Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARINI ROʻYXATGA OLISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-sentabrdagi 418-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida” 1997-yil 26-dekabrdagi qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi va uning joylardagi hududiy idoralariga ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish vazifasi topshirilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
hozirda faoliyat koʻrsatayotgan barcha ommaviy axborot vositalari ushbu qaror qabul qilingandan boshlab, uch oy muddatdan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasida va uning joylardagi hududiy idoralarida qayta roʻyxatdan oʻtishlari shart;
belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan ommaviy axborot vositalarining faoliyati toʻxtatilib, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik choralari qoʻllanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish yagona davlat reyestrini yuritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ikki oy muddatda “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini boshqarishining asosiy qoidalari”ni “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi ikki oy muddat ichida:
Davlat matbuot qoʻmitasi hamda boshqa tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasida vaqtli matbuotni tarqatish qoidalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Davlat matbuot qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish tartibini belgilash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida” 1991-yil 25-sentabrdagi 244-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish tartibiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 1992-yil 3-apreldagi 162-son qarori.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 15-aprel,
160-son
Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida
NI3OM
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish qoidalarini belgilaydi.
2. Ommaviy axborot vositasi deyilganda koʻpchilik ommaga moʻljallangan bosma, audio, audiovizual va boshqa xilda axborot tarqatadigan manbalar tushuniladi.
Gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, ularning ilovalari, axborot agentliklari, telekoʻrsatuvlar (kabelli, efir-kabelli televideniye) va radioeshittirishlari, hujjatli kino, elektron-axborot tizimi, shuningdek, doimiy nomiga ega boʻlgan davlat tasarrufidagi mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar ommaviy axborot vositalaridir.
Davriy bosma nashrning tiraji yoki alohida sonining bir qism tiraji, tele-radio, hujjatli kino dasturining ayrim koʻrsatuvlari, audio yoki videoyozuv dasturining tiraji yoki bir qismi tiraji ommaviy axborot vositasining mahsuloti hisoblanadi.
Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish deyilganda davriy bosma nashrlarni, audio yoki videoyozuv dasturlarini sotish (u yoki bu nashrga yozilish, yetkazib berish, tarqatish), tele, radio dasturlarni (eshittirishlarni) olib koʻrsatish, hujjatli kinolar dasturini namoyish qilish tushuniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Reklama toifasidagi ommaviy axborot vositasi deyilganda, davriy bosma nashr alohida soni hajmining 40 foizidan, teleradiodasturda eshittirishning har bir soatiga 10 foizidan koʻprogʻini reklama xabarlari egallagan ommaviy axborot vositasi tushuniladi.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-martdagi 123-sonli qarori tahririda)
3. Oʻzbekiston Respublikasida yuridik va jismoniy shaxslar taʼsis etadigan ommaviy axborot vositasi davlat roʻyxatidan oʻtib, tegishli guvohnoma olgach, oʻz faoliyatini boshlashga haqlidir.
Ommaviy axborot vositalari quyidagi tartibda roʻyxatga olinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi tomonidan:
— markaziy davriy bosma nashrlar, teleradiokompaniyalar;
— Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi hamda Pochta va telekommunikatsiyalar agentligining texnik jihozlarning mosligi haqidagi xulosalari asosida teleradiostudiyalar (kabelli, efir-kabelli televideniyelar), boshqa elektron ommaviy axborot vositalari;
— Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining xulosalari asosida axborot agentliklari;
— “Oʻzbekkino” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining xulosalari asosida ilmiy-ommabop, hujjatli, xronikal-hujjatli filmlar ishlab chiqaruvchi kinovideostudiyalar, kinovideodasturlar.
Toshkent shahriga moʻljallangan ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi va viloyat matbuot boshqarmalari tomonidan yuqorida belgilangan tartibda roʻyxatga olinadi.
4. Roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi arizada ommaviy axborot vositasining muassisi (muassislari); nomi, qaysi tilda (tillarda) eʼlon qilinishi, manzili; maqsad va vazifalari; qanday doiradagi oʻquvchiga (tomoshabinga, tinglovchiga) moʻljallanganligi; davriyligi, hajmi, moddiy-texnika taʼminoti hamda pul bilan taʼminlanish manbalari koʻrsatilishi kerak.
Ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olish uchun beriladigan arizaga muassis (muassislari) Ustavining (Nizomining), muassislar (muassis) tomonidan tasdiqlangan ommaviy axborot vositasi Ustavining (Nizomining), taʼsis shartnomasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari, eshittirish va koʻrsatuv tartibi (radio va televideniye uchun), roʻyxatdan oʻtish uchun belgilangan yigʻimning toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza topshirilgan kundan boshlab bir oy muddatda koʻrib chiqilishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi va uning hududiy idoralari arizada keltirilgan maʼlumotlarning hamda moddiy-texnika taʼminoti va pul manbalarining amaldagi qonunchilikka mos kelishini ekspertizadan oʻtkazishga haqlidirlar.
Muassis yoki muassislar tomonidan roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza qonunchilikda koʻzda tutilgan shaklda beriladi.
Muassislar (muassis) Ustavida (Nizomida) ommaviy axborot vositasini tashkil etishga oid faoliyat aks etishi lozim.
5. Ommaviy axborot vositasi bilan muassislar va noshirlar oʻrtasidagi munosabatlar, moddiy va moliyaviy aloqalar oʻzaro tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Muassis shartnomada koʻrsatilgan burchini bajarmasa, tahririyat muassis bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish huquqiga ega. Bu haqda tahririyat roʻyxatga olgan tashkilotga uch kun ichida yozma ravishda xabar qilishi lozim.
Muassis ommaviy axborot vositasini chiqarishga (nashr qilishga) kafolat beradi, shu munosabat bilan u moddiy-texnika yordamini amalga oshirishi, zarur boʻlib qolsa tahririyatni iqtisodiy taʼminlashi lozim.
6. Axborot agentliklariga bir vaqtning oʻzida ommaviy axborot vositalari tahririyati va tarqatuvchisi maqomi berilib, ularning huquqiy tartibi joriy etiladi.
7. Ommaviy axborot vositalarining davlat roʻyxatiga (reyestri) olingani va bu haqda guvohnoma berilgani uchun quyidagi miqdorlarda roʻyxatga olish yigʻimi undiriladi:
| davriy matbuot nashrlari | eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida; |
| bolalar, oʻsmirlar, nogironlar, shuningdek umumtaʼlim va madaniy-oqartuv yoʻnalishida boʻlgan ommaviy axborot vositalari | eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida; |
| axborot agentliklari, radio-tele, videokinoxronikal dasturlari | eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida; |
| ommaviy axborot vositalarini tarqatishning boshqa shakllari | eng kam ish haqining 45 baravari miqdorida. |
Reklamalarni eʼlon qilishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olganlik uchun roʻyxatga olish yigʻimi 2 baravar koʻp undiriladi.
8. Mahalliy ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olishda yigʻim miqdori mazkur tartibning 7-bandida koʻrsatilgan hajmning 70 foizidan oshmasligi kerak.
9. Ommaviy axborot vositasining muassislari, nomi, eʼlon qilinadigan tili, maqsad va vazifalari oʻzgaradigan boʻlsa, bu ommaviy axborot vositasi belgilangan tartibda qayta roʻyxatdan oʻtkaziladi. Qayta roʻyxatdan oʻtkazishda roʻyxatga olish yigʻimining 50 foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Qayta roʻyxatdan oʻtkazishda hujjatlar tayyorlash ham dastlabki roʻyxatga olish kabi amalga oshiriladi.
10. Ommaviy axborot vositalarining roʻyxatga olingani uchun undiriladigan yigʻimlarning 50 foizi roʻyxatga oluvchi organlarning hisobiga va qolgan qismi tegishlicha respublika budjetiga va mahalliy budjetlarga kelib tushadi.
11. Roʻyxatga olish chogʻida koʻrsatilgan ommaviy axborot vositasining davriyligi, hajmi va 9-bandda qayd etilmagan boshqa maʼlumotlar oʻzgarsa, bu haqda muassis uch kun muddatda roʻyxatga olgan tashkilotni yozma ravishda xabardor qilishi lozim. Bunda roʻyxatga olish guvohnomasini almashtirish va roʻyxatga olish yigʻimlari talab etilmaydi.
12. Guvohnoma yoʻqolganda (yoʻqotib qoʻyilganda, yoʻq qilinganda va boshqa vaziyatlarda) “dublikat” belgisi qoʻyilgan holda yangi guvohnoma beriladi. U holda roʻyxatga olish yigʻimi belgilanganidan 30 foiz koʻp miqdorda undiriladi.
13. Roʻyxatdan oʻtkazish faqat quyidagi hollardagina rad etilishi mumkin, agar:
ommaviy axborot vositasining maqsad va vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunga zid boʻlsa;
bundan avval Oʻzbekiston Respublikasi hududida xuddi shu nomdagi ommaviy axborot vositasi roʻyxatga olingan boʻlsa;
ariza sudning ommaviy axborot vositasi faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganiga bir yil oʻtmasdan berilgan boʻlsa;
Ommaviy axborot vositalarini roʻyxatga olishning rad etilishi har tomonlama asoslanishi va ariza beruvchiga yozma ravishda yuborilishi lozim.
14. Davlat roʻyxatiga olingan davriy matbuot nashrlarining majburiy bepul nusxalari muassisga, roʻyxatga olgan tashkilotga, shuningdek Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxatga binoan tegishli vazirliklar va idoralarga joʻnatiladi.
15. Roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi guvohnoma quyidagi holatlarda bekor qilinishi mumkin:
a) agar taqdim etilgan hujjatlarda yolgʻon maʼlumotlar berilganligi aniqlansa;
b) agar muassis va tahririyat roʻyxatga olingandan soʻng 3 oy ichida ommaviy axborot vositalarini chiqara olmasa yoki ularni chop etish oraligʻidagi muddat 3 oyga choʻzilib ketsa;
v) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
16. Ommaviy axborot vositalari tomonidan mazkur qoidalarning bajarilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi amalga oshiradi.