Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON FARMATSEVTIKA SANOATI (“OʻZFARMSANOAT”) DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNINING USTAVINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 17-iyundagi 300-son “Hukumatning “Oʻzfarmsanoat” konserni boʻyicha baʼzi qarorlarini oʻzgartirish va baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konsernining ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 11-noyabr,
542-son
Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konsernining
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
* Bundan keyin “konsern ” deb ataladi.
2. Konsern mulkchilikning barcha shakllaridagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarni, ularning xoʻjalik mustaqilliklarini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qolgan holda, ixtiyoriy ravishda va aksiyalashtirish asosida birlashtiradigan yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan xoʻjalik uyushmasi hisoblanadi.
3. Konsern oʻz tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning davlat mulkini boshqaradi.
4. Konsern va uning tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa normativ hujjatlariga, mazkur Ustav va konsern boshqaruvining qarorlariga amal qiladilar.
5. Konsern oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
6. Konsern tarkibidagi barcha korxonalar, agar bu konsern va respublikaga zarar yetkazmasa, boshqa konsernlar, korporatsiyalar, tarmoqlararo davlat birlashmalari tarkibiga kirishlari mumkin.
7. Konsern bank muassasalarida oʻzining mustaqil hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlariga, alohida mulkka, mustaqil va yigʻma balanslarga ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻladi va ular boʻyicha javob beradi, sudda yoki xoʻjalik sudida daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin. Konsern Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari boʻyicha toʻlov mulk hisobidan undiriladigan oʻziga tegishli boʻlgan mulk bilan oʻz majburiyatlari boʻyicha javob beradi.
Konsern oʻzining tarkibiga kiruvchi korxonalar (konsern aʼzolari)ning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, shu bilan bir qatorda korxonalar (konsern aʼzolari) uning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar.
Konsern va konsern tarkibiga kiruvchi korxonalar mol-mulkini, shuningdek, ularning foydalanishi uchun berilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan mol-mulkni musodara qilishga faqat konsern va korxonalar majburiyatlari boʻyicha toʻlovlar mulk hisobidan undiriladigan hollarda hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
8. Konsern Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan, oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi.
9. “Oʻzfarmsanoat” konsernining yuridik nomi:
oʻzbek tilida: Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati davlat-aksionerlik konserni;
rus tilida: Uzbekskiy gosudarstvenno-aksionerniy konsern farmatsevticheskoy promishlennosti.
10. “Oʻzfarmsanoat” konserni boshqaruvi quyidagi manzilda joylashgan:
Oʻzbekiston Respublikasi, 700084, Toshkent shahri, Mavlonov koʻchasi, 37-uy.
II. Konsernning maqsadlari va vazifalari
11. Konsernning asosiy maqsadlari va vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
dori-darmonlarni yaratish va ishlab chiqarishni tashkil etish, aholining, davolash-profilaktika muassasalarining dorivor vositalarga, biopreparatlarga, tibbiy va sanitariya-gigiyena maqsadlaridagi boshqa mahsulotlarga boʻlgan talabini qondirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
farmatsevtika sanoatini kompleks rivojlantirish, bu tarmoq korxonalarini hududiy joylashtirishni takomillashtirish, tabiatni muhofaza qilish siyosatini oʻtkazish masalalarida davlat hokimiyatining respublika va mahalliy organlari bilan hamkorlik qilish;
Sogʻliqni saqlash vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yuqori samarali dorivor vositalar va ularni ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish sohasida yagona ilmiy-texnika siyosatini amalga oshirish;
dorivor preparatlarni respublikaning oʻzida ishlab chiqarishni koʻpaytirish hisobiga ularning importini kamaytirish, xorijiy sheriklar bilan ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy hamkorlikni takomillashtirish va kengaytirish dasturini ishlab chiqish va izchil amalga oshirish.
12. Konsern oʻz vazifalarini bajarish uchun unga berilgan vakolatlarga muvofiq:
konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirishni, ularning huquqlarini himoya qilishni, davlat organlari va boshqa organlarda ularning manfaatlarini ifodalashni;
korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarda yagona ilmiy-texnika siyosati oʻtkazilishini, ilmiy-texnika va ishlab chiqarish imkoniyatlarini ilgʻor texnologiyalar, dorivor vositalar, biopreparatlar va boshqa materiallarning yangi turlarini ishlab chiqish va joriy etishga jamlashni;
tarmoqni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbol rejalarini, yaxlit ilmiy-texnik dasturlarni ishlab chiqishni, konsern ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish, korxonalarni kengaytirish, qayta qurish va texnika bilan qayta jihozlashning umumiy vazifalarini hal qilish uchun investitsiya sohasida yagona strategiyani amalga oshirishni;
boshqaruvni tashkil qilish, xoʻjalik yuritish usullari va shakllarini, korxonalar, birlashmalar, tashkilotlarda xoʻjalik hisobini rivojlantirishni, korxonalar va umuman respublika manfaatlarining mustahkam birligini taʼminlovchi oʻzaro iqtisodiy munosabatlarni boshqarishni takomillashtirishni;
korxonalar tomonidan ishlab chiqiladigan ishlab chiqarish rejalarini, tarmoqni rivojlantirish dasturlarini, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va materiallarga davlat buyurtmalarini maʼqul holga keltirish va kelishishni;
ishlab chiqarishning oqilona ixtisoslashuvini va kooperatsiyalashuvini oʻtkazish, bozor konyunkturasini oʻrganish va shuning asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar tarkibini takomillashtirishni, chet ellik sheriklar bilan oʻzaro foydali tashqi iqtisodiy aloqalarning yangi shakllarini, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni;
xomashyo bazasini jadal rivojlantirish, tabiiy resurslardan kompleks foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni, tarmoqlararo ekologik dasturlarni hal qilishda ishtirok etishni;
litsenziya, patent, nou-xau sotib olish, ulardan va boshqa huquqlardan foydalanishni tashkil etishni;
korxonalar va tashkilotlar tomonidan vatanimizda hamda chet elda ishlab chiqarilgan dorivor vositalarining va tarkibida biologik faol qoʻshimchalar va komponentlar mavjud boʻlgan boshqa vositalarning sifatini tartibga soluvchi davlat va tarmoq standartlariga, farmokopiya moddalariga va boshqa, tasdiqlangan ilmiy-texnika hujjatlariga rioya qilinishini nazorat etishni;
birinchi marta ishlab chiqarilayotgan preparatlarni va sifati yomonlashganligi tufayli nazoratning mazkur turiga oʻtkazilgan preparatlarni oldindan nazorat qilishni;
hamma ishlab chiqarilayotgan preparatlarni tanlab nazorat qilishni;
mehnat jamoalarini ijtimoiy rivojlantirishning mehnat, dam olish va salomatlik sharoitlarini yaxshilashni oʻz ichiga oluvchi tadbirlarini amalga oshirishni;
oʻzaro foydalilik va qaytarish shartlarida samarali bank kredit-moliya xizmatini tashkil qilish va rivojlantirishni, konsern va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarning iqtisodiy potensialini mustahkamlash vositasi sifatida daromad olishni taʼminlashga qaratilgan yagona tijorat va moliya siyosatini yurgizishni;
konsernga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarning ishlab chiqarish, moliya-xoʻjalik va tijorat faoliyatining iqtisodiy samaradorligini muntazam ravishda tahlil, nazorat va taftish qilishni;
korxonalarga maslahat, tashkiliy-uslubiy, moliyaviy, huquqiy, muhandislik va axborot yordami koʻrsatishni;
kadrlar siyosatini faol oʻtkazish, korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni tashkil etishni;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda savdo-xarid va savdo-vositachilik faoliyatini amalga oshirishni taʼminlaydi:
III. Konsern faoliyatini boshqarish
13. Konsern oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining barcha vazirliklari, idoralari, tashkilotlari va boshqa organlari bilan bevosita oʻzaro hamkorlik qiladi.
Konsern tarkibiga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarni boshqarish demokratik asosda, konsern aʼzolarining huquqlari va mustaqilliklariga qatʼiy rioya qilingan holda iqtisodiy usullar bilan amalga oshiriladi.
14. Konsernni boshqarish doimiy organlar: konsern Kengashi, ishchi apparati boʻlgan konsern boshqaruvi tomonidan amalga oshiriladi.
Konsern Kengashi taʼsis yigʻilishining qarori asosida tuziladi hamda boshqaruvning yuqori organi hisoblanadi, uning tarkibiga lavozimlari boʻyicha konsern raisi va uning oʻrinbosarlari, konsern muassislari hisoblangan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari kiradilar. Konsern boshqaruvining raisi bir vaqtning oʻzida konsern Kengashining raisi ham hisoblanadi.
15. Konsern Kengashi faoliyatining maqomi mazkur Ustav bilan tartibga solinadi.
16. Kengash majlislari zaruriyatga qarab, lekin bir yilda kamida ikki marta oʻtkaziladi. Konsern Kengashining navbatdan tashqari majlislari Kengash aʼzolarining kamida 1/3 qismining yoki konsern boshqaruvi tarkibining kamida 2/3 qismining talabi bilan oʻtkaziladi.
17. Konsern Kengashining majlisi agar uning ishida Kengash aʼzolari umumiy sonining kamida 2/3 qismi ishtirok etsa vakolatli hisoblanadi.
18. Kengashning qarori majlisda ishtirok etganlarning 2/3 qismi, lekin Kengash aʼzolari umumiy sonining kamida 50 foizi unga ovoz bersa qabul qilingan hisoblanadi.
Konsern Kengashi tomonidan qabul qilingan hujjatlar qarorlar sifatida rasmiylashtiriladi.
19. Kengash qarori konsernning barcha aʼzolari va uning boshqaruvi uchun majburiy hisoblanadi.
20. Konsern Kengashi:
konsern faoliyatiga taalluqli boʻlgan barcha asosiy masalalarni, shu jumladan, konsernni ishlab chiqarish, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy rivojlantirishning istiqboldagi dasturlari masalalarini hal qiladi;
konsern, boshqaruv, konsern tarkibiga kiruvchi korxonalarning asosiy vazifalari va funksiyalari bajarilishini tahlil qiladi va baholaydi;
konsern moliya-xoʻjalik faoliyati yillik hisoboti va balansini, konsern faoliyati haqidagi hisobotni, taftish komissiyasining axborotini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi;
uzoq vaqt zarar koʻrib va samarasiz ishlagan rentabelsiz korxonalarning bundan keyin faoliyat koʻrsatishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalalarni, shuningdek, ishlab chiqarishni tashkil etishning turli shakllari bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni belgilangan tartibda koʻrib chiqadi va hal etadi;
korxonalar va tashkilotlarni konsern tarkibiga qabul qilish va ularni konsern tarkibidan chiqarish haqida qarorlar qabul qiladi;
respublika davlat boshqaruv organlariga kiritilayotgan muhim normativ hujjatlarning loyihalarini, shuningdek, konsern faoliyatining boshqa muhim masalalarini koʻrib chiqadi, konsern tashkilotlari va korxonalarining mehnat jamoalarini qabul qilgan qarorlardan xabardor qiladi;
konsern tarkibiga kiruvchi korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish masalalarini koʻrib chiqadi;
konsern tarkibiga kirgan mulkchilikning turli shakllaridagi korxonalarga ustav fondi, kirish va pay badallari miqdorlarini belgilaydi;
konsern boshqaruvining hisobotlarini eshitadi va ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi:
Kengash oʻz vakolatlarining bir qismini konsern boshqaruviga berishga haqlidir.
21. Konsern Kengashi boshqaruv aʼzolarini va taftish komissiyasini saylaydi. Konsern boshqaruvining raisi va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadilar.
Kengash Vazirlar Mahkamasining roziligi bilan konsern boshqaruvining son tarkibini belgilaydi, ishchi apparatning tuzilmasi va sonini, unga sarflanadigan xarajatlar limitini tasdiqlaydi va tasdiqlangan xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida tuzilmasiga oʻzgarishlar kiritishi mumkin. Saylab qoʻyilgan va ishchi apparat korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar daromadlari (foydasi)dan ajratilgan mablagʻlar hisobiga saqlanadi.
Kengash aʼzolari boshqaruvni saylashda muqobil nomzodlarni tavsiya qilish huquqiga egadirlar.
Boshqaruv aʼzolari konsern Kengashining qaroriga asosan lavozimdan ozod qilinishi mumkin.
22. Konsern boshqaruvi konsernning kundalik ishiga rahbarlik qiladi va konsernga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi.
Boshqaruv majlislari uning raisi tomonidan zaruriyatga qarab, lekin bir oyda kamida bir marta chaqiriladi. Boshqaruv majlisi agar uning ishida boshqaruv aʼzolari umumiy sonining kamida 2/3 qismi ishtirok etsa vakolatli hisoblanadi. Boshqaruvning oʻz vakolatlari doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilgan qarorlari konsern barcha aʼzolarining ijro etishi uchun majburiy hisoblanadi.
Konsern boshqaruvi:
konsern Kengashi qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi;
konsern Kengashi majlisida koʻriladigan masalalarning oldindan ishlab chiqilishini amalga oshiradi;
dorivor vositalar, biopreparatlar va tibbiyotda ishlatiladigan buyumlarga boʻlgan talablardan kelib chiqqan holda konsernning ishlab chiqarish-xoʻjalik, ilmiy-texnik, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi yoʻnalishlari va istiqbollarini ishlab chiqadi va ularni tasdiqlash uchun Kengashga kiritadi;
ishlab chiqarishni kooperatsiyalash va ixtisoslashtirish, investitsiya, ekologik, moliyaviy-tijorat va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi birgalikdagi harakatlar yoʻnalishlarini ishlab chiqadi;
konsern koʻrgan zararlarni qoplash, shu jumladan, korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning bajarilmasligi yoki zarur darajada bajarilmasligi oqibatida ular yetkazgan zararlarni qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, bu haqda keyinchalik konsern Kengashiga maʼlum qiladi;
konsern tarkibiga kiruvchi davlat korxonalari, birlashmalari va tashkilotlarining ustavlarini tasdiqlaydi;
ishchi apparat xodimlarining hisobotlarini eshitadi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qiladi;
davlat korxonalari, birlashmalari va tashkilotlarining rahbarlarini hamda konsern boshqaruvi xodimlarini amaldagi qonunlarga muvofiq shartnomalar asosida lavozimga tayinlaydi va ozod qiladi;
korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarning iqtisodiy va yuridik manfaatlarini tegishli organlarda ifodalaydi va himoya qiladi;
boshqaruvning tuzilmasi va shtat jadvaliga muvofiq boshqaruv huzuridagi ishchi apparat xizmatlari rahbarlarini lavozimlarga tasdiqlaydi.
Boshqaruv qarori, agar ishtirok etganlarning kamida 2/3 qismi, lekin boshqaruv aʼzolari umumiy sonining kamida yarmi uning uchun ovoz bergan taqdirdagina qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlganda raisning ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
23. Boshqaruv raisi:
boshqaruv va ishchi apparat faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi, konsernga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, oʻz oʻrinbosarlari va boshqaruv aʼzolari oʻrtasidagi vazifalarni taqsimlaydi, konsern faoliyatiga oid masalalarni hal etishda ularning vakolatlarini belgilaydi;
buyruqlar, yoʻriqnomalar va oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha boshqa hujjatlar chiqaradi;
konsern rahbar organlari qarorlarining bajarilishini nazorat qilishni taʼminlaydi;
konsern mol-mulki va mablagʻlariga belgilangan tartibda egalik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasining har qanday yuridik va jismoniy shaxslari bilan munosabatlarda va uning tashqarisida konsern nomidan vakillik qiladi, konsern nomidan bitimlar, shartnomalar va boshqa bitimlar tuzadi va bunday bitimlar tuzishga ishonchnomalar beradi;
boshqaruv va uning ishchi apparati shtat jadvalini va ularga sarflanadigan xarajatlar smetasini hamda uning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
lavozim maoshlarini va ularga ustamalarni belgilaydi, apparat xodimlarini ragʻbatlantiradi va ularni jazolaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq respublikaning hamda boshqa davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslariga konsern nomidan daʼvo qilish va eʼtiroz bildirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi.
24. Taftish komissiyasi.
Taftish komissiyasi oʻziga berilgan vakolatlarga muvofiq konsernning moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilishni amalga oshiradi.
Taftish komissiyasi konsern Kengashi tomonidan saylanadigan 3 aʼzodan iborat boʻladi. Taftish komissiyasi aʼzolari Kengashga va konsern boshqaruvi tarkibiga kirishlari mumkin emas.
Tekshirishlar taftish komissiyasining oʻz tashabbusi bilan yoki Kengash, boshqaruv qarori bilan amalga oshiriladi.
Taftish komissiyasi tekshirish natijalarini tegishli chora-tadbirlar koʻrish uchun Kengashga va konsern boshqaruviga yuboradi.
IV. Konsernning huquqlari
25. Konsern:
konsernni boshqarish sxemasini, ishlab chiqarish-xoʻjalik va tashkiliy-boshqaruv tuzilmalarini tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xorijiy sheriklar bilan qoʻshma korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar tashkil qilish, dorivor vositalar, xomashyo, materiallar, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, priborlar, texnologiyalar, xalq isteʼmol mollari va boshqalarni eksport va import qilish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish; xoʻjalik hisobi prinsiplari asosida ilmiy, ishlab chiqarish-xoʻjalik va ijtimoiy faoliyat masalalarini hal qilish;
yangi dorivor preparatlar olish va ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish boʻyicha ustuvor ilmiy-tadqiqot dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlash, dorivor oʻsimliklar yetishtirish bazalarini kengaytirish respublika farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, kimyo-farmatsevtika sanoati uchun kadrlar va dorivor oʻsimliklar ekish boʻyicha mutaxassislar tayyorlash uchun budjetdan tashqari fond tashkil qilish;
dorivor vositalar, biopreparatlar, substansiyalar, yarim mahsulotlar va tibbiy maqsadlardagi buyumlarni sotish;
shifobaxsh va quvvatbaxsh ichimliklarni ishlab chiqish va tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarni tashkil qilish, qayta tashkil qilish va tugatish;
belgilangan tartibda tarmoq, tijorat va investitsiya banklari tashkil etish;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq eksport-import imkoniyatlarini oʻrganish, yangi texnologiyalarni, dorivor vositalarni, biopreparatlarni va tibbiy maqsadlardagi buyumlarni ishlab chiqarishga joriy etishni oʻrganish maqsadida mutaxassislarni boshqa davlatlarga xizmat safarlariga yuborish;
konsern Kengashi tasdiqlagan normativlarga muvofiq barpo etiladigan markazlashtirilgan jamgʻarmalar va zaxiralar, shu jumladan, valyuta jamgʻarmasi tashkil qilish;
tarmoqlararo ixtisoslashtirish va kooperatsiyalash bilan bogʻliq masalalarni hal qilish;
korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan davlat standartlari bilan qamrab olinmagan mahsulotlarga ichki va tashqi bozor talablarini hisobga olgan holda normativ-texnik hujjatlarni tasdiqlash;
kapital qurilishga, obyektlarni qayta qurishga loyiha-smeta hujjatlarini ekspertiza qilish va tasdiqlash;
konsern Kengashi tasdiqlagan normativlarga muvofiq konsernning markazlashtirilgan jamgʻarmalari va zaxiralaridan ajratilgan kredit va mablagʻlarni qaytarish muddati tamom boʻlgandan keyin yoki tuzilgan shartnomalarga muvofiq qayd etib oʻtilgan jamgʻarmalar va zaxiralarga toʻlanishi kerak boʻlgan badallarni konsern aʼzolari boʻlgan korxonalardan akseptsiz tartibda undirib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan barter, lizing va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish;
transport, ombor boʻlinmalari va boshqa boʻlinmalar tashkil qilish;
konsernning maqsad va vazifalariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqiga egadir.
V. Konsern aʼzolari, ularning huquqlari
26. Konsern Ustavini tan oluvchi va konsern vazifalariga muvofiq ishlab chiqarish-xoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga qabul qilgan davlat korxonalari, qoʻshma korxonalar va mulkchilikning har qanday shaklidagi boshqa yuridik shaxslar konsern aʼzolari boʻlishlari mumkin.
27. Konsern aʼzolari:
konsern tomonidan oʻtkaziladigan barcha dasturiy tadbirlarda foydaning qoʻshilgan ulushga mutanosib hissasini olgan holda oʻz mablagʻlari, faoliyati bilan qatnashish;
konsern jamgʻarmalaridan qisqa muddatli va uzoq muddatli kreditlar, shuningdek, shartnoma asosida boshqa har qanday yordam olish;
konsern Kengashi va boshqaruvining koʻrib chiqishi uchun konsernning turli jihatlari boʻyicha takliflar kiritish, konsernning barcha faoliyat turlari boʻyicha axborot olish;
shartnomaga muvofiq konsern oldidagi oʻz majburiyatgarini bajargan taqdirda Kengash qarori bilan konsern tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.
28. Konsern aʼzolarining majburiyatlari:
konsern vazifalariga muvofiq ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish;
ushbu Ustav talablarini bajarish hamda kirish va pay badallari toʻlash;
konsernning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatida qatnashishda konsern va sheriklar oldidagi oʻz shartnoma majburiyatlarini qatʼiy bajarish;
boshqaruv tomonidan tasdiqlangan masalalar roʻyxatiga muvofiq korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar faoliyati haqidagi zarur maʼlumotlarni konsern Kengashiga yoki uning boshqaruviga taqdim etish;
konsern faoliyati toʻgʻrisidagi ilmiy, texnologik, iqtisodiy, moliyaviy va boshqa maʼlumotlarning maxfiyligiga rioya qilish.
VI. Konsernning mol-mulki va mablagʻlari
29. Konsernning mol-mulki ustav fondini tashkil qiluvchi asosiy va oborot mablagʻlardan, shuningdek, jamgʻarmalardan va konsernga birkitilgan boshqa mol-mulkdan iborat boʻladi.
30. Konsernga birkitilgan mol-mulk uning mustaqil balansida aks etadi.
31. Konsern mablagʻlari:
miqdorlari konsern Kengashi tomonidan belgilanadigan konsernga kirish badallaridan, maqsadli va pay badallaridan;
aksiyalar va boshqa, qimmatli qogʻozlardan;
konsern xoʻjalik faoliyatidan, tashqi savdo va kredit operatsiyalaridan olinadigan daromadlardan;
davlat organlari, korxonalar, shu jumladan, konsern tarkibiga kirmagan korxonalar tomonidan ajratiladigan mablagʻlardan, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyatdan tushgan daromadlardan shakllanadi.
32. Konsern tarkibidan chiqqan korxonalarga kirish badallarini qaytarib berish shartnomada kelishiladi.
33. Konsern tarkibiga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarning roziligi bilan fan, ishlab chiqarish va ijtimoiy sohani rivojlantirish qoʻshma dasturlarini amalga oshirish uchun markazlashtirilgan jamgʻarma tashkil etilishi mumkin
34. Konsern aʼzosi boʻlgan, ularga bogʻliq boʻlmagan favqulodda vaziyatga (zilzila, yongʻin, suv toshqini, ishlab chiqarish faoliyati toʻxtatib qoʻyilishiga olib kelgan boshqa vaziyatlar) tushib qolgan korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarga yordam koʻrsatish uchun korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarning daromadlaridan (sof foydasidan) ajratiladigan mablagʻlar hisobidan hosil boʻluvchi konsernning zaxira jamgʻarmasi tashkil etiladi
Ajratmalar miqdori va ularni tugash vaqti Kengash tomonidan belgilanadi. Zaxira jamgʻarmasi mablagʻi daxlsiz hisoblanadi va konsern boshqaruvining qaroriga muvofiq qatʼiy ravishda aniq maqsadni koʻzlab sarflanadi.
35. Konsern Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq oʻz mol-mulkini va faoliyat tavakkalchiligini sugʻurta qildiradi.
VII. Hisobga olish, hisobot, nazorat
36. Konsern operativ va buxgalteriya hisobi, statistika hisobotini yuritadi, konsern tarkibiga kiruvchi korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
37. Xoʻjalik faoliyatining barcha turlari boʻyicha belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi, hisobot va balanslarning ishonchliligini taʼminlaydi.
38. Konsern Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq konsern tarkibiga kiruvchi davlat korxonalarining moliya-xoʻjalik faoliyati kompleks taftish qilinishini taʼminlaydi. Taftish auditorlik asosida amalga oshirilishi mumkin.
39. Konsern amaldagi qonunchilikka qatʼiy rioya qilinishini va konsern aʼzolarining takliflari, fuqarolarning ariza va shikoyatlari asosida qabul qilingan qarorlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlaydi.
VIII. Konsern faoliyatini toʻxtatish
40. Konsernni tugatish Vazirlar Mahkamasining qarori bilan hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga binoan amalga oshiriladi.
41. Agar konsern aʼzosining faoliyati konsernning maqsad va vazifalariga, mazkur Ustav talablariga zid boʻlsa, konsern har qanday qatnashchisining unga aʼzoligi toʻxtatilishi mumkin.
42. Konsernni tugatish haqida qaror qabul qilinganidan keyin konsern Kengashi tugatish komissiyasini tayinlaydi, tugatish komissiyasi bir oy muddatda konsern majburiyatlari boʻyicha zarur hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
Mol-mulkning konsern tugatilgandan keyin sarflanmagan qismi pay badallariga muvofiq konsernning sobiq aʼzolari oʻrtasida taqsimlanadi.
(Oʻzbekiston Recpublikasi Hukumat qarorlari toʻplami, 1993-y., 11-son, 39-modda)