O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZINING
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZINING
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI TIZIMI BOShQARUV ORGANLARI VA O‘QUV YuRTLARINING RAHBAR VA PEDAGOG KADRLARI ATTESTATSIYASI TO‘G‘RISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 29-sentabrda 1414-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
Makur qaror O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining “Rahbar va pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi 2005-yil 30-dekabrdagi 106-son, 43-son, 01-356-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1540-son, 18.01.2006-y.) bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 293-sonli va 2004-yil 5-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 372-sonli qarorlariga muvofiq, qaror qilamiz:
1. “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimi boshqaruv organlari va o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlari attestatsiyasi to‘g‘risida nizom” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Nizom barcha xalq ta’limi tizimi organlari va o‘quv yurtlariga yetkazilsin.
3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kundan keyin kuchga kiradi.
Xalq ta’limi vaziri T. JO‘RAYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-avgust,
78-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-avgust,
01-211-son
Xalq ta’limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining
2004-yil 26-avgustdagi 78, 01-211-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2004-yil 26-avgustdagi 78, 01-211-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimi boshqaruv organlari va o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlari attestatsiyasi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Mehnat kodeksi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 293-sonli, 2004-yil 5-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 372-sonli qarorlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Xalq ta’limi tizimi boshqaruv organlari va o‘quv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini attestatsiyadan (keyingi o‘rinlarda — pedagog va rahbar kadrlar attestatsiyasi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Rahbar kadrlar attestatsiyasi ularning “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Davlat ta’lim standartlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-iyuldagi “2004—2009-yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 321-sonli qarori, respublikada amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bajarilishini ta’minlashdagi faolligi, ta’lim muassasasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar sifati va egallab turgan lavozimlariga muvofiqligini xolis baholash, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish maqsadida o‘tkaziladi.
Pedagog kadrlar attestatsiyasi ularning kasb mahoratlari o‘sishini rag‘batlantirish, ta’lim-tarbiya, yangi pedagogik texnologiyalarni yaratish va uni ta’lim-tarbiya jarayonida qo‘llash, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi mehnati natijalarini xolis baholash, egallab turgan yoki da’vogarlik qilayotgan toifa va lavozimlariga muvofiqligini aniqlash, ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Pedagog va rahbar kadrlar attestatsiyasi 5 yilda bir marta o‘tkaziladi.
2. Pedagog va rahbar kadrlar attestatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda — DTM) tarkibidagi Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalari attestatsiyasi boshqarmasi hamda Xalq ta’limi vazirligi (keyingi o‘rinlarda — vazirlik) bilan birgalikda ishlab chiqilgan jadvallar asosida tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
3. Xalq ta’limi tizimi attestatsiyadan o‘tkaziladigan rahbar kadrlari tarkibiga quyidagilar:
Xalq ta’limi vazirligining, shu jumladan bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining boshqarma va bo‘lim boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari;
pedagogika institutlarining prorektorlari, o‘quv va uslubiy bo‘lim rahbarlari, fakultet dekanlari va dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari va o‘rinbosarlari;
Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi respublika tashkilotlari rahbarlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy bo‘linmalar) rahbarlari, o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori va prorektorlari, kafedra mudirlari va o‘rinbosarlari;
umumiy o‘rta, maktabgacha, maktabdan tashqari va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari kiradi.
4. Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi respublika tashkilotlari va xalq ta’limi tizimi boshqaruv organlari mutaxassislari mazkur Nizomning rahbar kadrlar uchun belgilangan tartib asosida attestatsiyadan o‘tkaziladi.
5. Xalq ta’limi tizimi pedagog kadrlari tarkibiga professor-o‘qituvchi, o‘qituvchi, uslubchi, tarbiyachi, psixolog, defektolog, logoped, sport instruktori, musiqa va to‘garak rahbarlari kiradi.
6. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan kamida 1 oy oldin attestatsiyadan o‘tuvchilarga attestatsiyaga oid rasmiy xabar, hujjatlar va dastur yuboriladi.
II. Pedagog va rahbar kadrlar attestatsiyasini tashkil etish
7. O‘rindoshlik bo‘yicha ishlayotgan pedagoglar asosiy ish joyida attestatsiyadan o‘tkaziladi.
8. Xalq ta’limi vazirligi, hududiy bo‘linmalar pedagog va rahbar kadrlar attestatsiyasi jarayonini tashkil etishga mas’ul hisoblanadi.
9. Xalq ta’limi vazirligi, hududiy bo‘linmalar va ta’lim muassasalari rahbarlari attestatsiyadan o‘tuvchilarni attestatsiya tartib va qoidalari bilan tanishtiradi, attestatsiyadan o‘tuvchilar ro‘yxatini tuzadi hamda tegishli buyruqlarini qabul qiladi.
10. Attestatsiyadan o‘tuvchi rahbarlar ta’limni boshqaruv organiga; pedagoglar ta’lim muassasasi rahbariyatiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ma’lumotnoma-so‘rovnoma;
ma’lumoti, toifasi, ilmiy daraja va unvoni haqidagi hujjatlar, malaka oshirganlik haqidagi guvohnoma, qayta tayyorlash muassasalarida olgan mutaxassisligi haqidagi guvohnoma nusxalari (mavjud bo‘lsa);
so‘nggi 5 yilda nashr etilgan ilmiy, o‘quv-uslubiy ishlari, ixtirolari va maqolalari ro‘yxati (mavjud bo‘lsa);
attestatsiyadan o‘tuvchining oxirgi 5 yildagi o‘quv, uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar bo‘yicha olib borgan ishlari hisoboti;
ta’lim muassasasini rivojlantirish borasidagi ishlari va kelgusidagi rejalari haqida qisqacha ma’lumot (rahbarlar uchun).
Komissiyaga taqdim etilgan rahbarlar to‘g‘risidagi hujjatlar ta’limni boshqaruv organi rahbariyati (pedagogika institutlarida rektor), pedagoglar to‘g‘risidagi hujjatlar ta’lim muassasasi (yoki bo‘lim) rahbarlari tomonidan imzolanadi. Hujjatlardagi ma’lumotlarning haqiqiyligiga imzo qo‘ygan mas’ul shaxs javobgar hisoblanadi.
11. Ishga mehnat shartnomasi asosida yangi qabul qilingan rahbarlar va pedagoglar kamida bir yildan keyin attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.
12. Pedagog kadrlar tayanch ma’lumoti yoki qayta tayyorlash muassasalarida olgan mutaxassisligi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tadi.
13. Ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlat fuqarolari attestatsiyaga jalb qilinmaydi.
III. Attestatsiya komissiyalarining tarkibi
14. Xalq ta’limi tizimi boshqaruv organlari rahbar kadrlarini attestatsiya qilish komissiyalari tarkibi Xalq ta’limi vazirligi va DTM xodimlaridan iborat bo‘lib, vazirlik buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Komissiya raisi — vazirlik rahbarlaridan, komissiya raisi o‘rinbosari DTM rahbarlaridan tayinlanadi.
15. Respublika bo‘ysunuvida bo‘lgan umumiy o‘rta, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, maxsus maktab (maktab-internat), mehribonlik uylari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish komissiyalari tarkibi Xalq ta’limi vazirligi vakillari, ta’lim muassasasi rahbarlaridan iborat bo‘lib, vazirlik tomonidan DTM bilan kelishilgan holda tuziladi. Komissiya raisi vazirlik xodimlaridan tayinlanadi.
16. Xalq ta’limi tizimi ta’lim muassasalari rahbar kadrlari va pedagogika institutlari professor-o‘qituvchilarini attestatsiya qilish komissiyalari tarkibi Xalq ta’limi vazirligi va DTM xodimlaridan iborat bo‘lib, DTM buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Komissiya raisi — DTM xodimlaridan, komissiya raisi o‘rinbosari vazirlik xodimlaridan tayinlanadi.
17. Hududiy bo‘linmalar bo‘ysunuvida bo‘lgan umumiy o‘rta, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, maxsus maktab (maktab-internat), mehribonlik uylari pedagog kadrlari attestatsiyasini tashkil etish maqsadida viloyatlar DTM xodimi (komissiya raisi), Hududiy bo‘linmalar vakillaridan iborat muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar DTM tomonidan vazirlik bilan kelishilgan holda tuziladi.
18. Muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar tomonidan har bir tuman (shahar)larda pedagog kadrlar attestatsiyasi komissiyasi tuziladi.
Muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar DTM va vazirlik bilan kelishilgan holda attestatsiya komissiyasining tarkibiga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega. Kiritilgan o‘zgartirishlar haqida DTM va vazirlikka ma’lumot beriladi.
19. Attestatsiya komissiyasining tarkibi 7 kishidan iborat bo‘ladi. Komissiya a’zolarining 5 nafari qatnashganda uning faoliyati vakolatli hisoblanadi.
20. Attestatsiya komissiyalarining faoliyat ko‘rsatish muddati Xalq ta’limi vazirligi va DTM tomonidan birgalikda belgilanadi.
IV. Attestatsiyani o‘tkazish tartibi
21. Rahbar kadrlar attestatsiyasi quyidagicha tashkil etiladi:
rahbar kadrlar ta’limga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar, rahbarlik qobiliyati va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar bo‘yicha test sinovidan o‘tkaziladi;
rahbarning oxirgi attestatsiyadan keyingi davrlardagi o‘quv-ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha faoliyati ta’lim muassasasining rivojlanish sur’ati haqidagi aniq statistik ma’lumotlar asosida o‘rganiladi va tahlil qilinadi;
jamoa o‘rtasida sotsiologik so‘rovlar o‘tkaziladi;
kasbiy va mansab vazifalarida belgilangan masalalar bo‘yicha suhbatdan o‘tkaziladi. Suhbat jarayonida berilgan savol va javoblar maxsus (sahifalangan, bog‘langan, muhrlangan) jurnalga qayd etiladi.
Rahbarning umumiy bali test, suhbat natijalari, rahbar faoliyatini belgilovchi ko‘rsatkichlarga qo‘yilgan ball hamda jamoa tomonidan berilgan baholar yig‘indisidan iborat bo‘ladi.
22. Rahbar kadrlar uchun test savollari to‘plami: O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Davlat ta’lim standartlari, Mehnat kodeksi va boshqa ta’lim sohasiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari, yangi pedagogik texnologiyalar, boshqaruv san’atiga oid psixologik testlar, rahbarlik faoliyatiga oid moliyaviy masalalarni o‘z ichiga oladi.
23. Ta’lim muassasasini rivojlantirish sur’atini belgilovchi ko‘rsatgichlarga bitiruvchilarning bilim darajasi, ta’lim muassasasidagi o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarining tashkil etilish darajasi, o‘quvchilarning xalqaro va respublika olimpiadalari, sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘riklardagi natijalari, bitiruvchilarining ishga (o‘qishga) joylashishi, o‘qituvchilar, iqtidorli va kam ta’minlangan o‘quvchilarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha olib borilgan ishlar, ta’lim muassasasi moddiy-texnik bazasi, fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik masalalari kiritiladi.
24. Sotsiologik so‘rovlar rahbarning xulq-atvori, insonparvarligi, jamoani boshqara olish qobiliyati, tashkilotchiligi, tashabbuskorligi, fidoiyligi, mas’uliyatliligi, qat’iyatliligi, xodimlar manfaati yo‘lida jonkuyarligi, adolatliligi, o‘ziga va o‘zgalarga nisbatan talabchanligi kabi fazilatlarini aniqlashga qaratiladi.
25. Pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
pedagog kadrlar o‘z mutaxassisligi hamda me’yoriy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar bo‘yicha test sinovidan, suhbatdan o‘tkaziladi;
pedagog o‘qitayotgan fan bo‘yicha o‘quvchilarning, talabalarning bilimi, o‘zlashtirish darajasi o‘rganiladi;
talabalar o‘rtasida sotsiologik so‘rovlar o‘tkaziladi.
Pedagogning umumiy bali test, suhbat natijalari, o‘quvchilarining bilim darajasi, ilmiy, o‘quv-metodik ishlari va ixtirolari, ijodiy ishlari, ish staji, pedagogning komissiya tomonidan o‘rganilgan kasbiy mahorati va rahbariyat tomonidan berilgan baholar yig‘indisidan iborat bo‘ladi.
Maxsus maktablar, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari, madaniyat, san’at, sport sohalari pedagog kadrlari, muhandis-pedagog kadrlar va ishlab chiqarish ustalari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha suhbatdan o‘tkaziladi.
26. Pedagog kadrlar uchun me’yoriy-huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlar bo‘yicha test savollari to‘plami: O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Davlat ta’lim standartlari, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari, yangi pedagogik texnologiyalarga oid masalalardan iborat bo‘ladi.
27. Har bir ta’lim turi bo‘yicha pedagog va rahbar kadrlar uchun attestatsiya jarayonida alohida test savollari banki, sotsiologik so‘rovlar, ta’lim muassasasining rivojlanish sur’ati va attestatsiyadan o‘tuvchining mehnat faoliyati samarasini belgilovchi o‘ziga xos ko‘rsatkichlardan foydalaniladi.
V. Pedagogika institutlari, hududiy boshqarmalar va tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari rahbariyatining attestatsiya jarayonini tashkil etishga oid vazifalari
28. Attestatsiya o‘tkazilishi haqida tegishli buyruqlarini chiqaradi. Attestatsiyadan o‘tuvchi rahbarlarning sonini aniqlaydi va ular haqidagi ma’lumotnomani vazirlikka taqdim etadi.
29. Attestatsiyadan o‘tuvchi rahbarlarni attestatsiya jarayoni bilan tanishtiriladi.
30. Hududiy boshqarmalarga biriktirilgan vazifalar DTMning viloyatlardagi doimiy vakili bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
31. Attestatsiya jarayonini tashkil etishda ta’lim organlari rahbarlari quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
attestatsiyadan o‘tuvchilar ro‘yxatini tuzadi, ular haqida tegishli buyrug‘ini rasmiylashtiradi;
attestatsiyadan o‘tuvchilarning hujjatlarini tayyorlaydi va ularga tavsifnomalar yozadi. Har bir attestatsiyadan o‘tuvchi uchun alohida yig‘ma jild tayyorlaydi;
attestatsiyadan o‘tuvchilarga attestatsiyaning tartib va qoidalarini tushuntirish uchun seminarlar o‘tkazadi va ularning attestatsiyaga to‘liq qatnashishini ta’minlaydi;
attestatsiyaga qatnasha olmaydiganlar ro‘yxatini tuzadi va ularning sababini aniqlaydi;
attestatsiya jarayonini o‘tkazishga zarur texnik vositalarning ish holatini tekshirib chiqadi va zarur bo‘lgan moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlaydi, tegishli shart-sharoitlarni yaratadi.
VI. Attestatsiya natijalari
32. Attestatsiya komissiyasi pedagog va rahbar kadrlar to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlar, test sinovlari, sotsialogik so‘rov va suhbat natijalari asosida umumiy xulosani qabul qiladi.
Umumiy xulosalar komissiya a’zolarining ochiq ovoz berishi yo‘li bilan aniqlanadi. Ovozlar teng bo‘lganda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Attestatsiya komissiyasining xulosasi bevosita attestatsiyadan keyin e’lon qilinadi.
33. Komissiya attestatsiya natijalariga ko‘ra rahbarga “Egallab turgan lavozimiga loyiq”, “Egallab turgan lavozimiga shartli ravishda loyiq”, “Egallab turgan lavozimiga noloyiq” degan xulosalardan birini chiqaradi.
34. “Egallab turgan lavozimiga shartli ravishda loyiq” deb e’tirof etilgan rahbar kadrlar 6 oydan so‘ng qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
35. Komissiya attestatsiya natijalariga ko‘ra pedagogga “Attestatsiyadan o‘tdi”, “Attestatsiyadan shartli o‘tdi” va “Attestatsiyadan o‘tmadi” degan xulosalardan birini chiqaradi.
36. Tayanch ma’lumoti dars berayotgan faniga mos kelmaydigan pedagog kadrlar qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmagan bo‘lsa, attestatsiyaga qo‘yilmaydi.
Mutaxassis toifaga ega pedagog “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilganda, shuningdek tayanch ma’lumoti dars berayotgan faniga mos kelmaydigan pedagog kadrlar qayta tayyorlash kurslaridan o‘tmagan bo‘lsa, tegishli ta’lim muassasasi rahbari pedagogga o‘z mutaxassisligiga o‘tishni hamda qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursiga borishni taklif qiladi. Ushbu takliflarga rozi bo‘lmaganda amaldagi qonunchilik asosida u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.
“Attestatsiyadan o‘tmadi” deb topilgan pedagoglar hamda qayta tayyorlash va malaka oshirish kursiga yuborilgan pedagoglar bir yildan so‘ng qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
37. Attestatsiya qilinuvchi:
attestatsiyaga uzrli sabab bilan kelmagan taqdirda, uning attestatsiyasi boshqa muddatga ko‘chiriladi;
attestatsiyaga uzrsiz sababga ko‘ra qatnashmagan pedagog yoki rahbar esa “Attestatsiya qilinmagan” deb e’tirof etiladi va mehnat qonunchiligiga asosan tegishli choralar ko‘riladi.
38. Ta’lim muassasasi rahbari attestatsiya komissiyalari xulosalari asosida rahbar yoki pedagog kadrlar uchun tegishli buyruqlarini qabul qiladi.
39. Attestatsiya komissiyasining xulosa (baho va tavsiya)lari attestatsiya varaqasida qayd etiladi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Attestatsiya varaqalari va bayonnomalariga o‘zgartirish kiritish qat’iyan man etiladi.
Attestatsiya varaqasi xodimning shaxsiy hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.
40. Attestatsiya natijalari bo‘yicha komissiya hisobot tayyorlaydi, vazirlikka va DTMga taqdim etadi.
41. Pedagog va rahbar kadrlar attestatsiya komissiyasining xulosasi bo‘yicha shikoyat va e’tirozlar bilan “Apellyatsiya komissiyasi”ga murojaat etishlari mumkin.
VII. Apellyatsiyani o‘tkazish tartibi
42. Apellyatsiya komissiyasi 3—5 kishidan iborat tarkibda DTM hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy boshqarmalar huzurida tuziladi. Komissiya ishida a’zolarining 3/2 qismi qatnashganda uning faoliyati vakolatli hisoblanadi.
Komissiya raisi vazirlik va Muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyasi xodimlaridan tayinlanadi.
43. Apellyatsiya komissiyasi ariza beruvchiga kamida besh kun oldin da’vo arizasini ko‘rib chiqish haqida ma’lum qiladi.
44. Apellyatsiya natijasi ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
45. Apellyatsiya komissiyasining xulosasi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va nusxasi ariza beruvchiga topshiriladi.
46. Pedagog va rahbar kadrlar attestatsiya komissiyasining hamda “Apellyatsiya komissiyasi”ning xulosasi bo‘yicha yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
VIII. Yakunlovchi qism
47. Pedagog va rahbar kadrlar attestatsiyasi jarayonidagi nizolar amaldagi qonunchilik doirasida hal etiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 38-39-son, 431-modda)