O‘zbekiston Respublikasining qonuni
HOMIYLIK TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 28-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 29-martda ma’qullangan
Senat tomonidan 2007-yil 29-martda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi homiylik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik
Homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining homiylik to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ko‘ngillilar — homiylik oluvchining yoxud homiylik tashkilotining manfaatlarini ko‘zlab bepul ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish shaklidagi homiylikni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar;
Oldingi tahrirga qarang.
xayriya qutisi — naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini yig‘ish uchun mo‘ljallangan idish bo‘lib, undan foydalanish huquqi homiylik tashkilotlariga, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslarga tegishli bo‘ladi;
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuniga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
homiylar — homiylikni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
homiylik (homiylik faoliyati) — yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik maqsadlarida boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga mol-mulkni, shu jumladan pul mablag‘larini qaytarmaslik sharti bilan yoki imtiyozli shartlarda berishda, ular uchun ishlar bajarishda, ularga xizmatlar ko‘rsatish va ularni boshqacha shaklda qo‘llab-quvvatlashda ifodalanadigan ixtiyoriy beg‘araz yordami (faoliyati);
homiylik oluvchilar — homiylik oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
homiylik subyektlari — homiylar, ko‘ngillilar, homiylik tashkilotlari, shuningdek homiylik oluvchilar;
Oldingi tahrirga qarang.
homiylik tashkiloti — homiylik faoliyatini amalga oshirish uchun tuzilgan nodavlat notijorat tashkiloti;
(3-moddaning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
homiylik xayriyalari — homiylik maqsadlariga yo‘naltiriladigan mol-mulk, shu jumladan pul mablag‘lari.
4-modda. Homiylik maqsadlari
Homiylik quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, shu jumladan aholining ijtimoiy jihatdan muhofaza qilinmagan va kam ta’minlangan toifalarining moddiy ahvolini yaxshilash, o‘z jismoniy yoki intellektual xususiyatlari, boshqa holatlar sababli mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshira olmaydigan hamda qonuniy manfaatlarini himoya qila olmaydigan ishsizlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish;
(4-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashga ko‘maklashish;
oilaning jamiyatdagi nufuzi va rolini mustahkamlashga ko‘maklashish;
onalik, bolalik va otalikni himoya qilishga ko‘maklashish;
ta’lim, fan, madaniyat, san’at, ma’rifat sohasidagi faoliyatga, shuningdek shaxsning ma’naviy kamol topishiga ko‘maklashish;
kasalliklar profilaktikasi va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi faoliyatga, shuningdek sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga ko‘maklashish, fuqarolarga ma’naviy-ruhiy yordam ko‘rsatish;
jismoniy tarbiya va ommaviy sport sohasidagi faoliyatga ko‘maklashish;
aholini tabiiy ofatlar, ekologiya, sanoat halokatlari yoki boshqa halokatlar oqibatlarini bartaraf etishga, baxtsiz hodisalarning oldini olishga tayyorlash;
terrorchilik harakatlari, tabiiy ofatlar, ekologiya, sanoat halokatlari yoki boshqa halokatlar natijasida jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish;
atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikka muvofiq homiylik boshqa maqsadlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
(4-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tijorat tashkilotlariga, siyosiy partiyalarga va harakatlarga pul mablag‘lari hamda boshqa moddiy mablag‘lar berish, o‘zga shaklda yordam ko‘rsatish, shuningdek ularni qo‘llab-quvvatlash homiylik hisoblanmaydi.
Saylovoldi tashviqoti va referendumga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha tashviqot maqsadida homiylik qilish taqiqlanadi.
Qonunga zid bo‘lgan har qanday faoliyatni homiylik vositasida qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi.
5-modda. Homiylikni amalga oshirishga bo‘lgan huquq
Yuridik va jismoniy shaxslar homiylikni ixtiyoriy ravishda hamda moneliksiz amalga oshirishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerak hamda bu xarajatlar ular biznes-rejasining o‘tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko‘rsatkichlari bajarilganda amalga oshiriladi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
Yuridik va jismoniy shaxslar homiylikni yakka tartibda yoki birlashib, homiylik tashkilotini tashkil etgan yoxud tashkil etmagan holda amalga oshirishga haqli.
Homiylar o‘z homiylik xayriyalaridan foydalanish maqsadlari va tartibini belgilashga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
51-modda. Olingan homiylik xayriyalarini hisobga olish va ular to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik oluvchilar (yuridik shaxslar):
(51-moddaning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
olingan homiylik xayriyalarining hisobini yuritishi;
Oldingi tahrirga qarang.
homiylik xayriyalari olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek mavjud bo‘lgan taqdirda o‘z rasmiy veb-saytlarida yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida olingan homiylik xayriyalari to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishi shart.
(51-moddaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik oluvchi jismoniy shaxslar homiylik xayriyalarining miqdori va ulardan maqsadli foydalanilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni ushbu xayriyalarni bergan shaxslarning talabiga ko‘ra taqdim etadi.
(51-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
Oldingi tahrirga qarang.
52-modda. Homiylik xayriyalarini yig‘ish
Homiylik xayriyalarini yig‘ish muayyan homiylik oluvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, oldindan e’lon qilingan muddat davomida amalga oshiriladi.
Homiylik xayriyalari homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘z bank hisobvaraqlariga pul mablag‘larini o‘tkazish orqali, naqd pul yoki mol-mulk shaklida yig‘ilishi mumkin.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalarini naqd pul shaklida yig‘ish faqat xayriya qutisi yordamida amalga oshiriladi, bundan naqd pul shaklidagi homiylik xayriyalarini ularning bank hisobvaraqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazish hollari mustasno.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar tomonidan homiylik xayriyalari mol-mulk shaklida yig‘ilgan taqdirda, qabul qilib olingan mol-mulk ro‘yxati shakllantirilib, mol-mulkning turi, miqdori (hajmi) ko‘rsatilgan holda dalolatnoma tuziladi.
Homiylik xayriyalarini yig‘ish jarayoni boshlanishidan kamida bir kun oldin homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar homiylik xayriyalarini yig‘ish shakllariga qarab, ular yig‘iladigan bank hisobvaraqlari, xayriya qutilari joylashtiriladigan va mol-mulk yig‘iladigan manzillar, homiylik xayriyalarini yig‘ishning maqsadi, muddatlari, zarur bo‘lgan pul mablag‘ining (mol-mulkning) miqdori to‘g‘risida va homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar bilan bog‘lanish uchun ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida yoki o‘z rasmiy veb-saytida yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qiladi.
Homiylik tashkilotlari va homiylikni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar yig‘ilgan homiylik xayriyalari miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotni homiylik xayriyalari yig‘ish jarayoni tugagach bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida yoki o‘z rasmiy veb-saytida yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qiladi.
Homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxslar yig‘ilgan homiylik xayriyalaridan homiylik maqsadlarida foydalanilganligi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotni tegishli soliq hisobotida aks ettirishi shart.
Jismoniy shaxs homiylik xayriyalarini faqat o‘zi yoki yaqin qarindoshlari (ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukasi va opa-singillari, eri (xotini), farzandi, shu jumladan farzandlikka olingan bolalari, bobosi, buvisi, nevaralari, shuningdek erning (xotinning) ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari) uchun o‘z bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartasiga pul o‘tkazish orqali, naqd pul yoki mol-mulk shaklida yig‘ishga haqli.
Ko‘ngillilar homiylik oluvchilarning manfaatlarini ko‘zlab, homiylik xayriyalarini yig‘ishga faqat e’lon berish orqali ko‘maklashadi, bundan ushbu moddaning sakkizinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunda homiylik xayriyalarini yig‘ish homiylik oluvchi jismoniy shaxslar yoki ularning yaqin qarindoshlari nomlariga ochilgan bank hisobvaraqlariga yoki shaxsiy bank kartalariga pul o‘tkazish orqali yoki ularga bevosita naqd pul (mol-mulk) berish orqali, shuningdek homiylik oluvchi yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlariga pul mablag‘larini o‘tkazish yoki ularga mol-mulk berish orqali amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan homiylik oluvchilarning manfaatlarini ko‘zlab homiylik xayriyalarini yig‘ishga hamda pul yig‘ish uchun o‘ziga tegishli bo‘lgan bank hisobvaraqlari va bank kartalari raqamlari haqida e’lon berishiga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ushbu moddaning sakkizinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
53-modda. Xayriya qutilarini o‘rnatish va ulardan foydalanish
Homiylik xayriyalarini yig‘ish uchun xayriya qutilaridan faqat homiylik tashkilotlari, homiylikni amalga oshiruvchi va homiylik oluvchi yuridik shaxslar foydalanadi.
Xayriya qutisi shaffof bo‘lishi va uni ochish joyi homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan imzolangan hamda homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning muhri bilan muhrlangan qog‘ozli plomba yoki raqamlangan plomba bilan plombalangan bo‘lishi shart.
Homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs tomonidan xayriya qutisida homiylik xayriyalarini yig‘ish maqsadi to‘g‘risidagi axborot, o‘zining rasmiy nomi va yuridik manzili, u bilan aloqa bog‘lashga doir ma’lumotlar, shuningdek rasmiy veb-sayti yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqidagi ma’lumotlar joylashtirilishi shart.
Xayriya qutisini o‘rnatish ko‘chmas mulk egasi yoki u vakolat bergan shaxs va homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs o‘rtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi (bundan ko‘chmas mulk homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning egaligida yoki foydalanishida bo‘lgan hollar, shuningdek xayriya qutisining homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs tomonidan tashkil etiladigan tadbir joyida va tadbir vaqtida o‘rnatilganligi hollari mustasno). Xayriya qutisini ko‘chmas mulk hududida saqlash shartlari shartnomada ko‘rsatiladi.
Xayriya qutisidagi yig‘ilgan pul mablag‘lari xayriya qutisi to‘lganda, to‘plangan mablag‘lardan foydalanish ehtiyoji yuzaga kelganda yoki homiylik xayriyalarini yig‘ish muddatlari tugaganda olinadi.
Xayriya qutisi homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning vakolatli xodimi tomonidan kamida ikki nafar xolis hozirligida xayriya qutisi o‘rnatilgan joyda ochiladi va hisoblab chiqiladi. Xayriya qutisini ochish va mablag‘larni hisoblab chiqish jarayoni videoyozuvga olinadi.
Xayriya qutisidan olingan pul mablag‘larining miqdori homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning vakolatli xodimi va kamida ikki nafar xolis tomonidan imzolanadigan dalolatnomada qayd etiladi.
Dalolatnoma va videoyozuv homiylik tashkilotida, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsda saqlanadi hamda dalolatnoma tuzilgan kundan e’tiboran bir kun ichida dalolatnomadagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida yoki ularning rasmiy veb-saytida yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.
Pul mablag‘lari homiylik tashkiloti, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxs tomonidan xayriya qutisidan olingan kunda yoki keyingi ish kunida homiylik tashkilotining, homiylikni amalga oshiruvchi yoki homiylik oluvchi yuridik shaxsning bankdagi hisobvarag‘iga o‘tkazilishi shart.
Ushbu moddaning qoidalari ehson qutilarini o‘rnatgan diniy tashkilotlarga va ular tomonidan tashkil etilgan jamoat fondlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(52 va 53-moddalar O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
2-bob. Homiylik tashkilotlari
6-modda. Homiylik tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakli
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkilotlari jamoat birlashmasi, jamoat fondi shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shaklda tashkil etilishi mumkin.
(6-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 74—77-moddalari va O‘zbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 10—13-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Homiylik tashkilotlari o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanuvchi uyushmalarga (ittifoqlarga) va o‘zga birlashmalarga birlashishlari mumkin.
7-modda. Homiylik tashkilotining muassislari
Homiylik tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakliga qarab yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar ularning muassislari bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, davlat muassasalari hamda tashkilotlari homiylik tashkilotining muassislari bo‘lishi mumkin emas.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
8-modda. Homiylik tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(8-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 21—27-moddalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 12-dekabrdagi PQ-2085-sonli “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Adliya organining homiylik tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish haqidagi qarori, shuningdek mazkur organning davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarini buzganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
9-modda. Homiylik tashkilotlarining mol-mulki
Binolar, yer uchastkalari, transport, inshootlar, asbob-uskunalar, pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar va boshqa mol-mulk, shuningdek axborot resurslari va o‘zga intellektual faoliyat natijalari homiylik tashkilotining mulki bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkiloti o‘zida bo‘lgan mol-mulkka nisbatan qonunchilikka, tashkilotning ustaviga va homiylik maqsadlariga zid bo‘lmagan har qanday bitim tuzishga haqli.
(9-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkiloti o‘z ta’minoti (shu jumladan faoliyati bilan bog‘liq barcha xarajatlari) uchun moliya yilida o‘zi sarflaydigan moliyaviy mablag‘larning ko‘pi bilan 30 foizidan foydalanishga haqli. Ushbu cheklov homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan shaxslarning mehnatiga haq to‘lashga nisbatan qo‘llanilmaydi.
(9-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
Homiylik tashkiloti ko‘ngillilarning ushbu tashkilotdagi faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarini (xizmat safari, transport xarajatlarini va boshqa xarajatlarini) to‘lashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan homiylik tashkilotining hisobvarag‘iga tushgan mablag‘lardan faqat bu mablag‘larni ajratish chog‘ida nazarda tutilgan homiylik maqsadlari uchun foydalaniladi.
Homiylik tashkilotlariga berilgan homiylik xayriyalaridan faqat homiylik maqsadlarida foydalaniladi va bu xayriyalardan homiylik tashkilotlarini saqlash uchun foydalanilishi mumkin emas.
Homiylik tashkilotining mol-mulki bu tashkilotning muassislariga yoki a’zolariga boshqa shaxslarga sotilishi yoxud berilishiga qaraganda qulayroq shartlarda sotilishi yoki berilishi mumkin emas.
Homiylik tashkiloti o‘z majburiyatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki bilan javob beradi.
10-modda. Homiylik tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari
Homiylik tashkilotining mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
homiylik tashkiloti muassislarining badallari, a’zolikka asoslangan homiylik tashkilotlari uchun esa a’zolik badallari;
yuridik va jismoniy shaxslarning pul va (yoki) boshqa mol-mulk shaklidagi homiylik xayriyalari;
aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlar;
qonun bilan ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar, shu jumladan homiylik tashkiloti ta’sis etgan tijorat tuzilmalaridan tushgan tushumlar;
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 40-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasiga ko‘ra tijoratchi bo‘lmagan tashkilot (nodavlat notijorat tashkilot) o‘zining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
homiylar va ko‘ngillilarni jalb etish, shu jumladan homiylik xayriyalari yig‘ish maqsadida o‘tkaziladigan ko‘ngilochar, madaniy, sport tadbirlari va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish kampaniyalarini o‘tkazishdan tushadigan mablag‘lar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan tartibda lotereyalar va kimoshdi savdolari o‘tkazishdan olingan daromadlar;
(10-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
(10-moddaning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Homiylik dasturi
Homiylik dasturi homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangan va mazkur tashkilotning ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan vazifalarni hal qilishga qaratilgan tadbirlar majmuidir.
Homiylik dasturi mo‘ljallanayotgan tushumlar hamda rejalashtirilayotgan xarajatlar smetasini (shu jumladan homiylik dasturini amalga oshirishda ishtirok etayotgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lashni) o‘z ichiga oladi, dasturni amalga oshirish bosqichlari va muddatlarini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik dasturlarini (shu jumladan homiylik dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash xarajatlarini va homiylik dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni) moliyalashtirish uchun moliya yilida tushgan daromadlarning, qonun bilan ruxsat etilgan tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlarning, shu jumladan homiylik tashkiloti ta’sis etgan tijorat tuzilmalaridan tushgan tushumlarning kamida 70 foizidan foydalanilishi kerak.
(11-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
Homiylik dasturlari amalga oshirilayotganda tushgan mablag‘lardan shu dasturlarda belgilangan muddatlarda foydalaniladi.
12-modda. Homiylik tashkilotini qayta tashkil etish va tugatish
Homiylik tashkilotini qayta tashkil etish va tugatish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 va 53-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 36-moddasi.
Homiylik tashkiloti tugatilganda uning kreditorlar talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulkidan tashkilot ustavida nazarda tutilgan tartibda yoki, agar homiylik tashkilotining mol-mulkidan foydalanish tartibi uning ustavida nazarda tutilmagan bo‘lsa yoxud qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, tugatish komissiyasining qaroriga binoan homiylik maqsadlarida foydalaniladi.
3-bob. Homiylikning amalga oshirilishida davlatning ishtirok etishi. Xalqaro homiylik faoliyati
13-modda. Homiylik subyektlariga davlat tomonidan kafolatlar berilishi
Homiylik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat tomonidan kafolatlanadi.
Homiylik subyektining o‘z homiylik maqsadlarini va amalga oshirish shakllarini tanlash erkinligini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
14-modda. Homiylikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Davlat homiylikni quyidagi shakllarda qo‘llab-quvvatlashi mumkin:
homiylik tashkilotlari ishlab chiqadigan homiylik dasturlarini tanlov asosida davlat tomonidan moliyalashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat mol-mulkini homiylik tashkilotlariga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda bepul yoki imtiyozli asosda mulk qilib berish;
(14-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat mulki bo‘lgan binolar, joylar va boshqa mol-mulk ijarasi haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar berish;
homiylik tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish;
homiylar, ko‘ngillilar hamda homiylik tashkilotlarini rag‘batlantirish.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikka muvofiq davlat homiylikni boshqa shakllarda ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik oluvchilar tomonidan homiylik xayriyalarining olinishi ularning qonunchilikda belgilangan boshqa yordam turlaridan, to‘lovlardan yoki imtiyozlardan foydalanishini cheklash yoki to‘xtatish uchun asos bo‘lmaydi.
(14-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 21-avgustdagi O‘RQ-1083-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 23-noyabr)
15-modda. Homiylik subyektlariga beriladigan imtiyozlar
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik subyektlariga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar beriladi.
(15-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 159, 211, 308 va 324-moddalariga muvofiq homiylik subyektlariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berilgan.
16-modda. Homiylik tashkiloti faoliyati ustidan nazorat
Adliya organlari homiylik tashkilotining ustavi qoidalariga rioya etilishi ustidan o‘z vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkilotining moliyalashtirish manbalari va daromadlari hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashi ustidan davlat soliq xizmati organlari qonunchilikka muvofiq davlat nazoratini amalga oshiradi.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylik tashkilotining faoliyati to‘g‘risidagi hisobot qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda adliya va davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladi.
(16-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 47-bandi.
Homiylik tashkilotiga mol-mulk, shu jumladan pul mablag‘lari beruvchi homiylar mazkur tashkilotdan shu mol-mulkdan maqsadli foydalanilganligi to‘g‘risida hisobot talab qilishga haqli.
Homiylik tashkiloti o‘z yillik hisobotlaridan erkin foydalanilishini ta’minlaydi.
Homiylik tashkiloti daromadlari va xarajatlarining miqdorlari hamda tuzilishi, mol-mulki, xodimlarining soni, ularning mehnatiga haq to‘lash va ko‘ngillilarni jalb etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar tijorat siri bo‘lmaydi.
Adliya organlari homiylik tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish uchun o‘z vakillarini yuborishga, mazkur tashkilot a’zolaridan va boshqa fuqarolardan homiylik tashkilotining ustaviga rioya etilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar olishga haqli.
17-modda. Xalqaro homiylik faoliyatini amalga oshirish
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylar, ko‘ngillilar hamda homiylik tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida hamda xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda xalqaro homiylik faoliyatini amalga oshirishga haqli.
Xalqaro homiylik faoliyati xalqaro homiylik loyihalarida, xalqaro homiylik tashkilotlarining ishida ishtirok etish, homiylik faoliyati sohasida xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish orqali, shuningdek xalqaro amaliyotda qabul qilingan hamda xalqaro huquq prinsiplari va normalariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmagan boshqa har qanday shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Homiylik tashkiloti chet el fuqarolaridan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq homiylik xayriyalari olish huquqiga ega.
(17-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: ushbu Qonunning 17-18-moddalari.
18-modda. Chet el fuqarolarining, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, xalqaro va chet el tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi homiylik faoliyati
Chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, xalqaro va chet el tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi hududida homiylar va ko‘ngillilar sifatidagi faoliyatni ushbu Qonunga muvofiq amalga oshirishlari mumkin.
Chet el fuqarolarining, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, shuningdek xalqaro va chet el tashkilotlarining homiylik xayriyalaridan maqsadli foydalanilishi monitoringini olib borish hamda bunday xayriyalardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risidagi nizom.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
19-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi
Ushbu Qonunda manfaatlar to‘qnashuvi deganda homiylik tashkiloti va manfaatdor shaxslar (mazkur tashkilot boshqaruv organlarining xodimlari, shu jumladan mansabdor shaxslari, a’zolari, ularning yaqin qarindoshlari yoki kreditorlari, shuningdek o‘zlarining homiylik tashkiloti bilan o‘zaro munosabatlari oqibatida tashkilotning mol-mulkini tasarruf qilishga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaat ko‘rish maqsadida tashkilot bilan shaxsan yoki o‘z vakillari orqali hamkorlik qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar) o‘rtasida amalga oshiriladigan, homiylik tashkilotining mol-mulkini tasarruf etishga daxldor bo‘lgan, homiylik faoliyatining manfaatlari hamda maqsadlariga mos kelmagan yoki mos kelmasligi mumkin bo‘lgan bitimlar va (yoki) operatsiyalar e’tirof etiladi.
Homiylik tashkilotining manfaatdor shaxslar bilan bitimlar tuzishiga, shuningdek homiylik tashkiloti tomonidan manfaatdor shaxslar foydasiga boshqa harakatlar amalga oshirilishiga homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi chog‘ida vujudga keladigan nizolar homiylik tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sud tomonidan hal qilinadi.
20-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Homiylikni amalga oshirish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(20-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risidagi nizom 3-bo‘limining 1-paragrafi.
Oldingi tahrirga qarang.
21-modda. Homiylik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Homiylik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(21-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risidagi nizom 3-bo‘limining 1-paragrafi.
Oldingi tahrirga qarang.
22-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(22-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
23-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2007-yil 3-maydagi 86 (4239) - sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 2-may,
O‘RQ-96-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 17-18-son, 174-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2016-y., 17-son, 173-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son; 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 22.08.2025-y., 03/25/1083/0769-son)