Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2015-yil 29-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2015-yil 6-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2015-yil 6-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi investitsiya va pay fondlari faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda investitsiya va pay fondlari faoliyati sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi OʻRQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Investitsiya fondi
Investorlarning pul mablagʻlarini jalb etish va ularni investitsiya aktivlariga qoʻyish maqsadida aksiyalar chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs — aksiyadorlik jamiyati investitsiya fondidir.
Qarang: mazkur Qonunning 11-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Investitsiya fondi quyidagi turda boʻlishi mumkin:
oʻzi chiqargan aksiyalarni qaytarib sotib olish majburiyatiga ega boʻlgan investitsiya fondi;
oʻzi chiqargan aksiyalarni qaytarib sotib olish majburiyatiga ega boʻlmagan investitsiya fondi.
Investitsiya fondining turi fondning taʼsis hujjatlarida koʻrsatiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasi.
4-modda. Pay fondi
Investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida ikki va undan ortiq shaxslarning — investorlarning oʻzi ishonchli boshqaruvga bergan pul mablagʻlari yigʻindisi pay fondidir.
Qarang: mazkur Qonunning 5 va 9-moddalari.
Pay fondi quyidagi turda boʻlishi mumkin:
chiqarilgan investitsiya paylarini ishonchli boshqaruvchi tomonidan fondning mablagʻlari hisobidan qaytarib sotib olish majburiyatiga ega boʻlgan pay fondi;
chiqarilgan investitsiya paylarini ishonchli boshqaruvchi tomonidan fondning mablagʻlari hisobidan qaytarib sotib olish majburiyatiga ega boʻlmagan pay fondi.
Pay fondining turi pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasida koʻrsatiladi.
Pay fondi yuridik shaxs boʻlmaydi.
5-modda. Investitsiya payi
Oʻz egalarining pay fondidagi ulushini tasdiqlovchi hujjatsiz qimmatli qogʻoz investitsiya payidir.
Investitsiya payiga boʻlgan huquqlar Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan investitsiya paylari egasining depo hisobvaragʻidan beriladigan koʻchirma bilan tasdiqlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni 37-moddasining birinchi qismi.
6-modda. Investitsiya aktivlari
Investitsiya fondining yoki pay fondining investitsiya portfelini tashkil etuvchi qimmatli qogʻozlar, ulushlar, pul mablagʻlari (shu jumladan chet el valyutasi), omonatlar va koʻchmas mulk investitsiya aktivlaridir.
7-modda. Investitsiya va pay fondlarining nomi
Investitsiya fondining yoki pay fondining toʻliq nomi tegishincha “investitsiya fondi” yoki “pay fondi” degan soʻz birikmasini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak hamda boshqa investitsiya va pay fondlarining nomiga oʻxshash boʻlishi mumkin emas. Bunda pay fondining nomida investitsiya qilish obyekti (aksiya, obligatsiya, xom ashyo bozorlari, yuqori texnologiyalar va boshqalar) koʻrsatilishi kerak.
Investitsiya va pay fondlari qisqartirilgan nomga ega boʻlishi mumkin.
Investitsiya fondi boʻlmagan yuridik shaxslar oʻz nomida “investitsiya fondi” degan soʻz birikmasidan foydalanishga haqli emas.
Investitsiya fondi oʻzining toʻliq nomi davlat tilida ifodalangan va oʻz joylashgan yeri koʻrsatilgan yumaloq muhrga ega boʻlishi shart. Muhrda uning nomi ayni vaqtning oʻzida boshqa istalgan tilda ham koʻrsatilishi mumkin.
Investitsiya fondi oʻzining nomi yozilgan shtamplariga va blankalariga, oʻz emblemasiga ega boʻlishga haqli.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-sentabrdagi 480-son “Tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
8-modda. Ishonchli boshqaruvchi
Ishonchli boshqaruvchi deganda ushbu Qonunda investitsiya fondlarini va (yoki) pay fondlarini ishonchli boshqarish shartnomasi asosida ishonchli boshqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs tushuniladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 849-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 19.04.2003-yildagi 189-son qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisidagi nizom”ning 2-bandi.
Ishonchli boshqaruvchi qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisidir.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni 24-moddasi ikkinchi qismining birinchi, beshinchi xatboshilari, 30-moddasi.
Ishonchli boshqaruvchi oʻzi boshqaradigan investitsiya aktivlari oʻrtacha yillik qiymatining kamida 5 foizi miqdorida oʻz kapitaliga (ustav kapitaliga qoʻyilgan nomoddiy aktivlarni chegirib tashlagan holda) ega boʻlishi kerak.
Investitsiya fondini va (yoki) pay fondini boshqaruvga qabul qilgan ishonchli boshqaruvchi ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada bu fondlarga (fondga) nisbatan mulkdorning huquqlarini amalga oshiradi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 19.04.2003-yildagi 189-son qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisidagi nizom”ning 5, 10-bandlari.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari qonunchilikda, investitsiya fondining ustavida, ishonchli boshqarish shartnomasida hamda investitsiya fondining ijroiya organi toʻgʻrisidagi nizomida belgilanadi.
(8-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 857-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 19.04.2003-yildagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisidagi nizom”ning 42, 43, 46-bandlari.
Ishonchli boshqaruvchi oʻzining ustavida belgilangan tarkibda va tartibda ichki audit xizmatini tashkil etishi shart.
Ishonchli boshqaruvchi oʻz boshqaruvida boʻlgan investitsiya fondlarining aksiyalarini va pay fondlarining investitsiya paylarini olishga haqli emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilgan taqdirda, ishonchli boshqaruvchi investitsiya fondi aksiyalarining va pay fondi investitsiya paylarining egalari oldida yetkazilgan haqiqiy zarar miqdorida javobgar boʻladi.
(8-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasi ikkinchi qismi.
Xizmatlar koʻrsatganlik uchun ishonchli boshqaruvchiga investitsiya fondining va (yoki) pay fondining mablagʻlari hisobidan ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq haq toʻlanadi. Haqning umumiy miqdori va uni toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari ushbu shartnomada belgilanadi.
Shuningdek, qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49-bobi (“Mol-mulkni ishonchli boshqarish”), Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 30-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-apreldagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisida”gi nizom 31 — 32, 51, 52-bandlari.
9-modda. Ishonchli boshqarish shartnomasi
Oldingi tahrirga qarang.
Ishonchli boshqaruvchi va investitsiya fondi oʻrtasida yoxud ishonchli boshqaruvchi va pay fondining investorlari oʻrtasida tuziladigan, ishonchli boshqarish chogʻidagi cheklovlarni, haq toʻlash va xarajatlarning oʻrnini qoplash tartibini, shartnomaning amal qilishini tugatish asoslari va shartlarini, taraflarning javobgarligini hamda qonunchilikka muvofiq boshqa qoidalarni nazarda tutadigan shartnoma ishonchli boshqarish shartnomasidir.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 853 — 861-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 19.04.2003-yildagi 189-sonli karori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisidagi nizom”ning 8, 9-bandlari.
Pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasi qoʻshilish shartnomasidir.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 360-moddasi.
Ishonchli boshqaruv ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladi, ishonchli boshqaruvchining rahbari tomonidan ushbu shartnoma:
aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga asosan investitsiya fondining kuzatuv kengashi raisi bilan;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 19.04.2003-yildagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisida”gi nizomning 36, 37-bandlari.
shartnomani imzolash va unga qoʻshilish orqali pay fondining investorlari bilan tuziladi.
Investitsiya fondi tomonidan bir vaqtning oʻzida bir nechta ishonchli boshqaruvchi bilan ishonchli boshqarish shartnomasi tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ishonchli boshqarish shartnomasida uning ajralmas qismi boʻlgan va investitsiya aktivlarining tarkibiga nisbatan talablar qoʻyadigan investitsiya deklaratsiyasi boʻlishi kerak.
Pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati besh yildan oshmasligi kerak. Agar investitsiya paylarining egalari oʻzlariga tegishli barcha investitsiya paylarini muomaladan chiqarishni talab qilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati investitsiya paylari egalari umumiy yigʻilishining qarori bilan bir yilga uzaytirilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 854-moddasi uchinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-apreldagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisida”gi nizomning II bobi (“Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruv shartnomalarining umumiy shartlari va xususiyatlari”).
10-modda. Investitsiya deklaratsiyasi
Investitsiya deklaratsiyasida quyidagilar boʻlishi kerak:
investitsiya fondini yoki pay fondini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish maqsadi;
investitsiya fondining yoki pay fondining pul mablagʻlari va boshqa mablagʻlari investitsiya qilinadigan investitsiya aktivlarining roʻyxati;
investitsiya tavakkalchiliklarining tavsifi;
ishonchli boshqaruvchi saqlab turishi shart boʻlgan investitsiya aktivlarining tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (har xil turdagi qimmatli qogʻozlar va emitentlar oʻrtasidagi, shuningdek qimmatli qogʻozlar, pul mablagʻlari va boshqa investitsiya aktivlari oʻrtasidagi nisbat);
investitsiya deklaratsiyasining investitsiya fondi yoki pay fondi va ishonchli boshqaruvchi tomonidan rioya etilishi shart boʻlgan qoidalarining amal qilish muddati;
pay fondining investitsiya paylari egalari umumiy yigʻilishining vakolatlari toʻgʻrisidagi qoidalar, investitsiya payi har bir egasining huquq va majburiyatlari, shuningdek pay fondini ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari.
Investitsiya fondining investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar investitsiya fondi aksiyadorlari umumiy yigʻilishining qarori bilan tasdiqlanadi.
Pay fondining investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar pay fondi investorlarining (investitsiya paylari egalarining) qarori bilan tasdiqlanadi.
Investitsiya deklaratsiyasi, shu jumladan unga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga ushbu deklaratsiya tasdiqlangan kundan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida taqdim etiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-apreldagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisida”gi nizomning 16—21-bandlari.
2-bob. Investitsiya fondi
11-modda. Investitsiya fondini tashkil etish
Investitsiya fondi yangi yuridik shaxsni taʼsis etish yoki boshqa investitsiya fondini qayta tashkil etish yoʻli bilan tashkil etiladi. Investitsiya fondini investitsiya fondi boʻlmagan boshqa yuridik shaxsni qayta tashkil etish orqali tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Investitsiya fondi tijorat tashkiloti boʻlib, u oʻzining alohida hisobga olinadigan mol-mulkiga, shu jumladan ustav kapitaliga berilgan mol-mulkka ega boʻladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar investitsiya fondining muassislari (aksiyadorlari) sifatida ish yuritishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Investitsiya fondini davlat roʻyxatidan oʻtkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
(11-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 39-moddasi, 40-moddasi birinchi qismi, 42 — 44-moddalari, 49-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” (yangi tahriri)gi Qonunining 3-moddasining ikkinchi qismi, 2-bobi (“Jamiyatni tashkil etish”), 31-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan“Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
Investitsiya fondini tashkil etishda uning aksiyalari qiymatini toʻlash pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar, ulushlar, shuningdek koʻchmas mulk va boshqa mol-mulk, mulkiy huquqlar bilan amalga oshiriladi. Bunda uning ustav kapitalining kamida 75 foizi pul shaklida toʻlanishi kerak.
Investitsiya fondining aksiyalarini joylashtirish fond birjasida amalga oshiriladi, bundan ushbu fond muassislari oʻrtasida yopiq obuna boʻyicha joylashtiriladigan aksiyalarning dastlabki chiqarilishi mustasno.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi va “Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalari”ning (roʻyxat raqami 2000, 30.08.2009-y.) XIII bobi (“Qimmatli qogʻozlarni joylashtirish”).
12-modda. Investitsiya fondining boshqaruv organlari
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi va kuzatuv kengashi, shuningdek vakolatlarini ishonchli boshqaruvchi amalga oshiradigan ijroiya organi investitsiya fondining boshqaruv organlaridir.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-bobi (“Jamiyatning boshqaruv organlari. Minoritar aksiyadorlar qoʻmitasi”).
13-modda. Investitsiya fondining faoliyatidagi cheklovlar
Investitsiya fondi:
Oldingi tahrirga qarang.
(13-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
korporativ obligatsiyalar va infratuzilma obligatsiyalari, shuningdek imtiyozli aksiyalar chiqarishga;
investitsiya fondi sof aktivlarining 10 foizidan ortigʻini bir emitentning qimmatli qogʻozlariga yoki masʼuliyati cheklangan jamiyatning ulushiga investitsiya qilishga;
toʻlanishi lozim boʻlgan qarzlarning jami hajmi kredit va (yoki) qarz bitimi imzolangan sanadagi investitsiya fondi sof aktivlari qiymatining 15 foizidan oshib ketgan taqdirda, kredit va (yoki) qarz mablagʻlarini jalb etishga (bunda kredit va (yoki) qarz muddati uch oydan oshib ketmasligi kerak);
kafil boʻlishga, mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni garovga qoʻyishga;
tashkiliy-huquqiy shakli oʻz ishtirokchilarining qoʻshimcha javobgarligini nazarda tutadigan xoʻjalik jamiyatlarining qimmatli qogʻozlariga va ulushlariga investitsiyalarni amalga oshirishga;
ishonchli boshqaruvchi, auditorlik tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga investitsiyalarni amalga oshirishga, shuningdek ularning ustav kapitalidagi ulushlarini olishga;
boshqa investitsiya fondlarining aksiyalarini olishga va ularga ega boʻlishga;
investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan bitimlar tuzishga, opsionlar yoki fyucherslar olishga;
umumiy summasi fond sof aktivlarining 10 foizidan ortiq investitsiyalarni amalga oshirishga (bundan qimmatli qogʻozlarga qoʻyish mustasno) haqli emas.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni 29-moddasining toʻrtinchi qismi.
14-modda. Investitsiya fondini qayta tashkil etish va tugatishning oʻziga xos xususiyatlari
Investitsiya fondi investitsiya fondi sifatida oʻz faoliyatini tugatmasdan yuridik shaxsning boshqa tashkiliy-huquqiy shakllariga oʻzgartirilishga haqli emas.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni 29-moddasining ikkinchi qismi.
Ishonchli boshqaruvchi boʻlmagan taqdirda, investitsiya fondining kuzatuv kengashi uch oy ichida ishonchli boshqaruvchi yollashi yoxud investitsiya fondini tugatish tashabbusi bilan chiqishi shart.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 va 53-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Yangi tahriri) 92 — 96, 98 — 101-moddalari.
15-modda. Investitsiya fondi mol-mulkining hisobi va uni saqlash
Oldingi tahrirga qarang.
Investitsiya fondlari tomonidan chiqarilgan va ularga tegishli qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish, shuningdek ularni saqlash, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.
(15-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-bobi (“Qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish”).
Investitsiya aktivlari ishonchli boshqaruvchida alohida balansda aks ettiriladi va u boʻyicha mustaqil hisob yuritiladi. Ishonchli boshqarish bilan bogʻliq faoliyat boʻyicha hisob-kitoblar uchun alohida bank hisobvaragʻi ochiladi.
Investitsiya fondining buxgalteriya hisobini yuritish hamda moliya, soliq hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzish ishonchli boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruvchi fond investitsiya aktivlarining alohida hisobini yuritadi, ularning yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlaydi, shuningdek investitsiya fondining moliya, soliq hisobotlari hamda boshqa hisobotlarining toʻgʻriligi va ishonchliligi uchun javobgar boʻladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-sentabrdagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisida”gi nizomning III bobi (“Investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruv shartnomalari boʻyicha operatsiyalarni hisobga olish va hisob raqamlarini yuritish”).
3-bob. Pay fondi
16-modda. Pay fondini tashkil etish
Pay fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror ishonchli boshqaruvchi tomonidan qabul qilinadi.
Investor ishonchli boshqaruvchi bilan tuziladigan, investorlarning pul mablagʻlarini umumiy ulushli mulk huquqi asosida pay fondiga birlashtirish nazarda tutiladigan shartnoma asosida pay fondiga pul mablagʻlarini kiritadi.
Ishonchli boshqaruvchi oʻzining alohida bank hisobvaragʻiga investorlar pul mablagʻlarini kiritganidan keyin ikki ish kuni ichida ularga investitsiya paylarini beradi.
Investitsiya paylarini joylashtirish barcha investorlar uchun yagona narx boʻyicha amalga oshiriladi.
Pay fondining pul mablagʻlari investitsiya deklaratsiyasiga binoan investitsiya qilinadi.
Pay fondini ishonchli boshqarish jarayonida olingan daromadlar ishonchli boshqaruvchining alohida bank hisobvaragʻida jamlanadi.
Pay fondi u Pay fondlarining yagona reyestriga kiritilgan va tegishli axborot qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining hamda Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Pay fondlarining yagona reyestrini yuritish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17-modda. Pay fondining va investitsiya paylarining hisobi
Pay fondining hisobi pay fondi Pay fondlarining yagona reyestriga kiritilganidan keyin investitsiya paylarini hisobga qoʻyish orqali Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan amalga oshiriladi.
Investitsiya paylari pay fondini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran bir hafta ichida hisobga qoʻyilishi kerak.
Investitsiya paylarini hisobga qoʻyish chogʻida investorlarga Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida depo hisobvaraqlari ochiladi, bu hisobvaraqlarda investorlarga tegishli investitsiya paylariga boʻlgan huquqlarning hisobi yuritiladi.
18-modda. Investorlarning pul mablagʻlarini va pay fondining investitsiya aktivlarini tasarruf etish
Ishonchli boshqaruvchi pay fondi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida hisobga qoʻyilganidan keyin investorlarning pul mablagʻlarini tasarruf etishga haqli.
Pay fondining pul mablagʻlari ishonchli boshqaruvchining rahbari va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadigan toʻlov hujjati asosida sarflanadi.
Pul mablagʻlaridan hamda boshqa investitsiya aktivlaridan foydalanishning maqsadi va yoʻnalishlari ishonchli boshqarish shartnomasi shartlariga, shu jumladan investitsiya deklaratsiyasiga muvofiq boʻlishi kerak.
Investitsiya aktivlari boʻyicha olingan daromadlar pay fondining investitsiya paylari egalari oʻrtasida yilda bir marta taqsimlanadi yoxud investitsiya paylarining barcha egalari roziligiga koʻra qayta investitsiya qilinadi. Pay fondining investitsiya paylari egalariga daromadlarni toʻlash ishonchli boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruvchi tomonidan pay fondi nomidan va ushbu fond mablagʻlari hisobidan tuziladigan shartnomalar Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
19-modda. Pay fondining investitsiya aktivlarini tasarruf etishdagi cheklovlar
Pay fondining pul mablagʻlari:
fond investitsiya aktivlarining 10 foizidan ortiq miqdorda bir emitentning qimmatli qogʻozlariga yoki masʼuliyati cheklangan jamiyatning ulushlariga investitsiya qilinishi;
tashkiliy-huquqiy shakli oʻz ishtirokchilarining qoʻshimcha javobgarligini nazarda tutadigan xoʻjalik jamiyatlarining qimmatli qogʻozlariga va ulushlariga investitsiya qilinishi;
ishonchli boshqaruvchi, auditorlik tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga, shuningdek ularning ustav kapitalidagi ulushlarini olishga investitsiya qilinishi;
investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻnalishlar boʻyicha foydalanilishi;
fond investitsiya aktivlari umumiy summasining 10 foizidan ortiq miqdorda investitsiya qilinishi (bundan qimmatli qogʻozlarga qoʻyish mustasno) mumkin emas.
20-modda. Investitsiya payining muomalasi
Investitsiya payining muomalasi uning fond birjasidagi oldi-sotdisi va investitsiya payining egasi almashishiga olib keladigan boshqa harakatlarni bajarish orqali amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqarish shartnomasida pay fondining investitsiya paylarini ularning egasi talabiga koʻra, ayni bir ishonchli boshqaruvchining ishonchli boshqaruvida boʻlgan boshqa pay fondining investitsiya paylariga almashtirish imkoniyati nazarda tutilishi mumkin. Bunda bir pay fondining investitsiya paylarini boshqa pay fondining investitsiya paylariga almashtirish almashtirilishi lozim boʻlgan investitsiya paylarini muomaladan chiqarish sanasi almashtirilayotgan investitsiya paylarini berish sanasiga mos kelgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.
21-modda. Pay fondini tugatish
Pay fondini tugatish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugaganda;
barcha investitsiya paylarini muomaladan chiqarish uchun buyurtmalar kelib tushganda;
ishonchli boshqaruvchining litsenziyasi bekor qilinganda, agar uning pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlari litsenziya bekor qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida boshqa ishonchli boshqaruvchiga berilmagan boʻlsa;
pay fondi hujjatlarida koʻrsatilgan pay fondini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish maqsadiga erishilganda;
investitsiya paylari egalarining pay fondini tugatish toʻgʻrisida bir ovozdan qabul qilingan qarori mavjud boʻlganda.
Pay fondining investitsiya aktivlari ishonchli boshqaruvchi tomonidan fond birjasida (qimmatli qogʻozlar uchun) va kimoshdi savdosida realizatsiya qilinishi lozim. Pay fondining investitsiya aktivlarini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar pay fondining investitsiya paylari egalariga oʻzlariga tegishli boʻlgan investitsiya paylari soniga mutanosib ravishda toʻlanishi kerak.
Pay fondi investitsiya paylari egalarining pay fondi negizida investitsiya fondini taʼsis etish toʻgʻrisida bir ovozdan qabul qilingan qarori pay fondini tugatish haqidagi qaror deb eʼtirof etiladi.
Pay fondi tugatilganda mazkur pay fondi ishonchli boshqaruvchisining faoliyati auditorlik tashkiloti tomonidan majburiy auditdan oʻtkazilishi kerak.
22-modda. Investitsiya payini muomaladan chiqarish
Investitsiya payini muomaladan chiqarish pay fondi tugatilganda amalga oshiriladi.
Investitsiya payini muomaladan chiqarish quyidagilar orqali amalga oshirilishi mumkin:
investitsiya payining qiymatini ishonchli boshqaruvchi tomonidan pay fondi mablagʻlari hisobidan pul mablagʻlari bilan toʻlash;
investitsiya payini pay fondi negizida tuzilgan investitsiya fondining aksiyalariga ayirboshlash.
4-bob. Investitsiya va pay fondlarining faoliyatini tartibga solish
23-modda. Investitsiya va pay fondlarining faoliyatini tartibga solishni amalga oshirish
Investitsiya va pay fondlari faoliyatini tartibga solish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
investitsiya va pay fondlarini ishonchli boshqarish tartibini, shu jumladan ushbu fondlarning investitsiya aktivlari hisobini yuritish hamda ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish tartibini belgilash;
ishonchli boshqaruvchi mansabdor shaxslarining hamda affillangan shaxslarining investitsiya va pay fondlari operatsiyalarida ishtirok etishini cheklash;
investitsiya deklaratsiyasining mazmuniga hamda investitsiya va pay fondlarining boshqa hujjatlariga doir talablarni belgilash;
investitsiya va pay fondlarining, ishonchli boshqaruvchilarning va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining faoliyatini nazorat qilish.
Ishonchli boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida ishonchli boshqaruvchi nomidan va uning hisobidan faoliyat yurituvchi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysigina investitsiya paylarini berish, muomaladan chiqarish va almashtirish boʻyicha agent boʻlishi mumkin. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining investitsiya paylarini berish, muomaladan chiqarish va almashtirishga doir faoliyati tartibi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 55-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 19.04.2003-yildagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisidagi nizom”ning 17-bandi.
24-modda. Investitsiya aktivlarining hisobi va ular boʻyicha hisobotlar
Investitsiya aktivlarining hisobini yuritish va ushbu aktivlar boʻyicha hisobotlar tuzish ishonchli boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Investitsiyalar pay fondining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan taqdirda, qimmatli qogʻozlar egalarining reyestrida va xoʻjalik jamiyatlarining taʼsis hujjatlarida ishonchli boshqaruvchi koʻrsatilib, u pay fondining ishonchli boshqaruvchisi sifatida faoliyat yuritayotganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-sentabrdagi 189-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchilari toʻgʻrisida”gi nizomning III bobi (“Investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruv shartnomalari boʻyicha operatsiyalarni hisobga olish va hisob raqamlarini yuritish”).
25-modda. Investitsiya va pay fondlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish
Investitsiya va pay fondlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish ishonchli boshqaruvchi tomonidan quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
axborotni investitsiya fondlarining, pay fondlari ishonchli boshqaruvchisining, qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining, shuningdek fond birjasining rasmiy veb-saytlarida qonunchilikka muvofiq eʼlon qilish;
(25-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
axborotni belgilangan tartibda soʻrovga koʻra taqdim etish.
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi va fond birjasi ushbu moddada nazarda tutilgan axborotni oʻz rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilganlik uchun haq olishga haqli emas.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-bobi (“Qimmatli qogʻozlar bozorida axborotni oshkor qilish”) va “Qimmatli qogʻozlar bozorida axborot taqdim etish va eʼlon qilish qoidalari” (roʻyxat raqami 2383, 31.07.2012-y.).
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
26-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Investitsiya va pay fondlari faoliyati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(26-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
27-modda. Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(27-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1741-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
28-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(28-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
29-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 3-bobi qoidalari 2017-yil 1-iyuldan eʼtiboran amalga kiritiladi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2015-yil 26-avgustdagi 167 (6350)-sonida eʼlon qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 25-avgust,
OʻRQ-392-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 34-son, 450-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son; 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)