Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.03.2002
O‘zbekicton Respublikasining qonuni
XO‘JALIK JAMIYATLARI VA ShIRKATLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 6-dekabrdagi 311-II-sonli “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
Ushbu Qonun xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarini tashkil etish hamda ular faoliyatining huquqiy asoslarini belgilab beradi.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari
1. Xo‘jalik yoki tadbirkorlik faoliyatini yuritish maqsadida yuridik shaxslarning, yuridik shaxslar bilan jismoniy shaxslarning hamda jismoniy shaxslarning o‘rtasida o‘z hissalarini va mol-mulkini birlashtirish asosida o‘zaro ixtiyoriy kelishuviga muvofiq tuziladigan korxonalar xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari hisoblanadi.
Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlariga quyidagilar kiradi:
aksiyali jamiyatlar;
mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar;
to‘liq va kommandit xo‘jalik shirkatlari.
Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari korxonalarning xo‘jalik assotsiatsiyasiga: ittifoq, konsern, konsorsium, korporatsiya va boshqa uyushmalarga birlashishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari yuridik shaxs hisoblanib, ushbu Qonun, boshqa qonun hujjatlari va ta’sis hujjatlari asosida ish olib boradi.
Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarining muassislari ta’sis hujjatlarida faoliyatlarining asosiy turlarinigina sanab o‘tishga haqlidirlar. Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari qonun hujjatlarida man etilmagan hamda ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilmagan istalgan faoliyat turi bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shug‘ullanishlari mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jamiyatlar va shirkatlar tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatish tartibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari bilan ham tartibga solinadi.
(1-moddaning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2--son, 23-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Aksiyadorlik jamiyatlarini tuzish, tashkil etish va ularning faoliyat tartibi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.
(1-moddaning 3-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi 281-I-son Qonuni bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 144-modda)
2-modda. Jamiyat va shirkat qatnashchilarining tarkibi va vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
1. Boshlang‘ich ustav fondi shakllantiradigan qatnashchilar jamiyatning va shirkatning muassislari hisoblanadilar.
Jamiyat qatnashchisi bo‘lgan korxonalar (tashkilotlar) yuridik shaxs maqomini saqlab qoladi.
Davlat hokimiyati idoralarining jamiyatlar va shirkatlar faoliyatida ishtirok etishi man qilinadi.
Davlat boshqaruvi idoralari qonunlarda berib qo‘yilgan vakolatlar doirasida davlat mulkini idora etish bo‘yicha jamiyat va shirkat qatnashchisi bo‘lishi mumkin.
Jamiyatlarda va shirkatlarda ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar qatnashishining o‘ziga xos jihatlari amaldagi qonunlarga binoan belgilanadi.
(2-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2--son, 23-modda)
2. Jamiyat va shirkat qatnashchilari:
ta’sis hujjatlarida belgilanadigan tartibda jamiyat va shirkat ishlarini boshqarishda ishtirok etish;
jamiyat va shirkat faoliyatidan tushadigan o‘zlariga tegishli foydani (dividendni) pul bilan ifodalangan holda ham, natural holda ham olish. Davlat boshqaruv idorasi bo‘lmish jamiyat va shirkat qatnashchisiga tegishli foydaning (dividendning) bir qismi u tomonidan o‘zining ijtimoiy taraqqiyotiga hamda ushbu jamiyatni boshqarish bilan bog‘liq maqsadlarga ishlatilishi mumkin;
ta’sis hujjatlarida belgilanadigan tartibda jamiyat va shirkat faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan voqif bo‘lish, shu jumladan buxgalterlik hisob-kitobi va hisoboti hamda o‘zga hujjatlar bilan tanishib chiqish;
belgilangan tartibda jamiyat va shirkat tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.
Jamiyat va shirkat qatnashchilari shu jamiyat va shirkat ishlab chiqarayotgan (ko‘rsatayotgan) mahsulotni (xizmatni) olishda ustun huquqga, qonunlarda va ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga huquqlarga egadirlar.
3. Jamiyat va shirkat qatnashchilari:
jamiyat va shirkat ta’sis hujjatlarining qoidalariga rioya etishlari, jamiyat va shirkatning umumiy yig‘ilishi va boshqa boshqaruv idoralari qarorlarini bajarishlari;
ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdor va usullarda ulush qo‘shishlari (aksiyalar haqini to‘lashlari);
tijorat siridan iborat bo‘lmish jamiyat va shirkat faoliyati to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilmasliklari;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida va ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ado etishlari shart.
Shirkat (jamiyat) qatnashchilari jamiyat ishlab chiqaradigan mahsulotni olishda (xizmatlardan foydalanishda) ustun huquqqa ega bo‘lishlari mumkin, ular zimmasida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
3-modda. Jamiyat va shirkatning ta’sis hujjatlari, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ta’sis shartnomasi va ustav xo‘jalik jamiyatlarining ta’sis hujjatlari hisoblanadi. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat ta’sis shartnomasi va ustav asosida ish yuritadi. To‘liq va kommandit shirkatlar ta’sis shartnomasi asosida tuziladi va ish yuritadi.
(3-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi 281-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 144-modda)
2. Ta’sis shartnomasida:
ta’sis etilayotgan jamiyat va shirkat turi, ularning faoliyat sohasi, maqsadlari va muddati;
qatnashchilar (muassislar) tarkibi;
Oldingi tahrirga qarang.
ta’sis etilayotgan jamiyat va shirkatning firma nomi hamda uning joylashgan eri (pochta manzili);
(3-moddaning 2-bandi to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
ustav fondining miqdori va uni hosil qilish tartibi;
daromadlarni (foydani), dividendlarni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi;
qonunlarga zid kelmaydigan boshqa shartlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘ladi.
3. Jamiyat ustavda:
Oldingi tahrirga qarang.
firma nomi va joylashgan eri (pochta manzili);
(3-moddaning 3-bandi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
faoliyat sohasi, maqsadlari va muddati;
ustav fondining miqdori;
har bir qatnashchiga tegishli ulush miqdori;
ular qo‘shadigan hissaning miqdori, tarkibi, qo‘shish muddatlari va tartibi;
ustav fondini oshirish yoki kamaytirish tartibi;
chiqarilayotgan aksiyalarining turiga, nominal qiymati, har xil turdagi aksiyalarning o‘zaro nisbati;
daromadlarni (foydani), dividendlarni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi;
zaxira fondlarni va o‘zga fondlarni hosil qilish tartibi;
ulushlarning egalarini o‘zgartirish tartibi;
jamiyat qatnashchilarining huquq va majburiyatlari;
jamiyatni boshqarish tuzilmasi, ijrochi va nazorat idoralari a’zolarining soni, ularni saylash tartibi, ularning huquq va majburiyatlari;
qatnashchilar yig‘ilishining vakolatlari;
yillik hisobotlarni tuzish, tekshirish va tasdiqlash tartibi;
jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jamiyat faoliyatining xususiyatiga ko‘ra zarur bo‘lgan o‘zga ma’lumotlar aks ettirilishi kerak.
4. Jamiyat va shirkat O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olingan vaqtdan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-moddaning 5-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-son Qonuni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — 1998-y., 9-son, 181-modda)
6. Davlat korxonalarini qayta tuzish natijasida tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlarini, ularning emissiyalariga doir ma’lumotnomalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek aksiyalarini chiqarish va joylashtirish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
(3-moddaning 6-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
4-modda. Jamiyat va shirkatning mulki
1. Shirkat va jamiyat:
muassislar va qatnashchilar tomonidan uning egaligiga berilgan mol-mulkning;
xo‘jalik faoliyati natijasida ishlab chiqarilgan mahsulotning;
olingan daromadlarning;
qonunlarda taqiqlanmagan asoslarga ko‘ra sotib olingan o‘zga mol-mulkning egasi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlatning mol-mulki asosida tuzilgan xo‘jalik jamiyati, shirkati tegishli orderni vakolatli organdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olgan daqiqadan e’tiboran mulkdor huquqiga ega bo‘ladi.
(4-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-son Qonuni bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
2. Jamiyat va shirkat amaldagi qonunlarga muvofiq tarzda qimmatli qog‘ozlar chiqarish va ulardan daromad olishga haqlidir.
3. Jamiyat va shirkat qatnashchisining qo‘shadigan hissasi binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, o‘zga moddiy boyliklardan, qimmatli qog‘ozlardan, er, suv va o‘zga tabiiy boyliklardan, binolar, inshootlar va asbob-uskunalardan foydalanish huquqidan, shuningdek o‘zga mulkiy va mulkka oid bo‘lmagan huquqlardan, pul mablag‘laridan iborat bo‘lishi mumkin. Qo‘shilayotgan mol-mulkning qiymati jamiyat qatnashchilarining birgalikdagi qarori bilan belgilanadi.
Qayta tuzilayotgan davlat korxonasi (tashkiloti)ning mol-mulkini baholash qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Pul ko‘rinishida baholangan, ustav fondiga qo‘shilgan hissa qatnashchining ustav fondidagi ulushini tashkil etadi.
5. Qatnashchi mol-mulkini jamiyatga faqat foydalanish uchun o‘tkazgan hollarda qatnashchi hissasining miqdori hamda mos ravishda uning ulushi, basharti ta’sis hujjatlarida o‘zga hol qayd etilmagan bo‘lsa, jamiyat va shirkatning ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan butun faoliyat muddati uchun yoki qatnashchilar tomonidan belgilangan o‘zga muddat uchun ana shu mol-mulkdan foydalanganlik evaziga ijara haqi e’tiborga olingan holda hisoblab chiqiladi.
5-modda. Davlat korxonalarini xo‘jalik jamiyatlariga va shirkatlariga aylantirish
1. Davlat korxonasini xo‘jalik jamiyati va shirkatga aylantirish hamda shu xususida qaror qabul qilish O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Korxonaning yuridik shaxs hisoblanmaydigan tarmoq bo‘linmasini xo‘jalik jamiyatiga va shirkatiga aylantirish mulkdorning yoki u vakil qilgan idoraning roziligiga binoan, ularni oldindan mustaqil davlat korxonasiga aylantirmay turib amalga oshiriladi.
6-modda. Jamiyat va shirkat faoliyatini to‘xtatish
Jamiyat va shirkat faoliyati:
u tuzilayotganida mo‘ljal qilingan muddat tugaganda yoki uni tuzishdan ko‘zlangan maqsadga erishilganda;
u singanda yoxud qonunlarni surunkasiga yoki qo‘pol ravishda buzgan hollarda tegishli sudning qaroriga asosan;
jamiyat va shirkatni boshqarish oliy idorasining qaroriga binoan;
ularni tugatilgan va qo‘shib yuborish, birlashtirish, ajratish, bo‘lish yoki qayta tuzish yo‘li bilan qayta tashkil etilgan taqdirda;
ta’sis hujjatlarida va amaldagi qonunlarda ko‘zda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra to‘xtatilishi mumkin.
Jamiyat va shirkatni tugatish hamda qayta tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida va ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
7-modda. Nizolarni qarab chiqish tartibi
Jamiyat va shirkatlarning o‘zaro, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar bilan hamda chet el yuridik shaxslari va fuqarolar bilan nizolari qonunlarda belgilangan tartibda sud, xo‘jalik sudi va xolislar sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(II bo‘lim O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi 281-I-son Qonuni bilan chiqarilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 144-modda)
III BO‘LIM. MAS’ULIYATI ChEKLANGAN YOKI QO‘ShIMChA MAS’ULIYATLI JAMIYAT
16-modda. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat
1. Miqdori ta’sis hujjatlarida belgilab beriladigan ulushlarga bo‘lingan ustav fondi bor hamda majburiyatlar yuzasidan o‘z mol-mulki doirasidagina javobgar bo‘lgan jamiyat mas’uliyati cheklangan jamiyat deb e’tirof etiladi.
Jamiyat qatnashchilari qo‘shgan hissalari doirasida javobgar bo‘ladilar.
2. Miqdori ta’sis hujjatlarida belgilab berilgan ulushlarga bo‘lingan ustav fondi bor jamiyat qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat deb e’tirof etiladi. Bunday jamiyatning mol-mulki kamlik qilgan taqdirda jamiyat qatnashchilari uning majburiyatlari yuzasidan o‘z mol-mulklari bilan ham, barcha qatnashchilar uchun teng miqdorda, qo‘shgan hissalariga monand summada javob beradilar.
17-modda. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ustav fondi
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatda ustav fondi tuzilib, uning miqdori eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
(17-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrdagi 2022-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyat ustav fondini ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirishning eng ko‘p muddati, basharti qonun hujjatlarida o‘zgacha qoidalar nazarda tutilgan bo‘lmasa, jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yildan oshmasligi lozim.
(17-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
2. Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tadigan paytgacha qatnashchilarning har biri ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan hissaning kamida o‘ttiz foizini kiritishi shart, bu bank muassasalari bergan hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
Qatnashchi o‘z hissasini jamiyat ro‘yxatdan o‘tganidan keyin bir yil ichida to‘liq qo‘shishi shart. Ushbu majburiyat belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda qatnashchi, basharti ta’sis hujjatlarida o‘zgacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, muddati o‘tkazib yuborilgan vaqt uchun to‘lanmagan summadan olinadigan yillik daromadning yigirma besh foizini to‘laydi.
Jamiyatning o‘z hissasini to‘liq to‘lagan qatnashchisiga guvohnoma beriladi, bu guvohnoma qimmatbaho qog‘ozlar jumlasiga kirmaydi.
3. Hissa sifatida kiritilgan mol-mulk qiymatining o‘zgarishi va ta’sis hujjatlarida belgilangan hollarda jamiyat yuqori idorasining qaroriga binoan qatnashchilar tomonidan kiritilgan qo‘shimcha badallar jamiyatning ustav fondidagi ulushlari miqdoriga ta’sir etmaydi.
4. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning qatnashchilari qolgan qatnashchilarning roziligi bilan o‘z ulushini (ulushning bir qismini) shu jamiyatning bir yoki bir necha qatnashchisiga yoxud uchinchi shaxslarga berishi mumkin. Jamiyat qatnashchilari ana shu ulushni (uning bir qismini) jamiyat ustav fondidagi o‘z ulushlariga mutanosib tarzda sotib olishda ustuvor huquqdan foydalanadilar. Ulushni (uning bir qismini) jamiyat qatnashchilarining manfaatlari qanoatlantirilganidan keyingina uchinchi shaxslarga berish mumkin bo‘ladi. Bunday hollarda uchinchi shaxs uning huquqiy vorisiga aylanadi.
5. Qatnashchining ulushini u hissasini to‘liq kiritib bo‘lganidan keyingina jamiyatning o‘zi sotib olishi mumkin. Bunday hollarda jamiyat ulushni boshqa qatnashchilarga yoki uchinchi shaxsga uzog‘i bilan bir yil muddatga berishi shart. Ana shu davr mobaynida foydani taqsimlash, shuningdek yuqori idorada ovoz berish va kvorumni aniqlash jamiyat tomonidan sotib olingan ulush nazarda tutilmagan holda amalga oshiriladi.
6. Qatnashchi mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat tarkibidan chiqqan taqdirda unga ustav fondidagi ulushiga munosib tarzda jamiyat mol-mulki bir qismining qiymati to‘lanadi. Jamiyatdan chiqqan qatnashchiga u jamiyatdan chiqquniga qadar jamiyat o‘sha yili orttirgan foydaning unga tegishli qismi to‘lanadi. Qatnashchi jamiyatga faqat foydalanish uchungina bergan mol-mulk natura holida, eskirib ishdan chiqishini inobatga olgan holda, mukofotsiz qaytariladi.
7. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning qatnashchisi bo‘lmish yuridik shaxs qayta tashkil etilgan taqdirda yoki jamiyat qatnashchisi bo‘lmish fuqaro vafot etgan hollarda jamiyatning roziligi bilan huquqiy vorislar (merosxo‘rlar) jamiyatga kirishlari mumkin. Huquqiy voris (merosxo‘r) jamiyatga kirishdan bosh tortgan yoki jamiyat huquqiy vorisni (merosxo‘rni) o‘z tarkibiga qabul qilishni rad etgan hollarda unga mol-mulkdagi ulushi pul yoki natura shaklida beriladi, bu ulushning yuridik shaxs qayta tashkil etilgan yoki qatnashchi vafot etgan kundagi qiymati hisoblab chiqiladi. Bunday hollarda jamiyatning ustav fondi miqdori kamaytirilishi kerak.
8. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning o‘z ustav fondini kamaytirish to‘g‘risidagi qarori, ana shu haqda belgilangan tartibda e’lon qilinganidan so‘ng kamida 3 oydan keyin kuchga kiradi.
9. Jamiyat qatnashchisining shaxsiy majburiyatlari yuzasidan jarimani uning ulushiga qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘z qarzlarini qoplash uchun qatnashchining mol-mulki yetmagan hollarda qarz beruvchilar qarzdor-qatnashchining ulushi ajratib berilishini talab qilishga haqlidirlar.
18-modda. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning boshqaruv idoralari
1. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning yuqori boshqaruv idorasi qatnashchilar yig‘ilishidir.
Jamiyat qatnashchisi qatnashchilar yig‘ilishidagi o‘z vakolatini boshqa qatnashchiga yoki boshqa qatnashchining vakiliga berishga haqlidir.
Qatnashchilar ustav fondidagi o‘z ulushlarining miqdoriga mutanosib ovozlar soniga ega bo‘ladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Umumiy yig‘ilishning mutlaq vakolatiga quyidagilar kiradi:
jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash, uning rejalarini va ularning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlash;
jamiyatning ustavini o‘zgartirish va unga qo‘shimchalar kiritish;
ijroiya organi va taftish komissiyasi a’zolarini saylash, chaqirib olish hamda ularning faoliyat yuritishi tartibini tasdiqlash;
jamiyat, shu jumladan uning filiallari faoliyatining yillik natijalarini, shuningdek taftish komissiyasining hisobot va xulosalarini, daromadni (foydani) taqsimlash va zararni qoplash tartibini tasdiqlash;
filiallar va vakolatxonalarni tuzish, qayta tashkil etish hamda tugatish, ular to‘g‘risidagi nizomlarni (ustavlarni) tasdiqlash;
jamiyatni boshqarish organlarining mansabdor shaxslarini mulkiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
jamiyatning tartib-taomil qoidalarini va boshqa ichki hujjatlarini tasdiqlash, jamiyatning tashkiliy tuzilishini belgilash;
ustav fondini o‘zgartirish;
jamiyatni, uning filiallarini va vakolatxonalarini boshqarish organlari mansabdor shaxslarining mehnatiga haq to‘lash shartlarini belgilash;
jamiyat faoliyatini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash, tugatish balansini tasdiqlash;
qatnashchilar tomonidan qo‘shimcha badallar qo‘shish miqdori, shakli va tartibini belgilash;
qatnashchining ulushini jamiyat tomonidan sotib olish to‘g‘risidagi masalani hal etish;
qatnashchini jamiyatdan chiqarib yuborish.
Jamiyatning ustavida umumiy yig‘ilishning mutlaq vakolatiga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
Jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash, uning rejalarni va rejalarning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlash, jamiyat ustavini, ustav fondini o‘zgartirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar jamiyat qatnashchilarining to‘rtdan uch qismidan iborat ko‘pchilik ovoz bilan, qolgan masalalar yuzasidan esa oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Qatnashchini jamiyat chiqarib yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish chog‘ida bu qatnashchi yoki uning vakili ovoz berishda ishtirok etmaydi.
(18-moddaning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi 281-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 144-modda)
3. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning istalgan qatnashchisi qatnashchilar yig‘ilishida masalani qarab chiqishni bu masalani yig‘ilish boshlanishidan kamida yigirma besh kun avval ko‘targan bo‘lsagina, talab qilishga haqlidir.
4. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat qatnashchilarining yig‘ilishi har yili kamida ikki marta chaqiriladi.
Qo‘shib hisoblaganda ovozlarning yigirma foizidan ko‘prog‘iga ega bo‘lgan jamiyat qatnashchilari istalgan paytda va har qanday sababga ko‘ra navbatdan tashqari yig‘ilish chaqirilishini talab qilishga haqlidirlar. Agar jamiyat raisi ushbu talabni yigirma kun mobaynida bajarmasa, ularning o‘zlari qatnashchilarning yig‘ilishini chaqirishga haqlidirlar.
5. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatda hay’at yo‘sinidagi (ma’muriyat) yoki yakkaboshchilik tarzidagi (direktor) ijroiya idorasi tuziladi, u jamiyatning kundalik faoliyatiga rahbarlik qiladi. Jamiyat ijroiya idorasi qatnashchilarning yig‘ilishiga hisobot berib turadi va uning qarorlari bajarilishini tashkil etadi.
6. Mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat ma’muriyati (direktori)ning moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish komissiyasi nazorat qilib boradi, taftish komissiyasini jamiyat qatnashchilarining yig‘ilishi qatnashchilar orasidan ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tarkibda tuzadi. Ma’muriyat a’zolari (direktor) taftish komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.
7. Taftish komissiyasi jamiyatning mansabdor shaxslaridan o‘zi uchun zarur materiallarni, buxgalterlik yoki o‘zga xil hujjatlarni hamda shaxsiy izohnomalarni talab qilib olishga haqlidir. Taftish komissiyasining a’zolari jamiyat ijroiya idorasining majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etadilar.
8. Taftish komissiyasi o‘zi o‘tkazgan tekshiruv natijalarini jamiyat ijroiya idorasiga va jamiyat yig‘ilishiga yo‘llaydi. Taftish komissiyasi yillik hisobotlar va balanslar yuzasidan o‘z xulosasini beradi. Jamiyat qatnashchilarining yig‘ilishi jamiyat balansini ana shunday xulosasiz tasdiqlashi mumkin emas.
9. Taftish komissiyasi, basharti jamiyatning muhim manfaatlari uchun xavf yuzaga kelgan yoki jamiyatning mansabdor shaxslari suiiste’molliklar qilganligi aniqlangan taqdirda, qatnashchilarning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirishni talab qilishi shart.
IV BO‘LIM. XO‘JALIK ShIRKATLARI
19-modda. To‘liq va kommandit xo‘jalik shirkatlari
1. Xo‘jalik shirkati — bu shaxslarning birlashmasi bo‘lib, unda qatnashchilar mulkiy badallar bilangina emas, balki shaxsiy faoliyatlari bilan ham ishtirok etadilar.
Xo‘jalik shirkatlari to‘liq va kommandit shirkatlarga bo‘linadi.
2. Barcha qatnashchilari birgalikda tadbirkorlik faoliyati olib boradigan hamda shirkat majburiyatlari yuzasidan o‘zlariga tegishli bor mul-mulk bilan birdamlikda javobgar bo‘ladigan xo‘jalik shirkatlari to‘liq xo‘jalik shirkatlari deb e’tirof etiladi.
3. Shirkatning majburiyatlari yuzasidan o‘zining butun mol-mulki bilan javobgar bo‘ladigan bir yoki undan ortiq qatnashchilari bilan bir qatorda javobgarligi ular qo‘shgan hissalar summasi doirasidagina cheklanadigan bir yoki bir necha qatnashchi (kommanditistlar) bo‘lgan xo‘jalik shirkati kommandit (aralash) shirkat deb e’tirof etiladi.
Agar kommandit shirkatda to‘liq mas’uliyat bilan ikki yoki undan ortiq qatnashchi ishtirok etayotgan bo‘lsa, bu qatnashchilar shirkatning qarzlari yuzasidan birgalikda javobgar bo‘ladilar.
20-modda. Ta’sis shartnomasining mazmuni
1. To‘liq shirkat to‘g‘risidagi ta’sis shartnomasi ushbu Qonunning 3-moddasida nazarda tutilgan shartlardan tashqari qatnashchilardan har birining ulushi miqdorini, ular tomonidan hissalarni qo‘shish miqdori, tarkibi va tartibini, ularning shirkat ishlarida ishtirok etishi shaklini belgilab qo‘yishi lozim.
2. Kommandit shirkat ta’sis shartnomasida to‘liq shirkatlar uchun ko‘zda tutilgan shartlar bilan birga kommanditistlarning shirkat mol-mulkidagi ulushlarining umumiy miqdori, ular tomonidan hissalarni qo‘shish miqdori, tarkibi va tartibi ko‘rsatiladi.
21-modda. Shirkat kommanditistlarining huquq va burchlari
1. Kommanditist kommandit shirkatga a’zo bo‘lib kirishda ham pulli, ham moddiy hissa qo‘shishga haqlidir.
Kommanditist:
topshiriq mavjud bo‘lganida va topshiriqqa muvofiq kommandit shirkat nomidan ish ko‘rish;
shirkat tugatilgan taqdirda to‘liq mas’uliyatli qatnashchilarga nisbatan hissa birinchi navbatda qaytarib berilishini talab qilish;
unga shirkat faoliyati to‘g‘risidagi balanslar va yillik hisobotlar taqdim etilishini, shuningdek ularning to‘g‘ri tuzilganligini tekshirish imkoniyati berilishini talab qilish huquqiga ega.
2. Kommanditist hissalar va qo‘shimcha badallarni ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda, usullar va tartibda qo‘shadi.
Kommanditistlar ulushining umumiy miqdori shirkatning ta’sis shartnomasida ko‘rsatilgan mol-mulki qiymatining ellik foizidan oshmasligi lozim.
Kommandit shirkatni davlat ro‘yxatiga olish paytiga qadar hissadorlardan har biri o‘z badali summasining kamida yigirma besh foizini qo‘shadi.
22-modda. To‘liq va kommandit shirkatlarning faoliyati
1. To‘liq shirkatning faoliyati uning barcha qatnashchilarining umumiy kelishuvi asosida amalga oshiriladi.
Shirkat faoliyati barcha qatnashchilar tomonidan, shirkat nomidan ish ko‘radigan bir yoki bir necha qatnashchi tomonidan amalga oshiriladi. Ikkinchi holatda qatnashchilarning vakolatlari ko‘lami shirkatning qolgan qatnashchilari imzolagan topshiriq bilan belgilab qo‘yiladi.
2. Agar ta’sis shartnomasida shirkat ishlarini yuritish uchun vakolatlar beriladigan bir necha qatnashchi belgilanayotgan bo‘lsa, bunda ulardan har biri shirkat nomidan mustaqil ish ko‘ra olishi nazarda tutiladi. Ta’sis shartnomasida bunday qatnashchilar tegishli xatti-harakatlarni faqat birgalashib amalga oshirishga haqli ekanliklari qayd etib qo‘yilishi mumkin.
Shirkat ishlarini yuritish topshirilgan qatnashchilar jamiyat nomidan va uning manfaatlarini ko‘zlab bajarayotgan ishlari to‘g‘risida qolgan qatnashchilarga ularning talabiga binoan to‘liq axborot berishlari shart.
3. Qatnashchining shirkat ishlarini yuritishga doir vakolatlari qatnashchining topshiriqdan voz kechishi yoki topshiriqning qolgan qatnashchilardan loaqal bittasining talabiga binoan bekor qilinishi munosabati bilan to‘liq yoki shirkat faoliyati to‘xtatilishi tufayli qisman to‘xtatiladi.
4. Vakolati bo‘lmay turib, uning xatti-harakatlari barcha boshqa qatnashchilar tomonidan ma’qullanmaydigan hollarda umumiy manfaatlarni ko‘zlab ish ko‘rgan qatnashchi, agar uning harakatlari natijasida shirkatning mol-mulki saqlanib qolgani yoki muvofiq ravishda shirkat qilgan sarf-xarajatlar qiymatidan ortiq mol-mulkka ega bo‘lgani isbotlangan taqdirdagina chiqimlarni qoplash to‘g‘risida shirkat oldiga talab qo‘yishga haqlidir.
5. Agar kommandit shirkatning kommanditisti tegishli vakolatlarsiz shirkat nomidan va uning manfaatlarini ko‘zlab bitim tuzsa, uning harakatlari kommandit shirkat tomonidan ma’qullangan taqdirda, u to‘liq mas’uliyatli qatnashchilar bilan birgalikda kreditorlar oldida bitim yuzasidan o‘zining qonunga binoan undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan barcha mol-mulki bilan javobgar bo‘ladi.
Harakatlari ma’qullanmagan taqdirda kommanditist uchinchi shaxs oldida o‘zining undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan barcha mol-mulki bilan mustaqil ravishda javob beradi.
6. Ushbu moddada belgilangan qoidalarni buzganlari taqdirda, shirkat qatnashchilari bunday xatti-harakatlari tufayli shirkatga yetkazilgan zararni qoplashlari shart.
7. Ustav fondidagi va qatnashchilar ulushlaridagi o‘zgartishlar ushbu Qonunning 17-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
23-modda. Qatnashchining to‘liq va kommandit shirkatdan chiqishi
Noma’lum muddatga tuzilgan shirkatning qatnashchisi kamida uch oy oldin ogohlantirib, shirkatdan istalgan paytda chiqib ketishi mumkin.
Muayyan muddatga tuzilgan shirkatdan chiqib ketishga faqat uzrli sabablar bo‘lgan va bu haqda chiqishdan kamida olti oy oldin ogohlantirish berilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Agar qatnashchi xo‘jalik shirkatidan chiqib ketayotganida bu shirkat saqlanib qolsa, unda qatnashchiga chiqish kunidagi holat bo‘yicha tuzilgan balans asosida aniqlanadigan uning badali qiymati to‘lanadi. Qatnashchining talabi va shirkatning roziligi bilan hissa to‘liq yoki qisman natural shaklda qaytarilishi mumkin.
Chiqib ketgan qatnashchiga shirkat shu yili olgan foydaning unga tegishli qismi to‘lanadi. Qatnashchi tomonidan faqat foydalanish uchun berib qo‘yilgan mol-mulk eskirib ishdan chiqishi hisobga olingan holda, haq to‘lanmasdan natural shaklda qaytarib beriladi.
24-modda. To‘liq va kommandit shirkatning qarzlari uchun undirishni qatnashchilar ulushiga qaratish hamda ularning javobgarligi
Xo‘jalik shirkatida qatnashchining shaxsiy qarzlari yuzasidan undirishni qatnashchining ulushiga qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shaxsiy qarzlarini qoplash uchun qatnashchining mol-mulki ozlik qilgan taqdirda kreditorlar shirkatni belgilangan tartibda tugatishni va qarzdor qatnashchining ulushini ajratishni talab qilishi mumkin. Bu holda qolgan qatnashchilar shirkatni saqlab qolish maqsadida bunday qatnashchining xo‘jalik shirkatidan chiqib ketish kunidagi holat bo‘yicha tuzilgan balansga muvofiq qarzdor qatnashchining ulushini pul bilan yoki natural shaklda ajratishga haqlidirlar.
Agar xo‘jalik shirkatini tugatishda mavjud mol-mulk barcha qarzlarni to‘lashga ozlik qilib qolsa, shirkatning barcha qatnashchilari O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq undirishni qaratish mumkin bo‘lgan o‘z mol-mulklari bilan qarzlarning yetishmagan qismi yuzasidan umumiy javobgar bo‘ladilar. Xo‘jalik shirkati qatnashchisi shirkatning qarzlari yuzasidan, qarzlar u shirkatga a’zo bo‘lib kirganidan keyin yoki kirishidan oldin paydo bo‘lganidan qat’i nazar, javobgar bo‘ladi.
Shirkatning qarzlarini to‘liq to‘laydigan qatnashchi uning oldida shirkat mol-mulkidagi o‘z ulushiga mutanosib ravishda javobgar bo‘lgan qolgan qatnashchilarga nisbatan tegishli ulush yuzasidan regressiv talab bilan murojaat qilishga haqlidir.
25-modda. Kommandit shirkatni boshqarish xususiyatlari
Kommandit shirkat ishlarini boshqarish faqat to‘liq mas’uliyatli qatnashchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Faqat bir to‘liq mas’uliyatli qatnashchi bo‘lgan kommandit shirkatda, ishlarni boshqarishni shu qatnashchi mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Kommanditistlar kommandit shirkatning ishlarini boshqarish yuzasidan to‘liq mas’uliyatli qatnashchilar faoliyatiga to‘sqinlik qilishga haqli emaslar.
26-modda. To‘liq shirkat faoliyatini to‘xtatish xususiyatlari
1. To‘liq shirkatni qayta tashkil etish uning qatnashchilari bir ovozdan qabul qilgan qarorga binoan, tugatish esa ushbu Qonunning 6-moddasida ko‘rsatilgan asoslardan tashqari — shirkat mol-mulkining uchdan bir ulushiga ega bo‘lgan qatnashchilardan birining talabiga binoan amalga oshiriladi.
2. Qatnashchi chiqib ketganida va to‘liq shirkat tugatilganida shirkatning qarzlari yuzasidan qatnashchiga (qatnashchilarga) nisbatan qo‘yilgan talablar qatnashchi chiqib ketgan paytdan boshlab yoxud shirkat tugatilgan paytdan boshlab bir yil o‘tganidan keyin uzilgan deb hisoblanadi.
27-modda. Kommandit shirkatni tugatish xususiyatlari
1. Ushbu Qonunning 6 i 26-moddalarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, kommandit shirkat, shuningdek to‘liq mas’uliyatli barcha qatnashchilar chiqib ketgan taqdirda tugatiladi.
2. Barcha kommanditistlar chiqib ketgan taqdirda, to‘liq mas’uliyatli qatnashchilar shirkatni tugatish o‘rniga uni to‘liq shirkatga aylantirishga haqlidirlar.
3. Kommandit shirkat ixtiyorida mavjud bo‘lgan pul mablag‘lari, tugatish chog‘ida uning mol-mulkini sotishdan olingan tushumni ham qo‘shgan holda, shirkatning yollangan xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitob qilinganidan va banklar, budjet, boshqa kreditorlar oldidagi majburiyatlar bajarilganidan keyin birinchi navbatda kommanditistlar o‘rtasida ularning hissalarini qaytarish uchun taqsimlanadi, keyin esa to‘liq mas’uliyatli qatnashchilar o‘rtasida ushbu Qonunda hamda ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan tartib va shartlarda taqsimlanadi. Hissadorlarga ularning hissalarini to‘liq qaytarish uchun shirkatning mablag‘lari ozlik qilgan taqdirda mavjud mablag‘lar qatnashchilar o‘rtasida ularning shirkat mol-mulkidagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
732-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 13-modda; 1994-y., 11-12-son, 285-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda; 1996-y., 9-son, 144-modda; 1998-y., 9-son, 181-modda; 1999-y., 9-son, 229-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda)