Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
ELEKTRON TOʻLOVLAR TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2005-yil 2-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2005-yil 3-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2005-yil 3-dekabrda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-noyabrdagi OʻRQ-584-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2020-yil 3-fevraldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi elektron toʻlovlar sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Elektron toʻlovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Elektron toʻlovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining elektron toʻlovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Elektron toʻlov
Texnika vositalaridan, axborot texnologiyalaridan va axborot tizimlari xizmatlaridan foydalangan holda elektron toʻlov hujjatlari vositasida naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish elektron toʻlovdir.
Elektron toʻlov toʻlov tizimining subyektlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida toʻlov tizimining belgilangan qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
4-modda. Toʻlov tizimi va uning turlari
Elektron toʻlovlar amalga oshirilayotganda toʻlov tizimining subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan munosabatlar majmui toʻlov tizimidir.
Toʻlov tizimining turlari:
banklararo toʻlov tizimi;
bankning ichki toʻlov tizimi;
chakana toʻlovlar tizimi.
5-modda. Toʻlov tizimining qoidalari
Toʻlov tizimining qoidalarida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
toʻlov tizimi aʼzolarining toʻlov tizimiga aʼzo boʻlishi va aʼzolikdan chiqishi tartibi;
elektron toʻlovlarni amalga oshirish tartibi va shartlari, shu jumladan elektron toʻlov hujjati rekvizitlarining tarkibi va formati boʻyicha talablar;
axborot xavfsizligi va muhofazasini taʼminlash tartibi;
toʻlov tizimining subyektlari oʻrtasidagi nizolarni hal etish tartibi.
Toʻlov tizimining qoidalarida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalar ham koʻrsatilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining elektron toʻlovlarni tashkil etish va amalga oshirish masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlari toʻlov tizimining barcha subyektlari uchun majburiydir.
6-modda. Toʻlov tizimining subyektlari
Toʻlov tizimining aʼzolari va toʻlov tizimidan foydalanuvchilar toʻlov tizimining subyektlaridir.
Toʻlov tizimidan foydalanuvchilarga elektron toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar toʻlov tizimining aʼzolaridir.
Qaysi yuridik yoki jismoniy shaxslarga elektron toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilayotgan boʻlsa, shu yuridik yoki jismoniy shaxslar toʻlov tizimidan foydalanuvchilardir.
7-modda. Banklararo toʻlov tizimi
Banklararo toʻlov tizimi banklar oʻrtasidagi elektron toʻlovlarni banklarning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochilgan vakillik hisobvaraqlari orqali amalga oshirish uchun moʻljallangan.
Banklararo toʻlov tizimining qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
8-modda. Bankning ichki toʻlov tizimi
Bankning ichki toʻlov tizimi bank filiallari va mijozlari oʻrtasida elektron toʻlovlarni amalga oshirish, shuningdek banklararo toʻlov tizimi bilan oʻzaro harakatda boʻlish uchun moʻljallangan.
Bankning ichki toʻlov tizimi qoidalari toʻlov tizimining aʼzosi — bank tomonidan belgilanadi.
9-modda. Chakana toʻlovlar tizimi
Chakana toʻlovlar tizimi bank kartalari va boshqa elektron toʻlov vositalari (bundan buyon matnda elektron toʻlov vositalari deb yuritiladi) qoʻllanilgan holda elektron toʻlovlarni amalga oshirish uchun moʻljallangan. Elektron toʻlov vositasi uning mazkur chakana toʻlovlar tizimiga mansubligini identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan farqlovchi belgilarga (tovar belgisiga, xizmat koʻrsatish belgilariga) ega boʻlishi kerak.
Chakana toʻlovlar tizimining qoidalari mazkur chakana toʻlovlar tizimini tuzgan tashkilot tomonidan belgilanadi.
10-modda. Toʻlov tizimining subyektlari oʻrtasidagi munosabatlar
Toʻlov tizimining subyektlari oʻrtasidagi munosabatlar qonun hujjatlari va ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalar bilan tartibga solinadi.
Shartnoma yozma shaklda tuzilgan boʻlishi va unda quyidagi qoidalar koʻrsatilishi kerak:
elektron toʻlovlarni amalga oshirishda elektron toʻlov hujjatlarini joʻnatish hamda qabul qilib olish tartibi;
elektron toʻlovlarni amalga oshirish jarayonida elektron toʻlov hujjatlarida elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlash tartibi;
elektron toʻlovlarni amalga oshirganlik uchun haq miqdori;
taraflarning huquq va majburiyatlari, shu jumladan axborot xavfsizligi va muhofazasini taʼminlash boʻyicha majburiyatlari;
taraflarning javobgarligi, shu jumladan elektron toʻlovlarni amalga oshirishda yuzaga keladigan xavflar boʻyicha javobgarlikning taqsimlanishi;
nizolarni hal qilish tartibi.
Toʻlov tizimining subyektlari oʻrtasida tuzilgan shartnomada qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalar ham koʻrsatilishi mumkin.
11-modda. Toʻlov tizimi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
Toʻlov tizimining aʼzolari elektron toʻlovlarni amalga oshirganlik uchun haq olishga va qonunda belgilangan hollarda toʻlov tizimidan foydalanuvchilarning hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishga haqlidir.
Toʻlov tizimining aʼzolari tegishli toʻlov tizimining belgilangan qoidalariga muvofiq elektron toʻlov hujjatiga ishlov berilishini va uning muhofaza qilinishini taʼminlashlari kerak. Bunda toʻlov tizimining aʼzosi — bank:
toʻlov tizimidan foydalanuvchining hisobvaragʻiga tushadigan pul mablagʻlarini qabul qilishi va hisobga kiritishi, uning tegishli summalarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi topshiriqlarini bajarishi;
oʻzining aybi bilan notoʻgʻri amalga oshirilgan operatsiyalarni tiklashi yoki tuzatishi;
toʻlov tizimidan foydalanuvchiga uning hisobvaragʻiga oid axborotni shartnomada belgilangan muddatlarda qogʻozdagi yoki elektron shaklda taqdim etishi;
pul mablagʻlari oluvchining-toʻlov tizimidan foydalanuvchining hisobvaragʻiga tushganligini toʻlovchining-toʻlov tizimidan foydalanuvchining soʻrovi boʻyicha qogʻozdagi yoki elektron shaklda tasdiqlashi shart.
Toʻlov tizimining aʼzolari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
12-modda. Toʻlov tizimidan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
Toʻlov tizimidan foydalanuvchilar oʻz hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻlarini mustaqil tasarruf etishga va oʻz hisobvaraqlari boʻyicha pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisida axborot olishga haqlidir.
Toʻlov tizimidan foydalanuvchilar:
toʻlov tizimining qoidalari bilan belgilangan axborotni muhofaza qilish tartibiga rioya etishi;
elektron toʻlov vositalarining va identifikatsiya maʼlumotlarining saqlanishini taʼminlashi;
toʻlov tizimining aʼzosiga elektron toʻlov vositalari yoki identifikatsiya maʼlumotlari yoʻqolganligi toʻgʻrisida shartnomada belgilangan muddatlarda xabar qilishi shart.
Toʻlov tizimidan foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
13-modda. Elektron toʻlov hujjatini tuzish
Toʻlov tizimining qoidalari bilan belgilangan tarkib va formatdagi rekvizitlariga ega boʻlgan hamda elektron toʻlovni amalga oshirish uchun zarur axborotni oʻz ichiga olgan elektron hujjat elektron toʻlov hujjati hisoblanadi.
Elektron toʻlov hujjati pul-hisob-kitobga doir qogʻoz hujjat (bundan buyon matnda pul-hisob-kitob hujjati deb yuritiladi) asosida yoki elektron toʻlov vositasidan foydalangan holda tuziladi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Elektron toʻlov hujjati bilan ishlashda uni elektron toʻlovni amalga oshirish uchun zarur rekvizitlarni saqlagan holda qogʻozda takrorlash imkoniyati taʼminlanishi kerak.
14-modda. Elektron toʻlov hujjatiga ishlov berish
Elektron toʻlov hujjatiga ishlov berish elektron toʻlov hujjatini qabul qilish, kiritish, yozish, qayta tuzish, oʻqish, qayd etish, almashtirish, saqlash va yoʻq qilish bilan bogʻliq operatsiyalarni bajarish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Elektron toʻlov hujjatiga, basharti u elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlash taomilidan oʻtgan hamda toʻlov tizimining qoidalari bilan belgilangan tarkib va formatdagi rekvizitlarga ega boʻlsa, ishlov beriladi.
Toʻlov tizimidan foydalanuvchilarning tegishli hisobvaraqlaridan pul mablagʻlari elektron toʻlov hujjatlariga ishlov berish natijalari boʻyicha hisobdan chiqariladi yoki hisobga kiritiladi.
15-modda. Elektron toʻlov hujjatlarini saqlash
Elektron toʻlov hujjatlari pul-hisob-kitob hujjatlarini saqlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida elektron axborot tashuvchi jismlarda saqlanadi.
16-modda. Elektron toʻlov hujjatining yuridik kuchi
Elektron toʻlov hujjati pul-hisob-kitob hujjatiga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega boʻladi.
17-modda. Elektron toʻlovlarni amalga oshirish muddatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Toʻlov tizimining aʼzosi — bank toʻlov tizimidan foydalanuvchining topshirigʻiga binoan elektron toʻlovni tegishli toʻlov hujjati tushgan kunda, agar u bankning operatsiya kuni mobaynida tushgan boʻlsa, amalga oshirishi shart, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Agar toʻlov hujjati operatsiya kuni tugaganidan keyin tushsa, toʻlov tizimining aʼzosi — bank elektron toʻlovni keyingi ish kunidan kechiktirmay amalga oshirishi shart, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-223-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 39-son, 423-modda)
Toʻlov tizimining subyektlari shartnomada elektron toʻlovlarni amalga oshirishning boshqa muddatlarini nazarda tutish huquqiga ega.
18-modda. Elektron toʻlovlar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash
Elektron toʻlovlarni amalga oshirishning ushbu Qonunning 17-moddasida belgilangan muddatlari toʻlov tizimining aʼzosi tomonidan buzilgan taqdirda, u kechiktirilgan har bir kun uchun kechiktirilgan elektron toʻlov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin kechiktirilgan elektron toʻlov summasining 10 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻlov tizimidan foydalanuvchiga penya toʻlashi shart.
Toʻlov tizimi aʼzosining aybi bilan elektron toʻlov notoʻgʻri amalga oshirilgan taqdirda, toʻlov tizimining aʼzosi mablagʻni xatolik aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan oluvchining — toʻlov tizimidan foydalanuvchining hisobvaragʻiga oʻtkazishi shart. Aks holda, toʻlovchi — toʻlov tizimidan foydalanuvchi toʻlov tizimining aʼzosidan mablagʻlarni qaytarishni, shuningdek kechiktirilgan har bir kun uchun notoʻgʻri amalga oshirilgan elektron toʻlov summasining 0,1 foizi miqdorida, lekin notoʻgʻri amalga oshirilgan elektron toʻlov summasining 10 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlashni qonunda belgilangan tartibda talab qilish huquqiga ega.
19-modda. Toʻlov tizimida axborot xavfsizligi va muhofazasini taʼminlash
Toʻlov tizimining subyektlari toʻlov tizimida axborot xavfsizligi va muhofazasini taʼminlash boʻyicha, shu jumladan elektron toʻlov hujjatlaridan ruxsatsiz foydalanish, ularga oʻzgartishlar kiritish, ularni yoʻqotish, yoʻq qilish va toʻsib qoʻyishdan muhofaza etishni taʼminlash boʻyicha belgilangan talablarga rioya etishlari kerak.
Toʻlov tizimining subyektlari toʻlov tizimida axborot xavfsizligi va muhofazasini taʼminlashning qoʻshimcha vositalari va usullarini belgilashlari mumkin.
20-modda. Elektron toʻlovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligi
Toʻlov tizimining aʼzolari elektron toʻlovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashlari kerak.
Elektron toʻlovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
21-modda. Nizolarni hal etish
Elektron toʻlovlar sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
22-modda. Elektron toʻlovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Elektron toʻlovlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
23-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin, davlat boshqaruvi organlarining ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 16-dekabr,
OʻRQ–13-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son, 373-modda; 2009-y., 39-son, 423-modda)