OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
SUGʻURTALOVCHI VA QAYTA SUGʻURTALOVCHINING INVESTITSIYA FAOLIYATI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 16-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1982]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi PQ-618-son “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 158-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Sugʻurtalovchi va qayta sugʻurtalovchining investitsiya faoliyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 3-iyul,
68-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2009-yil 3-iyuldagi 68-son buyrugʻiga
ILOVA
Sugʻurtalovchi va qayta sugʻurtalovchining investitsion faoliyati toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi PQ-618-son “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 158-modda) muvofiq sugʻurtalovchi va qayta sugʻurtalovchining investitsiya faoliyatiga oid talablarni belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat ijtimoiy sugʻurta tashkilotlariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
2. Mazkur Nizom maqsadlarida qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar:
diversifikatsiya — mablagʻlar yoki ulardan olinadigan daromadlarning ehtimol tutilgan yoʻqotishlar tavakkalchiligini pasaytirish maqsadida sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) mablagʻlarining turli qoʻyilma obyektlari oʻrtasida taqsimlanishi;
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2020-yil 10-sentabrdagi 39-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1982-1, 25.09.2020-y.) asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2020-y., 10/20/1982-1/1321-son)
investitsiyalar — foyda olish maqsadida iqtisodiy va boshqa faoliyat obyektlariga joylashtiriladigan sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) har qanday shakldagi qoʻlga kiritilgan yoki nazorat qilinadigan aktivlari;
investitsiya faoliyati — sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) investitsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq harakatlari majmui;
likvidlik — sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun mablagʻlarining nominal qiymatini saqlab qolgan holda ularni pul mablagʻlariga tezlik bilan konversiyalash imkoniyati;
masʼul shaxs — investitsiya faoliyatini tashkil etish boʻyicha majburiyat yuklatilgan sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) xodimi;
foydalilik — sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) investitsiyalaridan daromad olishi;
qaytarilish — sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) mablagʻlarini joylashtirishning aniq sharoitlarida investitsion tavakkalchilikni eng past darajaga keltirish orqali imkon qadar yuqori xavfsizligini taʼminlash. Ushbu holatda investitsion tavakkalchilik deganda investitsiyalardan olingan haqiqiy foyda moʻljallangan foydadan past boʻlishi ehtimoli tushuniladi.
II. Investitsiya faoliyati obyektlari
3. Quyidagilar sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) investitsiya faoliyatining obyektlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining davlat qimmatli qogʻozlari;
xorijiy davlatlarning davlat qimmatli qogʻozlari;
bank sertifikatlari (depozit sertifikatlari);
kredit tashkilotlariga qoʻyilgan omonatlar (depozitlar);
koʻchar va koʻchmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa moddiy boyliklar) hamda ularga doir huquqlar;
yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish ulushi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarish va muomalaga kiritishga ruxsat berilgan, yoki tegishli vakolatli organ tomonidan berilgan qimmatli qogʻozlar bozorida savdoni tashkil etish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga (ruxsatnomaga) ega boʻlgan xorijiy emitentlar tomonidan chiqarilgan hamda qimmatli qogʻozlar bozorida muomalaga qoʻyilgan qimmatli qogʻozlar;
(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari ustav kapitalida ulushli ishtirok etish, shuningdek ipoteka qimmatli qogʻozlarini sotib olish;
lizing tashkilotlariga qarzlar (moliyaviy yordam);
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2020-yil 10-sentabrdagi 39-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1982-1, 25.09.2020-y.) asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2020-y., 10/20/1982-1/1321-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq chiqarilgan korporativ obligatsiyalar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 13-dekabrdagi 76-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1982-2, 22.12.2021-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 10/21/1982-2/1180-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) investitsiyalarni qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan investitsiya faoliyatining boshqa obyektlariga ham amalga oshirishi mumkin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Barpo etilishi va foydalanilishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlikka oid va boshqa talablarga javob bermaydigan, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzadigan obyektlarga investitsiya kiritish taqiqlanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
III. Investitsiya faoliyatiga oid asosiy talablar
6. Moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) oʻz aktivlarini qaytarilish, likvidlik, diversifikatsiya va foydalilik prinsiplari asosida joylashtirishi lozim.
7. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) investitsiya faoliyatini amalga oshirishda quyidagi asosiy shartlarga rioya etishga majbur:
investitsiyalar va ular bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni malakali boshqarish;
axborotlarning shaffofligi va konfidensialligini taʼminlash.
8. Investitsiyalar va ular bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni malakali boshqarish sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) tomonidan quyidagi yoʻllar bilan taʼminlanadi:
sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) investitsiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari koʻrsatiladigan investitsiya siyosatini tasdiqlash;
zarurat boʻlganda, investitsiya faoliyatini tashkil etishga investitsiya maslahatchilari, investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar va qimmatli qogʻozlar bozorining boshqa professional ishtirokchilarini jalb qilish;
investitsiyalash obyektlarini tahlil qilish va olingan daromadlilikni davriy baholash va h. k.
9. Axborotlarning shaffofligi va konfidensialligi quyidagi yoʻllar bilan taʼminlanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
axborotni qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq oshkor etish;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
amalga oshirilgan investitsiyalar toʻgʻrisida taʼsischilar oldida har yil hisobot berish;
sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) xodimlari va boshqaruv organlari aʼzolari tomonidan xizmat va maxfiy axborotdan sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) investitsiya siyosatiga muvofiq foydalanish.
10. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) investitsiya faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga majbur:
a) Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2008-yil 22-apreldagi 41-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Sugʻurtalovchilar va qayta sugʻurtalovchilarning toʻlov qobiliyati toʻgʻrisidagi nizom” (roʻyxat raqami 1806, 2008-yil 12-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 20-21-son, 178-modda) bilan belgilangan sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) aktivlarini joylashtirishga oid talablarga va Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2008-yil 20-noyabrdagi 107-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Sugʻurtalovchilarning sugʻurta zaxiralari toʻgʻrisidagi nizom” (roʻyxat raqami 1882, 2008-yil 15-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 52-son, 529-modda) bilan belgilangan sugʻurta zaxiralarini joylashtirish tartibiga oid talablarga rioya qilish;
b) moliyaviy, texnik va axborot resurslari mavjudligini taʼminlash;
v) mablagʻlarni investitsiya qilish maqsadga muvofiqligi haqida masʼul shaxsning yozma xulosalarini olish;
g) masʼul shaxsning ushbu Nizom bilan belgilangan malakaviy talablarga muvofiqligini taʼminlash.
11. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan va sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) toʻlov qobiliyatiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini tashkil etishi lozim.
IV. Investitsiya faoliyatini amalga oshirish tartibi
12. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) joriy moliyaviy yilning 20-dekabriga qadar keyingi moliyaviy yil uchun sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) Kuzatuv kengashi yoki boshqa vakolatli organi tomonidan tasdiqlanadigan investitsiya siyosatini har yil ishlab chiqadi.
13. Investitsiya siyosati quyidagi asosiy elementlarni nazarda tutishi lozim:
investitsiya faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq tavakkalchiliklarning tahlili;
sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) aktivlarining investitsiya faoliyati obyektlari boʻyicha uzoq muddatli taqsimlanishi;
sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) aktivlarining investitsiya faoliyati obyektlari, geografik hududlar va iqtisodiyot sohalari boʻyicha taqsimlanish limitlari;
investitsiya faoliyatining maʼlum bir obyektlariga investitsiya qilishning cheklovlari va taqiqlari;
masʼul shaxslarning qarorlarni qabul qilishdagi vakolat chegaralari va sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) aktivlarini investitsiya qilishdagi cheklovlarini belgilash;
masʼul shaxslarga qoʻshimcha malakaviy talablar;
masʼul shaxs tomonidan ekspertiza oʻtkazish va xulosa tayyorlash tartibi;
investitsiya faoliyati bilan bogʻliq yomon sharoitlar oqibatlarini yumshatishga oid favqulodda holatdagi tadbirlar rejasi.
14. Mablagʻlarni investitsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar masʼul shaxs zarur hujjatlarni (biznes-reja, hisobotlar va h. k.) yigʻadi va mablagʻlarni investitsiya qilish maqsadga muvofiqligi yuzasidan ekspertiza oʻtkazadi. Masʼul shaxs ekspertiza natijasi boʻyicha zarur hujjatlarni olgan kundan boshlab bir haftalik muddat ichida oʻzining yozma xulosasini tayyorlaydi.
15. Masʼul shaxs oʻz xulosasining toʻgʻriligi, obyektivligi va asosliligi uchun shaxsan javob beradi.
16. Investitsiya qaytarilishi muddatini kechiktirish va boʻlib-boʻlib toʻlash masalasi faqatgina yetarli asos boʻlgandagina amalga oshiriladi.
17. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) investitsiya obyektlari va turlari boʻyicha taqsimlanishi, investitsiyalarni joylashtirish va tugatish sanalari, foiz stavkalari, olingan dividendlar (foizlar), bitimlar boʻyicha foydalar aks ettirilgan investitsiyalar boʻyicha ichki hisobot yuritishi lozim.
18. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) quyidagilarni oʻz ichiga olgan qarorlar qabul qilish va investitsiya faoliyatidagi cheklovlar boʻyicha majburiyatlarning turli boʻlinmalari oʻrtasida taqsimlanishini taʼminlash uchun tegishli nazoratni amalga oshirishi lozim:
a) masʼul shaxs buxgalteriya operatsiyalarini oʻtkazmasligi, pul mablagʻlarini qabul qilmasligi, buxgalteriya provodkalari solishtirmasini tasdiqlamasligi va amalga oshirmasligi lozim;
b) investitsiya faoliyatini tashkil etish hujjatlar bilan tasdiqlangan hamda birlamchi hujjatlar va buxgalteriya yozuvlari bilan solishtirilgan boʻlishi shart.
19. Sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi) har yili oʻz investitsiya faoliyatining qonunchilik shartlari va talablari va tasdiqlangan investitsiya siyosatiga rioya etilishi yuzasidan ichki nazoratni amalga oshirib borishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
20. Ichki nazoratni olib borish natijalari boʻyicha Kuzatuv kengashi yoki sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) boshqa vakolatli organiga taqdim etiluvchi hisobot tayyorlanadi.
V. Masʼul shaxsga qoʻyiladigan malaka talablari
21. Masʼul shaxs quyidagi malaka talablariga mos kelishi lozim:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida olingan oliy (iqtisodiyot, moliya, buxgalteriya, matematika, axborot texnologiyalari sohalarida) maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida olingan hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy (iqtisodiyot, moliya, buxgalteriya, matematika, axborot texnologiyalari sohalarida) maʼlumotga ega boʻlishi;
(21-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 13-dekabrdagi 76-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1982-2, 22.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 10/21/1982-2/1180-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) yuridik shaxsning moliyaviy va iqtisodiy faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan 1 yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlishi (yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar lavozimlaridagi ish staji hisobga olinmaydi).
(21-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 13-dekabrdagi 76-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 1982-2, 22.12.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 10/21/1982-2/1180-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, masʼul shaxs quyidagilardan biriga ega boʻlgan taqdirda, unga ish stajiga ega boʻlish boʻyicha talab qoʻyilmaydi:
“Sertifikatlangan ichki auditor (CIA)” yoki “Sertifikatlangan moliyaviy tahlilchi (CFA)” xalqaro sertifikatlari;
“Sertifikatlangan xalqaro professional buxgalter (CIPA)”, “Sertifikatlangan diplomli buxgalter (ACCA)”, “Xalqaro moliyaviy hisobot boʻyicha diplom (DipIFR)” yoki “Sertifikatlangan jamoatchi buxgalter (CPA)” xalqaro buxgalterlik sertifikatlari;
“Sertifikatlangan risk menejeri (CRM)” yoki “Moliyaviy risk menejeri (FRM)” tavakkalchilikni boshqarishga oid xalqaro sertifikatlari.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 13-dekabrdagi 76-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1982-2, 22.12.2021-y.) asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2021-y., 10/21/1982-2/1180-son)
22. Masʼul shaxs etib, ushbu shaxs tomonidan amalga oshirilgan harakatlar yuridik shaxsni bankrotlikka yoki uni majburiy tugatish toʻgʻrisida sud tomonidan qaror chiqarilishiga olib kelganligi boʻyicha maʼlumotlar mavjud boʻlgan hollarda, bankrot deb topilgan yoki sud tomonidan uni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan paytgacha bir yil mobaynida yuridik shaxsning rahbari, bosh buxgalteri yoki xodimi boʻlgan shaxs tayinlanishi mumkin emas.
VI. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
23. Sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) investitsiya faoliyatini cheklab qoʻyish, toʻxtatib turish yoki tugatish sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) qarori yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa tartibda amalga oshirilishi mumkin.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Oldingi tahrirga qarang.
24. Sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarni saqlash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
Oldingi tahrirga qarang.
25. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 29-son, 340-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.09.2020-y., 10/20/1982-1/1321-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 22.12.2021-y., 10/21/1982-2/1180-son)