Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.07.2026
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni ko‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 1-martdagi PF-81-son Farmoni va 2022-yil 21-sentabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-376-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 1-martdagi PF-81-son Farmoni bilan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) sifatida qayta tashkil etilganligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) tuzilmasiga o‘tkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamg‘armaning maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari;
Jamg‘armani boshqarish, uning mablag‘larini shakllantirish hamda faoliyat yuritish tartibi;
Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari, mablag‘larni boshqarish va taqsimlash tartibi;
Jamg‘arma xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish shartlari;
Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari hisobining yuritilishi, Jamg‘arma tomonidan ajratiladigan mablag‘larning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish tartibi.
3. Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasining vasiylik kengashi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Jamg‘arma Vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi) Jamg‘armaning oliy boshqaruv organi, Jamg‘arma Ijro etuvchi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Direksiya) esa uning ijro organi hisoblanadi;
Direksiya ijrochi direktori O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining tavsiyasiga asosan Vasiylik kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Direksiya Jamg‘arma faoliyati natijalari bo‘yicha har yil yakunida Vasiylik kengashiga, har chorak yakunida — Qo‘mita raisiga hisobot taqdim etadi;
Direksiya ijrochi direktori Qo‘mitaning boshqarma boshlig‘iga, uning o‘rinbosari — boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosariga, boshqa xodimlar esa mos ravishda Qo‘mitaning boshqa xodimlariga tenglashtiriladi;
Jamg‘arma xodimlariga Qo‘mita xodimlari uchun Davlat budjeti hisobidan to‘lanadigan mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilish shartlari tatbiq etiladi hamda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
Jamg‘arma Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalar bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
5. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Qo‘mitaning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
6. Vasiylik kengashi:
Jamg‘armaning har yillik daromadlari va xarajatlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni tasdiqlab borish;
Jamg‘armaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun manfaatdor vazirlik va idoralarni jalb etish;
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanish bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatish choralarini ko‘rsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z.B. Maxkamova bir oy muddatda Direksiya shtat jadvalini uning boshqaruv xodimlari sonini 6 nafardan oshirmagan holda tasdiqlash hamda Direksiyani saqlash bilan bog‘liq xarajatlarning samaradorligini oshirish choralarini ko‘rsin.
8. Qo‘mita bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2021-yil 14-apreldagi 210-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z.B. Mahkamova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-noyabr,
645-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-noyabrdagi 645-son qaroriga
1-ILOVA
Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini, Jamg‘armani boshqarish, uning mablag‘larini shakllantirish va faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Vasiylik kengashining (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi), O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) buyruq va qarorlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
3. Jamg‘arma Qo‘mita tuzilmasiga kiruvchi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, Moliya vazirligining G‘aznachiligida hisobvaraqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan blankaga va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
4. Jamg‘armaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi;
qisqartirilgan nomi — Oila va xotin-qizlar jamg‘armasi;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Gosudarstvenniy selevoy fond podderjki semi i jenshin;
qisqartirilgan nomi — Fond podderjki semi i jenshin;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — State fund for family and women support;
qisqartirilgan nomi — Family and women fund.
2-bob. Jamg‘armaning maqsadi va vazifalari hamda huquq va majburiyatlari
5. Jamg‘armaning asosiy maqsadi xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam ko‘rsatish, oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ularga ko‘maklashish va rag‘batlantirishdan iborat.
6. Jamg‘armaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablag‘larini belgilangan tartibda joylashtirish;
xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish;
og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan farzandlarini tarbiyalayotgan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila a’zosi bo‘lgan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlang‘ich badalini qaytarmaslik sharti bilan to‘lab berish;
(6-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lig‘ini saqlash, xotin-qizlar sportini rivojlantirish, ularning mehnat va o‘qish sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish.
7. Jamg‘arma o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu Nizomda nazarda tutilgan faoliyatni ta’minlash uchun Vasiylik kengashining qarori asosida mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan Jamg‘arma vakolatlariga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur axborotlarni so‘rash va olish;
G‘aznachilikdagi o‘z hisobvaraqlarida ushbu Nizomda belgilangan manbalardan tushadigan mablag‘larni jamg‘arish;
Jamg‘arma tomonidan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish, huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat etish hamda Jamg‘armani saqlash hamda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni qoplash bilan bog‘liq xarajatlardan tashqari barcha moliyalashtirishni belgilangan tartibda to‘xtatish;
vaqtincha bo‘sh pul mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklarida depozitlarga joylashtirish;
Jamg‘arma vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
Jamg‘arma qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
8. Jamg‘arma o‘z vakolatlarini amalga oshirayotganda:
qonunchilik hujjatlari, ushbu Nizom talablari, Qo‘mita va Vasiylik kengashi qarorlarini to‘liq hamda o‘z vaqtida bajarishi;
Jamg‘arma mablag‘larining ushbu Nizom doirasida ishlatilishini ta’minlashi hamda ulardan maqsadli va samarali foydalanishini nazorat qilishi;
o‘z faoliyatini amalga oshirish chog‘ida olingan axborotning tarqatilishi qonun bilan cheklangan bo‘lsa, uning maxfiyligiga rioya etishi shart.
Jamg‘armaga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
3-bob. Jamg‘armani boshqarish
9. Jamg‘armaning boshqaruv organlari Jamg‘arma Vasiylik kengashi va Ijro etuvchi direksiyasidan (keyingi o‘rinlarda — Direksiya) iborat.
Vasiylik kengashi Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish va nazorat qilishni amalga oshiruvchi oliy boshqaruv organ, Direksiya esa — ijro etuvchi organ hisoblanadi.
10. Vasiylik kengashi a’zolari bir vaqtning o‘zida Direksiyada mehnat faoliyatini yuritishi mumkin emas.
11. Vasiylik kengashi:
Jamg‘arma mablag‘lari va boshqa mol-mulkidan foydalanilishi hamda Jamg‘armaga yuklangan vazifalar bajarilishini nazorat qiladi;
Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar yillik parametrlarini hamda amalga oshiriladigan asosiy tadbirlar rejasini tasdiqlaydi;
umumiy tasdiqlangan parametrlar doirasida, zarurat bo‘lganda, Jamg‘arma daromadlari (manbalar bo‘yicha) va xarajatlarining prognoz parametrlariga o‘zgartirishlar kiritadi;
Direksiyani saqlash xarajatlari smetasini, shtatlar jadvalini tasdiqlaydi, zarurat bo‘lgan taqdirda, tasdiqlangan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Direksiya tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining tavsiyasiga asosan Direksiya ijrochi direktorini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Jamg‘arma oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarni jalb qiladi, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalarini jalb etishga ko‘maklashadi;
Jamg‘arma xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish shartlarini qonunchilik talablari asosida belgilaydi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
12. Vasiylik kengashi Jamg‘armaga yuklangan vazifalarning ijrosini tashkil qilish, tegishli loyihalarni ishlab chiqish, amaliyotga tatbiq etish va zarur tavsiyalar tayyorlanishini ta’minlash maqsadida davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, shuningdek, fuqarolardan iborat tarkibda ekspert guruhlari tashkil qilishi mumkin.
13. Vasiylik kengashi majlislari zaruratga ko‘ra o‘tkaziladi.
Vasiylik kengashi qarorlari majlisda qatnashayotgan Vasiylik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, Vasiylik kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
14. Direksiya Jamg‘armaning ijro organi hisoblanadi. Unga Vasiylik kengashi qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi.
15. Direksiya:
Jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi;
mablag‘lardan maqsadsiz foydalanilgan hollarda, mehnatga haq to‘lash bo‘yicha to‘lovlardan tashqari moliyalashtirishni to‘xtatib turadi, keyinchalik ushbu masalani Vasiylik kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi;
milliy va chet el valyutasida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarini ochadi va yuritadi, belgilangan tartibda ular bo‘yicha tegishli operatsiyalarni amalga oshiradi;
Jamg‘armaga o‘tkazilgan mablag‘larning amalda tushgan summasi bo‘yicha tegishli tashkilotlardan axborotlar hamda statistik ma’lumotlarni so‘rab oladi;
Vasiylik kengashi roziligi bilan bo‘sh mablag‘larni qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklarida milliy valyutada depozitlarga joylashtiradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari hisobini yuritadi, shuningdek, ular bo‘yicha choraklik va yillik hisobotlarni shakllantiradi;
tasdiqlangan xarajatlar smetasida nazarda tutilmagan qo‘shimcha mablag‘larni ajratish bo‘yicha tushgan buyurtmalarni to‘playdi, umumlashtiradi va ko‘rib chiqish uchun Vasiylik kengashiga kiritadi;
Jamg‘arma Vasiylik kengashi qarorlari to‘liq va o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlaydi;
Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi bo‘yicha choraklik va yillik hisobotlarni Vasiylik kengashiga va Moliya vazirligiga belgilangan tartibda taqdim etadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
16. Direksiya ijrochi direktori:
Jamg‘armaning joriy faoliyatini tashkil etadi va Jamg‘armaga yuklangan vazifalar bajarilishi, shu jumladan, uning mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini ta’minlaydi;
Direksiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, qonunchilik hujjatlari, Vasiylik kengashi qarorlari, Qo‘mitaning buyruq va qarorlari bilan Jamg‘armaga yuklangan vazifalar hamda funksiyalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini tashkil etadi;
Direksiya, uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyati bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar, maqsadli indikatorlarga, sifatga va rivojlantirish dasturlarining samarali amalga oshirilishiga erishishni so‘zsiz ta’minlash yuzasidan amaliy choralar ko‘radi;
Direksiya xodimlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish, ularni rag‘batlantirish hamda intizomiy jazo choralarini qo‘llash haqida, shuningdek, Jamg‘arma xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan buyruqlarni chiqaradi;
davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy davlatlarning tegishli organlari va tashkilotlari, yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar oldida Jamg‘arma manfaatlarini ifodalaydi;
Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda, Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi bo‘yicha belgilangan tartibda tekshiruvlar tashkil qiladi, ularning natijalarini tahlil qiladi va ko‘rib chiqish uchun Vasiylik kengashiga taklif kiritadi;
jismoniy va yuridik shaxslar, tijorat banklari bilan Jamg‘arma faoliyatiga tegishli kelishuvlar va shartnomalarni, shu jumladan, kredit, xo‘jalik va mehnat shartnomalarini hamda resurs va depozitlar shartnomalarini imzolaydi, Direksiya nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;
shtatlar jadvalini, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Direksiya ta’minotining xarajatlar smetasini tuzadi va tasdiqlash uchun Vasiylik kengashiga taqdim etadi;
Direksiyaning lavozim yo‘riqnomalari va boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlaydi;
Jamg‘arma nomidan sudga va boshqa davlat organlariga da’volar taqdim etadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
17. Direksiyaning ta’minoti budjet tashkilotlari uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi asosida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
4-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va sarflash
18. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Qo‘mitaning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
19. Jamg‘armaga uning daromadlari bo‘yicha tushayotgan mablag‘lar Moliya vazirligi G‘aznachiligidagi shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
20. Jamg‘arma mablag‘lar tushishining to‘liqligi Vasiylik kengashi tomonidan nazorat qilinadi.
21. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘lari sarflanadigan asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi:
Qo‘mita va Jamg‘armaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish;
xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni tashkil etishda hamda shunday faoliyat uchun belgilangan tartibda imtiyozli kreditlar ajratishda tijorat banklarida resurslar va depozitlar joylashtirish orqali ko‘maklashish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq chora-tadbirlarni moliyalashtirish;
xotin-qizlarga va ularning bandligini ta’minlovchi tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda subsidiya va grantlar, shu jumladan, ularga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni tashkil etish uchun subsidiyalar ajratish;
yosh qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning ma’naviy-axloqiy negizlari va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilishiga ko‘maklashish;
og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy qo‘llab-quvvatlash;
(21-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
xotin-qizlarni kasblarga o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashadigan hamda muammolari bilan shug‘ullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga Vasiylik kengashi tomonidan ishlab chiqilgan tartib asosida grant mablag‘larini ajratish;
zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning moslashuviga va salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlarni hamda ularning bo‘linmalarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash;
xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, o‘rganishlar davomida aniqlangan og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ko‘maklashish xarajatlarini moliyalashtirish;
og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan farzandlarini tarbiyalayotgan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila a’zosi bo‘lgan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlang‘ich badalini qaytarmaslik sharti bilan to‘lab berish;
(21-bandning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan respublika miqyosida hamda xalqaro tadbirlarni tashkil etishga, O‘zbekiston delegatsiyasining xalqaro tadbirlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash;
xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar hamda xotin-qizlar muammolari bilan ishlash yo‘nalishlaridan kelib chiquvchi tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash;
Respublika xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, uning hududiy bo‘linma (filial)larini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularda tashkil etilgan o‘quv kurslarining mutaxassislariga soatbay haq to‘lash;
“Ayollar maslahat kengashlari” va mahallalarda faoliyat yuritayotgan boshqa jamoatchilik tuzilmalari a’zolarini rag‘batlantirish chora-tadbirlarini moliyalashtirish;
og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan, shu bilan birga, tezkor tibbiy yordamga yoki jarrohlik amaliyotiga muhtoj, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila vakillarini (jinsi va yoshidan qat’i nazar) davolatishga va ularning sog‘lom hayotga qaytishiga moddiy ko‘maklashish;
(21-bandning o‘n oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili bir marotaba har birining qiymati 50 million so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovini o‘tkazish;
yangi ish boshlayotgan kasanachilar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish va takomillashtirish hamda ularga uslubiy yordam berish uchun xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida lider kasanachilarni jalb etgan holda o‘quv kurslari tashkil etish;
Direksiyani saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash.
22. Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari smetasi Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Qo‘mitaga taqdim etiladi.
23. Jamg‘armadan pul mablag‘lar tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasi hamda Vasiylik kengashining qarori asosida ajratiladi.
Xarajatlar smetasida ko‘zda tutilmagan yoki Jamg‘armaga yuklatilgan topshiriqlarni bajarish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar uchun mablag‘lar Vasiylik kengashining qarori asosida sarflanadi.
24. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish ishlari daromadlar va xarajatlar smetasi doirasida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
25. Direksiya Jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lardan foydalanilishi va keyingi hisobot davrida kutilayotgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqish uchun Vasiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga kiritadi.
26. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmagan mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga olib qo‘yilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.
5-bob. Jamg‘armaning faoliyatini nazorat qilish
27. Jamg‘armaning moliya-xo‘jalik faoliyati Vasiylik kengashining qaroriga binoan Jamg‘armaning yillik faoliyati yakunlari bo‘yicha tekshiriladi.
28. Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
29. Vasiylik kengashining talabiga ko‘ra Direksiya tomonidan Jamg‘armaning moliyaviy faoliyati to‘g‘risidagi barcha hujjatlar taqdim etilishi shart.
30. Jamg‘armaning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Vasiylik kengashi:
hisobotlar va boshqa moliyaviy hujjatlardagi ma’lumotlarning ishonchli ekanligiga baho beradi;
buxgalteriya hisobi yuritilishi va moliyaviy hisobot taqdim etish tartibi buzilgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotni;
aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar, shuningdek, Jamg‘armaning moliyaviy faoliyati samaradorligini oshirishga oid takliflarni o‘z ichiga olgan qaror qabul qiladi.
6-bob. Hisobga olish va hisobot
31. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risidagi hisobot har chorakda Vasiylik kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va Direksiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
32. Jamg‘arma buxgalteriya va statistika hisobi hamda hisobotini yuritadi, O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliqlar va boshqa to‘lovlarni to‘laydi.
33. Direksiya har yil yakuni bo‘yicha Vasiylik kengashiga Jamg‘arma faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
34. Jamg‘armaning buxgalteriya balansi hisobot yilidan keyingi yilning 31-martiga qadar Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Jamg‘arma qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
36. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1756-moddasi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-noyabrdagi 645-son qaroriga
2-ILOVA
Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasining vasiylik kengashi
TARKIBI

1.

Z.B. Maxkamova

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi, Vasiylik kengashi raisi

2.

E.M. Muxitdinov

bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari

3.

E.I. Basitxanova

sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari

4.

D.Sh. Sultanov

moliya vazirining o‘rinbosari

5.

G.A. Rashidova

AT “Xalq banki” boshqaruvi raisining o‘rinbosari

6.

A.A. Abdumuxtorov

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining o‘rinbosari (kelishuv asosida)

7.

M.A. Nurmatova

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i, Vasiylik kengashi kotibi

Izoh: Vasiylik kengashi a’zosi boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.11.2022-y., 09/22/645/0994-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)