Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
SUDLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 28-iyuldagi OʻRQ-703-sonli “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonunning yangi tahriri Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrdagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
BIRINChI BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Sud tizimi
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida besh yil muddatga saylanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, shu muddatga tayinlanadigan viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari faoliyat koʻrsatadilar.
(1-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyat tartibi alohida Qonun bilan belgilanadi.
2-modda. Odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi. Sud hokimiyatining mustaqilligi
Oʻzbekiston Respublikasida odil sudlovni faqat sud amalga oshiradi.
Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
3-modda. Sud hujjatlarining majburiyligi
Sud chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy.
4-modda. Sudning vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasida sudning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarda hamda inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro hujjatlarda eʼlon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga rioya etilishini kafolatlashga qaratilgan.
Sudning faoliyati ijtimoiy adolatni, tinchlik va totuvlikni taʼminlashga, huquqiy tartib va qonuniylikni barcha choralar bilan mustahkamlashga qaratilgan.
5-modda. Fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi
Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qatʼiy nazar qonun va sud oldida tengdirlar.
6-modda. Sudlovning oshkoraligi
Hamma sudlarda ishlar ochiq koʻriladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
7-modda. Sudlov olib boriladigan til
Oʻzbekiston Respublikasida sud ishlari oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda yuritiladi.
Sudlov olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan toʻla tanishish va sudlov harakatlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
8-modda. Sud himoyasida boʻlish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari davlat boshqaruv idoralari va mansabdor shaxslarning har qanday gʻayriqonuniy xatti-harakatlaridan, shuningdek shaʼni va qadr-qimmati, hayoti va sogʻligʻi, shaxsiy erkinligi va mulki, boshqa huquq va erkinliklariga tajovuzlardan sud himoyasida boʻlish huquqiga ega. Korxona, muassasa va tashkilotlar ham sud himoyasida boʻlishga haqli.
9-modda. Himoya huquqini taʼminlash. Aybsizlik prezumpsiyasi
Ayblanuvchiga, sudlanuvchiga himoya huquqi taʼminlanadi.Sudlovning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
Ayblanuvchi, uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha, aybsiz hisoblanadi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
10-modda. Sudlar faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlash
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudi, tuman(shahar) sudlarining faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlash, sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga boʻysunishi qoidasiga qatʼiy rioya qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
sudlarni tashkil etish masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muhokamasiga kiritadi;
sudyalikka nomzodlarni tanlaydi va ularni tayyorlaydi;
sudyalarning malakasini oshirish bilan shugʻullanadi;
sudlarning moddiy-texnika taʼminoti va ularning faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish ishlarini tashkil etadi;
sudlarning tashkiliy ishlarini tekshiradi;
xalq maslahatchilari saylovini oʻtkazishni tashkil etadi;
sudlar tomonidan oʻtkazilayotgan sud amaliyotini umumlashtirish ishida qatnashadi;
sud statistikasini yuritish va sud qarorlarini ijro qilish ishini tashkil etadi;
sudyalarning mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Xoʻjalik sudlarini tashkiliy jihatdan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi tomonidan amalga oshiriladi.
11-modda. Qonunchilik tashabbusi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
IKKINChI BOʻLIM. UMUMIY SUDLAR
1-BOB. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI
12-modda. Oliy sudning vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi — fuqarolik, jinoiy va maʼmuriy sudlov sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. U tomonidan qabul qilingan hujjatlar qatʼiy va Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiy.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar, shahar, tuman va harbiy sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
Oliy sud ishlarni birinchi instansiyada, kassatsiya tartibida va nazorat tartibida koʻradi.
Birinchi instansiya boʻyicha ishlar Oliy sudning uch sudyasidan iborat tarkibda koʻriladi.
Oliy sud — Oliy sud Plenumining dasturiy koʻrsatmalari sudlar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat olib boradi.
13-modda. Oliy sud tarkibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi — Rais, uning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari, sudlov hayʼatlari raislari, Oliy sud sudyalaridan iborat boʻlib:
Oliy sud Plenumi;
Oliy sud Rayosati;
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati;
Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati;
Harbiy hayʼatdan iborat tarkibda ish olib boradi.
14-modda. Oliy sud Plenumi
Oliy sud Plenumi eng yuqori sud instansiyasi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudining raisidan iborat tarkibda ish olib boradi.
Plenum majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Adliya vaziri qatnashadi. Oliy sud Raisining taklifiga binoan Plenum majlisida sudyalar, Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari, vazirliklar, idoralar, ilmiy muassasalar, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etishlari mumkin.
15-modda. Oliy sud Plenumini chaqirish tartibi
Oliy sud Plenumi toʻrt oyda kamida bir marta chaqiriladi. Muhokama qilinadigan umumiy masalalar boʻyicha hujjatlarning loyihasi Plenum aʼzolariga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga, Adliya vaziriga Plenum yigʻilishidan yigirma kun ilgari yuboriladi.
16-modda. Oliy sud Plenumining vakolatlari
Oliy sud Plenumi, Plenum aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Oliy sud Plenumi:
ishlarni nazorat tartibida koʻradi;
sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini koʻrib chiqadi va qonun hujjatlarini qoʻllash masalalari yuzasidan dasturiy koʻrsatmalar beradi;
Oliy sud Raisining taqdimiga binoan Oliy sud Rayosatini, sudlov hayʼatlarining raislarini, shuningdek Oliy sud Plenumi kotibini tasdiqlaydi;
Oliy sud Raisining taqdimiga binoan Oliy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi tarkibini tasdiqlaydi;
Rayosat ishi toʻgʻrisidagi va Oliy sud sudlov hayʼatlari raislarining hayʼatlar faoliyati haqidagi axborotlarini tinglaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi va Adliya vazirining qoʻshma taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari rayosati tarkibini va sudlov hayʼatlari raislarini tasdiqlaydi;
cudyalar oliy malaka hayʼatini saylaydi va uning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni tinglaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qurolli Kuchlar harbiy sudi raislarining qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida, shuningdek Oliy sud Plenumi dasturiy koʻrsatmalarining bajarilishi toʻgʻrisida axborotlarini tinglaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot organining tahrir hayʼatini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
17-modda. Oliy sud Plenumida sud ishlarini koʻrish tartibi
Oliy sud Plenumi ishni nazorat tartibida koʻrish chogʻida Oliy sud sudyasining ish holatlari va protest vajlari haqidagi maʼruzasini tinglaydi. Soʻngra Respublika Bosh prokurorining xulosasi eshitiladi. Muhokamadan soʻng protest ovozga qoʻyiladi. Plenum aʼzolari ovoz berishda betaraf qolishga haqli emaslar.
Protest yuzasidan qaror Plenum aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ishni birinchi instansiyada, kassatsiya yoki nazorat tartibida koʻrishda qatnashgan sudya ovoz berishda ishtirok etishga haqli emas.
Koʻpchilikning ovozini olmagan protest rad qilingan hisoblanadi. Shundan soʻng navbatiga qarab boshqa takliflar ovozga qoʻyiladi.
Qabul qilingan qarorga qarshi Plenum aʼzosi oʻz mulohazalarini yozma ravishda bildirish huquqiga ega boʻlib, bu fikr Plenum majlisi yozma bayoniga qoʻshib qoʻyiladi.
18-modda. Oliy sud Plenumining qarori va yigʻilishi bayoni
Oliy sud Plenumining muayyan sud ishlari boʻyicha qarori qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual hamda Jinoyat-protsessual kodekslarida koʻzda tutilgan tartibda ijro qilinadi.
Plenum yigʻilishida yozma bayon yuritiladi. Plenum qarorlari va bayoni Oliy sud Raisi va Plenum kotibi tomonidan imzolanadi.
19-modda. Oliy sud Plenumida muayyan sud ishlarini hal qilish bilan bogʻliq boʻlmagan masalalarning koʻrilishi
Muayyan sud ishlarini hal etish bilan bogʻliq boʻlmagan, ushbu Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Bosh prokurori yoki Adliya vaziri tomonidan Oliy sud Plenumining muhokamasiga kiritilgan masalalar tegishli ravishda ularning maʼruzalari boʻyicha yoki ular vakolat bergan shaxslarning maʼruzalari boʻyicha tinglanadi.
Oliy sud Plenumi majlisiga taklif qilingan shaxslar ham ushbu masalalarni muhokama qilishda qatnashishlari mumkin.
Plenum qarori majlisda ishtirok etayotgan Plenum aʼzolarining koʻpchiligi tomonidan ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi va qabul qilingan paytdan kuchga kiradi.
Plenumning qonunlarni qoʻllash masalalari boʻyicha dasturiy koʻrsatmalari sudlar, ushbu koʻrsatmalar berilgan qonunni qoʻllayotgan boshqa organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiy.
20-modda. Oliy sud Plenumi kotibi
Oliy sud Plenumining kotibi Oliy sud aʼzosi vazifasini bajarish bilan birga Plenum yigʻilishini tayyorlashga, majlis bayonini yuritishga doir ishlarni tashkiliy jihatdan taʼminlaydi, Plenum qabul qilgan qarorlarning ijrosi uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshiradi.
21-modda. Oliy sud Rayosatining tarkibi
Oliy sud Rayosati Oliy sud sudyalaridan Oliy sud Plenumi belgilagan miqdorda tuziladi.
Oliy sud Raisi, uning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari Rayosat tarkibiga lavozimlari boʻyicha kiradilar.
Rayosat yigʻilishi oyida kamida bir marta oʻtkaziladi va Rayosat aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Rayosat qarori mazkur Qonunning 17-moddasida belgilangan tartibda qabul qilinadi va raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
22-modda. Oliy sud Rayosatining vakolatlari
Oliy sud Rayosati:
ishlarni nazorat tartibida koʻradi;
sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini koʻradi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi va Qurolli Kuchlar harbiy sudi raislarining qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisidagi maʼruzalarini tinglaydi;
sudlov hayʼatlari va Oliy sud apparati ishini tashkil qilishga oid masalalarni koʻradi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
23-modda. Oliy sudning sudlov hayʼatlari
Oliy sudning sudlov hayʼatlari ishlarni birinchi instansiyada, kassatsiya va nazorat tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual, Jinoyat-protsessual kodekslarida va ushbu Qonunda koʻzda tutilgan qoidalarga binoan koʻradi.
24-modda. Oliy sud Raisi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi:
Oliy sud faoliyatiga tashkiliy rahbarlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi sudlarining hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritadi;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladi;
qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi sudlarining hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlarining ijrosini toʻxtatib turadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, shuningdek Oliy sud Plenumi dasturiy koʻrsatmalarining bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish ishlarini tashkil etadi;
ishlarni respublikaning bir sudidan ikkinchi sudiga olib berish masalasini hal qiladi;
Oliy sud Plenumi va Rayosatini chaqiradi, ularning majlisida raislik qiladi;
zarur hollarda bir hayʼat tarkibiga kiruvchi sudyalarni boshqa hayʼat tarkibida ish koʻrishga jalb etadi;
Oliy sud Plenumining dasturiy koʻrsatmalari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq emasligi haqida Oliy sud Plenumiga taqdimnoma kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini sharhlab berish va normativ hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mos kelmasligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga taqdimnoma kiritadi;
Oliy sud Plenumiga sudlov hayʼatlarining tarkibi, ularning raislari haqida, Oliy sud Rayosati va Sudyalarning oliy malaka hayʼati tarkibi toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi;
viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) va harbiy sudlar sudyaligiga nomzodlar yuzasidan keyinchalik ular xususida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziriga xulosalar yuboradi;
Oʻzbekiston Respublikasi sudlari sudyalarini intizomiy javobgarlikka tortish haqida ish qoʻzgʻatadi;
Rais oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Oliy sud xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
Oliy sudning shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
25-modda. Oliy sud Raisining birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari
Oliy sud Raisining birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari:
Oliy sud Plenumi qarorlaridan tashqari barcha instansiya sudlarining hukmlari, hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritadilar;
Oliy sud sudlov hayʼatlarining majlislarida raislik qilishlari mumkin;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladilar;
Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan chiqarilgan, oʻzlari protest kiritish huquqiga ega boʻlgan hal qiluv qarorlari, hukmlar, ajrimlar va qarorlarning ijrosini toʻxtatib turadilar;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladilar;
vazifa taqsimotiga muvofiq Oliy sudning tarkibiy boʻlinmalari ishiga rahbarlik qiladilar;
qonun hujjatlarida oʻzlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
Oliy sud Raisining yoʻqligida uning vakolatini Raisning birinchi oʻrinbosari, birinchi oʻrinbosar yoʻqligida esa Rais oʻrinbosari amalga oshiradi.
26-modda. Oliy sud sudlov hayʼatlari raislari
Oliy sud sudlov hayʼatlarining raislari:
sudlov hayʼatlari ishini tashkil etadilar va ularning majlislarida raislik qiladilar;
Oliy sud Rayosati va Plenumida sudlov hayʼatlarining faoliyati toʻgʻrisida maʼruza qiladilar;
sud amaliyotini umumlashtirish uchun sud ishlarini talab qilib oladilar;
tegishli sudlov hayʼati sudyalarining malakasini oshirish ishlarini tashkil etadilar;
qonun hujjatlarida oʻzlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
2-BOB. QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI, VILOYAT SUDI, TOShKENT ShAHAR SUDI
27-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi tarkibi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi — rais, rais oʻrinbosarlari, sudlov hayʼati raislari, sudyalar, xalq maslahatchilardan iborat boʻlib, quyidagi tarkibda ish olib boradi:
sud rayosati;
fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati;
jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati.
28-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi:
oʻz vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiya sudi sifatida, kassatsiya va nazorat tartibida koʻradi;
tuman (shahar) sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazorat olib boradi, sud amaliyotini umumlashtiradi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
29-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining rayosati
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining rayosati — rais, rais oʻrinbosarlari va sudyalardan iborat tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi belgilagan miqdorda tuziladi.
Rayosat yigʻilishlari oyida kamida ikki marta oʻtkaziladi va rayosat aʼzolarining koʻpchiligi hozir boʻlgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Rayosat qarorlari ovoz berishda qatnashgan rayosat aʼzolaridan koʻpchiligining ovozi bilan mazkur Qonunning 17-moddasida belgilangan tartibda qabul qilinadi va tegishli sud raisi tomonidan imzolanadi.
30-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi rayosatining vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining rayosati:
oʻz vakolatlari doirasida ishlarni nazorat tartibida koʻradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi raisining taqdimiga binoan fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatlari tarkiblarini tasdiqlaydi;
sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini koʻrib chiqadi;
sudlov hayʼatlari raislarining hayʼatlar faoliyati toʻgʻrisidagi, tuman (shahar) sudlari raislarining qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisidagi maʼruzalarini tinglaydi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
31-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi sudlov hayʼatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining sudlov hayʼatlari oʻz vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiyada va kassatsiya tartibida koʻradilar.
Sudlov hayʼatlari sud amaliyotini umumlashtiradilar va qonun hujjatlarida oʻzlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
Z2-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining raisi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining raisi:
sud ishlari boʻyicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari, hukmlar, ajrimlar va qarorlar ustidan qonunda belgilangan doirada va tartibda protestlar kiritadi;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladi;
oʻzi protest kiritish huquqiga ega boʻlgan fuqarolik ishlari boʻyicha sud hal qiluv qarorlarining ijrosini toʻxtatib turadi;
sud rayosatini chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi;
zarur hollarda bir hayʼat tarkibiga kiruvchi sudyalarni boshqa hayʼat tarkibida ishlarni koʻrib chiqish uchun jalb etadi;
rais oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudyalarini intizomiy javobgarlikka tortish haqida ish qoʻzgʻatadi;
sudyalar, sudning boshqa xodimlari hamda xalq maslahatchilarining malakasini oshirishga doir ishlarni tashkil etadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, sud statistikasini yuritish ishlarini uyushtiradi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi, ularni qabul qilish, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish ishini uyushtiradi;
sudyalarning malaka hayʼati qarori ustidan Oliy malaka hayʼatiga taqdimnomalar kiritadi;
sud idorasi ishlariga rahbarlik qiladi, sud xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
33-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi raisining oʻrinbosarlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi raisining oʻrinbosarlari:
vazifalar taqsimotiga muvofiq sud ishiga rahbarlik qiladilar;
sudlov hayʼati majlislarida raislik qilishlari mumkin;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladilar;
sud raisi yoʻqligida uning vakolatini amalga oshiradilar;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
34-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi sudlov hayʼati raislari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudining sudlov hayʼati raislari:
sudlov hayʼati ishini tashkil qiladilar;
sudlov hayʼati majlislarida raislik qiladilar;
sudlov hayʼati faoliyati toʻgʻrisida rayosatga maʼruzalar taqdim etadilar;
qonun hujjatlarida oʻzlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
3-BOB. TUMAN (ShAHAR) SUDI
35-modda. Tuman (shahar) sudining tarkibi
Tuman (shahar) sudi — sud raisi, sudyalar va xalq maslahatchilaridan iborat boʻladi.
Tuman (shahar) sudida beshtadan ortiq sudya boʻlsa, shu sud tarkibida rais oʻrinbosari boʻladi.
Tuman (shahar) sudi tarkibida maʼmuriy ishlar boʻyicha sudyalar boʻladi.
36-modda. Tuman (shahar) sudining vakolatlari
Tuman (shahar) sudi qonun bilan oʻz huquq doirasiga berilgan fuqarolik, jinoyat va maʼmuriy ishlarni koʻradi.
37-modda. Tuman (shahar) sudi raisi
Tuman (shahar) sudining raisi:
sud majlislarida raislik qiladi, sudyalar oʻrtasida sud ishlarini taqsimlaydi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi, ularni qabul qilish, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish ishini uyushtiradi;
sud amaliyotini umumlashtirish va sud statistikasini yuritish ishiga rahbarlik qiladi, qonun buzilishini, huquqbuzarlik sodir etilishiga olib kelgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish xususida davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslarga taqdimnoma kiritadi;
sud xodimlari, shuningdek xalq maslahatchilarining malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi;
sud apparati ishiga rahbarlik qiladi, sud xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
38-modda. Tuman (shahar) sudi raisining oʻrinbosari
Tuman (shahar) sudi raisining oʻrinbosari:
vazifalar taqsimotiga muvofiq sud ishiga rahbarlik qiladi;
sud majlislarida raislik qiladi;
fuqarolarni shaxsan qabul qiladi;
sud raisining topshirigʻiga muvofiq raisning ayrim vazifalarini bajaradi va rais yoʻqligida uning vakolatini amalga oshiradi.
Rais oʻrinbosari yoʻqligida tuman (shahar) sudi raisining vakolatini amalga oshirish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vaziri, tegishli adliya boshqarmasi boshliqlari tomonidan sudyalardan biriga yoki maʼmuriy ishlar boʻyicha sudya zimmasiga yuklatilishi mumkin.
4-BOB. HARBIY SUDLAR
39-modda. Harbiy sudlar tizimi
Oʻzbekiston Respublikasida harbiy sudlar tizimi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hayʼati, Qurolli Kuchlar harbiy sudi va garnizon harbiy sudlaridan iborat.
40-modda. Harbiy sudlarga taalluqli ishlar
Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudlariga:
Qurolli Kuchlar safida, chegara qoʻshinlarida, Milliy xavfsizlik xizmati organlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ichki qoʻshinlarida va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa harbiy tuzilmalarda xizmat qilayotgan shaxslar, shuningdek oʻquv yigʻinlari vaqtida harbiy xizmatga majburlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismlari, qoʻshilmalari va birlashmalarining qoʻmondonlariga nisbatan harbiy xizmatchilarning daʼvosi boʻyicha fuqarolik ishlari va mazkur mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy harakatlari ustidan beriladigan shikoyatlar, shuningdek, favqulodda holatlarga koʻra umumiy sudlar faoliyat koʻrsatmayotgan joylarda — barcha fuqarolik va jinoyat ishlari, davlat sirlariga daxldor boshqa ishlar taalluqlidir.
41-modda. Harbiy sudlar tarkibi va ularning vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Harbiy hayʼati — Harbiy hayʼat raisi, rais oʻrinbosari va sudyalaridan tarkib topadi.Harbiy hayʼat raisi lavozimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining oʻrinbosari hisoblanadi.
Qurolli Kuchlar harbiy sudi viloyat sudi huquq doirasida faoliyat olib boradi va rais, rais oʻrinbosarlari, sudyalar va xalq maslahatchilaridan iborat boʻladi.
Garnizon harbiy sudi tuman sudi huquq doirasida faoliyat olib boradi va rais, harbiy sudyalar hamda xalq maslahatchilaridan iborat boʻladi. Zarur hollarda garnizon sudida rais oʻrinbosari ham boʻlishi mumkin.
Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
UChINChI BOʻLIM. XOʻJALIK SUDLARI
1-BOB. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY XOʻJALIK SUDI
42-modda. Oliy xoʻjalik sudining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi xoʻjalik sudlov sohasida sud hokimiyatining eng yuqori organi hisoblanadi. U tomonidan qabul qilingan hujjatlar qatʼiy va Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiy.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarining sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
(42-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Oliy xoʻjalik sudi Plenumning dasturiy koʻrsatmalari xoʻjalik sudlari tomonidan bajarilishini nazorat qiladi, quyi xoʻjalik sudlari faoliyatini tekshiradi, xoʻjalik sudlarining ishlarni tashkil etish borasidagi ijobiy tajribani oʻrganadi, umumlashtiradi va ommalashtiradi.
43-modda. Oliy xoʻjalik sudining tarkibi
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy xoʻjalik sudi — Rais, uning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari, sudlov hayʼatlari raislari, Oliy xoʻjalik sudi sudyalaridan iborat boʻladi.
(43-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
Oliy xoʻjalik sudida:
Oliy xoʻjalik sudining Plenumi;
Oliy xoʻjalik sudining Rayosati;
Nizolarni hal etish boʻyicha sudlov hayʼati;
Xoʻjalik sudlari qarorlarining qonuniyligini va asosliligini tekshirish boʻyicha sudlov hayʼati faoliyat koʻrsatadi.
44-modda. Oliy xoʻjalik sudining Plenumi
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumi — Oliy xoʻjalik sudi sudyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari raislaridan iborat tarkibda ish olib boradi.
(44-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
Plenum majlisida Bosh prokuror qatnashadi.Oliy xoʻjalik sudi Raisining taklifiga binoan Plenum majlisida Adliya vaziri, sudyalar, Oliy xoʻjalik sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari, vazirliklar, idoralar, ilmiy muassasalar, boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, jamoat birlashmalarining vakillari ishtirok etishlari mumkin.
45-modda. Oliy xoʻjalik sudi Plenumini chaqirish tartibi
Oliy xoʻjalik sudi Plenumi bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi. Muhokama qilinadigan umumiy masalalarga doir hujjatlar loyihasi Plenum aʼzolariga va Bosh prokurorga Plenum majlisidan yigirma kun ilgari yuboriladi.
46-modda. Oliy xoʻjalik sudi Plenumining vakolatlari
Oliy xoʻjalik sudi Plenumi, Plenum aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumi:
ishlarni nazorat tartibida koʻradi;
sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini koʻrib chiqadi va qonun hujjatlarini qoʻllash masalalari yuzasidan koʻrsatmalar beradi;
Oliy xoʻjalik sudi Raisining tavsiyasiga binoan Oliy xoʻjalik sudi Rayosatini, sudlov hayʼatlarining raislarini, shuningdek Plenum kotibini tasdiqlaydi;
Oliy xoʻjalik sudi Raisining tavsiyasiga binoan Oliy xoʻjalik sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi tarkibini tasdiqlaydi;
Rayosat ishi toʻgʻrisidagi axborotni va Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatlari raislarining hayʼatlar faoliyati haqidagi maʼruzalarini tinglaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyoti, shuningdek, Oliy xoʻjalik sudi Plenumi dasturiy koʻrsatmalarining bajarilishi toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari raislarining maʼruzalarini tinglaydi;
(46-moddaning ikkinchi qismi yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
sudyalar malaka hayʼatini saylaydi va uning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni tinglaydi;
Oliy xoʻjalik sudi matbuot organining tahrir hayʼati tarkibini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
47-modda. Oliy xoʻjalik sudi Plenumida sud ishlarini koʻrish tartibi
Oliy xoʻjalik sudi Plenumi ishni nazorat tartibida koʻrish chogʻida, Oliy xoʻjalik sudi sudyasining ish holatlari va protest vajlari haqidagi maʼruzasini tinglaydi.Soʻngra Respublika Bosh prokurorining xulosasi eshitiladi.Shundan soʻng Plenum protestni muhokama qilishga kirishadi.
Muhokamadan soʻng protest ovozga qoʻyiladi.Plenum aʼzolari ovoz berishda betaraf qolishga haqli emaslar.
Protest yuzasidan qaror sudyalarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.Ishni ilgari koʻrishda qatnashgan sudya ovoz berishda ishtirok etishga haqli emas.
Koʻpchilik ovoz olmagan protest rad qilingan hisoblanadi.Shundan soʻng navbatiga qarab boshqa takliflar ovozga qoʻyiladi.
Qabul qilingan qarorga qarshi Plenum aʼzosi oʻz mulohazalarini yozma ravishda bildirish huquqiga ega boʻlib, bu fikr Plenum majlisi yozma bayoniga qoʻshib qoʻyiladi.
48-modda. Oliy xoʻjalik sudi Plenumining qarori va yigʻilishi bayoni
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining muayyan sud ishlari boʻyicha qarori qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual Kodeksida koʻzda tutilgan tartibda ijro qilinadi. Plenum yigʻilishida yozma bayon yuritiladi. Plenum qarori va bayoni Oliy xoʻjalik sudi Raisi va Plenum kotibi tomonidan imzolanadi.
49-modda. Oliy xoʻjalik sudi Plenumida muayyan sud ishlarini hal qilish bilan bogʻliq boʻlmagan masalalarning koʻrilishi
Plenumning muhokamasiga ushbu Qonunga muvofiq Oliy xoʻjalik sudi Raisi, Bosh prokuror yoki Adliya vaziri tomonidan kiritilgan, muayyan sud ishlarini hal etish bilan bogʻliq boʻlmagan masalalar tegishli ravishda ularning maʼruzalari boʻyicha yoki ular vakolat bergan shaxslarning maʼruzalari boʻyicha tinglanadi.
Mazkur masalalarni muhokama qilishda Oliy xoʻjalik sudi Plenumi yigʻilishiga taklif qilingan shaxslar ham qatnashishlari mumkin.
Plenum qarori yigʻilishda ishtirok etayotgan Plenum aʼzolarining koʻpchiligi tomonidan ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi va qabul qilingan paytdan kuchga kiradi.
Plenumning qonunlarni qoʻllash masalalari boʻyicha dasturiy koʻrsatmalari xoʻjalik sudlari, tashkilotlar, ushbu koʻrsatmalar berilgan qonunlarni qoʻllayotgan boshqa organlar va mansabdor shaxslar uchun majburiy.
50-modda. Oliy xoʻjalik sudi Plenumi kotibi
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi sudyalik vazifasini bajarish bilan birga Plenum yigʻilishini tayyorlashga, majlis bayoni yuritishga doir ishlarni tashkiliy jihatdan taʼminlaydi, Plenum qabul qilgan qarorlarning ijrosi uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshiradi.
51-modda. Oliy xoʻjalik sudi Rayosatining tarkibi
Oliy xoʻjalik sudi Rayosati Oliy xoʻjalik sudi sudyalaridan Oliy xoʻjalik sudi Plenumi belgilagan miqdorda tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy xoʻjalik sudi Raisi, uning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari Rayosat tarkibiga lavozimlari boʻyicha kiradilar.
(51-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
Rayosatning yigʻilishi oyida kamida bir marta oʻtkaziladi va Rayosat aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
52-modda. Oliy xoʻjalik sudi Rayosatining vakolatlari
Oliy xoʻjalik sudi Rayosati:
ishlarni nazorat tartibida koʻradi;
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari raislarining xoʻjalik sudlari ishlarini tashkil qilish haqidagi maʼruzalarini eshitadi;
(52-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
xoʻjalik sudlari, Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatlari va apparati ishini tashkil qilishga oid masalalarni koʻradi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
53-modda. Oliy xoʻjalik sudining sudlov hayʼatlari
Oliy xoʻjalik sudining sudlov hayʼatlari ishlarni birinchi instansiyada va qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibida Xoʻjalik protsessual kodeksi va ushbu Qonunda nazarda tutilgan qoidalarga binoan koʻradi.
54-modda. Oliy xoʻjalik sudi Raisi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Raisi:
Oliy xoʻjalik sudi faoliyatiga tashkiliy rahbarlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protestlar kiritadi;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladi;
qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlarining ijrosini toʻxtatib turadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, shuningdek Oliy xoʻjalik sudi Plenumi dasturiy koʻrsatmalarining bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish ishlarini tashkil qiladi;
ishlarni respublikaning bir xoʻjalik sudidan ikkinchi xoʻjalik sudiga olib berish masalasini hal qiladi;
Oliy xoʻjalik sudi Plenumi va Rayosatini chaqiradi, ularning majlisida raislik qiladi;
zarur hollarda bir hayʼat tarkibiga kiruvchi sudyalarni boshqa hayʼat tarkibida ish koʻrishga jalb etadi;
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining dasturiy koʻrsatmalari Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq emasligi haqida Oliy xoʻjalik sudi Plenumiga taqdimnoma kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini sharhlab berish va normativ hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mos kelmasligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga taqdimnoma kiritadi;
Oliy xoʻjalik sudi Plenumiga sudlov hayʼatlarining tarkibi, ularning raislari haqida, Oliy xoʻjalik sudi Rayosati hamda Sudyalarning malaka hayʼati tarkibi toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi;
xoʻjalik sudlari sudyaligiga nomzodlar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlari sudyalarini intizomiy javobgarlikka tortish haqida ish qoʻzgʻatadi;
Rais oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Oliy xoʻjalik sudi xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
fuqarolarni va korxona, muassasa, tashkilotlarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
55-modda. Oliy xoʻjalik sudi Raisining birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari
Oliy xoʻjalik sudi Raisining birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari:
Oliy xoʻjalik sudining, xoʻjalik sudlarining xoʻjalik nizolarni hal etish boʻyicha sudlov hayʼatlari chiqargan hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritadilar;
Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatlarining majlislarida raislik qilishlari mumkin;
ishlarni nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladilar;
Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlari tomonidan chiqarilgan, oʻzlari protest kiritish huquqiga ega boʻlgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarning ijrosini toʻxtatib turadilar;
fuqarolarni va korxona, muassasa, tashkilotlarning vakillarini shaxsan qabul qiladilar;
vazifa taqsimotiga muvofiq Oliy xoʻjalik sudining tarkibiy boʻlinmalari ishiga rahbarlik qiladilar;
qonun hujjatlarida oʻzlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
Oliy xoʻjalik sudining Raisi yoʻqligida uning vakolatini Raisning birinchi oʻrinbosari, birinchi oʻrinbosar ham yoʻqligida esa, Raisning oʻrinbosari amalga oshiradi.
(55-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
56-modda. Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatlari raislari
Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatlarining raislari:
sudlov hayʼatlari ishini tashkil etadilar va ularning majlislarida raislik qiladilar;
Oliy xoʻjalik sudi Rayosati va Plenumiga sudlov hayʼatlarining faoliyati toʻgʻrisida maʼruzalar taqdim etadilar;
sud amaliyotini umumlashtirish uchun sud ishlarini talab qilib oladilar;
sudyalarning malakasini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadilar;
qonun hujjatlarida oʻzlariga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
2-BOB. QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI XOʻJALIK SUDI, VILOYATLAR VA TOShKENT ShAHAR XOʻJALIK SUDLARI
57-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlarining tarkibi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari — rais, rais oʻrinbosarlari, sudyalardan iborat.
Zarur hollarda sudlov hayʼatlari tuzilishi mumkin.
Oliy xoʻjalik sudi Raisining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan boshqa shaharlarning ham xoʻjalik sudlari tashkil etilishi mumkin.
58-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudi vakolatlari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudi:
oʻz vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiyada va nazorat tartibida koʻradi;
sud amaliyotini umumlashtiradi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
59-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudining, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudining raisi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudining, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudining raisi:
sud faoliyatiga rahbarlik qiladi;
sud ishlari boʻyicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlar ustidan qonunda belgilangan doirada va tartibda protestlar kiritadi;
sudlov hayʼatlari majlislarida raislik qilishi mumkin;
zarur hollarda bir hayʼat tarkibiga kiruvchi sudyalarni boshqa hayʼat tarkibida ish koʻrishga jalb etadi;
sudlov hayʼatlari boʻlmagan xoʻjalik sudlarida qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi;
rais oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
sudyalar oʻrtasida ishlarni taqsimlaydi;
sudyalar va sudning boshqa xodimlari malakasini oshirishga doir ishlarni tashkil etadi;
sud amaliyotini umumlashtirish va sud statistikasini yuritish ishlarini uyushtiradi;
fuqarolarni va korxona, muassasa, tashkilotlarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
xoʻjalik sudining xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
60-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudi raisining oʻrinbosari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyat va Toshkent shahar xoʻjalik sudi raisining oʻrinbosari:
taqsimotga muvofiq sud ishiga rahbarlik qiladi;
sudlov hayʼati majlislarida raislik qilishi mumkin;
fuqarolarni va korxona, muassasa, tashkilotlarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
sudlov hayʼatlari boʻlmagan xoʻjalik sudlarida qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi;
sud raisi yoʻqligida uning vakolatini amalga oshiradi;
qonun hujjatlarida oʻziga berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(III boʻlimning 2-bobi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
TOʻRTINChI BOʻLIM. SUDYALAR MAQOMI
1-BOB. SUDYALAR, ULARNING HUQUQ VA BURChLARI
61-modda. Sudyalar maqomining birligi
Oʻzbekiston Respublikasida barcha sudyalar bir xil maqomga egadirlar va faqat vakolatlari hamda huquq doirasi boʻyicha oʻzaro farqlanadilar.
62-modda. Sudyalikka nomzod va xalq maslahatchiligiga nomzodga qoʻyiladigan talablar
Oʻzbekiston Respublikasining 25 yoshga toʻlgan, oliy yuridik maʼlumotli, huquq ixtisosi boʻyicha kamida ikki yillik mehnat stajiga ega boʻlgan, malaka imtihonini topshirgan fuqarosi tuman (shahar) sudi, xoʻjalik sudi sudyasi etib tayinlanishi mumkin.
Oliy yuridik maʼlumotli, huquq ixtisosi boʻyicha kamida besh yillik, jumladan, odatda sudyalik lavozimida kamida ikki yillik mehnat stajiga ega boʻlgan va malaka imtihonini topshirgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat sudi, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi sudyasi etib tayinlanishi mumkin.
Oliy yuridik maʼlumotli, huquq ixtisosi boʻyicha kamida yetti yillik, jumladan, odatda sudyalik lavozimida kamida besh yillik mehnat stajiga ega boʻlgan va malaka imtihonini topshirgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi sudyasi etib saylanishi mumkin.
Haqiqiy harbiy xizmatni oʻtayotgan, ofitserlik tarkibidagi harbiy unvonga ega, ushbu modda talablariga javob beruvchi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi harbiy sud sudyasi etib tayinlanishi mumkin.
Harbiy sudlar sudyalariga Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuni, harbiy nizomlar, harbiy xizmatchilar uchun belgilangan va mazkur Qonunda koʻzda tutilgan huquqiy va ijtimoiy himoya choralari tadbiq qilinadi.
Fuqarolarning yashash yoki ish joylaridagi yigʻilishlarda ochiq ovoz berish yoʻli bilan ikki yarim yil muddatga saylangan Oʻzbekiston Respublikasining 25 yoshga toʻlgan fuqarosi xalq maslahatchisi boʻlishi mumkin.
Haqiqiy harbiy xizmatni oʻtayotgan, saylov kuniga 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi harbiy sud xalq maslahatchisi boʻlishi mumkin.Xalq maslahatchilari harbiy qism xizmatchilarining yigʻilishlarida ochiq ovoz berish yoʻli bilan bir yarim yil muddatga saylanadilar.
Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan belgilanadi.
Xalq maslahatchilari sudlarga oʻz vazifalarini bajarish uchun yiliga koʻpi bilan ikki haftaga navbatma-navbat chaqiriladilar, ularning ishtirokida boshlangan sudlov ishini koʻrib chiqishni tugallash zarurati tugʻilganida bu muddatni uzaytirish hollari bundan mustasnodir. Shu davrda ularning ish joyidagi oʻrtacha ish haqi korxona, tashkilot, muassasaning mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, saqlab qolinadi.
6Z-modda. Sudyalarni saylash va tayinlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi sudyalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimiga binoan Oliy Majlis tomonidan saylanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan saylanadilar yoki tayinlanadilar.
Viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman(shahar) sudlari sudyalari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining xulosasiga asoslangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining taqdimnomasiga binoan, xoʻjalik sudlari sudyalari esa — Oliy xoʻjalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadilar.
Qurolli Kuchlar harbiy sudi va garnizon harbiy sudlarining sudyalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi sudyalarining soni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis tomonidan belgilanadi.
Viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi, tuman(shahar), harbiy, xoʻjalik sudlari sudyalarining soni tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri, Oliy sudi Raisi, Oliy xoʻjalik sudi Raisi taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
64-modda. Sudyalar qasamyodi
Ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan (saylangan) shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga boʻysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek begʻaraz, odil, haqqoniy boʻlishga tantanali qasamyod qilaman”.
Sudyalar qasamyodi tantanali vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi oldida qilinadi.
Sudyalar quyidagi tartibda qasamyod qiladilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) va harbiy sudlar sudʼyalari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisida;
xoʻjalik sudlari sudyalari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi majlisida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, tuman (shahar) sudlari sudyalari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati majlisida.
65-modda. Sudyalarning huquqlari
Sudyalar:
odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan oʻz farmoyishlarining bajarilishini mansabdor shaxslar va fuqarolardan talab qilishga;
davlat idoralari va jamoat birlashmalari, ilmiy muassasalar va axborot markazlaridan maʼlumotlar talab qilib olishga haqli.
Davlat idoralari, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar sudyaning odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan talab va farmoyishlarini soʻzsiz bajarishlari shart. Odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar, hujjatlar va ularning nusxalari sudyaning soʻroviga muvofiq bepul beriladi.Sudyaning talab va farmoyishlarini bajarmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
66-modda. Sudyalarning burchlari
Sudyalar fuqarolik, jinoiy, xoʻjalik va maʼmuriy ishlarni koʻrish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va boshqa qonunlariga soʻzsiz rioya qilishlari, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shaʼni, qadr-qimmati va mulklari, korxona, muassasa va tashkilotlarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashlari, begʻaraz va odil boʻlishlari shart.
Sudyalar oʻz vazifalarini bajarish chogʻida, shuningdek xizmatdan tashqari munosabatlarda odil sudlovning obroʻsini toʻkadigan, sudyalik qadr-qimmatiga yoki uning xolisligiga shubha tugʻdiradigan har qanday xatti-harakatdan oʻzlarini tiyishlari kerak.
Sudyalar oʻzaro maslahat sirini hamda yopiq sud majlislari oʻtkazish vaqtida olingan maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emaslar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi sudyalari Oliy Majlis deputati boʻlolmaydilar.
Sudyalar siyosiy partiyalar va harakatlarning aʼzosi boʻlishlari hamda boshqa haq toʻlanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas.
2-BOB. SUDYALAR MUSTAQILLIGINING ASOSIY KAFOLATLARI
67-modda. Sudyalarning mustaqilligini taʼminlash
Sudyalarning mustaqilligi:
ularni qonun bilan belgilangan tartibda saylash, tayinlash va ozod qilish;
sudyalar daxlsizligi;
odil sudlov qatʼiy tartibda amalga oshirilishi;
qaror chiqarish chogʻida sudyalar maslahatining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi;
sudga hurmatsizlik yoki muayyan ishlarni hal qilishga aralashish, sudyalar daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik;
sudyaga uning oliy maqomiga munosib ravishda davlat hisobidan moddiy va ijtimoiy taʼminot belgilash orqali taʼminlanadi.
68-modda. Sudyaga nisbatan qilingan hurmatsizlik uchun javobgarlik
Davlat idoralari va boshqa tashkilotlar, muassasalar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalar mustaqilligini hurmat qilishlari va shunga rioya etishlari shart.
Sudyaga hurmatsizlik bildirish, shuningdek uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi harakatlar qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga binoan javobgarlikka sabab boʻladi.
69-modda.Sud ishlarini hal qilishda aralashuvga yoʻl qoʻyilmasligi
Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Muayyan ishni har tomonlama, toʻla va xolisona koʻrishga toʻsqinlik qilish yoki gʻayriqonuniy sud qarori chiqarilishiga erishish maqsadida sudyalarga qanday tarzda boʻlmasin taʼsir oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Sudyadan koʻrilgan yoki sudlovida boʻlgan ishlar mohiyati boʻyicha tushuntirishlar berishni, shuningdek qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollardan tashqari, kimga boʻlmasin, ishni tanishib chiqish uchun taqdim etishni talab etish taqiqlanadi.
Ommaviy axborot vositalari oʻz xabarlarida muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilishga yoki sudga boshqacha tarzda taʼsir etishga haqli emas.
70-modda. Sudyalar daxlsizligi
Sudyalarning shaxsi daxlsiz. Sudya daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transport va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli mulklar va hujjatlarga ham taalluqlidir.
Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash maqsadida ularga tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xoʻjalik sudi Raisi, Adliya vaziri tomonidan belgilangan roʻyxatga binoan oʻqotar qurol beriladi. Zarur hollarda esa, tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi unga va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Sudya, tegishlicha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi mumkin emas.
Sudyani tegishli malaka hayʼatining roziligi boʻlgan taqdirdagina maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortishga yoʻl qoʻyiladi.
Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, uning shaxsiy yoki foydalanadigan transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, tintuv oʻtkazish yoki ashyoni olish, telefonda soʻzlashuvini eshitish, sudyani koʻzdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek, unga tegishli mulklari va hujjatlarini, uning xat-xabarlarini koʻzdan kechirish yoki olishga faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurorining, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorining, Qurolli Quchlar harbiy prokurorining ruxsatiga yoki sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Tuman (shahar) sudi, garnizon harbiy sudi sudyasiga nisbatan jinoyat ishi — yuqori turuvchi sud sudloviga, boshqa sudlar sudyalariga nisbatan esa — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishli.
Xalq maslahatchilari sudda oʻz vazifalarini bajarayotgan davrda sudyalar daxlsizligining barcha kafolatlaridan foydalanadilar.
71-modda. Sudyaning vakolatlarini toʻxtatish
Sudya jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda uning vakolati toʻxtatiladi.
Sudyaning vakolati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi va Adliya vazirining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari va harbiy sudlar sudyalarining vakolati — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining, xoʻjalik sudlari sudyalarining vakolati esa — Oliy xoʻjalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda sudyalarning tegishli malaka hayʼati qaroriga asosan toʻxtatiladi, agar:
sudya lavozimiga zid faoliyat bilan shugʻullanayotgan boʻlsa;
sudya tibbiy tartibdagi majburiy davolash choralariga tortilgan yoki qonuniy kuchga kirgan sud qarori yoki ajrimi bilan uning muomala layoqati cheklansa;
sudya qonuniy kuchga kirgan sud qarori bilan bedarak yoʻqolgan deb topilsa.
Sudyaning vakolati uni toʻxtatishga sabab boʻlgan asos tugagunga qadar toʻxtatiladi.
Sudya malaka hayʼatining qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Sudyalik vakolatining toʻxtatilishi unga ish haqi toʻlamay qoʻyishga yoki uning miqdorini kamaytirishga, taʼminotini pasaytirishga va sudyani ushbu Qonunda belgilangan shaxsiy daxlsizlik kafolatlaridan mahrum qilishga sabab boʻlmaydi, ehtiyot chorasi sifatida sudya hibsga olingan hollar bundan mustasno.
72-modda. Sudya vakolatining tugatilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi sudyasining vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis tomonidan; viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar sudyasining vakolatlari — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisining xulosasiga asoslangan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan; xoʻjalik sudlari sudyasining vakolatlari — Oliy xoʻjalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan; Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari sudyasining vakolatlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joqargʻi Kengesi Raisining belgilangan tartibdagi taqdimnomasiga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joqargʻi Kengesi tomonidan quyidagi hollarda tugatiladi:
a) sudyalik qasamyodini buzganda;
b) uning yozma arizasiga koʻra;
v) tegishli sudyalar malaka hayʼati tomonidan qilingan ogohlantirish yoki vakolatining toʻxtatilishiga qaramasdan oʻz lavozimiga zid faoliyat bilan shugʻullanishni davom ettirgan taqdirda;
g) sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan muomalaga layoqatsiz deb topilsa;
d) sudya Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan taqdirda;
e) unga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi mavjud boʻlsa;
j) sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga koʻra oʻlgan deb eʼlon qilingan taqdirda;
z) salomatligi yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra uzoq vaqt davomida sudyalik vazifasini bajarolmay qolgan boʻlsa;
i) vafot etishi munosabati bilan.
Sudyaning vakolati ushbu moddaning “a”, “v”, “z” bandlarida koʻzda tutilgan hollarda tegishli sudyalar malaka hayʼatining qarori asosida tugatilishi mumkin.
Sudya malaka hayʼatining qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga xaqli.
Xalq maslahatchilarining vakolati shu moddada koʻrsatilgan asoslar boʻyicha tugatiladi, “a” bandida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
73-modda. Sudyalarning intizomiy javobgarligi
Sudya faqat sudyalar malaka hayʼatining qaroriga asosan quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin:
odil sudlovni amalga oshirish chogʻida qonunlarni buzganligi uchun;
sud ishini tashkil etishda beparvoligi yoki intizomsizligi oqibatida yoʻl qoʻygan kamchiliklari, xizmat sohasida yoki boshqa obroʻsini toʻkadigan xatti-harakati uchun.
Harbiy sudning sudyasi, shuningdek harbiy intizomni buzganligi uchun ham intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Sud qarorining bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishining oʻzi, shu qarorni chiqarishda qatnashgan sudya qonunni bila turib buzmagan yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan diyonatsizlikka yoʻl qoʻymagan boʻlsa, uning intizomiy javobgar boʻlishiga sabab boʻlmaydi.
Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
74-modda.Sudyalar malaka hayʼati
Sudyalar Oliy malaka hayʼati va sudyalar malaka hayʼati:
sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash;
sudyaning intizomiy javobgarligi;
sudyaning vakolatini toʻxtatib turish yoki tugatish;
sudyaning daxlsizligini taʼminlash;
sudyani malaka imtihonidan oʻtkazish va unga malaka darajasi berish masalalarini koʻrish uchun tuziladi.
Sudyalar Oliy malaka hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan, Xoʻjalik sudlari sudyalarining malaka hayʼati esa — Oliy xoʻjalik sudi Plenumi tomonidan besh yil muddatga saylanadilar.
Qoraqalogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudyalarining malaka hayʼatlari tegishli joylardagi sudyalar yigʻilishida, harbiy sudlar sudyalarining malaka hayʼatlari esa — harbiy sudlar sudyalari yigʻilishida shu muddatga saylanadilar.
Sudyalar malaka hayʼatini tashkil etish va uning faoliyat tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
3-BOB. SUDYALARNI MODDIY VA IJTIMOIY TAʼMINLASh
75-modda. Sudyalarning moddiy taʼminoti
Sudyalarning ish haqi ularning lavozimi boʻyicha belgilangan maoshdan, shuningdek malaka darajasi, xizmat muddati uchun toʻlanadigan qoʻshimcha haqlardan iborat boʻlib, uning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Sudyalarga har yili Z6 ish kunidan iborat haq toʻlanadigan mehnat taʼtili beriladi.
Sudya saylangan (tayinlangan) kundan boshlab olti oy ichida uy-joy hamda shaxsiy telefon bilan taʼminlanadi.
76-modda. Sudyalarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoyalash choralari
Sudyalarning hayoti va sogʻligi davlatning maxsus muhofazasida boʻladi hamda respublika budjetidan davlat tomonidan majburiy tartibda sugʻurta qilinadi.
Quyidagi hollarda davlat sugʻurta organlari sugʻurta summalarini toʻlaydi:
sudya oʻz vazifasini bajarish davrida yoki lavozimidan boʻshaganidan soʻng halok boʻlsa (vafot etsa), basharti bu voqea sudya oʻz xizmat vazifasini ado etish paytida olgan tan jarohati yoki sogʻligʻining boshqacha shikastlanishi oqibatida roʻy bersa, uning vorislariga sudyaning 50 oylik ish haqi miqdorida;
sudya xizmat vazifasini bajarish paytida kelajakda oʻz kasbida ishlash imkoniyatidan mahrum qiladigan darajada mayib boʻlib qolsa yoki salomatligiga boshqacha shikast yetkazilganida — sudyaning 25 oylik ish haqi miqdorida;
sudya xizmat vazifasini bajarish paytida kelajakda oʻz kasbida ishlash imkoniyatidan mahrum etmaydigan va uzoq muddatga mehnat faoliyatini toʻxtatishga olib kelmaydigan tan jarohati yoki salomatligiga boshqa shikast yetkazilganida — sudyaning 5 oylik ish haqi miqdorida.
Sudya xizmat vazifasini bajarish paytida kelajakda oʻz kasbida ishlash imkoniyatidan mahrum qiladigan darajada mayib boʻlib qolganida yoki salomatligiga boshqacha shikast yetkazilganida, davlat sugʻurta toʻlovlarini hisobga olmagan holda, unga oylik ish haqi bilan tayin etilgan nafaqa oʻrtasidagi farq har oyda toʻlanadi.
Sudya oʻz xizmat vazifasini ado etish paytida olgan tan jarohati yoki sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilishi oqibatida halok boʻlsa (vafot etsa), uning qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolariga sudya ish haqining ularning hissasiga toʻgʻri keladigan qismi bilan boquvchisini yoʻqotganligi munosabati bilan tayinlangan pensiya oʻrtasidagi farq har oyda, davlat sugʻurta toʻlovlarini hisobga olmagan holda toʻlanadi.
Sudyaning xizmat vazifasini bajarishi bilan bogʻliq ravishda unga tegishli mulkni yoʻq qilish yoki shikastlash oqibatida yetkazilgan zarar sudyaga yoki uning oila aʼzolariga toʻlaligicha qoplanadi.
Mazkur moddada koʻrsatilgan zarar boʻyicha toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi va qonunda koʻzda tutilgan tartibda aybdor shaxslardan undirib olinadi.
BEShINChI BOʻLIM. YAKUNLOVChI QOIDALAR
77-modda. Sud ijrochisi
Sud qarorlarini majburiy ijro etish uchun sudlarda sud ijrochilari boʻladi. Sudda ikki va undan koʻproq sud ijrochisi boʻlganda ulardan biri katta ijrochi hisoblanadi.
Sud ijrochisining shaxsiy xavfsizligini taʼminlash maqsadida, sud qarori boʻyicha ijro harakatlari oʻtkazish vaqtida, zarur hollarda, unga belgilangan tartibda qurol yoki tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi tomonidan soqchilar ajratiladi.
Sud qarorini ijro etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
78-modda. Sud apparati
Sud apparati uning odil sudlovni amalga oshirish, sud amaliyotini umumlashtirish, sud statistikasini tahlil qilish, shuningdek sudning boshqa vazifalarini bajarishga doir ishlarini taʼminlaydi. Shu maqsadda Oliy sudda, Oliy xoʻjalik sudida boshqarmalar, boʻlimlar va boshqa boʻlinmalar tashkil etiladi.
Boshqarmalar, boʻlimlar rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, yordamchilar, sudlarning bosh va katta konsultantlari, konsultantlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xoʻjalik sudi Raisi, Adliya vaziri belgilagan tartibda malaka sinovidan oʻtadilar.
Mansab darajasini belgilash va berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan belgilanadi.
79-modda. Sudlarning tuzilishi va shtatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, xoʻjalik sudlarining tuzilishi va umumiy soni tegishlicha Oliy sud Raisi, Oliy xoʻjalik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va Toshkent shahar sudining, tuman (shahar) sudining tuzilishi va umumiy soni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Sudlarning shtatlar jadvali tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xoʻjalik sudi Raisi va Adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oliy xoʻjalik sudi Raisi, Adliya vaziri, zarur hollarda sudlarning shtatlar jadvaliga ularning umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritadi.
80-modda. Sudlarning moliyaviy va moddiy-texnika taʼminoti
Har bir sud alohida bino va avtotransport bilan taʼminlanadi.
Sudlarni moliyaviy, moddiy-texnikaviy va oʻzgacha taʼminoti, ularning binolarini qoʻriqlash va saqlash respublika budjetidan ajratiladigan mablagʻ hisobidan amalga oshiriladi. Mablagʻning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Ajratilgan mablagʻni taqsimlashni:
tuman (shahar), viloyat sudlari, Toshkent shahar sudi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
harbiy sudlar uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari uchun — tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda Oliy xoʻjalik sudi amalga oshiradi.
(80-moddaning uchinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
81-modda. Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudining matbuot organi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi oʻz matbuot organiga ega.
82-modda. Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi huzurida maslahat ovoziga ega boʻlgan, jamoatchilik asosida ishlaydigan ilmiy-maslahat kengashi tashkil etiladi.Uning vazifasiga sud amaliyotida kelib chiqadigan qonunlarni qoʻllashga doir masalalar boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berish kiradi.
83-modda. Sudlar muhri
Sudlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va oʻzining nomi ifodalangan muhriga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjalik sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Toshkent shahar sudi, Qurolli Kuchlar harbiy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari yuridik shaxs hisoblanadilar.
(83-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrdagi 357-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 56-modda)
84-modda. Sud hokimiyatining ramzlari
Sud binosi ustida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi, sud majlisi zallarida esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri oʻrnatiladi.
Sudyalar sudlov ishini maxsus kiyimda olib boradilar. Bu kiyimning tavsifi va namunasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadi.
Sudyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan guvohnoma beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
924-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 10-son, 367-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda; 1997-y., 2-son, 56-modda; 2001-y., 1-2-son, 10-modda)