Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, davlat yordami berilishida xususiy sektor vakillari va davlat ishtirokidagi korxonalar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash orqali bunday yordamni berish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ularning raqobatga taʼsirini baholash uchun vakolatli davlat organiga majburiy tartibda kiritilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasini tasdiqlash haqida” 2023-yil 29-dekabrdagi 694-son qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ularning raqobatga taʼsirini baholash tartibini takomillashtirish;
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “subsidiya.imv.uz” platformasidagi tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan qoʻllab-quvvatlash choralari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan reyestrda (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) barcha davlat yordami turlari boʻyicha maʼlumotlarning shaffofligini taʼminlasin.
Bunda quyidagilar tizimli ravishda taʼminlanadi:
Reyestrda davlat yordamini beruvchilar va undan foydalanuvchilar, davlat yordamining shakllari va miqdorlari, uni koʻrsatish muddati, moliyalashtirish manbalari, huquqiy asoslari hamda davlat yordamini nazarda tutuvchi barcha hujjatlar boʻyicha toʻliq va ishonchli maʼlumotlar aks ettiriladi;
davlat yordamini beruvchi vakolatli organlar tomonidan davlat yordamini berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab oʻn kun ichida zarur maʼlumotlar Reyestrga kiritiladi;
Reyestr davlat tilida elektron shaklda yuritiladi, jamoatchilik uchun ochiq boʻladi hamda davlat yordami dasturlari va yakka tartibda berilgan davlat yordamiga oid maʼlumotlar bilan muntazam ravishda yangilab boriladi (davlat yoki tijorat siri hisoblangan maʼlumotlar bundan mustasno);
Reyestr Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har chorakda kamida bir marta yangilanadi;
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan Reyestr maʼlumotlari asosida berilgan davlat yordamining raqobatga taʼsiri baholanadi (ex-post shaklida).
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi X.S. Turaxujayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-sentabr,
462-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 462-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasini tasdiqlash haqida” 2023-yil 29-dekabrdagi 694-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Qaror nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”.
2. 2-bandda:
a) “b” kichik bandning birinchi xatboshisidagi “tasdiqlansin” soʻzi chiqarib tashlansin;
b) quyidagi mazmundagi “v” kichik band bilan toʻldirilsin:
“v) Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholashning asosiy mezonlari;
vakolatli organ tomonidan davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi;
davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash uchun axborot manbalari”.
3. 1-ilovaning 1-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Davlat yordamini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining raqobatga taʼsiri Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq baholanadi”.
4. Quyidagi mazmundagi 3-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 694-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“barchaga yoki hech kimga” tamoyili — davlat yordamini ajratishda bir xil sharoit va mezonlarga ega boʻlgan, tovar va moliya bozorida faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga davlat yordami alohida tartibda tanlab berilmasdan, teng ravishda taqdim etilishi yoki umuman taqdim etilmasligi;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi;
davlat yordami — davlat tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida berish;
davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash — normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida nazarda tutilgan davlat yordamining raqobatni bevosita yoki bilvosita cheklash ehtimolini aniqlash va baholash.
3. Davlat yordami quyidagi maqsadlarni amalga oshirish uchun berilishi mumkin:
respublika hududlari yoki alohida tarmoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini oshirish;
amalga oshirilayotgan loyihalarning innovatsion xususiyatga ega boʻlishini taʼminlash;
fuqarolar bandligini taʼminlash hamda ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish va respublikada ekologik holatni yaxshilash;
kichik va oʻrta biznes vakillarini yoki xotin-qiz tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash.
4. Har qanday davlat yordami quyidagi umumiy shartlar asosida beriladi:
davlat yordami bozor mexanizmlari samara bermagan muayyan holatlarni bartaraf etish yoki bozorda teng shartlarni taʼminlash zarur boʻlganda hamda ushbu maqsadga raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatmaslikdan boshqa choralar orqali erishish imkoni mavjud boʻlmaganda;
davlat yordami mutanosib boʻlib, zarur boʻlgan eng kam miqdor, muddat va koʻlam bilan cheklangan holda, benefitsiarga ortiqcha kompensatsiya berilishiga olib kelmaganda;
davlat yordami ragʻbatlantiruvchi taʼsirga ega boʻlib, benefitsiar xatti-harakatini oʻzgartirishi va davlat yordami boʻlmagan taqdirda, amalga oshirilmaydigan (yoki sezilarli darajada kamroq amalga oshiriladigan) qoʻshimcha faoliyatni yuzaga keltirganda;
davlat yordami raqobat va savdoga salbiy taʼsirlarni kamaytirish tarzida ishlab chiqilib, imkon qadar ochiq, raqobatbardosh va kamsitishsiz taqsimlanganda.
5. Vakolatli organ tomonidan davlat yordami berilishida uning raqobatga taʼsiri baholanadi.
2-bob. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholashning asosiy mezonlari
6. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida nazarda tutilgan davlat yordamining raqobatga taʼsiri quyidagi oqibatlarning biriga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlganda, uning taʼsiri raqobat uchun salbiy deb baholanadi:
davlat yordami yagona xoʻjalik yurituvchi subyektga yoki ayrim shaxslar guruhiga berilsa;
davlat yordami faqat davlat ishtirokidagi korxonalarga yoki mahalliy korxonalar yoxud xorijiy investorlarga berilsa;
barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat yordamidan teng foydalanish imkoniyati cheklansa;
davlat yordamini berish tartibi mavjud boʻlmasa va shaffofligi taʼminlanmagan boʻlsa;
davlat yordamining berilishi tovar va moliya bozorida narxlarning erkin shakllanishiga toʻsqinlik qilsa;
davlat yordamini muddatsiz berish nazarda tutilgan boʻlsa;
berilayotgan davlat yordami avval samarasiz deb baholangan boʻlsa;
vakolatli organ tomonidan davlat yordamining berilishi Davlat budjeti taqchilligini keltirib chiqarishi yoki ijtimoiy maqsadlar uchun yoʻnaltiriladigan davlat yordamining miqdori qisqarishiga olib kelishi boʻyicha xulosa berilgan boʻlsa.
3-bob. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi
7. Vakolatli organga xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun har qanday turdagi (yakka tartibda yoki tanlangan qismiga) davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va (yoki) tartibga solish taʼsirini baholash (keyingi oʻrinlarda — TSTB) hisoboti ularning raqobatga taʼsirini baholash uchun kiritiladi.
8. Vakolatli organ tomonidan davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholashdan oʻtkazish va xulosa olish uchun kiritilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va TSTB hisoboti oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
9. Vakolatli organ tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va TSTB hisoboti koʻrib chiqilishi natijasiga koʻra loyihaning maqsadga muvofiqligi, uni qayta koʻrib chiqish lozimligi yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa rasmiylashtiriladi va ishlab chiquvchiga taqdim etiladi.
10. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi va TSTB hisoboti yuzasidan vakolatli organning xulosasi loyihani ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqilishi lozim.
11. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli organning xulosasi loyiha bilan birga Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
12. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasiga kiritilganda, unga vakolatli organning xulosasi majburiy tartibda ilova qilinadi.
13. Quyidagi hollarda davlat yordami nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari va TSTB hisoboti raqobatga taʼsiri yuzasidan baholashdan oʻtkazilmaydi:
normativ-huquqiy hujjat loyihasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha cheklovchi tadbirlarni (karantinni) belgilash uchun ishlab chiqilayotgan boʻlsa;
normativ-huquqiy hujjat loyihasida yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar nazarda tutilsa;
davlat yordami “barchaga yoki hech kimga” tamoyili asosida hududda faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning barchasiga tatbiq etilsa.
4-bob. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi
14. Davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchilar tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va (yoki) TSTB hisoboti unga quyidagi maʼlumotlar va hujjatlarni ilova qilgan holda vakolatli organga taqdim etiladi:
davlat yordami berilishi natijasida manfaatlariga taʼsir koʻrsatadigan tegishli tovar va moliya bozori ishtirokchilarining soni;
davlat yordamining “barchaga yoki hech kimga” tamoyili asosida barcha uchun berilishi yoki umuman tatbiq etilmasligi oqibatida vujudga keladigan holatlar tahlili (hisob-kitobi);
davlat yordamining aynan bir yoki bir nechta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga berilishi oqibatida ushbu tovar va moliya bozorida faoliyat yuritayotgan raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan taʼsiri;
davlat yordamining berilishi bilan tartibga solinadigan tovarga (ishga, xizmatga) ehtiyojning darajasi;
davlat yordami berilishi nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashga asos boʻlgan hujjatlar va tahliliy maʼlumotlar.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi davlat organi va tashkilotlari taqdim qilingan hisob-kitoblar, maʼlumotlar va hujjatlarning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.
15. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan davlat yordami berilishi nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va (yoki) TSTB hisoboti ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan tegishli hujjatlar bilan birga vakolatli organning hududiy organlariga kiritiladi.
Vakolatli organning hududiy organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va (yoki) TSTB ushbu Nizom talablari hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
5-bob. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash uchun axborot manbalari
16. Davlat yordami berilishi nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va (yoki) TSTB hisobotining raqobatga taʼsirini baholashda rasmiy va norasmiy axborotlardan foydalaniladi.
17. Rasmiy axborotlarga quyidagilar kiradi:
rasmiy statistika maʼlumotlari;
davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlari;
oqibatlarni prognozlashtirish masalalari boʻyicha ilmiy-tahliliy materiallar va nashrlar, ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar hamda yigʻilishlar materiallari;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarning natijalari;
ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmogʻidagi rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan maʼlumotlar;
raqobatga taʼsirni baholash doirasida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan, shu jumladan, bevosita joyiga chiqqan holda oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida olingan (aniqlangan) maʼlumotlar;
normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar;
sud amaliyoti;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa rasmiy manbalar.
18. Norasmiy maʼlumotlarga quyidagilar kiradi:
nodavlat notijorat tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
Internet tarmogʻining norasmiy axborot resurslari;
tijorat maʼlumotlari;
jamoatchilik oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnomalar.
19. Vakolatli organ quyidagilarga haqli:
raqobatga taʼsiri baholanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari predmetiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tanishishga;
raqobatga taʼsiri baholanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar normalariga aniqlik kiritishga va ular boʻyicha tegishli tushuntirishlar olishga;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha manfaatlariga aloqador tomonlarning, shuningdek, mustaqil ekspertlar va boshqa malakali mutaxassislarning fikrlarini oʻrganishga.
20. Vakolatli organ quyidagilarga majbur:
raqobatga taʼsirni baholashni tashkil etish va baholashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilishga;
raqobatga taʼsirni baholashda maʼlum boʻlib qolgan davlat sirlari va tijorat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslikka;
taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanishini taʼminlashga.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
22. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2026-y., 09/26/462/0891-son)