O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
Mijozlarga hisobvaraqlar ochish bo‘yicha belgilangan talablarni, ularning hisobvaraqlariga mablag‘larni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish, ish haqi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun naqd pul berish tartibini buzganlik uchun tijorat banklariga jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 30-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1044]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 24-avgustdagi 21/12-sonli ““Mijozlarga hisobvaraqlar ochish, ularning hisobvaraqlariga pul mablag‘larini hisobga kiritish va hisobdan chiqarish, ish haqi va qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan boshqa ehtiyojlar uchun naqd pul mablag‘larini berishning o‘rnatilgan tartiblarini buzganliklari uchun tijorat banklariga jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga o‘zgartirishlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 1044-3, 25.09.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 22-iyundagi “Naqd pul muomalasini mustahkamlash va tijorat banklari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 264-son qarori 6-bandini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Mijozlarga hisobvaraqlar ochish bo‘yicha belgilangan talablarni, ularning hisobvaraqlariga mablag‘larni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish, ish haqi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun naqd pul berish tartibini buzganlik uchun tijorat banklariga jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tgan kundan boshlab o‘n kundan keyin amalga kiritilsin.
Markaziy bank raisi v. b. M. JUMAGALDIYEV
Toshkent sh.,
2001-yil 23-iyun,
14/22-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2001-yil 23-iyundagi 14/22-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mijozlarga hisobvaraqlar ochish bo‘yicha belgilangan talablarni, ularning hisobvaraqlariga mablag‘larni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish, ish haqi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun naqd pul berish tartibini buzganlik uchun tijorat banklariga jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, 12-son, 412-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Naqd pul muomalasini mustahkamlash va tijorat banklarining mas’uliyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2001-yil 22-iyundagi 264-sonli qarorining (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2001-yil, 12-son, 79-modda) ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
2. Mazkur qonun hujjati tijorat banklariga nisbatan jarima jazo choralari miqdori va ularni qo‘llash, shuningdek ularni tijorat banklarining noqonuniy harakatlari tufayli huquq va manfaatlari buzilgan mijozlar foydasiga o‘tkazish tartibini belgilaydi.
3. Mazkur Nizomda nazarda tutilgan mas’uliyat choralari bank va mijoz o‘rtasida tuzilgan shartnoma matniga kiritilishi shart.
II. HISOBVARAQLAR OChISh TARTIBINI BUZGANLIK UChUN BANKLARGA NISBATAN QO‘LLANILADIGAN JAZO ChORALARI
4. Markaziy bank me’yoriy hujjatlarda nazarda tutilgan barcha zaruriy hujjatlar taqdim etilganidan keyin banklar tomonidan hisobvaraqlar ochishda sababsiz kechiktirilganlik yoki ochishdan bosh tortganlik, shuningdek mazkur turdagi hisobvaraq ochish uchun ortiqcha hujjatlarni talab qilganligi uchun bank ustav sarmoyasi belgilangan eng kam miqdorining 0,02 foizi miqdorida jarima to‘laydi.
III. MABLAG‘ MAVJUD BO‘LGANIDA ISh HAQI VA QONUNLARDA NAZARDA TUTILGAN BOShQA EHTIYOJLAR UChUN O‘Z VAQTIDA NAQD PUL BERMAGANLIGI UChUN BANKLARGA NISBATAN QO‘LLANILADIGAN JAZO ChORALARI
5. Banklar tomonidan ish haqi va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun o‘z vaqtida naqd pul bermaganlik uchun mijozlarga, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlariga ular hisobvaraqlarida mablag‘ bo‘lganida bank ustav sarmoyasi belgilangan eng kam miqdorining 0,005 foizi miqdorida jarima to‘laydi.
IV. MIJOZLAR HISOBVARAQLARIGA MABLAG‘ O‘TKAZISh VA HISOBDAN ChIQARIShNING BELGILANGAN TARTIBIGA RIOYA QILMAGANLIK UChUN BANKLARGA NISBATAN QO‘LLANILADIGAN JAZO ChORALARI
6. Qonunchilikda o‘rnatilgan mijozlar hisobvaraqlariga pullarni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish tartibini buzganlik uchun, elektron to‘lovlarni amalga oshirishning va xato amalga oshirilgan elektron to‘lovlarni qaytarishning o‘rnatilgan muddatlarini buzishni istisno etgan holda, bank ustav kapitalining eng kam miqdorining 0,01 foizi miqdorida jarima to‘laydi.
Elektron to‘lovlarni amalga oshirishning qonun hujjatlarida o‘rnatilgan muddatlari bank tomonidan buzilgan taqdirda, u mijozga kechiktirilgan har bir kun uchun kechiktirilgan elektron to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin kechiktirilgan elektron to‘lov summasining 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashi shart.
Bankning aybi bilan elektron to‘lov noto‘g‘ri amalga oshirilgan taqdirda, u mablag‘ni xatolik aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkazishi shart. Aks holda, mijoz bankdan mablag‘larni qaytarishni, shuningdek kechiktirilgan har bir kun uchun noto‘g‘ri amalga oshirilgan elektron to‘lov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin noto‘g‘ri amalga oshirilgan elektron to‘lov summaning 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashni qonunda belgilangan tartibda talab qilish huquqiga ega.
V. BANKLARNI JARIMALAR TO‘LAShDAN OZOD QILISh
7. Banklar quyidagi hollarda jarima to‘lashdan ozod qilinadi:
a) fors-major holatlari, shu jumladan, banklararo elektron to‘lovlar tizimida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan uzilish;
b) bank mijozi tomonidan amaldagi qonunlarda belgilangan talablarga mos kelmaydigan to‘lov hujjatlari taqdim qilinganda;
v) qonunlarda belgilangan tartibga bank yoki mijoz hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilganda.
VI. YAKUNIY QOIDALAR
8. Bank va mijoz o‘rtasida nizolar shartnoma shartlariga ko‘ra hal qilinadi. Vujudga kelgan nizolar o‘zaro kelishib hal qilinishining imkoni bo‘lmasa, ular sud tartibida ko‘rib chiqilishi mumkin.
9. Mazkur Nizomning 4 — 6-bandlariga muvofiq, bank tomonidan to‘langan jarima summasi qisman qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan bank (filiali) rahbari va bosh buxgalteri tomonidan qoplanadi.