O‘zbekiston Respublikasining qonuni
OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Qonun “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 2007-yil 15-yanvardagi O‘RQ-78-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan.
1-modda. Ommaviy axborot vositalari
Gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, axborot agentliklari, televideniye (kabelli, efir-kabelli televideniye) va radioeshittirishlar, hujjatli kino, elektron axborot tizimi, shuningdek, doimiy nomga ega bo‘lgan, davlat tasarrufidagi, mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar ommaviy axborot vositalaridir.
Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilovalar nashr etishi mumkin.
2-modda. Ommaviy axborot vositalari erkinligi
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkin bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat ko‘rsatadi.
Ommaviy axborot vositalari axborotni izlash, olish va tarqatish huquqidan foydalanadilar hamda o‘zlari e’lon qilayotgan axborotning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
3-modda. So‘z erkinligi
Har kim ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.
4-modda. Senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek, ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
Oldingi tahrirga qarang.
41-modda. Monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi
Ommaviy axborot vositalarining ishlab chiqarilishi hamda tarqatilishi sohasida monopollashtirishga va insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bironta ham yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositalarining tegishli markaziy yoki mahalliy bozoriga chiqariladigan ommaviy axborot vositalarining yigirma besh foizidan ortig‘iga muassis (hammuassis) bo‘lishga va (yoki) ularni shuncha miqdorda o‘z mulkida, egaligida, foydalanishida, tasarrufida, yurituvida yoxud boshqaruvida (bevosita yoki affillangan shaxslar orqali) saqlashga haqli emas.
(41-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
5-modda. Ommaviy axborot vositalarining tili
O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari o‘z faoliyatini Davlat tili haqidagi Qonunga muvofiq amalga oshiradi.
6-modda. Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda suiiste’mollarga yo‘l qo‘yilmasligi
Ommaviy axborot vositalaridan O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish, urush va zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etish, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan o‘zga sirni oshkor etish, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.
Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning hal qiluv qarori yoxud hukmi qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoki sudga o‘zgacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish, nomini ko‘rsatmaslik sharti bilan ma’lumot bergan shaxsning nomini oshkor qilish (sud oshkor etishni talab qiladigan hollar bundan mustasno) taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu modda talablarini buzganlikda aybdor shaxslar, shu jumladan muharrir (bosh muharrir), jurnalist, boshqa shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga asosan to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
7-modda. Ommaviy axborot vositasining tahririyati
Ommaviy axborot vositasining tahririyati muassis tomonidan tuziladi hamda ushbu Qonun, boshqa qonun hujjatlari, o‘z ustavi (nizomi) asosida ish olib boradi.
8-modda. Tahririyat xodimi
Tahririyat xodimi deganda tahririyat shtatida turuvchi va materiallar to‘plash, ularni tahlil hamda tahrir qilish, tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxs tushuniladi.
9-modda. Jurnalistik tekshiruv
Tahririyat xodimi murojaatlardan yoki boshqa manbalardan o‘ziga ma’lum bo‘lgan yoxud o‘zi guvoh bo‘lgan muayyan voqea, holat yuzasidan jurnalistik tekshiruv o‘tkazishga, faktlarni, guvohlik ko‘rsatmalarini to‘plashda audio va video texnikadan foydalanishga haqli. Jurnalistik tekshiruv tergov va sud jarayoniga ta’sir o‘tkazmasligi kerak.
Tahririyat xodimi muayyan voqea yoki holatga nisbatan shaxsiy fikrini ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishga, agar voqea yoki holat yuzasidan tergov tugamagan bo‘lsa, sudning hal qiluv qarori yoki hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ng jurnalistik taxminlarini shaxsiy mulohaza tarzida e’lon qilishga haqlidir.
10-modda. Axborot manbaini oshkor etmaslik
Ommaviy axborot vositasi xabar, ma’lumot, fakt yoki dalillar taqdim etgan manbaning yoki taxallusini qo‘ygan muallifning nomini ularning yozma roziligisiz oshkor etishga haqli emas.
Ommaviy axborot vositasi axborot manbaining yoki taxallusini qo‘ygan muallifning iltimosiga binoan sudda uning nomidan ishtirok etishi mumkin.
11-modda. Ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish huquqi
O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish huquqiga egadirlar.
Ommaviy axborot vositasi bir necha muassis tomonidan ham ta’sis etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Quyidagilar muassis bo‘lishi mumkin emas:
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar;
faoliyati qonun bilan taqiqlangan jamoat birlashmalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi o‘ttiz foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning ommaviy axborot vositalarini tashkil etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(11-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga asosan uchinchi va to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
111-modda. Ta’sis hujjatlari
Ta’sis shartnomasi va ustav (nizom) ommaviy axborot vositasining ta’sis hujjatlari hisoblanadi.
Bir nechta muassis o‘rtasida tuziladigan ta’sis shartnomasida quyidagi ma’lumotlar bo‘ladi:
muassislarning nomi haqidagi;
ta’sis etilayotgan ommaviy axborot vositasining turi, faoliyati predmeti va maqsadi, chiqish davriyligi haqidagi;
ta’sis etilayotgan ommaviy axborot vositasining nomi, pochta manzili haqidagi;
ommaviy axborot vositasining ustav fondi miqdori, moliyalashtirish manbalari va uni hosil qilish tartibi haqidagi;
muassislarning ommaviy axborot vositasi faoliyatida ishtirok etishiga doir huquqlari va majburiyatlari haqidagi;
ommaviy axborot vositasi faoliyatini boshqarish tartibi haqidagi;
foydani taqsimlash tartibi haqidagi;
ommaviy axborot vositasini qayta tashkil etish, tugatish (ommaviy axborot vositasining faoliyatini tugatish) tartibi haqidagi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar to‘g‘risidagi.
Agar bir shaxs muassis hisoblansa, u ro‘yxatga oluvchi organga ustavini taqdim etadi.
(111-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
112-modda. Muassis bilan tahririyat o‘rtasidagi shartnoma
Muassis bilan tahririyat o‘zaro huquqlar va majburiyatlar, javobgarlik, nizolarni hal etish tartibi va boshqa shartlar to‘g‘risida, shuningdek uchinchi shaxslar bilan o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida shartnoma tuzadilar.
(112-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
113-modda. Muassisning huquqlari va majburiyatlari
Muassis quyidagi huquqlarga ega:
ta’sis shartnomasi, ustav (nizom) va qonun hujjatlarida, shuningdek u bilan tahririyat o‘rtasida tuzilgan shartnomada belgilangan vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositasining ishlarini boshqarishda ishtirok etish;
qo‘shgan mulkiy ulushiga muvofiq ravishda foyda va zararlar taqsimotida ishtirok etish;
ommaviy axborot vositasini muassis yoki uning tomonidan ko‘rsatilgan uchinchi shaxs manfaatlarini ko‘zlab qonun hujjatlariga muvofiq boshqaruvni amalga oshirishi lozim bo‘lgan boshqa shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) mulkiy majmui sifatida ishonchli boshqaruvga topshirish;
ommaviy axborot vositasi muharririni (bosh muharririni), shuningdek tahrir hay’ati a’zolarini tayinlash va ozod qilish;
eng katta hajmi va e’lon qilish muddati tahririyat ustavida (nizomida) yoki ta’sis shartnomasida belgilanadigan xabarni yoki reklama tusida bo‘lmagan materialni o‘z nomidan bepul joylashtirish;
ommaviy axborot vositasi tugatilgan yoki ommaviy axborot vositasining faoliyati tugatilgan taqdirda kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini qo‘shgan mulkiy ulushiga muvofiq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda olish.
Muassis quyidagilarni bajarishi shart:
ommaviy axborot vositasining ustavini (nizomini) tasdiqlash;
ommaviy axborot vositasi tahririyati bilan shartnoma tuzish;
ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlash.
Muassis senzurani amalga oshirishga, retsenziyadan o‘tkazishga yoki tahririyatning ijodiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ommaviy axborot vositasining ishlab chiqarilishi va tarqatilishi masalalariga aralashishga haqli emas, ta’sis shartnomasida yoki ustavda (nizomda) nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Qonun hujjatlariga muvofiq muassis boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(113-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
114-modda. Muassis huquqlari va majburiyatlarining tugatilishi
Muassisning huquqlari va majburiyatlari quyidagi hollarda tugatiladi:
ommaviy axborot vositasi uchinchi shaxs foydasini ko‘zlab boshqa shaxsga o‘tkazilganda;
muassis — yuridik shaxs bankrotga uchraganda yoki tugatilganda;
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sud hukmi bilan sudlanganda;
vafot etganda.
Muassisning huquqlari va majburiyatlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hollarda ham tugatilishi mumkin.
(114-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni bilan kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
12-modda. Ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish
Tahririyat ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risida guvohnoma olinganidan keyin faoliyat boshlashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza O‘zbekiston Respublikasi Hukumati vakolat bergan davlat organiga belgilangan tartibda muassis tomonidan topshiriladi. Arizaga ta’sis hujjatlari ilova qilinadi.
(12-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni tahririda, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza topshirilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida ko‘rib chiqilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasini chiqarishga kirishish huquqi guvohnoma olingan kundan boshlab olti oy davomida saqlanib turadi. Belgilangan muddat ichida ommaviy axborot vositasining birorta ham soni (dasturi) e’lon qilinmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
(12-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni tahririda, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
13-modda. Ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi ariza
Ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi arizada ommaviy axborot vositasining:
1) muassisi (muassislari);
2) nomi, qaysi tilda (tillarda) e’lon qilinishi, manzili;
3) maqsad va vazifalari;
4) qanday doiradagi o‘quvchiga (tomoshabinga, tinglovchiga) mo‘ljallanganligi;
5) davriyligi, hajmi, moddiy-texnika ta’minoti hamda pul bilan ta’minlanish manbalari ko‘rsatilishi kerak.
Ko‘rsatilgan ma’lumotlarda o‘zgarish bo‘lsa, ommaviy axborot vositasi belgilangan tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. O‘zgartishlar jiddiy bo‘lmagan hollarda ro‘yxatga oluvchi organ ommaviy axborot vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish shart emasligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun haq qonun hujjatlarida belgilanadigan tartib va miqdorlarda undiriladi.
14-modda. Axborotni ro‘yxatdan o‘tkazmagan holda tarqatish
O‘zlarining normativ hujjatlari yoki o‘zga hujjatlarni rasmiy nashrlarda, axborotnomalar, byulletenlarda chiqaruvchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, shuningdek o‘z faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan axborot materiallarini hamda hujjatlarni chiqaruvchi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar (shu jumladan, o‘quv va ilmiy muassasalar) axborotni ro‘yxatdan o‘tkazmagan holda tarqatish huquqiga egadirlar.
Ommaviy tarqatishga mo‘ljallanmagan yoki qo‘lyozma tarzida ko‘paytiriladigan bosma, video va audiovizual mahsulotni texnikaviy vositalar yordamida tayyorlash ishlarini, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ro‘yxatdan o‘tkazilish talab qilinmaydi.
15-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etish
Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
1) ommaviy axborot vositasining maqsad va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda ushbu Qonunga zid bo‘lsa;
2) bundan avval xuddu shu nomdagi ommaviy axborot vositasi ro‘yxatga olingan bo‘lsa;
3) ariza sudning ommaviy axborot vositasi faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganiga bir yil to‘lmay berilgan bo‘lsa;
4) ommaviy axborot vositasi muassisning yoki muassislaridan birining yoxud noshirning manzili O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan bo‘lsa.
Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish rad etilgan taqdirda bunga asos bo‘lgan sabab ko‘rsatilgan holda arizachiga yozma ma’lumot yuboriladi.
16-modda. Ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
Ommaviy axborot vositasini chiqarish yoki nashr etish muassisning yoki sudning qarori bilan tugatilishi (yoki to‘xtatilishi) mumkin.
Ommaviy axborot vositasi ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muntazam rioya etmay kelgan taqdirda vakolatli organ ommaviy axborot vositasini tugatish (uning faoliyatini tugatish) haqida sudga murojaat etishga haqli.
(16-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuniga asosan birinchi va ikkinchi qismlar bilan almashtirilgan, — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
Muassis ommaviy axborot vositasini chiqarishni yoki nashr etishni tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilgan taqdirda muharrir (bosh muharrir) yoki tahririyat xodimi ushbu Qonunning 9-moddasiga muvofiq xuddi shu nomda ommaviy axborot vositasi ta’sis etish masalasini qo‘yishi mumkin. Bunday hollarda ommaviy axborot vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishni rad etganlik ustidan shikoyat qilish tartibi
Davlat organi tomonidan ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olishning rad etilishi ustidan ommaviy axborot vositasining muassisi yoki tahririyati sudga shikoyat qilishi mumkin.
(17-modda O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 405–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 165-modda)
18-modda. Ommaviy axborot vositasining ustavi (nizomi)
Ommaviy axborot vositasi o‘z faoliyatini muassis tasdiqlaydigan ustav (nizom) asosida yuritadi.
Ommaviy axborot vositasining ustavi (nizomi) tahririyat xodimlari umumiy miqdorining kamida uchdan ikki qismi ishtirokidagi umumiy yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va muassis tomonidan tasdiqlanadi.
Ustavda (nizomda) muassis, muharrir (bosh muharrir) va tahririyat xodimlarining vakolatlari belgilanadi va ommaviy axborot vositasining muassisi, nomi, qaysi tilda (tillarda) e’lon qilinishi, manzili, faoliyat turi va maqsadlari, tahririyat mol-mulki manbai hamda foydani (daromadni) taqsimlash tartibi, nashrni qayta tashkil etish va tugatish shartlari ko‘rsatiladi.
Ustav (nizom) O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid kelmasligi kerak.
19-modda. Ommaviy axborot vositasining muharriri (bosh muharriri) va tahrir hay’ati
Muharrir (bosh muharrir) ommaviy axborot vositasi tahririyati, tahrir hay’ati ishiga rahbarlik qiladi, muassis bilan munosabatlarda ommaviy axborot vositasi nomidan ish olib boradi.
Muharrirni (bosh muharrirni) lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish tartibi ustavda (nizomda) belgilab qo‘yiladi.
Tahrir hay’ati ommaviy axborot vositasi ustavida (nizomida) nazarda tutilgan tartibda tuziladi. Ommaviy axborot vositasining muassisi, tahririyati va noshiri o‘rtasidagi ishlab chiqarish, mulkiy, moliyaviy va boshqa munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
20-modda. Ommaviy axborot vositalarida homiylar ishtiroki
O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalariga homiylik qilishi mumkin. Ommaviy axborot vositalari bilan homiylar o‘rtasidagi munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Homiylarning ommaviy axborot vositalari va ular xodimlarining kasb faoliyatiga aralashuvi taqiqlanadi.
21-modda. Nashrga oid ma’lumotlar
Davriy nashrning har bir sonida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
1) nashrning nomi;
2) tahririyatning manzili;
3) muassis (muassislar)ning nomi;
4) muharrirning (bosh muharrirning) familiyasi, ismi-sharifi;
5) davriy nashrning ro‘yxatga olingan tartib raqami hamda bosilib chiqqan sanasi, gazetalarning esa, shuningdek, chop etishga ruxsat berilib, imzo qo‘yilgan vaqti;
6) aloqa korxonalari orqali tarqatiladigan davriy nashrlar uchun indeks raqami;
7) tiraji;
8) bosmaxonaning nomi va manzili.
Televideniye, radioeshittirish tahririyati har safar efirga chiqqanda, uzluksiz eshittirish chog‘ida esa, bir kecha-kunduzda kamida to‘rt marta televideniye, radioeshittirish tahririyati nomini e’lon qilishi shart.
22-modda. Nazorat nusxalari va taqdim etilishi shart bo‘lgan nusxalar
Davriy bosma nashrlarning nazorat nusxalari tahririyatga, muassisga va ro‘yxatga oluvchi organga bepul yuboriladi.
Davriy bosma nashrlarning taqdim etilishi shart bo‘lgan nusxalari yuboriladigan tashkilotlar va muassasalarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
23-modda. Teleko‘rsatuv va radioeshittirish materiallarining saqlanishi
Televideniye, radioeshittirish tahririyatlari teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar materiallarini (plyonkalarni) ular efirga berilganidan so‘ng bir oy davomida saqlab turishlari, oldindan yozib olmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga beriladigan ko‘rsatuvlar va eshittirishlarni ro‘yxatga olish daftarini yuritishlari, ularning mavzui, namoyish etilgan (efirga berilgan) kuni, boshlangan va tugagan vaqti, ularni olib borgan kishining familiyasi va ismini qayd etib borishlari shart.
Teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarni ro‘yxatga olish daftari unga so‘nggi yozuv kiritilgan kundan boshlab bir yil davomida saqlanadi. Tarixiy, ilmiy, madaniy va boshqa yo‘sindagi ahamiyatga molik materiallar qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda saqlanishi kerak.
24-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish tartibi
Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini bevosita noshirning va tahririyatning o‘zi yoki shartnoma asosida aloqa korxonalari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tarqatishi mumkin.
Ommaviy axborot vositasining har bir alohida sonini tarqatishga muharrir (bosh muharrir) uni chop etishga (efirga berishga) ruxsat etganidan keyingina yo‘l qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish O‘zbekiston Respublikasi tegishli qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar qoidalari asosida amalga oshiriladi.
25-modda. Rasmiy xabarlar, axborot va e’lonlarni e’lon qilish
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalari mazkur organlarning rasmiy xabarlarini e’lon qilishlari shart.
Favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi shoshilinch xabarlar yoki davlatning vakolatli organlari tomonidan omma e’tiboriga zudlik bilan yetkazish maqsadida berilgan xabarlar barcha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Sudning aynan shu ommaviy axborot vositasida e’lon qilish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bo‘lgan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorini tahririyat ko‘rsatilgan muddatda bepul e’lon qilishi shart.
Boshqa har qanday xabar, axborot va e’lonlar tahririyat bilan o‘zaro shartnoma tuzish asosida e’lon qilinadi.
26-modda. Muallif materiallari va xatlaridan foydalanish
Ommaviy axborot vositalarida tegishli qonun hujjatlariga asoslangan holda jurnalistika, adabiyot, san’at asarlaridan va ilmiy asarlardan foydalanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Tahririyatga kelgan xatlarni e’lon qilishga tayyorlash chog‘ida mazmunini buzmagan holda ularning matnini qisqartirish va tahrir etishga yo‘l qo‘yiladi.
Tahririyat qonuniy asoslarda rad etgan materialni ommaviy axborot vositasida majburan e’lon qildirishga hech kimning haqqi yo‘q.
27-modda. Raddiya berish va javob qaytarish huquqi
Yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida e’lon qilingan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va o‘zining sha’ni hamda qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan ma’lumotlar bo‘yicha raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir.
E’lon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar o‘z raddiyasini mazkur ommaviy axborot vositasi orqali e’lon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob maxsus ruknda yoxud ana shunga sabab bo‘lgan material bosilgan ayni o‘sha sahifada e’lon qilinishi shart. Raddiya yoki javob gazetalarda ular kelgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida, boshqa davriy nashrlarda esa navbatdagi sonda e’lon qilinadi.
Olingan raddiya yoki javob radioeshittirish yoki televideniye tahririyati tomonidan radioeshittirish yoxud teleko‘rsatuvning ayni o‘sha dasturi yoki turkumida, kelgan kunidan e’tiboran bir oy muddat ichida e’lon qilinadi.
Asosli va odob doirasidagi javob matnini, agar uni e’lon qilish hajm yoki vaqt nuqtai nazaridan ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazmasa, tahrir qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ommaviy axborot vositasi raddiya yoki javobni e’lon qilishdan bosh tortsa yoxud ularni e’lon qilish uchun belgilab qo‘yilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
28-modda. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzishda aybdor deb topilgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Muharrir (bosh muharrir), shuningdek, jurnalist ommaviy axborot vositasida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun, agar ma’lumotlar: rasmiy xabarlardan olingan bo‘lsa; axborot agentliklari yoki davlat organlarining matbuot xizmati orqali olingan bo‘lsa yoxud muallifning oldindan yozib olinmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga berilayotgan nutqlarida aytilgan bo‘lsa, javobgar bo‘lmaydilar.
29-modda. Chet el ommaviy axborot vositalari vakolatxonalari va vakillarining O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati
Chet el ommaviy axborot vositalari vakolatxonalari va vakillari O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tganlaridan keyin amalga oshiradilar.
O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan chet el ommaviy axborot vositalari vakolatxonalari va vakillarining huquqiy maqomi va kasb faoliyatini amalga oshirish shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
30-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 26-dekabr,
541-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 1-son, 10-modda; 2002-y., 9-son, 165-modda)