Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.05.2021
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING ShAHARSOZLIK KODEKSI
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 4-apreldagi 353-II-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-fevraldagi O‘RQ-676-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi Qonuni bilan o‘z kuchini yo‘qotganligi sababli mazkur Kodeks ham 2021-yil 23-maydan o‘z kuchini yo‘qotadi.
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida shaharsozlik sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
aholini joylashtirish tizimi — mavjud aholi punktlarini rivojlantirish hamda yangi aholi punktlarini barpo etish yo‘li bilan aholini tegishli hududga tartibga solib boriladigan tarzda joylashtirishning shaharsozlik hujjatlari bilan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlari;
aholi punktining bosh rejasi — yashash va faoliyat muhitini shakllantirishning kompleks sharoitlarini, aholi punktlari hududiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjati;
aholi punktlariaro hududlar — aholi punktlari chegarasidan tashqaridagi ikki va undan ortiq aholi punkti o‘rtasidagi hududlar;
bino — funksional maqsadiga qarab odamlar yashashi yoki bo‘lishiga va har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga mo‘ljallangan, yopiq hajmni tashkil etuvchi tayanch, to‘sma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat qurilish tizimi;
zonalashtirish — hududni rivojlantirishning shaharsozlik jihatidan rejalashtirilishida shaharsozlikning foydalanish turlarini hamda bu turlardan foydalanishdagi cheklashlarni belgilab olgan holda uning funksional maqsadga ko‘ra bo‘linishi;
inshoot — har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga, materiallar, buyumlar, asbob-uskunalarni saqlashga, odamlarning vaqtincha bo‘lishiga, odamlar, yuklar va boshqa narsalarni olib o‘tishga mo‘ljallangan, tayanch, to‘sma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat hajmiy, yassi yoki chiziq tarzidagi qurilish tizimi;
shahar va posyolka chizig‘i — aholi punkti yerlarining ularni yer fondining boshqa toifalaridan ajratib turadigan, shaharsozlik hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tashqi chegarasi;
shaharsozlik — aholi punktlarini, aholi punktlariaro hududlarni rejalashtirish hamda qurishning ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish-texnika, arxitektura-badiiy va sanitariya-gigiyenaga oid yechimlarining yig‘indisini ta’minlovchi nazariyasi va amaliyoti;
shaharsozlik reglamenti — shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda aholi punktlari va aholi punktlariaro hududlarning yer uchastkalari va o‘zga ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanishning aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalari bilan belgilangan ko‘rsatkichlari va turlari yig‘indisi;
shaharsozlik faoliyati — davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalaridan foydalanish turlarini belgilash, binokorlik materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish, binolar, inshootlar hamda boshqa obyektlarning fuqarolar manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlari, shuningdek mazkur hududlar hamda aholi punktlarining milliy, tarixiy-madaniy, ekologik, tabiiy xususiyatlari inobatga olingan holda loyihalashtirilishi, qurilishi va rekonstruksiyasi sohasidagi faoliyati;
shaharsozlik hujjatlari — hududlarni, aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish to‘g‘risidagi hamda ularni qurish haqidagi, belgilangan tartibda tasdiqlangan hujjatlar;
O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhi (sxemasi) — aholini joylashtirish tizimlarini rivojlantirish, tabiatdan foydalanish, hududlarni, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari va yo‘llarini belgilaydigan shaharsozlik hujjatlari;
qizil chiziq — dahalar, mavzelar va rejalashtirish tuzilmasi boshqa qismlarining hududlarini aholi punktlarining ko‘chalari, tor ko‘chalari va maydonlaridan ajratib turuvchi, shaharsozlik hujjatlarida belgilab qo‘yiladigan chegaralar;
qurishni tartibga solish chiziqlari — binolar va inshootlarni joylashtirishda shaharsozlik hujjatlarida qizil chiziqlardan yoki yer uchastkasi chegaralaridan ma’lum oraliq joy tashlagan holda belgilab qo‘yiladigan qurish chegaralari;
hududni rejalashtirish tarhi — hududning zonalashtirilishini, aholini joylashtirish tizimlari takomillashtirilishining, tegishli hududning aholi punktlarini, sanoati, qishloq xo‘jaligini, mintaqalararo, mintaqaviy hamda aholi punktlariaro ahamiyatga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjatlari;
hududni rivojlantirishning tarmoq tarhi — tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjatlari.
3-modda. Shaharsozlik normalari va qoidalari
Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlikning asosi bo‘lib, ular shaharsozlik faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar ijro etishi uchun majburiydir.
Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlik sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ro‘yxatga olish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda manfaatlariga daxl etilishi mumkin bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlarining mulkdorlari, egalari va mazkur obyektlardan foydalanuvchilar huquqlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar huquqlari masalalari yuzasidan davlat organlari qarorlar chiqarishi uchun asos bo‘ladi.
4-modda. Jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari
Shaharsozlik vositalari orqali shahar va qishloq aholi punktlari aholisining qulay yashash sharoitlarini ta’minlash, xo‘jalik va boshqa faoliyatning atrof-muhitga yetkazadigan zararli ta’siriga yo‘l qo‘ymaslik, ekologik holatni yaxshilash, aholi punktlarining va ularga tutash hududlarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini saqlash, shuningdek shaharsozlik faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.
(4-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
Aholi punktlarini va aholi punktlariaro hududlarni barqaror rivojlantirish uchun sharoitlarni ta’minlash, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarning davlat tizimlari ish olib borishi, tabiiy resurslarni saqlash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, shuningdek manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.
(4-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)
Shaharsozlik sohasida jamiyat va davlat manfaatlarini uyg‘unlashtirish davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari tomonidan ta’minlanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik sohasidagi manfaatlariga ularning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan manfaatlari taalluqlidir.
Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyati, basharti bunday faoliyat chegaradosh yer uchastkalari va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarining mulkdorlari, egalari hamda mazkur uchastka va obyektlardan foydalanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishiga monelik qiladigan bo‘lsa, cheklanishi kerak.
Jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari shaharsozlik normalari va qoidalari, boshqa qonun hujjatlari, shaharsozlik hujjatlari talablari bajarilishi, shuningdek bu talablarga rioya etilishini nazorat qilish orqali ta’minlanadi.
Agar shaharsozlik faoliyati jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak.
5-modda. Fuqarolarning qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta’minlanish huquqi
Har bir fuqaro qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta’minlanish huquqiga ega.
Shaharsozlik faoliyatining amalga oshirilishida fuqarolarning qulay yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti bilan ta’minlanish huquqi:
shaharsozlik faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishi;
hududlar va aholi punktlarini rivojlantirishning shaharsozlik jihatidan rejalashtirilishi;
fuqarolarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishi;
binokorlik materiallari va qurilish sohasidagi buyumlarning sertifikatlanishi;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish ustidan davlat va jamoat nazorati;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik natijasida fuqarolarga yetkazilgan hamda ularning yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti yomonlashuviga sabab bo‘lgan zararni belgilangan tartibda kompensatsiya qilish, shuningdek fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish orqali ta’minlanadi.
6-modda. Shaharsozlik faoliyatining asosiy talablari
Shaharsozlik faoliyatining asosiy talablari quyidagilardan iborat:
shaharsozlik faoliyati barcha subyektlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi;
hududlar va aholi punktlarini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning ta’siridan himoya qilish;
atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilish;
madaniy meros obyektlarini va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash talablariga rioya etish;
(6-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
aholi punktlarini aholi punktining mazkur turi uchun shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan aholiga xizmat ko‘rsatish darajasidan kam bo‘lmagan muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilma obyektlari, rekreatsiya va sog‘lomlashtirish maqsadlariga mo‘ljallangan obyektlar, shuningdek hududlarni obodonlashtirish obyektlari bilan ta’minlash;
nogironlarning ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan (uy-joy, jamoat, ishlab chiqarish binolari va inshootlari, dam olish joylari, madaniy-tomosha muassasalari va boshqa obyektlardan) moneliksiz foydalanishi uchun sharoitlar yaratish;
shaharsozlik faoliyati sohasida qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishida fuqarolar, jamoat birlashmalari ishtirok etishi uchun sharoitlarni ta’minlash;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi.
7-modda. Shaharsozlik faoliyatining alohida tartibga solinishi
Agar hududdan foydalanishning maxsus qoidalarini joriy etmay turib, shaharsozlik sohasida jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ta’minlash mumkin bo‘lmasa yoki qiyin bo‘lsa, shaharsozlik faoliyati alohida tartibga solinadi.
Alohida tartibga solinishi lozim bo‘lgan shaharsozlik faoliyati obyektlari (bundan buyon matnda shaharsozlik faoliyatining alohida tartibga solinadigan obyektlari deb yuritiladi) umumdavlat va mahalliy ahamiyatga molik bo‘lishi mumkin. Mazkur obyektlarni umumdavlat va mahalliy ahamiyatga molik obyektlar jumlasiga kiritish qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Shaharsozlik faoliyati quyidagi hollarda alohida tartibga solinishi lozim:
hududlar va aholi punktlari tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning ta’siriga uchraganda;
hududlar konsentratsiyasi yo‘l qo‘yiladigan darajadan ortiq kimyoviy va biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar, yo‘l qo‘yiladigan darajadan ortiq miqdordagi radioaktiv moddalar bilan ifloslanganda;
mazkur faoliyat muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilayotganda.
(7-modda uchinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Shaharsozlik faoliyatining alohida tartibga solinadigan obyektlari jumlasiga quyidagi aholi punktlari kiritilishi ham mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi poytaxti — Toshkent shahri;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti — Nukus shahri;
viloyatlarning ma’muriy markazi bo‘lgan shaharlar;
hududida madaniy meros obyektlari bo‘lgan shaharlar;
kurort-shaharlar;
qo‘riqxona-shaharlar;
yashash va faoliyat ko‘rsatishning alohida rejimi belgilangan aholi punktlari (harbiy shaharchalar va o‘zga rejimli hududlar, davlat qo‘riqxonalaridagi, tabiat bog‘lari va boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi aholi punktlari).
(7-modda to‘rtinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Shaharsozlik faoliyatining alohida tartibga solinadigan obyektlari chegaralari ma’muriy-hududiy tuzilmalar chegaralariga to‘g‘ri kelmasligi mumkin hamda ular qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Hududlar va aholi punktlarida shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish hududlardan foydalanishning quyidagilar qamrab olingan maxsus qoidalarini joriy etish yo‘li bilan amalga oshiriladi:
maxsus shaharsozlik normalari va qoidalari;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashning alohida tartibi;
obyektlar qurilishiga maxsus ruxsatnomalar berish.
Tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning ta’siriga uchragan hududlar va aholi punktlarida shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish:
hududlar va aholi punktlarini mazkur ta’sirdan himoya qilishning maxsus tarhlari va loyihalarini ishlab chiqish;
shaharsozlik hujjatlarini kompleks muhandislik qidiruvlari natijalarini hisobga olmasdan turib ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishni taqiqlash orqali amalga oshiriladi.
Konsentratsiyasi yo‘l qo‘yiladigan darajadan ortiq kimyoviy va biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar, yo‘l qo‘yiladigan darajadan ortiq miqdordagi radioaktiv moddalar bilan ifloslangan hududlar, agar bunday hududlarda aholining yashashi hamda xo‘jalik va boshqa faoliyat olib borishi inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan bo‘lsa, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda konservatsiya qilinishi va ularga maxsus ishlov berilishi lozim. Mazkur hududlarning ifloslanish darajasiga hamda ularni sog‘lomlashtirish usuliga qarab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ulardan foydalanishning alohida rejimi joriy etilishi yoki boshqa funksional maqsadi belgilanishi mumkin.
Madaniy meros obyektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlari bo‘lgan hududlarda va aholi punktlarida muhofaza zonalarining chegaralari belgilanib, ular doirasida madaniy meros obyektlariga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazadigan yoki ularning holatini yomonlashtiradigan hamda ularning yaxlitligini va saqlanishini buzadigan xo‘jalik hamda boshqa faoliyat cheklanadi yoki taqiqlanadi.
(7-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Madaniy meros obyektlarining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning muhofaza zonalari chegaralari shaharsozlik hujjatlari bilan belgilanadi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
(7-moddaning o‘ninchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
8-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘idagi majburiyatlari
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslar:
yashash va faoliyat ko‘rsatish muhitini muhofaza qilishlari;
shaharsozlik hujjatlariga, aholi punktlari va hududlarni qurish qoidalariga (bundan buyon matnda qurish qoidalari deb yuritiladi) rioya etilishini ta’minlashlari;
atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek sanitariya normalari hamda qoidalariga rioya etishlari;
atrof-muhitga, madaniy meros obyektlariga, shahar, qishloq landshaftlariga, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlariga, hududlarni obodonlashtirish obyektlariga zararli ta’sir etadigan, uchinchi shaxslarning qonuniy manfaatlariga daxl etadigan hamda chegaradosh yer uchastkalari va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarining mulkdorlari, egalari yoki mazkur uchastka va obyektlardan foydalanuvchilar huquqlari amalga oshirilishiga monelik qiladigan xatti-harakatlar sodir etmasliklari;
yer uchastkalari va boshqa ko‘chmas mulk obyektlaridan shaharsozlik reglamentlariga rioya etgan holda foydalanishlari;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tekshirish va nazoratni amalga oshiradigan davlat organlarining ko‘rsatmalarini bajarishlari;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tekshirish va nazoratni amalga oshiradigan davlat organlarining mansabdor shaxslariga ko‘maklashishlari;
o‘zlariga tegishli obyektlardagi o‘zgarishlar haqida davlat shaharsozlik kadastri va shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringi yuritilishini amalga oshiradigan organga hamda obyektlarni texnikaviy inventarizatsiyadan o‘tkazadigan tashkilotlarga ishonchli ma’lumotlar taqdim etishlari;
shaharsozlik hujjatlarining materiallarini, shu jumladan kompleks muhandislik qidiruvlarining materiallarini shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining tegishli tarkibiy bo‘linmalariga belgilangan tartibda taqdim qilishlari shart.
9-modda. Aholi punktlarining turlari
Aholi punktlari shahar aholi punktlari (shaharlar, shahar posyolkalari) va qishloq aholi punktlariga (qishloqlar, ovullar) bo‘linadi.
Aholi soniga qarab shahar aholi punktlari quyidagilarga bo‘linadi:
eng yirik aholi punkti — aholisining soni bir milliondan ortiq kishidan iborat;
yirik aholi punkti — aholisining soni ikki yuz ellik mingdan bir milliongacha kishidan iborat;
katta aholi punkti — aholisining soni yuz mingdan ikki yuz ellik minggacha kishidan iborat;
o‘rtacha aholi punkti — aholisining soni ellik mingdan yuz minggacha kishidan iborat;
kichik aholi punkti — aholisining soni ellik minggacha kishidan iborat.
Aholi soniga qarab qishloq aholi punktlari quyidagilarga bo‘linadi:
yirik aholi punkti — aholisining soni besh mingdan ortiq kishidan iborat;
katta aholi punkti — aholisining soni uch mingdan besh minggacha kishidan iborat;
o‘rtacha aholi punkti — aholisining soni bir mingdan uch minggacha kishidan iborat;
kichik aholi punkti — aholisining soni bir minggacha kishidan iborat.
Vaqtinchalik ahamiyatga molik va aholi tarkibi doimiy bo‘lmagan hamda iqtisodiyot tegishli tarmog‘ining xizmat maqsadidagi obyektlar hisoblanadigan binolar va inshootlarning guruhlari (vaxta usulida ishlovchi neftchilar, gazchilar, qidiruvchilarning posyolkalari hamda uylari), shuningdek alohida, yakka turgan uylar (temir yo‘l nazoratchilarining, o‘rmonchilarning uylari, dala shiyponlari va boshqalar) bu bino va inshootlar ma’muriy, ishlab chiqarish yoki hududiy munosabatlarda qaysi shaharsozlik faoliyati subyektlari bilan bog‘liq bo‘lsa, xuddi shu subyektlar tasarrufida bo‘ladi.
Aholi punktining turiga qarab qonun hujjatlarida shaharsozlik hujjatlarining tarkibi, ularni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi belgilanadi.
Yangi aholi punktlarini joylashtirish hamda mavjud aholi punktlarini rivojlantirish aholi punkti turiga, ijtimoiy-iqtisodiy va shaharsozlik istiqboliga, O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhiga, hududlarni rejalashtirish tarhlari hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalariga, aholi punktlarining bosh rejalariga, shuningdek bunday punktlarni rejalashtirish va qurish loyihalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Aholi punktlarini tashkil etish hamda qayta tashkil etish, ularning maqomini va chegaralarini o‘zgartirish tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Aholi punktlari chegaralaridagi yerlar tasdiqlangan bosh rejalarga muvofiq ulardan foydalanishning tartibga solinishini amalga oshiruvchi mahalliy davlat hokimiyati organlarining tasarrufida bo‘ladi.
Aholi punktlarining yerlaridan foydalanish shartlari va tartibiga doir shaharsozlik talablari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
10-modda. Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishidagi ishtiroki
Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari yashash va faoliyat ko‘rsatish muhitining holati, taxmin qilinayotgan o‘zgarishlari, aholi punktlarining bosh rejalari, uy-joy-fuqarolik obyektlarining qurilishi, rekonstruksiyasi, hududlarning obodonlashtirilishi, muhandislik va transport kommunikatsiyalarining o‘tkazilishi to‘g‘risida o‘z vaqtida va ishonchli, to‘liq axborot olish hamda shaharsozlik faoliyati haqidagi o‘zga axborotni olish huquqiga ega.
Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarini shaharsozlik faoliyati to‘g‘risida xabardor qilish davlat organlari tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali, shuningdek jamoat muhokamalari o‘tkazish, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari shaharsozlik hujjatlari tasdiqlangunga qadar ularni muhokama qilish, ularga takliflar kiritish va shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish huquqiga ega.
Davlat organlari fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalarining manfaatlariga daxldor, shaharsozlik faoliyati masalalariga taalluqli murojaatlarini o‘z vakolatlari doirasida ko‘rib chiqadilar va ularga belgilangan muddatlarda asosli javoblar taqdim qiladilar.
Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari, basharti shaharsozlik faoliyati ularning manfaatlariga daxl etadigan bo‘lsa, quyidagi huquqlarga ega:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiyasi yoki foydalanishga topshirilishi to‘g‘risidagi qarorning ma’muriy yoki sud tartibida bekor qilinishini talab qilish;
korxonalar faoliyatini, shuningdek boshqa ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanishni, basharti ularni ishlatish shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ma’muriy yoki sud tartibida cheklash, to‘xtatib turish yoki taqiqlashni talab qilish;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi munosabati bilan fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida sudga da’vo taqdim qilish;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortishni talab qilish;
shaharsozlik hujjatlari tasdiqlangunga qadar o‘z mablag‘lari hisobidan ularning mustaqil ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etish.
11-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi
Yuridik va jismoniy shaxslarga shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi natijasida yoki yer uchastkalari olib qo‘yilganligi hamda ularga tegishli bo‘lgan binolar, inshootlar va boshqa obyektlar buzilganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning o‘rni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi lozim.
II bob. ShAHARSOZLIK FAOLIYATI OBYEKTLARI VA SUBYEKTLARI
12-modda. Shaharsozlik faoliyati obyektlari
O‘zbekiston Respublikasining butun hududi va qismlari, aholi punktlarining butun hududi va qismlari, aholini joylashtirish umumdavlat va mintaqaviy tizimlari, yer uchastkalari, binolar va inshootlar, hududiy-ishlab chiqarish, shaharsozlik va landshaft majmualari, rekreatsion va ishlab chiqarish zonalari, madaniy meros obyektlari va ularning muhofaza zonalari, aholi punktlari chegaralaridagi va aholi punktlariaro hududlardagi akvatoriyalar, muhandislik va transport kommunikatsiyalari shaharsozlik faoliyatining obyektlaridir.
Shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqiladi.
13-modda. Shaharsozlik faoliyati subyektlari
Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar shaharsozlik faoliyati subyektlaridir.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari:
shaharsozlik faoliyati sohasida buyurtmachilar;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar;
obyektlarning qurilishi bo‘yicha pudratchilar;
shaharsozlik faoliyati obyektlaridan foydalanuvchilar sifatida ish ko‘rishlari mumkin.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari tegishli davlat organlaridan aholi punktlari, ularning tizimlari va hududlarini rejalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan, o‘zlarining shaharsozlik faoliyatiga ta’sir etadigan qarorlar tayyorlanishi va qabul qilinishi haqida axborot olish huquqiga ega.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq o‘zlariga mulk qilib, egalik qilishga va foydalanishga berilgan yer uchastkalaridan belgilangan maqsadda foydalanishlari, shuningdek madaniy meros obyektlariga, tabiiy va sun’iy landshaftlarga zarar yetkazmasliklari, yashash va faoliyat ko‘rsatish muhiti yomonlashuviga, shaharsozlik faoliyati boshqa subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib keladigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasliklari shart.
14-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar
Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar shaharsozlik faoliyati sohasida buyurtmachilar bo‘lishi mumkin.
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar:
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchini tanlash hamda ularni ishlab chiqishga doir shartnoma tuzish;
obyektlarning qurilishi bo‘yicha pudratchini tanlash va u bilan shartnoma tuzish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega.
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishlari;
shaharsozlik hujjatlarining belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlashlari;
loyihalashtirish jarayonini tekshirib borishlari va qurilish sifati ustidan texnikaviy nazorat qilishlari;
Oldingi tahrirga qarang.
shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi bo‘yicha mualliflik nazorati olib borilishini ta’minlashlari;
asos bo‘luvchi va ruxsat beruvchi hujjatlar o‘z vaqtida tayyorlanishini va shaharsozlik hujjatlari tasdiqlanishini ta’minlashlari shart.
(xatboshilar O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
15-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar
Tegishli litsenziyasi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar bo‘lishi mumkin.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi:
ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlarining tarkibi va hajmini qonun hujjatlariga muvofiq belgilash;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga doir tanlovlarda ishtirok etish;
shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi bo‘yicha mualliflik nazoratini olib borish;
qurilish, montaj va maxsus ishlar tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari va normativ talablardan fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan, madaniy meros obyektlari shikastlanishi va yo‘q qilinishi xavfini tug‘diradigan, shuningdek jamiyat, davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga zarar keltiradigan tarzdagi chetga chiqishlar bilan bajarilganda qurilish, montaj va maxsus ishlarni to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish haqida takliflar kiritish;
zarurat bo‘lgan taqdirda shaharsozlik hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar:
qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini ta’minlashlari;
o‘zlari ishlab chiqqan shaharsozlik hujjatlarini barcha manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan belgilangan tartibda kelishib olishlari shart.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(uchinchi va to‘rtinchi qismlar O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 287-modda)
16-modda. Obyektlar qurilishi bo‘yicha pudratchilar
O‘z faoliyatini qonun hujjatlari asosida olib boruvchi yuridik va jismoniy shaxslar obyektlar qurilishi bo‘yicha pudratchilar bo‘lishi mumkin.
Obyektlar qurilishi bo‘yicha pudratchilar:
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning yangi amaliy yechimlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi, shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining tegishli tarkibiy bo‘linmasi va buyurtmachi bilan kelishgan holda shaharsozlik hujjatlariga binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning arxitektura-badiiy ko‘rinishi hamda amaliy yechimini yomonlashtirmagan tarzda texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilaydigan o‘zgartishlar kiritish;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchidan zarur texnik maslahat olish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega.
Obyektlar qurilishi bo‘yicha pudratchilar shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishlari shart.
III bob. DAVLAT ORGANLARINING ShAHARSOZLIK FAOLIYATI SOHASIDAGI VAKOLATLARI
17-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va maxsus vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat boshqaruvining boshqa organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
shaharsozlik sohasida kompleks davlat dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi;
shaharsozlik faoliyati sohasida normativ hujjatlar qabul qiladi;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati olib borilishi tartibini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhini hamda O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlarini, umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalarini tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 140-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududlarini va hududlarining qismlarini rivojlantirishni rejalashtirishga doir hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
qonun hujjatlarida belgilangan vakolati asosida shaharlarning bosh rejalarini tasdiqlaydi;
shahar atrofi zonalarining chegaralarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralarini belgilaydi hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish tartibotini o‘rnatadi;
davlat shaharsozlik kadastrini yuritish hamda shaharsozlik faoliyati obyektlari monitoringi olib borish tartibini o‘rnatadi;
umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlarning shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni, shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari ishlab chiqilishini moliyalashtirish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasida litsenziyalash tartibini o‘rnatadi;
shaharsozlik hujjatlarining davlat ekspertizasini tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini o‘rnatadi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruv organlarining tashkiliy tuzilmasini belgilaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
19-modda. Viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati organlarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi, shuningdek uy-joy fondi hamda jamoat va ishlab chiqarish obyektlari saqlanishini ta’minlaydi;
aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal qiladi;
mahalliy ahamiyatga molik obyektlarni qurishga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi, bunday obyektlarning moliyalashtirilishini ta’minlaydi;
obyektlar qurilishi to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘z hududida shaharsozlik faoliyatini, basharti bu faoliyat ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, to‘xtatib qo‘yadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, to‘xtatib qo‘yish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib qo‘yish hollari mustasno;
(19-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 405-modda)
shaharlarning, shahar posyolkalarining bosh rejalari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini, aholi punktlari hududlarining qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini (bundan buyon matnda batafsil rejalashtirish loyihasi deb yuritiladi) va dahalarni, mavzelarni hamda aholi punktlari rejalashtirilgan tuzilmalarining boshqa qismlarini qurish loyihalarini (bundan buyon matnda qurish loyihasi deb yuritiladi) tasdiqlaydi;
viloyatlar hududini rejalashtirishning tarhlari, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning, shuningdek obodonlashtirishning tarhlari va loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etadi;
tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi;
mahalliy ahamiyatga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari chegaralarini belgilaydi hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish tartibotini o‘rnatadi;
qurish qoidalarini tasdiqlaydi;
aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari, shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ishlab chiqilishi va moliyalashtirilishini, davlat shaharsozlik kadastri yuritilishini, shaharsozlik faoliyati obyektlari monitoringi olib borilishini, kompleks muhandislik qidiruvlari o‘tkazilishini, aholi punktlarini mikroseysmik hududlarga bo‘lish xaritalari tuzishni, shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishini va bunday hujjatlar ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlardan aholini muntazam ravishda xabardor qilib boradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
20-modda. Tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati organlarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati organlari:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi, shuningdek uy-joy fondi, jamoat hamda ishlab chiqarish obyektlari saqlanishini ta’minlaydi;
aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal etadi;
mahalliy ahamiyatga molik obyektlarning qurilishiga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi hamda bunday obyektlarning moliyalashtirilishini ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘z hududida shaharsozlik faoliyatini, basharti bu faoliyat mazkur Kodeks va boshqa qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, to‘xtatib qo‘yadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, to‘xtatib qo‘yish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib qo‘yish hollari mustasno;
(20-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 405-modda)
o‘zboshimchalik bilan qurilgan obyektlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buzib tashlanishini tashkil etadi;
tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini, qurish loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi hamda ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
obyektlar qurilishi to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
binolar, inshootlar hamda aholi punktlari boshqa obyektlarining texnik holati inventarizatsiyadan o‘tkazilishini tashkil qiladi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlardan aholini muntazam xabardor qilib boradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Ushbu modda sakkizinchi xatboshisidagi qoidalar shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarning davlat hokimiyati organlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
21-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi:
O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhi ishlab chiqilishini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar (viloyatlar guruhlari) hududini rejalashtirish tarhlari va umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilishini ta’minlaydi;
tasdiqlanishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatiga berilgan shaharlarning bosh rejalarini istisno qilganda, shaharlarning, shahar posyolkalarining bosh rejalarini hamda Toshkent shahrining markaziy qismlarini, viloyatlarning ma’muriy markazlarini, shuningdek madaniy meros obyektlariga ega bo‘lgan shaharlarni batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun chegaralar belgilash haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
shaharsozlik normalari va qoidalari, shaharsozlik hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari yuzasidan uslubiy hujjatlar, shuningdek shaharsozlik to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshiradi;
belgilangan shaharsozlik normalari va qoidalariga, qurilish ishlari, binokorlik materiallari va buyumlari sifati hamda texnologiyalarining davlat standartlariga, shuningdek shaharsozlik to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
shaharsozlik hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazadi;
qurilishda standartlashtirish va binokorlik materiallari hamda buyumlarini sertifikatlash ishlarini amalga oshiradi;
davlat shaharsozlik kadastri yuritilishini va shaharsozlik faoliyati obyektlari monitoringi olib borilishini amalga oshiradi;
shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishi tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati ayrim turlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziyalar beradi;
aholini shaharsozlik faoliyatidan muntazam xabardor qilib boradi;
shaharsozlik hujjatlari masalalari bo‘yicha buyurtmachilar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqadi;
shaharsozlik faoliyati obyektlarini ro‘yxatga oladi hamda obyektlar qurilishiga ruxsatnoma beradi;
buyurtmachining texnik nazoratni amalga oshirishga doir ishini tekshiradi va texnik nazorat sifatsiz amalga oshirilgan taqdirda, unga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llash haqida belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat standartlari va texnik shartlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, binokorlik materiallari hamda buyumlari ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi va qo‘llanilishini, normativ talablar hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari chidamlilik, puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab bo‘lgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi bo‘lgan, obyektlar o‘zboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni to‘xtatib turadi. Tadbirkorlik subyektining faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga olib keladigan qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish, ularni realizatsiya qilish va qo‘llash, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni to‘xtatib qo‘yish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va salomatligi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib qo‘yish hollari mustasno;
(21-modda ikkinchi qismining o‘n yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 405-modda)
shaharsozlik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jarimalar soladi;
tugallangan qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilib olish bo‘yicha komissiyalarning ishida ishtirok etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimiga quyidagilar kiradi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi;
viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari;
tumanlar hamda shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalari (bo‘limlari);
davlat ekspertizasi hududiy boshqarmalari;
davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari.
Viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga, tumanlar hamda shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalariga (bo‘limlariga) tegishli bosh arxitektorlar boshchilik qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari, shuningdek tumanlar hamda shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalari (bo‘limlari) o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga, tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga bo‘ysunadilar;
(21-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 7-iyuldagi O‘RQ-39-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 245-modda)
22-modda. Viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining vakolatlari
Viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari:
viloyat, Toshkent shahar hududini rejalashtirish tarhlari hamda tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari va o‘z hududlariga oid boshqa shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat olib boradi;
viloyat, Toshkent shahar hududini rivojlantirish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
viloyat, Toshkent shahar hududini rivojlantirish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish chora-tadbirlarini ko‘radi;
viloyat, Toshkent shahar davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritadi;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalari tasdiqlanishiga rozilik beradi;
tegishli hududdagi shaharsozlik faoliyati obyektlari bo‘yicha loyihalashtirish ishlarini va kompleks muhandislik qidiruvlarini hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini muvofiqlashtirib boradi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan kelishgan holda qurish qoidalarini ishlab chiqadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
23-modda. Tumanlar hamda shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalarining (bo‘limlarining) vakolatlari
Tumanlar hamda shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalari (bo‘limlari):
aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan ta’minlash yuzasidan takliflar kiritadi;
aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalari hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish choralarini ko‘radi;
tegishli hududda shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(24-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 7-iyuldagi O‘RQ-39-son Qonuni bilan chiqarilgan — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 245-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(25-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 7-iyuldagi O‘RQ-39-son Qonuni bilan chiqarilgan — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 245-modda)
IV bob. ShAHARSOZLIK HUJJATLARI. DAVLAT ShAHARSOZLIK KADASTRI
26-modda. Shaharsozlik hujjatlarining tarkibi
Shaharsozlik hujjatlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
1) O‘zbekiston Respublikasining butun hududi hamda qismlarini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlar:
O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhi;
O‘zbekiston Respublikasi hududining ikki va undan ortiq mintaqa hududini o‘z ichiga olgan qismlarini va boshqa hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari (bundan buyon matnda shaharsozlik jihatidan rejalashtirishning biriktirma tarhlari deb yuritiladi);
O‘zbekiston Respublikasi hududini rejalashtirish tarhi;
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlari;
2) O‘zbekiston Respublikasi mintaqalari hududini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlar:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlari;
tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihasi;
3) aholi punktlari hududini rivojlantirish to‘g‘risidagi hujjatlar:
aholi punktlarining bosh rejalari;
shahar va posyolka chizig‘i loyihalari;
aholi punktlari hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlari;
4) aholi punktlari hududini qurish to‘g‘risidagi hujjatlar:
batafsil rejalashtirish loyihasi;
qurish loyihasi;
5) binolar, inshootlar va boshqa obyektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlari.
Qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlarining boshqa turlari ham belgilanishi mumkin.
27-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash
Shaharsozlik hujjatlari shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar tomonidan shartnomaga asosan hamda buyurtmachi bergan va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tegishli tarkibiy bo‘linmasi bilan kelishilgan topshiriq asosida ishlab chiqiladi.
Shaharsozlik hujjatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi hamda tasdiqlanadi. Ushbu Kodeks 26-moddasi birinchi qismining 1, 2, 3, 4-bandlarida ko‘rsatilgan shaharsozlik hujjatlarining tasdiqlangan bir nusxasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tegishli tarkibiy bo‘linmasiga topshirilishi lozim.
Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar hujjatlarni tasdiqlagan organning qaroriga ko‘ra kiritiladi.
28-modda. Davlat shaharsozlik kadastri
Davlat shaharsozlik kadastrida quyidagilar qamrab olinadi:
topografiya-geodeziya va kartografiya materiallari;
hududlarning ekologik, muhandislik-geologik, seysmik, gidrogeologik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlari, shuningdek hududlarni obodonlashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish hamda ularni qurish to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
hududlarning zonalashtirilishi hamda hududiy zonalarning shaharsozlik reglamentlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
uy-joy fondining texnik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
shaharsozlik faoliyati obyektlari monitoringi ma’lumotlari.
V bob. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDINI RIVOJLANTIRIShNING ShAHARSOZLIK JIHATIDAN REJALAShTIRILIShI
29-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhi
O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhi:
aholini joylashtirish tizimlarini, tabiatdan foydalanishni va ishlab chiqarish kuchlarini O‘zbekiston Respublikasi hududini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish istiqbollariga muvofiq rivojlantirishning asosiy qoidalarini;
mintaqalarda ekologik vaziyatni yaxshilash, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, madaniy meros obyektlari hududlarini saqlash, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini;
aholini joylashtirish tizimlarini rivojlantirish uchun qulay hududlarni;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni;
(29-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(29-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni bilan chiqarilgan — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(29-modda birinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni bilan chiqarilgan — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligiga mo‘ljallangan hududlarni;
ekstremal tabiiy-iqlim sharoitlariga ega bo‘lgan hududlarni;
tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning ta’siriga uchragan hududlarni;
foydali qazilmalar joylashgan hududlarni;
qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik jihatidan foydalanishning boshqa turlari belgilanadigan va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishda cheklashlar joriy etiladigan hududlarni;
hududni rivojlantirishga doir boshqa yechimlarni belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhini ishlab chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
30-modda. Shaharsozlik jihatidan rejalashtirishning biriktirma tarhlari
Shaharsozlik jihatidan rejalashtirishning biriktirma tarhlari:
hududning zonalashtirilishini;
aholini joylashtirish mintaqaviy tizimlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini;
mintaqalararo va mintaqaviy ahamiyatga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini;
tabiatdan oqilona foydalanish chora-tadbirlarini;
hududni kompleks rivojlantirish maqsadida resurslar bilan ta’minlashni;
hududni rivojlantirishga doir boshqa yechimlarni belgilaydi.
Shaharsozlik jihatidan rejalashtirishning biriktirma tarhlarini ishlab chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
31-modda. O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlari
O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlari:
hududning zonalashtirilishini;
aholini joylashtirish tizimlarini takomillashtirishning, aholi punktlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini;
sanoatni, qishloq xo‘jaligini, mintaqaviy hamda aholi punktlariaro ahamiyatga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini;
aholi punktlari va shaharlarning shahar atrofi zonalari chegaralarini;
shaharsozlik vositalari orqali O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash, madaniy meros obyektlari hududlarini saqlash chora-tadbirlarini;
tegishli hududni rivojlantirish bo‘yicha boshqa yechimlarni belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlarini ishlab chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
32-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlari
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarida:
energiya, gaz ta’minotini, aloqani, irrigatsiyani, suv ta’minotini va kanalizatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha;
havo, temir yo‘l, avtomobil, daryo transporti, quvur orqali yetkazib berish transporti va boshqa transport turlarini rivojlantirish bo‘yicha;
hududni xavfli geologik va gidrogeologik jarayonlardan himoya etish bo‘yicha;
atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha;
iqtisodiyot tarmoqlari ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish bo‘yicha;
hududni rivojlantirishning boshqa masalalari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar hamda rejalashtirish yechimlari belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini ishlab chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
33-modda. Tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari
Tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari:
tumanni (tumanlar guruhlarini) ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda aholi soni istiqbolini inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini;
hududning zonalashtirilishini va rejali tuzilishini;
tuman (tumanlar guruhlari) hududini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilish chora-tadbirlarini;
aholi punktlariaro ahamiyatga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish yo‘nalishlarini;
aholi punktlarini rivojlantirish uchun belgilangan zaxira hududni;
yakka tartibda uy-joy qurish, bog‘dorchilik-uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarini joylashtirish uchun belgilangan hududni;
aholi dam oladigan joylarni tashkil etish uchun belgilangan hududni;
aholi punktlari va shaharlarning shahar atrofi zonalari chegaralarini;
tuman (tumanlar guruhlari) hududini rivojlantirish bo‘yicha boshqa yechimlarni belgilaydi.
34-modda. Aholi punktining bosh rejasi
Aholi punktining bosh rejasi:
aholi punkti hududini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda aholi soni istiqbolini inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini;
hududning zonalashtirilishini va qurish navbatini;
aholi punkti hududini tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini;
aholi punktining qurilgan va qurilmagan hududi nisbatini;
aholi punktini rivojlantirish uchun belgilangan zaxira hududni;
aholi punktining chegaralarini;
aholi punkti hududini rivojlantirish bo‘yicha boshqa yechimlarni belgilaydi.
Shaharning bosh rejasi va shahar atrofi zonasini rejalashtirish loyihasi chegaradosh hududlarning davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi kelishuv asosida yagona hujjat sifatida ishlab chiqilishi mumkin.
Aholi soni yigirma ming kishigacha bo‘lgan kichik shaharlarning va yirik qishloq aholi punktlarining bosh rejasi batafsil rejalashtirish loyihasi bilan birga yagona hujjat sifatida ishlab chiqilishi mumkin.
Hududida madaniy meros obyektlari bo‘lgan aholi punktining bosh rejasi ishlab chiqilayotganda mazkur aholi punktining tarixiy-arxitektura rejasi va madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalari inobatga olinadi.
Bosh rejalar, xususan:
qonun hujjatlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolat doirasiga kiritilgan shaharlarning bosh rejalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taqdimnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
shaharlar va shahar posyolkalarining bosh rejalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining taqdimnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan;
qishloq aholi punktlarining bosh rejalari tegishli tumanlar hokimliklarining taqdimnomasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyatlarning hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
Aholi punkti bosh rejasining asosiy qoidalari bu reja tasdiqlangunga qadar manfaatdor vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan belgilangan tartibda kelishilgan bo‘lishi lozim.
Aholi punktining yangi bosh rejasi ishlab chiqilayotgan davrda aholi punkti hududida joriy qurilish uchun yer ajratishga taalluqli masalalar rejani ishlab chiquvchi bilan belgilangan tartibda kelishilgan bo‘lishi kerak.
Obyektlarning aholi punktlari hududida bosh reja va boshqa zarur shaharsozlik hujjatlarisiz loyihalashtirilishi va qurilishi taqiqlanadi.
35-modda. Shahar va posyolka chizig‘i loyihalari
Shahar va posyolka chizig‘i loyihalari hududlarni rejalashtirish tarhlari, tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari hamda aholi punktlarining bosh rejalari asosida ishlab chiqiladi.
Aholisi yigirma ming kishigacha bo‘lgan kichik shahar aholi punktlarining shahar chizig‘i loyihalari, shuningdek qishloq aholi punktlarining posyolka chizig‘i loyihalari mazkur aholi punktlarining bosh rejasi tarkibida ishlab chiqilishi mumkin.
Shaharlarning shahar chizig‘i loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadi.
Shahar posyolkalarining shahar chizig‘i loyihalari viloyatlarning davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Qishloq aholi punktlarining posyolka chizig‘i loyihalari tumanlarning davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi.
36-modda. Aholi punktlari hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlari
Aholi punktlari hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarida:
energiya, gaz ta’minotini, aloqani, irrigatsiyani, suv ta’minotini va kanalizatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha;
transport turlarini rivojlantirish bo‘yicha;
iqtisodiyot tarmoqlari obyektlarini joylashtirish bo‘yicha;
hududni xavfli geologik va gidrogeologik jarayonlardan himoya etish bo‘yicha;
aholining fuqaro muhofazasi bo‘yicha;
atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha;
hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha;
hududni rivojlantirishning boshqa masalalari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar hamda rejalashtirish yechimlari belgilanadi.
Aholi punktlari hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini ishlab chiqish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
37-modda. Batafsil rejalashtirish loyihalari
Batafsil rejalashtirish loyihalari aholi punktining bosh rejasi asosida aholi punktlari hududining qismlari uchun ishlab chiqiladi va bu loyihalar:
qizil chiziqlarni;
yer uchastkalarini qurish va ulardan foydalanishni tartibga solish chiziqlarini;
yerdan foydalanish chegaralarini;
hududning zonalashtirilishini va qurish navbatini;
muhofaza zonalaridan foydalanish rejimini;
ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘lovchilarga ajratilgan zonalarning, shuningdek transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarining, muhandislik uskunalari va hududni obodonlashtarish ko‘rsatkichlarini;
ijtimoiy va madaniy-maishiy obyektlarning tarkibi va joylashuvini;
qurishning hajmiy-hududiy va arxitektura-rejali yechimini, qurish zichligi va ko‘rsatkichlarini, binolar va inshootlarning necha qavatliligi hamda turlarini belgilaydi.
Batafsil rejalashtirish loyihasi qurish loyihalarini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.
38-modda. Qurish loyihalari
Qurish loyihalari batafsil rejalashtirishning tasdiqlangan loyihasi asosida, belgilangan qizil chiziqlar chegaralarida yoki yer uchastkalari chegaralarida ishlab chiqiladi.
Qurish loyihalari:
qurishni tartibga solish chiziqlarini;
binolar va inshootlarning joylashuvi, necha qavatliligi, turi hamda boshqa tavsiflarini;
qurishning arxitektura yechimini;
muhandislik uskunalari, aloqa va obodonlashtirish tizimlarini, shuningdek mazkur tizimlarni aholi punktlarining yer uchastkalari, mavzelari, dahalari va rejalashtirilgan tuzilmasining boshqa qismlari doirasidan tashqarida bo‘lgan muhandislik uskunalari, aloqa hamda obodonlashtirish tizimlari inshootlari va kommunikatsiyalariga ulash shartlarini;
transport vositalari va piyodalar harakati qanday tashkil etilishini;
umum foydalanishdagi hududlarni belgilaydi.
Tumanlarning, shaharlarning davlat hokimiyati organlari qurish loyihalariga mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari va qoidalariga zid bo‘lmagan qo‘shimcha talablar, shu jumladan madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalarida loyihalashtirish va qurilish ishlarini olib borishga, hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga, kichik shakldagi arxitektura obyektlarini, reklama, peshlavhalar va boshqa axborotni joylashtirishga doir talablar kiritishga haqli.
39-modda. Loyiha-smeta hujjatlari
Loyiha-smeta hujjatlari hajmiy-rejali, amaliy va texnikaviy yechimlarni, binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning qurilishi, rekonstruksiyasi hamda kapital ta’mirlanishi, shuningdek obodonlashtirish ishlari qiymatini belgilaydi.
Loyiha-smeta hujjatlari shaharsozlik hujjatlari, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ishlab chiqiladi, qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tegishli tarkibiy bo‘linmalari, sanitariya-epidemiologiya xizmatlari, yong‘inga qarshi nazorat xizmatlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari va boshqa xizmatlar bilan kelishib olinadi.
(39-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, moliyalashtirish, tasdiqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilash, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish buyurtmachining tashabbusi bilan va uning hisobidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari obyektlar qurilishi uchun ruxsatnoma berishga asos bo‘ladi.
VI bob. AHOLI PUNKTLARI VA ShAHAR ATROFI ZONALARI HUDUDLARIDAN FOYDALANISh
40-modda. Qurish qoidalari
Qurish qoidalari tegishli hududlarda va aholi punktlarida shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Qurish qoidalari hududni rejalashtirish tarhi, tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, aholi punktining bosh rejasi hamda har bir hududning shaharsozlik reglamentlari asosida ishlab chiqiladi.
Qurish qoidalari kuchga kirgunga qadar belgilangan tartibda berilgan obyektlar qurilishiga oid ruxsatnomalar mazkur ruxsatnomalarda ko‘rsatilgan muddat mobaynida amal qiladi, aholi xavfsizligi talablari ta’minlanmayotgan hollar bundan mustasno.
41-modda. Hududlarning zonalashtirilishi
Hududlarning zonalashtirilishi yashash va faoliyat ko‘rsatish uchun qulay muhitni ta’minlashga, hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilishga, aholi va ishlab chiqarish haddan tashqari zich joylashishi, atrof-muhit ifloslanishi oldini olishga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni, shuningdek madaniy meros obyektlarini, qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmonzorlarni muhofaza qilishga va ulardan foydalanishga qaratilgandir.
(41-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Quyidagi zonalarda hududlardan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishda cheklashlar belgilanadi:
madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalari, qo‘riqxona zonalarida;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar zonalarida;
(41-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
sanitariya zonalarida;
muhofaza zonalarida;
sanitariya-muhofaza zonalarida;
Oldingi tahrirga qarang.
(41-modda ikkinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni bilan chiqarilgan — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(41-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni bilan chiqarilgan — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
foydali qazilmalar joylashgan zonalarda;
tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning ta’siriga uchragan zonalarda;
favqulodda ekologik holatlar va ekologik ofat zonalarida;
tabiiy-iqlim sharoiti ekstremal zonalarda.
Hududlardan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishda qonun hujjatlariga muvofiq cheklashlar boshqa zonalarda ham belgilanishi mumkin.
Hududlarning funksional maqsadi va ulardan foydalanish jadalligi hududlardan foydalanishdagi cheklashlar hisobga olingan holda belgilanadi.
42-modda. Aholi punktlarining hududiy zonalari
Aholi punktlarining hududlarida quyidagi hududiy zonalar belgilanishi mumkin:
turar joy zonalari;
ijtimoiy-amaliy zonalar;
ishlab chiqarish zonalari;
muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari;
rekreatsion zonalar;
qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar;
maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalar;
harbiy obyektlar va rejimli boshqa hududlar zonalari;
shahar atrofi zonalari.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari mahalliy sharoitlarga muvofiq boshqa hududiy zonalar belgilashi, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalarini inobatga olgan holda ularga yer uchastkalari va boshqa obyektlarni kiritishi mumkin.
Aholi punktlari hududiy zonalarining chegaralari qizil chiziqlarni, tabiiy obyektlarning tabiiy chegaralarini, yer uchastkalarining chegaralari va boshqa chegaralarni inobatga olgan holda belgilanadi.
Har bir hududiy zona uchun shaharsozlik reglamenti bilan belgilangan huquqiy rejim unda joylashgan barcha yer uchastkalari, binolar, inshootlar va boshqa obyektlarga nisbatan bir xil qo‘llaniladi.
Chegaralarida shaharsozlik faoliyati alohida tartibga solinishi lozim bo‘lgan hududiy zonalarda ayrim binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalashtirilishi va qurilishiga nisbatan qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin.
43-modda. Turar joy zonalari
Turar joy zonalari ko‘p qavatli uylar, o‘rtacha va kam qavatli uylar, yakka tartibdagi uylar qurish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.
Turar joy zonalarida sanitariya-muhofaza zonalari belgilash talab etilmaydigan hamda faoliyati atrof-muhitga zararli ta’sir (shovqin, tebranish, magnit maydonlari, radiatsiya ta’siri, tuproq, havo, suvning ifloslanishi va boshqa zararli ta’sirlar) etmaydigan, alohida turgan, birgalikda qurilgan, birgalikda-qo‘shimcha qilib qurilgan yoki qo‘shimcha qilib qurilgan ijtimoiy va madaniy-maishiy obyektlarning, ibodatxonalarning, avtomobil transporti qo‘yiladigan maxsus joylarning, sanoat, kommunal va omborxona obyektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Turar joy zonalari jumlasiga aholi punktlari chegaralari doirasida joylashgan bog‘dorchilik-uzumchilik va polizchilik shirkatlarining hududlari ham kiradi.
44-modda. Ijtimoiy-amaliy zonalar
Ijtimoiy-amaliy zonalar amaliy, moliyaviy, ijtimoiy faollik markazlari, sog‘liqni saqlash, madaniyat, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, ta’lim muassasalari, ma’muriy, ilmiy-tadqiqot muassasalari, ibodatxonalar va boshqa bino hamda inshootlar, shuningdek avtomobil transporti qo‘yiladigan maxsus joylar joylashtirilishiga mo‘ljallangan bo‘ladi.
Ijtimoiy-amaliy zonalarga joylashtirish ruxsat etiladigan obyektlar ro‘yxatiga uylar, mehmonxonalar, yer osti yoki ko‘p qavatli garajlar kiritilishi mumkin.
45-modda. Ishlab chiqarish zonalari
Ishlab chiqarish zonalarida ularning ish olib borishini ta’minlaydigan sanoat, kommunal, omborxona obyektlari, muhandislik va transportga oid infratuzilmalar obyektlari joylashtiriladi, shuningdek bunday obyektlarning sanitariya-muhofaza zonalari barpo etiladi.
Sanoat, kommunal va omborxona obyektlarining sanitariya-muhofaza zonasida uylar, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, dam olish obyektlari, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari, bog‘dorchilik-uzumchilik va polizchilik shirkatlari joylashtirilishiga, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishlab chiqarish zonalarining hududlarini obodonlashtirish shu zonalarda joylashgan obyektlarning mulkdorlari tomonidan amalga oshiriladi.
46-modda. Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari
Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari havo, temir yo‘l, avtomobil, daryo transporti va quvur orqali yetkazib berish transporti, aloqa inshootlari hamda kommunikatsiyalari va muhandislik uskunalari joylashtirilishi hamda ishlab turishi uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.
Yashash va faoliyat ko‘rsatish muhitiga transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalari hamda muhandislik uskunalari zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olish bunday obyektlardan turar joy, ijtimoiy-amaliy va rekreatsion zonalar hududigacha zarur oraliq masofa bo‘lishi hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga, shuningdek qurishning maxsus normativlari va qoidalariga muvofiq boshqa talablarga rioya etilishi orqali ta’minlanadi.
Transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalari, muhandislik uskunalari yer uchastkalari chegaralaridagi hududlar va ularning sanitariya-muhofaza zonalari mazkur yer uchastkalarining mulkdorlari tomonidan obodonlashtirilishi lozim.
Foydalanilishi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri zararli ta’sir ko‘rsatadigan transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarini hamda muhandislik uskunalarini aholi punktlari doirasida joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
47-modda. Rekreatsion zonalar
Rekreatsion zonalar turizmni va aholining ommaviy dam olishini tashkil etish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, shahar o‘rmonlari va o‘rmon-bog‘larini, plyajlarni, sohilbo‘yi obyektlarini hamda boshqa obyektlarni o‘z ichiga oladi.
(47-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
Rekreatsion zonalar hududlarida rekreatsion va sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik obyektlardan foydalanish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan sanoat, kommunal va omborxona obyektlari qurilishiga hamda mavjud shunday obyektlarning kengaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
48-modda. Qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar
Shahar va posyolka chizig‘i doirasida haydaladigan yerlar, bog‘lar, tokzorlar, polizlar, pichanzorlar, yaylovlar va boshqa yer maydonlari, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan binolar va inshootlar egallab turgan qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar ajratiladi. Mazkur zonalarning hududlaridan foydalanish turi bosh reja va qurish qoidalariga muvofiq o‘zgartirilguniga qadar bu hududlardan qishloq xo‘jaligini yuritish maqsadida foydalanish mumkin.
49-modda. Maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalar
Foydalanilishi aholi punktlari hududiy zonalarining boshqa turlaridan foydalanishga to‘g‘ri kelmaydigan qabristonlarni, o‘laksalar ko‘miladigan joylarni, maishiy-ro‘zg‘or chiqindilari tashlanadigan axlatxonalar va boshqa obyektlarni joylashtirish uchun maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalar ajratiladi.
Maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalarning hududlaridan foydalanish tartibi shaharsozlik normalari va qoidalarining, shuningdek maxsus normativlarning talablari inobatga olingan holda qurish qoidalari bilan belgilanadi.
50-modda. Harbiy obyektlar va rejimli boshqa hududlar zonalari
Harbiy obyektlar va rejimli boshqa hududlar zonalari alohida rejim joriy etiladigan obyektlarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan hududlardir. Mazkur zonalarning hududlaridan shahar va posyolka chizig‘i doirasida foydalanish tartibi qurish qoidalariga muvofiq, shaharsozlik normalari va qoidalarining, shuningdek maxsus normativlarning talablari inobatga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
51-modda. Shahar atrofi zonalari
Shahar atrofi zonasi shahar chegarasidan tashqaridagi, shahar bilan yagona ijtimoiy, tabiiy, xo‘jalik hududini tashkil etuvchi hamda mazkur shahar hududini, uning shahar atrofi zonasiga kiruvchi aholi punktlari hududlarini, aholi punktlariaro hududlarni (shaharni rivojlantirish uchun mo‘ljallangan zaxira hududni) rivojlantirish uchun hamda sanoat, kommunal va omborxona obyektlarini, muhandislik, transportga oid infratuzilmalar obyektlarini, jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi uchastkalarini, aholi dam olish joylarini joylashtirish, shuningdek qishloq xo‘jaligini yuritish hamda muhofaza va sanitariya-gigiyena vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan yerlardan iborat bo‘ladi.
Shahar atrofi zonalari chegaralarini belgilash shaharsozlik va yer tuzish hujjatlari asosida ushbu Kodeks hamda yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
52-modda. Shahar atrofi zonasi hududidan foydalanish
Shahar atrofi zonasi hududidan foydalanish hamda uning chegaralaridagi shaharsozlik faoliyati shu shahar atrofi zonasiga kiruvchi aholi punktlari, aholi punktlariaro hududlar aholisining manfaatlarini, shuningdek shaharsozlik faoliyati boshqa subyektlarining manfaatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Shahar atrofi zonalari hududlarining zonalashtirilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarida, tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarida, shuningdek shaharlarning shahar atrofi zonalari bilan birgalikda ishlab chiqiladigan bosh rejalarida belgilanadi.
Shahar atrofi zonalarida sanitariya va rekreatsion vazifalarni bajaradigan ko‘kalamzor zonalar ajratiladi. Ko‘kalamzor zonalarda atrof-muhitga zararli ta’sir etadigan xo‘jalik va boshqa xil faoliyat olib borish taqiqlanadi.
Shaharni shahar atrofi zonasi chegaralarida rivojlantirish uchun hududlar doirasida binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning qurilishi, rekonstruksiyasi va kengaytirilishi shahar hokimi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
53-modda. Aholi punktlarida yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari
Yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari, qurish loyihalari va qoidalari bilan belgilanadi.
Tumanlar, shaharlar hokimlari yer uchastkalari berilayotganda buyurtmachilarga yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari to‘g‘risidagi quyidagilardan iborat bo‘lgan axborot taqdim etadilar:
yer uchastkalaridan foydalanishdan ko‘zlangan maqsad;
yer uchastkalarining joylashgan manzili;
yer uchastkalarining loyiha bo‘yicha chegaralari;
yer uchastkalarining muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlari bilan ta’minlanganligi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga qurilish uchun yer uchastkalari berilganda (realizatsiya qilinganda) tumanlarning, shaharlarning hokimlari qurilish mo‘ljallangan joyga tutash bo‘lgan umumiy foydalanishdagi hududni obodonlashtirish, shuningdek obyektlarning qurilish muddatlariga rioya etish talablarini belgilaydi. Obyektning qurilishi loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan muddatda tugallanmagan taqdirda, ushbu muddat loyiha-smeta hujjatlarida mavjud bo‘lmaganda esa, qurilish boshlangan sanadan e’tiboran ikki yil ichida tugallanmasa, obyektning qurilishi (bundan yakka tartibdagi uylarni qurish uchun berilgan yer uchastkalari mustasno) tugallanmagan deb hisoblanadi.
(53-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 4-apreldagi O‘RQ-533-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2019-y., 03/19/533/2885-son — 2019-yil 6-iyuldan kuchga kiradi)
Yangi qurilish shu ish olib borilayotgan mazkur tuman aholisining tegishli xizmatlar bilan ta’minlanishi shaharsozlik normalari va qoidalarida nazarda tutilgan normalardan pasayishiga olib keladigan bo‘lsa, yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalari muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarning qo‘shimcha obyektlarini qurishda ulushbay ishtirok etish (yakka tartibdagi uylarni quruvchilar bundan mustasno) sharti bilan berilishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan talablar yer uchastkasiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda saqlanib qoladi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlarda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
hududiy zonaning qurish qoidalarida belgilangan kodi;
yer uchastkasi joylashgan hududiy zonaning funksional maqsadi;
yer uchastkasi yoki uning qismi madaniy meros obyektlarining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning muhofaza zonalari chegaralarida, shuningdek tabiiy va texnogen xususiyatdagi favqulodda vaziyatlarning ta’siriga uchragan hududlar va aholi punktlarining hamda foydalanilishiga qonun hujjatlarida cheklashlar belgilanuvchi boshqa hududlarning chegaralarida joylashganligi;
(53-modda oltinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-yanvardagi O‘RQ-278-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 1-modda)
yer uchastkasi chegaralarida muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlarining mavjudligi, mazkur obyektlar ko‘rsatkichlari va ulardan foydalanishdagi cheklashlarni ham ko‘rsatgan holda;
yer uchastkasi chegaralarida yer uchastkasi mulkdoriga, egasiga yoki bu uchastkadan foydalanuvchiga tegishli bo‘lmagan binolar va inshootlarning mavjudligi, mazkur yer uchastkasida ko‘rsatib o‘tilgan obyektlar joylashgani munosabati bilan undan foydalanishdagi cheklashlarni ham ko‘rsatgan holda.
Yer uchastkalari bo‘lib berilganida yoki ularning chegaralari va ko‘rsatkichlari o‘zgarganida qizil chiziqlarga, qurishni tartibga solish chiziqlariga va shaharsozlik reglamentlarining eng kichik o‘lchamdagi yer uchastkalariga doir talablariga rioya etiladi.
Binolar, inshootlar va boshqa obyektlar bo‘lingan taqdirda ularning qismlari mustaqil obyekt sifatida ish olib borishi uchun sharoitlar ta’minlanishi kerak.
54-modda. Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma
Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma — yer uchastkasi mulkdori, egasi yoki bu uchastkadan foydalanuvchining yer uchastkasida qurishni amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjat.
Oldingi tahrirga qarang.
Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, uning davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda beriladi.
(54-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 7-iyuldagi O‘RQ-39-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 245-modda)
Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma buyurtmachi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tegishli tarkibiy bo‘linmasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Obyektlar qurilishiga ruxsatnoma mavjudligi haqidagi axborotni buyurtmachi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga ularning talablariga binoan taqdim etadi. Buyurtmachi qurilish boshlanadigan muddat to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tegishli tarkibiy bo‘linmasiga axborot taqdim etishi shart.
Yakka tartibdagi uy qurilishi uyning poydevori, yerto‘lasi, qavatlari, kesim va old tomonlarining rejalari, shuningdek yer uchastkasi rejasidan iborat bo‘lgan soddalashtirilgan loyiha bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
Binolar, inshootlar va boshqa obyektlarga bo‘lgan mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tganda ularning qurilishiga doir ruxsatnomaning kuchi saqlanib qoladi va bu ruxsatnoma belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
55-modda. Maxsus ruxsatnomalar
Qonun hujjatlariga muvofiq davlat sirlari bilan bog‘liq obyektlar, shuningdek alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari qurilishiga maxsus ruxsatnomalar beriladi.
56-modda. Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer uchastkalariga doir servitut va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni saqlash vazifasi
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda servitut binolar va inshootlar mulkdorlarining manfaatlari quyidagi ishlarni bajarishda o‘zga yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqisiz ta’minlanishi mumkin bo‘lmagan taqdirda belgilanadi:
binolar va inshootlarning qurilishi, rekonstruksiyasi va ta’mirlanishi;
muhandislik infratuzilmasi obyektlarining qurilishi, rekonstruksiyasi, ta’mirlanishi va ulardan foydalanilishi;
hududlarni suv toshish va suv bosishdan himoyalash ishlari o‘tkazilishi;
o‘zga yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda o‘tish;
binolar va inshootlar mulkdorlarining o‘zga ehtiyojlarini ta’minlash.
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni saqlash vazifasi yer uchastkalari mulkdorlari, egalari va bunday uchastkalardan foydalanuvchilar majburiyatlarini va ularning huquqlari cheklanishini qamrab oladi hamda shaharsozlik hujjatlari va qurish qoidalari asosida belgilanadi.
Yer uchastkalariga doir servitutning va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni saqlash vazifasining joriy etilishi hamda bekor qilinishi tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
VP bob. YAKUNLOVChI QOIDALAR
57-modda. Shaharsozlik faoliyatining moliyaviy ta’minoti
Shaharsozlik faoliyatini moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari, buyurtmachilarning o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishda ulushbay ishtirok etishi hisobidan amalga oshiriladi.
Shaharsozlik faoliyatini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish:
ushbu Kodeks 26-moddasi birinchi qismining 1, 2, 3, 4-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda;
shaharsozlik faoliyatining ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda, shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqishda;
favqulodda ekologik holatlar va ekologik falokat zonalarini, tarixiy manzilgohlarni, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning belgilangan maqsadli umumdavlat dasturlarini, boshqa belgilangan maqsadli umumdavlat dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda, shuningdek davlat shaharsozlik kadastrini yuritishda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan manbalardan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasarrufiga davlat korxonalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larning bir qismi hisobidan ham amalga oshiriladi.
(57-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 7-iyuldagi O‘RQ-39-son Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 41-son, 245-modda)
Agar hududni shaharsozlik jihatidan o‘zlashtirish davlat manfaatlari, mintaqalararo manfaatlar yoki aholi punktlari guruhlari manfaatlariga daxl etadigan bo‘lsa, shaharsozlikning o‘zga faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablag‘laridan foydalaniladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari har yilgi qurilishlarning manzili ko‘rsatilgan ro‘yxatlarini tuzishda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini, kompleks muhandislik qidiruvlari o‘tkazilishini, aholi punktlarini mikroseysmik hududlarga bo‘lish xaritalari, tabiatni muhofaza qilish hududiy kompleks tarhlari tuzishni, joriy qurish ustidan mualliflik nazorati hamda aholi punktlari bosh rejalari amalga oshirilishi monitoringi shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar tomonidan o‘tkazilishini, shaharsozlik hujjatlari kelishib olinishi va ekspertizadan o‘tkazilishini mahalliy budjet hisobidan moliyalashtirishni nazarda tutishlari kerak.
58-modda. Nizolarni hal etish
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
59-modda. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 63-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 2006-y., 27-son, 245-modda, 41-son, 405-modda; 2011-y., 1-2-son, 1-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son; 05.04.2019-y., 03/19/533/2885-son)