Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oila, xotin-qizlar va keksa avlod vakillari bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, mahallalarni qoʻllab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga masʼul boʻlgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va oʻzaro hamkorligini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
xotin-qizlarning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini toʻgʻri yoʻnaltirish;
gender tenglikni taʼminlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish;
hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish;
turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini koʻpaytirish borasida tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularni “Ayollar daftari” orqali manzilli qoʻllab-quvvatlash;
jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;
oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash va ularning farovonlik darajasini oshirish.
2. Respublikada oila va xotin-qizlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularning muammolariga tizimli yechim topish, vakolatli organlar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita), uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlinmalari tashkil etilsin.
3. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini taʼminlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish;
oila va xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish;
xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylardagi xotin-qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish;
xotin-qizlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlar yoʻnalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga yordam koʻrsatish.
4. Vazirlar Mahkamasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasini Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi sifatida qayta tashkil etish hamda Qoʻmita tuzilmasiga oʻtkazish;
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutini “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti sifatida qayta tashkil etish hamda Qoʻmita tuzilmasiga oʻtkazish;
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi, “Oila va jamiyat” gazetasi, “Saodat” jurnali, “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnalini Qoʻmita tuzilmasiga oʻtkazish;
“Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” faoliyatini isloh qilish va takomillashtirish.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)
6. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasidagi — Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari — mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri lavozimi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalaridagi — hokim oʻrinbosarlari — mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari lavozimlari;
tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalaridagi — hokim oʻrinbosarlari — mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari boshliqlari lavozimlari tugatilsin.
7. Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi har bir mahallada mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari hamda oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha mutaxassis lavozimi oʻrniga xotin-qizlar faoli lavozimi mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibi saqlangan holda bir nafardan joriy etilsin.
8. Quyidagilar mahalladagi xotin-qizlar faolining asosiy vazifalari etib belgilansin:
xotin-qizlarni oila, mahalla va mehnat jamoalarida ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, maʼnaviyatini yuksaltirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, zamonaviy namunali oilani shakllantirish, uning maʼnaviy-axloqiy muhitini va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
xotin-qizlarning tadbirkorlik gʻoyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilish boʻyicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokim yordamchisi bilan hamkorlik qiladi;
“Ayollar maslahat kengashlari” bilan yaqin hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish, biznesga oid namunaviy rejalarni ishlab chiqish va kredit olishda ularga koʻmaklashish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlarni amalga oshirish;
xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollar bilan yakka tartibda hamda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlarni olib borish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish ishlarini tashkil etish.
9. Belgilansinki:
Qoʻmita oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
oila va xotin-qizlar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Qoʻmita bilan kelishiladi;
Qoʻmita tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi;
Qoʻmita xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlarga har tomonlama koʻmaklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga masʼul hisoblanadi;
mahalladagi xotin-qizlar faoli oʻz faoliyatida Qoʻmita va uning hududiy boʻlinmalariga boʻysunadi hamda ular oldida hisobdor boʻladi.
10. Qoʻmita quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
bir hafta muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qoʻmita faoliyatini tashkil etish yuzasidan;
ikki hafta muddatda oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan;
uch oy muddatda Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti hamda “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” faoliyatini takomillashtirish yuzasidan.
11. Quyidagilar nuroniy va keksalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
ijtimoiy hamjihatlik va adolatlilik tamoyillari asosida keksa avlod vakillarining hayot sifati va uzoq umr koʻrish darajasini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
keksa avlod vakillariga oʻz vaqtida, manzilli va samarali ijtimoiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash, ularga sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, taʼlim, madaniyat va transport tizimlaridan keng foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
keksa avlod vakillarining kafolatli ijtimoiy va moddiy taʼminotini tashkil etish;
zamonaviy iqtisodiyotda keksa avlod vakillarining huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirib borishga sharoitlar yaratish;
keksa avlod vakillarining tizimli ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish.
12. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari negizida tegishincha Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) hamda uning hududiy boʻlinmalari amaldagi moliyalashtirish tartibi va mehnatga haq toʻlash shartlari saqlab qolingan holda tashkil etilsin.
13. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
mahallalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
mahallalarning jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeyini yuksaltirish;
nuroniy va keksalarni mahallalarda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik singari anʼanalarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga keng jalb etish;
nuroniy va keksalarni qoʻllab-quvvatlash sohasiga oid qonunchilik hujjatlarining ijrosi, shu jumladan hududlarda, ayniqsa, olis qishloqlarda keksa avlod vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilishini muvofiqlashtirib borish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash, ularning muammolarini oʻrganish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda hal etish choralarini koʻrish;
mahallalarning moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
14. Belgilab qoʻyilsinki:
Vazirlik nuroniy va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, mahallalar bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
mahalla, nuroniy va keksalar masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Vazirlik bilan kelishiladi;
Vazirlik tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi;
Vazirlik Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining tegishli huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
15. Vazirlik quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
bir hafta muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlik faoliyatini tashkil etish yuzasidan;
ikki hafta muddatda nuroniylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning hayot darajasini oshirish yuzasidan;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda mahalla tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan.
16. Davlat organlari va tashkilotlarining alohida eʼtibori qaratilsinki, mahalla raisi mahalla hududining aholi tomonidan saylangan obroʻli shaxsi boʻlib, aholi manfaatlarini ifodalaydi hamda hududni kompleks rivojlantirish vazifalari amalga oshirilishini va fuqarolar muammolari samarali hal etilishini tashkil etadi.
17. Mahalla raisiga quyidagi qoʻshimcha huquqlar berilsin:
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari faoliyatini hududdagi birinchi navbatda hal etilishi lozim boʻlgan muammolarni bartaraf etishga yoʻnaltirish hamda bu borada jamoatchilik nazoratini oʻrnatish;
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorlari faoliyatini baholash hamda natijalari boʻyicha tegishli xalq deputatlari Kengashlariga axborot kiritib borish;
Oldingi tahrirga qarang.
mahallada faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika va soliq inspektorlari, ijtimoiy xodimni ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha mazkur xodimlarning ish beruvchilariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish.
(17-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
18. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar “Mahalla toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolini mahalla kengashi tarkibiga kiritish;
mahalla raisi, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorining mahalla hududida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalari hamda mahallani kompleks rivojlantirish boʻyicha kollegial masʼuliyati va javobgarligi doirasini aniq belgilash;
mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli, ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika (katta) inspektorining oʻzaro hamkorligi hamda ularning mahalla raisi bilan kelishgan holda faoliyat yuritishi;
mahalla raislarini ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirish, shu jumladan sogʻligʻini tiklash (bepul tibbiy davolanish, sanatoriylarga imtiyozli yoʻllanmalar berish) hamda davlat majburiy sugʻurtasi (faoliyati davomida mehnat layoqatini yoʻqotganda hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash);
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmonining 3-bandida nazarda tutilgan qoidalar.
19. Aholi muammolarini oʻrganish, tahlil qilish va hal etish hamda murojaatlarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan koʻrib chiqishning bir-biri bilan uzviy bogʻlangan toʻrt pogʻonali “mahalla-tuman-viloyat-respublika” tizimi joriy etilsin.
20. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
hududda mahalla raisi tomonidan aholi eʼtirozlariga eng koʻp sabab boʻlayotgan muammolarni aniqlash maqsadida muntazam ravishda muhokamalar oʻtkaziladi;
har oyda mahalla kengashida tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining amalga oshirilgan ishlar boʻyicha axboroti eshitiladi hamda muammolarning bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi;
mahalla raisi har chorakda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan mahallada amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda bartaraf etilmagan tizimli muammolar boʻyicha tegishli tuman (shahar) xalq qabulxonasiga maʼlumotlar kiritib boradi;
tuman (shahar) xalq qabulxonasi mahalla raisi maʼlumotiga asosan tegishli davlat organlari va tashkilotlariga bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritadi hamda masʼul xodimlarni ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash boʻyicha mazkur xodimlarning yuqori turuvchi tashkilotlariga takliflar beradi.
21. Qoʻmita Vazirlik bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har olti oy yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-mart,
PF-81-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.03.2022-y., 06/22/81/0174-son; 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son; 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)