Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 9-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir belgilangan talablarga rioya etilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-apreldagi PQ-4296-sonli “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisidagi qonunchilik
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
goʻdak — bir yoshgacha boʻlgan bola;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlari — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar organizmining fiziologik xususiyatlariga hamda ehtiyojlariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari;
kichik yoshdagi bolalar — bir yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolalar;
ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ona suti oʻrnini bosadigan oziq-ovqat mahsulotlari;
sunʼiy oziqlantirish — goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan oziqlantirish;
qoʻshimcha ovqat mahsulotlari — bola yoshining fiziologik xususiyatlari hisobga olingan holda ishlab chiqarilgan, tavsiya etilgan muddatlarda ona sutiga, ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarga qoʻshimcha sifatida goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar ratsioniga kiritiladigan oziq-ovqat mahsulotlari.
2-bob. Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
4-modda. Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
homilador ayollar, emizikli onalar, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ona suti bilan oziqlantirishga boʻlgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 3-dekabrdagi 589-sonli “Yosh avlodni sogʻlomlashtirish muammolarini kompleks hal etish toʻgʻrisida”gi qarorining 5-bandi.
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash;
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat nazorati.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning hamda normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini (qabul qilinishini) va amalga oshirilishini oʻz vakolatlari doirasida taʼminlaydi;
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi asosiy yoʻnalishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash masalalariga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqishda davlat boshqaruvi organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga koʻmaklashadi;
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash hamda realizatsiya qilishga doir sanitariya qoidalari, normalarini va gigiyena normativlarini belgilaydi;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining sifatiga oid hamda miqdoriy xususiyatlariga, ularni ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilishga doir talablarni belgilashda ishtirok etadi;
ona suti bilan oziqlantirishning, shuningdek onalar, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oqilona ovqatlanishining foydasi hamda afzalligi toʻgʻrisida aholi oʻrtasida tushuntirish va targʻibot ishlarini olib boradi;
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilishga hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablarni bajarishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi monitoringini olib boradi va uni baholaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi PQ-4513-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2019 — 2023-yillarda reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturi.
7-modda. Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat nazorati
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun talablariga rioya etilishi, shuningdek goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya holati, sifati hamda xavfsizligi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, uning hududiy boʻlinmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 26-apreldagi OʻRQ-685-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son)
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 348-sonli “Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
3-bob. Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilishga doir chora-tadbirlar hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar
8-modda. Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilish
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash:
ona suti bilan oziqlantirish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
emizikli onalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek ular uchun qulay mehnat va oʻqish sharoitlarini yaratish;
Oldingi tahrirga qarang.
ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisidagi qonunchilikni, shu jumladan emizikli onalarga va kichik yoshdagi bolalarga kafolatlangan bepul tibbiy xizmat koʻrsatish tartibini takomillashtirish orqali amalga oshiriladi.
(8-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ona suti bilan oziqlantirishni targʻib qilish sogʻliqni saqlash organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan aholi oʻrtasida muntazam ravishda axborot-tushuntirish tadbirlarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining, reproduktiv yoshdagi ayollarga, homilador ayollarga, emizikli onalarga tibbiy yordam koʻrsatuvchi muassasalarning tibbiyot xodimlari ushbu ayollar va onalarga hamda ularning oila aʼzolariga:
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning yoshi hamda fiziologik ehtiyojlariga muvofiq ularni ovqatlantirish qoidalariga rioya etishga doir;
homilador ayollarning, emizikli onalarning toʻgʻri ovqatlanishiga va ularni ona suti bilan oziqlantirishga tayyorlashga doir;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi PQ-4513-sonli “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirish toʻgʻrisida”gi qarorining 1-bandi.
ona suti bilan oziqlantirishning foydasi, afzalligi hamda uning ona va bola sogʻligʻiga taʼsiri toʻgʻrisida;
goʻdakni olti oygacha ovqatlantirishda boshqa taomdan yoki ichimlikdan, shu jumladan suvdan foydalanmasdan faqat ona suti bilan oziqlantirish, shuningdek ona suti bilan oziqlantirishni ikki va undan katta yoshgacha davom ettirish zarurligi haqida;
olti oylikdan boshlab bolalar uchun qoʻshimcha oziq-ovqatning va qoʻshimcha ovqat mahsulotlarining muhimligi toʻgʻrisida;
goʻdaklarning ovqatlanish ratsioniga ona sutiga qoʻshimcha ovqat mahsulotlarini barvaqt va kechiktirib kiritishning, ona suti bilan oziqlantirish davomiyligini qisqartirishning oqibatlari haqida;
nooqilona ovqatlantirishning, ayniqsa sunʼiy oziqlantirishning bolalar sogʻligʻiga salbiy taʼsiri toʻgʻrisida axborot beradi.
Yozma, audio yoki vizual shaklda taqdim etilgan hamda aholi oʻrtasida, ayniqsa homilador ayollar, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning onalari oʻrtasida tarqatish uchun moʻljallangan, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishiga doir axborot materiallari hamda maʼrifiy materiallar davlat tilida va zarurat boʻlgan taqdirda boshqa tillarda yozilgan, shuningdek loʻnda, toʻliq hamda ishonchli axborotni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
9-modda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat muassasalari hamda tashkilotlarida, shuningdek avtovokzallar, aeroportlar va temir yoʻl vokzallarida, madaniy-koʻngilochar muassasalarda maxsus ajratilgan joylar tashkil etilishi kerak.
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni ona suti bilan oziqlantirish uchun maxsus ajratilgan joylar boshqa tashkilotlarda ham tashkil etilishi mumkin.
10-modda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasi
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining reklamasi quyidagi talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi;
ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar toʻgʻrisidagi har qanday axborot ona sutining, shuningdek goʻdakni olti oygacha oziqlantirishda boshqa taomdan yoki ichimlikdan, shu jumladan suvdan foydalanmasdan faqat ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi toʻgʻrisidagi koʻrsatmani oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak;
bola hayotining birinchi yili mobaynida uning ratsioniga kiritilgan qoʻshimcha ovqat mahsulotlari reklamasida bunday mahsulotlar qoʻllanilishining yoshga doir cheklovlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda mutaxassislarning maslahati zarurligi haqidagi ogohlantirish boʻlishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasi.
11-modda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning, yetkazib beruvchilarning, reklamani tayyorlovchilar va tarqatuvchilarning faoliyatini cheklash
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, shuningdek reklamani tayyorlovchilar va tarqatuvchilar faoliyatiga oid cheklovlar quyidagilarga taalluqli taqiqlardan iboratdir:
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishiga doir ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishmagan holda amalga oshirishga;
tibbiyot xodimlariga goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi uchun ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar bilan bogʻliq boʻlgan reklama tusidagi materiallar taqdim etishga, bundan ilmiy axborot mustasno;
ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlarning nomidan foydalangan holda tovarlarni (tibbiyot xalatlarini, futbolkalarni, bosh kiyimlarini, kanselyariya ashyolarini va boshqalarni) tekin asosda tarqatishga;
ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlar toʻgʻrisidagi reklama mahsulotini onalar va ularning oila aʼzolari oʻrtasida tarqatishga;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 36-moddasi.
homilador ayollarga, goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning onalariga hamda ularning oila aʼzolariga ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni qoʻllashga yoki idishchalardan oziqlantirishga koʻmaklashishi mumkin boʻlgan mahsulotlarni, shuningdek buyumlar yoki ashyolar tarzidagi biror-bir sovgʻani berishga (bundan ona suti bilan oziqlantirishga tibbiy jihatdan mutlaq moneliklar mavjud boʻlgan hollar mustasno);
tibbiyot muassasalariga (ona suti bilan oziqlantirishga mutlaq qarshi tibbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlgan taqdirda ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni beruvchi bolalar uylari va davolash-profilaktika muassasalaridan tashqari) ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni, bundan bolalarni maxsus davolash boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari mustasno, berishga.
12-modda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlashtirish
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun ishlab chiqariladigan hamda olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlari sertifikatlashtirilishi hamda sifat va xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 348-sonli “Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 11-bandi.
13-modda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining oʻroviga (idishiga) hamda ularni tamgʻalashga doir talablar
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga tegib turadigan oʻrov materiallarining barcha turlari (idishlar) qoʻllanilishiga ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklarni va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasidagi davlat nazorati organlari tomonidan ruxsat berilgan boʻlishi kerak. Oʻrov (idish) goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash hamda yaroqlilik (but saqlanishi) muddati ichida realizatsiya qilish chogʻida ularning har qanday tarzda ifloslanishi va buzilishi imkoniyatini istisno etishi, but saqlanishini taʼminlashi kerak.
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining tamgʻasida (yorligʻida) quyidagilar boʻlishi kerak:
ishlab chiqaruvchining, oʻrovchi-joylovchining, eksport qiluvchining, import qiluvchining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va mamlakat nomi;
mahsulotning nomi;
mahsulot nomida uning goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar ovqatlanishi uchun moʻljallanganligi, asosiy ingrediyentga (tarkibiy qismga) muvofiqligining ifodasi hamda quyuq-suyuqlik darajasi toʻgʻrisidagi axborot;
sof ogʻirligi yoki hajmi toʻgʻrisidagi axborot;
mahsulotning tarkibi;
tayyorlash usuli;
ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (mavjud boʻlgan taqdirda);
oziqlik qimmati, vitaminlar va mineral moddalarning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
isteʼmol idishi ochilguniga qadar va ochilganidan keyingi saqlash shartlari;
yaroqlilik muddati yoki saqlashning turli harorat sharoitlari hisobga olingan holda, mahsulotdan qaysi sanagacha foydalanish kerak boʻlsa, oʻsha sana;
sertifikatlashtirish toʻgʻrisidagi axborot;
mahsulot qaysi normativ hujjatga muvofiq tayyorlangan boʻlsa va identifikatsiya qilinishi mumkin boʻlsa, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi oʻsha normativ hujjatga ishora;
mahsulot ishlab chiqarilgan va oʻrab-joylangan sana;
belgilangan maqsadi va qoʻllanilish shartlari;
tovarning shtrix-kodi (mavjud boʻlgan taqdirda);
mahsulotni shifokorning tavsiyasi boʻyicha qoʻllash toʻgʻrisidagi axborot;
ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi, shuningdek sunʼiy oziqlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishdan oldin shifokorning dastlabki maslahatini olish zarurligi haqidagi ogohlantiruvchi yozuvlar. Bunda yozuvning shakli oson oʻqiladigan boʻlishi kerak;
bolalar aralashmasini tayyorlashga doir yoʻriqnomada oziqlantirish jadvali toʻgʻrisidagi koʻrsatma.
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinadigan goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining tamgʻasi (yorligʻi) quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi kerak:
loʻnda, toʻliq va ishonchli axborotga ega boʻlishi;
davlat tilidagi va zarur boʻlgan taqdirda boshqa tillardagi yozuvlarni oʻz ichiga olishi. Agar matn isteʼmolchi tushunmaydigan tilda bayon etilgan boʻlsa, yorliqning asl nusxasi almashtirilmagan holda, davlat tilidagi qoʻshimcha yorliqdan foydalaniladi;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun avval tayyorlangan, bolani oldingi oziqlantirishdan qolgan oziq-ovqat mahsulotlaridan takroran foydalanishga hamda ularni saqlashga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni oʻz ichiga olishi;
bolaning mahsulotni isteʼmol qilishiga ruxsat etiladigan yoshini koʻrsatishi.
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlarining tamgʻasida (yorligʻida) alohida parhez ehtiyojlari, funksional holatlar va (yoki), agar mavjud boʻlsa, mazkur mahsulotlarni isteʼmol qilish tavsiya etiladigan kasalliklar ham koʻrsatilishi zarur.
Ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarning tamgʻalarida (yorliqlarida) va oziq-ovqat formulalarining tavsiflarida:
mazkur mahsulotlarning ona suti bilan teng qimmatliligi va (yoki) undan koʻra foydaliligi hamda afzalligi toʻgʻrisidagi tasavvurni yuzaga keltiruvchi iboralardan foydalanish yoxud bu mahsulotlarni ona suti bilan tenglashtirish;
mazmuni ona suti bilan oziqlantirishni rad etishga undashi mumkin boʻlgan matndan foydalanish;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarning fotosuratlarini, shu jumladan soʻrgʻichli idishchalarning suratlarini, agar ushbu tasvirlar mahsulotdan foydalanish yoki uni tayyorlash usullarini bevosita ifodalamasa, joylashtirish taqiqlanadi.
14-modda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash hamda realizatsiya qilish
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash hamda realizatsiya qilish sanitariya normalariga, qoidalariga hamda gigiyena normativlariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Mazkur mahsulotlarni tegishli saqlash sharoitlariga ega boʻlmagan hamda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiq boʻlmagan joylarda realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-yanvardagi 37-son qarori bilan tasdiqlangan Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻnalishidagi loyihalarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
15-modda. Idishchalarni va soʻrgʻichlarni tamgʻalashga doir talablar
Oziqlantirish uchun moʻljallangan idishchalarning va soʻrgʻichlarning tamgʻasida (yorligʻida) quyidagilar boʻlishi kerak:
ishlab chiqaruvchining, oʻrovchi-joylovchining, eksport qiluvchining, import qiluvchining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va mamlakat nomi;
tovarning nomi;
ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (mavjud boʻlgan taqdirda);
mahsulotning tarkibi;
saqlash shartlari;
yaroqlilik muddati;
sertifikatlashtirish toʻgʻrisidagi axborot;
ishlab chiqarilgan va oʻrab-joylangan sana;
belgilangan maqsadi va qoʻllanilish shartlari;
mahsulot texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qaysi normativ hujjatga muvofiq ishlab chiqarilgan boʻlsa va identifikatsiya qilinishi mumkin boʻlsa, idishchalar va soʻrgʻichlar uchun oʻsha normativ hujjatga ishora;
idishcha, soʻrgʻich qaysi xom ashyodan ishlab chiqarilgan boʻlsa, oʻsha xom ashyo toʻgʻrisidagi axborot;
yuvish va sterilizatsiya qilishga taalluqli boʻlgan, soʻzlar orqali ifodalangan hamda jadval shaklidagi yoʻriqnoma.
Idishchalar va soʻrgʻichlarning tamgʻasi (yorligʻi) quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi kerak:
loʻnda, toʻliq va ishonchli axborotga ega boʻlishi;
davlat tilidagi va zarur boʻlgan taqdirda boshqa tillardagi yozuvlarni oʻz ichiga olishi. Agar matn isteʼmolchi tushunmaydigan tilda bayon etilgan boʻlsa, yorliqning asl nusxasi almashtirilmagan holda, davlat tilidagi qoʻshimcha yorliqdan foydalaniladi. Bunda yozuv shakli oson oʻqiladigan boʻlishi kerak.
16-modda. Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan, sanitariya qoidalari hamda normalariga muvofiq boʻlmagan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va yoʻq qilish
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan, qayta ishlangan mahsulotdan olingan xom ashyoni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan, sanitariya qoidalari hamda normalariga muvofiq boʻlmagan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, yoʻq qilish yoki ulardan oziq-ovqat ehtiyojlaridan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish usullari va shartlari ularning egalari tomonidan nazorat qiluvchi davlat organlari bilan kelishiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
17-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(17-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18-modda. Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash hamda goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(18-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
19-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
20-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(20-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
21-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-oktabr,
OʻRQ-574-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2019-y., 03/19/574/3950-son; 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)