Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.10.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga tanlov asosida yer uchastkalari berishni takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-oktabrdagi 285-sonli “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibotlarini va qurilish uchun ruxsatnomalar olish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturini bajarish yuzasidan, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalari berish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish tartib-qoidalarini takomillashtirish yoʻli bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga tanlov asosida doimiy foydalanish uchun va uzoq muddatli ijaraga yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (keyingi oʻrinlarda Nizom deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, tanlovga yer uchastkalari:
zaxira yerlar va foydalanilmayotgan yerlar;
ilgari ishlab chiqarish obyektlari qurish uchun ajratilgan va imoratlar buzilishi hisobiga boʻshab qolgan yerlar;
shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq mavjud imoratlar tigʻizlashtirilishi;
qishloq xoʻjaligidan boshqa maqsadlardagi yoki qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli boʻlmagan yerlar yoxud yomon sifatli qishloq xoʻjaligi ekin yerlari, shuningdek oʻrmon fondining oʻrmon bilan qoplanmagan yerlari yoki butazorlar va kam qimmatli oʻsimliklar bilan qoplangan maydonlari hisobiga qoʻyiladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, yer uchastkalari tanlovga quyidagi hollarda qoʻyiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan davlat dasturlarida nazarda tutilgan obyektlarning aniq turlarini qurishda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining tavsiyalari boʻyicha obyektlarning aniq turlarini qurishda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tashabbusi boʻyicha obyektlarning aniq turlarini qurishda;
aholi punktlarining bosh rejalarida, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yigʻinlari hududlarini meʼmoriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalarida va aholi punktlari hududlarining qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarida nazarda tutilgan obyektlarning aniq turlarini qurishda;
ikki yoki undan ortiq talabgorlardan aniq yer uchastkasini berish toʻgʻrisida arizalar tushganda.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari yer uchastkalari berishda:
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida, Nizom talablariga qatʼiy muvofiq holda va oʻz vakolatlari doirasida yer uchastkalari berilishi toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinishini;
biznesni tashkil etish uchun tanlov asosida beriladigan yer uchastkalarida muhandislik infratuzilmasi oldindan shakllantirilishini;
tanlovlarni oʻtkazishda hamda qarorlar qabul qilishda ochiqlik, oshkoralik va xolislik tamoyillariga soʻzsiz rioya etilishini, tanlov qatnashchilari uchun teng tanlov shart-sharoitlari yaratilishini, shuningdek ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmogʻi orqali oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida yangi korxonalar qurish uchun beriladigan yer uchastkalarining, sotiladigan va tadbirkorlik subyektlariga ijaraga beriladigan qurilishi tugallanmagan obyektlar, boʻsh turgan va samarasiz foydalanilayotgan binolar va inshootlar roʻyxati muntazam ravishda eʼlon qilinishini;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-sentabrdagi 266-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 37-son, 428-modda)
tadbirkorlik subyektlariga beriladigan yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan nazoratni taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda tanlovga qoʻyiladigan yer uchastkalarini tanlashda, obyekt qurilishini loyihalashtirish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazishga topshiriqlarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlashda, shuningdek qurilish ishlari amalga oshirilayotganda qonun hujjatlari talablariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni taʼminlasin.
6. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga rioya etilishi yuzasidan shaxsan javob beradilar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
oʻz idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-may,
147-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 147-son qaroriga
ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga tanlov asosida doimiy foydalanish uchun va uzoq muddatli ijaraga yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Yer va Shaharsozlik kodekslariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga tanlov asosida doimiy foydalanish uchun va uzoq muddatli ijaraga yer uchastkalari berish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi “Angren” maxsus industrial zonasi tarkibiga kiritilgan yer uchastkalarini berishga tatbiq etilmaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-maydagi 149-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 22-son, 245-modda)
2. Quyidagilar:
tadbirkorlik subyektlariga beriladigan yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
er uchastkasini tanlovga qoʻyish uchun belgilangan tanlov predmeti qiymatini va undan keyinchalik foydalanishni hisobga olgan holda yer uchastkasidan foydalanish uchun huquqlarni amalga oshirishning tuman (shahar) uchun eng foydali shartlarini taklif etgan yuridik va jismoniy shaxslarni aniqlash tanlovni oʻtkazishning maqsadi hisoblanadi.
Qarorlar qabul qilishdagi ochiqlik, oshkoralik va xolislik, tanlov qatnashchilari uchun teng raqobat shart-sharoitlari yaratish tanlovni oʻtkazishni tashkil etishning asosiy tamoyillari hisoblanadi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tanlovning tashkilotchisi — tuman (shahar) hokimligi bilan tuzilgan shartnoma asosida tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan ixtisoslashtirilgan tashkilot;
tanlov shartlari — tanlov oʻtkazish shartlari, uni oʻtkazish joyi, sotib oluvchilarning taklif etgan narxi, ularga majburiyatlar yuklanishi, ularning majburiyatlari hamda tanlov talabgorlari va qatnashchilariga qoʻyiladigan talablar;
shaharsozlik topshirigʻi — qurish uchun yer uchastkasi tanlovga qoʻyiladigan bino yoki inshootning (necha qavatligi, tashqi devorlari va tomini bezatish materiallari, fasadlarning rangi) tashqi koʻrinishiga qoʻyiladigan kompleks umumiy talablarni belgilaydigan, shuningdek qurilishning taxminiy maydonini, ushbu yer uchastkasini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirishni belgilaydigan, talabgorning tanlov majburiyatlarida majburiy tartibda hisobga olinadigan va bino yoki inshootning loyiha-smeta hujjatlarida ishlab chiqiladigan hujjatlar;
talabgor — taklif etilgan shartlarda tanlovda qatnashish niyatini bildirgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
qatnashchi — tanlovda qatnashishga qoʻyilgan talabgor yoki uning vakolatli vakili;
vakolatli vakil — tanlovda qatnashish uchun ishonchnoma asosida talabgor tomonidan vakolat berilgan jismoniy shaxs;
tanlov predmeti — yer uchastkasidan doimiy foydalanish yoki uzoq muddat ijaraga olish huquqi;
tanlov oʻtkazilgan sana — qatnashchilarning tanlov takliflari qayd etilgan konvertlar ochilgan kun;
majburiyatlar — tanlovda qatnashish natijasida unga boʻlgan huquq egallangan yer uchastkasiga nisbatan tanlov gʻolibi tomonidan qabul qilinadigan majburiyatlar;
tanlov predmetining eng kam qiymati — tanlov predmetining uni tanlovga qoʻyish uchun belgilangan qiymati;
sotuvchi — yer uchastkasini tanlovga qoʻyuvchi tuman (shahar) hokimligi.
4. Tanlovga yer uchastkalari:
zaxira yerlar;
ilgari ishlab chiqarish obyektlari qurish uchun ajratilgan foydalanilmayotgan yerlar;
belgilangan tartibda imoratlar buzilishi munosabati bilan boʻshab qolgan yerlar;
shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq mavjud imoratlarning tigʻizlashtirilishi;
qishloq xoʻjaligidan boshqa maqsadlardagi yoki qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli boʻlmagan yerlar yoxud yomon sifatli qishloq xoʻjaligi ekin yerlari, shuningdek oʻrmon fondining oʻrmon bilan qoplanmagan yerlari yoki butazorlar va kam qimmatli oʻsimliklar bilan qoplangan maydonlari hisobiga qoʻyiladi.
Tanlovga qoʻyish uchun tumanlar (shaharlar) hokimlarining buyurtmanomasi boʻyicha “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi hududiy boʻlinmalari (er uchastkalari aholi punktlarida berilganda), shuningdek “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonalari (er uchastkalari aholi punktlaridan tashqarida berilganda) tomonidan shartnoma asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha materiallar tayyorlanadi.
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
Yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha materiallar ikki kun muddatda yer uchastkasini tanlash va ajratish hamda arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi boʻyicha materiallar (I va II qismlar) tayyorlash qiymati keyinchalik tanlov gʻolibi tomonidan toʻlanishi sharti bilan tumanlar (shaharlar) hokimliklariga taqdim etiladi. Yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha materiallarni hamda arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini (I va II qismlar) tayyorlash qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tariflar boʻyicha aniqlanadi.
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 24-oktabrdagi 288-sonli qaroriga asosan yettinchi-sakkizinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 587-modda)
5. Yer uchastkalari tanlovga quyidagi hollarda qoʻyiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan davlat dasturlarida nazarda tutilgan obyektlarning aniq turlarini qurishda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining tavsiyalari boʻyicha obyektlarning aniq turlarini qurishda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tashabbusi boʻyicha obyektlarning aniq turlarini qurishda;
aholi punktlarining bosh rejalarida, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yigʻinlari hududlarini meʼmoriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalarida va aholi punktlari hududining qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarida nazarda tutilgan obyektlarning aniq turlarini qurishda;
ikki yoki undan ortiq talabgorlardan aniq yer uchastkasini berish toʻgʻrisida arizalar bir vaqtning oʻzida (yuridik va jismoniy shaxsning birinchi arizasi roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida) tushganda.
(5-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 24-oktabrdagi 288-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 587-modda)
Ayrim hollarda ushbu bandda koʻrsatilgan maqsadlar uchun Vazirlar Mahkamasining qarori boʻyicha yer uchastkalari tanlov oʻtkazilmasdan berilishi mumkin.
Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hollarda yer uchastkalari davlat hokimiyati organlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning arizalari asosida umumiy belgilangan tartibda beriladi.
Tanlov ochiqlik asosida oʻtkaziladi.
6. Tanlovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlarini tanlov tashkilotchisi muvofiqlashtiradi.
7. Tanlovda ushbu Nizomga nazarda tutilgan tartibda buyurtmanoma bergan va tanlov shartlari bilan belgilanadigan talablarga muvofiq boʻlgan talabgorlar qatnashishi mumkin.
Yer uchastkalaridan doimiy foydalanish yoki ularni uzoq muddat ijaraga olish huquqi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
8. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqning minimal qiymati yer uchastkasini berishda yer uchastkasining joylashgan zonasiga muvofiq respublika shaharlari, posyolkalari va qishloq joylarida yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun yuridik shaxslar uchun belgilangan yer soligʻi yillik stavkasining miqdori:
er uchastkasi doimiy foydalanishga berilganda — yillik stavkaning 100 foizi;
er uchastkasi uzoq muddatli ijaraga berilganda — yillik stavkaning 75 foizi miqdorida belgilanadi.
II. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish
9. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:
tanlov komissiyasini tuzish;
tanlov hujjatlarini tayyorlash;
tanlov tashkilotchisini tanlash;
tanlovni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish;
tanlov qatnashchilaridan tanlov takliflari va zarur hujjatlarni qabul qilish;
tushgan tanlov takliflarini baholash, tanlovning gʻolibini aniqlash va natijalarini rasmiylashtirish;
tanlov gʻolibi toʻgʻrisida bildirish.
Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish sxemasi ushbu Nizomga ilovada berilgan.
10. Tanlovni oʻtkazish uchun tuman (shahar) hokimligi:
tanlov tashkilotchisini tavsiya etish toʻgʻrisidagi iltimos bilan Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organiga murojaat qiladi. Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy organi uch kun mobaynida tanlov tashkilotchisi nomini tuman (shahar) hokimligiga taqdim etadi;
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-sentabrdagi 244-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 37-son, 485-modda)
er uchastkalari berish uchun tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan tanlov tashkilotchisi bilan shartnoma tuzadi. Shartnomada tomonlarning rekvizitlari, shartnoma predmeti, tanlov tashkilotchisi va sotuvchisining huquq va majburiyatlari, shu jumladan tanlov tashkilotchisini zarur hujjatlar bilan taʼminlash boʻyicha huquq va majburiyatlari, oʻzaro hisob-kitoblar tartibi va tomonlarning javobgarligi, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar mavjud boʻlishi kerak;
hokimlik, arxitektura va qurilish, yer resurslari va davlat kadastri organlari, moliya organlari va boshqa organlarning vakillaridan kamida besh kishidan iborat tarkibda doimiy yoki vaqtincha faoliyat koʻrsatadigan tanlov komissiyasini tashkil etadi. Komissiyaga tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari boshchilik qiladi;
Davlat mulki qoʻmitasining hududiy boshqarmasi uch kun mobaynida tuman (shahar) hokimligiga tanlovning ixtisoslashtirilgan tashkilotchisi nomini taqdim etadi.
11. Tanlov tashkilotchisi:
oʻz faoliyatini qonun hujjatlariga, ushbu Nizomga va sotuvchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi;
tanlov hujjatlarini tayyorlaydi;
tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish yuzasidan shartnoma tuzilgandan keyin uch kun mobaynida tanlovni eʼlon qilish va oʻtkazish sanasini belgilaydi;
tanlovda qatnashish uchun buyurtmanomalar berish muddatini belgilaydi;
tanlov takliflari qayd etilgan konvertni ochishning belgilangan sanasidan kamida oʻttiz kun oldin asosan Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida tarqatishga moʻljallangan, ikki ming nusxadan ortiq tirajda nashr etiladigan, kamida ikkita ommaviy axborot nashrlarida, Internet tarmogʻidagi oʻzining veb-saytida (mavjud boʻlganda) tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi bildirishnomani eʼlon qiladi;
talabgorlarga ularning soʻrovlari boʻyicha, eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi haq evaziga tanlov hujjatlarini taqdim etadi;
talabgorlarning tanlovda qatnashish uchun berilgan buyurtmanomalarini roʻyxatdan oʻtkazadi hamda ularning maxfiyligini va saqlanishini taʼminlaydi;
talabgorlarning yer uchastkasi bilan tanishishi uchun shart-sharoitlar yaratadi;
tanlovda qatnashish xohishini bildirgan shaxslarni taqdim etiladigan hujjatlarning namunalari bilan taʼminlaydi hamda ularni rasmiylashtirishda koʻmaklashadi;
tanlovni tayyorlash va oʻtkazish xarajatlarini qoplaydi;
tanlov yakunlari toʻgʻrisidagi axborotni matbuotda eʼlon qiladi;
tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqa funksiyalarni bajaradi.
Tanlov tashkilotchisi tanlov qatnashchilari taklif etgan takliflarning saqlanishi va oshkor etilmasligi, shuningdek tanlov qatnashchilari uchun teng sharoitlar taʼminlanishi uchun qonun oldida toʻliq javob beradi.
12. Tanlov toʻgʻrisidagi bildirishnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
tanlov tashkilotchisining nomi va pochta manzili, uning aloqa telefoni, telefaksi va elektron pochta manzili;
tanlovga qoʻyilgan yer uchastkalarining nomi, soni, tavsifi va joylashgan joyi;
tanlov predmetidan foydalanish yoki uni uzoq muddatli ijaraga olish huquqining minimal qiymati;
majburiyatlarni bajarish shakllari va shartlari koʻrsatilgan holda majburiyatlarning boshlangʻich hajmi;
er uchastkasiga boʻlgan cheklangan (majburiyatlar olingan) huquqlar belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
qatnashchilarning takliflari qayd etilgan konvertlarni ochish sanasi, vaqti va joyi;
tanlov gʻolibini aniqlash sanasi, vaqti, joyi va shartlari;
zakalat miqdori, uni qoʻyish muddati va tartibi, uni toʻlash uchun bank rekvizitlari;
buyurtmanomalarni qabul qilishning oxirgi muddati (kun va soat koʻrsatilgan holda);
tanlov hujjatlarini va qoʻshimcha maʼlumotlarni olish mumkin boʻlgan manzil;
tanlov hujjatlari uchun toʻlov miqdori va uni toʻlash uchun bank rekvizitlari.
13. Tanlovni tayyorlash va oʻtkazish uchun tanlov komissiyasi talabgorlar yoki ularning vakolatli vakillari boʻlishi mumkin boʻlmagan ekspertlarni shartnoma asosida jalb etishi mumkin.
14. Tanlov hujjatlari paketida quyidagi hujjatlar boʻlishi kerak:
tanlov qatnashchisi uchun yoʻriqnoma;
tanlovning texnik qismi;
tanlovning tijorat qismi.
Shuningdek tanlov hujjatlariga tanlov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan mezonlar yoxud unga muvofiq xarajatlarning u yoki bu turlari majburiyatlar tarkibiga hisoblanadigan yoki hisoblanmaydigan mufassal roʻyxatlari ilova qilinadi.
15. Tanlov qatnashchisi uchun yoʻriqnomada quyidagilar boʻlishi kerak:
tanlov oʻtkazish qoidalari boʻyicha tushuntirish olish mumkin boʻlgan tanlov tashkilotchisi bilan aloqa bogʻlash uchun pochta manzili va aloqa bogʻlanadigan telefon raqamlari, faks, elektron pochta manzili;
tanlovda qatnashish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi;
tanlov taklifi talabgor tomonidan tanlov komissiyasiga taqdim etilgandan keyin unga oʻzgartirish kiritish va ularni rasmiylashtirish tartibi;
tanlov komissiyasiga tanlov taklifini berish tartib-qoidasiga qoʻyiladigan talablar;
tanlov takliflari qayd etilgan konvertlarni ochish tartibi.
16. Tanlov hujjatlarining texnik qismida quyidagilar boʻlishi kerak:
doimiy foydalanish uchun yoki uzoq muddatli ijaraga yer uchastkasini berish shartlari va maqsadlari;
obyekt qurilishini tugallash muddati;
uzoq muddatli ijara shartnomasi loyihasi (er uchastkasini ijaraga berishda), bunda tanlov qatnashchisining taklifida uzoq muddatli ijara muddati tanlov shartlarida nazarda tutilgan uzoq muddatli ijara shartnomasi muddatiga aniq muvofiq holda belgilanishi kerak;
tuman (shahar) hokimi bilan tuzilgan shartnoma asosida tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimlari yoki “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan tayyorlangan yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha materiallar, tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimi tomonidan tayyorlangan arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi (I va II qismlar) yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha materiallar tayyorlanganligi va kelishilganligi, shuningdek arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi (I va II qismlar) ishlab chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlov undiriladi;
(16-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(16-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 24-oktabrdagi 288-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 587-modda)
talabgorning atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilish boʻyicha majburiyatlari;
talabgorning nogironlarning ijtimoiy infratuzilma obyektlariga (turar joylarga, jamoat, ishlab chiqarish binolari va inshootlariga, dam olish joylariga, madaniy-tomosha muassasalari va boshqa obyektlarga) toʻsiqsiz kirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha majburiyatlari;
talabgorning madaniy meros obyektlarini va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni saqlashga qoʻyiladigan talablarga rioya qilish boʻyicha majburiyatlari.
17. Tanlov hujjatlarining tijorat qismida quyidagilar boʻlishi kerak:
tanlov takliflarini rasmiylashtirish boʻyicha talablar;
majburiyatlar boʻyicha takliflar;
tanlov takliflarini baholash tartibi.
18. Tanlovda qatnashishni xohlagan yuridik va jismoniy shaxslar eʼlon berilgandan keyin davlat tilida yoki rus tilida tanlov hujjatlarini oladilar (shaxsni tasdiqlaydigan hujjat taqdim etilgach talabgorga tilxat ostida beriladi). Tanlov hujjatlari har bir talabgorga toʻlov asosida beriladi.
19. Tanlovda qatnashish uchun talabgor yoki uning vakili chopar orqali yoxud pochta orqali buyurtma xat bilan tanlov tashkilotchisiga tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi bildirishnomada belgilangan muddatlarda tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar ilova qilingan buyurtmanomani ikki nusxada taqdim etadi:
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan talabgor uchun — davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi, shuningdek vakolatli vakilning shaxsini tasdiqlaydigan hujjat nusxasi ilova qilingan holda uning tanlovda qatnashishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;
jismoniy shaxs maqomiga ega boʻlgan talabgor uchun — pasport nusxasi, tanlovda vakolatli vakil qatnashganda vakolatli vakilning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning nusxasi ilova qilingan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma ham, yoki yuridik shaxs tashkil etmasdan yakka tadbirkor davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma (mavjud boʻlgan taqdirda);
tanlov toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquq minimal qiymatining 10 foizi miqdoridagi zakalat bank hisob raqamiga oʻtkazilganligini tasdiqlaydigan toʻlov hujjati nusxasi;
tanlov hujjatlari talablariga muvofiq tuzilgan muhrlangan konvertlardagi ikki nusxadagi tanlov takliflari.
Taqdim etilgan hujjatlarning barcha varaqlari talabgorning muhri (yuridik shaxslar uchun) va imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Tanlov takliflarining amal qilish muddati tanlov hujjatlarida belgilanadi.
20. Tanlov tashkilotchisi buyurtmanomalarni talabgorlardan tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan sanadan boshlab qabul qiladi.
Olingan buyurtmanomalar tartib raqamlari qoʻyilgan sahifali, ip oʻtkazib tikilgan maxsus jurnalda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Talabgorlarning tanlov takliflari konvertlarni ochishning belgilangan muddatigacha ochilmaydi va tanlov tashkilotchisida temir sandiqda saqlanadi.
21. Tanlovda qatnashishga buyurtmanomalar qabul qilish bildirishnoma eʼlon qilingan sanadan boshlanadi va konvertlarni ochishning bildirishnomada koʻrsatilgan sanasidan bir kun oldin soat 18.00 da tugaydi.
Tanlov tashkilotchisi buyurtmanomalarning ikkinchi nusxasiga hujjatlarning roʻyxati bilan birga berilgan hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyadi, ular qabul qilingan sana va vaqtni koʻrsatadi. Buyurtmanomaning ikkinchi nusxasi talabgorga yoki uning vakiliga topshiriladi yoxud pochta orqali yuboriladi.
Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan qabul qilish muddati tugagandan keyin tushgan buyurtmanomalar tanlov tashkilotchisi tomonidan qabul qilinmaydi. Pochta orqali joʻnatilgan buyurtmanomalar tanlov tashkilotchisi tomonidan olingan sana buyurtmanomalar tushgan sana hisoblanadi. Tanlov tashkilotchisi buyurtmanomani tushgan kunida roʻyxatdan oʻtkazishi shart.
Tanlov tashkilotchisi quyidagi hollarda talabgorlarning buyurtmanomalarini qabul qilmaydi:
zarur tarzda rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganda yoki hujjatlar toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganda;
buyurtmanomalar bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgandan keyin taqdim etilganda;
talabgor tanlov hujjatlarini rasman olmaganda.
Buyurtmanomalarni qabul qilish rad etilishining boshqa asoslariga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tanlov tashkilotchisi tomonidan qabul qilinmagan hujjatlar qabul qilish rad etilganligi toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilgan va sabablari koʻrsatilgan holda oʻsha kunning oʻzida bevosita talabgorga yoki uning vakiliga tilxat bilan yoxud koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarni pochta orqali buyurtma xat bilan joʻnatish yoʻli bilan qaytariladi. Bunda toʻlangan zakalat summasi talabgorga besh bank kuni mobaynida qaytariladi.
22. Konvertlarni ochishning belgilangan sanasigacha talabgor tanlov tashkilotchisini yozma ravishda xabardor qilish yoʻli bilan oʻz buyurtmanomasini va tanlov takliflarini qaytarib olish huquqiga ega. Tanlov tashkilotchisi koʻrsatib oʻtilgan bildirishnomani tushgan kunida roʻyxatdan oʻtkazishi shart. Ushbu holatda talabgordan tushgan zakalat besh bank kuni mobaynida qaytarilishi kerak.
Agar tanlov qatnashchisi koʻrsatib oʻtilgan sanadan keyin oʻz taklifini qaytarib olgan taqdirda, u toʻlagan zakalat qaytarilmaydi.
23. Tanlovni tayyorlash va oʻtkazish boʻyicha xarajatlarning, shuningdek ekspertlar xizmatlarining yetishmayotgan qismi sotib olingan tanlov hujjatlari uchun qatnashchilar toʻlagan mablagʻlardan toʻlanadi.
24. Tanlov komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
a) oʻz ish reglamentini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash;
b) tanlov hujjatlari taqdim etilgan barcha talabgorlarni xabardor qilgan holda tanlov takliflarini taqdim etish muddatlarini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
v) ilgari tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi bildirishnoma eʼlon qilingan ommaviy axborot vositalarida tegishli bildirishnomani eʼlon qilgan va buyurtmanomalar bergan talabgorlar bor boʻlsa, ularga yozma bildirishnoma yuborgan holda tanlov oʻtkazish sanasini tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi bildirishnomada belgilangan muddatdan ikki oydan ortiq boʻlmagan kechroq muddatga koʻchirish;
g) soʻzlar, takliflar va ifodalarda ikki xil talqin qilinmaydigan umumiy qabul qilingan belgilar va nomlardan foydalangan holda tushunarli tilda (davlat tilida yoki rus tilida) tuzilishi kerak boʻlgan tanlov hujjatlarini tasdiqlash;
d) tanlovda qatnashish uchun talabgor tomonidan toʻlanadigan yer uchastkasiga huquq minimal qiymatining 10 foizi miqdoridagi zakalatni toʻlash tartibini, uning miqdori va shaklini belgilash;
e) tanlov takliflarini baholash uchun ekspertlarni jalb etish (zaruriyat boʻlganda);
j) tanlov takliflarini koʻrib chiqish muddatini belgilash va konvertlar ochilgan sanadan boshlab 10 kalendar kundan ortiq boʻlmagan muddatda tanlov gʻolibini aniqlash;
z) takliflar tanlov hujjatlariga va tanlov oʻtkazish shartlariga muvofiq boʻlmagan taqdirda tanlov qatnashchilarining takliflarini rad etish, bu haqda qatnashchiga xabar berish va rad etish sabablarini koʻrsatish;
i) tanlov oʻtkazishni rad etish, bu haqda tegishli ravishda asoslagan holda sotuvchini va qatnashchilarni xabardor qilish;
k) quyidagi hollarda:
bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgunga qadar birorta ham buyurtmanoma tushmaganda;
tanlov taklifi faqat bir nafar talabgordan tushganda;
barcha tushgan tanlov takliflari tanlov hujjatlari shartlariga muvofiq boʻlmaganda tanlovni boʻlib oʻtmagan deb eʼlon qilish.
25. Tanlov komissiyasi quyidagilarga majbur:
tanlov oʻtkazish jarayoni ustidan nazorat qilish;
talablarning birligini va tanlov natijalari boʻyicha qarorlar qabul qilishning xolisonaligini taʼminlash;
ushbu Nizom, boshqa qonun hujjatlari talablari buzilgan, til biriktirish va tanlov oʻtkazish tartib-qoidasini buzadigan boshqa oldindan koʻrilmagan holatlar aniqlangan taqdirda tanlov oʻtkazishni toʻxtatish;
tanlov takliflarini ularning mazmuni raqobatlashuvchi qatnashchilarga oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydigan tarzda koʻrib chiqish.
26. Tanlov takliflari qayd etilgan konvertlarning birinchi nusxalari tanlov komissiyasi tomonidan belgilangan kun va soatda ochiladi. Konvertlarning ikkinchi nusxalari konvert tashkilotchisida saqlanadi va takliflarning mazmuni boʻyicha nizolar yuzaga kelgan taqdirda ochiladi.
Yagona qatnashchining tanlov takliflari qayd etilgan konvert ochilmaydi.
Qatnashchilar yoki ularning vakolatli vakillari tanlov takliflari qayd etilgan takliflarni ochishda ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov takliflari qayd etilgan konvertlarni ochishda tanlov komissiyasi tomonidan shartlar va tartib-qoidalarga rioya qilinishi, tanlov hujjatlarida koʻrsatilgan hujjatlarning mavjud boʻlishi tekshiriladi.
27. Tanlov takliflarini baholash va tanlov gʻolibini aniqlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
majburiyatlar boʻyicha qatnashchi takliflarining tanlov hujjatlarining texnik qismi talablariga muvofiqligini aniqlash;
qatnashchining tanlov predmeti qiymati boʻyicha taklifini baholash.
Zaruriyat boʻlganda, tanlov takliflarini baholash uchun komissiya tomonidan qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlar talab qilinishi mumkin:
obyektlar qurish uchun ushbu yuridik yoki jismoniy shaxsga ilgari berilgan yer uchastkalaridan foydalanishning holati (mavjud boʻlsa), shuningdek qurilishning normativ muddatlariga rioya etilishi toʻgʻrisida tuman (shahar) arxitektura va qurilish boʻlimining hamda “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining tuman (shahar) yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining fikri;
(27-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
xizmat koʻrsatuvchi bankning talabgorning hisob raqamida pul mablagʻlari mavjudligini tasdiqlaydigan maʼlumotnomasi;
oxirgi yil uchun auditorlik tashkilotining (yuridik shaxslar uchun) xulosasi (mavjud boʻlganda);
oxirgi ikki yil uchun talabgorning buxgalteriya balansi (yuridik shaxslar uchun);
tegishli tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasining soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha talabgorning qarzdor emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi.
Komissiyaning qaroriga muvofiq tanlov taklifi eng yaxshi taklif deb eʼtirof etilgan qatnashchi tanlov gʻolibi deb eʼtirof etiladi.
28. Tanlov gʻolibini aniqlash tanlov komissiyasining yopiq majlisida oʻtkaziladi.
Qaror tanlov komissiyasi aʼzolari umumiy sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda tanlov komissiyasi raisi hal qiluvchi ovozga ega boʻladi.
Agar tanlov komissiyasi majlisida komissiya aʼzolarining kamida 75 foizi qatnashsa tanlov komissiyasining qarori qonuniy hisoblanadi.
Agar tanlov qatnashchilari tomonidan bir xil takliflar bildirilgan boʻlsa, u holda boshqa teng shartlarda yer uchastkasi joylashgan, tegishli ravishda, ayni bir tumanda (shaharda) yashaydigan yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan, taklifi tanlov tashkilotchisi tomonidan oldin roʻyxatdan oʻtkazilgan (koʻrsatib oʻtilgan shartga muvofiq boʻlgan qatnashchilar mavjud boʻlmaganda) jismoniy yoki yuridik shaxs gʻolib deb eʼtirof etiladi.
29. Tanlov tashkilotchisi tanlov gʻolibi va uning qatnashchilarini tanlov natijalaridan tanlov yakunlari boʻyicha qaror qabul qilingan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida xabardor qiladi.
III. Tanlov natijalarini rasmiylashtirish va hisob-kitob qilish
30. Tanlov komissiyasi tanlov natijalarini tushgan buyurtmanomalar soniga bogʻliq ravishda tanlov takliflari qayd etilgan konvertlar ochilgan sanadan boshlab 10 kalendar kungacha boʻlgan muddatda bayonnoma shaklida rasmiylashtiradi.
Bayonnomada:
tanlov komissiyasining tarkibi;
tanlov qatnashchilari va ularning takliflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
er uchastkasi joylashgan joy va uning maydoni;
er uchastkasidan foydalanishning maqsadi;
shartnoma tuzish uchun tanlov gʻolibi va muqobil talabgor;
ovoz berish natijalari va tanlov komissiyasi aʼzolarining qarori;
er uchastkasidan doimiy foydalanish yoki uzoq muddatli ijaraga olib foydalanish huquqini olishning bahosi, toʻlov shakli, gʻolibni tanlashga asos boʻlib xizmat qilgan shartlar koʻrsatiladi.
Bayonnoma tanlov komissiyasining barcha aʼzolari, tanlov gʻolibi tomonidan imzolanadi va tanlov komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlov qatnashchilari bayonnoma tanlov komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlangandan keyin u bilan tanishish huquqiga ega.
Oʻtkazilgan tanlov natijalari toʻgʻrisidagi imzolangan bayonnoma sotuvchiga va tanlov gʻolibiga taqdim etiladi.
Tanlov natijalari rasmiylashtirilgandan keyin tanlov tashkilotchisi bir ish kuni mobaynida ilgari tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida bildirishnoma eʼlon qilingan ommaviy axborot vositalarida tanlov natijalari toʻgʻrisidagi axborotni eʼlon qilishga buyurtmanomani rasmiylashtiradi.
31. Tanlov natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma asosida bayonnoma imzolangandan keyin besh kundan kech boʻlmagan muddatda sotuvchi va tanlov gʻolibi oʻrtasida tuman (shahar) hokimligi tomonidan tayyorlangan tanlov predmeti qiymatini va yer uchastkasiga huquqqa ega boʻlish bilan bogʻliq boshqa toʻlovlarni, shu jumladan yer uchastkasini tanlash va ajratish boʻyicha ishlarni bajarish, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini (I va II qismlar) ishlab chiqish xarajatlarini toʻlash, shuningdek tanlov hujjatlarining texnik qismi talablariga muvofiq obyektni qurish va uni foydalanishga topshirish yuzasidan gʻolib tomonidan tanlov majburiyatlari bajarilishi toʻgʻrisida shartnoma tuziladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 24-oktabrdagi 288-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 587-modda)
32. Tanlov gʻolibi tanlov majburiyatlarini bajarish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzishdan bosh tortgan yoki uni rad etgan taqdirda yer uchastkasi taklifi tanlov shartlariga eng muvofiq boʻlgan muqobil talabgorga beriladi. Agar muqobil qatnashchi ham shartnoma tuzishni rad etsa tanlov natijalari bekor qilinadi va tanlov komissiyasining qarori bilan belgilangan muddatlarda takroriy tanlov oʻtkaziladi.
Takroriy tanlovni oʻtkazishda dastlabki tanlov shartlari qayta koʻrib chiqilmaydi.
33. Tanlov gʻolibi shartnoma tuzishdan bosh tortgan yoki uni rad etgan taqdirda u toʻlagan zakalat summasi qaytarilmaydi.
34. Tanlov gʻolibi shartnoma asosida loyihalash tashkilotiga obyekt qurilishining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga buyurtmanoma beradi.
Sotuvchi bilan tanlov gʻolibi oʻrtasida shartnoma tuzilgandan keyin tuman (shahar) hokimining yer uchastkasini ajratish toʻgʻrisidagi qarorini, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini (I va II qismlar), shuningdek yer uchastkasiga huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani tanlov gʻolibiga taqdim etish, yer uchastkasi chegaralarini naturaga koʻchirish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish, obyekt qurilishiga vakolatli organlarda ruxsatnoma olish, qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish, shuningdek koʻchmas mulk obyektiga huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(34-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 138-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 23-son, 269-modda)
35. Yer uchastkasiga huquq uchun toʻlovlar va boshqa toʻlovlar davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida doimiy foydalanish yoki uzoq muddatli ijaraga olish huquqlari bilan yer uchastkasini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan va ijara shartnomasi tuzilgandan keyin amalga oshiriladi. Bunda tanlov gʻolibi tomonidan toʻlangan zakalat shartnomada belgilangan yer uchastkasiga boʻlgan huquq qiymatiga kiritiladi, tanlovning qolgan qatnashchilariga esa zakalat belgilangan tartibda besh bank kuni mobaynida qaytariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(35-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 24-oktabrdagi 288-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 587-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(35-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 24-oktabrdagi 288-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 587-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(35-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 24-oktabrdagi 288-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 587-modda)
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar amalga oshirilishidan tushgan mablagʻlar tegishli budjet daromadiga oʻtkaziladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
36. Obyekt qurilishini loyihalashtirish va loyiha-smeta hujjatlariga topshiriqni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlashga, shuningdek davlat hokimiyatining tegishli organi qarorlarida nazarda tutilgan loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishga yoki yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish toʻgʻrisidagi shartnomaga tegishli qism yuzasidan huquq egasi tomonidan majburiyatlar bajarilishini nazorat qilish “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining vakolatli organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Obyekt foydalanishga topshirilgach va soʻngra huquq egasi tomonidan majburiyatlar bajarilishini nazorat qilish tuman (shahar) hokimining qarori bilan tashkil etiladigan obyektni foydalanishga qabul qilish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
37. Tanlov gʻolibi tomonidan qabul qilingan majburiyatlarga rioya etilmagan taqdirda uning yer uchastkasiga boʻlgan huquqi qonun hujjatlarida va tanlov majburiyatlarini bajarish uchun tuzilgan shartnomada belgilangan tartibda toʻxtatiladi.
38. Tanlov tashkilotchisi tanlov qatnashchilariga taqdim etilgan hujjatlarning saqlanishini va maxfiyligini taʼminlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
39. Sotuvchi, tanlov tashkilotchisi va tanlov qatnashchilari qonun hujjatlariga muvofiq ushbu Nizom talablariga rioya etilishi uchun javob beradilar.
40. Tanlov asosida yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini berishda va ularni uzoq muddatli ijaraga berishda paydo boʻladigan nizolar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Nizomga
ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanish uchun va uzoq muddatli ijaraga berish boʻyicha tanlovni tashkil etish, oʻtkazish va uning natijalarini rasmiylashtirish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 20-21-son, 206-modda; 45-46-son, 470-modda; 2012-y., 22-son, 245-modda, 37-son, 428-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda, 45-son, 587-modda; 2014-y., 23-son, 269-modda)