Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
ShNQ 2.04.15-23 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 3-yanvarda hisobga olindi, hisob raqami 228]
Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. ShNQ 2.04.15-23 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining 2022-yil 7-dekabrdagi 234-son “ShNQ 2.04.15-22 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (hisob raqami 131, 2022-yil 30-dekabr) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2023-yil 1-dekabr,
404-son
Kelishildi:
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi Raisi B. YuSUPALIYEV
2023-yil 1-noyabr
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. KULDAShEV
2023-yil 11-noyabr
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A. ABDUHAKIMOV
2023-yil 7-noyabr
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2023-yil 28-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining
2023-yil 1-dekabrdagi 404-son buyrugʻiga
ILOVA
ShNQ 2.04.15-23 “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalari
Mazkur shaharsozlik normalari va qoidalari (bundan buyon matnda ShNQ deb yuritiladi) quyosh fotoelektrik modullari va batareyalaridan foydalangan holda yangi qurilayotgan, quvvati 10 kW gacha boʻlgan fotoelektrik stansiyalarni loyihalashtirish va montaj qilish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar
1. Ushbu ShNQda quyidagi shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
ShNQ 2.01.02-04 Bino va inshootlarning yongʻin xavfsizligi;
QMQ 2.01.03-19 Seysmik hududlarda qurilish;
ShNQ 2.01.01-22 Loyihalash uchun iqlimiy va fizikaviy-geologik maʼlumotlar;
ShNQ 1.04.01-23 Bino va inshootlarning texnik holatini tekshirish va monitoring qilish;
SanQvaN 0350-17 Oʻzbekiston Respublikasining aholi yashash hududlarida atmosfera havosini muhofaza qilishning sanitariya meʼyorlari va qoidalari (Rasmiy manba: SanPiN 0350-17 Sanitarnie normi i pravila po oxrane atmosfernogo vozduxa naselennix mest Respubliki Uzbekistan);
SanQvaN 0236-07 Yuqori kuchlangan elektr uzatish liniyalari yaqinida yashovchi aholining xavfsizligini taʼminlash boʻyicha sanitariya normalari va qoidalari;
Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari;
Oʻz DSt 3182:2017 Avtonom fotoelektrik tizimlar. Ishlash qobiliyati nazorati. Nazorat usullari;
Oʻz DSt/IEC 3076:2016 Elektr tarmoqlariga ulanadigan quyosh fotoelektrik stansiyalari. Stansiyalar, hujjatlar, qabul qilish va tekshirish boʻyicha minimal talablar (Rasmiy manba: Oʻz DSt/IEC 3076:2016 — Stansii solnechnie fotoelektricheskiye podklyuchayemie k elektricheskim setyam. Trebovaniya minimalnie k stansiyam, dokumentatsii, priyomke i obsledovaniyu);
OʻzDSt 61853-1:2018 Fotoelektrik modullar. Ishchi xarakteristikalarini aniqlash va energetik baholash. Ishchi xarakteristikalarini harorat va energiya yoritilganlikka bogʻliqlikda oʻlchash. Nominal quvvat (Rasmiy manba: Oʻz DSt 61853-1:2018 Moduli Foto Elektricheskiye. Opredeleniye rabochix xarakteristik i energeticheskaya otsenka. Izmereniye rabochix xarakteristik v zavisimosti ot temperaturi i energeticheskoy osveщennosti. Nominalnaya moщnost);
OʻzDSt 61215-1:2021 Yer usti fotoelektrik modullar. Tuzilishini baholash va turini tasdiqlash. 1-qism. Sinov talablari;
OʻzDSt/IEC 61215-1-1:2021 Yer usti fotoelektrik modullar. Tuzilishini baholash va turini tasdiqlash. Kristall kremniydan tayyorlangan fotoelektrik modullarini sinash uchun maxsus talablar;
OʻzDSt/IEC 61215-2:2021 Yer usti fotoelektrik modullar. Konstruksiyani baholash va turini tasdiqlash. 2-qism. Sinov jarayoni;
IEC 61215 (2005) Kremniy kristallidan tayyorlangan yer usti fotoelektrik modullar. Tuzilishini va namunaga binoan tasdiqlash;
IEC 60364-7-712:2017 Past kuchlanishli elektr qurilmalar. Maxsus elektr qurilmalariga yoki ularning joylashgan nuqtalariga qoʻyiladigan talablar. Fotoelektrik quyosh batareyalaridan foydalanadigan energiya tizimlar;
IEC 61683:1999 Fotoelektrik tizimlar. Invertorlar. Samaradorlikni oʻlchash tartibi;
IEC 62109-1 Fotoelektrik energiya tizimlarida foydalanish uchun invertorlarning xavfsizligi. Umumiy talablar;
IEC /TS 62548:2013 Fotoelektrik batareyalar. Texnik shartlar;
IEC 60417 — 5019 Uskunalardan foydalanish uchun grafik belgilar (Rasmiy manba: Graphical Symbols for Use on Equipment);
GOST 21.101-97 Qurilish uchun loyiha hujjatlari tizimi. Loyiha va ishchi hujjatlariga asosiy talablar. (Rasmiy manba: Sistema proyektnoy dokumentatsii dlya stroitelstva (SPDS). Osnovnie trebovaniya k proyektnoy i rabochey dokumentatsii);
IEC 60364 — 5 — 54:2011 Past kuchlanishli elektr qurilmalari. Yerga ulanuvchi himoya qurilmalari, himoya oʻtkazgichlari va potensiallarni tenglashtiruvchi himoyalovchi oʻtkazgichlar.
2-bob. Atamalar va taʼriflar
2. Ushbu ShNQda quyidagi atama va taʼriflardan foydalanilgan:
atrof-muhitga taʼsir — oqibatlari atrof-muhitga salbiy taʼsirlar boʻlgan bir vaqtlik, davriy yoki doimiy jarayon;
fotoelektrik stansiya — quyosh nurlanishini elektr energiyaga aylantirish orqali elektr energiyani ishlab chiqarish uchun bir yoki bir nechta fotoelektrik batareyadan iborat energetik qurilma;
fotoelement — quyosh nurlanish energiyasini elektr energiyasiga aylantiruvchi eng sodda fotoelektrik qurilma;
fotoelektrik modul — maxsus tuzilishga ega boʻlgan, toblangan oynadan va ikki tomonidan plyonka yordamida germetik yopishtirilgan quyosh fotoelementlaridan tashkil topgan monolit panel;
fotoelektrik batareya — qattiq tuzilishli ketma-ket yoki parallel ulangan fotoelektrik modullardan tashkil topgan quyosh nurlanish energiyasini elektr energiyasiga aylantiradigan qurilma;
invertor — fotoelektrik batareya tomonidan ishlab chiqarilgan oʻzgarmas tokni oʻzgaruvchan bir fazali 220V/50 Nz yoki uch fazali 380V/50 Nz ga aylantirish uchun moʻljallangan elektron qurilma;
kontroller — akkumlyatorlarning zaryad-razryadlanishini va fotoelektrik batareya energiya manbalarini boshqaradigan elektron qurilma;
akkumulyator batareyasi — energiyani jamlash va saqlash uchun moʻljallangan qayta ishlatiladigan tok manbai boʻlib, qaytariluvchi oksidlanish-qaytarilish reaksiyasiga asoslanadi, parallel yoki ketma-ket ulangan ikki yoxud undan ortiq elektr galvanik elementlardan tashkil topgan qurilma;
MPPT — batareyani zaryad-razryadlash va quyosh panellari bilan ishlashini amalga oshiradigan qurilma;
3. Ushbu ShNQda quyidagi qisqartmalar qoʻllanilgan:
AB — akkumulyator batareyasi;
ATTA — atrof-muhitga taʼsirni baholash toʻgʻrisidagi ariza;
MDH — mustaqil davlatlar hamdoʻstligi;
FES — fotoelektrik stansiya;
FE — fotoelement;
FEM — fotoelektrik modul;
FEB — fotoelektrik batareya;
TIA — texnik-iqtisodiy asoslash;
TIHK — texnik-iqtisodiy hisob-kitob.
3-bob. FESni loyihalashtirish va uning elektromexanik qismlari
4. Yangi FESlarni loyihalashtirishda mazkur ShNQ talablari, shuningdek qurilish hududining iqlimiy, muhandislik, geologik va boshqa shart-sharoitlarni inobatga olgan holda, ishlab chiqarilgan texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlariga koʻra amalga oshiriladi.
5. FESni loyihalash zamonaviy texnologik asbob-uskunalardan foydalangan holda amalga oshirilishi kerak.
6. FESni loyihalashda quyidagi asosiy texnik yechimlarni eʼtiborga olish lozim:
dastlabki moliyalashtirilgan mablagʻlarni va ishlab chiqarish sarf-xarajatlarini maksimal tejash;
uskunaning ishonchli va mustahkam ishlashini taʼminlash;
material va metall sarfini kamaytirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek SanQvaN 0350-17 ga binoan ishlab chiqarish va texnik xodimlar uchun normal sanitariya-maishiy sharoitlar yaratish.
7. FESlarni loyihalashda barcha energiya yoʻqotishlar, shuningdek ularning joylashuvi, quyosh nurlanishi hamda iqlim sharoitida elektr energiyasini ishlab chiqarishda foydalaniladigan FESning maksimal imkoniyatlari hisobga olinishi kerak.
8. FESni loyihalashda quyidagilar eʼtiborga olinishi lozim:
tok kuchini ortib ketishi;
tokning yuqori yuklanishi;
qarshi himoya (izolatsiya)ning parchalanishi;
Oʻz DSt 3182:2017 ga muvofiq kuchlanish ortishidan himoyalanish.
9. FES binolarining tomlarida oʻrnatilgan evakuatsiya yoʻllarining soni va joylashuvi ShNQ 2.01.02-22 ga muvofiq boʻlishi kerak.
10. FES qurilishi uchun quyosh energiyasining zarur miqdori taʼminlanadigan tekis yoki nishab yer maydoni hamda bino va inshootlarning montaj qilish mumkin boʻlgan joylari tanlanishi lozim.
11. FESni loyihalashda maydonning geografik joylashuvini hamda hududning iqlimiy xususiyati tavsifini, quyosh nurlanishi parametrlarini, parvozlar xavfsizligiga xalal berishini, shamollar darajasini va mahalliy omillarni, shamollarning shakllanishiga taʼsir qiladigan relyefni, oʻsimliklarni, maydondagi binolarni eʼtiborga olish kerak.
12. FES joylashtirilishi mumkin boʻlgan uchastkaning chegaralarida qurilishni tashkil etishdan oldin qurilish uchun sharoitlarni, belgilangan texnik parametrlarga (boʻylama hamda koʻndalang yonbagʻirlarga, oʻlchamlarga, burchak radiusiga va boshqalarga) ega boʻlgan texnologik yoʻlaklarni hamda montaj qilish maydonchalarini oʻrganib chiqish lozim.
Shuningdek, FES yer ustida joylashganida erning gidrografik xususiyatlari (er usti va yer osti suvlari, oqimlar, botqoqliklar) hamda erning oʻziga xos xususiyatlari (qiyaliklar, jarliklar va dashtlar) inobatga olingan holda maydonning yer qatlami sharoitlari hisobga olinishi lozim.
Panellarning oraliq masofasida soyalanish darajasini hisoblash mazkur ShNQning 1-ilovasida keltirilgan.
13. FESni loyihalashda FEBni joylashtirish rejasi ishlab chiqilishi lozim.
14. FESda FEBni maqbul joylashtirishda quyidagilar eʼtiborga olinishi lozim:
FESning tanlangan maydoni uchun quyosh nurlari maksimal darajada tushishi mumkin boʻlgan joy;
quyosh insolatsiyasiga taʼsir koʻrsatuvchi (oʻrmon, ekinzorlar, balandliklar, binolar, baland imoratlar va boshqalar) omillar, yer yuzasi notekisligi hamda atrof muhitning boshqa taʼsir etish xususiyatlari;
shamolning FES maydonida joylashgan FEBning mahkamlangan konstruksiyasiga taʼsiri.
15. Muayyan maydoncha chegarasida zarur quvvatga ega boʻlgan FEBni joylashtirish sxemasini ishlab chiqishda quyidagi jihatlar hisobga olinishi lozim:
elektr energiyasini ishlab chiqarishni maksimal darajada koʻpaytirish va ularning oʻzaro soyalari taʼsirida yoʻqotishlarni minimallashtirish maqsadida FEB oʻrtasidagi optimal masofani aniqlash;
chang, shamol esadigan yuqori intensivlik mavjud boʻlgan joylarda, shamol va havo xususiyatlarining salbiy taʼsiridan himoya qiladigan obyektlarga nisbatan FEB joylashishiga eʼtibor qaratish;
infratuzilma obyektlarining elektr uzatish liniyalari, neft va gaz quvurlari, sanoat obyektlari, aeroportlar va boshqalar yaqinidagi muhofaza zonalarining masofalariga rioya qilish;
FES joylashgan joylarda sanitariya qoidalari va normalariga rioya qilish.
16. FESni loyihalashda FEMning qiya yuzasiga tushadigan quyosh energiyasi miqdori (yoki quyosh nurlanishining intensivligi) hamda FEMning meʼyoriy gorizontal yuzasi va janubiy yoʻnalish (FES azimuti oʻrtasidagi burchak bilan tavsiflanadigan janubga nisbatan yoʻnalishiga bogʻliqligi) eʼtiborga olinishi, bunda standart sharoitlarda quyosh nurlanishining maksimal intensivligini oʻlchash va aniqlash mazkur ShNQning 2-ilovasiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
17. FESni loyihalashda FEB uchun quyidagi turdagi uskunalarni oʻrnatish mumkin:
burchak ostida oʻrnatiluvchi massivlar (quyosh nurlanishining maksimal miqdorini hisobga olish uchun FEMlar gorizontga nisbatan muayyan burchak ostida oʻrnatiladi);
bitta aylanish oʻqiga ega boʻlgan (bir koordinatli) quyoshning yoʻnalishini kuzatuvchi tizimga ega massivlar (gorizontga nisbatan maʼlum burchak bilan joy kengligini hisobga olgan holda joylashtiriladi);
ikkita aylanish oʻqiga ega boʻlgan (ikki koordinatli) quyoshning yoʻnalishini kuzatuvchi tizimga ega massivlar (gorizontga nisbatan har xil yoʻnalishda joylashtirilgan, ikki oʻq atrofida aylanuvchi qurilmalar, bu oʻqlar bir-biriga nisbatan perpendikulyar boʻladi).
18. Yerga nisbatan harakatsiz boʻlgan oʻq asosiy boʻlishi, asosiy oʻqqa nisbatan pozitsiyasi aniqlanadigan oʻq qoʻshimcha oʻq hisoblanishi kerak.
19. Quyoshning yoʻnalishini kuzatuvchi tizimlarga ega ikki oʻqli tizim gorizontga nisbatan bir yoʻnalishda harakatlanuvchi bir nechta aylanish oʻqlaridan iborat boʻlishi mumkin (qoʻshimcha oʻq yoʻnalishi boʻyicha).
20. FEMning koʻtarib turuvchi konstruksiyasi va oʻrnatish mexanizmi QMQ 2.01.03-19 talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
21. FEMning koʻtarib turish ustuni yuk koʻtarish xususiyatlari Oʻz DSt/IEC 3076:2016 ga mos boʻlishi, bunda FEMlarni loyihalash va qurishda shamol yuklamalari taʼsiriga alohida eʼtibor berilishi zarur.
22. FEMni oʻrnatishda ishlab chiqaruvchining tavsiyalariga muvofiq haroratning deformatsiyalari uchun harorat choklari berilishi kerak.
23. FESni loyihalash va qurishda FEMga tushadigan ogʻirlikni kamaytirish uchun shamol, qor, toshqinning seysmik taʼsiri hamda qoʻshimcha yuki hisobga olinishi va u Oʻz DSt/IEC 61215-1:2018 ga muvofiq boʻlishi zarur.
Shamol tezligi taʼsirini baholash uchun shamolning maksimal tezligi ob-havo maʼlumotlarini tahlil qilish asosida tanlanishi, shuningdek ShNQ 2.01.01-22 ga muvofiq maʼlum bir joyni loyihalash uchun tabiiy hodisalarning roʻy berishi ehtimolini hisobga olinishi lozim.
24. FEM tuzilmasini hisoblashda yogʻingarchilik (qor, muz va boshqa yogʻingarchiliklar) miqdori ShNQ 2.01.01-22 ga muvofiq qabul qilinishi kerak.
FEMni binolarning tomlariga oʻrnatishda FESning yuk koʻtarish qobiliyati hisobga olinishi hamda Oʻz DSt/IEC 3076:2016 ga muvofiq boʻlishi lozim.
25. FESning maʼlum bir hududida suv toshqini keragidan ortiq boʻlganda yoki daryo, koʻl va suv havzasida suv sathining koʻtarilishi natijasida FESni umumiy tarmoqdan uzish imkoniyati taʼminlanishi kerak.
Agar FESlar avtonom boʻlsa, ularni batareyalardan uzish taʼminlangan boʻlishi lozim.
26. Qurilmalarni loyihalashda haroratning oʻzgarishini hisobga olinishi, bunda Oʻz DSt/IEC 3076:2016 ga muvofiq qoʻllab-quvvatlovchi qurilmalarga va FEMni mahkamlash mexanizmlarini qabul qilish lozim.
27. FEBni erga oʻtkazuvchanlik (zazemleniye) boʻyicha loyihalashda Oʻz DSt/IEC 60364-7-712 talablari va qoidalariga rioya etilishi hamda erga oʻtkazish tizimining toʻliq konfiguratsiyasi hisobga olinishi lozim, bunda:
ekspluatatsiya yoki konstruktiv sabablarga koʻra zarur boʻlganda yuqori kuchlanishli kabellarni erga oʻtkazish (funksional erga oʻtkazish tizimi);
chaqmoqdan himoya qilish yoki potensialni tenglashtirish maqsadida ochiq oʻtkazuvchan qismlarni erga ulash (himoya erga oʻtkazish tizimi).
4-bob. FESlarni montaj qilish
1-§. Umumiy talablar
28. FESni montaj qilish ishlari mazkur ShNQ hamda yongʻin xavfsizligi qoidalari, xavfsizlik texnikasi talablari va sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga koʻra amalga oshirilishi bunda, FESni montaj qilish ishlari boshlangandan to ishlar yakuniga qadar, atrof-muhit va insonlar salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi hamda yuqori kuchlangan elektr uzatish liniyalari yaqinida yashovchi aholining xavfsizligini taʼminlash SaNQvaN 0236 — 07ga muvofiq boʻlishi lozim.
29. FESlarni quyidagi holatlarda montaj qilishga yoʻl qoʻyilmaydi:
yogʻingarchilik, tashqi havo harorati va shamol tezligi yuqori boʻlgan vaqtlarda FEMlarni bino va inshootlarning tom qismida montaj qilishga;
FEMlarni korroziyaga faol moddalari (masalan, tuzlar, tuz tumanlari, shoʻr suvlar, faol kimyoviy bugʻlar, kislotali yomgʻir, koʻp miqdordagi bugʻ boʻlgan muhit yoki FEMlarni korroziyaga olib keladigan va ularning xavfsizligi hamda xizmat koʻrsatish qobiliyatiga taʼsir qiluvchi har qanday moddalar) mavjud muhitlarda;
FEMlarni nam holatda maxsus texnika xavfsizligi talablarini taʼminlamasdan;
quyosh nurlarini toʻgʻridan toʻgʻri yoʻnaltiruvchi moslamalarni FESlarga qaratib qoʻyishga;
FESlarni montaj qilish ishlarini olib borishda FEMlarni yuza qismini qirilib ketilishiga;
FEM oʻrnatiladigan konstruksiya bino va inshootlar tom qismining qoplamasiga mahkamlanishiga;
FEMning ramasida qoʻshimcha teshiklar ochishga;
korroziyaga chidamsiz FEMlardan foydalanishga.
30. FEMlarni oʻrnatishda qoʻyidagilar tavsiya etiladi:
shamollatilishi uchun erdan yoki tomning ustki qismidan 30 cm balandlikda oʻrnatish;
yuzasidagi chang zarralari oson va oʻzini oʻzi tozalanishini taʼminlash uchun 10° qiyalik ostida oʻrnatish;
issiqlik taʼsirida kengayishlarni hisobga olgan holda FEMlar orasida 10 mm dan kam boʻlmagan masofa qoldirish;
talab etiladigan mexanik yuklarga muvofiq holda oʻrnatish.
FEMlarni foydali ish koeffitsiyenti tushib ketishini oldini olish maqsadida, yuza qismida toʻplanib qolgan qor va chang zarralarini muntazam ravishda tozalanishini taʼminlash lozim.
31. Tashqi muhitning havo harorati 20 °C dan 50 °C gacha boʻlganda montaj qilish tavsiya etiladi. FEMlar uchun tashqi muhitning ekstrimal ishchi harorati -40 °C dan 85 °C etib olinadi.
32. FESni bino va inshootlarning tomlarida, montaj qilish mumkin boʻlgan joylarda (bino va inshootlarning fasadlarida, tom qismlarida, balkonlarida) yoki unga tutash hududlarda (agar mavjud boʻlsa) oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi, bunda mavjud bino va inshootlarning montaj qilish mumkin boʻlgan joylardagi konstruksiyalarning yuk koʻtara olish qobiliyatiga (mustahkamligiga) koʻra ShNQ 1.04.01-23 ga muvofiq texnik kuzatuv xulosalari boʻlishi kerak.
Bino va inshootlarning hududlarida FES oʻrnatilganda, ularni atrofi perimetri boʻyicha toʻrsimon toʻsiqlar bilan oʻralishi lozim.
Mavjud bino va inshootlarda FESlarni montaj qilish boʻyicha ushbu ShNQning 4-ilovasiga muvofiq loyiha hujjatlari hamda FEMlarni ulash sxemalari ishlab chiqilishi lozim.
FESlarni samarali ishlashini taʼminlash maqsadida simulyatorlar orqali optimal joylashuvi va qiyaligini aniqlanishi zarur.
2-§. Montaj qilish va konstruktiv talablar
33. FESni montaj qilish ishlari ishchi chizmalar orqali ketma-ketlikda bajarilishi kerak.
FEMlarni ketma-ket bir yoʻnalishda va bir xil burchak ostida montaj qilish lozim.
Har bir FEMda energiya yoʻqotilishlarni oldini olgan holda har xil nurlanish, yoʻnalish va burchak ostida montaj qilib oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
34. FESlarni quyidagi joylarda montaj qilinmasligi lozim:
bino va inshootlar hamda daraxtlarning soyalari tushadigan joylarda;
yengil yonuvchan materiallar yoki moʻrilar oldida;
doimiy suv purkab turuvchi yoki suv ostida turuvchi moslamalarda yoki ularning yon atrofida;
daraxt va butalar mavjud maydonlarda hamda “Oʻzbekiston Qizil kitobi”ga kiritilgan oʻsimlik va hayvonlar mavjud hududlarda.
35. FESlarni montaj qilish paytida sinishlar, yoriqlar va mexanik nuqsonlari mavjud boʻlgan FEMlardan foydalanish taqiqlanadi.
36. FEMlarda ortiqcha degradatsiyalanishlar hamda elektr toki ishlab chiqilishini oldini olish maqsadida, FESlarni montaj qilish ishlarini bajarishda FEMlarni quyosh nuridan himoyalash choralarini koʻrgan holda amalga oshirishga hamda FEMlarni vertikal va gorizontal kesimda oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi.
37. FEMlar oʻrnatiladigan ramalarida tebranishlar natijasida hosil boʻladigan yuklanishlarni oldini olish maqsadida texnologik jarayonidan boshqa holatlarda konstruksiyada teshiklar ochish tavsiya etilmaydi.
38. Mavjud bino va inshootlarning tom qismiga FEMlarni montaj qilishda, tom konstruksiyasi qoʻshimcha yuklanishlarga bardosh bera olishi ushbu ShNQning 32-bandiga muvofiq aniqlash zarur.
39. FEMlarni mahkamlagichlari, korroziyalanmaydigan yoki korroziyalanish darajasi past boʻlgan ruxlangan poʻlat, alyumin yoki shunga oʻxshash materiallardan boʻlishi, bunda montaj qiluvchi tashkilot konstruksiyada zanglashlar paydo boʻlmasligi va xavfsiz xizmat qilishini taʼminlanishi lozim.
40. FESlar bino va inshootlarning tom qismiga montaj qilinganda, tomlardagi tirqishlar suv kirmasligi uchun xizmat muddatiga muvofiq germetizatsiyalangan boʻlishi lozim.
41. FEMlarni koʻtaruvchi konstruksiyalarga montaj qilish boltlash va mahkamlash orqali ushbu ShNQning 5, 6-ilovalariga muvofiq amalga oshirilishi zarur.
42. FEMlar yuk koʻtaruvchi konstruksiyasi ramasining orqa tomonidagi flanetslarning montaj teshiklariga boltlar orqali har bir FEM kamida toʻrt tomondan mustahkam mahkamlanishi kerak.
43. Mahkamlagich va boltlar ruxlangan poʻlatdan ishlangan boʻlishi zarur.
44. Bolt va gaykalarning klassiga bogʻliq holda chegaraviy ogʻish chegarasi 450 MPa, buruvchi momenti 17~23 N·m dan kam boʻlmasligi kerak.
45. Shamol tezligi yuqori boʻlgan hududlarda, konstruksiyalarni qoʻshimcha mahkamlash mumkin.
3-§. FESlarni ekspluatatsiya qilish va xavfsizlik talablari
46. FEM va uning konstruktitsiyasi hamda chaqmoqdan himoya simlarini almashtirish yoki taʼmirlash jarayonida shikastlanishlar yetkazilmasligi kerak.
47. FESlarni montaj qilish yoki nosozliklarni aniqlash, bartaraf etish ishlari elektr tokidan himoyalangan asbob-uskunalar yordamida bajarilishi, shuningdek metall taqinchoqlar yechilib amalga oshirilishi kerak.
48. FESlarni montaj qilishda, yuz berishi mumkin boʻlgan jarohatlarni oldini olish boʻyicha montaj qiluvchi tomonidan mehnatni muhofaza qilish choralari koʻrilishi lozim.
49. FESlarni montaj qilish ishlari tashqi havo harorati keskin sovib yoki isib ketganda texnika xavfsizligi talablarini taʼminlagan holda amalga oshirilishi kerak.
50. FESlarni montaj qilishda, FEMlarga zarurat boʻlmaganda ortiqcha teginishlar amalga oshirilmasiligi lozim.
51. Yerga oʻtkazuvchanlik himoya uskunasini oʻrnatishdan oldin himoya kabellari oʻrnatilishi, ushbu uskunani demontaj qilish jarayonida esa himoya kabellari oxirida oʻchirilishi kerak.
52. Yerga oʻtkazuvchanlik himoya simlari notoʻgʻri montaj qilinganda qolgan ishlarni boshlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
53. FESni ekspluatatsiya qilishdan oldin erga oʻtkazuvchanlik himoyasiga doimiy ulangan boʻlishi lozim.
54. Bino va inshootlarning yuqorisida ishlarni olib borishda yogʻoch narvonlardan foydalanish hamda yogʻoch narvonlarni yer yoki pol sathidan 75° da oʻrnatish lozim.
55. FESni montaj qilishda vaqtinchalik bino va inshootlar atrofiga ogohlantiruvchi belgilarni oʻrnatish yoki toʻsiqlar bilan oʻrash lozim.
56. FESni barcha uskunalardagi nosozliklarni bartaraf etilgandan soʻng ishga tushirishga ruxsat etiladi.
5-bob. FESlarning asosiy va yordamchi elementlari
57. FES qurilmalarini tanlashda Oʻz DSt/IEC 3076:2016 talablariga javob beradigan FE, FEM va FEBlardan foydalanish lozim.
58. FESning asosiy qurilmalari quyidagilardan iborat:
FEMlar;
invertorlar;
nazorat qiluvchilar (kontrollerlar);
AB;
ulash simlari;
boshqaruv panellari (qoʻshuvchi va ajratuvchi qutilarda).
59. FESning yordamchi elementlari quyidagilardan iborat:
ABni mikroprotsessorli zaryad-razryadlantirish kontrolleri;
ABni quvvatlovchi.
60. FEM quyosh elementlari toʻplami (fotoelektrik oʻzgartirgichlar)dan iborat boʻlib, quyosh energiyasini elektr energiyasiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzgartiradi.
61. Talab qilinayotgan quvvatda FEM turini tanlash konstruktiv va texnik xususiyatlar bilan belgilanadi hamda Oʻz DSt/IEC 61853-1:2018, Oʻz DSt/IEC 61215-1:2018 va Oʻz DSt/IEC 61215-1-1:2018 talablariga javob berishi kerak.
62. FESning asosiy qismi FEMlardan iborat boʻlib, FEMlarda oʻzaro bogʻlanganda katta quvvat olish uchun moʻljallangan FEBlarni tashkil qiladi.
63. FEBlar isteʼmolchi zanjir uskunasiga quyidagi usullarda ulanadi:
FEBlari energiyani saqlash moslamasini oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan doimiy tok kuchlanishiga;
FEBlari AB qurilmasiga;
FEBlari oʻzgaruvchan tok qurilmalariga (zanjiriga, elektr tarqatish tarmogʻiga) oddiy ajratgichli invertor orqali;
FEBlari oʻzgaruvchan tok qurilmalariga (zanjiriga) invertor orqali;
aralash usulda (bir nechta turdagi uskunalarga ulangan).
64. Quyosh batareyalari tomonidan ishlab chiqariladigan energiyani oʻzgaruvchan 220 V/50 Nz yoki uch fazali 380 V/50 Nz oqimlarga aylantirish uchun turli xil invertorlar mavjud boʻlib, ular quyidagi holatlar boʻyicha bir-biridan farqlanadi:
quvvat bilan;
doimiy tok tomonidagi kuchlanish bilan;
chiqish signali shakli bilan;
oʻrnatilgan quvvatlovchi qurilma va toʻgʻridan-toʻgʻri energiya taʼminoti tizimi bilan (boshqa oʻzgaruvchan tok manbaidan);
analog yoki impulsli zanjir bilan.
65. Invertorlar toʻliq avtonom tizimlarda ishlatilishi yoki elektr energiyasini toʻgʻridan-toʻgʻri tarmoqqa uzatish uchun moʻljallanishi kerak.
66. Fotoelektrik tizimlar uchun invertorni tanlashda quyidagi xususiyatlarga eʼtibor berish lozim:
nominal quvvat (doimiy quvvatlash uchun invertorga ulanishi mumkin boʻlgan kuchlanishning umumiy quvvat yigʻindisi boʻlib, nominal quvvat doimiy kuchlanishning kamida 20 — 30 foiz qoʻshimcha bilan tanlanadi);
eng yuqori quvvat (bu quvvatning maksimal qiymati boʻlib, ABdan ishlaganda invertor juda qisqa vaqt oraligʻida bardosh bera oladigan quvvat hisoblanadi, shuningdek invertorning maksimal quvvati (eng yuqori quvvat) ulangan qurilmalarni ishga tushirish quvvatini hisobga olgan holda tanlanadi);
oʻzgaruvchan tok doimiy tokka oʻzgartirilganda (invertorlanganda) chiqish signalining shakli;
oʻrnatilgan quvvatlovchi qurilmaning tok kuchi (agar mavjud boʻlsa) (ABni maksimal sigʻimi qiymatini hisobga olgan holda aniqlanadi);
har xil turdagi ABni zaryad qilish qobiliyati;
germetik va ochiq turdagi batareyalarda zaryadning turli bosqichlari uchun kuchlanishlardagi farqlar;
“uyqu” rejimining mavjudligi (uyqu rejimi — bu elektr yuklamalari boʻlmagan taqdirda invertorning oʻz energiya sarfini kamaytirish qobiliyati);
oʻrnatilgan relening mavjudligi (tashqi tarmoq yoʻqolganda, batareyadan quvvat olishga avtomatik ravishda ulanishga imkon beradi).
67. Ulanish relesiga ega boʻlgan invertor ikkita “kirish” va “chiqish” oʻzgaruvchan tok simlari bilan ulanadi. “Kirish” simi tashqi tarmoqqa ulanib, tokni rele orqali kuchlanishga uzatadi. “Chiqish” simi inventordan chiquvchi oʻzgaruvchan tokka ulangan boʻlib, unga ABdan olinadigan oʻzgaruvchan tok kuchlanishi ulanadi.
68. Atrof-muhit haroratiga qarab zaryad kuchlanishini tartibga solish uchun invertorlarni harorat datchiklari bilan qoʻllash tavsiya etiladi (bunday zaryadni tartibga soluvchilarsiz kerakli zaryadlash darajasi taʼminlanmaydi, batareyalar zaryadlanmaydi yoki aksincha qayta quvvatlanadi. Bu ularning ish qobiliyatiga salbiy taʼsir qiladi va ularning muddatidan oldin ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin).
69. AB ning chuqur quvvatsizlanishini (taxminan, har bir elementda 1,8 V) oldini oladigan, quvvatsizlanish darajasini nazorat qilish moslamasi bilan jihozlangan MPPT turi bilan hamda ABni qayta quvvatlanishiga yoʻl qoʻymaydigan, quyosh batareyalaridan quvvatlanishni nazorat qiladigan moslamasi bilan jihozlangan invertorlardan foydalanish tavsiya etiladi.
70. Fotoelektrik tizim turiga muvofiq invertor ikki turga boʻlinadi:
oʻrnatilgan chastota generatoriga ega avtonom tizimlar uchun invertorlar;
tarmoqlarda foydalaniladigan invertorlar.
Ikkala turdagi invertorning foydali ish koeffitsiyent qiymati 90 foizdan kam boʻlmasligi kerak.
71. Kuchlanish invertorlari alohida qurilma sifatida qoʻllanilishi yoki manbalar tarkibida hamda oʻzgarmas tok elektr energiyasi uskunalarining uzilishlarsiz manbasi tizimiga kirishi mumkin.
72. Invertorlar IEC 61683:1999, IEC 62109-1 talablariga muvofiq tanlanishi, shuningdek foydalanuvchining quyidagi texnik talablari inobatga olinishi kerak:
sinusoidal chiqish kuchlanishini taʼminlovchi invertorlar;
sinusoida oʻrnini bosadigan oddiy signal koʻrinishidagi chiqish kuchlanishini taʼminlaydigan ikkinchi guruh invertorlari.
73. Invertorni oʻrnatishda standart kuchlanishdagi (220 V/50 Nz) energiya isteʼmolining eng yuqori quvvati, shuningdek invertorning quyidagi ishlash rejimlari hisobga olinishi kerak:
uzoq vaqt davomida ishlash rejimi (invertorning nominal quvvatiga mos keladi);
ortiqcha yuklanishda ishlash rejimi (aksariyat invertor modellari nominal quvvat rejimida bir necha daqiqa davomida (30 daqiqagacha boʻlgan maksimal muddat) ishlashi mumkin).
74. FESlar elektr tarmogʻiga quyidagi usullarda ulanishi mumkin:
elektr energiyasini umumiy tarmoqqa uzatish imkoniyatiga ega boʻlmagan (avtonom ravishda ishlaydigan);
ishlab chiqarilgan elektr energiyasini umumiy tarmoqqa uzatish imkoniyatiga ega boʻlgan;
ishlab chiqarilgan elektr energiyasi quvvatni umumiy tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri uzatish hamda energiyani ABlarda saqlash imkoniyatiga ega boʻlgan (kombinatsiyalashtirilgan (gibrid);
koʻp rejimli ulanish.
75. Fotoelektrik energiya tizimlarini ishlab chiqishda energiyani toʻplash va saqlash uchun ABlar qoʻllanilishi, bunda ABlar turli ekspluatatsiya rejimlarida elektr energiyasining manbadan isteʼmolchiga yetib kelish vaqti va koʻrsatkichlari mutanosibligini, chiqish kuchlanishining barqarorligini taʼminlashi lozim.
76. FESlar uchun ABlar alohida yoki nominal kuchlanishiga (12 yoki 24 V) ega boʻlgan monobloklar (batareyalar toʻplami)dan iborat boʻlishi mumkin.
77. ABlar bir xil sigʻimga ega boʻlishi hamda bir vaqtda ishlab chiqilgan va bitta partiyada yetkazib berilgan boʻlishi lozim.
78. Maʼlum bir FESlar uchun ABlarni tanlashda quyidagilar hisobga olinishi kerak:
oʻz-oʻzidan quvvatsizlanish darajasi;
tokning past quvvatida ham ishlash qobiliyati;
quvvatsizlangan holda ham ishlash qobiliyati;
past haroratlarda ham ishlash qobiliyati (yil boʻyi foydalaniladigan tizimlar uchun);
texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha minimal talablarga ega boʻlishi.
6-bob. FESlarning yordamchi uskunalari
79. ABlarni quvvatlanishi (quvvatsizlanishi)ni nazorat qiluvchi mikroprotsessorli kontrollerlar va ABni quvvatlantiruvchi uskunalar avtonom FESlarning yordamchi uskunalari hisoblanadi.
80. Mikroprotsessorli kontrollerlarni quyosh batareyasining maksimal darajada quvvatlanishi va tok zaryadining kenglik-impuls modulatsiyasini (KIM) kuzatish hisobiga ABni 100 foiz gacha quvvatlanishini taʼminlash maqsadida qoʻllaniladi.
81. FES larda “shuntli” va “ketma-ket” tipiga mansub boʻlgan kontrollerlar qoʻllanilishi mumkin.
82. ABning xizmat davrini oshirish va FESning energiyasidan samarali foydalanish maqsadida quvvatlantirish kontrolleri qoʻllaniladi.
83. Yirik FESlarda ABning quvvatlanishi va quvvatsizlanishi darajasini nazorat qilish funksiyalari bilan bir qatorda butun tizimni boshqaradigan tizimli kontrollerlardan foydalanish kerak. Nazorat yoritilganlik, harorat, tok, kuchlanish va tizimning boshqa koʻrsatkichlarini qayd etish hamda tahlil qilish yoʻli bilan kompyuterlar yordamida amalga oshiriladi.
84. Har bir FES uchun kontrollerlar FEMning quvvati va yuklanish quvvatiga qarab individual ravishda tanlab olinadi.
85. Quvvatlovchi qurilma germetiklangan, texnik xizmat koʻrsatilmaydigan, qoʻrgʻoshin-kislotali ABlarni avtomatik ravishda quvvatlantirish uchun moʻljallangan boʻladi.
86. Quvvatlovchi qurilma talab etilgan tok zaryadi, ABning turi, quvvatlantirish tezligi va avtomatlashtirilganlik darajasiga qarab tanlab olinadi.
87. ABni maksimal tok kuchlanishida quvvatlantirish tavsiya etilmaydi.
Tok quvvati oshishi va birxillashishi uchun hamda quvvatlash jarayonini tezlashtirish maqsadida bir nechta quvvatlovchi uskunalar parallel ravishda ulanadi.
7-bob. FESlar qoʻllanishini iqtisodiy asoslash va ularning ekspluatatsion koʻrsatkichlari
88. FESning loyihasida keltirilgan texnik yechimlarning sifati texnik va iqtisodiy hisob-kitoblar koʻrsatkichlari bilan belgilanishi kerak.
89. FES samaradorligini baholashning asosiy koʻrsatkichlari quyidagilardan iborat:
yillik elektr energiyasini ishlab chiqarish;
qabul qilingan FEB turlari uchun nominal quvvatdan foydalanish koeffitsiyenti (FES uchun oʻrtachasi);
yetkazib berilgan elektr energiyasining tannarxi.
90. Elektr energiyasini ishlab chiqarishni hisoblash uchun dastlabki maʼlumotlar sifatida ShNQ 2.01.01-22 boʻyicha ushbu hududning iqlim parametrlari, shuningdek ishlab chiqaruvchilardan olingan FEMning chiqish parametrlari qoʻllaniladi.
91. Ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmini hisoblashda FEMni FES hududida joylashtirganda bir-birining yuzasiga soya tushirishdan vujudga keladigan yoʻqotishlar, FESning ichki elektr tizimidagi yoʻqotishlar, FE va FEM yuzalari degradatsiyasi (buzilishi)dan kelib chiqadigan boshqa yoʻqotishlar baholanishi lozim.
92. Elektr energiyasini ishlab chiqarishni hisoblash natijalariga koʻra hamda tizimdagi yoʻqotishlarni kamaytirish va elektr energiyasini ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadida FEMlarning muayyan burchagi, shuningdek FE va FEM turlari aniqlashtirilishi lozim.
93. FESning bir yilda nominal quvvat bilan ishlab chiqaradigan energiya hajmining oʻrtacha qiymati quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
WFES = Pfm(Eumum. / Isin )K0(1-Kyoʻq), kW·h
Bu erda:
Rfm — quyosh FEMlarining umumiy quvvati, kW;
Eumum. — gorizontal tekislikda yer yuzasiga tushayotgan umumiy quyosh energiyasi, kW·h/m2;
Isin — FEMlarni sinovdan oʻtkazilgandagi quyosh nurlanishining intensivligi, Isin = 1,0 kW·h/m2;
K0 — quyosh energiyasining umumiy oqimini gorizontal tekislikdan FEMlar yuzasiga oʻtkazish uchun tuzatish koeffitsiyenti;
Kyoʻq — elektr energiyasini transformatsiya qilish va uzatish jarayonida quyosh batareyasining yoʻqotishlarini hisobga olgan koeffitsiyenti.
FESlar ishlab chiqaradigan elektr energiyasi hajmini hisoblash misoli mazkur ShNQning 3-ilovasida keltirilgan.
94. Isteʼmolchiga bir yilda yetkazib beriladigan elektr energiyasi hajmi quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
Web = WFEC — Wty — Weh — Wyou
Bu erda:
Wfec — FESda bir yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi, kW·h/yil;
Wty — transformatsiya qilish va uzatish jarayonida elektr energiyasining texnologik yoʻqotishlari, kW·h/yil;
Weh — FES (asosiy uskunalari)ning oʻz ehtiyojlari uchun isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi, kW·h/yil;
Wyou — yordamchi uskunalarning ehtiyojlari uchun isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi, kW·h/yil.
8-bob. FESlarda texnika xavfsizligi qoidalari va yongʻin xavfsizligi
95. Quyosh FEBlarining juda past kuchlanishli xavfsizlik tizimidan (JPKX) himoyalanishi IEC/TS 62548:2013 talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Boshqa tizimlarda, tok oʻtkazuvchilarning biri oʻzgarmas tok tomonidan erga ulangan hamda doimiy va oʻzgaruvchan toklar oʻzaro ajratilgan hollarda tok oʻtkazuvchilar hamda tok oʻtkazuvchining erga ulangan yoki ularning ochiq qismlari ikki qoplamali yoki kuchaytirilgan izolatsiya bilan himoyalanishi talab etiladi.
96. Elektr toki urishidan himoyalashda Oʻz DSt/IEC 60364-5-54:2011 talablari qoʻllaniladi.
97. Modullarda, tarqatish qutilarida, FEM oʻtkazgichlarida haddan tashqari yuqori kuchlanishli tok oqimi vujudga kelganida yoki quyosh FEBning erga ulangan oʻtkazgichlarda qisqa tutashuvlar hosil boʻlganida uskunalarning himoyasi taʼminlanishi lozim.
98. FEMlar tok kuchlanishi boʻyicha chegaralangan boʻlsada, tashqi manbalarga (masalan, batareya) parallel ravishda ulanishi yoki qoʻshilishi mumkinligini inobatga olib, bir necha parallel ulangan zanjirlardan yoki tashqi manbalardan yoxud har ikkala usul qoʻllanilganda vujudga keladigan ortiqcha tok oqimlarga duchor boʻlishi mumkinligini hisobga olish kerak.

99. FEMlarning tokdan maksimal himoyalanishi quyosh FEBlari qismlaridan kelib chiqadigan qisqa tutashuv toklari yuzaga kelganda, dastlab himoyaning pastki darajasida oʻchirilishiga qarab tavsiflanishi kerak, agar parallel zanjirlar soni ikkitadan ortiq boʻlsa, qisqa tutashuvning maksimal toki biror bir zanjir sxemasida (zanjirlar soni bitta boʻlganda) oʻtishi mumkin boʻlgan qisqa tutashuv tokiga teng boʻlishi lozim.
Parallel zanjirlar soni bir yoki ikkita boʻlganda va hech qanday ABlar boʻlmaganda hamda FEMlar qisqa tutashuv tokiga teng boʻlgan teskari tok oqimga bardoshli boʻlganda maksimal tokdan himoyalash tizimining nosozligi ahamiyat kasb etmasligi inobatga olinishi kerak.
100. Kristalli kremniydan tayyorlangan FEMlar uchun parallel zanjirlar soni uchtadan oshmasligi kerak.
Boshqa FEMlar uchun ishlab chiqaruvchining qoʻllash yoʻriqnomalari koʻrsatmalari inobatga olinishi, qoʻllash yoʻriqnomalari boʻlmaganda har bir zanjirga himoya qurilmalari (predoxranitel) oʻrnatilishi kerak.
101. FEMga ulanadigan kabellar izolatsiyasini tanlashda atrof-muhitning ehtimoli boʻlgan eng yuqori harorat darajasi mazkur ShNQning 31-bandiga muvofiq hisobga olinishi, bunda atrof-muhit taʼsiri ostida boʻlganda kabellar ultrabinafsha nurlanishiga chidamli boʻlishi yoki ultrabinafsha nuridan yongʻinga qarshi himoya vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
102. FESni yuqori kuchlanishdan himoya qilish Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari (IV boʻlim) (2006-yil 2-noyabr, 20-15-232/11-son) muvofiq amalga oshiriladi.
9-bob. FESni chaqmoqdan himoya qilish
103. Chaqmoqdan kelib chiqadigan xavf darajasini hisobga olgan holda FEB va meteorologik machtalar chaqmoqdan himoya qilish boʻyicha uchinchi toifaga mansub boʻlib, FESlarni loyihalashda Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari (VII boʻlim) (2006-yil 18-iyul 20-15-143/14-son) ga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
104. Toʻgʻridan-toʻgʻri chaqmoq urishidan himoya qilishda FEB (meteomachta) konstruksiyasi bilan jihozlarni buzmasdan hamda boshqarish va tartibga solish tizimlari elektronika uskunalariga zarar yetkazmagan holda chaqmoq toki oʻtishi kafolatlanishi kerak.
105. Tok oʻtkazgichlar ustun minorasining konstruksiyasi boʻylab yotqizilishi va impuls qarshiligi bilan erga oʻtkazgichga ulanishi lozim.
106. FEBning erga oʻtkazgichining, meteorologik machtaning va transformator stansiyasining konturlarini birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
107. FEMning yer oʻtkazgichiga ulanish uchun moʻljallangan sim klemmasi yoki modulni oʻrnatish nuqtasi IEC 60417-5019 ga muvofiq belgilanishi yoki yashil rang bilan belgilangan boʻlishi kerak.