Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 462-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2026-y., 09/26/462/0891-son)
Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining, shuningdek, davlat yordamining raqobatga taʼsiri baholanishi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-son Farmoniga muvofiq quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Raqobat qoʻmitasi) faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari qilib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
normativ-huquqiy hujjatlarning hamda ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash;
tovar, moliya va raqamli bozorlarda insofsiz raqobat amaliyotlarini aniqlash va ularga chek qoʻyish.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholashning asosiy vazifalari va mezonlari;
normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining (ex-ante va ex-post) raqobatga taʼsirini baholash tartibi;
normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash uchun axborot manbalari;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasi 2-ilovaga muvofiq:
(2-band “b” kichik bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 462-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2026-y., 09/26/462/0891-son)
raqobatni himoya qilish maqsadida tovar yoki moliya bozorida raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan sodir etilishi taqiqlangan holatlar;
insofsiz raqobatni aniqlash bosqichlarini belgilash;
insofsiz raqobat belgilarini aniqlash;
insofsiz raqobat holatlarini koʻrib chiqish tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
v) Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholashning asosiy mezonlari;
vakolatli organ tomonidan davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi;
davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash uchun axborot manbalari.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 462-sonli qaroriga asosan “v” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2026-y., 09/26/462/0891-son)
3. Belgilansinki, quyidagilar raqobatga taʼsirni baholashda asosiy vazifalar hisoblanadi:
loyihalarni hamda amaldagi qonunchilik hujjatlarining huquqiy oqibatlarini tovar yoki moliya bozorlarida raqobatni cheklash qismi boʻyicha umumiy baholash;
qonunchilik hujjatlarini qoʻllash jarayonida tovar yoki moliya bozorlarida raqobatni cheklash xavfini aniqlash;
litsenziyalash va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini soddalashtirish va qisqartirish masalalarini oʻrganish;
tovar va moliya bozorining barcha ishtirokchilariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun teng imkoniyatlar yaratishda toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan omillarni aniqlash;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tovar va moliya bozorlarida raqobatni cheklaydigan loyihalarni va amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish yoki bekor qilish boʻyicha takliflar hamda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish holatlarini belgilangan muddatlarda bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish.
4. Raqobat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 29-dekabr,
694-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 694-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining, shuningdek, davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash (keyingi oʻrinlarda — raqobatga taʼsirni baholash) tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat yordamini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining raqobatga taʼsiri Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq baholanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 462-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2026-y., 09/26/462/0891-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi;
davlat yordami — davlat tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida berish;
raqobatga taʼsirni baholash — normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining tovar va moliya bozorlarida raqobatni bevosita yoki bilvosita cheklash ehtimolini aniqlash va baholash.
3. Raqobatga taʼsirni baholash davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarda tovar hamda moliya bozorlarida raqobatni bevosita yoki bilvosita cheklaydigan holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish hamda tegishli choralar koʻrish maqsadida baholanadi.
4. Quyidagi hollarda raqobatga taʼsirni baholash oʻtkazilmaydi:
normativ-huquqiy hujjat loyihasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha cheklovchi tadbirlar (karantin)ni belgilashga qaratilgan boʻlsa;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasida yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar nazarda tutilsa.
5. Raqobatga taʼsirni baholash vakolatli organ tomonidan quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
“ex-ante” — normativ-huquqiy hujjat loyihasining (keyingi oʻrinlarda — loyiha) raqobatga taʼsirini baholash;
“ex-post” — amaldagi normativ-huquqiy hujjatning raqobatga taʼsirini baholash.
2-bob. Raqobatga taʼsirni baholashning asosiy mezonlari
6. Normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasining raqobatga taʼsiri quyidagi oqibatlarning biriga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlganda, uning taʼsiri raqobat uchun salbiy deb baholanadi:
a) tovar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning (keyingi oʻrinlarda — yetkazib beruvchilar) doirasi va sonini cheklashga olib kelsa, jumladan:
tovar yoki moliya bozorining alohida ishtirokchilariga raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi davlat yordamini bersa yoki muddatini uzaytirsa;
faoliyat yuritish sharti sifatida raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi litsenziyalash yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartibini oʻrnatsa;
ayrim yetkazib beruvchilarning oʻz tovar va xizmatlarini realizatsiya qilish imkonini cheklasa;
yetkazib beruvchining tovar va moliya bozoriga kirishidagi yoki undan chiqishidagi xarajatlarini sezilarli darajada oshirsa;
tovar yoki moliya bozori ishtirokchilariga ularning bozorga kirishiga toʻsqinlik qiladigan texnik tartibga solishning yangi shartlarini oʻrnatsa;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning tovar va xizmatlarini realizatsiya qilish yoki ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek, investitsiya kiritish imkonini cheklovchi geografik toʻsiq oʻrnatsa;
b) yetkazib beruvchilarning oʻzaro raqobatlashish imkoniyatini chegaralasa, jumladan:
yetkazib beruvchilarning tovarlarga va xizmatlarga narx belgilash imkoniyatini chegaralasa;
yetkazib beruvchilarning oʻz tovar va xizmatlarining reklamasi yoki marketingini amalga oshirish erkinligini chegaralasa;
ayrim yetkazib beruvchilarga boshqalar oldida afzallik beruvchi yoki tovar va xizmatlar xarid qiladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki jismoniy shaxslar (keyingi oʻrinlarda — isteʼmolchilar) tanlashi mumkin boʻlgan darajadan oshuvchi tovar sifati standartlarini oʻrnatsa;
ishlab chiqarish xarajatlarini oshirsa, shuningdek, resurslarni (moddiy, moliyaviy va mehnat) ayrim yetkazib beruvchilarga, shu jumladan, tovar yoki moliya bozorining yangi ishtirokchisiga ajratish yoʻli bilan boshqalarning xarajatlariga nisbatan koʻproq sarflanishiga olib kelsa;
tovar yoki moliya bozorlarida tadbirkorlik subyektlari ishtirokida davlat korxonasi yoki davlat ulushi bor korxonalar tuzishni nazarda tutsa va uning natijasida raqobatni cheklaydigan holat yuzaga kelsa;
v) yetkazib beruvchilarning bozor munosabatlarida oʻzaro raqobatlashishga qiziqishini pasaytirsa, jumladan:
raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi oʻzini oʻzi boshqaradigan yoki birgalikda boshqariladigan tartib yaratsa;
raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi maʼlumotlarni, shu jumladan, yetkazib beruvchilarning ishlab chiqarish, narxlar, aylanmalar yoki xarajatlar boʻyicha axborotlarini yoritishni talab etsa yoki ragʻbatlantirsa;
raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining amal qilishidan har qanday alohida tarmoq yoki yetkazib beruvchilar guruhi faoliyatini istisno qilsa;
g) yetkazib beruvchilarning yangi texnologiyalar, mahsulotlar yoki biznes modellarini amaliyotga joriy etishni cheklasa, jumladan:
innovatsiyalar asosiy xususiyat boʻlgan bozorlarda innovatsiyalarni joriy etishni cheklasa yoxud ularni joriy etishga boʻlgan qiziqishni pasaytirsa;
yangi texnologiyalarni qoʻllashni cheklasa yoki yetkazib beruvchilarni biznes modellardan foydalanishlariga toʻsqinlik qilsa;
innovatsiyalarning istiqbolini cheklasa;
d) isteʼmolchilar uchun kerakli axborotni tanlash imkonini chegaralasa, jumladan:
isteʼmolchilarning oʻz xohishlari asosida ular kimdan tovar (ish, xizmat) sotib olish masalasini hal qilish imkoniyatlarini chegaralasa;
isteʼmolchilarning bir tovar yoki mahsulot yetkazib beruvchilardan boshqasiga oʻtishida narxni oshirib, ularning imkoniyatlarini kamaytirsa;
isteʼmolchi uchun tovarni (ishlar, xizmatlarni) sotib olishda zarur boʻlgan axborotning asl mohiyatini oʻzgartirib, natijada ularning adashishiga olib kelsa.
3-bob. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining raqobatga taʼsirni baholash (“Ex-ante”)
7. Quyidagilarni nazarda tutuvchi loyihalar vakolatli organ tomonidan “ex-ante” usulida baholanadi:
a) xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun yangi cheklovlar, litsenziyalarning, ruxsat berish tartib-taomillarining yangi turlari joriy etilishi yoki amaldagi cheklovlar, ruxsat berish tartib-taomillari, faoliyatning litsenziyalanadigan turlari tovar va moliya bozori ishtirokchilarining yanada kengroq doirasiga nisbatan tatbiq etilishi;
b) litsenziyalar yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish uchun qoʻshimcha talablar va shartlar joriy etilishi;
v) yuridik shaxslar ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdoriga doir talablar oshirilishi;
g) xoʻjalik yurituvchi subyektlarning belgilangan huquqlari cheklanishi (kamaytirilishi) yoki ular uchun qoʻshimcha majburiyatlar yoxud qoʻshimcha xarajatlar joriy etilishi;
d) davlat yordami berilishini, shu jumladan, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun har qanday turdagi imtiyozlar, kafolatlar, preferensiyalar belgilanishini, shuningdek, ularga eksklyuziv huquqlar berilishi;
e) isteʼmolchilar yoki tovar va moliya bozori ishtirokchilari uchun infratuzilma hamda tabiiy monopoliya subyektlarining tovarlaridan (ish, xizmatlaridan) foydalanish shartlarini oʻzgartirishi;
j) tabiiy monopoliya subyektlarining tovar va moliya bozorlarida ishtirokining mavjudligi;
Oldingi tahrirga qarang.
z) xoʻjalik faoliyatini amalga oshiradigan, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori 25 foizdan ortiq boʻlgan yuridik shaxs, shuningdek, oʻziga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqi berilgan davlat muassasalarini va ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish), ularning faoliyat turini oʻzgartirish, aksiyalar (ulushlar) olishi;
(7-bandning “z” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
i) tovar va moliya bozorida davlat organlari va tashkilotlarining yoki davlat ishtirokidagi korxonalarning raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarining mavjudligi;
k) tovar va moliya bozori ishtirokchilarining istalgan koʻrinishdagi resurslar, jumladan, xom ashyo, materiallar, ishchi kuchi va moliyaviy resurslardan foydalanish shartlarining oʻzgarishi.
8. Ushbu Nizomning 7-bandida keltirilgan masalalar ishlab chiqilayotgan loyihada mavjud boʻlgan taqdirda, loyihani ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan jamoatchilik muhokamasi va idoralararo kelishuv yakunlari boʻyicha qayta ishlangan loyiha quyidagi maʼlumot va hujjatlarni ilova qilgan holda vakolatli organga taqdim etiladi:
a) tovar va moliya bozori ishtirokchilarining tovar hamda moliya bozoriga kirish xarajatlari (bevosita yoki bilvosita) hisob-kitobi;
b) loyihaning qabul qilinishidan barcha manfaatdor boʻlgan tomonlar uchun foydaning (bevosita yoki bilvosita) hisob-kitobi;
v) raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning xarajatlari va foydalari hisob-kitobi;
g) loyihaning qabul qilinishi yuzasidan manfaatlariga taʼsir koʻrsatadigan tegishli tovar va moliya bozori ishtirokchilarining soni;
d) muqobil narxlar va tariflar, shu jumladan, bozorga kirib keluvchi import mahsulotlarning narxi;
e) loyiha bilan tartibga solinadigan tovarga (ish, xizmatga) ehtiyojning darajasi;
j) loyihani tayyorlashga asos boʻlgan hujjatlar va tahliliy maʼlumotlar;
z) tartibga solish taʼsirini baholash boʻyicha hisobot.
Loyihani ishlab chiquvchi tashkilot taqdim qilingan hisob-kitoblar, maʼlumot va hujjatlarning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.
9. Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jamoatchilik muhokamasi va idoralararo kelishuv yakunlari boʻyicha qayta ishlangan loyiha ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan tegishli hujjatlar bilan birga vakolatli organning hududiy organlariga kiritiladi.
Vakolatli organning hududiy organlari tomonidan loyiha ushbu Nizom va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
10. Vakolatli organ va uning hududiy organlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-martdagi PQ-5025-son qarori bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan muddatga muvofiq raqobatga taʼsirni baholashdan oʻtkazilayotgan loyiha yuzasidan xulosa taqdim etadi.
Xulosa ikki nusxada tuziladi. Bir nusxasi vakolatli organda qoladi, ikkinchi nusxasi hujjatni ishlab chiqqan tashkilotga yuboriladi.
11. Loyiha yuzasidan raqobatga taʼsirni baholash natijalari boʻyicha vakolatli organning xulosasi loyiha ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqilishi lozim.
12. Loyihani ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli organning xulosasi loyiha bilan birga huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
13. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasiga kiritilganda, unga vakolatli organning xulosasi majburiy tartibda ilova qilinadi.
4-bob. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatning raqobatga taʼsirini baholash (“Ex-post”)
14. Vakolatli organ va uning hududiy organlari tomonidan ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan normalar mavjud boʻlgan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning raqobatga taʼsiri hamda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqligi vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida “ex-post” usulida baholanadi.
15. “Ex-post” usulida baholash jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga, jamoatchilik nazorati subyektlarining taklif va tavsiyalariga, ommaviy axborot vositalari orqali oʻrganilgan yoki chop etilgan boshqa materiallarni oʻrganib chiqish natijalaridan kelib chiqib amalga oshirilishi mumkin. Bunda baholash 10 kun muddat mobaynida amalga oshiriladi.
16. Vakolatli organning hududiy organlari har chorak yakuni boʻyicha baholash natijalari yuzasidan vakolatli organga belgilangan tartibda axborot taqdim etadi.
17. Raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka zid boʻlgan va raqobatga salbiy taʼsir etayotgan normativ-huquqiy hujjatlar aniqlangan taqdirda, vakolatli organ qonunchilik hujjatlariga asosan:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga tegishli tartibda takliflar kiritadi;
vazirliklar, qoʻmitalar va idoralar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlari yuzasidan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish toʻgʻrisida qonunchilik hujjatlariga muvofiq bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritadi.
Vakolatli organning hududiy organlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga zid deb topganda, ular yuzasidan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzilish holatini belgilangan muddatda bartaraf etish toʻgʻrisida qonunchilik hujjatlariga muvofiq bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritadi.
18. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan qabul qilingan hujjatlarni raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan oʻrganishdan oʻtkazish ushbu Nizomning 14-15-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5-bob. Raqobatga taʼsirni baholash uchun axborot manbalari
19. Raqobatga taʼsirni baholashda rasmiy va norasmiy axborotlardan foydalaniladi.
20. Rasmiy axborotlarga quyidagilar kiradi:
rasmiy statistika maʼlumotlari;
davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlari;
oqibatlarni prognozlashtirish masalalari boʻyicha ilmiy-tahliliy materiallar va nashrlar, ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar hamda yigʻilishlar materiallari;
vakolatli tashkilotlar va ishlab chiquvchi tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarning natijalari;
ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan nashrlar;
raqobatga taʼsirni baholash doirasida davlat organi va tashkiloti tomonidan, shu jumladan, bevosita joyiga chiqqan holda oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida olingan (aniqlangan) maʼlumotlar;
normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar;
sud amaliyoti;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa rasmiy manbalar.
21. Norasmiy maʼlumotlarga quyidagilar kiradi:
nodavlat tashkilotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
Internet jahon axborot tarmogʻining norasmiy axborot resurslari;
tijorat maʼlumotlari;
jamoatchilik oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnomalar;
22. Vakolatli organ quyidagilarga haqli:
raqobatga taʼsirni baholash oʻtkazilayotgan hujjat predmetiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tanishishga;
raqobatga taʼsirni baholash oʻtkazilayotgan hujjatlarning normalariga aniqlik kiritishga va ular boʻyicha tegishli tushuntirishlar olishga;
loyiha boʻyicha manfaatlariga aloqador tomonlarning, shuningdek, mustaqil ekspertlar va boshqa malakali mutaxassislarning fikrlarini oʻrganishga.
23. Vakolatli organ quyidagilarga majbur:
raqobatga taʼsirni baholashni tashkil etish va oʻtkazish uchun qonunchilik hujjatlari bilan oʻrnatilgan talablarga rioya qilishga;
raqobatga taʼsirni baholashda unga maʼlum boʻlib qolgan davlat siri va tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslikka;
taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanishini taʼminlashga.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Vakolatli organning loyihalar boʻyicha bergan xulosasida nazarda tutilgan taklif va eʼtirozlar ushbu loyihani qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻladi.
25. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
26. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 694-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Insofsiz raqobatni aniqlash
METODIKASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Metodika insofsiz raqobatni aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Metodikada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va uning hududiy organlari;
insofsiz raqobat — xoʻjalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega boʻlishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid boʻlgan hamda boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoxud ularning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlari;
raqobatchini obroʻsizlantirish — raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi yoki uning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan, u sotuvga taklif qilayotgan tovarning sifati va isteʼmol xossalari, mazkur tovarni tayyorlash hamda undan foydalanish usullari va sharoitlari, undan foydalanishdan kutilayotgan natijalar, tovarning muayyan maqsadlarga yaroqliligi, tovarni sotuvga taklif etish shartlari, shu jumladan, uning narxi toʻgʻrisida yolgʻon, noaniq yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni tarqatish;
notoʻgʻri taqqoslash — raqobatchi xoʻjalik yurituvchi tomonidan subyektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi soʻzlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega boʻlgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini koʻrsatmagan holda foydalanib taqqoslash;
3. Raqobatni himoya qilish maqsadida quyidagilar taqiqlanadi:
insofsiz raqobat;
raqobatchini obroʻsizlantirish;
notoʻgʻri taqqoslash;
tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, isteʼmol xossalari, narxi va sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida isteʼmolchilarni chalgʻitish;
tijorat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni, shu jumladan, fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;
tovar yoki moliya bozoriga raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning kirishiga toʻsqinlik qilishga yoki uni bozordan chetlashtirishga olib keluvchi harakatlarni sodir etish.
2-bob. Insofsiz raqobatni aniqlash bosqichlari
4. Insofsiz raqobat belgilari vakolatli organ tomonidan vakolat doirasida bevosita oʻrganish va tahlillarni amalga oshirish, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini, ommaviy axborot vositalarining xabarlarini hamda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining insofsiz raqobat haqidagi maʼlumotlarini oʻrganish davomida aniqlanadi.
5. Quyidagilar insofsiz raqobat belgilarini aniqlashning asosiy bosqichlari hisoblanadi:
a) insofsiz raqobat belgilari mavjud yoki mavjud emasligini baholash;
b) insofsiz raqobat holatini sodir etgan shaxslar doirasini aniqlash;
v) insofsiz raqobat harakatlari raqobatchi yoki uning manfaatini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan sodir etilganligini aniqlash;
g) insofsiz raqobat boʻyicha dalillarni toʻplash va ularga huquqiy baho berish;
d) insofsiz raqobat holatini yoki uning mavjud emasligini eʼtirof etish.
3-bob. Insofsiz raqobat belgilari
6. Quyidagilar insofsiz raqobat belgilari hisoblanadi:
a) xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi yoxud uning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan ularning iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega boʻlishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid boʻlgan hamda boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlarini sodir etish, shu jumladan:
avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovar, ish va xizmatlarning (keyingi oʻrinlarda — tovar) tashqi bezatilishi va shakli, nomi, tamgʻalanishi, etiketkasi, oʻrovi, ranglar uygʻunligini takrorlash orqali raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan tovarni fuqarolik muomalasiga kiritish;
reklama materiallaridan yoki ularning bir qismidan nusxalarni ruxsatsiz foydalangan holda koʻchirish orqali raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan tovarni realizatsiya qilish;
raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga boʻlgan mutlaq huquqini olish orqali avval fuqarolik muomilasiga kiritilgan tovarning realizatsiya qilinishini cheklashga qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etish;
b) xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi yoxud uning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchini obroʻsizlantirish yoki uning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlarini sodir etish, shu jumladan:
raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi yoki uning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan, sotuvga taklif qilinayotgan tovarning sifati va isteʼmol xossalari;
tovarni tayyorlash hamda undan foydalanish usullari va sharoitlari, shuningdek, tovardan foydalanishdan kutilayotgan natijalar;
tovarning muayyan maqsadlarga yaroqliligi, tovarni sotuvga taklif etish shartlari, shu jumladan, uning narxi toʻgʻrisida yolgʻon, noaniq yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarni tarqatish;
v) xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi yoxud uning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan oʻzini yoki oʻziga tegishli tovarni raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki uning tovaridan ustunligi haqida tovarning xolisona tasdiqqa ega boʻlgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini koʻrsatmasdan taqqoslash, shu jumladan:
“eng”, “eng yaxshi”, “birinchi”, “faqat”, “faqatgina” va boshqa orttiruvchi nisbatlardan foydalangan holda solishtirish;
raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning faoliyati yoki uning tovari sifati, narxi va boshqa xususiyatlariga salbiy baho berish orqali oʻzining faoliyati yoki tovari bilan solishtirish;
g) tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, isteʼmol xossalari, narxi va sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari, shu jumladan, tovarning miqdori, bunda tovarning bozorda mavjudligi, ularni muayyan sharoitda sotib olish imkoniyati, shuningdek, ushbu tovarga boʻlgan talabning haqqoniy hajmi xususida isteʼmolchilarni chalgʻitish;
d) raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning tijorat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni, shu jumladan, fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish, shu jumladan:
raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanilayotgan tijorat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirdan, shu jumladan, fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotdan shartnomani buzgan holda foydalanish va uni oshkor etish;
xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan tijorat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir, shu jumladan, fan-texnika, ishlab chiqarish yoki savdoga oid axborot koʻrsatilgan maʼlumotlardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxs tomonidan egasining roziligisiz raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning manfaatini koʻzlab, ulardan foydalanish yoki oshkor qilish, agar ushbu maʼlumotlardan foydalanishning yoki oshkor qilishning qonun yoki shartnomada belgilangan oshkor qilish muddati tugamagan boʻlsa;
e) tovar yoki moliya bozoriga raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning kirishiga toʻsqinlik qilishga yoki uni bozordan chetlashtirishga olib keluvchi harakatlarni sodir etish, shu jumladan:
xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektning bozorga kirishiga maʼmuriy va boshqa toʻsqinliklar qilish;
raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni bozordan chetlashtirish maqsadida tovarni tannarxidan past narxda realizatsiya qilish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻz vakolatlari doirasida tadbirkorlik tavakkalchiligi sharoitlarida qabul qilgan qarorlari bundan mustasno.
4-bob. Insofsiz raqobat holatlarini koʻrib chiqish
7. Ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatib oʻtilgan insofsiz raqobat belgilari aniqlangan taqdirda, vakolatli organ tomonidan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatiladi va koʻrib chiqiladi.
8. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar belgilangan tartibda oʻzlari sodir etgan harakatlar raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga zid emasligi toʻgʻrisidagi dalillarni taqdim etish, shuningdek, vakolatli organning qarori (koʻrsatmasi) ustidan bevosita sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilishga haqli.
9. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan insofsiz raqobatni sodir etganlik uchun “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan tartibda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiya qoʻllaniladi.
5-bob Yakunlovchi qoidalar
10. Ushbu Metodikada qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
11. Ushbu Metodika talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 694-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“barchaga yoki hech kimga” tamoyili — davlat yordamini ajratishda bir xil sharoit va mezonlarga ega boʻlgan, tovar va moliya bozorida faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga davlat yordami alohida tartibda tanlab berilmasdan, teng ravishda taqdim etilishi yoki umuman taqdim etilmasligi;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi;
davlat yordami — davlat tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida berish;
davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash — normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida nazarda tutilgan davlat yordamining raqobatni bevosita yoki bilvosita cheklash ehtimolini aniqlash va baholash.
3. Davlat yordami quyidagi maqsadlarni amalga oshirish uchun berilishi mumkin:
respublika hududlari yoki alohida tarmoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini oshirish;
amalga oshirilayotgan loyihalarning innovatsion xususiyatga ega boʻlishini taʼminlash;
fuqarolar bandligini taʼminlash hamda ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish va respublikada ekologik holatni yaxshilash;
kichik va oʻrta biznes vakillarini yoki xotin-qiz tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash.
4. Har qanday davlat yordami quyidagi umumiy shartlar asosida beriladi:
davlat yordami bozor mexanizmlari samara bermagan muayyan holatlarni bartaraf etish yoki bozorda teng shartlarni taʼminlash zarur boʻlganda hamda ushbu maqsadga raqobatga salbiy taʼsir koʻrsatmaslikdan boshqa choralar orqali erishish imkoni mavjud boʻlmaganda;
davlat yordami mutanosib boʻlib, zarur boʻlgan eng kam miqdor, muddat va koʻlam bilan cheklangan holda, benefitsiarga ortiqcha kompensatsiya berilishiga olib kelmaganda;
davlat yordami ragʻbatlantiruvchi taʼsirga ega boʻlib, benefitsiar xatti-harakatini oʻzgartirishi va davlat yordami boʻlmagan taqdirda, amalga oshirilmaydigan (yoki sezilarli darajada kamroq amalga oshiriladigan) qoʻshimcha faoliyatni yuzaga keltirganda;
davlat yordami raqobat va savdoga salbiy taʼsirlarni kamaytirish tarzida ishlab chiqilib, imkon qadar ochiq, raqobatbardosh va kamsitishsiz taqsimlanganda.
5. Vakolatli organ tomonidan davlat yordami berilishida uning raqobatga taʼsiri baholanadi.
2-bob. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholashning asosiy mezonlari
6. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida nazarda tutilgan davlat yordamining raqobatga taʼsiri quyidagi oqibatlarning biriga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlganda, uning taʼsiri raqobat uchun salbiy deb baholanadi:
davlat yordami yagona xoʻjalik yurituvchi subyektga yoki ayrim shaxslar guruhiga berilsa;
davlat yordami faqat davlat ishtirokidagi korxonalarga yoki mahalliy korxonalar yoxud xorijiy investorlarga berilsa;
barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat yordamidan teng foydalanish imkoniyati cheklansa;
davlat yordamini berish tartibi mavjud boʻlmasa va shaffofligi taʼminlanmagan boʻlsa;
davlat yordamining berilishi tovar va moliya bozorida narxlarning erkin shakllanishiga toʻsqinlik qilsa;
davlat yordamini muddatsiz berish nazarda tutilgan boʻlsa;
berilayotgan davlat yordami avval samarasiz deb baholangan boʻlsa;
vakolatli organ tomonidan davlat yordamining berilishi Davlat budjeti taqchilligini keltirib chiqarishi yoki ijtimoiy maqsadlar uchun yoʻnaltiriladigan davlat yordamining miqdori qisqarishiga olib kelishi boʻyicha xulosa berilgan boʻlsa.
3-bob. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi
7. Vakolatli organga xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun har qanday turdagi (yakka tartibda yoki tanlangan qismiga) davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va (yoki) tartibga solish taʼsirini baholash (keyingi oʻrinlarda — TSTB) hisoboti ularning raqobatga taʼsirini baholash uchun kiritiladi.
8. Vakolatli organ tomonidan davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholashdan oʻtkazish va xulosa olish uchun kiritilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va TSTB hisoboti oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
9. Vakolatli organ tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va TSTB hisoboti koʻrib chiqilishi natijasiga koʻra loyihaning maqsadga muvofiqligi, uni qayta koʻrib chiqish lozimligi yoki maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa rasmiylashtiriladi va ishlab chiquvchiga taqdim etiladi.
10. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi va TSTB hisoboti yuzasidan vakolatli organning xulosasi loyihani ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqilishi lozim.
11. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli organning xulosasi loyiha bilan birga Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
12. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasiga kiritilganda, unga vakolatli organning xulosasi majburiy tartibda ilova qilinadi.
13. Quyidagi hollarda davlat yordami nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari va TSTB hisoboti raqobatga taʼsiri yuzasidan baholashdan oʻtkazilmaydi:
normativ-huquqiy hujjat loyihasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olish boʻyicha cheklovchi tadbirlarni (karantinni) belgilash uchun ishlab chiqilayotgan boʻlsa;
normativ-huquqiy hujjat loyihasida yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar nazarda tutilsa;
davlat yordami “barchaga yoki hech kimga” tamoyili asosida hududda faoliyat yuritayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning barchasiga tatbiq etilsa.
4-bob. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash tartibi
14. Davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchilar tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va (yoki) TSTB hisoboti unga quyidagi maʼlumotlar va hujjatlarni ilova qilgan holda vakolatli organga taqdim etiladi:
davlat yordami berilishi natijasida manfaatlariga taʼsir koʻrsatadigan tegishli tovar va moliya bozori ishtirokchilarining soni;
davlat yordamining “barchaga yoki hech kimga” tamoyili asosida barcha uchun berilishi yoki umuman tatbiq etilmasligi oqibatida vujudga keladigan holatlar tahlili (hisob-kitobi);
davlat yordamining aynan bir yoki bir nechta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga berilishi oqibatida ushbu tovar va moliya bozorida faoliyat yuritayotgan raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan taʼsiri;
davlat yordamining berilishi bilan tartibga solinadigan tovarga (ishga, xizmatga) ehtiyojning darajasi;
davlat yordami berilishi nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashga asos boʻlgan hujjatlar va tahliliy maʼlumotlar.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi davlat organi va tashkilotlari taqdim qilingan hisob-kitoblar, maʼlumotlar va hujjatlarning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.
15. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan davlat yordami berilishi nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va (yoki) TSTB hisoboti ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan tegishli hujjatlar bilan birga vakolatli organning hududiy organlariga kiritiladi.
Vakolatli organning hududiy organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va (yoki) TSTB ushbu Nizom talablari hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
5-bob. Davlat yordamining raqobatga taʼsirini baholash uchun axborot manbalari
16. Davlat yordami berilishi nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi va (yoki) TSTB hisobotining raqobatga taʼsirini baholashda rasmiy va norasmiy axborotlardan foydalaniladi.
17. Rasmiy axborotlarga quyidagilar kiradi:
rasmiy statistika maʼlumotlari;
davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlari;
oqibatlarni prognozlashtirish masalalari boʻyicha ilmiy-tahliliy materiallar va nashrlar, ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalar hamda yigʻilishlar materiallari;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarning natijalari;
ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmogʻidagi rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan maʼlumotlar;
raqobatga taʼsirni baholash doirasida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan, shu jumladan, bevosita joyiga chiqqan holda oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida olingan (aniqlangan) maʼlumotlar;
normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar;
sud amaliyoti;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa rasmiy manbalar.
18. Norasmiy maʼlumotlarga quyidagilar kiradi:
nodavlat notijorat tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
Internet tarmogʻining norasmiy axborot resurslari;
tijorat maʼlumotlari;
jamoatchilik oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnomalar.
19. Vakolatli organ quyidagilarga haqli:
raqobatga taʼsiri baholanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari predmetiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tanishishga;
raqobatga taʼsiri baholanayotgan normativ-huquqiy hujjatlar normalariga aniqlik kiritishga va ular boʻyicha tegishli tushuntirishlar olishga;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha manfaatlariga aloqador tomonlarning, shuningdek, mustaqil ekspertlar va boshqa malakali mutaxassislarning fikrlarini oʻrganishga.
20. Vakolatli organ quyidagilarga majbur:
raqobatga taʼsirni baholashni tashkil etish va baholashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilishga;
raqobatga taʼsirni baholashda maʼlum boʻlib qolgan davlat sirlari va tijorat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslikka;
taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda saqlanishini taʼminlashga.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
22. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentabrdagi 462-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2026-y., 09/26/462/0891-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 09/23/694/1006-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son; 05.09.2026-y., 09/26/462/0891-son)