O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijod maktablari faoliyatini tartibga solish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 1-apreldagi PQ-147-son qarorining ijrosini ta’minlash, shuningdek, ijod maktablarida ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchilarni kasbga o‘rgatish, xodimlarning mehnatini rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarida:
besh kunlik ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yiladi;
shanba kuni barcha fan o‘qituvchilari uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” etib belgilanadi;
xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladigan hamda xalqaro dasturlar asosida ta’lim beriladigan ta’lim muassasalarida ikki semestrli o‘qish tizimi joriy etiladi.
3. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi:
2026-yildan boshlab ijod maktablarining faoliyati samaradorligini baholash orqali ularning reytingini e’lon qilib borsin;
bir oy muddatda o‘z tizimdagi ta’lim tashkilotlari ustavlarini ushbu qarorga muvofiq qayta ko‘rib chiqsin.
4. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E.G. Karimova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-dekabr,
797-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tizimidagi ijod maktablarining (keyingi o‘rinlarda — ijod maktablari) huquqiy maqomi, maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari, ularni tashkil etish hamda faoliyatini nazorat qilish tartibini belgilaydi.
2. Ijod maktablari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, o‘z ustaviga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
3. Agentlik ijod maktablari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va ularni nazorat qiladi.
4. Ijod maktablari badiiy adabiyot va ijodning boshqa turlariga qiziqadigan iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish orqali 7 — 11-sinflar kesimida ularning intellektual salohiyati va ijodiy iste’dodini yanada rivojlantirishga mo‘ljallangan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasi hisoblanadi.
5. Ijod maktablari O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi bo‘linmalarida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
6. Ijod maktablari belgilangan tartibda o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘lishi va ularni amalga oshirishi, shuningdek, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
2-bob. Ijod maktablarining maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari
7. Ijod maktablarining maqsadi davlat ta’lim standartlari hamda maqbullashtirilgan o‘quv rejasi va ta’lim dasturlariga muvofiq badiiy adabiyot va ijodning boshqa turlari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilarning ta’lim-tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish hisoblanadi.
8. Ijod maktablarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
badiiy adabiyot va boshqa ijod sohalariga qiziqadigan o‘quvchilarni aniqlash, saralash va ularning intellektual va ijodiy (she’riyat, nasr, xalq og‘zaki ijodi, dramaturgiya, publitsistika va boshqalar) iste’dodini yanada rivojlantirish tizimini yaratish;
o‘quvchilarni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash, ularda o‘z Vatani bilan faxrlanish va milliy madaniy-tarixiy an’analarni hurmat qilish tuyg‘usini shakllantirish;
aniq fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, o‘zbek tili va adabiyotini jahonga tanitishga xizmat qiladigan ijodkor yoshlarni tarbiyalash;
milliy qadriyatlarga tayangan holda, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida ona tili va adabiyot hamda ijtimoiy fanlardan sifatli ta’lim berish tizimini joriy etish;
o‘quvchilarni kreativ va tanqidiy fikrlash, tizimli tahlil qilish, olingan bilim, malaka va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llash, notiqlik san’ati, loyihalarni boshqarish ko‘nikmalariga o‘rgatish;
o‘quvchilarga xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish, ularda jahon adabiyoti durdonalarini, turli uslubdagi matnlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish asoslarini hamda ko‘nikmalarini rivojlantirish;
o‘quvchilarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish tizimini joriy qilish;
moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
9. Ijod maktablari quyidagi huquqlarga ega:
vakolatiga kiradigan masalalar hamda o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar, buyruqlar, ko‘rsatmalar qabul qilish, zarur bo‘lganda boshqa davlat tashkilotlari bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilish;
vakolatiga kiradigan masalalarda belgilangan tartibda sudlarga arizalar va da’volar kiritish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda budjetdan tashqari jamg‘armalarga ega bo‘lish;
o‘z ustavida belgilangan faoliyatni amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan moliyaviy manbalarni jalb qilish;
belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
davlat organlari va manfaatdor shaxslardan o‘z vakolati doirasida zarur axborotlarni so‘rash va olish;
Agentlik bilan birgalikda yuqori malakali chet ellik mutaxassislar va boshqa xodimlarni ijod maktablari faoliyatiga jalb qilish;
Agentlik bilan o‘ziga yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida, samarali va sifatli bajarish uchun belgilangan tartibda o‘zaro hamkorlik qilish.
Ijod maktablari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
10. Ijod maktablari:
o‘ziga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali bajarishi;
faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturlar, chora-tadbirlar rejasi, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlar ijrosini ta’minlashi;
o‘ziga biriktirilgan mulklar, shu jumladan, ko‘chmas mulklardan maqsadli va samarali foydalanishi;
ta’lim-tarbiya jarayonlarini Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari asosida sifatli amalga oshirishi;
rahbar va pedagog xodimlarni belgilangan tartibda tanlov asosida ishga qabul qilishi;
rahbar, pedagog va xodimlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
xalqaro tan olingan dastur va darsliklarni qo‘llagan holda davlat ta’lim standartlariga muvofiq ta’lim jarayonini tashkil qilishi;
o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda, sinfdan tashqari, ijodiy hamda kasbga yo‘naltirilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishi;
o‘quvchilar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda autsorsing usulida bepul sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishi lozim.
Ijod maktablariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
11. Ijod maktablari davlat aktivlarini, shu jumladan, ularning tovar-moddiy boyliklari va boshqa mol-mulklarining but saqlanishi bo‘yicha moddiy javobgar hisoblanadi.
3-bob. Ijod maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish
12. Ijod maktablarida ta’lim-tarbiya jarayoni 7 — 11-sinflarda amalga oshiriladi.
Bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafardan ortiq bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
13. Ijod maktablariga o‘quvchilar Vazirlar Mahkamasining “Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga o‘quvchilarni saralab olish hamda qabul qilish tartibiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2023-yil 27-maydagi 214-son qarori asosida qabul qilinadi.
14. O‘quv haftasi 5 kun davom etadi. Bunda ijod maktabi Pedagogik kengash qarori asosida 6 kunlik o‘quv haftasiga o‘tkazilishi mumkin.
15. Ijod maktablarida ta’lim-tarbiya jarayoni ixtisoslik fanlari bo‘yicha Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejasi va ta’lim dasturlariga muvofiq, umumta’lim fanlari bo‘yicha esa umumiy o‘rta ta’limning tayanch ta’lim dasturi asosida amalga oshiriladi.
Agentlik tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasiga muvofiq xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladigan hamda xalqaro dasturlar asosida ta’lim beriladigan ijod maktablarida ikki semestrli o‘qish tizimi joriy etilishi mumkin.
16. Ijod maktablarining ixtisoslik yo‘nalishlari Agentlik tomonidan belgilanadi.
17. Ijod maktablari bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat beriladi.
18. O‘quvchilar Agentlik tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasidagi fanlardan yillik summativ baholashdan muvaffaqiyatli o‘tganda, ijod maktabi direktorining buyrug‘i bilan keyingi sinfga o‘tkaziladi.
19. O‘quvchilar quyidagi hollarda ijod maktabining o‘quvchilari safidan chiqariladi yoki chetlashtiriladi:
o‘quvchi o‘z tashabbusi bilan boshqa umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga ko‘chirish (ota-onasining yoki qonuniy vakillarining arizasi asosida) istagini bildirganda;
kirish imtihonlarini topshirish jarayonlarida o‘quvchi tomonidan taqdim etilgan (topshirilgan) hujjatlarning qalbakiligi aniqlanganda;
o‘quvchi tomonidan ijod maktabining ichki tartib-qoidalari qo‘pol ravishda buzilganda;
o‘quvchining o‘zlashtirishida tizimli pasayish bo‘lganda. Bunda:
fanlardan choraklik, yarim yillik (summativ baholash) natijalar asosida 65 ball va undan kam ball to‘plagan o‘quvchilar va ularning ota-onalari (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) yozma ravishda ogohlantiriladi, yillik o‘zlashtirish monitoring natijalarida ham ushbu holatlar qayd etilgan taqdirda, ushbu o‘quvchilarni Pedagogik kengash qaroriga asosan o‘quvchilar safidan chiqarish, avval o‘qigan maktabiga yoki boshqa umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga o‘tkazish choralari ko‘riladi;
o‘quvchining ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘qish boshqa maktabda ko‘chirilmagan taqdirda, o‘quvchi Pedagogik kengash qarori asosida Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri komissiyalari bilan kelishilgan holda, avval o‘qigan maktabiga qaytarib yuboriladi (o‘quvchining yashash joyi o‘zgargan taqdirda, hududdagi boshqa maktabga);
o‘zlashtirish ko‘rsatkichi inobatga olinadigan fanlar ro‘yxati har o‘quv yili boshlanishidan avval Pedagogik kengash qarori bilan tasdiqlanadi hamda o‘quvchilar va ularning ota-onalariga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga) tanishtiriladi.
20. Ijod maktabining o‘quvchilarida davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtojlik yuzaga kelgan taqdirda, ular Pedagogik kengash qarori asosida o‘quvchilar safidan chiqariladi hamda avval o‘qigan maktabiga (o‘quvchining yashash joyi o‘zgargan taqdirda, hududdagi boshqa maktabga) qaytarib yuboriladi.
Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalar belgilangan tartibda avval o‘qigan yoki yashash joyi o‘zgargan hududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qishini davom ettiradi.
4-bob. Ijod maktablarida o‘quvchilarni sog‘lom ovqatlantirish va ularning salomatligini ta’minlash
21. Ijod maktablarida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda sog‘lom ovqatlantirishni autsorsing usulida tashkil etish to‘g‘risida” 2021-yil 14-apreldagi 218-son qarori asosida o‘quvchilarni xavfsiz va sifatli ovqatlantirish tashkil etiladi.
22. Ijod maktabining tibbiyot xodimlari tomonidan o‘quvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Bunda tibbiyot xodimlari ijod maktabi rahbariyati va pedagog xodimlari bilan birgalikda davolash-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, o‘quv binosi va o‘quvchilar turar joyida sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya qilish, ovqatlanish rejimi va sifati, o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish uchun mas’ul hisoblanadi.
23. Ijod maktablarining rahbariyati tomonidan tibbiyot xodimlarining faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi shart.
24. Ijod maktablari o‘quvchilari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan har yili bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
25. Ijod maktablarida ta’lim-tarbiya jarayoni psixologik jihatdan ijod maktablari psixologlari tomonidan ta’minlanadi.
5-bob. Ijod maktablarining faoliyatini nazorat qilish
26. Ijod maktablari har yili hisobot davri tugagach, Agentlikka faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
27. Ijod maktablarida budjet to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ichki audit va moliyaviy nazorat masalasiga mas’ul tarkibiy bo‘linmasi tomonidan nazorat qilinadi.
28. Agentlik ijod maktablari rahbariyati zimmasiga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishini muntazam monitoring qilib boradi, monitoring natijalariga ko‘ra ijod maktablari faoliyati samaradorligiga baho beradi.
29. Monitoring va baholash yakunlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichga erishgan ijod maktablarining rahbariyati va xodimlari rag‘batlantiriladi yoki yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
30. Ijod maktablari faoliyatiga oid hujjatlarning saqlanishiga ijod maktablari rahbarlari javobgar hisoblanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
31. Ijod maktablari qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘quv yili yakunida muassis tomonidan qayta tashkil etiladi yoki tugatiladi.
Agentlik ijod maktablari tugatilganda, o‘quvchilarni ota-onalarining (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) roziligi bilan boshqa umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga o‘tkazish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi.
32. Ijod maktablari tugatilgan taqdirda, uning mablag‘lari va mol-mulkidan uning majburiyatlarini qoplash bo‘yicha to‘lovlar chegirilgan holda qonunchilik hujjatlariga va ijod maktablari ustaviga muvofiq foydalaniladi.
33. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tizimidagi ijod maktablarining (keyingi o‘rinlarda — ijod maktablari) ma’muriy-boshqaruv, pedagogik, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘laridan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda ko‘rsatilgan ustamalar xodimlarning moddiy rag‘batlantirish turlariga qo‘shimcha tarzda beriladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
reyting — ijod maktablarining ma’muriy-boshqaruv, pedagogik, o‘quv-yordamchi xodimlarining (keyingi o‘rinlarda — xodimlar) faoliyati samaradorligini baholash mezonlari asosida ularning eng yuqori ko‘rsatkichdan kamayish tartibida o‘rnini aniqlash;
reyting ko‘rsatkichlari — ijod maktablari xodimlarining faoliyati samaradorligini belgilash mezonlari;
xodimlarni rag‘batlantirish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) — reyting ko‘rsatkichlarini umumlashtirish, tahlil qilish orqali ijod maktabining faoliyati samaradorligini baholash, shuningdek, xodimlarga ustama miqdori, rag‘batlantirish hamda moddiy yordamni belgilash bo‘yicha komissiya.
4. Jamg‘arma ijod maktabida xodimlarning mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.
Ijod maktablarining xodimlariga ustama, rag‘batlantirish hamda moddiy yordam Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Jamg‘arma mablag‘lari xarajatlar smetasida iqtisodiy tasnif bo‘yicha 41 11 230 satrida rejalashtiriladi.
2-bob. Ijod maktablarining reytingini aniqlash tartibi
5. Ijod maktablari va ularda faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida reyting ko‘rsatkichlari Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
6. Agentlik:
tasdiqlangan reyting ko‘rsatkichlari asosida ijod maktablari tomonidan taqdim etilgan ko‘rsatkichlarni umumlashtiradi va tahlil qiladi;
zarur hollarda, ma’lumotlarni o‘rganish davrida ko‘rsatilgan holatlarni aniqlashtirish bo‘yicha ijod maktablari yoki tegishli tashkilotlarga so‘rovlar yuboradi. Bunda asossiz kiritilgan ballarni bekor qilishi yoki asosli ballarni qo‘shib hisoblashi mumkin;
umumlashtirilgan reyting ko‘rsatkichlari natijalari asosida har yili 1-sentabrga qadar ijod maktablarining reytingini e’lon qiladi.
7. Reyting natijalari keyingi reyting e’lon qilingunga qadar amal qiladi.
3-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
8. Komissiya tarkibi 7 nafardan kam bo‘lmagan toq tarkibda ijod maktabi direktori buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga ijod maktabi direktori, direktor o‘rinbosarlari, kadrlar bo‘yicha menejer, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi va jamoatchilik vakillari (ota-onalar) kiritiladi.
Ijod maktabi direktori (yoki uning vazifasi yuklangan shaxs) komissiya raisi, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Komissiya kotibi hisoblanadi.
Komissiya tarkibidagi jamoatchilik (ota-onalar) vakillari har yili yangilanib borilishi shart.
9. Komissiya yig‘ilishlari a’zolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
10. Xodimlarga ustama va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar miqdorlarini belgilash to‘g‘risidagi qaror Komissiya a’zolarining ochiq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.
Xodimlarga har oylik ustama, bir martalik rag‘batlantirish yoki moddiy yordamlarni belgilash Komissiya bayoni asosida ijod maktabi direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi (o‘zgartiriladi yoki bekor qilinadi).
11. Qonunchilik hujjatlarida ustama va rag‘batlantirish to‘lovlari berilmasligi nazarda tutilgan hollarda, xodimlarga ustama va rag‘batlantirish to‘lovlari belgilanmaydi.
4-bob. Komissiyaning vakolatlari
12. Quyidagilar Komissiyaning vakolatlari hisoblanadi:
ijod maktabining faoliyati samaradorligi bo‘yicha tasdiqlangan reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha dastlabki asoslantiruvchi hujjatlarni tayyorlash, ularni o‘rganish va Agentlikka taqdim etish;
Agentlik tomonidan e’lon qilingan reyting asosida ijod maktabining ma’muriy-boshqaruv va o‘quv-yordamchi xodimlari uchun ustamalarni belgilash (bekor qilish);
o‘qituvchilarning faoliyati samaradorligini tahlil qilish, ularning reyting ko‘rsatkichini aniqlash va ularga ushbu Nizom asosida har oylik ustamalarni belgilash;
texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning har oylik ustamalarini belgilash (bekor qilish);
Agentlikning tavsiyasi asosida xodimlarga bir martalik rag‘batlantirish miqdorini belgilash;
xodimlarga moddiy yordam ajratish bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqish va moddiy yordam ajratish yoki ajratmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilish.
5-bob. Har oylik ustamalarning miqdorlari hamda ularni hisoblash tartibi
13. Ijod maktablari xodimlarining lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasiga qo‘shiladigan har oylik ustamalar Komissiya xulosasiga asosan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
a) ma’muriy-boshqaruv (shtatlar jadvali asosida) xodimlariga:
Agentlik tomonidan e’lon qilingan ijod maktablarining reytingiga mos ravishda 1-o‘rin uchun 250 foiz, oxirgi o‘rinni olgan ijod maktabi uchun 100 foiz miqdorida.
Qolgan ijod maktabi reytingda olgan o‘rniga qarab, ustama miqdori interpolyatsiya usuli orqali quyidagi formula asosida aniqlanadi:
Fm | = | 250 | - | Ro‘ - 1 | x | 150. |
M -1 |
Bu yerda:
Fm — ijod maktabining ma’muriy-boshqaruv xodimlariga belgilanadigan ustama miqdori;
Ro‘ — ijod maktabining reytingdagi o‘rni;
M — jami ijod maktablari soni.
Ijod maktabining to‘plagan balli reyting uchun belgilangan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lgan hollarda ustama belgilanmaydi;
b) o‘qituvchilarga:
reyting ko‘rsatkichlari asosida eng yuqori ball (1-o‘rin) to‘plagan o‘qituvchiga 50 foiz miqdorida;
keyingi o‘rinlar uchun ustama miqdori quyidagi formula asosida aniqlanadi:
Fo‘ | = | 50 | x | Bo‘. |
maxB |
Bu yerda:
Fo‘ — ijod maktabi o‘qituvchisiga belgilanadigan ustama miqdori;
maxB — ijod maktabi o‘qituvchisining reyting ko‘rsatkichlari asosida eng yuqori to‘plagan balli;
Bo‘ — ustama belgilanayotgan o‘qituvchining reyting ko‘rsatkichlari asosida to‘plagan balli.
Reyting ko‘rsatkichlari har bir ijod maktabida alohida aniqlanadi. Bunda reyting ko‘rsatkichlari natijasiga ko‘ra ijod maktabida o‘qituvchining eng yuqori to‘plagan balli 100 foizlik ko‘rsatkich sifatida qabul qilinadi.
Tashqi o‘rindoshlik asosida soatbay dars mashg‘ulotlarini o‘tkazuvchi pedagoglarga har oylik ustamalar dars soatlari uchun qo‘llanilmaydi;
v) o‘quv-yordamchi (shtatlar jadvali asosida) xodimlarga Agentlik tomonidan e’lon qilingan ijod maktablarining reytingiga mos ravishda ma’muriy-boshqaruv xodimlariga belgilangan ustamaning 40 foizi miqdorida;
g) texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga bajarilgan ishiga ko‘ra 100 foizgacha miqdorda.
Barcha hisoblangan foizlar matematik qoidalarga ko‘ra butun songacha yaxlitlanadi.
14. Ustamalar reyting e’lon qilingandan so‘ng keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab hisoblab boriladi va yangi reyting e’lon qilingunga qadar amal qiladi (reyting e’lon qilingan oy uchun ham).
15. Ijod maktablarining xodimlari boshqa ijod maktabida faoliyatini uzluksiz davom ettirganda, ustamalar avval belgilangan miqdorda navbatdagi reyting e’lon qilingunga qadar ajratilgan mablag‘ doirasida saqlanib qoladi.
Reyting aniqlanishidan ikki oy oldin yoki reyting aniqlanganidan keyin ishga qabul qilingan xodimlar uchun ijod maktablarining navbatdagi reytingi e’lon qilingunga qadar ustama belgilanmaydi (to‘garak rahbarlari bundan mustasno).
16. Pedagoglarning xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatlari hamda ularning falsafa doktori (Doctor of Philosophy, PhD) va fan doktori (Doctor of Sciences, DSc) ilmiy darajalari uchun to‘lovlar tarifikatsiya jadvaliga muvofiq belgilangan tartibda Jamg‘arma mablag‘lari doirasida to‘lab beriladi.
6-bob. Bir martalik rag‘batlantirish va ularning miqdorlarini belgilash tartibi
17. Xodimlarga quyidagi hollarda Agentlikning tavsiyasiga asosan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch baravarigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik rag‘batlantirish to‘lovlari berilishi mumkin:
ijod maktablariga o‘quvchilarni saralash va qabul qilish jarayonidagi samarali ishtirok etgani;
o‘quvchilarning ijodiy ishlarini tahrir qilish va nashr etilishiga ko‘maklashgani;
o‘quvchisi asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani (har bir sovrindor o‘quvchi uchun);
o‘quvchisi xalqaro olimpiada terma jamoasi tarkibiga qabul qilingani;
o‘quv yili davomida ijod maktablari faoliyati samaradorligini, o‘quvchilar bilimini oshirish, ularga qulay shart-sharoit yaratish va boshqa xizmatlari uchun;
“1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan.
Bunda yil davomida xodimni ayni bir mezon uchun takroran rag‘batlantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
7-bob. Moddiy yordam berish va uning miqdorlarini belgilash tartibi
18. Xodimlarga quyidagi hollarda Komissiya qarori bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam belgilanishi mumkin:
xodimning nikoh to‘yi munosabati bilan;
xodim yoki uning farzandi ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganda;
xodimning pensiyaga chiqishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;
xodim vafot etganda.
Ijod maktabida bir oilaning ikki va undan ortiq a’zosi faoliyat yuritgan hollarda, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan moddiy yordam ulardan faqat bittasiga beriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Ijod maktablari xodimlari jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan jalb etilgan mablag‘lar hisobidan ushbu Nizom talablariga muvofiq rag‘batlantirilishi mumkin.
20. Ushbu Nizomning 6 va 7-boblarida nazarda tutilgan to‘lovlarni to‘lash davrida Jamg‘armaning amaldagi moliyaviy holatidan kelib chiqib, uning miqdori mavjud mablag‘lar doirasida belgilanadi.
21. Xodimlarga ustama, rag‘batlantirish va moddiy yordamlar belgilash jarayonlarining shaffof va haqqoniyligini ta’minlash uchun Komissiya a’zolari, ularning to‘g‘ri to‘lanishi bo‘yicha ijod maktablari direktorlari va bosh hisobchilari javobgar hisoblanadi.
22. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ichki audit va moliyaviy nazorat masalalariga mas’ul tarkibiy bo‘linmasi tomonidan nazorat qilinadi.
23. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 797-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“o‘quv yilining davomiyligi — 34 hafta (1 sinflar uchun 33 hafta), Prezident maktablari va sport maktablari bundan mustasno”;
quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda — 5 kun”;
to‘rtinchi — yettinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
45-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“45. Ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at maktablariga hamda Prezident, ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 24-maydagi 312-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”;
“1. Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktabi) tashkil etilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlar salohiyatidan hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi”;
7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur ijod maktabining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikalari, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar hamda badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin”;
8-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 23-iyundagi 418-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”;
“1. Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktab) tashkil etilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlarning salohiyati va mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi”;
6-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ijod maktabi binolarida bajariladigan qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan”;
8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ijod maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikalari, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar hamda badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin”;
9-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti parametrlarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ijod maktabining ta’minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin”.
4. Vazirlar Mahkamasining “Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va Muhammad Yusufning byusti o‘rnatilgan xiyobonni tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 25-iyuldagi 539-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Andijon shahrida Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabini va Muhammad Yusufning byusti o‘rnatilgan xiyobonni tashkil etish to‘g‘risida”;
“1. Andijon davlat universiteti qoshidagi 4-son akademik litsey hududida Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktabi) va Muhammad Yusufning byusti (keyingi o‘rinlarda — byust) o‘rnatilgan xiyobon tashkil etilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlar salohiyatidan hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi”;
5-banddagi “ixtisoslashtirilgan” so‘zi chiqarib tashlansin;
7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ijod maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida uni o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar hamda badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin”;
8-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ijod maktabining ta’minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin”.
5. Vazirlar Mahkamasining “To‘raqo‘rg‘on tumanida Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 5-sentabrdagi 698-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“To‘raqo‘rg‘on tumanida Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”;
1 — 3-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Namangan viloyati hokimligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Namangan shahrida Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktabi) hamda ijod maktabi huzurida Namangan davlat universiteti tomonidan 7 ta xorijiy tilni o‘rgatishga ixtisoslashgan markazini (keyingi o‘rinlarda — markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi;
Markazda dars mashg‘ulotlari 7 ta til bo‘yicha o‘quvchi-talabalar soni 10 nafardan oshmaydigan guruhlarda tashkil etiladi.
3. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Namangan davlat universitetiga ijod maktabida tashkil etiladigan dars mashg‘ulotlariga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining malakali professor-o‘qituvchilarini jalb etsinlar”;
9 va 10-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda ijod maktabi va markazni o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Ta’lim” sohasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ijod maktabi, markaz va muzeyning ta’minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin”.
6. Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida” 2018-yil 14-maydagi 361-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”;
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktabi) tashkil etilsin”;
3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilab qo‘yilsinki:
ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlar salohiyatidan hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi”;
6-bandning birinchi xatboshisidagi “maktab-internatning” so‘zlari “ijod maktabining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“8. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu ijod maktabining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida uni yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali va o‘quv-laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
bir oy muddatda ijod maktabining ustavi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ijod maktabining ta’minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin”.
7. Vazirlar Mahkamasining “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 20-martdagi 238-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”;
“5. Xiva shahrida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktabi) tashkil etilsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
ijod maktabi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi davlat umumta’lim muassasasi hisoblanadi, shaxsiy g‘azna hisobraqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi;
ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi;
ijod maktabida o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari mehnatiga umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari mehnatiga soatbay haq to‘lashga muvofiq haq to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlar salohiyatidan hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi”.
8. Vazirlar Mahkamasining “Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida” 2019-yil 18-maydagi 419-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”;
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi (keyingi o‘rinlarda — ijod maktabi) tashkil etilsin”;
2-banddagi “maktab-internatni” so‘zlari “ijod maktabini” so‘zlari bilan almashtirilsin;
3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilab qo‘yilsinki:
maktab O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi davlat umumta’lim muassasasi hisoblanadi, shaxsiy g‘azna hisobraqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi;
ijod maktabida har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 20 nafarni tashkil qiladi, 7-sinflarga esa ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar asosida qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ijod maktabining moddiy-texnik bazasi, imkoniyatlari, pedagog kadrlar salohiyatidan hamda mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda o‘quvchilarni qabul qilish kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi”;
6-bandning birinchi xatboshisidagi “maktab-internatning” so‘zlari “ijod maktabining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
birinchi xatboshidagi “Moliya” so‘zi “Iqtisodiyot va moliya” so‘zlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ijod maktabining ta’minoti uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin”;
8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi bilan birgalikda maktabga oliy ta’lim muassasalarining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlarini tamomlagan iqtidorli pedagog-kadrlarni jalb etishni ta’minlasin”;
9-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Prezident maktablari to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida” 2019-yil 25-iyundagi 526-son qarori bilan tasdiqlangan Prezident maktablari to‘g‘risidagi nizomning 19-bandi beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
10. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 18-apreldagi 240-son qarorida:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi — beshinchi xatboshilar tegishlicha ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
1-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi 562-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, o‘tkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va g‘oliblarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilova quyidagi mazmundagi 29-pozitsiya bilan to‘ldirilsin:
“ | ||
29. | Xalqaro sun’iy intellekt olimpiadasi | International Olympiad in Artificial Intelligence (IOAI) |
”. |
12. Vazirlar Mahkamasining “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi bolalar oromgohi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 9-fevraldagi 65-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi bolalar oromgohi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”;
1-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
4-bandning “e” kichik bandidagi “Innovatsion rivojlanish vazirligining” so‘zlari “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
7-bandning uchinchi xatboshisidagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi” so‘zlari “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 5-maydagi 233-son qarorida:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”;
muqaddimadagi, 1-banddagi, 2-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
nomidagi va 1-banddagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
5-bandning to‘qqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kirish imtihonlarini Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tomonidan xorijiy tashkilotlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazish”;
9-bandning ikkinchi xatboshisidagi “xalq” so‘zi “maktabgacha va maktab” so‘zlari bilan almashtirilsin.
14. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2025-yil 20-avgustdagi 524-son qarorining 3-band “a” kichik bandidagi hamda 1-ilovasi 16-bandidagi “ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari uchun tasdiqlangan shaklda diplom” so‘zlari “kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi diplom” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.12.2025-y., 09/25/797/1181-son)