Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.08.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi 527-sonli “Oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalda oshirish, yoshlarning taʼlim olishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, oliy maʼlumot olayotgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklarining respublika oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga toʻlash uchun tijorat banklari tomonidan taʼlim kreditlari berishni 2001/2002 oʻquv yilidan boshlab amaliyotga joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, taʼlim kreditlari toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, ularning ota-onalari yoki vasiylariga beriladi.
2. Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tijorat banklari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va oliy taʼlim muassasalarining:
chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar hamda bolalikdan I va II guruh nogironlari uchun — foizsiz taʼlim kreditlari berish;
kam taʼminlangan oilalardan chiqqan talabalar uchun — kredit uchun qoʻshilgan foizlar summasining 50 foizini Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlaridan toʻlagan holda imtiyozli kreditlar berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
4. Tijorat banklariga kompensatsiya qilish mexanizmini qoʻllagan holda, imtiyozli davr bilan, kreditning asosiy summasi oʻquv yurtini bitirgandan keyin qaytariladigan kreditlar berish tavsiya etilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
5. “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Milliy axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida taʼlim kreditlari, shu jumladan imtiyozli shartlardagi taʼlim kreditlari olish imkoniyatlari va ularning ijtimoiy ahamiyati keng yoritilishini taʼminlasinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 26-iyul,
318-son
Vazirlar Mahkamasining
2001-yil 26-iyuldagi 318-son qaroriga
ILOVA
Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisida
nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun tijorat banklari tomonidan taʼlim kreditlari berish va ularni qaytarish tartibini belgilaydi.
2. Tijorat banklari tomonidan taʼlim kreditlari berish ularni qaytarish, toʻlovning taʼminlanganligi, muddatliligi va ulardan maqsadli foydalanish shartlari asosida amalga oshiriladi.
3. Taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun talabalarning oʻzlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga, (bundan keyin matnda “Qarz oluvchi” deb ataladi) berilishi mumkin.
4. Taʼlim kreditlari, oliy taʼlim muassasalarida oʻqish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga oʻqishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga oʻqishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
Muddatli harbiy xizmatni oʻtash davri bu muddatga kirmaydi.
5. Mazkur Nizomga muvofiq tijorat banklari tomonidan berilgan taʼlim kreditlari boʻyicha:
chin yetimlarga, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga — nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);
talabalarning qolgan toifalariga — bozor stavkalari belgilanadi.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi 132-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son)
Taʼlim kreditlari boʻyicha foiz stavkasi va tijorat banklari tomonidan qoʻshiladigan foizlar uchun toʻlovlar miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oʻzgarishiga qarab oʻzgarishi mumkin, bu kredit shartnomasida qayd etilishi kerak.
6. Kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan talabalar uchun kredit boʻyicha qoʻshilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda “Jamgʻarma” deb ataladi) mablagʻlaridan toʻlanadi.
(6-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 24-martdagi 52-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 13-son, 96-modda)
Koʻrsatib oʻtilgan imtiyozga huquqli boʻlgan oilalar Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq (Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi 44-son qaroriga 1-ilova) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan aniqlanadi.
(6-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 11-dekabrdagi 327-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 50-son, 654-modda)
7. Taʼlim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va toʻlash taʼlim muassasasiga oʻtkazilgan summa berilgan vaqtdan, asosiy qarzni qaytarish esa talaba tomonidan oliy taʼlim muassasasida oʻqishning taʼlimning ushbu turi uchun rasmiy belgilangan muddati tugallangandan soʻng, ayrim kurslarda takroran oʻqish muddati hisobga olinmasdan, uch oy oʻtgandan soʻng boshlanadi.
Talaba muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan davrda taʼlim kreditlari uchun foiz stavkalari hisoblanmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
II. Kreditni rasmiylashtirish tartibi
9. Taʼlim kreditini olish uchun qarz oluvchi tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) taʼlim krediti berish toʻgʻrisidagi ariza;
b) talaba va oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt). Kontraktda oʻqishning belgilangan muddati va bir yil uchun toʻlov miqdori koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Oʻqish uchun toʻlov miqdori keyingi yillarda oʻzgargan hollarda kontraktlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi, bu haqda oliy taʼlim muassasasi oʻn kun muddatda bankka yozma ravishda maʼlum qiladi, soʻngra qarz oluvchi, bank va oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi kredit shartnomasiga zarur oʻzgartirishlar kiritiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-oktabrdagi 789-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son)
g) kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat;
d) imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʻlgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.
Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan koʻrsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur koʻchirmalar va nusxalar olishga haqlidir.
10. Olingan kredit qaytarilmasligi xavfini oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi taʼminlash shakllaridan birini bankka taqdim etish lozim, uning amalga oshirilishi unga qoʻyilgan asosiy talab hisoblanadi:
mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlarni garovga qoʻyish;
bankning kafolati;
uchinchi shaxsning kafilligi;
sugʻurta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kafilligi (faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar uchun).
11. Bank qarz oluvchi tomonidan kredit olish uchun taqdim qilingan ariza va boshqa hujjatlarni oʻrganib chiqadi.
Agar kreditni qaytarish taʼminlanishi sifatida kafolat yoki kafillik shartnomasi taqdim qilingan boʻlsa, bank garant va kafilning moliyaviy ahvolini baholaydi.
Agar kreditni qaytarish taʼminlanishi sifatida mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlar qoʻyilgan boʻlsa, bank ularning bozor narxlarini aniqlaydi.
12. Agar taqdim etilgan hujjatlar bank talablariga javob bersa, bank, qarz oluvchi va oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida kredit shartnomasi tuziladi.
13. Kam taʼminlangan oilalardan chiqqan talabalarning oʻqishi uchun taʼlim kreditlari berish uchun har bir tomonning mazkur Nizomdan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlari aniq belgilangan holda bank, qarz oluvchi, oliy taʼlim muassasasi va Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi oʻrtasida koʻp tomonlama kredit shartnomasi tuziladi.
14. Tijorat banklari qarz oluvchi tomonidan taʼlim krediti berishni soʻrab bankka taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan toʻla hujjatlar toʻplamini 10 ish kuni mobaynida koʻrib chiqishi va kredit shartnomasini imzolashi yoki kredit berilmasligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda arizachiga kredit berishning rad etilishi sababi koʻrsatilgan yozma xulosa berishi lozim.
III. Kredit berish, kreditni qaytarish va foiz toʻlovlarini amalga oshirish tartibi
15. Taʼlim krediti qarz oluvchining ssuda hisob raqamidan uning shaxsiy yozma topshirigʻi asosida oliy taʼlim muassasasining talab qilib olinadigan depozit hisob raqamiga mablagʻ oʻtkazish yoʻli bilan beriladi.
16. Taʼlim kreditlari boʻyicha mablagʻlar kredit shartnomasida qayd etilgan shartlarda har yarim yilda oʻqish uchun yillik toʻlovning toʻliq miqdorini ikki teng qismga boʻlish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Bunda yangidan qabul qilingan talabalar uchun birinchi yarim yillikda oʻqiganlik uchun boshlangʻich toʻlov joriy yilning 1-oktabrigacha, ikkinchi yarim yillik uchun — navbatdagi kalendar yilning 15-martigacha toʻlanadi.
Oʻqishning ikkinchi yilidan boshlab kredit hisobiga toʻlovlar har yarim yillik birinchi oyi (sentyabr va mart)ning 5-kunidan kechiktirilmay toʻlanadi.
17. Foizlar qarz oluvchi tomonidan kredit shartnomasida qayd etilgan shartlarda toʻlanadi.
Kam taʼminlangan oilalardan chiqqan talabalarning oʻqishiga taʼlim kreditlari uchun foizlar qarz oluvchi va Jamgʻarma tomonidan har oyda, hisoblangan foizlar summasining 1/2 qismi boʻyicha teng ulushlarda toʻlanadi.
Jamgʻarma hisoblangan foizlar summasini toʻlov topshiriqnomasi bilan bank bildirishnomasi olingandan keyin uch ish kuni mobaynida oʻtkazadi.
18. Taʼlim krediti berilgandan soʻng bank kredit taʼminlanishi boʻyicha shartnomada koʻrsatilgan tartibda monitoring olib boradi.
19. Agar talaba oʻqish davri tugamasdan talabalar safidan oʻchirilsa, taʼlim muassasasi rahbariyati rektor (direktor)ning buyrugʻi chiqqan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida bu haqda bankka xabar berishi kerak, qarz oluvchi esa oʻz navbatida uch oy muddatda taʼlim krediti va unga qoʻshilgan foizlar boʻyicha qarzlarni toʻliq qaytarishi lozim.
Talabaning talaba safidan chiqarilishi oliy taʼlim muassasasi tomonidan bankka oʻz vaqtida maʼlum qilinmagan taqdirda, taʼlim muassasasi ushbu davr uchun hisoblangan foizlarni bankka toʻlashga majbur.
Ushbu shartlar bank, qarz oluvchi va oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasida aks ettirilishi kerak.
20. Taʼlim kreditlari kredit shartnomasida belgilangan muddatda qaytarilmagan taqdirda, bank garov toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kreditni taʼminlash obyektini tasarruf etish yoʻli bilan kredit boʻyicha qarz summasini undirib oladi. Agar kreditning qaytarilishini taʼminlash sifatida taʼminlashning boshqa shakllari taqdim etilgan boʻlsa, bank belgilangan muddatda qaytarilmagan taʼlim kreditini ular hisobiga oʻz vaqtida qaytarilishi choralarini koʻrishi kerak.
21. Qarz oluvchi kreditni kredit shartnomasida belgilangan muddatdan oldin qaytarishga haqlidir.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 14-son, 97-modda; 2007-y., 9-10-son, 85-modda; 19-20-son, 195-modda; 2010-y., 13-son, 96-modda; 2013-y., 50-son, 654-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son; 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son; 12.03.2021-y., 09/21/132/0202-son)