OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
QARORI
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qoʻyiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 27-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3736]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ-282-son “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank boshqaruvi qaror qiladi:
1. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qoʻyiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 16-dekabr,
311-son
Markaziy bank raisi T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2025-yil 16-dekabr,
34/7-son
Kelishildi:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A. ORTIKOV
2025-yil 10-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 6-dekabr
Soliq qoʻmitasi raisi F. PULATOV
2025-yil 3-dekabr
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori L. DMITRIY
2025-yil 28-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2025-yil 16-dekabrdagi 311-son va Markaziy bank boshqaruvining 2025-yil 16-dekabrdagi 34/7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qoʻyiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va ushbu moliyaviy hisobotlarni auditorlik tekshiruvidan oʻtkazishga qoʻyiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (bundan buyon matnda MHXS deb yuritiladi) muvofiq buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tuzish maqsadida Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar — mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq faoliyat turi, aktivlari hamda yillik tushumi, dividend shaklidagi daromadlari miqdori yoki xodimlarining soni tufayli yuqori ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirga, shuningdek, keng doiradagi manfaatdor tomonlarga ega boʻlish kabi mezonlarga javob beradigan tijorat tashkilotlari;
maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestri (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) — maxsus vakolatli davlat organi va Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan shakllantiriladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasi va Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtiriladigan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar roʻyxati.
2-bob. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari
3. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari (bundan buyon matnda mezonlar deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq belgilanadi.
4. Mezonlarga javob beradigan tashkilotlar har yili 1-iyulga qadar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki nazorati ostidagi tashkilotlar esa Markaziy bank tomonidan Reyestrga kiritiladi.
3-bob. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarning moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar
5. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar Reyestrga kiritilgan yildan keyingi yilning 1-yanvaridan boshlab MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi hamda navbatdagi (ikkinchi) yil yakuniga koʻra moliyaviy hisobotlarni MHXSga muvofiq tuzish va ularni auditorlik xulosalari bilan birga eʼlon qilishni amalga oshiradi, qonunchilik hujjatlarida MHXSga oʻtishning ertaroq muddatlari nazarda tutilgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Bunda yangi tashkil etilgan yoki faoliyat turini oʻzgartirish orqali qayta tashkil etilgan tashkilotlar mezonlarga javob bersa, ular Reyestrga kiritiladi hamda Reyestrga kiritilgan sanadan boshlab MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etishi mumkin.
6. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar tomonidan moliyaviy hisobotlarni tuzish va taqdim qilish muddatlari Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3567, 2024-yil 4-noyabr) asosan belgilanadi. Bunda mazkur Nizom talablari tatbiq etilmaydigan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar tomonidan moliyaviy hisobotlar hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyunidan kechiktirmay taqdim etiladi.
7. Oʻz nazorati ostidagi tashkilotlar, shuningdek, shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga ega boʻlgan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar guruh boʻyicha konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni hamda oʻzining alohida moliyaviy hisobotini tuzadi.
8. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar tomonidan “MHXSning barqarorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish standartlari” (IFRS Sustainability Disclosure Standards) 2027-yil 1-yanvardan boshlab qoʻllaniladi, bundan qonunchilik hujjatlarida ertaroq muddatlar nazarda tutilgan yuridik shaxslar mustasno.
9. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar oʻzining moliyaviy hisobotini (ushbu Nizomning 7-bandidagi tashkilotlar konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotini ham) hamda “MHXSning barqarorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish standartlari” asosida tuzilgan hisobotini auditorlik xulosasi bilan birga oʻz veb-saytida va Korporativ axborot yagona portalida aksiyadorlarning yoki tashkilotning boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin, ammo hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyunidan kechiktirmay eʼlon qiladi.
Maxsus vakolatli davlat organi Reyestr maʼlumotlari asosida Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarning MHXSga muvofiq tuzilgan moliyaviy hisobotlari oʻz vaqtida eʼlon qilinishini monitoring qilib boradi.
4-bob. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarning moliyaviy hisobotlarini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazishga qoʻyiladigan talablar
10. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarning MHXSga muvofiq tuzilgan moliyaviy hisoboti (bundan buyon matnda moliyaviy hisobot deb yuritiladi) auditorlik tashkiloti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda auditorlik faoliyati standartlarida belgilangan tartibda auditorlik tekshiruvidan oʻtkaziladi.
Bunda moliyaviy hisobotning auditorlik tekshiruvidan oʻtkazishga qoʻyiladigan talablar Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar Reyestrga kiritilgan yildan keyingi yillar uchun tuzilgan moliyaviy hisobotlarga nisbatan qoʻllaniladi.
11. Moliyaviy hisobotning auditorlik tekshiruvi Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilgan hamda majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazadigan auditorlik tashkilotlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan auditorlik tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladi.
Tijorat banklari, shu jumladan mikromoliya banklarining auditorlik tekshiruvi Bank va banklar guruhida auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari hamda banklarning auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish huquqi uchun auditorning malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (roʻyxat raqami 3432, 2023-yil 8-may) belgilangan talablarga mos keluvchi auditorlik tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
12. Auditorlik xulosasi Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi tomonidan eʼlon qilinadigan auditning xalqaro standartlariga (International Standards on Auditing) muvofiq tayyorlanadi va unga tegishli moliyaviy hisobot ilova qilinadi.
13. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar auditorlik tashkilotini mustaqil tanlaydi, bunda davlat buyurtmachisi tomonidan auditorlik tashkilotini tanlash davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi
14. Mezonlarga javob beradigan tashkilotlar boʻyicha ushbu Nizomning 19-bandida keltirilgan maʼlumotlar (bundan buyon matnda maʼlumotlar deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki nazorati ostidagi tashkilotlar boʻyicha Markaziy bank tomonidan, davlat ishtirokidagi korxonalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan har yili 1-iyunga qadar maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etib boriladi.
15. Taqdim etilgan maʼlumotlar asosida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan har yili 1-iyulga qadar Reyestr shakllantiriladi.
Reyestrni shakllantirishda ushbu Nizomga 1-ilovaning 6-bandida koʻrsatib oʻtilgan yuridik shaxslarni Reyestrga kiritish masalasi ushbu masala koʻrib chiqilayotgan yildan oldingi ikki kalendar yil yakuni boʻyicha soliq organlariga taqdim etilgan moliyaviy hisobotlardagi koʻrsatkichlarga asosan aniqlanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi, Markaziy banki va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmay maxsus vakolatli davlat organiga mezonlarga javob beradigan tashkilotlar yoki mezonlarga javob bermaydigan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar boʻyicha maʼlumotlarni elektron shaklda taqdim etib boradi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi, Markaziy banki hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan maxsus vakolatli davlat organiga mezonlarga javob beradigan tashkilot boʻyicha maʼlumotlar kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ushbu tashkilot Reyestrga kiritiladi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilot Reyestrga kiritilganligi haqida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Reyestrga kiritilgan vaqtdan boshlab oʻn kun ichida xabardor qilinadi.
18. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilot mezonlarga javob bermaslik fakti aniqlangan vaqtdan boshlab navbatdagi ikki yil mobaynida Reyestrda qoladi.
Agar Jamoat ahamiyatiga ega tashkilot keyingi ikki yil davomida mezonlarga javob bermasa, maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Reyestrdan chiqarib yuboriladi hamda Reyestrdan chiqarib yuborilgan tashkilot bu haqida oʻn kun ichida xabardor qilinadi.
19. Reyestrda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar elektron shaklda yuritiladi:
nomi;
Reyestrga kiritilgan yili;
belgilangan mezon tartib raqami;
tashkiliy-huquqiy shakli;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
faoliyat yuritadigan hududi;
aktivlarining balans qiymati;
mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik tushumlari;
xodimlarini oʻrtacha yillik soni;
oxirgi ikki yildagi eʼlon qilingan moliyaviy hisobotlari va auditorlik xulosalariga havolalar;
xalqaro buxgalter sertifikatiga ega xodimlari soni va xalqaro buxgalter sertifikati turi (agar mavjud boʻlsa);
oxirgi auditorlik tekshiruvini oʻtkazgan auditorlik tashkilotining nomi;
auditorlik tashkiloti tomonidan berilgan auditorlik xulosasi turi;
auditorlik tekshiruvi natijasida aniqlangan asosiy masalalar (agar mavjud boʻlsa).
20. Reyestr ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda har yili 1-iyulga qadar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati portali yagona platformasi hamda Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtiriladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
21. Maxsus vakolatli davlat organi Reyestrning yuritilishini va unga zarur oʻzgartirishlar oʻz vaqtida kiritib borilishini taʼminlaydi.
22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari
1. Qimmatli qogʻozlari fond birjasining listingiga kiritilgan va ommaviy savdolarga chiqariladigan (Publicly Traded Entity) tashkilotlar.
2. Tijorat banklari, mikromoliya banklari, mikromoliya tashkilotlari, faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari, toʻlov tizimi operatorlari, toʻlov tashkilotlari.
3. Investitsiya fondlari.
4. Birjalar.
5. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foiz va undan ortiq boʻlgan hamda bir vaqtning oʻzida ketma-ket oxirgi ikki kalendar yil davomida mazkur Mezonlarning 6-bandi “a” kichik bandiga muvofiq keladigan hamda mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik sof tushumi va dividend shaklidagi daromadlari birgalikda bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq boʻlgan davlat ishtirokidagi korxonalar.
6. Bir vaqtning oʻzida ketma-ket oxirgi ikki kalendar yil davomida hisobot yili yakunlariga koʻra:
a) aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq;
b) mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik sof tushumi bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq;
d) xodimlarining oʻrtacha yillik soni besh yuz nafardan kam boʻlmagan tashkilotlar.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar
REYESTRI
T/r | Tashkilot nomi | Reyestrga kiritilgan yili | Belgilangan mezon tartib raqami | Tashkiliy-huquqiy shakli | STIR | Faoliyat yuritadigan hududi | Oxirgi ikki yildagi eʼlon qilingan moliyaviy hisobotlari va auditorlik xulosalariga havolalar |
1. | |||||||
2. | |||||||
3. | |||||||
4. |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025 y., 10/25/3736/1236-son)