Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.08.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT ARXITEKTURA VA QURILISh QOʻMITASI TARKIBIDAGI QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI DAVLAT ARXITEKTURA VA QURILISh QOʻMITASI, VILOYATLAR VA TOShKENT ShAHAR ARXITEKTURA VA QURILISh BOSh BOShQARMALARI HAMDA ShAHAR VA TUMAN ARXITEKTURA VA QURILISh BOShQARMALARI (BOʻLIMLARI) FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-avgustdagi 571-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi va uning tizimidagi tarkibiy boʻlinmalar hamda respublika va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tizimi hududiy boʻlinmalari rahbarlarini tayinlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2009-yil 15-sentabrdagi PQ-1190-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq;
shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi) toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 2-dekabrdagi 538-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 12-son, 128-modda) 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni hamda viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va shaharsozlik bosh boshqarmalari, shahar (tuman) arxitektura va shaharsozlik boʻlimlarining namunaviy nizomlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1993-yil 1-dekabrdagi 580-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish (“Davarxitektqurilish”) qoʻmitasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 1993-yil 30-avgustdagi 441-son qarorining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 11-noyabr,
294-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-noyabrdagi 294-son qaroriga
1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 2-dekabrdagi 538-son qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi deb yuritiladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda Bosh boshqarma deb ataladi) maqomi, vazifalari, funksiyalari, vakolatlari va javobgarligini belgilaydi.
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi tizimidagi Bosh boshqarma respublikada arxitektura va shaharsozlikni boshqarish organlarining yagona tizimidagi hududiy boʻgʻin (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar) hisoblanadi, oʻz faoliyatida “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga, tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga boʻysunadi.
2. Bosh boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining buyruqlari, qarorlari va farmoyishlariga amal qiladi.
3. Bosh boshqarma “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining vakolati doirasiga kiruvchi vazifalarni oʻzi faoliyat koʻrsatayotgan hududda amalga oshiruvchi davlat organi — yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, banklarda hisob raqamlariga ega boʻladi.
II. Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, hududlarning anʼanaviyligiga eʼtibor berib, zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablarini va texnologiyalarni hisobga olgan holda hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish, hududni rejalashtirish tarhlari hamda tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari va oʻz hududlariga oid boshqa shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini, ularning maʼqullanishini va ekspertizadan oʻtkazilishini hamda tasdiqlanishini tashkil etish;
shahar va qishloq aholi punktlarini rejalashtirish va qurish loyihalarida shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish hamda qishloq xoʻjaligi korxonalari hududlarini meʼmoriy rejalashtirish va tashkil qilish;
shaharsozlik faoliyati sohasida yagona ilmiy va texnika siyosatini amalga oshirish, tegishli axborot bazasini yaratish;
tegishli hududni rivojlantirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritish;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalari tasdiqlanishiga rozilik berish;
tegishli hududdagi shaharsozlik faoliyati obyektlari boʻyicha loyihalashtirish ishlarini va kompleks muhandislik qidiruvlarini hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini muvofiqlashtirib borish;
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan kelishgan holda qurilish qoidalarini ishlab chiqish;
kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarning borishini muvofiqlashtirish va uning monitoringini olib borish, kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash hamda viloyat hokimligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga taqdim etish;
loyihalashtirish va pudrat ishlari, qurilish materiallari bozorlarida raqobat muhitini yanada shakllantirish boʻyicha takliflar kiritish;
shaharlar, qishloq aholi punktlari va qishloqlar orasidagi hududlarni rejalashtirish va qurishda shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga rioya etilishi, arxitektura yodgorliklari va madaniy meros obyektlari saqlab qolinishini hisobga olgan holda ularning arxitektura-rejalashtirilishi va arxitektura-badiiy sifatlari boʻyicha nazorat ishlarini olib borish va arxitektura va shaharsozlikda milliy va madaniy anʼanalarni rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirib borish.
5. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi, hududlarning anʼanaviyligiga eʼtibor berib, zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablarini va texnologiyalarni hisobga olgan holda hududlarni rivojlantirish, hududni rejalashtirish tarhlari hamda tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari va oʻz hududlariga oid boshqa shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini, ularning maʼqullanishini va ekspertizadan oʻtkazilishini hamda tasdiqlanishini tashkil etadi;
shahar va qishloq aholi punktlarini rejalashtirish va qurish loyihalarida shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda qishloq xoʻjaligi korxonalari hududlarini meʼmoriy rejalashtirish va tashkil qilish ishlarini muvofiqlashtirib boradi;
shaharsozlik faoliyati sohasida yagona ilmiy va texnika siyosatini amalga oshiradi, tegishli axborot bazasini yaratadi;
tegishli hududni rivojlantirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritadi;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalari tasdiqlanishiga rozilik beradi;
tegishli hududdagi shaharsozlik faoliyati obyektlari boʻyicha loyihalashtirish ishlarini va kompleks muhandislik qidiruvlarini hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini muvofiqlashtirib boradi;
kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarning borishini muvofiqlashtiradi va uning monitoringini olib boradi;
kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi va mahalliy davlat hokimiyati organiga hamda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga taqdim etadi;
loyihalashtirish va pudrat ishlari, qurilish materiallari bozorlarida raqobat muhitini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritadi;
shaharlar, qishloq aholi punktlari va qishloqlar orasidagi hududlarni rejalashtirish va qurishda shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga rioya etilishi, arxitektura yodgorliklari va madaniy meros obyektlari saqlab qolinishini hisobga olgan holda ularning arxitektura-rejalashtirilishi va arxitektura-badiiy sifatlari boʻyicha nazorat ishlarini olib boradi hamda arxitektura va shaharsozlikda milliy va madaniy anʼanalarni rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirib boradi;
shaharsozlik faoliyati sohasida shaharsozlik normalari va qoidalari, boshqa qonun hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashda qatnashadi, taklif kiritadi, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi;
hududlarni rejalashtirish tarhlari va umumdavlat ahamiyatiga ega boʻlgan alohida tartibga solinadigan shaharsozlik obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishida, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarida qatnashadi;
mahalliy davlat hokimiyati organiga shahar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarining chegaralarini belgilash toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarning borishi va uning ahvoli, loyiha va qurilish tashkilotlarida, qurilish sanoati korxonalarida reyting baholarini aks ettiruvchi koʻrsatkichlar tizimi boʻyicha tahlillarni olib boradi;
loyihalash va pudrat tashkilotlari, qurilish sanoati korxonalari va investitsiya faoliyatining boshqa qatnashchilari, shuningdek qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlarining narxlari, qurilish mashinalari va mexanizmlari qiymati, transport xarajatlari, hududlardagi tashkilotlar, korxonalar boʻyicha quruvchi ishchilarning ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻplamini shakllantiradi;
muhandislik izlanishlari sohasida yagona texnikaviy siyosatni amalga oshiradi, kapital qurilish uchun kompleks muhandislik izlanishlarining davlat fondini yaratadi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda shaharsozlik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi va maʼmuriy jazolarni qoʻllaydi, yoʻl qoʻyilgan qoida buzilishlarida aybdor boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortish uchun materiallarni huquqni muhofaza qilish organlari va sudga beradi;
(5-bandning oʻn toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 28-apreldagi 129-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 18-son, 191-modda)
manfaatdor tashkilotlar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan birgalikda shaharsozlik faoliyatida tarkibiy, ilmiy-texnik va iqtisodiy siyosatning asosiy yoʻnalishlarini belgilashda ishtirok etadi;
shaharsozlik faoliyati, investitsiya jarayonini boshqarish, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, pudrat ishlari va qurilish materiallari bozorini takomillashtirish, yangi texnika va qurilish-montaj ishlariga zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash masalalari boʻyicha xorijiy mamlakatlar va tashkilotlar bilan xalqaro ilmiy-texnik va iqtisodiy hamkorlikni amalga oshirishda viloyatdagi korxona va tashkilotlarga yaqindan yordam beradi, xorijiy hamkorlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatishda koʻmaklashadi;
oʻz vakolatlari doirasida shaharsozlik faoliyati sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirib borishni tashkil etadi;
aholini shaharsozlik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan muntazam ravishda xabardor qilib boradi;
mahalliy davlat organlariga hududdagi shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini rivojlantirish boʻyicha takliflar kiritadi;
binolar, inshootlar va boshqa turdagi obyektlar loyihalarini koʻrib chiqadi va tasdiqlash uchun rozilik beradi;
tegishli hududdagi shaharsozlik faoliyatiga doir loyihalashtirish, kompleks muhandislik-qidiruv ishlari, mualliflik nazorati tashkil etilishi, shuningdek, qurilish, qurilish-taʼmirlash ishlari arxitektura-shaharsozlik talablariga rioya etilishini muvofiqlashtiradi;
tegishli hududdagi shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi, davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyasining va qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazining arxitektura-shaharsozlikka doir faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
qurilish qoidalari va boshqa hujjatlarni, kapital taʼmirlash, restavratsiya, obodonlashtirish, landshaft va shaharsozlik dizayniga oid hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga taqdim etadi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida hududlardagi yerlardan unumli foydalanish boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organiga takliflar kiritadi;
hududni rivojlantirish borasidagi shaharsozlik hujjatlari, aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari asosida barcha turdagi qurilish obyektlari uchun yer uchastkalarini belgilaydi hamda bu toʻgʻrida hokimning qarori loyihasini tayyorlaydi;
madaniy meros obyektlarini saqlash, restavratsiya qilish va foydalanish va ularning muhofaza hududlarini aniqlash boʻyicha chora-tadbirlarni belgilaydi;
qurilishi tugallangan fuqarolik, ijtimoiy, kommunal hamda ishlab chiqarish obyektlarini qabul qilishda qonunlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida qurilish obyektlarini joylashtirish, barcha turdagi qurilish obyektlari uchun yer tanlash va ajratish toʻgʻrisida mahalliy davlat organlarining qarorlari asosida ajratilgan yer maydonlarini naturada belgilash va chegaralash ishlarini amalga oshiradi;
aholi punktlarining bosh rejalarida va mufassal rejalashtirish loyihalarida koʻzda tutilmagan obyektlarni maydonlarda joylashtirishda loyiha tashkiloti (muallif) bilan kelishish ishlarini olib boradi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida shaharsozlik faoliyati obyektlarini loyihalashtirish uchun, yaʼni qurilish, kapital rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, hududlarni obodonlashtirish hamda bino va inshootlar restavratsiyasi, shu bilan birga muhandislik, transport infratuzilmasi uchun arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini (ART-1 va ART-2) ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va quruvchi — buyurtmachilarga taqdim etadi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida yakka tartibda uy-joy qurish uchun qurilish pasportini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va quruvchi-buyurtmachilarga taqdim etadi;
shahar, tuman arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlim)lari, ular huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish boʻlimlariga va yakka tartibda uy-joy qurilishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va monitoring oʻtkazish boʻyicha sektorlarga rahbarlik qiladi, shuningdek mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, tegishli hududdagi loyihalash tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi;
shaharsozlik kadastrini, yer ajratish va imorat qurishga oid joriy tezkor rejalar tuzish, yer osti muhandislik kommunikatsiyalari joylashishini roʻyxatga olish, navbatchi rejalarni va muhandislik-geologiya ishlanmalari atlaslarini yuritish boʻyicha ishlarini tashkil etadi;
yer uchastkalarini ajratish, loyiha-rejalashtirish hujjatlarini saqlashga doir yagona texnik arxivni tashkil etadi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
III. Bosh boshqarmaning huquqlari va javobgarligi
6. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
arxitektura va qurilish sohasidagi muhim masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalar tashkil etish;
shaharsozlik, ekologik talablarga va arxitektura organlari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshiriqlariga (ART-1 va ART-2) javob bermaydigan loyihalarga rozilik berishni rad etish;
amaldagi yoʻriqnomalar va meʼyoriy hujjatlar talablarini buzgan holda yoki belgilangan tartibda berilgan ruxsatnomasiz olib borilayotgan topogeodeziya va muhandislik-geologiya qidiruv-rejalashtirish va qazish ishlarini amalga oshirishni toʻxtatish;
oʻz vakolatlari doirasida shaharsozlik faoliyati sohasida kapital qurilishdagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish masalalari yuzasidan takliflar ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni hududdagi tashkilotlar, korxonalar, muassasalardan, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlaridan soʻrash va belgilangan tartibda olish;
ilmiy-tadqiqot, texnologiya, loyiha-konstruktorlik tashkilotlarini, taʼlim muassasalarini va boshqa tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek olimlarni shaharsozlikka, arxitektura va qurilishga oid hujjatlarni ishlab chiqishga belgilangan tartibda jalb etish;
shaharsozlik faoliyati sohasida eng yaxshi loyihaning ilmiy-texnik ishlanmalarini hamda hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish loyihalarini tanlash maqsadida mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yirik tashkilotlar va Oʻzbekiston Respublikasi arxitektorlar uyushmasi bilan birgalikda belgilangan tartibda loyihalarni ishlab chiqish uchun tanlovlar oʻtkazish va tanlov komissiyalarini tashkil etish;
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga amaldagi qonunlarni, shaharsozlik, ekologik va boshqa meʼyoriy talablarni buzgan holda ishlayotgan loyiha, qurilish va ishlab chiqarish tashkilotlarining loyihalash, qurilish va qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish huquqini beruvchi litsenziyalarini olib qoʻyish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
tegishli arxitektura-shaharsozlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun loyihalarni ishlab chiqishga, mulkchilik shaklaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlarga litsenziyalar berish uchun belgilangan tartibda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasiga takliflar kiritish;
amaldagi yoʻriqnoma va qoidalarga zid holda yoki belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomasiz bajarilayotgan topogeodeziya va muhandislik-geologiya qidiruv hamda unga bogʻliq ishlar va kavlash ishlari olib borilishini toʻxtatish;
oʻz faoliyatida quyi va boshqa yetakchi loyiha, qidiruv va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan oʻzaro ijodiy hamkorlikni amalga oshirish;
7. Bosh boshqarma quyidagilar uchun javob beradi:
shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablari, texnologiyalarini hisobga olgan holda hududlarni rejalashtirish va qurishning ilmiy asoslangan tarhlari tayyorlanishini taʼminlash;
kapital qurilishni yanada iqtisodiy isloh qilish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tatbiq etish va ular monitoringini olib borish, narxlarni shakllantirish, pudrat ishlari va qurilish materiallari bozorini rivojlantirish usullarini takomillashtirish;
shaharlar, qishloq aholi punktlari va qishloqlar orasidagi hududlarni rejalashtirish va qurishda shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga rioya etilishi, arxitektura yodgorliklari va madaniy meros obyektlari saqlab qolinishini hisobga olgan holda ularning arxitektura-rejalashtirilish va arxitektura-badiiy sifatlari boʻyicha nazorat ishlarini olib borish va arxitektura va shaharsozlikda milliy va madaniy anʼanalarni rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirib borish.
IV. Bosh boshqarma faoliyatini tashkil etish
8. Bosh boshqarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Tashkiliy-nazorat xizmati bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq lavozimga tayinlanadigan va ozod qilinadigan boshliq — bosh arxitektor rahbarlik qiladi.
Bosh boshqarma boshligʻi lavozimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik Kengashining aʼzosi hisoblanadi.
Bosh boshqarma taʼminoti xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlash davlat budjeti mablagʻlari hamda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
Bosh boshqarma xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bosh boshqarmaning oʻz vakolatlari doirasida shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilgan qarorlarining bajarilishi yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
Bosh boshqarmaning shtat jadvali moliya organlarida roʻyxatdan oʻtgandan keyin “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Shaharsozlik va arxitektura yechimlari, arxitektura bilan uygʻunlashgan monumental-dekorativ sanʼat asarlari, shaharsozlik hujjatlari, bino, inshoot, majmua loyihalarini qurish, ekspertiza qilish va sifatini baholash maqsadida Bosh boshqarma huzurida doimiy idoralararo organ — arxitektura-shaharsozlik Kengashi tuziladi. U oʻz ishini “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida tashkil qiladi va maslahat beruvchi organ hisoblanadi.
Arxitektura-shaharsozlik Kengashining shaxsiy tarkibi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Bosh boshqarma tarkibiga quyidagilar kiradi:
shaharlar arxitektura va qurilish boshqarmalari;
tumanlar arxitektura va qurilish boʻlimlari;
Bosh boshqarma huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish boshqarmasi;
shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlim)lari huzuridagi xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish boʻlimlari.
10. Bosh boshqarma boshligʻi:
Bosh boshqarma faoliyatiga rahbarlik qiladi va Bosh boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
tegishli organlarda Bosh boshqarma nomidan vakillik qiladi;
shaharsozlik va arxitektura faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish holatlari yuzasidan aybdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish boʻyicha qaror qabul qiladi;
Bosh boshqarmaning mulkini boshqaradi;
Davlat hokimiyati organlarida, huquqni muhofaza qilish organlarida va sudda, tashkilotlar, muassasalar va korxonalarda Bosh boshqarma manfaatini himoya qiladi;
Bosh boshqarma tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari oʻrtasida majburiyatlarni taqsimlaydi;
Bosh boshqarma tarkibiy boʻlinmalari nizomlarini tasdiqlaydi;
Bosh boshqarma xodimlarini lavozimlarga tayinlaydi va lavozimlardan ozod qiladi;
kadrlar zaxirasini tayyorlash, tanlash, joy-joyiga qoʻyish, qayta tayyorlash va malaka oshirish masalalarini hal qiladi, xodimlarning oylik maoshlariga ustamalar tayinlaydi;
Bosh boshqarma xodimlari ichki mehnat tartibi qoidalariga, lavozimlar yoʻriqnomasi talablariga hamda xizmatga oid hujjatlar bilan ishlash tartibiga rioya qilishini taʼminlaydi;
yuksak mehnat natijalariga erishgan Bosh boshqarma va unga tegishli tashkilotlar xodimlarini belgilangan tartibda davlat mukofotlari va boshqa unvonlarga taqdim etadi hamda boshqa ragʻbatlantirish choralarini qoʻllaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq buxgalteriya hisob-kitobi va statistika hisoboti tashkil qilinishiga javobgar boʻladi.
11. Bosh boshqarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-noyabrdagi 294-son qaroriga
2-ILOVA
Shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi) toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 2-dekabrdagi 538-son qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi deb yuritiladi) tizimidagi shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlim)lari maqomi, vazifalari, funksiyalari, vakolatlari va javobgarligini belgilaydi.
Shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlim)lari oʻz faoliyatida tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga (keyingi oʻrinlarda — Bosh boshqarma) boʻysunadi.
2. Shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlim)lari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek “Davarxitektqurilish” qoʻmitasining buyruqlari, qarorlari va farmoyishlariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining buyruqlari, qarorlari va farmoyishlariga amal qiladi.
II. Shahar (tuman) arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlimi)larining asosiy vazifalari va funksiyalari
3. Quyidagilar shahar (tuman) arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi)ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, hududlarni anʼanaviyligiga eʼtibor berib, zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablarini va texnologiyalarni hisobga olgan holda rivojlantirish, aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari va oʻz hududlariga oid boshqa shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini, ularning maʼqullanishini va ekspertizadan oʻtkazilishini hamda tasdiqlanishini tashkil etish;
shahar va qishloq aholi punktlarini rejalashtirish va qurish loyihalarida shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish hamda hududlarni meʼmoriy rejalashtirishni tashkil qilish;
shaharsozlik faoliyati sohasida yagona ilmiy va texnika siyosatini amalga oshirish, tegishli axborot bazasini yaratish;
tegishli hududni rivojlantirish boʻyicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va ularni amalga oshirish chora-tadbirlarini koʻrish;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan takliflar kiritish;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalari tasdiqlanishiga rozilik berish;
tegishli hududdagi shaharsozlik faoliyati obyektlari boʻyicha loyihalashtirish ishlarini va kompleks muhandislik qidiruvlarini hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarning mualliflik nazoratini muvofiqlashtirib borish;
kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarning borishini muvofiqlashtirish va uning monitoringini olib borish, kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash va shahar (tuman) hokimligi hamda Bosh boshqarmaga taqdim etish;
loyihalashtirish va pudrat ishlari, qurilish materiallari bozorlarida raqobat muhitini shakllantirish boʻyicha takliflar kiritish;
shaharlar, qishloq aholi punktlari va qishloqlar orasidagi hududlarni rejalashtirish va qurishda shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga rioya etilishi, arxitektura yodgorliklari va madaniy meros obyektlari saqlab qolinishini hisobga olgan holda ularning arxitektura-rejalashtirilishi va arxitektura-badiiy sifatlari boʻyicha nazorat ishlarini olib borish va arxitektura va shaharsozlikda milliy va madaniy anʼanalarni rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirib borish.
4. Shahar (tuman) arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi) yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
faoliyat koʻrsatayotgan hududda shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan Bosh boshqarmalarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritadi;
ehtiyoj va takliflarni, konyunktura holatini, loyihalashtirish ishlari va xizmatlari bozorining rivojlanish tamoyillari va istiqbolini oʻrganish, arxitektura yechimlari hamda shaharsozlik tadbirlarining samaradorligi darajasini oshirish maqsadida loyihachilar, investorlar va pudratchilar ishlarini tashkil etadi;
shahar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarini shaharsozlik hujjatlari bilan taʼminlash yuzasidan takliflar kiritadi;
buyurtmachilar — imorat quruvchilarga loyihalashtirish hamda investitsiya ishlarini amalga oshirish uchun qurilish pasportlari, barcha turdagi qurilishlar boʻyicha loyiha-qidiruv, kompleks qayta qurish, kengaytirish, binolarni asosli tuzatish, taʼmirlash va hududlarni obodonlashtirish boʻyicha arxitektura-rejalashtirish va muhandislik-joylashtirish topshiriqlarini ishlab chiqadi va taqdim etadi;
ajratilgan yer uchastkalarining chegarasini, qurilish obyektlari joylashuvini qizil chiziqlar asosida xaritaga tushirish bilan bogʻliq topografiya-geodeziya ishlarini, qidiruv- rejalashtirish ishlarini hamda bajarilgan ishlarni texnik nazorat qiladi va ularni qabul qiladi, imoratlar qurilishining joriy rejalarini, yer osti kommunikatsiyalarining joylashishini hamda muhandislik-geologik ishlar atlaslarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
tegishli ravishda tumanga boʻysunuvchi shaharlar maʼmuriy markazlari, qishloq aholi punktlari, shahar atrofi zonasi va tumandagi aholi yashaydigan boshqa yerlarda qurilish boʻyicha hujjatlarni ishlab chiqishni tashkil etishga doir ishlarga rahbarlikni amalga oshiradi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida shaharsozlik faoliyati obyektlarini loyihalashtirish uchun, yaʼni qurilish, kapital rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, hududlarni obodonlashtirish va bino va inshootlar restavratsiyasi, shu bilan birga muhandislik, transport infratuzulmasi uchun arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini (ART-1 va ART-2) ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlangandan soʻng quruvchi-buyurtmachilarga taqdim etadi;
shaharlar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini, sanoat uzellari sxemalarini, birinchi navbatdagi qurilishlarni joylashtirish loyihalarini, shahar atrofi va rekreatsion zonalar loyihalarini koʻrib chiqadi hamda rozilik berish yoki tasdiqlash uchun tegishli davlat hokimiyati organlariga taqdim etadi;
shahar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish choralarini koʻradi.
III. Shahar (tuman) arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlimi)larining huquqlari va javobgarligi
5. Shahar (tuman) arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi) yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
arxitektura va shaharsozlik, ekologiya, arxitektura va qurilish organlari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshiriqlari (ART-1 va ART-II) talablariga javob bermaydigan obyekt loyihalarni rad etish;
amaldagi yoʻriqnomalar va qoidalarni buzgan holda yoki belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomasiz olib borilayotgan topografik va muhandislik-geologik qidiruv, rejalashtirish va qazish ishlarini amalga oshirishni toʻxtatib turish;
oʻzboshimchalik bilan imorat qurishda, shaharsozlik intizomini, qurilish va arxitektura sohasidagi amalda boʻlgan qonun hujjatlarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslarni hamda hududlarida mazkur huquq buzilishlarini sodir etgan tashkilotlar va korxonalar rahbarlarini belgilangan tartibda maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Arxitektorlar uyushmasi tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda loyihalarni ishlab chiqish uchun tanlovlar oʻtkazish.
IV. Shahar (tuman) arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlimi)larining faoliyatini tashkil etish
6. Shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi)ga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleksi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qaroriga muvofiq lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan boshliq — shahar va tuman bosh arxitektori boshchilik qiladi.
7. Shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻi:
mazkur Nizomga muvofiq boshqarma (boʻlim)ga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, faoliyat va alohida yoʻnalishlar uchun xodimlarning javobgarligi darajasini belgilaydi;
qurilishi (qayta qurilishi) tugallangan shaharsozlik obyektlarini foydalanishga qabul qilishda belgilangan tartibda qatnashadi;
oʻz vakolati doirasida shahar (tuman) hokimining qarorlari asosida va ularni bajarish yuzasidan hamda davlat hokimiyati va boshqaruvining yuqori organlari dalolatnomalari asosida buyruqlar chiqaradi, boshqarma (boʻlim) xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
shahar (tuman) hokimining shaharsozlik masalalari boʻyicha qarorlari loyihalarini tayyorlaydi;
barcha davlat va jamoat korxonalarida, muassasalar, tashkilotlarda boshqarma (boʻlim) faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha boshqarma (boʻlim) nomidan vakillik qiladi;
belgilangan smeta va ajratilgan mablagʻlar doirasida boshqarma (boʻlim)ning mablagʻlarini boshqaradi;
zarur boʻlgan hollarda loyihachilarning doimiy yoki vaqtinchalik ijodiy jamoalarini va ekspert guruhlarini hamda idoralararo komissiyalarni tashkil etadi va ularga boshchilik qiladi, bu ishga shartnoma asosida arxitektorlarni va boshqa mutaxassislarni jalb etadi;
loyiha-rejalashtirish hujjatlarini va alohida binolar va inshootlar loyihalarini ishlab chiqishda muallif sifatida ishtirok etadi;
oʻz oldida turgan vazifalarni bajarish uchun shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlim)lari huzurida buyurtmachilarga shartnoma asosida mablagʻ oʻtkazish yoʻli bilan shaharsozlik hujjatlari, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi va loyiha takliflarini xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhlarini tuzadi va ularning faoliyatini, mavzu yoʻnalishini belgilaydi;
(7-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-iyundagi 154-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 23-son, 303-modda)
arxitektura-shaharsozlik masalalarini hal etish uchun buyurtmachilarga shartnoma asosida mablagʻ oʻtkazish yoʻli bilan shaharsozlik hujjatlari, arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi va loyiha takliflarini xoʻjalik hisobidagi ishlab chiqarish guruhlarining vazifalarini belgilaydi, tuzilmasi va xodimlari sonini tasdiqlaydi.
(7-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-iyundagi 154-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 23-son, 303-modda)
8. Bosh arxitektor oʻz ishini tegishli tuman (shahar)ning davlat boshqaruv organlari, tashkilotlar, korxonalar, ilmiy-texnika jamiyatlari va jamoat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikda olib boradi.
9. Shaharsozlik va arxitektura yechimlarining, arxitektura-monumental va dekorativ sanʼat asarlarining sifatini aniqlash, shaharsozlik hujjatlarini, binolar, inshootlar va komplekslar loyihalarini koʻrib chiqish va ekspertiza qilish uchun bosh arxitektor huzurida doimiy ishlovchi idoralararo kollegial organ — maslahat beruvchi organ hisoblanadigan arxitektura-shaharsozlik kengashi tuziladi.
Arxitektura-shaharsozlik kengashiga bosh arxitektor boshchilik qiladi. Kengash tarkibiga tajribali arxitektorlar, olimlar, shaharsoz — mutaxassislar, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashining deputatlari, jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalarning rahbarlari, fan, madaniyat va sanʼat arboblari, investitsiya jarayonining ishtirokchilari, oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari kirishi mumkin.
Arxitektura-shaharsozlik kengashining shaxsiy tarkibi tuman (shahar) bosh arxitektori tomonidan tasdiqlanadi.
10. Shahar (tuman) arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi) toʻgʻrisidagi nizom, tashkiliy tuzilma hamda shtat jadvali moliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
11. Shahar (tuman) arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi)ning taʼminoti xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlash davlat budjeti mablagʻlari hamda budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-noyabrdagi 294-son qaroriga
3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 2-dekabrdagi 538-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 29-iyuldagi 222-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 31-son, 327-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomda (4-ilova):
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Tashkiliy-nazorat xizmati bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi”.
Quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi) boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleksi bilan kelishgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qaroriga muvofiq lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 18 va 19-bandlarga “boshqarmalari” degan soʻzdan keyin “shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarma (boʻlim)lari” degan soʻzlar qoʻshilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 46-son, 499-modda; 2011-y., 31-son, 327-modda; 2013-y., 23-son, 303-modda; 2016-y., 18-son, 191-modda)