|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.1998
|
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING XOʻJALIK PROTSESSUAL KODEKSI
Mazkur Kodeks Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 30-avgustdagi 479-I-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Nizolarni xoʻjalik sudi tomonidan hal etish tartibi toʻgʻrisidagi qonunlar
Xoʻjalik sudi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga, ushbu Kodeksga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi bilan boshqa davlatlar oʻrtasidagi koʻp tomonlama va ikki tomonlama shartnoma hamda bitimlarga amal qiladi.
Xoʻjalik sudi xorijiy huquq normalarini Qonunga binoan qoʻllaydi.
Nizoli munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari boʻlmagan taqdirda xoʻjalik sudi shunga oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qoʻllaydi.
Xoʻjalik sudi oʻz vakolati doirasida fuqarolik huquqiy munosabatlari (iqtisodiy nizolar) dan yoki boshqaruv sohasidagi huquqiy munosabatlarda kelib chiquvchi nizolarni hal etadi.
2-modda. Xoʻjalik sudiga murojaat qilish huquqi
Xoʻjalik sudiga uning sudloviga tegishli har xil shakldagi mulkka ega boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shu jumladan jamoa xoʻjaliklari, xususiy korxonalar, qoʻshma korxonalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar tashkilotlarining xalqaro birlashmalari* oʻzlarining buzilgan yoki daʼvo qilinayotgan huquqlarini yoxud qonuniy manfaatlarini himoya etishni soʻrab murojaat qilishga haqlidirlar.
* Matnda bundan buyon “tashkilotlar” deb yuritiladi.
Xoʻjalik sudiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan hollarda davlat organlari va oʻzga organlar, boshqa shaxslar* murojaat etishga haqlidirlar.
* Matnda bundan buyon “tashkilotlar” deb yuritiladi.
Xoʻjalik sudiga murojaat etish huquqidan voz kechish haqiqiy emas.
3-modda. Xoʻjalik sudida ish qoʻzgʻatish
Xoʻjalik sudi:
manfaatdor tashkilotlarning;
davlat organlari va boshqa organlarning;
davlat va tashkilotlar manfaatlarini koʻzlab tegishli xoʻjalik sudiga murojaat etgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularning oʻrinbosarlarining arizalari asosida ish qoʻzgʻatadi.
4-modda. Nizolarning xoʻjalik sudi tomonidan hal etilishi
Nizolarni hal etish bitta sudyadan iborat tarkibdagi, xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha sudlov hayʼati mavjud boʻlgan taqdirda esa bitta yoki uchta sudyadan iborat tarkibdagi xoʻjalik sudi tomonidan amalga oshiriladi. Xoʻjalik sudining son tarkibini xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha sudlov hayʼatining raisi belgilab beradi.
Xoʻjalik sudi tomonlar oʻrtasida kelishuvga erishilishiga koʻmaklashadi va shu kelishuvga muvofiq hal qiluv qarori qabul qiladi.
Basharti, tomonlar oʻrtasidagi kelishuv qonunlarga, haqiqiy ahvolga va ish materiallariga zid boʻlsa, xoʻjalik sudi qaror qabul qilish chogʻida bunday kelishuvga amal qilmaydi.
5-modda. Tomonlarning tengligi
Xoʻjalik sudida nizolarni hal etish mulk shakli, boʻysunishi va qayerda joylashganligidan hamda boshqa holatlardan qatʼi nazar, tashkilotlarning qonun oldida va xoʻjalik sudi oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.
6-modda. Xoʻjalik nizolarini hal etishning oshkoraligi
Xoʻjalik sudida nizolar oshkora hal etiladi, davlat yoki tijorat sirlarini saqlash manfaatlariga zid keladigan xollar bundan mustasnodir.
7-modda. Xoʻjalik sudlarida sudlov ishlari olib boriladigan til
Xoʻjalik sudida sudlov ishi davlat tilida, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa qoraqalpoq tilida ham olib boriladi.
Sud jarayoni olib borilayotgan tilni bilmaydigan tomonlarning vakillariga, sudlov jarayonining boshqa qatnashchilariga tarjimon orqali ishga doir barcha materiallar bilan tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarning tashkilotlari oʻrtasidagi xoʻjalik nizolarini sudning aniqloviga binoan tomonlarga maʼqul boʻlgan tilda koʻriladi.
8-modda. Qarorning kuchga kirishi va uning majburiyligi
Xoʻjalik sudining qarori (hal qiluv qarori, qarori, ajrimi) qabul qilinishi bilanoq darhol kuchga kiradi. Kuchga kirgan qaror ustidan ushbu Kodeksning 87, 90, 91, 92, 94 va 102-moddalarida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi yoki protest berilishi mumkin. Qaror Oʻzbekiston Respublikasi hududida va davlatlararo bitimga muvofiq boshqa davlatlarning hududida tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiydir.
II BOB. XOʻJALIK NIZOLARINI SUDGAChA HAL QILISh
9-modda. Daʼvolarni taqdim etish tartibi
Mulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan tashkilot bu huquqlari va manfaatlarini buzgan tashkilotga daʼvo qilishga haqlidir.
Daʼvo yozma ravishda taqdim etiladi.
Daʼvoda quyidagilar koʻrsatiladi:
daʼvo qilayotgan va daʼvo qaratilgan tashkilotlarning nomlari; daʼvo berilgan kun va uning tartib raqami;
daʼvo berish uchun asos boʻlgan holatlar; daʼvoda koʻrsatilgan holatlarni tasdiqlovchi dalil-isbotlar;
arizachining talabi;
daʼvoning miqdori va uning hisob-kitobi, daʼvo arizasi berayotganning toʻlov va pochta maʼlumotlari;
daʼvoga ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Daʼvo tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvo buyurtma xat bilan yoki qimmatli xat shaklida, telegraf, teletayp orqali, shuningdek uning joʻnatilganligi qayd qilinishini taʼminlovchi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda joʻnatiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
Yuklarni tashish va aloqa xizmati koʻrsatish yuzasidan transport va aloqa tashkilotlariga qaratilgan daʼvolarni taqdim etish tartibi va muddatlari tegishli qonun hujjatlarida belgilanadi.
10-modda. Daʼvolarni qarab chiqish tartibi va muddatlari
Daʼvo taqdim etilgan tashkilot daʼvoni olgan kundan boshlab bir oy muddat ichida unga javob qaytarishi shart.
Daʼvoga berilgan javob tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvoga berilgan javob buyurtma xat bilan yoki qimmatli xat shaklida, telegraf, teletayp orqali, shuningdek uning joʻnatilganligi qayd etilishini taʼminlovchi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda joʻnatiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
Daʼvoni bir oy muddat ichida qarab chiqish tartibi buzilgan yoki daʼvo javobsiz qoldirilgan hollarda xoʻjalik sudi nizoni qarab chiqayotganda bunday tartibbuzarlikka yoʻl qoʻygan tashkilotdan daʼvo summasining 5 foizini respublika budjeti foydasiga undirishga haqlidir.
Daʼvoni butunlay yoki qisman tan olgan taqdirda tashkilot ana shu tan olingan summani ixtiyoriy ravishda arizachiga oʻtkazadi.
Daʼvoni tan olish toʻgʻrisidagi javobda tan olingan summani oʻtkazish toʻgʻrisida maʼlum qilinmagan boʻlsa, daʼvogar javob olgandan keyin 20 kunlik muddat oʻtgach, qarzdor tan olgan summani soʻzsiz chegirib olish xususidagi farmoyishni bankka taqdim etishga haqlidir. Farmoyishga qarzdorning javobi ilova qilinadi.
Daʼvoni qondirishdan butunlay yoki qisman bosh tortilgan hollarda yoki javob oʻz muddatida olinmaganda arizachi xoʻjalik sudiga daʼvo bilan murojaat qilishga haqlidir.
11-modda. Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish paytida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni hal etish
Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish paytida tashkilotlar oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar shartnoma loyihasi, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida taklif olingan kundan boshlab 10 kunlik muddat ichida tashkilot rahbari yoki tashkilot rahbarining oʻrinbosarlari tomonidan qarab chiqiladi.
Shartnoma shartlari qabul qilinsa, uning loyihasi imzolanadi va shartnomaning ikkinchi nusxasi shartnoma loyihasini yoʻllagan tomonga qaytariladi. Shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi takliflar qabul qilinganligi haqida ikkinchi tomonga xat joʻnatiladi.
Shartnoma shartlari boʻyicha eʼtirozlar boʻlgan taqdirda shartnoma loyihasini olgan tashkilot kelishmovchiliklar bayonini tuzadi, bu haqda shartnomada qayd etib qoʻyadi va 10 kunlik muddat ichida ikki nusxada tayyorlangan kelishmovchiliklar bayonini imzolangan shartnoma bilan ikkinchi tomonga joʻnatadi.
Kelishmovchiliklar bayonini olgan tashkilot 20 kunlik muddat ichida shartnoma tuzilayotgan tomon bilan uni qarab chiqishi va shu muddatda murosaga kelinmagan masalalarni xoʻjalik sudining muhokamasiga yoʻllashi shart.
Bahsli masalalar shu muddatlarda xoʻjalik sudi muhokamasiga kiritilmagan hollarda shartnoma kelishmovchiliklar bayoni tahririda tuzilgan deb hisoblanadi.
Shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi taklifga javob olinmaganda yoki rad javobi olinganda manfaatdor tomon 20 kunlik muddat ichida xoʻjalik sudiga murojaat qilishga haqlidir.
III BOB. XOʻJALIK NIZOLARINING SUDLOVGA TEGIShLILIGI
12-modda. Oliy xoʻjalik sudining sudloviga tegishli xoʻjalik nizolari
Oliy xoʻjalik sudi:
1) 100 million soʻmdan ortiq summaga xoʻjalik shartnomalari tuzilganda, u oʻzgartirilganda va bekor qilinganda, shuningdek shartnomalarni ijro etish chogʻida va boshqa asoslar boʻyicha daʼvo 5 million soʻmdan ortiqni tashkil etganda turli davlatlar va Oʻzbekiston Respublikasining viloyatlarida joylashgan tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolarni, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq hal etilishi oʻzga organlar ixtiyoriga berilgan nizolar bundan mustasnodir;
2) Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlarining va boshqa respublika organlarining qonunlarga mos kelmaydigan hamda tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzuvchi normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb eʼtirof etish haqidagi nizolarni;
3) Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari va boshqa respublika organlari tomonidan normativ xususiyatga ega boʻlmagan, qonunlarga mos kelmaydigan hamda tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzuvchi hujjatlarni nashr etish natijasida yoxud koʻrsatib oʻtilgan organlarning tashkilotlarga nisbatan oʻz vazifalarini lozim tarzda amalga oshirmasliklari natijasida tashkilotlarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash haqidagi nizolarni;
4) respublika boshqaruv organlari oʻrtasidagi iqtisodiy bitimlardan kelib chiqadigan nizolarni;
5) Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, davlatlararo bitimlar va xalqaro shartnomalarda Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlari ixtiyoriga berilgan boshqa nizolarni hal etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy xoʻjalik sudi xoʻjalik sudlari sudloviga tegishli har qanday nizoni oʻz ijrosiga qabul qilishga va hal etishga haqlidir. Shuningdek ushbu moddaning birinchi bandi hamda ushbu Kodeksning 13-moddasida belgilan gan daʼvo qiymatidan yuqori yoki past boʻlgan nizolarni qabul qilish va hal etish haqida xoʻjalik sudlariga umumiy topshiriqlar berishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasining hamda viloyatlar va Toshkent shahrining xoʻjalik sudlari hal etadigan nizolar
(13-moddaning sarlavhasi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Qoraqalpogʻiston Respublikasining hamda viloyatlar va Toshkent shahrining xoʻjalik sudlari oʻziga tegishli boʻlgan barcha nizolarni va 1000 soʻmdan ortiq boʻlgan mulkiy nizolarni hal etadilar. Oliy xoʻjalik sudi tasarrufiga kiritilgan nizolar bundan mustasno.
(13-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
14-modda. Sudlarda nizolarni koʻrib chiqishning hududiy tegishliligi
Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, ularni oʻzgartirish va bekor qilish chogʻida yuzaga keladigan nizolar mahsulot yetkazib berayotgan yoki xizmat koʻrsatayotgan korxona (tashkilot) joylashgan yerdagi xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Shartnomalarni ijro etishda va boshqa asoslarda paydo boʻladigan nizolar javobgar joylashgan yerda koʻrib chiqiladi.
Davlat organlarining hujjatlarini haqiqiy emas deb topishga doir nizolar hujjatni chiqargan davlat organi joylashgan yerdagi xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Ish yuzasidan bir necha javobgar qatnashayotgan boʻlsa, nizo daʼvogarning xohishiga binoan javobgarlarning biri joylashgan yerdagi xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
15-modda. Nizolarning alohida sudlovga mansubligi
Transportda tashish shartnomalari boʻyicha, shu jumladan xalqaro shartnomalar boʻyicha kelib chiqadigan nizolar javobgarlardan biri transport organi boʻlsa, bu ish transport organi joylashgan yerdagi xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hujjatini yoki respublika boʻysunuvidagi oʻzga organ hujjatini haqiqiy emas deb topishga doir nizolar Oliy xoʻjalik sudi tomonidan, mahalliy boʻysunuvdagi organ hujjatini haqiqiy emas deb topishga doir nizo esa tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari tomonidan koʻrib chiqiladi.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
16-modda. Daʼvo materiallarini tegishli sudlovga oʻtkazish va bundan kelib chiqadigan kelishmovchiliklarni hal etish
Kelib tushgan xoʻjalik nizosi oʻz sudloviga tegishli boʻlmagan xoʻjalik sudi daʼvo materiallarini besh kunlik muddat ichida tegishli xoʻjalik sudiga joʻnatadi.
Ushbu nizo xoʻjalik sudiga tegishli emasligi aniqlangan taqdirda, xoʻjalik sudi daʼvo arizasini qaytarish asoslarini koʻrsatib ajrim chiqargan holda daʼvo materialini arizachiga qaytaradi, ajrimda daʼvo arizasining qaytarilishi asoslab beriladi.
Basharti, nizoni qarab chiqish protsessida daʼvo qimmati oshib ketishi, daʼvo sababi oʻzgarishi yoki ikkinchi tomon ham qarshi daʼvo arizasini taqdim etishi tufayli nizoning sudga mansubligi oʻzgarsa, daʼvo arizasini qabul qilgan xoʻjalik sudi nizoni mohiyati boʻyicha koʻrib chiqishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlar va Toshkent shahrining xoʻjalik sudlari oʻrtasida kelib chiqqan nizoni qarab chiqish kimga tegishli ekanligiga doir kelishmovchilik Oliy xoʻjalik sudi tomonidan hal etiladi.
(16-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
IV BOB. XOʻJALIK NIZOSINI KOʻRIB ChIQISh QATNAShChILARI
17-modda. Ishda qatnashuvchi shaxslarning tarkibi
Ishda qatnashuvchi shaxslar sifatida tomonlar, uchinchi shaxslar, prokuror, zimmasiga yuklangan majburiyatlari tufayli protsessda ishtirok etayotgan davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek hujjatlarni haqiqiy emas deb topishga doir ishlar yuzasidan arizachilar eʼtirof etiladi.
18-modda. Ishda qatnashuvchi shaxslarning huquqlari va majburiyatlari
Ishda qatnashuvchi shaxslar ish materiallari bilan tanishish, ulardan koʻchirmalar olish, nusxa koʻchirish, raddiya bildirish, dalil-asoslarni taqdim etish, dalil-asoslarni oʻrganib chiqishda qatnashish, sudlov protsessining qatnashchilariga savollar berish, iltimosnomalar kiritish, xoʻjalik sudiga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish, sud protsessi davomida yuzaga keladigan barcha masalalar yuzasidan oʻz dalil-isbotlarini hamda mulohazalarini bildirish, ishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning iltimoslari, dalil-isbotlari hamda mulohazalariga eʼtiroz bildirish, xoʻjalik sudi qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish hamda oʻzlariga ushbu Kodeks bilan berilgan boshqa protsessual huquqlardan foydalanish huquqiga egadirlar.
Ishda qatnashayotgan shaxslar oʻzlari ega boʻlgan barcha protsessual huquqlardan vijdonan foydalanishlari shart.
19-modda. Sud protsessidagi tomonlar
Tashkilotlar — mulk shaklidan qatʼi nazar yuridik shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarning qonunlariga asosan oʻz huquqlari hamda manfaatlarini xoʻjalik sudlarida himoya qilishi mumkin boʻlgan boshqa shaxslar sud protsessidagi tomonlar — daʼvogar yoki javobgar boʻlishlari mumkin.
Daʼvo qilayotgan yoki manfaatlarini koʻzlab daʼvo kiritilgan tashkilotlar daʼvogarlar hisoblanadi. Daʼvo talablari qaratilgan tashkilotlar javobgarlar hisoblanadi.
Tomonlar teng protsessual huquqlardan foydalanadilar.
20-modda. Ishda bir necha daʼvogar yoki javobgarning ishtirok etishi
Daʼvo bir necha daʼvogarlar tomonidan birgalikda taqdim etilishi yoki bir necha javobgarga qaratilishi mumkin. Daʼvogarlar yoki javobgarlarning har biri ishni koʻrish protsessida boshqa tomonga nisbatan mustaqil ishtirok etadi. Sheriklar ishni yuritishni sheriklardan biriga topshirishlari mumkin.
21-modda. Boshqa daʼvogarni yoki javobgarni ishda qatnashishga jalb etish
Xoʻjalik sudi yetarlicha asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, nizo boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar biron tomonning iltimosnomasiga koʻra yoxud oʻz tashabbusi bilan tegishli tashkilotni boshqa daʼvogar yoki javobgar sifatida ishda qatnashishga jalb etishga haqlidir.
Javobgarni ishga jalb etish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi ushbu javobgar bilan oʻzaro munosabatlar ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlari koʻrilgan taqdirda qanoatlantirilishi mumkin. Javobgarni xoʻjalik sudi tashabbusi bilan ishga jalb etishi, chora-tadbirlarning koʻrilganligidan qati nazar amalga oshirilishi mumkin.
Daʼvogarni yoki javobgarni ishda qatnashishga jalb etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
22-modda. Protsessual huquqiy vorislik
Nizoli huquqiy munosabatda yoki xoʻjalik sudining qaroriga binoan belgilangan huquqiy munosabatda qatnashayotgan tomonlardan biri oʻzining qayta tashkil etilishi oqibatida chiqib ketgan taqdirda xoʻjalik sudi ushbu tomonni uning huquqiy vorisi bilan almashtiradi hamda bu toʻgʻrida qarorda yoki ajrimda yozib qoʻyadi. Huquqiy vorislik sud protsessining istalgan bosqichida amalga oshirilishi mumkin.
23-modda. Daʼvo asosini yoki mavzusini oʻzgartirish, daʼvo talablarining miqdorini oʻzgartirish, daʼvodan voz kechish, daʼvoni eʼtirof etish
Daʼvogar xoʻjalik nizosi boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar daʼvo asosi va mavzusini oʻzgartirishga, daʼvoning talablar miqdoriga doir qismida oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrish sharti bilan daʼvo talablarining miqdorini oshirishga haqlidir.
Xoʻjalik sudi daʼvo asosi yoki mavzusiga doir oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlari koʻrilgan-koʻrilmaganligidan qatʼi nazar, daʼvogarning roziligini olib, oʻz tashabbusi bilan daʼvo asosini yoki mavzusini oʻzgartirishga haqlidir.
Daʼvogar daʼvodan voz kechishga yoki daʼvo talablarining miqdorini kamaytirishga haqlidir. Javobgar daʼvoni toʻla yoki qisman eʼtirof etishga haqlidir.
Xoʻjalik sudi, basharti, qonun hujjatlariga zid keladigan boʻlsa, daʼvodan voz kechishni yoki daʼvoning eʼtirof etilishini qabul qilmaydi.
24-modda. Tomonlarning vakillari
Tashkilotlarning rahbarlari yoki ularning oʻrinbosarlari xoʻjalik sudida tomonlarning vakillari hisoblanadi. Mazkur shaxslarning vakolatlari ularning xizmat mavqeyini guvohlantiruvchi hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
Boshqa shaxslar ham tomonlarning vakillari boʻlishi mumkin, ularning vakolatlari tashkilotlarning tegishli tarzda rasmiylashtirilgan ishonch yorligʻi bilan tasdiqlanadi.
25-modda. Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etayotgan uchinchi shaxslar
Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etayotgan uchinchi shaxslar xoʻjalik sudi qaror qabul qilguniga qadar ishga qoʻshilishlari mumkin. Ular tomonning huquqlaridan foydalanadilar hamda uning barcha majburiyatlarini zimmaga oladilar.
26-modda. Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etmayotgan uchinchi shaxslar
Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etmayotgan uchinchi shaxslar, basharti xoʻjalik nizosi boʻyicha qabul qilinadigan qaror tomonlarning birining huquqlari yoxud majburiyatlariga taʼsir etishi mumkin boʻlsa, xoʻjalik sudi qaror qabul qilguniga qadar daʼvogar yoki javobgar tomonida ishga qoʻshilishlari mumkin. Ular tomonlarning, prokurorning iltimosnomasiga koʻra yoki xoʻjalik sudining tashabbusi bilan ishda qatnashishga jalb etilishlari mumkin. Mustaqil talablarni bayon etmayotgan uchinchi shaxslar tomonning protsessual huquqlaridan foydalanadilar hamda protsessual majburiyatlariga ega boʻladilar, daʼvo asosini va mavzusini oʻzgartirishga, daʼvo talablari miqdorini oshirish yoki kamaytirishga, shuningdek daʼvodan voz kechishga, daʼvoni eʼtirof etishga yoxud murosaga kelishga, qarorning majburiy tarzda ijro etilishini talab qilishga boʻlgan huquqlar bundan mustasnodir.
Xoʻjalik sudi bir sud protsessining oʻzida javobgarga nisbatan dastlabki daʼvoni va javobgarning mustaqil talablar bayon etmagan uchinchi shaxsga nisbatan regress daʼvosini yoxud ana shunday uchinchi shaxsning tomonlardan biriga nisbatan daʼvosini koʻrib chiqishga hamda regress daʼvosi yuzasidan qaror qabul qilishga haqlidir.
27-modda. Sud protsessida prokurorning ishtiroki
Daʼvo arizasi prokuror yoki uning oʻrinbosari tomonidan xoʻjalik sudiga davlat yoki tashkilot manfaatlarini koʻzlab yuborilgan yoxud xoʻjalik sudining qaroriga protest bildirilgan hollarda prokuror sud protsessida ishtirok etadi. Basharti, davlat yoki tashkilotlar huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish talab etsa, prokuror sud protsessining istalgan bosqichida ishtirok etishga haqlidir.
Prokurorning daʼvodan bosh tortishi daʼvo talablari miqdorini kamaytirishi, daʼvo asosi yoki mavzusini oʻzgartirishi daʼvogarni daʼvo talablarini dastlabki tarzda saqlab turish huquqidan mahrum etmaydi.
28-modda. Sud protsessida boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilib chiqayotgan davlat organlari va oʻzga organlarning ishtiroki
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat organlari va oʻzga organlar tashkilotlar yoxud davlatning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun daʼvo taqdim etishlari mumkin.
Mazkur organlarning oʻzlari kiritgan daʼvodan voz kechishlari daʼvo berish bilan manfaatlari himoya qilinayotgan shaxsni ish mohiyatan qarab chiqilishini talab qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Davlat organlari va oʻzga organlar qonunda nazarda tutilgan hollarda xoʻjalik sudi tomonidan sud protsessida ishtirok etishga jalb qilinishi yoxud oʻz zimmalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ish yuzasidan xulosa berish uchun oʻz tashabbuslariga binoan sud protsessiga qoʻshilishlari mumkin.
29-modda. Nizolarni koʻrib chiqishda jamoat birlashmalari va mehnat jamoalari vakillarining ishtiroki
Ish yuzasidan tomonlar hisoblangan jamoat birlashmalari va tashkilotlar mehnat jamoalarining vakillari xoʻjalik sudida qarab chiqilayotgan nizo boʻyicha oʻzlarini vakil qilib yuborgan birlashmalar hamda jamoalarning fikrini bayon qilish uchun nizoning xoʻjalik sudida koʻrib chiqilishida ishtirok etishga yoʻl qoʻyiladi.
Jamoat birlashmalari va mehnat jamoalarining vakillari ish materiallari bilan tanishish, dalil-isbotlarni koʻzdan kechirish hamda taqdim etishda qatnashish (davlat yoki tijorat sirini qoʻriqlash manfaatlariga zid boʻlgan hollar bundan mustasno), dalil isbotlarni taqdim etish, nizolarni qarab chiqish davomida tugʻilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz dalil-asoslarini keltirish, shuningdek iqtisodiy munosabatlarda qonuniylik buzilishining sabablarini aniqlashda ishtirok etish huquqiga egadirlar, oʻzlariga berilgan protsessual huquqlardan qonunga qatʼiyan muvofiq holda foydalanishlari shart.
Jamoat birlashmalari va mehnat jamoalari vakillarining vakolatlari jamoat birlashmasi yoki mehnat jamoasining saylab qoʻyiladigan organi qabul qilgan qarordan koʻchirma bilan guvohlantiriladi.
V BOB. DALIL-ISBOTLAR
30-modda. Dalil-isbotlar tushunchasi va turlari
Xoʻjalik sudining tomonlar talablari va eʼtirozlarini asoslaydigan holatlar bor-yoʻqligini qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos boʻladigan har qanday haqiqiy maʼlumotlar, shuningdek nizoning toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyat kasb etadigan boshqa holatlar ishga oid dalil-isbotlar deb hisoblanadi.
Bu maʼlumotlar yozma va ashyoviy dalillar, tomonlarga vakillik qiluvchilarning va ish protsessida qatnashayotgan boshqa shaxslarning tushuntirishlari, shuningdek ekspertlarning xulosalari kabi vositalar bilan aniqlanadi.
31-modda. Isbotlash va dalil-isbotlarni taqdim etish majburiyati
Har bir tomon oʻz talablari va etirozlarining asosi sifatida tayanayotgan holatlarni isbotlab berishi shart.
Dalil-isbotlar tomonlar va ish protsessining boshqa qatnashchilari tomonidan taqdim etadi.
32-modda. Dalil-isbotlarning taalluqliligi va inobatga olinishi
Xoʻjalik sudi ish uchun ahamiyat kasb etadigan dalil-isbotlarnigina qabul qiladi.
Qonunga binoan isbotlashning muayyan vositalari bilan tasdiqlanishi lozim boʻlgan ishga oid holatlar ana shu vositalar bilan tasdiqlanmogʻi kerak.
33-modda. Isbotlashdan ozod qilish asoslari
Xoʻjalik sudi hammaga maʼlum deb eʼtirof etgan holatlar isbotlanishga muhtoj emas.
Bir xoʻjalik nizosini hal etish chogʻida xoʻjalik sudining qarori bilan aniqlangan dalillar xuddi shu tomonlar ishtirok etayotgan boshqa nizolarni hal etishda qaytadan isbot qilinmaydi.
Sudning jinoiy ish yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hukm muayyan xatti-harakatlar sodir etilgan-etilmaganligi va ular kim tomonidan sodir etilganligiga oid masalalar boʻyicha nizoni hal etayotgan xoʻjalik sudi uchun majburiydir.
Sudning fuqarolik ishi yuzasidan qonuniy kuchga kirgan qarori sud tomonidan aniqlangan va ish uchun ahamiyatli boʻlgan faktlarga oid masalalar boʻyicha nizoni hal etayotgan xoʻjalik sudi uchun majburiydir.
34-modda. Yozma dalil-isbotlar
Nizoni toʻgʻri hal etish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan dalolatnomalar, xatlar, boshqa hujjatlar va materiallar yozma dalil-isbotlar hisoblanadi.
Yozma dalil-isbotlarning asl nusxasi yoki ularning guvohlantirilgan nusxasi taqdim etiladi. Basharti, nizoni hal qilish uchun hujjatning bir qismigina ahamiyatli boʻlsa, uning guvohlantirilgan koʻchirmasi taqdim etiladi.
Ishning holatlari qonunlarga binoan faqat hujjatlarning asli bilan guvohlantirilishi lozim boʻlganda, shuningdek xoʻjalik sudining talabiga koʻra boshqa zarur hollarda hujjatlarning asl nusxasi taqdim etiladi.
35-modda. Ashyoviy dalil-isbotlar
Nizoning toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarni aniqlash vositalari boʻlib xizmat qiladigan buyumlar ashyoviy dalil-isbotlar hisoblanadi.
36-modda. Dalil-isbotlarni talab qilib olish
Basharti, tomonlar taqdim etgan dalil-isbotlar yetarli boʻlmasa, xoʻjalik sudi ishda qatnashayotgan-qatnashmayotganligidan qatʼi nazar, tashkilotlardan nizoni hal qilish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, maʼlumotlarni va xulosalarni taqdim etishlarini talab qilishga hamda bevosita ular joylashgan yerda shunday materiallar bilan tanishishga haqlidir.
Dalil-isbotlar soʻrab olinishini iltimos qilayotgan tomon, prokuror ushbu dalil-isbotlar vositasida ish uchun ahamiyatli boʻlgan qaysi holatlar aniqlanishi mumkinligini koʻrsatishlari shart.
Xoʻjalik sudi tomonni tashkilotlardan, ular ishda qatnashayotgan-qatnashmayotganliklaridan qatʼi nazar, dalil-isbotlar olish uchun vakil qilishi mumkin.
37-modda. Dalil-isbotlarni ular turgan joyda koʻzdan kechirish va taqdim etish
Xoʻjalik sudi dalil-isbotlarni taqdim etish qiyin boʻlgan hollarda ularni turgan joyida koʻzdan kechirish va tadqiq etishi mumkin.
Dalil isbotlarni koʻzdan kechirish va tadqiq etish natijalari yuzasidan bayon tuziladi. Bayon sudya (sudyalar) hamda dalil-isbotlarni koʻzdan kechirish va tadqiq etishda qatnashgan tomonlarning vakillari tomonidan imzolanib, ishga ilova qilib qoʻyiladi.
38-modda. Yozma va ashyoviy dalil-isbotlarni qaytarish
Ishda mavjud boʻlgan hujjatlarning asl nusxalari nizo hal etib boʻlinganidan soʻng ushbu hujjatlarning guvohlantirilgan nusxalari taqdim etilgach, tashkilotlarning iltimosiga koʻra ularga qaytariladi.
Xoʻjalik sudi ixtiyorida turgan ashyoviy dalil-isbotlar nizo hal etilganidan soʻng, ular qaysi tashkilotlardan olingan boʻlsa, ana shu tashkilotlarga qaytariladi yoki xoʻjalik sudi qaysi tashkilotlarning ushbu ashyolarga egalik qilish huquqini eʼtirof etgan boʻlsa, oʻsha tashkilotlarga topshiriladi.
39-modda. Tashkilotlar mansabdor shaxslarining va boshqa xodimlarining tushuntirishlari
Xoʻjalik nizosining mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berish uchun chaqirilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari sud protsessida ishtirok etishlari mumkin. Mazkur shaxslar xoʻjalik sudiga uning chaqirigʻiga binoan kelishlari, ish yuzasidan oʻzlariga ayon boʻlgan axborot va holatlarni maʼlum qilishlari, xoʻjalik sudining talabiga koʻra yozma ravishda tushuntirish xatlari taqdim etishlari, sud protsessida qatnashayotgan sudyaning, shaxslarning savollariga javob qaytarishlari shart.
40-modda. Ekspertiza tayinlash va uni oʻtkazish
Nizoni hal etishda tugʻiladigan va maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirib berish uchun xoʻjalik sudi ekspertiza tayinlaydi. Bila turib yolgʻon xulosa bergan taqdirda ekspert jinoiy javobgar boʻlajagi haqida ogohlantiriladi.
Sud protsessining qatnashchilari xoʻjalik sudiga ekspert tomonidan tushuntirish berilishi lozim boʻlgan masalalarni taqdim etishga haqlidirlar.
Ekspertning xulosasi talab qilinadigan masalalarning uzil-kesil doirasini xoʻjalik sudi ajrimda belgilab beradi.
Ekspertizani oʻtkazish vakolatli tashkilotlarga yoki buning uchun zarur bilimi boʻlgan mutaxassislarga bevosita topshirilishi lozim. Ekspertiza oʻtkazayotgan shaxslar ish materiallari bilan tanishish hamda protsessning qatnashchilaridan qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish huquqiga egadirlar. Zarur boʻlgan hollarda ekspertiza tomonlarning vakillari ishtirokida oʻtkaziladi.
41-modda. Ekspertning xulosasi
Ekspertning xulosasi oʻtkazilgan tadqiqotlarning batafsil bayonini, ularning natijalari boʻyicha chiqarilgan xulosalarni hamda xoʻjalik sudi qoʻygan masalalarga berilgan asosli javoblarni oʻz ichiga olishi kerak. Xulosa xoʻjalik sudiga yozma ravishda taqdim etiladi hamda uning nusxalari tomonlarga yuboriladi.
Agar ekspertizani oʻtkazish chogʻida xoʻjalik sudi oʻrtaga qoʻymagan, lekin nizoni toʻgʻri hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar aniqlansa, ekspert xulosada ushbu holatlar boʻyicha ham fikrlarini bayon etadi.
Ekspertning xulosasi yetarlicha aniq yoki toʻla-toʻkis boʻlmagan hollarda xoʻjalik sudi qoʻshimcha ekspertiza tayinlashi mumkin.
Ekspertning xulosasiga qoʻshilmagan taqdirda xoʻjalik sudi takroriy ekspertiza tayinlashi mumkin va uni oʻtkazishni boshqa ekspertga topshiradi.
42-modda. Dalil-isbotlarni baholash
Xoʻjalik sudi barcha dalil-isbotlarni qonunga amal qilgan holda ishning barcha holatlarini har tomonlama, toʻla va xolis tadqiq etishga asoslangan oʻz ichki komil ishonchiga koʻra baholaydi.
Har qanday dalil-isbot ham xoʻjalik sudi uchun oldindan belgilangan kuchga ega emas.
Bir tomon oʻzining talablari yoki eʼtirozlarini asoslash uchun foydalangan daliliy maʼlumotlar va holatlarni ikkinchi tomonning eʼtirof etishi xoʻjalik sudi uchun majburiy emas.
Ekspertning xulosasi xoʻjalik sudi tomonidan majlisda muhokama qilinadi va ish yuzasidan boshqa barcha dalil-isbotlar bilan birgalikda baholanadi.
Ekspertning xulosasi xoʻjalik sudi tomonidan rad etilib, buning sabablari qarorlarda koʻrsatilishi mumkin.
VI BOB. SUD XARAJATLARI
43-modda. Sud xarajatlarining tarkibi
Sud xarajatlari davlat bojidan va xoʻjalik sudi tayinlagan ekspertizani oʻtkazganlik uchun toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlardan, shuningdek ishni koʻrib chiqish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa mablagʻlardan iborat boʻladi.
44-modda. Davlat boji
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqa hollarda daʼvo arizalari va xoʻjalik sudi qarorining qonuniyligi hamda asosliligini tekshirish haqidagi arizalar uchun davlat boji toʻlanadi.
Pul mablagʻlarini chet el valyutasida undirish toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha davlat boji chet el valyutasida toʻlanib, u Respublika valyuta fondiga oʻtkaziladi.
45-modda. Davlat bojini toʻlash
Davlat boji Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda respublika budjetiga toʻlanadi yoki undirib olinadi.
Daʼvo talablarining miqdori oshirilgan taqdirda davlat bojining yetmayotgan mablagʻi daʼvoning oshirilgan bahosiga muvofiq ravishda toʻlanadi.
46-modda. Davlat bojini qaytarish
Davlat boji qonun hujjatlarida belgilangan hollarda qaytarib berilishi kerak.
Xoʻjalik sudining hal qiluv qarorida, ajrimida, qarorida davlat bojini toʻla-toʻkis yoki qisman qaytarish uchun asos boʻladigan holatlar koʻrsatiladi.
47-modda. Ekspertiza oʻtkazilganligi uchun toʻlanadigan pul miqdorini belgilash
Ekspertiza haq toʻlash evaziga oʻtkazilgan taqdirda, unga oid sarf-xarajatlar tegishli tartibda belgilangan haq stavkalarini hamda sarflangan vaqtni eʼtiborga olib xoʻjalik sudi tomonidan qarorda belgilanadi.
Ekspertlarga xoʻjalik sudida hozir boʻlish uchun qilgan pul xarajatlari va uy-joyni ijaraga olish xarajatlari toʻlanadi hamda xizmat safarlariga yuborilayotgan xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda sutkalik pullar beriladi.
48-modda. Sud xarajatlarining taqsimlanishi
Davlat boji:
1) shartnomalarni tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish chogʻida yuzaga keladigan nizolar boʻyicha — takliflari qabul qilinmagan tomon zimmasiga yoxud tomonlardan har birining takliflaridan bir qismi xoʻjalik sudi tomonidan rad etilgan taqdirda — ikkala tomon zimmasiga;
2) shartnomalarni bajarish chogʻida yoki boshqa asoslarga binoan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha — qondirilgan daʼvo talablarining miqdoriga mutanosib ravishda tomonlar zimmasiga yuklanadi.
Agar ish tomonning notoʻgʻri xatti-harakatlari oqibatida (munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish toʻgʻrisidagi taklifni javobsiz qoldirish, javobgar oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish uchun talab qilgan hujjatlarni daʼvogarga yubormasligi va shu kabilar) kelib chiqqan boʻlsa, xoʻjalik sudi ishning yakunidan qatʼi nazar, davlat boji yuzasidan xarajatlarni shu tomonning zimmasiga yuklashga haqlidir.
Daʼvogar davlat boji toʻlashdan belgilangan tartibda ozod qilingan boʻlsa, bu davlat boji qondirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan, basharti, u bojni toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa, budjet foydasiga undirib olinadi.
Qaror qaysi tomonning foydasiga chiqarilgan boʻlsa, xoʻjalik sudi shu tomonning davlat bojiga oid xarajatlarini ikkinchi tomon hisobidan qoplaydi, garchi u boj toʻlashdan ozod qilingan boʻlsa ham.
Ekspertiza oʻtkazilganligi uchun toʻlanishi lozim boʻlgan pullar daʼvo qondirilgan taqdirda — javobgar zimmasiga; daʼvo rad etilgan taqdirda — daʼvogar zimmasiga; daʼvo qisman qondirilgan taqdirda — qondirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda har ikkala tomon zimmasiga yuklanadi.
Agar tomonlar oʻrtasidagi kelishuvda sud xarajatlarining taqsimoti nazarda tutilgan boʻlsa, xoʻjalik sudi ushbu kelishuvga muvofiq qaror qabul qiladi.
VII BOB. PROTSESSUAL MUDDATLAR
49-modda. Protsessual muddatlarni belgilash va hisoblash
Protsessual harakatlar qonunda belgilangan muddatlarda bajariladi. Qonunda protsessual muddatlar belgilab qoʻyilmagan hollarda ular xoʻjalik sudi tomonidan tayinlanadi.
Protsessual harakatlarni bajarish muddatlari aniq kalendar kuni bilan, muqarrar tarzda keladigan voqeani koʻrsatgan holda yoki vaqtning muayyan davri bilan belgilanadi. Soʻnggi holda harakat butun davr mobaynida bajarilishi mumkin.
Yillar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddat uning boshlanishi belgilab qoʻyilgan kalendar kundan yoki voqea roʻy berganidan keyingi kundan boshlanadi.
50-modda. Protsessual muddatlarning tugashi
Yillar bilan hisoblanadigan muddat soʻnggi yilning tegishli oyi va kunida tugaydi. Oylar bilan hisoblanadigan muddat ana shu muddatning tegishli oyida hamda soʻnggi oyining tegishli kunida tugaydi. Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning oxiri unda tegishli kun yoʻq boʻlgan oyga toʻgʻri kelib qolsa, muddat ushbu oyning soʻnggi kunida tugaydi.
Muddatning soʻnggi kuni dam olish kuniga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.
Bajarilishi uchun muddat belgilab qoʻyilgan protsessual harakatlar muddatning soʻnggi kuni soat 24 gacha bajarilishi mumkin. Basharti daʼvo arizasi, daʼvo arizasi haqidagi fikr, qarorning qonuniyligi va asosliligini tekshirish haqidagi ariza qarorni qayta koʻrib chiqishga oid ariza hamda boshqa hujjatlar pochta yoki telegrafga muddatning soʻnggi kuni soat 24 gacha topshirilgan boʻlsa, muddat oʻtkazib yuborilgan deb hisoblanmaydi.
51-modda. Protsessual muddatlarning toʻxtatilishi
Ish yuritish toʻxtatilishi bilanoq barcha tugamagan protsessual muddatlar toʻxtatiladi. Ish yuzasidan ish yurgazish qaytadan boshlangan kundan boshlab protsessual muddatlar davom etadi.
52-modda. Protsessual muddatlarni qayta tiklash va uzaytirish
Xoʻjalik sudi tomonlarning, prokurorning arizasiga binoan yoki oʻz tashabbusi bilan qonunda belgilangan protsessual muddat oʻtkazib yuborilishi sababini uzrli deb topib, oʻtkazib yuborilgan muddatni qayta tiklaydi.
Oʻtkazib yuborilgan muddat qayta tiklanganligi toʻgʻrisida xoʻjalik sudining hal qiluv qarorida, ajrimida yoki qarorida yozib qoʻyiladi. Muddatni qayta tiklash rad etilganligi xususida ajrim chiqariladi.
Tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish haqida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Xoʻjalik sudi tayinlagan muddatlar tomonning, prokurorning arizasiga binoan yoki xoʻjalik sudining tashabbusiga koʻra uzaytirilishi mumkin.
VIII BOB. DAʼVONING TAQDIM ETILIShI VA ISh YuRITIShNING BOShLANIShI
53-modda. Oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrish
Nizo tomonlar oʻzaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrganlaridan soʻnggina xoʻjalik sudining hukmiga havola etilishi mumkin.
Prokurorning arizasiga binoan ishlarni qoʻzgʻatish tomonlar taʼkidlangan chora-tadbirlarni koʻrgan-koʻrmaganligidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.
Tomonlar oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrgan-koʻrmaganligidan qatʼi nazar uchinchi shaxslar ishga qoʻshiladi yoki ishda qatnashishga jalb qilinadi.
54-modda. Daʼvo arizasining shakli va mazmuni
Daʼvo arizasi xoʻjalik sudiga yozma ravishda beriladi hamda tashkilotning rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
1) tomonlarning nomi va boʻysunuvi, ularning manzilgohi;
2) basharti, daʼvo baholanishi lozim boʻlsa, daʼvoning bahosi;
3) daʼvo talabi asoslangan holatlar, arizada bayon etilgan holatlarni tasdiqlovchi dalil-isbotlar, undirilayotgan yoki bahsga sababchi boʻlgan mablagʻning asosli hisob-kitobi, daʼvo taqdim etish uchun asos boʻlgan qonun hujjatlari;
4) javobgarlardan har biri oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) daʼvo talabi, basharti daʼvo bir necha javobgarga qaratilgan boʻlsa — ularning har biriga nisbatan qoʻyilgan talab;
6) arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar va boshqa dalil-isbotlarning roʻyxati.
Agar nizoni toʻgʻri hal etish uchun kerakli boʻlsa, daʼvo arizasida boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
55-modda. Daʼvoning bahosi
Daʼvoning bahosi:
pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha undirilayotgan mablagʻdan yoki ijro etishga oid hujjatga yoxud undirish hech soʻzsiz (akseptsiz) tartibda oʻtkazilishiga olib keladigan boshqa hujjatga koʻra bahslashishga sabab boʻlgan mablagʻga qarab;
egalik huquqiga oid va mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — mol-mulkning bahosiga qarab belgilanadi.
Daʼvoning bahosiga daʼvo arizasida koʻrsatib oʻtilgan neustoyka (jarima, penya) mablagʻlari ham kiradi, agar ular koʻrsatib oʻtilmagan boʻlsa, bu mablagʻlarni sudya (sud) belgilaydi.
Bir necha mustaqil talablardan iborat boʻlgan daʼvoning bahosi barcha talablarning jami qiymati bilan belgilanadi.
Daʼvo bahosi notoʻgʻri koʻrsatilgan taqdirda u sudya (sud) tomonidan belgilanadi.
56-modda. Daʼvo arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Daʼvo arizasiga:
1) javobgarlardan har biri oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrganligini;
2) javobgarga daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligini;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini;
4) daʼvo talabini qoʻyish uchun asos boʻlgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Muayyan hujjatni haqiqiy emas deb topishga oid arizaga bahslashuvga sabab boʻlayotgan hujjatning nusxasi yoki undan olingan guvohlantirilgan koʻchirma ilova qilinadi.
Shartnoma tuzishga majbur qilganlik toʻgʻrisidagi arizaga shartnomaning loyihasi ilova qilinadi.
57-modda. Daʼvo arizasining va unga ilova qilinadigan hujjatlarning nusxalarini yuborish
Arizachilar daʼvo taqdim etish chogʻida tomonlarga daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalarini, basharti, bu nusxalar tomonlarda yoʻq boʻlsa, yuborishlari shart.
58-modda. Bir necha daʼvo arizalarini birlashtirish yoki ajratish
Basharti, kelib chiqish asoslariga koʻra yoki taqdim etilgan dalil-isbotlarga binoan bir necha talab oʻzaro bogʻliq boʻlsa, bu talablar daʼvo arizasida birlashtirilishi mumkin.
Sudya (sud) ayni bir xil tomonlar qatnashayotgan bir turdagi bir necha daʼvo arizalarini yoki ishlarni bitta ishga birlashtirishga haqlidir. Bu haqda ish qoʻzgʻatishga doir ajrimga yoki qarorga yozib qoʻyiladi.
Daʼvo arizasini qabul qilayotgan sudya birlashtirilgan talablardan birini yoki bir nechtasini, agar talablarni alohida koʻrib chiqish koʻproq maqsadga muvofiq deb topilsa, alohida ish yuritish uchun ajratib olishga haqlidir.
59-modda. Daʼvo arizasi haqidagi fikr
Javobgar ish qoʻzgʻatilganligi toʻgʻrisidagi ajrimni olgan kundan boshlab uch kundan kechiktirmay quyidagilarni joʻnatadi:
xoʻjalik sudiga — daʼvo arizasiga bildirilgan fikrga doir javobni va daʼvoga qarshi eʼtirozlarni tasdiqlovchi barcha hujjatlarni;
daʼvogarga, boshqa javobgarlarga, shuningdek jarayonda qatnashayotgan prokurorga — javob nusxasini.
Javobni tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari imzolaydi.
Javobda: daʼvogarning nomi va ishning tartib nomeri; qonunlarga, shuningdek daʼvo arizasi rad etilishiga asos boʻlgan dalil-isbotlarga tayangan holda daʼvogarning talabini toʻla yoxud qisman rad etish sabablari; javobga ilova qilinayotgan hujjatlar va boshqa dalil-isbotlarning (shu jumladan daʼvogarga, boshqa javobgarlarga, prokurorga javobning nusxalari yuborilganligi toʻgʻrisida) roʻyxati koʻrsatiladi.
60-modda. Qarshi daʼvo taqdim etish
Javobgar nizo yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar dastlabki daʼvo bilan birgalikda hal etmoq uchun daʼvogarga qarshi daʼvo taqdim etishga haqlidir. Qarshi daʼvo dastlabki daʼvoga bogʻliq boʻlishi kerak.
Qarshi daʼvoni berish daʼvolarni berishning umumiy qoidalari boʻyicha amalga oshiriladi.
61-modda. Daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish
Sudya quyidagi hollarda, yaʼni:
ariza xoʻjalik sudida hal etishga oid boʻlmasa;
xoʻjalik sudi ijrosida xuddi shu tomonlar oʻrtasidagi, xuddi shu mavzudagi va xuddi shu asoslar yuzasidan nizo boʻyicha ish mavjud boʻlsa yoki sudning qarori boʻlsa daʼvo arizasini qabul qilishni rad etadi.
Daʼvo arizasini qabul qilishni rad etganlik toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, u ariza kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay tomonlarga hamda prokurorga yuboriladi.
Arizachiga yuborilayotgan ajrimga daʼvo materiallari ilova qilinadi.
Muayyan tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshirishga oid ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Ajrim bekor qilingan taqdirda daʼvo arizasi xoʻjalik sudiga dastlabki tarzda murojaat qilingan kuni berilgan deb hisoblanadi.
62-modda. Daʼvo arizasini qaytarish
Sudya agar:
1) daʼvo arizasi uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoki mansab mavqeyi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) daʼvo arizasida tomonlarning nomi, ularning pochta manzilgohi koʻrsatilmagan boʻlsa;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
4) bir daʼvo arizasida bir yoki bir necha javobgarga nisbatan bir qancha talablar birlashtirib qoʻyilgan boʻlib, bu talablar kelib chiqish asoslariga yoki taqdim etilgan dalil-isbotlarga koʻra oʻzaro bogʻliq boʻlmasa;
5) javobgarga daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
6) boshqa tomon bilan oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlari koʻrilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
7) qonunga koʻra qarz bank orqali olinishi lozim boʻlganda, javobgardan qarzni olish uchun bank muassasasiga murojaat qilinganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
8) ish yuritish toʻgʻrisida ajrim chiqarilgunga qadar daʼvogardan nizo hal etilganligi haqida ariza kelib tushsa, daʼvo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqmasdan turib qaytaradi.
Sudya daʼvo arizasini ariza kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay qaytaradi.
Daʼvo arizasining qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchilik bartaraf etilganidan soʻng umumiy tartibda xoʻjalik sudiga ikkinchi marta daʼvo arizasi bilan murojaat qilinishiga toʻsiq boʻlmaydi.
63-modda. Ish yuritishni boshlash
Sudya daʼvo arizasini qabul qilib, ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi hamda uni tomonlarga, protsessda qatnashayotgan prokurorga yuboradi. Ushbu ajrimda daʼvo arizasi qabul qilinganligi, ish xoʻjalik sudining majlisida hal etishga tayinlanganligi, majlis oʻtkaziladigan vaqt va joy, ishni majlisda hal etishga tayyorlash yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻladigan harakatlar qayd etib qoʻyiladi.
Boshqa tashkilotlardan hujjatlar, maʼlumotlar va xulosalar soʻrab olinadigan yoki ularning mansabdor shaxslari xoʻjalik sudiga chaqiriladigan hollarda ajrim ularga ham yuboriladi.
Ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi ajrim ushbu Kodeksning 82-moddasidagi talablarga rioya etilgan holda chiqariladi. Ajrimda ish yuritishni boshlashga asos boʻlgan maʼlumotlar hamda qoidabuzarlikning mohiyati ham koʻrsatiladi.
64-modda. Ishni majlisda qarab chiqish uchun materiallarni tayyorlash boʻyicha sudyaning harakatlari
Xoʻjalik nizosining toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlash maqsadida sudya zarur hollarda ishni majlisda koʻrib chiqish uchun materiallarni tayyorlash boʻyicha quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
1) daʼvogar koʻrsatmagan tashkilotlarni tomonlar sifatida ishda qatnashishga jalb etish masalasini hal qiladi;
2) oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish toʻgʻrisida taklif yuborilmagan tashkilotlarni javobgarlar jumlasidan chiqaradi;
3) tomonlar, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish vazifasini (hisob-kitoblarni solishtirib chiqishni, dalil-isbotlarni joyida koʻzdan kechirish va shu kabilarni) yuklaydi;
4) tomonlardan, boshqa tashkilotlardan nizoni hal etish uchun zarur hujjatlarni, maʼlumotlarni hamda xulosalarni soʻrab oladi;
5) ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masalani hal etadi;
6) yozma va ashyoviy dalil-isbotlarni joyida koʻzdan kechiradi hamda tadqiq qiladi;
7) tomonlar vakillarining xoʻjalik sudi majlisida hozir boʻlishini majburiy deb yoki majburiy emas deb topish haqidagi masalani hal etadi;
8) mansabdor shaxslarni ishning mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berish uchun chaqirish haqidagi masalani hal etadi;
9) xoʻjalik sudining majlisini tashkilot joylashgan yerda oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi;
10) nizoning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlashga qaratilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
IX BOB. DAʼVONI TAʼMINLASh
65-modda. Daʼvoni taʼminlashning maqsadi
Xoʻjalik sudi tomonning, protsessda qatnashayotgan prokurorning arizasiga binoan yoki oʻz tashabbusiga koʻra daʼvoni taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrishga haqlidir. Basharti, bunday chora-tadbirlarni koʻrmaslik qarorning ijro etilishini qiyinlashtirishi yoxud ijro etilishini yoʻqqa chiqarishi mumkin boʻlsa, daʼvoning taʼminlanishiga yoʻl qoʻyiladi.
66-modda. Daʼvoni taʼminlash choralari
Quyidagilar daʼvoni taʼminlash choralari boʻlishi mumkin:
1) javobgarga tegishli mol-mulk yoki pul mablagʻlarini xatlab qoʻyish;
2) javobgarning muayyan xatti-harakatlarni sodir etishini taqiqlash;
3) boshqa shaxslarning nizo mavzuiga oid xatti-harakatlarni sodir etishini taqiqlash;
4) daʼvogar norozilik bildirayotgan ijro hujjatiga yoki hech soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan boshqa hujjatga binoan undirib olishni toʻxtatib qoʻyish.
Daʼvo taʼminlanganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
67-modda. Daʼvoni taʼminlashning bekor qilinishi
Daʼvoni taʼminlashni bekor qilish toʻgʻrisidagi masala ishni qarab chiqayotgan xoʻjalik sudi tomonidan hal etiladi, bu xususda hal qiluv qaroriga yoki ajrimga yozib qoʻyiladi.
X BOB. XOʻJALIK NIZOLARINI HAL ETISh
68-modda. Nizolarni hal etish muddatlari
Nizolarning qarab chiqilishi, hal qiluv qarorlarining qabul qilinishi va tarqatilishi mumkin qadar qisqa muddatlarda, biroq daʼvo arizasi olingan kundan boshlab koʻpi bilan ikki oy ichida amalga oshirilishi lozim. Bunda hal qiluv qarori u qabul qilingan kundan boshlab koʻpi bilan 5 kun ichida joʻnatiladi.
69-modda. Majlisni olib borish tartibi
Nizolarni xoʻjalik sudi tomonidan majlisda tomonlar vakillarining ishtirokida bir yoki uch sudyadan iborat tarkibda koʻrib chiqiladi.
Majlisni olib borish tartibini majlisda raislik qilayotgan sudya belgilaydi. Sudya xoʻjalik sudining tarkibini eʼlon qiladi, protsessning qatnashchilariga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi hamda ularga tegishli huquqlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashadi.
Majlisda daʼvogar va javobgar vakillarining, ekspertning hamda majlisda qatnashayotgan boshqa shaxslarning soʻzi tinglanadi.
Sudya nizoni hal etish uchun har qanday zarur dalil-isbotlarni taqdim etishda har bir tomonga teng va toʻla imkoniyat berishi lozim.
Sudya tomonlar murosaga kelishiga koʻmaklashadi.
70-modda. Sudyaning nomzodini rad etish
Ishda qatnashayotgan shaxslar nizoni hal etish boshlanguncha, basharti sudya shaxsan nizoning natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa, uning nomzodini rad etishga haqlidirlar. Kechroq rad etishga ishda qatnashayotgan shaxsga rad etish asoslari nizoni hal etish boshlanganidan soʻng maʼlum boʻlib qolgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Rad etish asoslangan boʻlishi lozim hamda yozma shaklda bildiriladi.
Rad etish masalasini xoʻjalik sudining raisi va uning oʻrinbosari yoxud tegishli sudlov hayʼatining raisi hal qiladi va ajrim bilan rasmiylashtiriladi.
Sudyani rad etish toʻgʻrisidagi ariza qondirilgan taqdirda nizo xoʻjalik sudining raisi yoki uning oʻrinbosari yoxud tegishli sudlov hayʼatining raisi belgilaydigan boshqa sudya tomonidan hal etiladi yoki u ajrimning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshiradi.
71-modda. Ekspertning nomzodini rad etish
Ishda qatnashayotgan shaxslar nizoni hal etish boshlanguncha, basharti ekspert shaxsan nizoning natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa, shuningdek uning salohiyatsizligi sababiga asoslanib ekspertning nomzodini rad etishga haqlidirlar. Kechroq rad etishga ishda qatnashayotgan shaxsga rad etish asoslari nizoni hal etish boshlanganidan soʻng maʼlum boʻlib qolgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Rad etish asoslangan boʻlishi lozim hamda yozma shaklda bildiriladi.
Ekspertni rad etish toʻgʻrisidagi masalani majlisda raislik qilayotgan sudya hal qiladi.
72-modda. Daʼvo arizasiga bildirilgan fikr yoki sudya talab qilgan materiallar taqdim etilmagan taqdirda, shuningdek tomonlar vakillarining ishtirokisiz nizoni hal etish
Daʼvo arizasiga bildirilgan fikr yoki sudya talab qilgan materiallar taqdim etilmagan taqdirda ish ushbu masalaga oid mavjud boʻlgan materiallar boʻyicha hal etilishi mumkin.
Xoʻjalik sudining majlisiga tomonlarning vakillari kelmagan taqdirda, basharti sudyaning fikricha bunday hozir boʻlmaslik nizoning hal etilishiga toʻsiq boʻlmasa hamda tomonning nizo oʻz vakilining ishtirokisiz hal etilishiga qarshi yozma eʼtiroznomasi yoʻq boʻlsa, nizo ular yoʻqligida hal qilinishi mumkin.
73-modda. Nizoni bevosita tashkilotda hal etish
Xoʻjalik sudi nizoni bevosita tashkilotda hal etishga haqlidir.
Tashkilotlarning rahbarlari bunday holda xoʻjalik sudining majlisini oʻtkazish uchun zarur sharoitlarni taʼminlab berishlari shart.
74-modda. Ishni eshitishni keyinga qoldirish, majlisdagi tanaffus
Xoʻjalik sudi ish mazkur majlisda hal etilishi mumkin boʻlmagan hollarda ishni eshitishni keyinga qoldirishga haqlidir.
Protsessning qatnashchilari navbatdagi majlis oʻtkaziladigan vaqt va joy toʻgʻrisida sudya tomonidan ajrim yoki boshqa yozma hujjat bilan xabardor qilinadilar.
Alohida murakkab nizolar hal etilayotganda sudya keyinchalik hal qiluv qarorida buni koʻrsatib oʻtish sharti bilan uch kundan oshmaydigan muddatga majlisda tanaffus eʼlon qilishga haqlidir.
75-modda. Ish yurgazishni toʻxtatib turish va uni qayta tiklash
Xoʻjalik sudi muayyan ish bilan bogʻliq boshqa ishni yoki vakolatli idoralar tegishli masalani hal etguniga qadar bu muayyan ishni koʻrib chiqish mumkin boʻlmagan hollarda ishni yurgazishni toʻxtatib turadi.
Xoʻjalik sudi ekspertiza tayinlagan, materiallarni tergov organlariga yuborgan, tashkilot qayta tuzilganligi oqibatida biron tomon uning huquqiy vorisi bilan almashtirilgan taqdirda xoʻjalik sudi tomonning iltimosiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan ish yurgazishni toʻxtatib turishga haqlidir.
Xoʻjalik sudi ishning toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan soʻng ish yurgazishni qaytadan davom ettiradi.
Ish yurgazishni toʻxtatib turish va uni qaytadan davom ettirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Tomon ushbu ajrimning qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
76-modda. Ish yurgazishni tugatish
Xoʻjalik sudi agar:
1) xoʻjalik nizosi xoʻjalik sudida hal etilishiga tegishli boʻlmasa;
2) ayni bir tomonlar oʻrtasida, ayni bir mavzuda va ayni bir asoslarga koʻra kelib chiqqan nizo boʻyicha xoʻjalik sudining qarori mavjud boʻlsa;
3) arizachi javobgar bilan oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish choralarini koʻrmagan hamda bunday tartibga solish imkoniyati yoʻqqa chiqqan boʻlsa;
4) ishdagi tomon hisoblangan tashkilot tugatilgan boʻlsa ish yurgazishni tugatadi.
Ish yurgazish toʻxtatilgan taqdirda ayni bir tomonlar oʻrtasida ayni shu mavzuda va ayni bir asoslarga koʻra kelib chiqqan nizo yuzasidan xoʻjalik sudiga ikkinchi bor murojaat qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ish yurgazish toʻxtatilganligi haqida ajrim chiqarilib, unda sud xarajatlarini tomonlar oʻrtasida taqsimlashga, budjetdan davlat bojini qaytarishga, shuningdek mazkur Kodeks 79-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimani undirishga oid masalalar hal etilishi mumkin.
Tomonlar ushbu ajrimning qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishga haqlidirlar.
77-modda. Daʼvoni qarab chiqmay qoldirish
Xoʻjalik sudi agar:
1) daʼvo arizasi imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan, yoxud mansab lavozimi qayd etilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) ayni bir tomonlar oʻrtasida, ayni shu mavzuda va ayni bir asoslarga koʻra kelib chiqqan nizo yuzasidan xoʻjalik sudida ish mavjud boʻlsa;
3) arizachi qonunlarga binoan javobgardan qarzni bank orqali olishi kerak boʻlib, bu xususda bank muassasasiga murojaat qilmagan boʻlsa;
4) daʼvogar xoʻjalik sudi tomonidan talab qilingan, nizoni hal etish uchun kerakli boʻlgan materiallarni uzrli sabablarsiz taqdim etmagan boʻlsa;
5) arizachi javobgar bilan oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrmagan va bunday tartibga solish imkoniyati yoʻqqa chiqmagan boʻlsa daʼvoni qarab chiqmay qoldiradi.
Daʼvo qarab chiqilmay qoldirilganligi toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, unda sud xarajatlarini tomonlar oʻrtasida taqsimlashga, budjetdan davlat bojini qaytarishga, shuningdek mazkur Kodeks 79-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimani undirishga oid masalalar hal etilishi mumkin.
Tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
Daʼvoni qarab chiqmay qoldirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar bartaraf etilganidan soʻng daʼvogar xoʻjalik sudiga umumiy tartibda qaytadan daʼvo bilan murojaat qilishga haqlidir.
78-modda. Hal qiluv qarorining qabul qilinishi
Nizoni mohiyatan hal qilishda (daʼvoni qondirish, daʼvoni toʻla yoki qisman rad etish) xoʻjalik sudi hal qiluv qarori qabul qiladi.
Hal qiluv qarori majlisda ishning barcha holatlarini tomonlarning vakillari ishtirokida muhokama qilish natijalariga qarab qabul qilinadi.
Hal qiluv qarori tomonlar oʻrtasida erishilgan kelishuvni hisobga olib, basharti u qonun hujjatlariga, ishning haqiqiy holatlariga va materiallariga zid boʻlmasa, qabul qilinadi.
Nizo bir necha sudya tomonidan hal etilayotgan taqdirda hal qiluv qarori sudyalarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ayrim hollarda. alohida murakkab ishlar yuzasidan hal qiluv qarorining qabul qilinishi uch kundan oshmaydigan muddatga kechiktirilishi mumkin.
Hal qiluv qarori yozma shaklda bayon qilinadi hamda majlisda raislik qilayotgan sudya tomonidan, basharti nizoni bir necha sudya hal etayotgan boʻlsa, majlisda qatnashayotgan barcha sudyalar tomonidan imzolanadi. Hal qiluv qaroriga rozi boʻlmagan sudya oʻz fikrini yozma bayon qilishi mumkin boʻlib, bu ishga ilova etiladi.
79-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilishda xoʻjalik sudining huquqlari
Xoʻjalik sudi qonun hujjatlariga zid boʻlgan shartnomani butunlay yoki uning muayyan qismini haqiqiy emas deb topadi, shuningdek agar tomonlarning talablari davlat organining yoxud boshqa organning qonunlarga muvofiq kelmaydigan hujjatiga asoslangan boʻlsa, ushbu talablarning qondirilishini rad etadi.
Nizo yuzasidan hal qiluv qarorini qabul qilishda xoʻjalik sudi:
1) basharti tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur boʻlsa, daʼvo talablaridan chetga chiqishga;
2) basharti daʼvogar jazo choralari toʻgʻrisida talablar qoʻymagan boʻlsa yoki qonun hujjatlarini javobgarning masʼuliyatini pasaytirmaydigan tarzda buzgan boʻlsa, undirilayotgan neustoykani (jarima, penya) respublikaning budjet daromadiga toʻla yoxud qisman oʻtkazishga;
3) majburiyatni buzgan tomondan undirilishi lozim boʻlgan neustoykaning (jarimaning, penyaning) miqdorini favqulodda hollarda kamaytirishga;
4) qarorning ijro etilishini kechiktirishga yoki uzaytirishga haqlidir.
Bundan tashqari, xoʻjalik sudi talab qilingan materiallarni belgilangan muddatda joʻnatmaganlik uchun, daʼvo yuzasidan fikr bildirmaganlik uchun, sud tomonning zimmasiga yuklagan harakatlarni sodir etishdan bosh tortganlik uchun, shuningdek mansabdor shaxs kelishi shart boʻlgani holda xoʻjalik sudiga kelmaganligi uchun aybdor tomonidan respublika budjeti foydasiga eng kam oylik ish haqining bir oylikdan besh oylikkacha boʻlgan miqdorida jarima undirishga haqlidir.
80-modda. Hal qiluv qarorining mazmuni
Xoʻjalik sudining hal qiluv qarori kirish, taʼriflash, asoslash va xulosa chiqarish qismlaridan iborat boʻladi, bunda:
1) kirish qismida xoʻjalik sudining nomi, ishning tartib raqami, qaror qabul qilingan kun, tomonlarning nomi, daʼvoning bahosi, sudyaning (sudyalarning) familiyasi, tomonlar vakillarining hamda ishni qarab chiqishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning familiyalari va mansablari koʻrsatiladi. Nizo tashkilotda hal etilgan taqdirda bu haqda ham hal qiluv qarorining kirish qismida qayd etib oʻtiladi;
2) taʼriflash qismi daʼvogar talabining, daʼvo arizasiga bildirilgan fikrning, tomonlar va ularning vakillari, nizoni hal etishda qatnashayotgan boshqa shaxslar bergan arizalar, tushuntirishlar hamda iltimosnomalarning qisqacha bayonini, xoʻjalik sudi amalga oshirgan harakatlarning (dalil-isbotlarni bevosita ular turgan joyda koʻzdan kechirish va tadqiq etish hamda materiallar bilan tanishish) tavsifini oʻz ichiga olishi lozim;
3) asoslash qismida: ishning xoʻjalik sudi aniqlagan holatlari; nizoning kelib chiqish sabablari; hal qiluv qarori qabul qilinishiga asos boʻlgan dalil-isbotlar; basharti tomonlar ahdlashuvga erishgan boʻlsalar, ushbu yozma ahdlashuvning mazmuni; xoʻjalik sudi tomonlarning iltimosnomalari va dalil-isbotlarini, shartnoma shartlari yuzasidan ularning takliflarini yoki tomonlarning bitimini rad etishiga olib kelgan dalillar; hal qiluv qarorini qabul qilishda xoʻjalik sudi amal qilgan qonun hujjatlari koʻrsatiladi;
4) xulosa chiqarish qismi qoʻyilgan har bir talab boʻyicha daʼvoni qondirish toʻgʻrisidagi yoki daʼvoni toʻla-toʻkis yoxud qisman rad qilish haqidagi xulosani oʻz ichiga olishi kerak. Xoʻjalik sudining xulosasi biron-bir holatlarning roʻy berishiga yoki roʻy bermasligiga bogʻliq (shartli qaror) boʻlmasligi lozim.
Daʼvo qanoatlantirilganda hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatiladi:
nizo kimning foydasiga hal etilgan boʻlsa, shu tomonning nomi hamda pul mablagʻlari undirib olingan yoki muayyan harakatlarni ham bajarishi lozim boʻlgan tomonning nomi, ushbu harakatlarni bajarish muddatlari, shuningdek hal qiluv qarorining ijrosi kechiktirilgan yoki uzaytirilgan taqdirda pul mablagʻlarini toʻlash muddatlari;
undirilishi lozim boʻlgan mablagʻlarning (moddiy boyliklar, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun asosiy qarzlarning, zararlarning, neustoykaning, jarimaning, penyaning, shuningdek mazkur Kodeks 79-moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimaning) miqdori;
pul mablagʻlari undirib olinadigan schyotning nomi;
topshirilishi lozim boʻlgan mol-mulkning nomi va uning turgan joyi (mol-mulkni topshirish toʻgʻrisidagi nizo boʻyicha);
ijro hujjatining yoki undirishni hech soʻzsiz tartibda (akseptsiz) amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatning, bu hujjat ijro etilmasligi lozim deb topilgan taqdirda, nomi, tartib raqami va sanasi, shuningdek hisobdan chiqarilmasligi lozim boʻlgan mablagʻ.
Shartnomani tuzishda yoki oʻzgartirishda yuzaga kelgan nizo boʻyicha xulosa qismida shartnomaning har bir nizoli sharti yuzasidan qaror, shartnoma tuzishga majburlashga oid nizo boʻyicha esa — tomonlar shartnoma tuzishlari uchun asos boʻlgan shartlar koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida shartnoma qonunlarga zid boʻlgan taqdirda, shartnoma toʻla-toʻkis yoki uning muayyan qismi haqiqiy emas deb topilganligi haqida uqtirib oʻtiladi.
Hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ariza qondirilgan taqdirda, xulosa qismida hujjatning hamda uni chiqargan organning nomi, hujjatning tartib raqami, u chiqarilgan sana koʻrsatiladi, hujjat toʻla-toʻkis yoki qisman (aynan qaysi qismi) haqiqiy emas deb topiladi, arizachining hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabi qondirilmaganda esa uni qondirish rad etilganligi qayd etiladi.
Agar tomonlar oʻrtasida qarab chiqilayotgan nizo boʻyicha qonun hujjatlariga, ishning haqiqiy holatlariga va materiallariga muvofiq keladigan ahdlashuvga erishilgan boʻlsa, sudya hal qiluv qarorining xulosa qismida erishilgan ahdlashuvning shartlarini bayon etadi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida sud sarf-xarajatlarning tomonlar oʻrtasida taqsimlanishi, budjetdan davlat bojining qaytarilishi haqida koʻrsatma beriladi.
Ishda bir necha daʼvogar va javobgar qatnashgani taqdirda hal qiluv qarorida nizo ularning har biriga nisbatan qanday hal etilganligi koʻrsatiladi.
Dastlabki va qarshi daʼvo koʻrib chiqilgan taqdirda hal qiluv qarorida daʼvolardan har birining koʻrib chiqilish natijalari koʻrsatib oʻtiladi.
81-modda. Hal qiluv qarorining eʼlon qilinishi
Qabul qilingan hal qiluv qarori sudya tomonidan ish koʻrib chiqish tugallanganidan keyin majlisda eʼlon qilinadi. Sudya faqat qarorning xulosa qismini eʼlon qilishga haqlidir. Tomonlarga qarorning qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza berish tartibi tushuntiriladi.
82-modda. Ajrim chiqarish va uning mazmuni
Agar nizo mohiyatan hal etilmayotgan boʻlsa (ish koʻrish kechiktirilganda, ish yurgazish toʻxtatib turilganda, tugatilganda, daʼvo koʻrib chiqilmay qoldirilganda va shu kabilarda), xoʻjalik sudi ajrim chiqaradi.
Xoʻjalik sudining ajrimi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
1) xoʻjalik sudining nomini ishning tartib raqamini va ajrim chiqarilgan sanani, tomonlarning nomini, daʼvoning bahosini, daʼvogarning talabini, sudyaning (sudyalarning) familiyasini, tomonlar vakillarining hamda ishni hal qilishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning familiyasini va mansablarini;
2) nizo mohiyatining qisqacha bayonini yoki ajrim chiqarilishiga sabab boʻlgan masalaning mazmunini;
3) qonun hujjatlariga tayangan holda ajrim chiqarilishining sabablarini;
4) qarab chiqilgan masala yuzasidan xulosani;
5) tomonlar, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari xoʻjalik sudi belgilagan muddatlarda sodir etishi lozim boʻlgan harakatlarga oid koʻrsatmani.
83-modda. Xususiy ajrim
Nizoni hal etish chogʻida tashkilotning, davlat organi va boshqa organning faoliyatida qonun hujjatlari buzilayotganligi aniqlangan taqdirda xoʻjalik sudi xususiy ajrim chiqarishga haqlidir.
Xususiy ajrim tegishli tashkilotlarga, davlat organlari va boshqa organlarga, mansabdor shaxslarga yuboriladi.
84-modda. Hal qiluv qarorlari va ajrimlarning yuborilishi
Hal qiluv qarorlari va ajrimlar tomonlarga joʻnatiladi yoki ularning vakillariga topshiriladi.
85-modda. Qoʻshimcha qaror
Xoʻjalik sudi tomonning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan agar:
1) daʼvo arizasida bayon etilgan biron-bir talab boʻyicha qaror qabul qilinmagan boʻlsa;
2) sud xarajatlari toʻgʻrisidagi masala hal etilmagan boʻlsa qoʻshimcha qaror qabul qilishga haqlidir.
86-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirib berish va tuzatish
Sudya qarorning mohiyatiga daxl qilmagan holda, tomonning arizasiga binoan, hal qiluv qarorining mazmunini oʻzgartirmagan holda uni tushuntirib berishga, qarorda yoʻl qoʻyilgan xatolarni yoki arifmetik yanglishishlarni tomonning arizasiga yoxud oʻz tashabbusiga koʻra toʻgʻrilashga haqlidir.
Hal qiluv qarori tushuntirib berilganligi, shuningdek xatolar yoki arifmetik yanglishishlar toʻgʻrilanganligi haqida ajrim chiqariladi.
XI BOB. HAL QILUV QARORINING QONUNIY VA ASOSLILIGINI TEKShIRISh
87-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilish hamda protest kiritish huquqi
Tomon hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahar prokurorlari va ularning oʻrinbosarlari tegishli tarzda Oliy xoʻjalik sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudining, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudining hal qiluv qaroriga nisbatan protest kiritishga haqlidirlar.
(87-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining xoʻjalik sudlari qabul qilgan hal qiluv qarorlari 5000 soʻmgacha boʻlgan summaga oid boʻlsa, bu qarorlarning qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida Oliy xoʻjalik sudiga ariza berib boʻlmaydi.
(87-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
88-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirishni amalga oshiruvchi xoʻjalik sudlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudi oʻz tashabbusi bilan vakolati doirasida istalgan hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqishga haqlidir.
(88-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Xoʻjalik sudlari chiqarilgan hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini quyidagicha tartibda tekshiradi:
1) Oliy xoʻjalik sudi — Oliy xoʻjalik sudining Sudlov hayʼatida va quyi xoʻjalik sudlarida nizolar boʻyicha hal etilgan hamda bu hal qiluv qarori qonuniy yoki asosliligi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda tekshirilgandan soʻng;
Oldingi tahrirga qarang.
2) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudi shu sudlar hal etgan nizolar boʻyicha hal qiluv qarorlarining qonuniy va asosliligini tekshiradi.
(88-modda ikkinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Hal qiluv qarori qonuniy va asosliligi xususida Oliy xoʻjalik sudi chiqargan qaror qatʼiy boʻladi.
89-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirayotgan xoʻjalik sudining tarkibi
Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha sudlov hayʼatining uch sudyasidan iborat tarkibdagi xoʻjalik sudi hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshiradi. Tekshirish natijalari yuzasidan qaror koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Hal qiluv qarorlarini tekshiruvchi hayʼat boʻlmaydigan xoʻjalik sudlarida tekshirish xoʻjalik sudining raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
Xoʻjalik sudi raisining oʻrinbosari qabul qilgan hal qiluv qarori Rais tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
90-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizaning hamda hal qiluv qaroriga protestning shakli va mazmuni
Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga protest yozma ravishda beriladi. Ular hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomini, ishning tartib raqamini, qaror qabul qilingan sanani, tomonlarning nomini, daʼvoning bahosini, arizachining va prokurorning talablarini, shuningdek qonun hujjatlariga va ish materiallariga tayangan holda hal qiluv qarorining qonuniy hamda asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishining asoslarini oʻz ichiga olishi lozim.
Arizani tashkilot rahbari yoki rahbarining oʻrinbosari imzolaydi.
Protest prokuror yoki prokurorning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
91-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizani hamda prokuror protestini berish tartibi
Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga protest hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudlariga yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining xoʻjalik sudlarida hal etilgan nizo boʻyicha chiqarilgan hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish uchun ushbu nizoni hal qilgan suddan ish talab qilib olinadi. Talabnoma qabul qilib olinganidan soʻng ish besh kunlik muddatda Oliy xoʻjalik sudiga yuborilishi kerak.
(91-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Tegishli ravishda arizaning va protestning nusxalari tomonlarga, daʼvo arizasini yuborgan prokurorga joʻnatiladi.
Arizaga uning nusxasi joʻnatilganligini hamda davlat boji toʻlanganligini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilinadi. Protestga uning nusxasi yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza berilishi hamda prokurorning protest kiritishi qarorning ijro etilishini toʻxtatib qoʻymaydi.
Xoʻjalik sudi tomonning, ishda qatnashayotgan prokurorning iltimosnomasiga binoan yoki oʻz tashabbusi bilan hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish nihoyasiga yetgunga qadar qarorning ijrosini toʻxtatib qoʻyishga haqlidir.
92-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizani berish hamda hal qiluv qaroriga protestni kiritish muddatlari
Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizani hamda hal qiluv qaroriga protestni kiritish qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay amalga oshiriladi.
93-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizaga hamda protestga bildirilgan fikr
Tomon xoʻjalik sudiga berilgan hal qiluv qarorining yoki protestning qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizaning nusxasini olishi bilanoq oʻz fikrini shu sudga, boshqa tomonlarga va ishda qatnashayotgan prokurorga ariza yoxud protest koʻrib chiqiladigan kungacha borib yetishini taʼminlaydigan muddatda yuboradi.
Bunday fikrni tashkilotning rahbari yoki uning oʻrinbosari imzolaydi.
94-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizaning hamda hal qiluv qaroriga protestning qaytarilishi
Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga protest agar:
1) ariza yoki protest uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqeyi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) arizaga uning nusxasi tomonlarga va daʼvo arizasini yuborgan prokurorga joʻnatilganligining dalillari, protestga esa uning nusxasi tomonlarga joʻnatilganligining dalillari ilova qilinmagan boʻlsa;
3) arizaga belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan boʻlsa;
4) ariza yoki protest uni berish uchun belgilangan muddat tugaganidan soʻng ushbu muddatni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomasiz berilgan boʻlsa; iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilinganidan soʻng bir yil oʻtgach bayon etilgan boʻlsa — qarab chiqish uchun qabul qilinmaydi va qaytariladi.
Ariza yoki protest, basharti uni qaytarib olish toʻgʻrisidagi hujjat xoʻjalik sudiga qaror qabul qilinishidan avval kelgan boʻlsa ham qaytariladi.
95-modda. Majlisda hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish, majlis oʻtkaziladigan vaqt hamda joy toʻgʻrisida xabardor qilish
Majlisda hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligi sudyalardan birining raisligi ostida tekshiriladi.
Majlis oʻtkaziladigan vaqt va joy toʻgʻrisida tomonlarga, ishda qatnashayotgan prokurorga va zarur hollarda sud protsessining boshqa ishtirokchilariga xabarnoma yuboriladi.
96-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizani hamda hal qiluv qaroriga protestni koʻrib chiqish muddatlari
Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga protest — bir oydan kechiktirmay:
Oliy xoʻjalik sudida qabul qilingan hal qiluv qarorlari boʻyicha ariza yoki protest kelib tushgan kundan boshlab;
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarida qabul qilingan hal qiluv qarorlari boʻyicha — ish kelib tushgan kundan boshlab koʻrib chiqiladi.
(96-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
97-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha xoʻjalik sudining vakolatlari
Xoʻjalik sudi hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish natijalari boʻyicha:
hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga;
hal qiluv qarorini oʻzgartirishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va yangi qaror qabul qilishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangitdan koʻrib chiqish uchun topshirishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va ish yurgazishni tugatish;
hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvoni koʻrib chiqmay qoldirishga haqlidir.
Hal qiluv qarori arizada yoki protestda bayon etilgan dalillardan qatʼi nazar toʻla hajmda tekshiriladi.
Xoʻjalik sudi hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish chogʻida birinchi bosqich sudda nizoni hal etishda xoʻjalik sudiga beriladigan huquqlardan foydalanadi.
98-modda. Hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari
Quyidagilar hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari hisoblanadi:
1) ish uchun ahamiyat kasb etadigan holatlarning toʻla-toʻkis aniqlanmaganligi;
2) ish uchun ahamiyat kasb etadigan va xoʻjalik sudi aniqlangan deb hisoblayotgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga nomuvofiqligi;
4) moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi.
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi, basharti bunday buzilish notoʻgʻri qaror qabul qilinishiga olib kelgan yoxud olib kelishi mumkin boʻlgan taqdirda, qarorning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi uchun asos boʻladi.
99-modda. Qarorning qabul qilinishi
Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish natijalari yuzasidan dalil-isbotli qaror qabul qilinadi hamda bu qaror qabul qilingan hal qiluv qarorlarining qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha sudlov hayʼatining sudyalari tomonidan hayʼat boʻlmagan hollarda esa xoʻjalik sudining raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:
1) xoʻjalik sudining nomi, ishning tartib raqami va qaror qabul qilingan sana, tomonlarning nomi, ariza bergan tomonning nomi, protest kiritgan prokuror, hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudining tarkibi hamda xoʻjalik sudida tushuntirish bergan shaxslar va ularning mansablari;
2) hal qiluv qarorini qabul qilgan xoʻjalik sudining nomi, ishning tartib raqami, qaror qabul qilingan sana, hal qiluv qarorini qabul qilgan sudyalarning familiyalari;
3) qabul qilingan hal qiluv qarori mohiyatining qisqacha bayoni;
4) hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi masala oʻrtaga qoʻyilishining asoslari, ariza yoki protestga bildirilgan fikrda bayon etilgan dalillar;
5) qaror qabul qilinishiga olib kelgan sabablar — bunda qonun hujjatlariga va ish materiallariga tayanilishi lozim;
6) ariza yoki protestni qarab chiqish natijalari yuzasidan xulosalar;
7) hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun berish chogʻida tomonlar va xoʻjalik sudi bajarishi lozim boʻlgan harakatlar.
100-modda. Qarordagi koʻrsatmalarning majburiyligi
Qarordagi koʻrsatmalar ish yangitdan koʻrib chiqilayotgan paytda, xoʻjalik sudi uchun majburiydir. Qaror biron-bir dalil-isbotning ishonchliligi yoxud ishonchli emasligi toʻgʻrisidagi, bir dalil-asosning boshqasidan ustunligi haqidagi koʻrsatmalarni, shuningdek xoʻjalik nizosi yangitdan hal etilayotganda qanday qaror qabul qilinishi lozimligini oʻz ichiga olishi mumkin emas.
101-modda. Qarorlarni tarqatish
Qarorlar tomonlarga, ishda qatnashgan prokurorga qabul qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda tarqatiladi.
102-modda. Ajrimlarning qonuniy va asosliligini tekshirish
Ajrimlarning qonuniy va asosliligi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda tekshiriladi.
XII BOB. HAL QILUV QARORLARINING NAZORAT TARTIBIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY XOʻJALIK SUDINING PLENUMI TOMONIDAN KOʻRIB ChIQILIShI
103-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining Plenumiga hal qiluv qarorini nazorat tartibida koʻrib chiqish xususida murojaat qilish huquqi
Oliy xoʻjalik sudining Raisi, Bosh prokuror nizolar yuzasidan Oliy xoʻjalik sudi tomonidan qabul qilingan qarorga nisbatan protest kiritishga haqlidirlar.
Protest hal qiluv qarori Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid boʻlgan yoki boshqa davlatlarning manfaatlari buzilgan taqdirda uning qonuniy va asosliligi mazkur Kodeksda belgilangan tartibda tekshirilgandan soʻng kiritiladi.
104-modda. Protestni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi tomonidan koʻrib chiqish tartibi
Oliy xoʻjalik sudining Plenumi protestni koʻrib chiqish chogʻida Oliy xoʻjalik sudining hal qiluv qarori qonuniy va asosliligini tekshiruvchi hayʼati raisi yoki aʼzosi (sudya) ning ish holatlari hamda protest asoslari toʻgʻrisidagi maʼruzasini tinglaydi.
Zarur hollarda tushuntirish berish uchun Plenum majlisiga tomonlarning vakillari taklif etiladi. Bunday hollarda Plenum majlisi toʻgʻrisidagi xabarnoma va protest nusxasi tomonlarga yuboriladi.
105-modda. Oliy xoʻjalik sudi Plenumining qaror qabul qilish tartibi
Protest muhokama qilinganidan soʻng ushbu Kodeksda belgilangan tartibda qaror qabul qilinadi.
Nizoni hal etishda, hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshirishda qatnashgan sudya ovoz berishda qatnashishga haqli emas.
Plenumning qarori qabul qilinishi bilanoq kuchga kiradi hamda mazkur Kodeksning XIV bobida belgilangan tartibda ijro etiladi.
XIII BOB. YaNGITDAN OChILGAN HOLATLARGA KOʻRA XOʻJALIK SUDINING HAL QILUV QARORLARINI QAYTA KOʻRIB ChIQISh
106-modda. Qayta koʻrib chiqish asoslari
Xoʻjalik sudi oʻzi qabul qilgan hal qiluv qarorini ish uchun muhim ahamiyat kasb etadigan hamda arizachiga maʼlum boʻlmagan va maʼlum boʻla olmaydigan yangitdan ochilgan holatlarga binoan qayta koʻrib chiqishi mumkin.
107-modda. Ariza berish tartibi va muddati
Yangitdan ochilgan holatlarga koʻra qarorni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi ariza qarorning qayta koʻrib chiqilishi uchun asos boʻlib xizmat qiladigan holatlar aniqlangan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay berilishi mumkin.
Arizachi boshqa tomonga arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxasini yuborishi shart.
Arizaga boshqa tomonga arizaning nusxasi yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Ariza belgilangan muddat tugaganidan soʻng berilgan taqdirda yoki arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxasi boshqa tomonga yuborilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan taqdirda u koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi hamda arizachiga qaytariladi.
108-modda. Hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish
Koʻrib chiqilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan tegishli sudlov hayʼatining sudyasi (sudyalari), hayʼat boʻlmagan joyda hal qiluv qarorini qabul qilgan sudya hal qiluv qarorini qaytadan koʻrib chiqadi.
Yangitdan ochilgan holatlarga koʻra hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish mazkur Kodeksning tegishli ravishda X, XI va XII boblarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yangitdan ochilgan holatlarga koʻra hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish xususidagi ariza kelib tushgan taqdirda xoʻjalik sudi, basharti birinchi galdagi hal qiluv qarori ijro etilmagan boʻlsa, hal qiluv qarorining qayta koʻrib chiqilishi nihoyasiga yetguncha hal qiluv qarorining ijrosini toʻxtatib turishga haqlidir.
Yangitdan ochilgan holatlarga koʻra qabul qilingan hal qiluv qarori mazkur Kodeksning XI va XII boblarida belgilangan tartibda tekshirilishi mumkin.
XIV BOB. QARORLARNING IJRO ETILIShI
109-modda. Xoʻjalik sudining buyrugʻi va uning ijro etish uchun yuborilishi
Xoʻjalik sudining qarori xoʻjalik sudi beradigan buyruqqa asosan Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ijro etiladi. Buyruq ijro hujjati hisoblanadi va qaror bilan birgalikda yuboriladi.
Pul mablagʻlarini undirishga oid buyruq uni undiruvchi shaxsga topshiriladi yoki buyurtma yoxud qimmatli xat bilan unga yuboriladi. Mablagʻlar budjet foydasiga undirilayotganida buyruq soliq organiga yuboriladi hamda belgilangan tartibda bank muassasasi orqali ijro etiladi. Qolgan buyruqlar sud ijrochilari tomonidan bajariladi.
Birinchi galdagi va qarshi daʼvolar toʻla yoki qisman qondirilgan taqdirda undirish xususidagi buyruqlar har bir daʼvo boʻyicha alohida beriladi.
110-modda. Buyruqning mazmuni
Xoʻjalik sudining buyrugʻida:
1) buyruq berilishiga asos boʻlgan ishning tartib raqami, qaror qabul qilingan kun, buyruq berilgan kun va uning amal qiladigan muddati;
2) hal qiluv qarorining xulosa qismi koʻrsatilishi lozim.
Agar hal qiluv qarorini qabul qilishda ijroni kechiktirish yoki bu muddatni choʻzish belgilansa, buyruqda u amal qiladigan muddatning borishi qaysi paytdan boshlanishi koʻrsatiladi.
Sud ijrochisi tomonidan ijro etilishi lozim boʻlgan yoki soliq idorasiga yuboriladigan buyruqda qarzdorning manzilgohi ham koʻrsatiladi.
Buyruq sudya tomonidan imzolanadi va buyruq chiqargan xoʻjalik sudining muhri bilan tasdiqlanadi.
111-modda. Ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilish muddati
Buyruq undiruvchi shaxsga ijro etish uchun hal qiluv qarori qabul qilingan yoxud qarorning ijrosi kechiktirilgan yoki choʻzilgan taqdirda belgilangan muddat tugagan kundan boshlab yoinki buyruqni ijro etish uchun taqdim qilishning oʻtkazib yuborilgan muddatini qayta tiklash haqida ajrim chiqarilgan kundan boshlab uch oydan kechiktirmay taqdim etilishi mumkin. Hal qiluv qarorining ijrosi toʻxtatib qoʻyilgan davr ushbu muddatga kirmaydi.
Bank muassasasi yoki sud ijrochisi tomonidan buyruqni ijro etish imkoni boʻlmagan va buyruq shu munosabat bilan ijro etilmay qaytarilgan taqdirda ijro etilishi uchun buyruqni taqdim etishning yangi uch oylik muddati u qaytarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Hal qiluv qarorini ijro etish muddati ijro etilishi uchun buyruq taqdim qilinishi bilan toʻxtatiladi.
112-modda. Qarorni ijro etmaganlik uchun javobgarlik
Ijro uchun buyruq taqdim etilgan organ pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi xoʻjalik sudining qarorini ijro etmaganligi uchun xoʻjalik sudi tomonining arizasiga yoki oʻz tashabbusiga koʻra unga undiriladigan mablagʻning 50 foizigacha miqdorida jarima soladi. Jarima respublika budjeti foydasiga undiriladi.
Jarima solinganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Jarima solingan organ ajrimning qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
Hal qiluv qarorini ijro etishi shart boʻlgan mansabdor shaxs xoʻjalik sudining qarorini ijro etmaganligi uchun qonunda umumiy sud qarorini ijro qilmaganlik uchun belgilangan tarzda javobgar boʻladi.
113-modda. Buyruqning dublikatini berish
Buyruq yoʻqotib qoʻyilgan taqdirda xoʻjalik sudi, basharti undirib oluvchi shaxs ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilishning belgilangan muddati tugagunga qadar bu haqda ariza bilan murojaat qilgan boʻlsa, uning dublikatini berishi mumkin. Buyruqning dublikati berilganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Buyruqning dublikatini berish xususidagi arizaga buyruq yoʻqotib qoʻyilganligi toʻgʻrisida bank muassasasi, sud ijrochisi, aloqa organi bergan maʼlumotnoma yoxud tashkilotning buyruq yoʻqotilganligi va ijro etilishi uchun taqdim qilinmaganligi haqidagi maʼlumotnomasi ilova qilinishi lozim.
Tashkilotning maʼlumotnomasini tashkilot rahbari yoki rahbarining oʻrinbosari va bosh (katta) buxgalteri imzolaydi.
114-modda. Hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish yoki choʻzish, qarorni ijro etish usulini hamda tartibini oʻzgartirish
Xoʻjalik sudi tomonning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilishning belgilangan muddati tugaguniga qadar hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirishga yoki choʻzishga, uni ijro qilish usulini va tartibini oʻzgartirishga haqlidir.
Hal qiluv qarorining ijrosi kechiktirilgan yoki choʻzilgan taqdirda xoʻjalik sudi qaror mazkur Kodeksning IX bobida nazarda tutilgan tartibda ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin.
Hal qiluv qarori ijrosining kechiktirilganligi yoki choʻzilganligi, uni ijro etish usuli va tartibi oʻzgartirilganligi yoxud arizani qondirish rad qilinganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Tomon ushbu ajrimning qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Zarur hollarda ajrim qarzdor turgan joydagi bank muassasasiga joʻnatiladi.
115-modda. Hal qiluv qarori ijrosidagi burilish, hal qiluv qarori asosida undirishning toʻxtatilishi
Agar ijro etilgan hal qiluv qarori oʻzgartirilib yoki bekor qilinib, daʼvoni toʻla yoki qisman rad qilish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilingan yoxud ish yuzasidan ijro toʻxtatilgan yoinki daʼvo qarab chiqilmay qoldirilgan boʻlsa, tomonga hal qiluv qarorining oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan tegishli qismiga binoan boshqa tomon foydasiga undan undirilgan barcha narsalar qaytariladi.
Undirilgan pul mablagʻlarini, mol-mulkni yoki uning qiymatini qaytarish xususida xoʻjalik sudi tashkilotning arizasiga binoan buyruq beradi. Arizaga ilgari qabul qilingan hal qiluv qarorining ijro etilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Agar ijro etilmagan hal qiluv qarori oʻzgartirilib yoki bekor qilinib, daʼvoni toʻla yoxud qisman rad etish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilingan yoxud ish yuzasidan ijro toʻxtatilgan yoinki daʼvo qarab chiqilmay qoldirilgan boʻlsa, xoʻjalik sudi tegishli qismi oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan hal qiluv qarori boʻyicha undirishni toʻla yoxud qisman toʻxtatish xususida hal qiluv qarori qabul qiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 10-son, 371-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda; 1997-y., 9-son, 235-modda)