bob. Texnik jihatdan tartibga solish sohasini davlat tomonidan tartibga solish
6-modda. Texnik jihatdan tartibga solish davlat tizimi
Texnik jihatdan tartibga solish davlat tizimini quyidagilar tashkil etadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
standartlashtirish boʻyicha milliy organ;
akkreditatsiya organi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari;
muvofiqlikni baholash organlari, sinash laboratoriyalari.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PF-6240-sonli Farmoni.
7-modda. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
texnik jihatdan tartibga solishning iqtisodiyotni, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish darajasiga, shuningdek ilmiy-texnik jihatdan rivojlantirish darajasiga muvofiqligini taʼminlash;
mazkur sohani rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
mazkur sohani xalqaro (mintaqaviy) standartlar bilan uygʻunlashtirish;
ilgʻor innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarini belgilaydi va ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining muvofiqlikni baholashga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturini tasdiqlaydi;
texnik reglamentlarni tasdiqlaydi, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritadi, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qiladi;
muvofiqlikni baholash organini tayinlovchi (notifikatsiya qiluvchi) organni belgilaydi, uning faoliyati sohasini va vazifalarini tasdiqlaydi;
axborot markazini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, texnik reglamentlar, standartlar, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari toʻgʻrisida xabardor qilish tartibini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarining Oʻzbekiston Respublikasida tan olinishi tartibini tasdiqlaydi;
majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan, xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar roʻyxatini tasdiqlaydi;
muvofiqlikni baholash qoidalarini, muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni roʻyxatdan oʻtkazish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, tugatish tartibini belgilaydi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalarining faoliyat yuritish tartibini belgilaydi;
davlat nazorati organlarining vakolatlarini, ularning davlat nazoratiga doir faoliyatini muvofiqlashtirish tartibini, shuningdek davlat nazorati organlarining akkreditatsiya organi bilan hamkorligi tartibini tasdiqlaydi;
tegishli cheklovchi choralarni koʻrish tartibini, xavfni baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot toʻgʻrisida tezkor ravishda oʻzaro xabar berish tizimining faoliyat koʻrsatish tartibini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturlarining loyihalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan takliflar kiritadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining texnik reglamentlarni ishlab chiqishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
texnik reglamentlarni tasdiqlash, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasini tashkil etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan tegishli texnik reglamentlarni ekspertizadan oʻtkazadi;
texnik reglamentlar talablariga rioya etilishini taʼminlaydigan hamda texnik reglamentlarda belgilangan mahsulotning muvofiqligini baholash uchun zarur boʻlgan, namunalar olish, sinash va oʻlchash usullarini belgilaydigan standartlar roʻyxatlarini tasdiqlaydi;
majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan, xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar roʻyxatini shakllantiradi, shuningdek mazkur mahsulotlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
xalqaro (mintaqaviy) standartlarning hamda texnik reglamentlarning vazirliklar va idoralar tomonidan joriy etilishini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
(9-modda ikkinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning majburiy talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan ishlab chiqaruvchilarga, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakiliga, sotuvchilarga, import qiluvchilarga yoki ijrochilarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash yuzasidan sudga murojaat qiladi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq emas deb topilgan mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar reyestrini yuritadi;
muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning reyestrini yuritadi;
mahsulotning, uni ishlab chiqarish jarayonlarining yoki usullarining texnik reglamentlar talablariga muvofiqligi prezumpsiyasini taʼminlaydigan standartlar roʻyxatini tasdiqlaydi;
texnik reglamentlarni qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni tasdiqlaydi;
texnik reglamentlarning maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;
Oʻzbekiston Respublikasining muvofiqlikni baholash natijalarini oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa masalalarga doir xalqaro shartnomalarini tuzish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari (bundan buyon matnda vakolatli davlat boshqaruvi organlari deb yuritiladi) oʻz vakolatlari doirasida:
maxsus vakolatli davlat organiga texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturlarining loyihalari boʻyicha takliflar kiritadi;
texnik reglamentlarning ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
texnik reglamentlarni qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilishini taʼminlaydi va ularni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalarini tashkil etadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan texnik reglamentlarni ekspertizadan oʻtkazadi;
texnik reglamentlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
texnik reglamentlarning maʼlumotlar bazasini shakllantirishda ishtirok etadi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari oʻz vakolatlari doirasida:
maxsus vakolatli davlat organiga texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturlarining loyihalari boʻyicha takliflar kiritadi;
texnik reglamentlar va ularni qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilishini amalga oshiradi;
texnik reglamentlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish haqida takliflar tayyorlaydi;
texnik reglamentlarning maʼlumotlar bazasini shakllantirishda ishtirok etadi;
texnik reglamentlarga rioya etilishi ustidan nazoratni qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyundagi PQ-5133-son “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
12-modda. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari maxsus vakolatli davlat organi va vakolatli davlat boshqaruvi organlari huzurida shakllantiriladi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasining tarkibiga davlat organlarining, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlaridagi tadbirkorlik subyektlarining vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlarining, laboratoriyalarning mutaxassislari, shuningdek texnik reglamentlar ekspertizasi uchun zarur boʻlgan boshqa mutaxassislar kiradi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari texnik reglamentlar loyihalarini, ularga doir oʻzgartish va qoʻshimchalarni ekspertizadan oʻtkazadi, shuningdek amaldagi texnik reglamentlarni bekor qilish boʻyicha takliflar hamda ularga oid xulosalar tayyorlaydi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalarining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori.
3-bob. Texnik reglamentlar
13-modda. Texnik reglamentlarning maqsadlari
Texnik reglamentlar quyidagi maqsadlarda qabul qilinadi:
mahsulot xavfsizligi talablarini belgilash orqali fuqarolarning hayotini yoki sogʻligʻini muhofaza qilish;
atrof-muhitni, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish;
xaridorlarni (isteʼmolchilarni) chalgʻitadigan harakatlarning oldini olish;
energiya jihatdan samaradorlikni va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlash;
savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish;
ichki va tashqi bozorlarda mahsulotning raqobatbardoshliligini oshirish.
14-modda. Texnik reglamentlarning mazmuni
Texnik reglamentlarda mahsulotning zarar yetkazish xavfi va xatari darajasi hisobga olingan holda:
biologik xavfsizlikni;
mexanik xavfsizlikni;
kimyoviy xavfsizlikni;
yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni;
yongʻin xavfsizligini;
elektr xavfsizligini;
mashinalarni va asbob-uskunalarni ishlatish (ulardan foydalanish) hamda utilizatsiya qilish xavfsizligini;
elektromagnit mosligini;
ekologik xavfsizlikni;
sanoat va ishlab chiqarish xavfsizligini;
portlash xavfsizligini;
axborot xavfsizligini;
sinash va oʻlchash usullarining birligini taʼminlovchi talablar, shuningdek mahsulot xavfsizligini taʼminlashga doir boshqa talablar belgilanishi mumkin.
Texnik reglamentlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
qaysi mahsulotlarga nisbatan xavfsizlik talablari belgilanayotgan boʻlsa, oʻsha mahsulotlarning toʻliq roʻyxatini;
xavf darajasi hisobga olingan holda aniqlanadigan muvofiqlikni baholash qoidalari, shakllari va tartib-taomillarini.
Texnik reglamentlar muvofiqlikni tasdiqlash sxemalarini, berilgan muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish tartibini, atamalarga, oʻrovga, tamgʻalashga yoki yorliqlarga doir talablarni va ularni qoʻllash qoidalarini oʻz ichiga olishi mumkin.
Texnik reglamentlarda mahsulotning konstruksiyasiga va bajarilishiga doir talablar boʻlmasligi kerak, bundan mahsulotning konstruksiyasiga va bajarilishiga nisbatan insonning hayotiga va sogʻligʻiga zarar yetkazilishi xavfi darajasi hisobga olingan holdagi talablar mavjud emasligi sababli mahsulot xavfsizligi taʼminlanmaydigan hollar mustasno.
Texnik reglamentlarda xaridorlarni (isteʼmolchilarni) ehtimol tutilgan zarar toʻgʻrisida hamda insonning hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga, hayvonot va oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazilishi xavfi qaysi omillarga bogʻliq boʻlsa, oʻsha omillar haqida xabardor qilishga taalluqli talablar mavjud boʻlishi mumkin.
Texnik reglamentlarda mahsulot xavfsizligiga doir quyidagi maxsus talablar boʻlishi mumkin:
qonunchilikda belgilangan ayrim toifadagi fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishga doir talablar;
tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda insonning hayoti va sogʻligʻini saqlashga, atrof-muhitga yetkaziladigan zararni hamda moddiy zararni kamaytirishga doir talablar, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga, davlat mulkiga tahdid soluvchi transchegaraviy xavfli ishlab chiqarish obyektlariga taalluqli talablar.
Davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan texnik reglamentlar qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.
Texnik reglamentlar tugal boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi hamda faqat ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yoʻli bilan oʻzgartirilishi hamda toʻldirilishi mumkin.
15-modda. Texnik reglamentlarni ishlab chiqish va qabul qilish tartibi
Texnik reglamentlar texnik reglamentlarni ishlab chiqishning tasdiqlangan dasturiga muvofiq ishlab chiqiladi.
Xalqaro (mintaqaviy) standartlardan texnik reglamentlar loyihalarini ishlab chiqishda toʻliq yoki qisman asos sifatida foydalanilishi kerak, bundan xalqaro (mintaqaviy) standartlar yoki ularning boʻlimlari texnik reglamentlarning ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan maqsadlariga erishish uchun samarasiz yoxud nomuvofiq boʻlgan hollar, shu jumladan iqlimga oid va geografik oʻziga xos xususiyatlar tufayli samarasiz yoki nomuvofiq boʻlgan hollar mustasno.
Xalqaro (mintaqaviy) standartlar bilan uygʻunlashtirilgan milliy standartlardan texnik reglamentlar loyihalarini ishlab chiqishda toʻliq yoki qisman foydalanilishi ham mumkin.
Texnik reglamentlar talablari ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan texnik reglament maqsadlariga nisbatan koʻproq texnik toʻsiqlarni yuzaga keltirmasligi kerak.
Texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar oʻz rasmiy veb-saytlarida texnik reglamentlar ishlab chiqilishi toʻgʻrisidagi xabarlarni ushbu reglamentlar ishlab chiqilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay eʼlon qiladi va manfaatdor taraflarni bu haqda xabardor qiladi.
Agar texnik reglamentlarni ishlab chiqish yoki texnik reglamentlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish mahsulotning importiga yoki eksportiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlsa hamda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan chet davlatlar bilan ikki tomonlama yoxud koʻp tomonlama shartnomalar tuzilgan boʻlsa, texnik reglamentlarni ishlab chiquvchi organ texnik reglamentlarni ishlab chiqish sabablarini ushbu davlatlarning soʻroviga koʻra tushuntirib berishi kerak.
Texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar texnik reglament loyihasi rasmiy veb-saytda joylashtirilgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida uning muhokama qilinishini taʼminlaydi.
Texnik reglamentni ishlab chiquvchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasining xulosasi olinganidan keyin texnik reglament loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
Texnik reglamentlar rasmiy eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran kamida olti oy oʻtgach amalga kiritiladi.
16-modda. Texnik reglamentlarni qayta koʻrib chiqish yoki bekor qilish
Texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar bu reglamentlarning dolzarbligi va ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan maqsadlarga muvofiqligi nuqtai nazaridan ularni qayta koʻrib chiqadi.
Agar texnik reglamentlarning qabul qilinishiga olib kelgan holatlar yoki sabablar boshqa mavjud boʻlmasa yoxud oʻzgargan holatlar yoki sabablar savdoga nisbatan kamroq cheklovchi taʼsir koʻrsatadigan usullardan foydalanishga imkon bersa, texnik reglamentlarga tegishli oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritiladi yoki texnik reglamentlar bekor qilinadi.
Texnik reglamentlar:
kuchga kirgan kundan eʼtiboran;
texnik reglamentlarni dastlabki tarzda qayta koʻrib chiqish natijalariga koʻra ularga kiritilgan oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar kuchga kirgan kundan eʼtiboran;
tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan dastlabki tarzda qayta koʻrib chiqish natijalariga koʻra ular oʻzgarishsiz qoldirilganligi toʻgʻrisida axborot taqdim etilgan kundan eʼtiboran besh yilda kamida bir marta qayta koʻrib chiqiladi.
17-modda. Standartlarning texnik reglamentlarga muvofiqligi prezumpsiyasi
Agar mahsulot, uni ishlab chiqarish jarayonlari yoki usullari texnik reglamentda havola berilgan standartlar talablariga javob bersa, ular texnik reglament talablariga muvofiq deb topiladi.
Mahsulotning, uni ishlab chiqarish jarayonlarining yoki usullarining texnik reglamentlar talablariga muvofiqligi prezumpsiyasini taʼminlaydigan standartlar roʻyxati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
18-modda. Texnik reglamentlarning qoʻllanilishi va oʻtish davri
Texnik reglamentlar mahsulot kelib chiqqan mamlakatdan va (yoki) joydan, shuningdek mahsulotni ishlab chiqaruvchining, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilining, sotuvchining yoki import qiluvchining mulk shaklidan qatʼi nazar, bir xil tarzda va teng qoʻllaniladi.
Agar texnik reglamentda standartga yoki uning alohida qismiga oid havola mavjud boʻlsa, mazkur standart yoki uning alohida qismi bajarilishi shart.
Texnik reglamentda uni amalga kiritishning oʻtish davri vaqtini belgilovchi muddati va shartlari nazarda tutilishi, bu davr mobaynida texnik reglamentning amalga kiritilishi hamda mahsulotning ishlab chiqarilishi bilan bogʻliq masalalar hisobga olinishi kerak.
Agar texnik reglamentga kiritilgan mahsulot muomalaga chiqariladigan boʻlsa va mazkur texnik reglament talablariga muvofiq boʻlmasa, oʻtish davri mobaynida mahsulotdan foydalanish taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin emas.
Agar texnik reglamentni qayta koʻrib chiqish yakunlariga koʻra mahsulotga doir texnik talablar oʻzgarmagan yoki ahamiyatsiz tarzda oʻzgargan boʻlsa, oʻtish davri belgilanmaydi.
Texnik reglamentlarda yoki ular tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlarda oʻtish davrining texnik reglamentlarni qoʻllashga oid boshqa shartlari ham belgilanishi mumkin.
Ishlab chiqaruvchi kuchga kirmagan texnik reglament talablarini oʻtish davri mobaynida qoʻllash, shuningdek mahsulotning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlardan foydalanish huquqiga ega.
19-modda. Texnik reglamentlarni qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalar
Texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar bir vaqtning oʻzida texnik reglamentlarni qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqadi, ushbu tavsiyalarda texnik reglamentlarda belgilangan qoidalar tushuntiriladi va ular mazkur reglamentlarning izchil qoʻllanilishini taʼminlaydi.
Texnik reglamentlarni qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalar texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilarning va tegishli uslubiy tavsiyalarni tasdiqlagan vakolatli davlat boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlariga tasdiqlangan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay joylashtiriladi.
20-modda. Xabardor qilish
Yangi texnik reglament ishlab chiqilgan yoki amaldagilariga oʻzgartishlar kiritilgan taqdirda, texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar manfaatdor taraflarni axborot markazi orqali quyidagilar toʻgʻrisida xabardor qiladi:
texnik reglamentni ishlab chiqish boshlanganligi haqida;
texnik reglament tatbiq etilishi mumkin boʻlgan mahsulot toʻgʻrisida, ushbu reglament qaysi maqsadga muvofiq ishlab chiqilayotgan boʻlsa, oʻsha maqsad tavsiflab berilgan va tushuntirilgan holda;
texnik reglamentning loyihasi boʻyicha fikr-mulohazalar olish uchun ikki oy muddat berilishi haqida.
Texnik reglamentlar, standartlar, muvofiqlikni baholash tartib-taomillari toʻgʻrisida xabardor qilish tartibi va tartib-taomillari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
4-bob. Muvofiqlikni baholash va tasdiqlash
21-modda. Muvofiqlikni baholash
Muvofiqlikni baholash mahsulotning, ishlab chiqarish jarayonlarining, xizmatlarning, menejment tizimlarining, xodimlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlashga doir faoliyatdir.
Muvofiqlikni baholash organi muvofiqlikni baholash tartib-taomillarini bajaradigan yuridik shaxsdir.
Muvofiqlikni baholash tartib-taomili texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlardagi tegishli talablarga rioya etilishini aniqlash maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita qoʻllaniladigan tartib-taomildir. Namunalar olish, sinash va tekshirish, muvofiqlikni baholash va tasdiqlash, davlat roʻyxatidan oʻtkazish, shuningdek ularning majmui muvofiqlikni baholash tartib-taomillari jumlasiga kiradi.
22-modda. Muvofiqlikni baholash obyektlari
Mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimi va xodimlar muvofiqlikni baholash obyektlaridir.
Muvofiqlikni baholash obyektlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
23-modda. Muvofiqlikni tasdiqlash shakllari
Muvofiqlikni tasdiqlash texnik reglamentlarda yoki muvofiqlikni baholash qoidalarida belgilangan muvofiqlikni baholash tartib-taomillarini qoʻllash orqali amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni tasdiqlash majburiy yoki ixtiyoriy ravishda boʻlishi mumkin.
Texnik reglamentlarda belgilangan muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
muvofiqlikni deklaratsiya qilish;
majburiy sertifikatlashtirish.
Muvofiqlikni ixtiyoriy ravishda tasdiqlash ixtiyoriy sertifikatlashtirish shaklida amalga oshiriladi.
24-modda. Muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash
Muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash orqali taʼminlanadi.
Faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarilayotgan mahsulotgina muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash obyekti boʻlishi mumkin.
Muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya va muvofiqlik sertifikati teng yuridik kuchga ega hamda muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning yoki muvofiqlik sertifikatining amal qilishi vaqtida muomalaga chiqariladigan mahsulotga nisbatan mahsulotning yaroqlilik muddati yoxud xizmat muddati davomida Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi.
Muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash ishlarining qiymati mahsulot kelib chiqqan mamlakatdan va (yoki) joydan, shuningdek arizachining maqomidan qatʼi nazar, mustaqil ravishda belgilanadi.
25-modda. Muvofiqlikni ixtiyoriy ravishda tasdiqlash
Muvofiqlikni ixtiyoriy ravishda tasdiqlash arizachining tashabbusiga koʻra arizachi va muvofiqlikni baholash organi oʻrtasidagi shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.
Mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimi hamda standartlarda va shartnomalar shartlarida qaysi boshqa obyektlarga nisbatan talablar belgilangan boʻlsa, oʻsha obyektlar muvofiqlikni ixtiyoriy ravishda tasdiqlash obyektlari boʻlishi mumkin.
Muvofiqlikni ixtiyoriy ravishda tasdiqlash standartlarga, shartnomalar shartlariga muvofiqlikni belgilash uchun amalga oshirilishi mumkin.
26-modda. Muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya
Muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya, agar texnik reglamentlarda nazarda tutilgan boʻlsa, muvofiqligi majburiy ravishda tasdiqlanishi lozim boʻlgan mahsulotga nisbatan rasmiylashtiriladi.
Muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya ikki nusxada rasmiylashtiriladi.
Muvofiqlikni deklaratsiya qilish quyidagi sxemalardan biri boʻyicha amalga oshiriladi:
muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani oʻz dalillari asosida qabul qilish;
muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani oʻz dalillari hamda muvofiqlikni baholash organi va (yoki) akkreditatsiya qilingan sinash laboratoriyasi (bundan buyon matnda uchinchi taraf deb yuritiladi) ishtirokida olingan dalillar asosida qabul qilish.
Ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani qabul qiluvchi shaxslardir.
Seriyali ishlab chiqariladigan mahsulot va mahsulot turkumi uchun muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishi muvofiqlikni tasdiqlash sxemasi bilan belgilanadi.
Rasmiylashtirilgan muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan shaxslarning arizasiga koʻra, muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning reyestrida akkreditatsiya qilish doirasi mahsulotning mazkur turini oʻz ichiga olgan muvofiqlikni baholash organi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran haqiqiy deb hisoblanadi.
Arizachilarning doirasi tegishli texnik reglamentda belgilanadi. Agar uchinchi tarafning mavjud emasligi muvofiqlikni tasdiqlash maqsadlariga erishilmasligiga olib kelsa, texnik reglamentda muvofiqlikni uchinchi taraf ishtirokida deklaratsiya qilish sxemasi belgilanadi.
Mahsulotning texnik reglamentlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun asos boʻlib xizmat qilgan texnik hujjatlardan, shaxsiy sinash va oʻlchash natijalaridan va (yoki) boshqa hujjatlardan dalil sifatida foydalaniladi.
Muvofiqlikni shaxsiy dalillar va muvofiqlikni baholash organi ishtirokida olingan dalillar asosida deklaratsiya qilish chogʻida arizachi oʻz tanloviga koʻra shaxsiy dalillaridan tashqari laboratoriyada oʻtkazilgan sinash va oʻlchash bayonnomalaridan foydalanishga, sifat menejmenti tizimining sertifikatini taqdim etishga haqli.
Sifat menejmenti tizimining sertifikatidan muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani qabul qilish chogʻida dalillar tarkibida foydalanilishi mumkin, bundan shunday mahsulot uchun texnik reglamentlarda muvofiqlikni tasdiqlashning boshqacha shakli nazarda tutilgan hol mustasno.
Muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilish muddati texnik reglamentda belgilanadi.
Muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilish muddati tugaganidan keyin muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning bir nusxasi va dalillar sifatida foydalanilgan materiallar arizachida, boshqa nusxasi esa uni roʻyxatdan oʻtkazgan muvofiqlikni baholash organida besh yil davomida saqlanadi.
Muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni roʻyxatdan oʻtkazish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
27-modda. Muvofiqlik sertifikati
Muvofiqlik sertifikati muvofiqlikni baholash obyektlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Muvofiqlikni baholash organi sertifikatlashtirishni arizachi bilan tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiradi.
Sertifikatlashtirish muvofiqlikni baholash organi tomonidan muvofiqlikni baholash obyektlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash tartib-taomilidir.
Mahsulotning muayyan turlarini sertifikatlashtirish uchun qoʻllaniladigan sertifikatlashtirish sxemalari, arizachilarning doirasi tegishli texnik reglamentlarda belgilanadi.
Muvofiqlik sertifikati, basharti tanlangan muvofiqlikni tasdiqlash sxemasiga binoan barcha tartib-taomillarning bajarilishi ijobiy natijalar bergan boʻlsa, muvofiqlikni baholash organi tomonidan arizachiga beriladi.
Muvofiqlik sertifikatini olishda ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi arizachi boʻlishi mumkin.
Muvofiqlik sertifikatining shakllari va ularni rasmiylashtirish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Muvofiqlik sertifikati muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati texnik reglamentlarda yoki muvofiqlikni tasdiqlash sxemalaridan kelib chiqqan holda, muvofiqlikni baholash qoidalarida belgilanadi.
28-modda. Muvofiqlik belgisi
Muvofiqlik belgisi muvofiqlikni baholash obyektlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqlikni tasdiqlash tartib-taomilidan oʻtganligi toʻgʻrisida xaridorlarni xabardor qilish uchun xizmat qiladi.
Muvofiqlik belgisi muvofiqlikni tasdiqlash tartib-taomilidan oʻtgan mahsulotni tamgʻalashda qoʻllaniladi.
Muvofiqlik belgisining shakli, unga doir texnik talablar va tamgʻalash tartibi milliy standartlarda belgilanadi.
Muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi muvofiqlik belgisini milliy standartlarda belgilangan, oʻzi uchun qulay boʻlgan har qanday usullarda qoʻllashga haqli.
Muvofiqligi majburiy tasdiqlanishi lozim boʻlgan va texnik reglamentlarda belgilangan talablar boʻyicha muvofiqligi tasdiqlanishdan oʻtmagan mahsulotni muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mahsulot mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan sertifikatlashtirilganda muvofiqlik sertifikatini bergan sertifikatlashtirish organi bilan tuzilgan kelishuv asosida ushbu ishlab chiqaruvchilarga va import qiluvchilarga muvofiqlik belgisini qoʻllash huquqi beriladi hamda muvofiqlik belgisidan foydalanganlik uchun toʻlov undiriladi.
29-modda. Arizachining muvofiqlikni majburiy ravishda tasdiqlash chogʻidagi huquq va majburiyatlari
Arizachi quyidagi huquqlarga ega:
mahsulotning muayyan turlari uchun tegishli texnik reglamentda nazarda tutilgan muvofiqlikni tasdiqlash shaklini va sxemasini tanlash;
akkreditatsiya qilish doirasi arizachi sertifikatlashtirishni moʻljallagan mahsulotga nisbatan tatbiq etiladigan har qanday muvofiqlikni baholash organiga majburiy sertifikatlashtirishni amalga oshirish uchun murojaat qilish;
mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash uchun texnik hujjatlardan foydalanish;
oʻziga muvofiqlik sertifikatini bergan muvofiqlikni baholash organidan sertifikatlashtirish natijalarini tasdiqlaydigan hamda taqdim etish shartlari, muddati sertifikatlashtirish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadigan hujjatlarni hamda materiallarni olish.
Arizachi:
mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini taʼminlashi;
muvofiqligi majburiy tasdiqlanishi lozim boʻlgan mahsulotni muvofiqlikni tasdiqlash ishlari amalga oshirilganidan keyin muomalaga chiqarishi;
mahsulotga ilova qilinadigan hujjatlarda muvofiqlik sertifikati yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatishi;
davlat nazorati organlariga, shuningdek manfaatdor shaxslarga mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanganligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi hujjatlarni (muvofiqlik sertifikatini, muvofiqlik haqidagi deklaratsiyani yoki ularning koʻchirma nusxalarini) yoxud muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning roʻyxatga olish raqami haqidagi axborotni taqdim etishi;
agar muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishi toʻxtatib turilgan yoxud tugatilgan boʻlsa, mahsulotning realizatsiya qilinishini toʻxtatib turishi yoki tugatishi;
sertifikatlashtirilgan mahsulotni ishlab chiqarishning texnik hujjatlariga yoki texnologik jarayonlariga kiritiladigan oʻzgartishlar toʻgʻrisida muvofiqlikni baholash organini xabardor qilishi;
muvofiqligi tasdiqlanishdan oʻtgan va texnik reglamentlar talablariga muvofiq boʻlmagan mahsulotni ishlab chiqarishni davlat nazorati organlarining qarorlari asosida oʻn ish kuniga toʻxtatib turishi;
muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilish muddati tugagan taqdirda, mahsulotning realizatsiya qilinishini toʻxtatib turishi yoki tugatishi shart, bundan mahsulotning qonunchilikka muvofiq belgilangan yaroqlilik muddati yoxud xizmat muddati davomida muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishi vaqtida chiqarilgan mahsulot mustasno.
30-modda. Mahsulotni sinash maqsadlari
Mahsulotni sinash quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
texnik reglamentlarda va standartlarda koʻrsatilgan mahsulot namunasining muvofiqligini tasdiqlash tavsiflarini aniqlash;
agar sinash muvofiqlikni tasdiqlash doirasidagi tartib-taomil boʻlsa, muvofiqlikni tasdiqlash amalga oshirilishini taʼminlash.
Sinash, agar bu muvofiqlikni sertifikatlashtirish yoki deklaratsiya qilishda qoʻllaniladigan muvofiqlikni tasdiqlash sxemasida nazarda tutilgan boʻlsa, muvofiqlikni baholash doirasidagi tartib-taomildir. Sinash, agar bu texnik reglamentlarda nazarda tutilgan boʻlsa, muvofiqlikni baholashning mustaqil shaklidir.
Sinash, agar bu muvofiqlikni sertifikatlashtirish yoki deklaratsiya qilish chogʻida qoʻllaniladigan muvofiqlikni tasdiqlash sxemasida nazarda tutilgan boʻlsa, akkreditatsiya sohasiga muvofiq akkreditatsiya qilingan laboratoriya tomonidan amalga oshiriladi.
31-modda. Muvofiqlikni baholash organlariga qoʻyiladigan talablar va ularning majburiyatlari
Muvofiqlikni baholash organi va uning xodimlari oʻzi baholaydigan mahsulotni loyihalashtirish, ishlab chiqarish, yetkazib berish, oʻrnatish, ishlatish yoki unga texnik xizmat koʻrsatish uchun javobgar boʻlmasligi kerak.
Majburiy sertifikatlashtirishni amalga oshirish chogʻida mahsulotni sinash va oʻlchash akkreditatsiya qilingan sinash laboratoriyalari tomonidan oʻtkazilishi kerak hamda ularning natijalari bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi.
Muvofiqlikni baholash organlari sinash laboratoriyalariga arizachi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etishga haqli emas.
Muvofiqlikni baholash organi sinash laboratoriyasi tomonidan berilgan bayonnomalar asosida muvofiqlik sertifikatini berish toʻgʻrisida yoki uni berishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
32-modda. Chet davlatlarning muvofiqlikni baholash organlari tomonidan berilgan muvofiqlikni baholash natijalarini tan olish
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida oʻtkazilgan muvofiqlikni baholash natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida tan olish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hisobga olingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-oktabrdagi 292-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida eʼtirof etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
33-modda. Mahsulotni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majburiy ravishda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan, xavf darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlarning roʻyxatini tasdiqlaydi.
Mahsulotni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga faqat, agar mahsulot Oʻzbekiston Respublikasida isteʼmol qilish (foydalanish) uchun xavfsiz boʻlsa, ruxsat beriladi.
Maxsus vakolatli davlat organi mahsulotni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga va mazkur mahsulotdan xavfsiz foydalanish boʻyicha yoʻriqnomani davlat tilida ishlab chiqishga doir talablarni belgilaydi.
34-modda. Muvofiqlikni baholash organini tayinlash (notifikatsiya qilish)
Tayinlash (notifikatsiya qilish) sohasi muvofiqlikni baholash tartib-taomillarining va mahsulot turlarining roʻyxati boʻlib, tegishli texnik reglamentga muvofiq ularga nisbatan muvofiqlikni baholash organi tayinlanadi.
Muvofiqlikni baholash organlari quyidagi hollarda muvofiqlikni baholash tartib-taomillarini tegishli texnik reglamentlarga binoan uchinchi taraf sifatida bajarish uchun tayinlanishi (notifikatsiya qilinishi) mumkin, basharti ular:
mulk shakllaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari — yuridik shaxslar boʻlsa;
soʻnggi uch yil davomida mahsulotning muvofiqligini baholash ishlarini bajarish tajribasiga ega boʻlsa;
belgilangan soha doirasida mahsulotni sinashni amalga oshirish uchun akkreditatsiya qilingan oʻz sinash laboratoriyalariga ega boʻlsa;
muvofiqlikni baholash tartib-taomillarini tayinlangan (notifikatsiya qilingan) organlarni jalb etgan holda qoʻllash nazarda tutilgan tegishli texnik reglamentlarda belgilangan maxsus talablarga, bunday talablar texnik reglamentlarda belgilanmagan taqdirda esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan maxsus talablarga muvofiq boʻlsa.
Tayinlovchi organ:
muvofiqlikni baholash organlari bilan manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlmasligini taʼminlashi;
oʻzining tayinlash toʻgʻrisidagi qarorlari begʻarazligini kafolatlashi;
muvofiqlikni baholash organini tayinlashga taalluqli boʻlgan har bir qarorning muvofiqlikni baholash organi bilan affillanmagan vakolatli shaxslar va muvofiqlikni baholashni amalga oshirayotgan shaxslar tomonidan qabul qilinishini taʼminlashi;
olingan axborotning maxfiyligini taʼminlashi kerak.
5-bob. Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish
35-modda. Davlat nazorati organlari
Texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati davlat nazorati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Davlat nazorati organlarining vakolatlari, ularning texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratiga doir faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi, shuningdek davlat nazorati organlarining akkreditatsiya organi bilan hamkorligi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat nazoratini amalga oshirish chogʻida tekshirishlar qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti toʻgʻrisidagi nizom.
Nazorat choralari texnik reglamentlarda belgilangan talablar asosida, mahsulot muomalaga chiqarilayotgan (isteʼmolchiga realizatsiya qilinayotgan) bosqichda amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar texnik reglamentlarda mahsulotni loyihalashtirish, ishlab chiqarish, montaj qilish, ishga tushirish, undan foydalanish, uni saqlash, tashish, realizatsiya hamda utilizatsiya qilish bilan bogʻliq jarayonlarga doir talablar mavjud boʻlsa, ushbu talablarning bajarilishini taʼminlashga doir nazorat choralari ham qabul qilinishi kerak.
Namunalarni olish, tekshirish, sinash va (yoki) oʻlchash tarzidagi nazoratni amalga oshirishda davlat nazorati organlari tegishli texnik reglamentlarda belgilangan sinash va oʻlchash usullaridan foydalanadi.
Xavfni baholashning aniq mezonlari, davlat nazorati organlari tegishli cheklovchi choralarni tanlaydigan shartlar va holatlar belgilanishi kerak boʻlgan cheklovchi choralarni koʻrish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-martdagi 114-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida davlat nazorati departamenti toʻgʻrisidagi nizom.
36-modda. Davlat nazorati organlarining huquq va majburiyatlari
Davlat nazorati organlari quyidagi huquqlarga ega:
ishlab chiqaruvchidan, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilidan, sotuvchidan va import qiluvchidan muvofiqlik sertifikatining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning roʻyxatdan oʻtkazish raqami haqida axborot taqdim etilishini, agar bunday hujjatlarning mavjud boʻlishi tegishli texnik reglamentda nazarda tutilgan boʻlsa, talab qilish;
qonunchilikda belgilangan tartibda nazorat tadbirlarini amalga oshirish;
texnik reglamentlar talablarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida ishlab chiqaruvchiga, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakiliga, sotuvchiga va import qiluvchiga koʻrsatmalar berish;
muvofiqlik sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish zarurligi toʻgʻrisidagi axborotni sertifikatni bergan muvofiqlikni baholash organiga va maxsus vakolatli davlat organiga yuborish;
muvofiqlikni baholash organiga muvofiqlik sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisida, deklaratsiyani qabul qilgan shaxsga muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish haqida koʻrsatma berish hamda muvofiqlik sertifikatining, muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoxud tugatish haqida koʻrsatma berilganligi toʻgʻrisidagi axborotni akkreditatsiya organiga yuborish;
ishlab chiqaruvchini, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilini, sotuvchini va import qiluvchini ushbu Qonunda hamda qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikka tortish;
ishlab chiqaruvchidan, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilidan, sotuvchidan va import qiluvchidan mahsulotning texnik reglament talablariga muvofiqligini majburiy tasdiqlashni amalga oshirish chogʻida foydalanilgan dalillar hamda boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qilish;
muvofiqlik sertifikatining, muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib turish, tugatish haqida qaror qabul qilish;
texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulotni muomalaga chiqarishni taqiqlash yoki toʻxtatib turish, muomaladan chiqarish yoki chaqirib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilish hamda ushbu qaror haqida oʻz vakolatlariga muvofiq tegishli davlat nazorati organlarini xabardor qilish va (yoki) ushbu mahsulotdan foydalanishni qoidabuzarliklar bartaraf etilguniga qadar taqiqlash;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralarni zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qoʻllash.
Davlat nazorati organlari:
nazorat tadbirlari davomida texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash boʻyicha tushuntirish ishlarini amalga oshirishi, mavjud texnik reglamentlar haqida xabardor qilishi;
tijorat sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etmasligi;
qonunchilikda belgilangan nazorat tadbirlarini amalga oshirish va bunday tadbirlar natijalarini rasmiylashtirish tartibiga rioya etishi;
texnik reglamentlar talablarining buzilishlari oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan nazorat tadbirlari natijalariga asosan choralar koʻrishi;
mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi axborotni ishlab chiqaruvchiga, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakiliga, sotuvchiga va import qiluvchiga yuborishi shart.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-martdagi 177-son “Standartlashtirish faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
37-modda. Davlat nazorati organlarining va ular mansabdor shaxslarining javobgarligi
Davlat nazorati organlari va ularning mansabdor shaxslari nazorat tadbirlari oʻtkazilayotganda oʻz vakolatlarini (xizmat vazifalarini) bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan yoki gʻayrihuquqiy harakatlar (harakatsizlik) sodir etgan taqdirda, belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat nazorati organlari aybdor boʻlgan oʻz mansabdor shaxslariga nisbatan koʻrilgan choralar toʻgʻrisida huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan tadbirkorlik subyektlariga bir oy ichida xabar qilishi shart.
38-modda. Mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi axborot
Muomalaga chiqarilgan mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi yoki ijrochi mazkur axborot olingan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida bu haqda davlat nazorati organiga xabar qilishi shart.
Muomalaga chiqarilgan mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi axborotni olgan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi yoki ijrochi uni ishlab chiqaruvchiga oʻn kun ichida yetkazishi shart.
Ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi yoki ijrochi hisoblanmaydigan va muomalaga chiqarilgan mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan shaxs ushbu axborotni davlat nazorati organiga yuborishga haqli.
Davlat nazorati organi muomalaga chiqarilgan mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi axborotni olgach, axborot kelib tushganligi haqida ishlab chiqaruvchini, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilini, sotuvchini, import qiluvchini yoki ijrochini besh kun ichida xabardor qilishi shart.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq emas deb topilgan mahsulotlar reyestridan mahsulotni u mazkur reyestrga kiritilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida chiqarish, shuningdek mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi va import qiluvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va erkin muomalaga chiqarish taqiqlanadi.
39-modda. Mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisida axborot olingan taqdirda ishlab chiqaruvchining, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilining, sotuvchining va import qiluvchining majburiyatlari
Agar amalga oshiriladigan tadbirlar mazmunidan uzoqroq muddatni belgilash zarurati kelib chiqmasa, ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi axborot olingan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu axborotning ishonchliligini tekshirishi shart. Ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi mazkur tekshiruv materiallarini davlat nazorati organining talabiga koʻra ushbu organga taqdim etishi shart.
Mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi axborotning ishonchliligi tasdiqlangan taqdirda, ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi zarar yetkazilishining oldini olish boʻyicha tadbirlar dasturini bunday axborotning ishonchliligi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran oʻn kun ichida ishlab chiqishi va ushbu dasturni oʻz vakolatlariga muvofiq davlat nazorati organi bilan kelishishi shart.
Zarar yetkazilishining oldini olish boʻyicha tadbirlar dasturi xaridorlarni (isteʼmolchilarni) zarar yetkazilishi xavfi mavjudligi va uni bartaraf etish usullari, shuningdek bunday tadbirlarni amalga oshirish muddatlari toʻgʻrisida xabardor qilishga doir tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
Agar zarar yetkazilishini bartaraf etish uchun qoʻshimcha xarajatlarni amalga oshirish zarur boʻlsa, ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi zarar yetkazilishini bartaraf etishga doir barcha tadbirlarni oʻz hisobidan amalga oshirishi shart, ularni amalga oshirish mumkin boʻlmagan taqdirda esa, mahsulotning chaqirib olinishi toʻgʻrisida eʼlon qilishi va xaridorlarga mahsulot chaqirib olinishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashi shart.
Mahsulotning nuqsonlarini bartaraf etish, shuningdek uni nuqsonlar bartaraf etiladigan joyga yetkazish hamda xaridorlarga va (yoki) isteʼmolchilarga qaytarish ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi tomonidan oʻz hisobidan amalga oshiriladi.
Mahsulotni muomaladan chiqarish sotuvchilar tomonidan oʻz tasarrufidagi tegishli mahsulotning ushbu mahsulotni ishlab chiqaruvchiga qaytarilishini va xaridorlarga (isteʼmolchilarga) bunday mahsulotni taklif etish tugatilishini nazarda tutadi.
Mahsulotni chaqirib olish xaridorlarga (isteʼmolchilarga) sotib boʻlingan tegishli mahsulotning uni ishlab chiqaruvchiga qaytarilishini nazarda tutadi.
Agar zarar yetkazilishi xavfini belgilangan tadbirlarni amalga oshirish orqali bartaraf etish mumkin boʻlmasa, ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi mahsulotni ishlab chiqarishni va realizatsiya qilishni darhol toʻxtatishi, mahsulotni chaqirib olishi hamda mahsulot chaqirib olinishi munosabati bilan yuzaga kelgan zararlarning oʻrnini xaridorlarga (isteʼmolchilarga) qoplashi, mahsulotga doir muvofiqlik toʻgʻrisidagi sertifikatning yoki muvofiqlik haqidagi deklaratsiyaning amal qilishini darhol tugatishi shart.
Ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi zarar yetkazilishini bartaraf etishga doir tadbirlar dasturining butun amalga oshirilish davrida xaridorlarga (isteʼmolchilarga) zarur harakatlar toʻgʻrisida tezkor axborot olish imkoniyatini oʻz hisobidan taʼminlashi shart.
40-modda. Mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisida axborot olingan taqdirda davlat nazorati organlarining harakatlari
Mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisida axborot olingan taqdirda davlat nazorati organlari olingan axborotning ishonchliligini tekshirishni mumkin qadar qisqa muddatlarda amalga oshiradi.
Olingan axborotning ishonchliligini tekshirishni amalga oshirish chogʻida davlat nazorati organlari:
mahsulot toʻgʻrisidagi yoki mahsulotga doir talablar bilan bogʻliq boʻlgan mahsulotni loyihalashtirish, ishlab chiqarish, montaj qilish, ishga tushirish, undan foydalanish, uni saqlash, tashish, realizatsiya hamda utilizatsiya qilish jarayonlari toʻgʻrisidagi qoʻshimcha axborotni, shu jumladan majburiy muvofiqlikni tasdiqlashni amalga oshirish chogʻida oʻtkazilgan tadqiqotlar (sinash) va oʻlchash natijalarini ishlab chiqaruvchidan, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilidan, ijrochidan, sotuvchidan, import qiluvchidan va boshqa shaxslardan soʻrab olishga;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga soʻrovlar yuborishga;
zarur boʻlganda, mutaxassislarni olingan materiallarni tahlil qilish uchun jalb etishga;
ishlab chiqaruvchidan, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilidan, sotuvchidan, import qiluvchidan mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini majburiy ravishda tasdiqlashni amalga oshirish chogʻida foydalanilgan dalillarni va boshqa hujjatlarni soʻrab olishga haqli.
Mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi axborotning ishonchliligi tasdiqlangan taqdirda, davlat nazorati organi ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi tomonidan zarar yetkazilishini bartaraf etishga doir tadbirlar dasturini oʻn kun ichida ishlab chiqish haqida oʻz vakolatlariga muvofiq koʻrsatma beradi, uni bajarishga koʻmaklashadi va uning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Davlat nazorati organi zarar yetkazilishini bartaraf etishga doir tadbirlar dasturining bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish chogʻida:
zarar yetkazilishini bartaraf etishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari va tartibi toʻgʻrisidagi axborotni tarqatishga koʻmaklashadi;
ishlab chiqaruvchidan, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilidan, sotuvchidan, import qiluvchidan va boshqa shaxslardan zarar yetkazilishini bartaraf etishga doir tadbirlar dasturida koʻrsatilgan tadbirlar amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni soʻrab oladi;
zarar yetkazilishini bartaraf etishga doir tadbirlar dasturida koʻrsatilgan muddatlarga rioya etilishini tekshiradi.
Texnik reglamentlar talablariga muvofiq boʻlmagan mahsulotdan foydalanish chogʻida fuqarolarning hayotiga va sogʻligʻiga zarar yetkazilishini yoxud shunday zarar yetkazilishi xavfini bartaraf etish boʻyicha zudlik bilan choralar koʻrish zarur boʻlgan taqdirda, davlat nazorati organi:
ushbu mahsulotning realizatsiya qilinishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida koʻrsatma beradi;
bu mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi va ushbu mahsulotdan foydalanish chogʻida fuqarolarning hayotiga yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilishi xavfi toʻgʻrisida xaridorlarni (isteʼmolchilarni) ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qiladi;
ushbu mahsulotni majburiy ravishda chaqirib olish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilish haqida qaror qabul qiladi.
Ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi davlat nazorati organining harakatlari ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
Davlat nazorati organi harakatlarining gʻayriqonuniyligi toʻgʻrisida sud qarori qabul qilingan taqdirda, davlat nazorati organining harakatlari tufayli ishlab chiqaruvchiga, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakiliga, sotuvchiga, import qiluvchiga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi lozim.
41-modda. Mahsulotni majburiy ravishda chaqirib olish
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan koʻrsatma bajarilmagan taqdirda, davlat nazorati organi oʻz vakolatlariga muvofiq, shuningdek zarar yetkazilishini bartaraf etishga doir tadbirlar dasturi ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi tomonidan bajarilmaganligi haqida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan boshqa shaxslar mahsulotni majburiy ravishda chaqirib olish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Mahsulotni majburiy ravishda chaqirib olish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi qanoatlantirilgan taqdirda, sudning qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay javobgar tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqacha usulda xaridorlar (isteʼmolchilar) eʼtiboriga yetkaziladi.
Javobgar sudning qarorini sud tomonidan belgilangan muddatda bajarmagan taqdirda, sudning qarorini bajarish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda daʼvogar mahsulotning majburiy ravishda chaqirib olinishi toʻgʻrisida xaridorlarni (isteʼmolchilarni) ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqacha usulda xabardor qilishga haqli.
6-bob. Ishlab chiqaruvchining, sotuvchining, import qiluvchining majburiyatlari
42-modda. Ishlab chiqaruvchining majburiyatlari
Ishlab chiqaruvchilar:
xavfsiz mahsulotni muomalaga chiqarishi;
muvofiqlikni baholash tartib-taomilining amalga oshirilishini texnik reglamentga muvofiq taʼminlashi;
texnik hujjatlarni tuzishi va muayyan vaqt davomida ularni saqlashi;
muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani texnik reglamentga muvofiq tuzishi va taqdim etishi hamda uni koʻrsatilgan vaqt davomida saqlashi;
agar texnik reglamentda nazarda tutilgan boʻlsa, ushbu Qonun talablariga binoan muvofiqlik belgisini qoʻyishi shart.
Ishlab chiqaruvchi mahsulotga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq mahsulotni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi turkum yoki seriya raqamini qoʻyishi shart. Agar mahsulotning oʻlchami yoki boshqa xususiyatlari tufayli ishlab chiqaruvchi turkum yoki seriya raqamini qoʻya olmasa, u oʻrovda yoki mahsulotga ilova qilinadigan hujjatlarda koʻrsatilishi kerak.
Ishlab chiqaruvchining ayrim majburiyatlari shartnomaga muvofiq ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Ishlab chiqaruvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
43-modda. Sotuvchining majburiyatlari
Sotuvchi:
mahsulotga texnik reglamentga muvofiq muvofiqlik belgisi qoʻyilganligini tekshirishi;
texnik reglamentga muvofiq davlat tilidagi qoʻshimcha hujjatlar va mahsulot xavfsizligi toʻgʻrisidagi axborot mavjudligini tekshirishi;
saqlash va transportda tashish shart-sharoitlari mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini xavf ostiga qoʻymasligini mahsulot realizatsiya qilinguniga qadar kafolatlashi shart.
Agar sotuvchi mahsulot texnik reglamentlar talablariga javob bermaydi deb hisoblasa, u mahsulotni texnik reglament talablariga muvofiqlashtirish maqsadida tuzatish choralarini koʻrishi shart.
Agar koʻrilgan tuzatish choralaridan keyin mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi bartaraf etilmasa, sotuvchi ishlab chiqaruvchini, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilini yoki import qiluvchini, shuningdek davlat nazorati organlarini bu haqda xabardor qilishi shart.
44-modda. Import qiluvchining majburiyatlari
Import qiluvchi:
texnik reglament talablariga javob beradigan mahsulotni bozorda joylashtirishi;
mahsulotni muomalaga chiqarishda ishlab chiqaruvchi nazarda tutilgan muvofiqlikni tasdiqlash tartib-taomilini amalga oshirganligini, texnik hujjatlarni ishlab chiqqanligini, texnik reglament talablariga muvofiq mahsulotga muvofiqlik belgisini qoʻyganligini kafolatlashi;
mahsulotning texnik reglament talablariga muvofiq emasligini bartaraf etish uchun saqlash yoki transportda tashish shart-sharoitlarini nazorat qilishi shart.
Agar import qiluvchi mahsulot texnik reglament talablariga javob bermaydi deb hisoblasa, u mahsulot bozorga joylashtirilguniga qadar uning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tuzatish choralarini koʻrishi shart.
Agar koʻrilgan tuzatish choralaridan keyin mahsulotning texnik reglamentlar talablariga muvofiq emasligi bartaraf etilmasa, import qiluvchi bu haqda ishlab chiqaruvchini va davlat nazorati organlarini xabardor qilishi shart.
45-modda. Yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot toʻgʻrisida tezkor ravishda oʻzaro xabar berish tizimi
Yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot toʻgʻrisida axborot almashish maqsadida davlat nazorati organlari oʻrtasida yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot haqida tezkor ravishda oʻzaro xabar berish tizimi yaratiladi va faoliyat koʻrsatadi.
Yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot toʻgʻrisida tezkor ravishda oʻzaro xabar berish tizimi davlat nazorati organlari yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulotni aniqlagan taqdirda, ular tomonidan taqdim etiladigan xabarlardan shakllantiriladi.
Yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot toʻgʻrisidagi xabar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
tegishli mahsulotni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maʼlumotlarni;
mahsulot keltirib chiqaradigan xavfning tavsifini, bunday mahsulot namunalarini sinash natijasini;
xavfni bartaraf etish uchun koʻrilgan choralarning (agar bunday choralar koʻrilgan boʻlsa), shu jumladan ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi va (yoki) import qiluvchi tomonidan oʻz tashabbusiga koʻra koʻrilgan choralarning xususiyati va davomiyligi toʻgʻrisidagi axborotni;
ushbu mahsulotning kelib chiqishi va bozorga yetkazib berilishi zanjiri haqidagi axborotni;
xalqaro, mintaqaviy va chet el xabar qilish tizimlari yordamida yoki boshqa davlatlarning vakolatli organlaridan boshqacha tarzda olingan maʼlumotlarni.
Yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot toʻgʻrisida tezkor ravishda oʻzaro xabar berish tizimidagi maʼlumotlar davlat nazorati organlari, bojxona organlari, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazorati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari foydalanishi uchun ochiq boʻlishi kerak.
Yuqori xavf tugʻdiradigan mahsulot haqida tezkor ravishda oʻzaro xabar berish tizimining faoliyat koʻrsatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
7-bob. Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
46-modda. Qonunchilikda va texnik reglamentda belgilangan majburiy talablarga rioya etilmagan taqdirda ishlab chiqaruvchining, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakilining, sotuvchining, import qiluvchining javobgarligi
Belgilangan tartibda ogohlantirish olganidan keyin texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun jismoniy shaxslar qonunchilikka muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Belgilangan tartibda ogohlantirish olganidan keyin texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi huquqbuzarlikni davom ettirganlik yoki bartaraf etmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
Ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi tomonidan qonunchilikda va texnik reglamentda mahsulotga doir nazarda tutilgan majburiy talablarga rioya etilmagan taqdirda, ularga nisbatan:
huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda — majburiy talablarga muvofiq boʻlmagan, realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining ellik foizigacha miqdorda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi;
xuddi shunday huquqbuzarlik ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida takroran sodir etilganda — majburiy talablarga muvofiq boʻlmagan, realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining yuz foizigacha miqdorda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qoʻllaniladi, bundan mahsulotni ishlab chiqaruvchilar, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakillari, sotuvchilar yoki import qiluvchilar sodir etilgan huquqbuzarlikda aybdorligini tan olgan va moliyaviy sanksiyalar summasi bir oy muddatda ixtiyoriy ravishda toʻlangan hollar mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan mahsulotning kamida yetmish foizini qonunchilikda belgilangan tartibda chaqirib olgan ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalardan ozod qilinadi.
(46-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-oktabrdagi OʻRQ-1088-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2025-y., 03/25/1088/0948-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 19-yanvar)
Undirilgan jarima summasining ellik foizi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga, qolgan qismi esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi.
Agar mahsulotga, uni ishlab chiqarish jarayonlariga yoki usullariga nisbatan qonunchilikda va texnik reglamentda belgilangan majburiy talablarga ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi tomonidan rioya etilmaganligi natijasida fuqarolarning hayotiga yoki sogʻligʻiga, jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga, davlat mulkiga, atrof-muhitga, hayvonlarga yoki oʻsimliklarga zarar yetkazilsa yoki shunday zarar yetkazilishi xavfi yuzaga kelsa, ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi, import qiluvchi, ijrochi yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikka muvofiq qoplashi hamda boshqa shaxslarga, ularning mol-mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida choralar koʻrishi shart.
Zararning oʻrnini qoplash majburiyati shartnoma yoki taraflardan birining arizasi bilan cheklanishi mumkin emas.
Ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyani qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan ushbu Qonunga muvofiq shikoyat qilinishi mumkin.
Jarimani toʻlash yuridik shaxslarni mahsulot xaridorlariga (isteʼmolchilariga) yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.
47-modda. Muvofiqlikni baholash organlarining javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
Muvofiqlikni baholash qoidalarini buzgan muvofiqlikni baholash organi va uning mansabdor shaxslari qonunga hamda sertifikatlashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq javobgar boʻladi.
(47-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-oktabrdagi OʻRQ-1088-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2025-y., 03/25/1088/0948-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 19-yanvar)
Akkreditatsiya qilingan sinash laboratoriyalari (markazlari) tadqiqotlarning (sinashning) va oʻlchash natijalarining ishonchsizligi yoki notoʻgʻriligi uchun qonunga hamda shartnomaga muvofiq javobgar boʻladi.
Muvofiqlikni baholash natijalari boʻyicha huquqbuzarliklar aniqlangan hollarda huquqbuzarlik aniqlanganligi toʻgʻrisida davlat nazorati organlarining mansabdor shaxslari tomonidan bayonnoma tuziladi, bayonnoma maʼmuriy jazoni va jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash uchun asos boʻlib, rahbarning, boshqa masʼul mansabdor shaxslarning tushuntirishlari hamda huquqbuzarlik sodir etilganligi bilan bogʻliq hujjatlar bilan birga uch ish kuni ichida sudga topshiriladi.
Huquqbuzarliklar uchun jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar miqdori huquqbuzarlikning xavf darajasiga va davomiyligiga qarab quyidagicha belgilanadi:
mahsulotning muvofiqligi notoʻgʻri deklaratsiya qilinganligi, muvofiqligi tasdiqlanishi shart boʻlgan, ilk bor muomalaga chiqarilayotgan mahsulotning muvofiqligi notoʻgʻri deklaratsiya qilinganligi yoki standartlar mavjud emasligi natijasida yoki ushbu mahsulotga nisbatan texnik reglamentlar talablari qoʻllanilganligi uchun mavjud standartlarni qoʻllab boʻlmasligi natijasida mahsulot shaxsiy dalillar asosida notoʻgʻri deklaratsiya qilinganligi aniqlanganda — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar;
muvofiqlik sertifikatini berishni asossiz ravishda rad etganlik, muvofiqlik sertifikatining yoxud muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning amal qilishini asossiz ravishda toʻxtatib turganlik yoki tugatganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar;
sertifikatlashtirish ishlarini bajarishda belgilangan tartib-taomillar buzilgan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar;
sinash laboratoriyasi tomonidan mahsulotning muvofiqligini baholash maqsadida amalga oshirilgan sinash natijalarining notoʻgʻri taqdim etilganligi va xolislikni taʼminlamasligi aniqlanganda — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar.
Ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalarni toʻlash yuridik shaxsni mahsulot isteʼmolchilariga yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
48-modda. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlarni moliyalashtirish
Texnik reglamentlarni ishlab chiqishni, qayta koʻrib chiqishni, texnik reglamentlarni qoʻllashga doir uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishni, davlat nazoratini amalga oshirishni, shuningdek vakolatli davlat organlarining standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etishini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturida nazarda tutilmagan texnik reglamentlarni ishlab chiqishga oid ishlarni budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
49-modda. Nizolarni hal etish
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
50-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilsin:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Metrologiya toʻgʻrisida”gi 1004-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 7-aprelda qabul qilingan OʻRQ-614-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 4, 254-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) 28-moddasiga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
birinchi qismdagi “texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning” degan soʻzlar “oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga doir normativ hujjatlarning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismdagi “texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning” degan soʻzlar “oʻlchashlarning yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga doir normativ hujjatlarning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi 221-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 59-modda; 2002-yil, № 4-5, 74-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 413-modda; 2006-yil, № 10, 536-modda; 2008-yil, № 4, 183-modda; 2010-yil, № 10, 380-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 12, 891-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 1, 4-modda) 1-moddasining sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“normativ hujjatlar — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda boshqa hujjatlar (shaharsozlik normalari va qoidalari, davlat farmakopeyasi hamda farmakopeya maqolalari), texnik tavsiflar, retsepturalar, shuningdek tovarning (ishning, xizmatning) sifatiga va xavfsizligiga doir majburiy talablarni oʻz ichiga olgan boshqa hujjatlar”.
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi 1006-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 2, 50-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 1007-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 2, 51-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 31-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 125-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 7-8, 217-modda.) IV boʻlimi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 25-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 482-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 5, 67-modda) IX boʻlimi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 6-aprelda qabul qilingan “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish tartib-taomillari soddalashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-31-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 157-modda) 1-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-59-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) 6-moddasi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 23-aprelda qabul qilingan “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-213-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 4, 140-modda);
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 4-oktabrda qabul qilingan “Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida”gi OʻRQ-354-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 10, 262-modda);
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-355-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 10, 263-modda) 6-moddasi;
10) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-381-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 12, 343-modda) 5-moddasi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-391-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 312-modda) 43-moddasi;
12) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 20-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-401-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 1, 2-modda) 1-moddasi;
13) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 25-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-405-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 4, 125-modda) 22-moddasi;
14) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-416-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 12, 383-modda) 20 va 24-moddalari;
15) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-436-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 6, 300-modda) 32-moddasi;
16) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-446-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 68 va 72-moddalari;
17) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Baʼzi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-597-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 891-modda) 15 va 18-moddalari;
18) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-666-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 1, 13-modda) 9-moddasi;
19) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 38, 194 va 219-moddalari.
51-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
52-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
53-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 27-fevral,
OʻRQ-819-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.02.2023-y., 03/23/819/0113-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 18.10.2025-y., 03/25/1088/0948-son)