|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 06.01.2005
|
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004-yil 3-dekabrdagi 711-II-sonli “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun hozirgi va kelajak avlod manfaatlarini ko‘zlab noyob hamda ekologik, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, sanitariya-sog‘lomlashtirish, estetik nuqtai nazardan milliy boylik va umumxalq mulki bo‘lmish qimmatli tabiiy majmuilarni muhofaza etishning umumiy huquqiy, ekologik, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari
O‘zbekiston Respublikasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar ushbu Qonundan, shuningdek yer, suv, o‘rmon to‘g‘risidagi qonunlar, yer osti boyliklari to‘g‘risidagi, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza etish va undan foydalanish to‘g‘risidagi, atmosfera havosini muhofaza etish to‘g‘risidagi hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlardan iborat alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari bilan ham tartibga solib turiladi.
2-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining vazifalari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining vazifalari noyob tabiiy majmuilarni, tabiat yodgorliklarini, o‘simliklar va hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolishdan, tabiiy jarayonlarni o‘rganishdan hamda tabiiy muhitni kuzatish va tadqiq etish majmuidan, aholini ekologiya bobida tarbiyalashdan, tabiatni muhofaza qilish ahamiyatiga molik hududlardan xo‘jalik maqsadida foydalanishni cheklashdan iboratdir.
3-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ta’rifi va ularning huquqiy maqomi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar — bu yerlar va suv kengliklari (akvatoriylar)ning ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik qismlaridir.
Tabiat rang-barangligini saqlab qolish, ekologik muvozanatni va biosfera monitoringini saqlab turishga, shuningdek shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklashga mo‘ljallangan yagona tizimni tashkil etuvchi O‘zbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari xo‘jalik maqsadida foydalanishdan to‘liq yoki qisman, bir umrga yoki vaqtincha tortib olinishi mumkin.
Tabiiy zaxiralardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir rejalar va dasturlar, yer tuzilishi va joylarni tekislash kesmalari hamda boshqa rejalarni ishlab chiqishda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hisobga olinadi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga Qonunda belgilab qo‘yilgan tartibda davlat qo‘riqxonalari (shu jumladan biosfera qo‘riqxonalari), davlat milliy bog‘lari, davlat tabiat yodgorliklari, davlat buyurtma qo‘riqxonalari maqomi beriladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari), kurort va rekreatsiya tegralari, yer usti va yer osti suvlari hosil bo‘ladigan tegralar (daryo uvalari, oqiziqli adirlar, tog‘ yonbag‘irlarining etaklari), nodir va qimmatbaho mineral konlari, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo‘riqlanma (oraliq) tegralari, baliq xo‘jaligi tegralari, o‘rmonlarning taqiqlangan mintaqalari, tarixiy-tabiiy va yodgoriy bog‘lar, botanika va hayvonot bog‘lari, dendrariylar hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro shartnomalar bilan belgilab qo‘yiladigan tartib asosidagi boshqa hududlar ham alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga kiradi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralarining qarorlari bilan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning boshqa toifalari ham nazarda tutilishi mumkin.
4-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga bo‘lgan mulkchilik
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat mulkidir va uning muhofazasidadir.
Botanika, dendrologiya va hayvonot bog‘lari boshqa shakllardagi mulk asosida ham tashkil etilishi mumkin.
5-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari tabiatni muhofaza etish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar jumlasiga kiradi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlarida ularning maqsad-muddaosiga zid faoliyat taqiqlanadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning tartibi va shartlari ushbu Qonun va yer to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilab qo‘yiladi.
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 9-bobiga qarang.
Davlat qo‘riqxonalari, davlat milliy bog‘lari yer uchun haq to‘lashdan ozod etiladilar. Alohida muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlar ham O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo‘yilgan tartibda yer uchun haq to‘lashdan ozod etilishlari mumkin. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanilgan hollarda ijara haqi va yer solig‘i undirib olinadi.
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 101-moddasiga, Yer solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 19-bandiga qarang (ro‘yxat raqami 1118, 27.03.02y.).
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari tortib olinishiga favqulodda hollarda O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
6-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari, shuningdek bu ishga maxsus vakil qilingan davlat idoralari amalga oshiradilar.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratini O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi amalga oshiradi.
7-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish tartibi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va joylashtirishning bosh kesmasi yoki tabiatni muhofaza qilishning hududiy majmui kesmasiga muvofiq barpo etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va joylashtirishning bosh kesmasini yoki davlat hokimiyati mahalliy idoralari tabiatni muhofaza qilishning hududiy majmui kesmasini tasdiqlashi bilan ayni bir vaqtda muhofaza etishga tavsiya etilayotgan yer maydonini zaxiralash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Alohida muhofaza etiladigan hudud tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar mazkur hududda yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning xo‘jalik faoliyati cheklanadi yoki to‘xtatiladi. Bunday hollarda yer egalari va yerdan foydalanuvchilar xo‘jalik faoliyatining cheklanishi yoki to‘xtatilishi tufayli qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishida ko‘rilgan yo‘qotish va talofotlar uchun tovon olish huquqiga egadirlar hamda yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlardan foydalanadilar.
8-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri bu hududlarning huquqiy maqomi, ularning jug‘rofiy mavqeyi, miqdor va sifat ko‘rsatkichlari, ekologik, ilmiy, ma’rifiy va boshqa xil ahamiyati to‘g‘risidagi, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni qamrab oladi.
O‘zbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari davlat kadastri mazkur hududlar tarmog‘ini rejalashtirish, ularni muhofaza etishni ta’minlash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, tegishli qoidaga rioya etilishi ustidan davlat nazorati darajasini oshirish, shuningdek ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va joylashtirishni rejalashtirish chog‘ida bu hududlar o‘rni va ahamiyatini hisobga olish maqsadida yuritiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri respublika budjeti hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan yagona tizim asosida yuritiladi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastrini yuritishni O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining idoralari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda amalga oshiradilar.
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-martdagi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlari davlat kadastrini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga qarang.
9-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni yo‘lga qo‘yishda jamoat tashkilotlari bilan fuqarolarning ishtiroki
Jamoat tashkilotlari o‘z ustavlariga muvofiq va ayrim fuqarolar alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga oid tadbirlarni amalga oshirishda davlat idoralariga hamkorlik qiladilar.
Ana shu tadbirlarni amalga oshirish chog‘ida davlat idoralari jamoat tashkilotlari bilan ayrim fuqarolarning takliflarini inobatga oladilar.
II BO‘LIM. DAVLAT KO‘RIQXONALARI
10-modda. Davlat qo‘riqxonalarining ta’rifi va vazifalari
Davlat qo‘riqxonalari o‘z oldiga oddiy, odatiy va noyob tabiiy majmuilar, o‘simliklar va hayvonlarning irsiy fondlarini saqlab qolish va o‘rganish, tabiiy jarayonlar va hodisalar o‘zgarishi ustidan monitoring o‘tkazish maqsadini qo‘ygan tabiatni muhofaza etuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari hisoblanadi.
Davlat qo‘riqxonalari hududidagi yer, suv, yer osti boyliklari, o‘simlik va hayvonot dunyosi xo‘jalik foydalanishidan to‘liq va bir umrga tortib olinadi hamda doimiy foydalanish uchun qo‘riqxonalarga bepul beriladi. Davlat qo‘riqxonalari yerlarini ijaraga berish taqiqlanadi.
Hududi tabiiy landshaftlarning xos bo‘laklaridan iborat bo‘lgan va belgilangan tartibda biosfera qo‘riqxonalarining xalqaro shoxobchasiga kiritilgan davlat qo‘riqxonalari biosfera davlat qo‘riqxonalari maqomiga egadir.
Davlat qo‘riqxonalari zimmasiga:
muhofaza ostiga olingan butun tabiiy majmuini tabiiy holatda asrash;
ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
ro‘yobga chiqarilganda qo‘riqxonalar va muhofaza etilayotgan tegralarning tabiiy majmuiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan xo‘jalik obyektlari va boshqa obyektlarning loyihalari hamda ularni joylashtirish kesmalarining davlat ekologik ekspertizasida qatnashish;
tabiatni muhofaza qilish sohasida ilmiy xodimlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish;
ekologik bilimlarni targ‘ib etish vazifalari yuklanadi.
11-modda. Davlat qo‘riqxonalarini tashkil etish tartibi va ularni boshqarish
Davlat qo‘riqxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi.
Davlat qo‘riqxonalarini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir qo‘riqxona qaysi idoraning tasarrufida bo‘lsa, shu idora O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishib turib tasdiqlaydigan nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
12-modda. Davlat qo‘riqxonalarining maqomi va mablag‘lari
Davlat qo‘riqxonalari yuridik shaxs bo‘lib, respublika budjetidan ta’minlanadi, mustaqil balansda turadi, ularning bank muassasalarida o‘z hisob raqamlari, o‘z nomida va O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi tushirilgan muhri bo‘ladi.
Davlat qo‘riqxonalarining mablag‘lari, shu jumladan chet el valyutasidan iborat mablag‘lari:
O‘zbekiston Respublikasi budjeti ajratmalaridan;
ilmiy, tabiatni muhofaza qilish, reklama-noshirlik va ma’rifiy faoliyatdan keladigan daromadlardan;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslar faoliyati natijasida davlat qo‘riqxonasiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tushumlaridan;
ma’muriy va sud yo‘li bilan undirib olinadigan jarima pullaridan;
ovchilik va baliqchilikning musodara etilgan asboblarini, noqonuniy o‘lja qilingan mahsulotlarni sotishdan olingan pullardan;
korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, shuningdek fuqarolardan beg‘araz yordam tarzida keladigan tushumlardan hosil etiladi.
Davlat qo‘riqxonalari o‘z mablag‘larini aniq maqsadga qaratgan holda mustaqil tarzda, ushbu Qonunning 11-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tasarruf etadilar.
13-modda. Davlat qo‘riqxonalarining ish tartibi
Davlat ko‘riqxonalarining hududida ko‘riqxonalar maqsadlariga zid bo‘lgan, tabiiy jarayonlarning o‘zicha rivojlanishiga putur yetkazadigan yoki tabiiy majmui va obyektlar holatiga tahdid soladigan har qanaqa xo‘jalik, rekreatsiya va boshqa yo‘sindagi faoliyat taqiqlanadi.
Qo‘riqxonalarning hududlarida va ularning qo‘riqlanma tegralarida iqlimlashtirish maqsadida o‘simliklar va jonivorlar turlarini va xillarini joylashtirish taqiqlanadi.
Davlat qo‘riqxonalarida ular to‘g‘risidagi tasdiqlangan nizomga muvofiq yong‘inga qarshi tadbirlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
Qo‘riqxonalarning yoki ularga mutasaddilik qiluvchi idoralarning xodimi bo‘lmagan fuqarolarning qo‘riqxonalar hududida bo‘lishiga ularda ana shu idoralar yoki qo‘riqxona ma’muriyati bergan ruxsatnoma bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
14-modda. Davlat qo‘riqxonalarida ilmiy-tadqiqot faoliyati
Ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish va o‘tkazish uchun davlat qo‘riqxonalari o‘z ilmiy xodimlar shtati bilan ta’minlanadi. Ilmiy tadqiqotlar, shuningdek chet ilmiy tashkilotlarni va ayrim mutaxassislarni jalb etish yo‘li bilan ham o‘tkazilishi mumkin. Davlat qo‘riqxonalarida olimlar kengashi (ilmiy kengash) tuziladi.
“Tabiat solnomasi”ni yuritish barcha davlat qo‘riqxonalari uchun majburiydir.
Davlat qo‘riqxonalarining ilmiy jamg‘armalarini saqlash muddati chegaralanmaydi.
Davlat qo‘riqxonalariga ilmiy asarlarni nashr etish huquqi beriladi.
Davlat qo‘riqxonalarining ilmiy tadqiqotlarini O‘zbekiston Respublikasining Fanlar akademiyasi muvofiqlashtirib boradi.
III BO‘LIM. DAVLAT MILLIY TABIAT BOG‘LARI
15-modda. Davlat milliy tabiat bog‘larining ta’rifi va vazifalari
Davlat milliy tabiat bog‘lari tabiatni muhofaza qilish muassasasi bo‘lib, ularning hududlari (akvatoriylari) alohida ekologik, tarixiy va estetik qimmatga ega bo‘lgan hamda tabiatni muhofaza qilish, rekreatsiya, ma’rifiy, ilmiy va madaniy maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan tabiiy majmuilarni qamrab oladi.
Davlat milliy tabiat bog‘lari hududi davlat milliy bog‘lariga egalik qilish yoki ulardan foydalanish uchun beriladigan yerlarda, shuningdek boshqa yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning yerlarida joylashadi.
Davlat milliy tabiat bog‘lariga:
rekreatsiya, ma’rifiy va ilmiy maqsadlarda foydalanish uchun tabiiy majmuilar va tarixiy-madaniy meroslarni asrab qolishni ta’minlaydigan ish tartibiga rioya etish;
shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklash;
tarix, madaniyat, me’morchilik obidalarini saqlab qolish;
turizm, ekskursiya va dam olish uchun sharoit yaratish;
ekologiya bilimlarini targ‘ib qilish;
zaxiralarni tejaydigan, ekologik jihatdan sof texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarishi va boshqa faoliyatda ishlatishga joriy etishga ko‘maklashish;
tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy kadrlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish vazifalari yuklatiladi.
16-modda. Davlat milliy tabiat bog‘larini tashkil etish tartibi va ularni boshqarish
Davlat milliy tabiat bog‘larini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi manfaatdor idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishib turib kiritgan taqdimiga ko‘ra qabul qiladi.
Davlat milliy tabiat bog‘larini boshqarish ular faoliyati tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq qaysi vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tasarrufida bo‘lsa, shu vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir milliy bog‘ qaysi idora tasarrufida bo‘lsa, shu idora tasdiqlab beradigan Nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
17-modda. Davlat milliy tabiat bog‘larining maqomi va mablag‘lari
Davlat milliy tabiat bog‘lari yuridik shaxs bo‘lib, davlat budjetidan ta’minlanadi, mustaqil balansda turadi, ularning bank muassasalarida o‘z hisob raqamlari, o‘z nomida va O‘zbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan muhri bo‘ladi.
Davlat milliy tabiat bog‘larining mablag‘lari, shu jumladan chet el valyutasidagi mablag‘lari:
O‘zbekiston Respublikasi budjeti ajratmalaridan;
rekreatsiya, turizm-ekskursiya, reklama-noshirlik va ushbu Qonun hamda Milliy bog‘lar to‘g‘risidagi nizomda ruxsat etilgan boshqa faoliyatdan keladigan daromadlardan;
davlat, kooperativ va boshqa jamoat korxonalari, muassasalari, tashkilotlaridan, qo‘shma korxonalar, ajnabiy va xalqaro tashkilotlar hamda xususiy shaxslardan keladigan pul mablag‘lari va moddiy boyliklardan;
davlat milliy tabiat bog‘ini muhofaza etish qoidasini buzuvchilardan belgilangan tartibda undirib olinadigan jarima pullardan iborat tushumlardan;
korxona, muassasa, tashkilot va fuqarolarning faoliyati natijasida davlat milliy tabiat bog‘iga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash hisobidan keladigan tushumlardan hosil etiladi.
Davlat milliy tabiat bog‘lari o‘z mablag‘larini aniq maqsadga qaratgan holda mustaqil tarzda, ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tasarruf etadilar.
18-modda. Davlat milliy tabiat bog‘larining ish tartibi
Davlat milliy tabiat bog‘larining hududlarida tabiiy majmui va obyektlar holatini, ularning rekreatsiya, madaniy va estetik qimmatini inobatga olgan holda muhofaza etish va ulardan foydalanishning tabaqalashtirilgan tartibi belgilab qo‘yiladi.
Davlat milliy tabiat bog‘larining tegrasida davlat qo‘riqxonalari hududlari uchun nazarda tutilgan tartibdagi qo‘riq tegralari, rekreatsiya, xo‘jalik va o‘zga yo‘sindagi foydalanish tegralari, tarixiy-madaniy obyektlarning muhofaza tegralari ajratiladiki, ularda davlat milliy tabiat bog‘lari vazifalariga zid bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullaniladi.
Davlat milliy tabiat bog‘larining hududida:
daraxt kesishga (sanitariya maqsadidagi va parvarishlash yo‘sinidagi kesish bundan mustasno);
ekologik jihatdan xavf-xatar tug‘diruvchi sanoat korxonalarining faoliyat olib borishiga;
gidrologik va gidrogeologik tartibni o‘zgartirib yuboruvchi harakatlarga;
tuproq eroziyasini, shuningdek o‘simlik va hayvonot dunyosining tanazzulini keltirib chiqaruvchi harakatlarga;
davlat milliy tabiat bog‘larining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya ishlari olib borishga;
kimyo va radioaktiv moddalarning chiqindilarini ko‘mishga;
iqlimlashtirish maqsadida tirik organizmlarni ko‘chirib keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat milliy tabiat bog‘larida ular hududining tabiiy, ilmiy, estetik va madaniy qimmati pasayishiga olib keluvchi boshqa faoliyat turlari taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
Bog‘ning rasamadi bilan faoliyat ko‘rsatishi uchun yo‘llar, boshqa kommunikatsiya va inshootlar qurish zarur bo‘lib qolgan hollarda shikast topgan yerlarni madaniylashtirish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlari majmuini o‘tkazish majburiyligi nazarda tutiladi.
IV BO‘LIM. DAVLAT BUYuRTMA QO‘RIQXONALARI VA DAVLAT TABIAT YoDGORLIKLARI
19-modda. Davlat buyurtma qo‘riqxonasi tushunchasi va bunday qo‘riqxonani tashkil etish
Davlat buyurtma qo‘riqxonalari tabiiy majmuilarni yoki ularning ayrim bo‘laklarini asrash, ko‘paytirish va tiklash maqsadida buyurtma qo‘riqxona oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun zarur muddatga ajratib beriladigan hududlar (akvatoriylar)dir.
Davlat buyurtma qo‘riqxonalari respublika va mahalliy ahamiyatga molik bo‘lishi mumkin.
Buyurtma qo‘riqxonalar vazifasiga ko‘ra:
alohida qimmatga ega bo‘lgan tabiiy landshaftlar va majmuilarni asrash va tiklash uchun mo‘ljallangan landshaft (yaxlit) buyurtma qo‘riqxonalarga;
qimmatli, nodir va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar va jonivorlar turlarini asrab qolish va tiklash uchun mo‘ljallangan biologik (botanik, zoologik) buyurtma qo‘riqxonalarga;
ayrim qazilma boyliklar va ularning majmuini asrab qolish uchun mo‘ljallangan paleontologik buyurtma qo‘riqxonalarga;
jonsiz tabiatning qimmatli obyektlari va majmuilarini asrab qolish uchun mo‘ljallangan gidrologik (botqoq, ko‘l, daryo) buyurtma qo‘riqxonalarga;
tabiat yaratgan nodir va noyob relyef shakllarini asrab qolish uchun mo‘ljallangan geomorfologik buyurtma qo‘riqxonalariga;
nodir geologik va mineralogik hosilalar va tuzilmalarni asrab qolish uchun mo‘ljallangan geologik va mineralogik buyurtma qo‘riqxonalarga bo‘linadi.
Noyob mineral va o‘zga xil geologik tuzilmalarga ega bo‘lgan hamda fundamental ilmiy ahamiyatga molik geologik buyurtma qo‘riqxonalarga davlat qo‘riqxonasi maqomi berilishi mumkin.
Buyurtma qo‘riqxonalar faoliyat muddatlari ko‘rsatilmay (muddatsiz), 5 yildan ortiq muddatga (uzoq muddatli) yoki 5 yildan kam muddatga (qisqa muddatli) qilib tashkil etiladi.
Respublika ahamiyatiga molik davlat buyurtma qo‘riqxonalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tashkil etadi.
Mahalliy ahamiyatga molik davlat buyurtma qo‘riqxonalari tabiatni muhofaza etish idoralarining taqdimiga ko‘ra viloyat hokimlarining qarori bilan tashkil etiladi.
20-modda. Davlat buyurtma qo‘riqxonalarining ish tartibi
Davlat buyurtma qo‘riqxonalari deb e’lon qilingan hududlar ularni xo‘jalik maqsadlarida istifoda etayotgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilardan tortib olinmaydi.
Yerida davlat buyurtma qo‘riqxonalari tashkil etilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar davlat buyurtma qo‘riqxonasi belgilaydigan tartibga rioya etishlari shart.
Davlat buyurtma qo‘riqxonalarining hududlarida buyurtma qo‘riqxona oldiga qo‘yilgan vazifalarga zid bo‘lgan faoliyatning har qanaqa turi to‘xtatiladi yoki cheklab qo‘yiladi.
Har bir davlat buyurtma qo‘riqxonasining aniq vazifalari va ish tartibining xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining idoralari, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar bilan kelishib turib ishlab chiqiladigan hamda davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etish to‘g‘risida qaror chiqargan idora tasdiqlaydigan nizomda belgilab qo‘yiladi.
21-modda. Davlat tabiat yodgorliklari
Ekologik, ilmiy, estetik, madaniy jihatdan noyob, o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas, qimmatli, kelib chiqishi tabiiy bo‘lgan obyektlar davlat tabiat yodgorliklari deb e’lon qilinadi.
Tabiat obyektlarini davlat hokimiyatining mahalliy idoralari tabiatni muhofaza etish bo‘yicha davlat idoralari taqdimiga binoan davlat tabiat yodgorliklari deb e’lon qiladilar.
Yer egalari va yerdan foydalanuvchilardan ular egallab turgan yer uchastkalarini tortib olmay turib ham obyekt davlat tabiat yodgorligi deb e’lon qilinishiga yo‘l qo‘yiladi.
Davlat tabiat yodgorliklari joylashgan hududda ularni asrab qolishga tahdid etuvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi.
Tabiat yodgorliklarini muhofaza etish tartibini ta’minlashga oid majburiyatlar bu yodgorliklar qaysi korxona, muassasa va tashkilot hududida bo‘lsa, shu korxona, muassasa va tashkilot zimmasiga yuklanadi.
Tabiiy obyektni davlat tabiat yodgorligi deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror chiqargan idora obyektni muhofaza ostiga o‘tkazish va muhofaza etish majburiyatini rasmiylashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Aholi diniy maqsadlarda foydalanib turgan davlat tabiat yodgorliklari ularni muhofaza etish va obodonlashtirish ishlari o‘tkazish maqsadida davlat tabiat yodgorligini asrab qolish sharti bilan diniy tashkilotlarga yoki alohida shaxslarga foydalanish uchun yoxud ijaraga berilishi mumkin.
V BO‘LIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN O‘ZGA TABIIY HUDUDLAR
22-modda. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) va ularni tashkil etish
Daryolarning, ko‘llarning, suv omborlarining, kanallarning, kollektorlarning hamda boshqa suv obyektlarining o‘zanlariga tutash hudud suvni muhofaza qilish tegrasi deb e’tirof etiladi va bu hudud uchun ifloslanish, bulg‘anish, sayozlanishning hamda suv obyektlari tuproq nurashi mahsullari bo‘lmish loyqa bilan to‘lib qolishining oldini olish maqsadida, shuningdek eng maqbul suv maromini saqlab turish uchun maxsus tartib-qoida belgilab qo‘yiladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari)ning ish tartibi yer usti va yer osti suvlari hosil bo‘ladigan tegralar (daryo uvalari, oqiziqli adirlar, tog‘ yonbag‘irlarining etaklari)ga ham taalluqlidir.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan tartibga muvofiq tabiatni muhofaza qilish va suv xo‘jaligi idoralarining taqdimiga binoan belgilanadi.
Davlatlararo daryolardagi suvni muhofaza qilish tegralari manfaatdor davlatlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga binoan belgilanadi. Aholi punktlari hududida xo‘jaliklararo yer tuzish va yer tekislash chog‘ida suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) barpo etishga doir masalalar tabiatni muhofaza qilish va suv xo‘jaligi idoralari bilan kelishib olinishi lozim.
23-modda. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari)ning ish tartibi
Suvni muhofaza qilish tegrasi doirasida suv obyektlarini yoqalab xo‘jalik faoliyati yuritish qat’iy cheklangan hududdan iborat qirg‘oq bo‘yi mintaqalari ajratiladi.
Suvni muhofaza qilish tegrasi doirasida aholi punktlaridagi aholining ichishi va ro‘zg‘orda foydalanishi uchun suv to‘plash maqsadida suv obyektlarini yoqalab sanitariya muhofazasi mintaqasi belgilanib, unda har qanday xo‘jalik faoliyati yuritish man etiladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) doirasida cheklangan xo‘jalik faoliyati yuritishga yo‘l qo‘yiladi. Suvni muhofaza qilish tegrasida:
buta-daraxtlarni kesish (sanitariya maqsadidagi va parvarish yo‘sinidagi kesish bundan mustasno);
zaharli kimyoviy moddalar qo‘llanish, zaharli kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlar omborlari qurish hamda bunday modda va o‘g‘itlarni saqlash;
kanalizatsiya-tozalash inshootlari va oqova suvlar to‘planadigan turli xil inshootlar qurish;
chorvachilik komplekslarini, axlat, ishlab chiqarish chiqindilari tashlanadigan, ko‘miladigan joylarni joylashtirish, shuningdek sug‘orishda “sharbat” (suyuq go‘ng) ishlatish;
avtomobil transportini qo‘yib turish, ularga yonilg‘i quyish, ularni yuvish va ta’mir qilish joylarini tashkil etish;
neft mahsulotlari saqlanadigan omborxonalarni joylashtirish;
zig‘ir, kanop va teri yuviladigan joylar tashkil etish man qilinadi.
Daryo o‘zanlarini o‘zgartirish, foydali qazilmalar kavlab olish va suv zaxiralari holatiga ta’sir qiladigan boshqa ishlar bajarishga faqat suv xo‘jaligi, suvni muhofaza qilish va geologiya idoralarining ruxsati bilangina yo‘l qo‘yiladi.
Suvni muhofaza qilish tegralaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish tartibi hamda shartlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 7-apreldagi 174-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidagi suv omborlari va boshqa suv havzalari, daryolar, magistral kanallar va kollektorlarning shuningdek, ichimlik suv va maishiy suv ta’minotining, davolash va madaniy-sog‘lomlashtirishda ishlatiladigan suv manbalarining suvni muhofaza qilish zonalari haqida”gi Nizomga qarang.
24-modda. Kurort tabiiy hududlar va ularni tashkil etish
Davolash va salomatlikni tiklash xususiyatlariga, mineral manbalarga, davolovchi balchiq qatlamlariga, qulay iqlim sharoitlari va boshqa shart-sharoitlarga ega bo‘lgan tabiiy hududlar kurort tabiiy hududlar deb e’tirof etiladi.
Kurortlar mahalliy va respublika ahamiyatiga molik bo‘lishi mumkin.
Respublika ahamiyatiga molik kurortlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma taqdimnomasiga binoan tashkil etadi.
Mahalliy ahamiyatga molik kurortlar davlat hokimiyati mahalliy idoralarining O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma taqdimnomasiga binoan qabul qilgan qarorlari bilan tashkil etiladi.
25-modda. Kurort tabiiy hududlarning ish tartibi
Kurort tabiiy hudud uch tegraga bo‘linadi. Davolash xususiyatiga ega manbalar, davolovchi balchiq qatlamlari bor hudud birinchi tegraga kiradi. Bunday tegrada har qanday xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanish man etiladi, davolash xususiyatiga ega manbalar va balchiq bilan davolash shifoxonalari tevarak-atrofini obodonlashtirish uchun zarur inshootlar qurish bundan mustasno.
Sanatoriylar, pansionatlar, dam olish uylarining dam oluvchilar hordiq chiqaradigan manzillari, ular davolanishi va yashashi uchun qurilgan binolar joylashgan hudud ikkinchi tegraga kiradi. Bu tegrada xo‘jalik faoliyati yuritish man etiladi, davolash va dam olishni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan faoliyat bundan mustasno, shuningdek bu hududda vaqtincha istiqomat qiladigan tibbiyot xodimlari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan tashqari boshqa aholining yashashi man etiladi.
Sanatoriylar, pansionatlar va dam olish uylariga tutash hudud uchinchi tegraga kiradi. Bu tegrada davolash manbalariga ziyon yetkazmaydigan hamda atrof muhitga zararli jismoniy ta’sir etish va ifloslantirish yo‘li bilan dam olish hamda davolanish uchun yaratilgan sharoitlarni yomonlashtirmaydigan cheklangan xo‘jalik faoliyati yuritishga ruxsat beriladi. Bunday kurort tabiiy hududlar doirasida:
foydali qazilmalarni kavlab chiqarish;
daraxt kesish (sanitariya maqsadidagi va parvarishlash yo‘sinidagi kesish bundan mustasno);
zaharli kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlar omborlari qurish;
zaharli kimyoviy moddalar qo‘llanish;
axlat to‘kiladigan, kimyoviy va radioaktiv moddalarning chiqitlari ko‘miladigan joylarni joylashtirish, kimyo, sellyuloza-qog‘oz, metallurgiya sanoati korxonalarining ish olib borishi;
joyning gidrologiya maromini o‘zgartiruvchi ishlar bajarish qat’iyan man etiladi.
26-modda. Rekreatsiya tegralari
Turizm va aholining ommaviy dam olishini tashkil etish uchun qulay jug‘rofiy va iqlim sharoitlariga ega hududlar rekreatsiya tegralari deb e’tirof etiladi.
Rekreatsiya tegralari davlat hokimiyati mahalliy idoralarining O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining taqdimnomasiga binoan qabul qilgan qarori bilan tashkil etiladi.
Rekreatsiya tegralarida ommaviy dam olish va turizm manfaatlariga zid kelmaydigan cheklangan xo‘jalik faoliyati yuritishga ruxsat beriladi.
Rekreatsiya tegralarida kimyo, metallurgiya, mikrobiologiya korxonalari va tashkilotlarining faoliyat ko‘rsatishi, pestitsidlarni qo‘llanish, harom o‘lgan chorva mollar ko‘miladigan, kimyoviy va radioaktiv moddalar, ro‘zg‘or va ishlab chiqarish chiqindilari tashlanadigan va ko‘miladigan joylarni joylashtirish, daraxt kesish (sanitariya maqsadidagi va parvarishlash yo‘sinidagi kesish bundan mustasno), joyning gidrologik maromini buzadigan ishlar bajarish man etiladi.
27-modda. Botanika bog‘lari
Botanika bog‘lari botanika termalari tuzish, to‘ldirish va asrash, ilmiy, o‘quv va ta’lim ishlari olib borish yo‘li bilan mahalliy miqyosdagi va jahon miqyosidagi o‘simliklar majmuilarining nodir va muayyan turkumga xos turlarini maxsus yaratilgan sharoitda asrash, o‘rganish, iqlimlashtirish, ko‘paytirish hamda ulardan samarali, oqilona foydalanish maqsadida tashkil etiladi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik botanika bog‘lari tabiatni muhofaza qilish borasida ilmiy-tadqiqot muassasalari hisoblanadi.
Mahalliy ahamiyatga molik botanika bog‘lariga belgilangan tartibda ilmiy-tadqiqot muassasasi maqomi berilishi mumkin.
Yerlar va suv kengliklarining uchastkalari barcha tabiiy zaxiralari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo‘yiladigan tartibda xo‘jalik maqsadlarida foydalanishdan tortib olinib, botanika bog‘lariga beriladi.
Botanika bog‘larining hududida ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga aloqasi bo‘lmagan hamda o‘simliklar majmui termalarini asrashga tahdid qiluvchi faoliyat bilan shug‘ullanish man etiladi.
28-modda. Dendrologiya bog‘lari
Dendrologiya bog‘lari ilmiy, madaniy, rekreatsiya va boshqa yo‘sinda g‘oyat samarali foydalanish uchun daraxtlar va butalarning har xil turlarini hamda ulardan tarkib topgan daraxtzorlar-butazorlarni maxsus yaratilgan sharoitda asrash va o‘rganish maqsadida tashkil etiladi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik dendrologiya bog‘lari tabiatni muhofaza etish borasida ilmiy-tadqiqot muassasalari hisoblanadi.
Mahalliy ahamiyatga molik dendrologiya bog‘lariga belgilangan tartibda ilmiy-tadqiqot muassasasi maqomi berilishi mumkin.
Yer maydonlari barcha tabiiy zaxiralari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo‘yiladigan tartibda xo‘jalik maqsadlarida foydalanishdan tortib olinib, dendrologiya bog‘lariga beriladi.
Dendrologiya bog‘larining hududida ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga aloqasi bo‘lmagan hamda dendrologiya termalarini asrashga tahdid qiluvchi faoliyat bilan shug‘ullanish man etiladi.
Dendrologiya bog‘larining hududida botanika bog‘lari uchun belgilangan talablarga muvofiq tegralash ishlari o‘tkazilishi mumkin.
29-modda. Qo‘riqlanma (oraliq) tegralar
Qo‘riqlanma (oraliq) tegralar davlat qo‘riqxonalariga, davlat milliy tabiat bog‘lariga, davlat buyurtma qo‘riqxonalariga, davlat tabiat yodgorliklariga va alohida muhofaza etiladigan o‘zga tabiiy hududlarga bo‘ladigan salbiy ta’sirning oldini olish maqsadida cheklangan xo‘jalik faoliyati yuritiluvchi hududni qamrab oladi.
Qo‘riqlanma (oraliq) tegrada xo‘jalik faoliyati va tabiatdan foydalanishning alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga salbiy ta’sir keltirib chiqaruvchi turlari bilan shug‘ullanish man etiladi.
Qo‘riqlanma (oraliq) tegralarning katta-kichikligi va ularning ish tartibi alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish bilan bir vaqtda belgilab qo‘yiladi.
30-modda. O‘rmonlarning taqiqlangan mintaqalari
Bag‘oyat qimmatli va nodir o‘simliklar turlarining irsiy fondini muhofaza etish va saqlab qolish, shuningdek o‘rmon fondi maydonlarida davlat qo‘riqxonalari, davlat milliy tabiat bog‘lari va alohida muhofaza etiladigan o‘zga tabiiy hududlarning ish tartibini ta’minlash maqsadida o‘rmonlarning taqiqlangan mintaqalari belgilab qo‘yiladi.
O‘rmonlarning taqiqlangan mintaqalarini davlat hokimiyati va boshqaruvining mahalliy idoralari tabiatni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi idoralari taqdimiga binoan belgilaydilar.
31-modda. Hayvonot bog‘lari
Hayvonot bog‘lari ekologik ta’lim-tarbiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, hayvonlarning nodir ekzotik va mahalliy turlari ekspozitsiyalarini yaratish, ularning irsiy fondini saqlab qolish, yovvoyi hayvonlarni o‘rganish hamda ularni tutqunlikda ko‘paytirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish maqsadida barpo etiladi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik hayvonot bog‘lari madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tabiatni muhofaza qilish muassasalari hisoblanadi.
Yer maydonlari barcha tabiiy zaxiralari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo‘yiladigan tartibda xo‘jalik maqsadlarida foydalanishdan tortib olinib, hayvonot bog‘lariga beriladi.
Hayvonot bog‘larining hududida ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga aloqasi bo‘lmagan hamda bu bog‘lardagi hayvonlarning hayoti uchun qulay sharoitni saqlab qolishga tahdid qiluvchi faoliyat bilan shug‘ullanish man etiladi.
Hayvonot bog‘larining hududida ular oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishni ta’minlash maqsadida:
hayvonlarni bir joyda asrash va ulardan madaniy hamda bilimni oshirish maqsadlarida foydalanish uchun ekspozitsiya tegrasi;
sarhadida ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan ilmiy tegralar (bunday tegraga kirishga ruxsat hayvonot bog‘ining ma’muriyati belgilab qo‘yadigan tartibda beriladi);
hayvonot bog‘i tomoshabinlarining dam olishi va ularga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish uchun rekreatsiya tegrasi;
yordamchi xo‘jalik obyektlarini joylashtirish uchun xo‘jalik tegrasi ajratib beriladi.
Hayvonot bog‘lari jonivorlarning ko‘chma ekspozitsiyalarini tashkil etishlari, jonivorlarni ozuqa bilan ta’min etish maqsadida barpo etiladigan yordamchi xo‘jaliklarga ega bo‘lishlari mumkin.
32-modda. Baliq xo‘jaligi tegralari
Nodir, yo‘qolib borayotgan baliq turlari va boshqa suv jonzotlarini muhofaza etish va ko‘paytirish maqsadida, shuningdek baliq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suv obyektlari yoki ularning bir qismi baliq xo‘jaligi tegralari deb e’lon qilinishi mumkin.
Suv obyektlarining baliq xo‘jaligi tegralaridagi ish tartibi tabiatni muhofaza qilish va suv xo‘jaligi idoralari taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi.
Baliq xo‘jaligi tegralarida baliqlar va boshqa suv jonzotlarini muhofaza qilish hamda ularni ko‘paytirish bilan bog‘liq sharoitlarga zarar yetkazuvchi har qanday xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanish man etiladi.
VI BO‘LIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLAR MUHOFAZASINI YO‘LGA QO‘YISh
33-modda. Davlat qo‘riqxonalari va davlat milliy tabiat bog‘larini muhofaza qilish
Davlat qo‘riqxonalari va davlat milliy tabiat bog‘larini muhofaza qilishni maxsus tabiat hududlarini muhofaza qilish inspeksiyasi amalga oshiradi va bu ish davlat qo‘riqxonasi to‘g‘risidagi yoki davlat milliy tabiat bog‘i haqidagi nizom bilan tartibga solinadi.
Muhofaza qilish xodimlari davlat qo‘riqxonalari va davlat milliy tabiat bog‘lari shtatida turadilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat inspektorlariga xos barcha huquqlar va imtiyozlardan foydalanadilar.
34-modda. Davlat buyurtma qo‘riqxonalari va davlat tabiat yodgorliklarini muhofaza qilish
Davlat buyurtma qo‘riqxonalari va davlat tabiat yodgorliklarini muhofaza qilishni davlat buyurtma qo‘riqxonalari va davlat tabiat yodgorliklari qaysi korxona, muassasa va tashkilotning yer maydonida joylashgan bo‘lsa, ana shu korxona, muassasa va tashkilot amalga oshiradi.
Basharti davlat buyurtma qo‘riqxonasi yoki davlat tabiat yodgorligi tasarruf etish yoxud foydalanish uchun berilmagan yer maydonida joylashgan bo‘lsa, u holda bunday qo‘riqxona yoki tabiat yodgorligini muhofaza qilishni u qaysi idoraning qaramog‘ida bo‘lsa, ana shu idora ta’minlaydi.
Korxona, muassasa va tashkilotlar davlat buyurtma qo‘riqxonalari hamda davlat tabiat yodgorliklari muhofaza qilinishini ta’minlamaydigan hollarda davlat buyurtma qo‘riqxonasi va davlat tabiat yodgorligi egallab turgan yer maydoni hamda muhofaza qilinishini ta’minlash uchun zarur unga tutash hudud yer egalaridan va yerdan foydalanuvchilardan olib qo‘yilishi mumkin.
Agar davlat tabiat yodgorligi muayyan yerdan foydalanuvchi, yer egasi yoki suvdan foydalanuvchiga birkitib qo‘yilmagan yer maydonida yoki suv obyektida joylashgan bo‘lsa, ularning muhofaza qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari tomonidan ta’minlanadi.
35-modda. Alohida muhofaza etiladigan o‘zga tabiiy hududlarni muhofaza qilish
Suvni muhofaza qilish mintaqalarini (tegralarini) muhofaza qilish tabiatni muhofaza qilish va suv xo‘jaligi idoralari tomonidan ta’minlanadi. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) tarkibiga kiruvchi yerlar cheklangan xo‘jalik faoliyati yuritish uchun korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarga ular egaligiga, foydalanishiga birkitib qo‘yilayotgan yoki ijaraga berilayotgan hollarda suvni muhofaza qilish mintaqalarini (tegralarini) muhofaza qilish vazifasi mazkur korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar zimmasiga yuklanadi.
Suv obyektlarining sanitariya muhofaza tegralari ichki ishlar idoralari tomonidan muhofaza etiladi.
Kurort tabiiy hududlarni va rekreatsiya tegralarini muhofaza qilish davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari tomonidan, tabiatni muhofaza qilish idoralari tomonidan ta’minlanadi.
Botanika bog‘larini, dendrologiya bog‘larini va hayvonot bog‘larini muhofaza qilishni ularning ma’muriyatlari ta’minlaydilar.
Qo‘riqlanma (oraliq) tegralarni muhofaza qilishni hududida qo‘riqlanma (oraliq) tegralar joylashgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilar ta’minlaydilar. Qo‘riqlanma (oraliq) tegralarning hududi korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga berilmagan hollarda bu tegralarni muhofaza qilish tabiatni muhofaza qilish idoralari tomonidan ta’minlanadi.
O‘rmonlarning ta’qiqlangan mintaqalarini muhofaza qilishni o‘rmonni muhofaza qilish idoralari ta’minlaydilar.
Baliq xo‘jaligi tegralarini muhofaza qilishni mazkur suv obyektida baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi korxonalar hamda tabiatni muhofaza qilish idoralari ta’minlaydilar.
VII BO‘LIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLARGA DOIR MUNOSABATLAR BILAN BOG‘LIQ NIZOLARNI HAL ETISh
36-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga doir munosabatlar bilan bog‘liq nizolarni hal etish
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ish tartibini ta’min etish masalalariga doir korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolar, davlat idoralari o‘rtasidagi nizolar sud yoki xo‘jalik sudi tomonidan qarab chiqiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi tabiiy zaxiralardan foydalanish va ularni muhofaza qilish masalalariga doir nizolar yer, suv, o‘rmon to‘g‘risidagi qonunlarda, yer osti boyliklari to‘g‘risidagi, atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarda belgilangan tartibda hal etiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga doir munosabatlar bilan bog‘liq mulkiy nizolar qonunlarda belgilangan tartibda sud yoki xo‘jalik sudi tomonidan hal etiladi.
VIII BO‘LIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLARNING ISh TARTIBINI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
37-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ish tartibini buzganlik uchun javobgarlik
Quyidagi hollarda:
tabiat-qo‘riqxona fondi hududlari va obyektlaridan o‘z o‘rnida foydalanmaslikda, alohida muhofaza etiladigan hududlarni barpo etish va ular ishini yo‘lga qo‘yish loyihalarining talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ularning muhofaza etiladigan tegralari doirasida man etilgan xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning obyektlari va muhofaza etiladigan tegralarida oldindan ekologik ekspertiza o‘tkazmay turib yoki bunday ekspertiza xulosalarini buzgan holda xo‘jalik faoliyatini yo‘lga qo‘yganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda falokatlarning ekologik oqibatlari va boshqa zararli ta’sirlarning oldini olish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rmaganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo etish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni qarab chiqish muddatlari va tartibini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan hududlardan foydalanish talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanishda kimyoviy, fizik, biologik va o‘zga xil ta’sirlar yo‘l qo‘yiladigan me’yordan oshib ketganlikda, bunday hududlarni istifoda etish uchun berilgan ruxsatnomalarning talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy obyektlarning tabiiy majmuilari hamda ularning tarkibiga kiritishni mo‘ljallab asrab qo‘yilgan joylarni buzganlikda, ularga shikast yetkazganlikda yoki ularni yo‘q qilganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning chegarasini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirganlikda, bunday hududlarni o‘z bilgicha boshqa ehtiyojlar uchun ajratib berganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar ma’muriy, jinoiy va o‘zga xil javobgarlikka tortiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi qonunlarni o‘zgacha tarzda buzganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi mumkin.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, o‘zga yuridik va jismoniy shaxslar alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ish tartibini buzish orqali yetkazgan zararlarning o‘rnini qonunlarda belgilangan hajmda va tartibda qoplashga majburdirlar.
O‘zbekiston Respublikasi o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan jarima miqdorlarini hisoblash taksalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 27-iyuldagi 293-sonli qarori bilan belgilangan.
38-modda. Korxonalar, tashkilotlar, sexlar, qurilmalarning faoliyatini to‘xtatib turish, cheklab qo‘yish, o‘zgartirish va tugatish
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning holatiga zararli ta’sir o‘tkazayotgan korxonalar, tashkilotlar, sexlar, qurilmalarning faoliyati zararli ta’sir ko‘rsatayotgan manbalar, shu jumladan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda ularning muhofaza qo‘riqlanma tegralari tashqarisidagi manbalar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turiladi yoki cheklab qo‘yiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga yetkazilayotgan zararni bartaraf etishning imkoni bo‘lmasa, korxona, tashkilot, sex va qurilmalarning faoliyati to‘xtatiladi hamda ularning faoliyat yo‘nalishi o‘zgartirilganidan va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zararli ta’siri albatta bartaraf qilinganidan keyingina faoliyatlari amaldagi qonunlarga muvofiq qayta tiklanishi mumkin.
IX BO‘LIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLARNI MUHOFAZA QILISh VA ULARDAN FOYDALANIShGA DOIR XALQARO ShARTNOMALAR VA BITIMLAR
39-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Basharti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish bobida o‘zga qoidalar belgilangan bo‘lsa, u holda xalqaro shartnoma qoidalari amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
1993-yil 7-may,
871-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 255-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 1-son, 2-modda)