OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
RADIATSIYAVIY XAVFSIZLIK TOʻGʻRISIDA
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi radiatsiyaviy xavfsizlikni, fuqarolar hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki, shuningdek atrof muhitni ionlashtiruvchi nurlanishning zararli taʼsiridan muhofaza qilishni taʼminlash bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ionlashtiruvchi nurlanish — radioaktiv parchalanishda, yadroviy evrilishlarda, moddadagi zaryadlangan zarralar harakatining sekinlashuvida hosil boʻladigan hamda muhit bilan oʻzaro taʼsir etish chogʻida har xil qutbli ionlarni hosil qiladigan nurlanish;
ionlashtiruvchi nurlanish manbai — oʻzidan ionlashtiruvchi nurlanish chiqaruvchi yoki chiqarishga qodir boʻlgan qurilma va (yoki) radioaktiv modda;
Oldingi tahrirga qarang.
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar — ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini qazib oluvchi, ishlab chiqaruvchi, hosil qiluvchi, qayta ishlovchi, ulardan foydalanuvchi, ularni saqlovchi, ularga xizmat koʻrsatuvchi, ularni tashuvchi, zararsizlantiruvchi, utilizatsiya qiluvchi va koʻmib tashlovchi yuridik va jismoniy shaxslar;
(2-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
kuzatuv zonasi — radiatsiyaviy monitoring oʻtkaziladigan sanitariya-muhofaza zonasidan tashqaridagi hudud;
radiatsiyaviy avariya — uskuna nosozligi, xodimlar (personal)ning xatti-harakatlari (harakatsizligi), tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar tufayli kelib chiqqan, fuqarolarning belgilangan normalardan koʻproq nurlanish olishiga yoki atrof muhitning radioaktiv ifloslanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoxud olib kelgan ionlashtiruvchi nurlanish manbai ustidan boshqaruvning izdan chiqishi;
radiatsiyaviy xavfsizlik — fuqarolar va atrof muhitning ionlashtiruvchi nurlanishning zararli taʼsiridan muhofazalanganlik holati;
Oldingi tahrirga qarang.
radioaktiv chiqindilar — keyinchalik foydalanish uchun moʻljallanmagan, tarkibidagi radionuklidlarning aktivlik darajasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan koʻrsatkichlardan yuqori boʻlgan har qanday agregat holatidagi moddalar;
(2-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
sanitariya-muhofaza zonasi — ionlashtiruvchi nurlanish manbai atrofidagi hudud boʻlib, u yerda fuqarolarning nurlanish olish darajasi mazkur manbadan normal foydalanish sharoitida aholi uchun nurlanish dozasining belgilangan asosiy chegarasidan oshishi mumkin;
tabiiy radiatsiyaviy fon — kosmik nurlanish orqali hamda yerda, suvda, havoda, biosferaning boshqa elementlarida, oziq-ovqat mahsulotlarida va inson organizmida tabiiy ravishda taqsimlangan tabiiy radionuklidlarning nurlanishi orqali hosil boʻladigan nurlanish dozasi;
texnogen ravishda oʻzgartirilgan radiatsiyaviy fon — inson faoliyati natijasida oʻzgargan tabiiy radiatsiyaviy fon;
xodimlar (personal) — bevosita ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan doimiy yoki vaqtincha ishlaydigan yoxud ish sharoitlariga koʻra bunday manbalar taʼsir zonasidagi jismoniy shaxslar;
yadroviy xavfsizlik — yadroviy materialdan xavfsiz foydalanishni taʼminlovchi chora-tadbirlar majmui.
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilik
Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlashning asosiy prinsiplari
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
normalashtirish prinsipi — ionlashtiruvchi nurlanish barcha manbalaridan fuqarolarning nurlanish olishi individual dozasini yoʻl qoʻyiladigan, ular sogʻligʻiga xavfsiz boʻlgan darajadan oshirmaslik;
asoslash prinsipi — inson va jamiyat uchun keltiradigan foydasi agar (tabiiy radiatsiyaviy fonga qoʻshimcha ravishda) yetkazishi ehtimol tutilayotgan xavfdan ortiq boʻlmasa, ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanishga oid faoliyatning barcha turlarini taqiqlash;
minimallashtirish prinsipi — ionlashtiruvchi nurlanishning har qanday manbaidan foydalanilganda nurlanish olishning individual dozalarini fuqarolar sogʻligʻiga xavfsiz boʻlgan chegarada va nurlanish olayotgan shaxslar sonini mumkin qadar oz darajada boʻlishini saqlab turish.
5-modda. Fuqarolarning radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlashdagi huquq va majburiyatlari
Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan nurlanish oqibatida ularning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga yetkazilgan zarar qonunchilikka muvofiq qoplanishi;
(5-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
atrof muhitning, foydalanishdagi va isteʼmoldagi predmetlarning radiatsiyaviy holati, radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek oʻzlari olgan nurlanish dozasi toʻgʻrisida toʻliq va xolis axborot olish;
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalari muhokamasida ishtirok etish.
Fuqarolar quyidagilarga majburdirlar:
Oldingi tahrirga qarang.
radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishga;
(5-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
mahalliy davlat hokimiyati organlarining, radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida tartibga solishni amalga oshirayotgan davlat organlarining talablarini bajarishga.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikka muvofiq fuqarolar boshqa huquqlarga ega boʻlishi hamda ular zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(5-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Ayrim toifadagi fuqarolarning ijtimoiy himoyasi
Nurlanish olish dozalarining belgilangan asosiy chegaralaridan oshib ketish ehtimoli boʻlgan hududlarda yashovchi fuqarolar ijtimoiy himoyalanish huquqiga ega. Ijtimoiy himoyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 246-moddasiga muvofiq, tabiiy-iqlim va turmush sharoitlari noqulay boʻlgan joylarda mehnat haqiga rayon koeffitsiyentlari va ustamalar belgilanadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasiga koʻra, ishlovchilarning ish haqiga mintaqaviy koeffitsiyent belgilangan hududlarda yashovchi shaxslar va oilalarga pensiya tayinlashda mintaqaviy koeffitsiyent eʼtiborga olingan holda hisoblab chiqilgan amaldagi ish haqi hisobga olinadi.
II. RADIATSIYAVIY XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASH SOHASINI TARTIBGA SOLISH
7-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda u vakolat bergan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish quyidagilardan iborat boʻladi:
radiatsiyaviy xavfsizlikka doir talablarga rioya etilishini davlat tomonidan nazorat qilish va tekshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash;
(7-moddaning ikkinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini, yemlarni, ichimlik va texnik suvlarni, qurilish materiallarini va ulardan tayyorlangan buyumlarni radiatsiyaviy ifloslanish jihatidan sertifikatlash;
barcha turdagi qurilish uchun yer uchastkalari ajratilishi kelishib olinayotganda radiatsiyaviy ifloslanishni aniqlash.
Oldingi tahrirga qarang.
8-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazorat va muvofiqlashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-566-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2019-y., 03/19/566/3734-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat nazorati organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bundan mustasno.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-566-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2019-y., 03/19/566/3734-son)
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi ishlab chiqarish nazorati ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar, shuningdek tarkibida tabiiy radioaktiv elementlar mavjud boʻlgan xom ashyo, qurilish materiallari va mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaruvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi jamoatchilik nazorati Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
(8-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-avgustdagi OʻRQ-559-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2019-y., 03/19/559/3670-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazorat va muvofiqlashtirishni amalga oshirish tartibi qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
(8-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2009-yildagi 13-avgustdagi 231-sonli “Radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar, shuningdek yadroviy materiallar aylanishini davlat tomonidan hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
9-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish obyektlarining davlat ekspertizasi
Oldingi tahrirga qarang.
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish obyektlari qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tartibda davlat ekologik, radiatsiya-gigiyena va texnikaviy ekspertizasidan oʻtkazilishi shart.
(9-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-sonli “Atrof-muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
10-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyat belgilangan tartibda berilgan litsenziya asosida amalga oshiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini ishlatish sohasidagi ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini, ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini loyihalashtirish, barpo etishni, ular uchun texnologik asbob-uskunalarni, radiatsiyadan muhofaza qilish vositalarini yaratish va tayyorlashni;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini qazib olishni, ishlab chiqarishni, hosil qilishni, qayta ishlashni, ulardan foydalanishni, ularni saqlash, ularga xizmat koʻrsatishni, ularni tashishni, zararsizlantirishni, utilizatsiya qilishni va koʻmib tashlashni.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 782-son qarori bilan tasdiqlangan “Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalada boʻladigan sohalardagi faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida nizom”.
(10-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
11-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida normalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida normalashtirish qonunchilikda belgilanadigan tartibda tasdiqlanadigan hamda roʻyxatga olinadigan radiatsiyaviy xavfsizlik sanitariya normalari va qoidalarini, gigiyena normativlarini, milliy standartlarni, qurilish normalari va qoidalarini, mehnat muhofazasi qoidalarini, radiatsiyaviy xavfsizlik boʻyicha yoʻriqnomaga oid, uslubiy va boshqa hujjatlarni joriy etish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(11-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrdagi OʻRQ-800-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
Qarang: Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006).
III. RADIATSIYAVIY XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASHGA DOIR TALABLAR
12-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlikning taʼminlanishi
Radiatsiyaviy xavfsizlik quyidagi yoʻllar bilan taʼminlanadi:
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanilganda fuqarolar olgan nurlanishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish yagona davlat tizimining amal qilishi;
radiatsiyaviy taʼsir tufayli fuqarolar sogʻligʻiga zarar yetkazilishi xavfi yuqori boʻlganligi uchun toʻlanadigan tovon turlari va miqdorlarini belgilab qoʻyish;
radiatsiyaviy avariya natijasida fuqarolar sogʻligʻiga hamda ular mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish bilan bogʻliq faoliyat turlarini belgilash;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining eksport va import qilinishini davlat tomonidan tartibga solish;
tibbiy-profilaktik tadbirlar oʻtkazish;
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 363-moddasiga qarang.
radiatsiyaviy vaziyat hamda radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida fuqarolarni xabardor qilish;
fuqarolarga radiatsiyaviy xavfsizlik chora-tadbirlarini oʻrgatish;
radiatsiyaviy avariyalar natijasida nurlanishga duchor boʻlgan fuqarolarga yordam koʻrsatish;
radioaktiv ifloslanish zonalarida fuqarolarning yashashiga doir alohida rejimlarni joriy etish;
tegishli hududda radiatsiyaviy avariyalar oqibatlarini bartaraf etish;
radiatsiyaviy avariya yuzaga kelishi xavfi boʻlgan taqdirda tezkor chora-tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish.
Oldingi tahrirga qarang.
Radiatsiyaviy xavfsizlik qonunchilikka muvofiq boshqa chora-tadbirlar orqali ham taʼminlanishi mumkin.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
13-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlik holatini baholash
Radiatsiyaviy xavfsizlik holatini baholash radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash tadbirlarini rejalashtirish va amalga oshirish, mazkur tadbirlar samaradorligini tahlil etish chogʻida mahalliy davlat hokimiyati organlari, radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlari, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar tomonidan olib boriladi.
Radiatsiyaviy xavfsizlik holatini baholash quyidagi asosiy koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi:
atrof muhit radioaktiv ifloslanishining tavsifi;
radiatsiyaviy xavfsizlik tadbirlarining taʼminlanishi hamda radiatsiyaviy xavfsizlik normalari va qoidalari hamda gigiyena normativlarining bajarilishi tahlili;
radiatsiyaviy avariyalar ehtimoli va ularning koʻlami;
radiatsiyaviy avariyalarni va ularning oqibatlarini bartaraf etishga tayyorgarlik darajasi;
xodimlar (personal) va aholi ionlashtiruvchi nurlanish barcha manbalaridan olayotgan, olgan va olish ehtimoli boʻlgan nurlanish dozalarining tahlili;
nurlanish dozalarining belgilab qoʻyilgan asosiy chegarasidan yuqori boʻlgan nurlanishga duchor boʻlgan shaxslar soni.
14-modda. Radiatsiya-gigiyena pasporti
Oldingi tahrirga qarang.
Radiatsiya-gigiyena pasporti — ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchi yuridik shaxsning radiatsiyaviy xavfsizlik holatini tavsiflovchi hujjat.
Radiatsiya-gigiyena pasportiga har yili radiatsiyaviy xavfsizlik holatini baholash natijalari kiritib boriladi.
(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 13-apreldagi OʻRQ-282-sonli Qonuniga asosan birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 15-son, 148-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Radiatsiya-gigiyena pasportlarini yuritish tartibi qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
(14-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006) va Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006).
15-modda. Tabiiy radionuklidlar taʼsir etish chogʻida radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash
Yer uchastkalarini tanlash, binolar hamda inshootlarni loyihalashtirish va qurish xonalar havosiga tabiiy radionuklidlar tushishini bartaraf etish hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
Qurilish materiallarini ishlab chiqarish, binolar va inshootlarni foydalanishga qabul qilib olish, binolar va inshootlardan foydalanish xonalari havosidagi tabiiy radionuklidlarning mavjudlik darajasini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
Radiatsiyaviy xavfsizlik normativlariga javob bermaydigan qurilish materiallari va buyumlaridan foydalanish taqiqlanadi.
Turar joy va ishlab chiqarish xonalarida aholi va xodimlar (personal)ning tabiiy radionuklidlar oqibatida nurlanish olishi belgilab qoʻyilgan normativlardan oshmasligi kerak.
16-modda. Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda hamda ichimlik suvidan foydalanishda radiatsiyaviy xavfsizlikning taʼminlanishi
Oziq-ovqat xom ashyosi, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvi hamda ularni tayyorlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish jarayonida ularga yondosh boʻladigan materiallar va buyumlar radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash talablariga javob berishi kerak.
17-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchining radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash borasidagi majburiyatlari
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchi quyidagilarga majburdir:
Oldingi tahrirga qarang.
radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishga;
(17-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalari boʻlmish mahsulotlar, materiallar va moddalar, texnologik jarayonlarning radiatsiyaviy xavfsizligini asoslash va baholash ishlarini olib borishga;
ish joylarida, xonalarda, ishlab chiqarish hududlarida, sanitariya-muhofaza zonalarida va kuzatuv zonalarida radiatsiya vaziyati ustidan, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining chiqarilishi, tashlanishi ustidan va koʻmib tashlangan joylarida ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirishga;
xodimlar (personal) nurlanish olganligining individual dozalari nazoratini va hisobini olib borishga;
ishlab chiqarish rahbarlarini, xodimlar (personal)ni, ishlab chiqarish nazorati xizmati mutaxassislarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga va attestatsiyadan oʻtkazishga;
xodimlar (personal)ni ularning ish joylaridagi ionlashtiruvchi nurlanish darajalari xususida hamda ular olgan nurlanishning individual dozalari toʻgʻrisida muntazam xabardor qilib borishga;
xodimlar (personal) tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini tashkil etib turishga;
ishlatilmayotgan ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini koʻmib tashlashni taʼminlashga;
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlarining talablarini bajarishga.
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasi.
18-modda. Nurlanish olishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanishda, tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda fuqarolar olgan, shuningdek tabiiy radiatsiyaviy fon va texnogen ravishda oʻzgargan radiatsiyaviy fon sababli yuzaga kelgan nurlanish olishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab qoʻygan tartibda yaratiladigan nurlanish olishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish yagona davlat tizimi doirasida amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 3-apreldagi 98-son qarori bilan tasdiqlangan Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari aylanishini davlat tomonidan hisobga olish va nazorat qilish tizimini tashkil etish qoidalari.
19-modda. Tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda fuqarolarning radiatsiyaviy xavfsizligini taʼminlash
Tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda fuqarolarning oladigan nurlanish dozalari radiatsiyaviy xavfsizlikning belgilab qoʻyilgan normalariga muvofiq boʻlishi kerak.
Tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda fuqarolarni muhofaza qilish vositalaridan foydalanish lozim.
Fuqaro talabi bilan unga tibbiy rentgenoradiologik muolajalar oʻtkazilganda olinishi kutilayotgan yoki u olayotgan nurlanish dozasi toʻgʻrisida va buning ehtimol tutilgan oqibatlari xususida axborot beriladi.
Fuqaro tibbiy rentgenoradiologik muolajalardan voz kechish huquqiga ega, epidemiologik jihatdan xavfli kasalliklarni aniqlash maqsadida oʻtkazilayotgan profilaktik tadqiqotlar bundan mustasno.
20-modda. Sanitariya-muhofaza va kuzatuv zonalari
Fuqarolar hamda atrof muhitni muhofaza qilish maqsadida ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanilayotgan obyektlar joylashgan yerda sanitariya-muhofaza va kuzatuv zonalari belgilab qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sanitariya-muhofaza zonalarining oʻlchamlari va chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan belgilanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishiladi.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
Sanitariya-muhofaza zonasida odamlarning doimiy va vaqtincha yashashi, shuningdek ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlab chiqarish obyektlarining va boshqa obyektlarning joylashtirilishi taqiqlanadi.
Sanitariya-muhofaza zonasida joylashgan mavjud obyektlar va inshootlardan, ularning yoʻnalishi oʻzgargan taqdirda, xoʻjalik maqsadlari uchun foydalanishga ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Kuzatuv zonasi, uning oʻlchamlari va chegaralari ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar tomonidan belgilanadi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlari bilan kelishiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kuzatuv zonasida qonunchilikka muvofiq xoʻjalik faoliyatiga doir cheklovlar joriy etilishi mumkin.
(20-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Kuzatuv zonasida va sanitariya-muhofaza zonasida radiatsiyaviy avariyani bartaraf etish chora-tadbirlari amal qilishi tatbiq etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sanitariya-muhofaza zonasi hamda kuzatuv zonasini belgilab qoʻyish oqibatida yetkazilgan zararlar ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar tomonidan qonunchilikka muvofiq qoplanadi.
(20-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
21-modda. Radioaktiv chiqindilarni saqlash yoki koʻmib tashlash
Radioaktiv chiqindilarni saqlashda yoki koʻmib tashlashda ularning atrof muhitdan ajratib qoʻyilishi taʼminlangan boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Radioaktiv chiqindilarni yigʻish va koʻmib tashlashni tashkil etish tartibi qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasiga qarang.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonunining 21—22-moddalariga qarang.
22-modda. Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash ularni ishlatishning barcha turlarida majburiydir.
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishi ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchilar tomonidan taʼminlanadi.
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash texnik va tashkiliy choralar majmuini rejalashtirish hamda amalga oshirish yagona tizimini nazarda tutadi, bu tizim quyidagilarga yoʻnaltirilgan boʻladi:
radioaktiv va yadroviy materiallar joylashgan hududga ruxsatsiz kirishning, shuningdek ularning talon-taroj qilinishi yoki shikastlanishining oldini olish;
yoʻqolgan yoki oʻgʻirlangan radioaktiv va yadroviy materiallarni topish va qaytarish.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 3-apreldagi 98-son qarori bilan tasdiqlangan Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari aylanishini davlat tomonidan hisobga olish va nazorat qilish tizimini tashkil etish qoidalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
(22-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-566-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2019-y., 03/19/566/3734-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Radioaktiv va yadroviy materiallarning saqlanishini taʼminlash tartibi qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
(22-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yildagi 13-avgustdagi 231-sonli “Radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilar, shuningdek yadroviy materiallar aylanishini davlat tomonidan hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
IV. RADIATSIYAVIY AVARIYA SODIR BOʻLGANDA RADIATSIYAVIY XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASH
23-modda. Fuqarolar va atrof muhitni radiatsiyaviy avariyalardan muhofaza qilish
Radiatsiyaviy avariyalar yuzaga kelishi ehtimoli mavjud tashkilotlar quyidagilarga ega boʻlishi shart:
potensial radiatsiyaviy avariya vaziyatlarining (ular oqibatlari taxmini hamda radiatsiyaviy holati taxmini koʻrsatilgan) roʻyxatiga;
radiatsiyaviy avariya yuzaga kelganda qarorlar qabul qilish mezonlariga;
fuqarolar va atrof muhitni radiatsiyaviy avariya va uning oqibatlaridan muhofaza qilish tadbirlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari, radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlari bilan kelishilgan rejasiga;
radiatsiyaviy avariyadan xabardor qilish va radiatsiyaviy avariya oqibatlarining tugatilishini taʼminlash vositalariga;
radiatsiyadan zararlanishning oldini olish tibbiy vositalari va radiatsiyaviy avariyada jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish vositalariga;
xodimlar (personal) jumlasidan tuziladigan avariya-qutqaruv boʻlinmalariga.
24-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchining radiatsiyaviy avariya sodir boʻlgan paytdagi majburiyatlari
Radiatsiyaviy avariya sodir boʻlgan taqdirda ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchi quyidagilarga majburdir:
xodimlar (personal)ni va aholini radiatsiyaviy avariyadan hamda uning oqibatlaridan muhofaza qilish tadbirlari bajarilishini taʼminlashga;
radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida tartibga solishni amalga oshiruvchi davlat organlarini, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarini va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini xabardor qilishga;
jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish choralarini koʻrishga;
radioaktiv ifloslanish oʻchogʻi doirasini kamaytirishga va atrof muhitga radioaktiv moddalar tarqalishini bartaraf etishga;
radiatsiyaviy avariyaning kechishini va radiatsiyaviy avariya vaqtidagi radiatsiyaviy vaziyat oʻzgarishlarini tahlil qilishga hamda ularning taxminiy chizgilarini tayyorlab qoʻyishga;
radiatsiyaviy avariya tugatilganidan keyin radiatsiyaviy vaziyatni normallashtirish choralarini koʻrishga.
25-modda. Radiatsiyaviy avariya oqibatlarini tugatishga jalb etiladigan fuqarolar yuqori nurlanish olishining rejalashtirilishi
Radiatsiyaviy avariya oqibatlarini tugatish, avariya-qutqaruv ishlari hamda dezaktivatsiya oʻtkazishga jalb etiladigan fuqarolar yuqori nurlanish olishining rejalashtirilishi faqat odamlarni qutqarish va ularning yanada koʻproq nurlanish olishining oldini olish zaruratidan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Radiatsiyaviy avariya oqibatlarini tugatishga jalb etiladigan fuqarolarning nurlanish olishi belgilab qoʻyilgan gigiyena normativlaridan oshmasligi kerak.
Radiatsiyaviy avariyalar oqibatlarini tugatishga jalb etiladigan fuqarolar yuqori nurlanish olishining rejalashtirilishiga ularning ixtiyoriy roziligi boʻlgan hamda ehtimol tutilgan nurlanish dozalari va sogʻliq uchun zarari toʻgʻrisida oldindan xabardor qilingan holda ularning hayoti mobaynida bir marta yoʻl qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur ishlarni bajarish uchun jalb etiladigan shaxslarga xavf yuqori boʻlganligi uchun toʻlanadigan tovon hamda radiatsiya taʼsirida sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash turlari va miqdorlari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.
(25-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Prezidiumi va Prezident huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-apreldagi 170-son “Chernobil halokatidan ziyon koʻrgan Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ijtimoiy himoyalash haqida”gi qaroriga qarang.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 30-maydagi PF-3079-son “Yadro poligonlarida va boshqa yadroviy-radiatsiya obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 31-maydagi 188-son “Yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
V. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
26-modda. Xalqaro shartnomalar
Oldingi tahrirga qarang.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(26-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(27-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
28-modda. Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Radiatsiyaviy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(28-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 252—2551-moddalariga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 31-avgust,
120-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 7-8-son, 212-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 50-51-son, 512-modda; 2011-y., 15-son, 148-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2019-y., 03/19/559/3670-son, 11.09.2019-y., 03/19/566/3734-son, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son)