Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida
Sud amaliyotini oʻrganish natijalari, sudlar tomonidan bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik asosan toʻgʻri qoʻllanilayotganini koʻrsatdi. Shu bilan birga, bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabanda uchun javobgarlikka oid jinoyat ishlarini koʻrishda qonun normalarini turlicha talqin qilish va qilmishlarga notoʻgʻri huquqiy baho berish kabi xatoliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Qonunchilikka kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni eʼtiborga olgan holda, amaliyotda uchrayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq, Oliy sud Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 5-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasi mazmuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi (bundan buyon matnda bojxona chegarasi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi bilan ustma-ust tushadi. Oʻzbekiston Respublikasining quruqlikdagi hududi, hududiy va ichki suvlari hamda ular ustidagi havo hududi Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududini tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida erkin bojxona zonalari va erkin omborlar boʻlishi mumkin, ularning hududlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bojxona hududidan tashqarida joylashgan deb qaraladi. Bunda ularga joylashtirilgan tovarlar bojxona toʻlovlarini toʻlash maqsadida, shuningdek iqtisodiy siyosat choralarini qoʻllash uchun bojxona hududidan tashqarida joylashgan deb qaraladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
2. Tovarlar va transport vositalarini bojxona chegarasidan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi (bundan buyon matnda BK deb yuritiladi) va boshqa qonunchilik, shuningdek xalqaro shartnomalar bilan qatʼiy belgilangan.
Tovarlar va transport vositalarini belgilangan tartibni buzgan holda bojxona chegarasidan har qanday tarzda oʻtkazish qonunga xilof hisoblanadi va maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Jismoniy shaxsning “yashil” yoʻlak orqali oʻtishi yozma ravishda deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan tovarlar yoʻqligini bojxona organiga maʼlum qilish deb qaraladi va bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etmaydi.
3. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan deb topish uchun javobgarlik turi bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilayotgan tovar yoki boshqa qimmatliklarning miqdori bilan bogʻliq boʻlib, bu miqdor ularning huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Sudlarga tushuntirilsinki, “bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish” jinoyatining bevosita obyekti tovar yoki boshqa qimmatliklarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazishning belgilab qoʻyilgan tartibi hisoblanib, bunda tovar yoki boshqa qimmatliklarga nisbatan bojxona toʻlovlari mavjud yoki mavjud emasligi ahamiyat kasb etmaydi.
Tovar yoki boshqa qimmatliklarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan koʻp miqdorgacha oʻtkazganlik uchun har doim, shaxs aynan shunday huquqbuzarlik uchun bir yil davomida bir necha marta maʼmuriy javobgarlikka tortilganligidan qatʼi nazar, maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda JK deb yuritiladi) 182-moddasining birinchi qismi boʻyicha jinoiy javobgarlik tovar va transport vositalarini koʻp miqdorda qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan oʻtkazganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 22719, 22720, 22721-moddalari va 22722-moddasining birinchi qismi) shaxs maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan soʻng bir yil davomida yana shunday huquqbuzarliklardan birini koʻp miqdorda sodir etgan holdagina kelib chiqadi.
Tovar yoki boshqa qimmatliklarni bojxona chegarasidan oʻtkazishda, belgilangan meʼyor doirasida boshqa shaxslardan foydalangan holda olib kirilgan yoki olib chiqilganida tovar yoki boshqa qimmatliklarning jami miqdoridan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinishi lozim.
JK 182-moddasi ikkinchi qismining “b”, “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan kvalifikatsiya belgilari mavjud boʻlganda, jinoiy javobgarlik shaxsning ilgari ushbu harakatlari uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligidan qatʼi nazar, bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishi faqat koʻp miqdorda boʻlgan holdagina kelib chiqadi.
4. Quyidagilar, jumladan, JK 182-moddasida nazarda tutilgan jinoyat predmeti hisoblanadi:
BK 13-moddasida nazarda tutilgan tovarlar va transport vositalari;
“Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan koʻchar ashyolar;
oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlari.
5. JK 182-moddasi mazmuniga koʻra, tovarlar yoki boshqa qimmatliklarni (bundan buyon matnda tovarlar deb yuritiladi) qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan oʻtkazish, tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirish yoki mazkur hududdan olib chiqish tarzidagi harakatlarni quyidagi usullardan biri orqali sodir etishda ifodalanadi:
bojxona nazoratini chetlab oʻtkazish;
bojxona nazoratidan yashirish;
bojxona hujjatlari yoki bojxona identifikatsiyalash vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan aldash yoʻli bilan foydalanish;
deklaratsiya qilmasdan yoki boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanish;
chegarani buzib oʻtish.
6. Tovarlarni bojxona nazoratini chetlab oʻtkazish ularni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridan tashqari yoki bojxona nazorati oʻtkazish vaqtidan tashqari olib kirish yoki mazkur hududdan olib chiqishdan iborat har qanday qasddan sodir etilgan harakatda ifodalanadi.
7. Tovarlarni bojxona nazoratidan yashirish deganda, ularni topishni qiyinlashtirish yoxud ularning asl xususiyati yoki miqdorini yashirish (masalan, ayrim tovarlarga boshqacha koʻrinish berish, ularni almashtirib qoʻyish, bojxona identifikatsiyalash vositalarini buzmagan holda transport vositalarining yuk boʻlimlaridagi tovarlarni olib qolish, oʻrniga boshqa turdagi tovarlarni yuklash, tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan oʻtkazish uchun maxsus tayyorlangan yoki moslashtirilgan xufiya joylardan (chemodanlar, sumkalar, transport vositalari, konteynerlar va boshqa tashish vositalarining konstruksiyaviy (tuzilish) xususiyatiga koʻra, ashyolarini saqlash yoki tashishga moʻljallanmagan boʻshliqlari, devorlari (ramalari) oralaridan) foydalanish, jinoyat predmetlarini odam, hayvon tanasida va hokazo)ga qaratilgan har qanday harakatlar tushuniladi.
8. Bojxona hujjatlari yoki bojxona identifikatsiyalash vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan aldash yoʻli bilan foydalanish deb:
bila turib qalbaki hujjatlar;
bila turib yolgʻon maʼlumotlar kiritilgan hujjatlar;
qonunga xilof ravishda olingan yoki boshqa tovarlarga tegishli hujjatlar;
haqiqiy boʻlmagan hujjatlarni bojxona organlariga taqdim etish, shuningdek qalbakilashtirilgan bojxona identifikatsiyalash vositalaridan (plombalar, muhrlar, tamgʻalar bosish, identifikatsiyalash belgilari, shtamplar va BK 197-moddasida nazarda tutilgan boshqa identifikatsiyalash vositalari) yoki boshqa tovarlarga tegishli haqiqiy identifikatsiyalash vositalaridan foydalanish tushunilishi lozim.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, tovarlarni bojxona chegarasidan oʻtkazishning har bir tartibi uchun qonunchilikda bojxona organlariga taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarning alohida roʻyxati nazarda tutilgan (BK 9, 18-19, 267-moddalari) boʻlib, unda nazarda tutilmagan hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etmagan shaxsning harakatlari qonunga xilof deb qaralishi mumkin emas.
9. Tovarlarni deklaratsiya qilmasdan bojxona chegarasidan oʻtkazish tovarlarni olib kirish yoki olib chiqish (chiqarish), ularni tanlangan bojxona rejimi ostiga joylashtirish, bojxona toʻlovlarini hisoblash va undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan tovarlar haqidagi maʼlumotlarni bojxona deklaratsiyasida bayon qilmaslikni yoxud deklaratsiyalanishi shart boʻlgan tovarlarni “yashil” yoʻlak orqali olib oʻtishni nazarda tutadi.
Boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib tovarlarni bojxona chegarasidan oʻtkazish deganda, bojxona deklaratsiyasida yoki deklaratsiyalashning boshqa belgilangan shaklida tovarlar (nomlanishi, sifati va xususiyatlarini oʻzida aks ettiruvchi maʼlumotlar) toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumotlarni aks ettirish tushuniladi.
Tushuntirilsinki, bojxona organi tomonidan bojxona deklaratsiyasini tekshirish, tovarlarni koʻzdan kechirish va bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan maʼlumotlar notoʻgʻriligi aniqlangunga qadar bojxona deklaratsiyasida yoʻl qoʻyilgan xatolarning deklarant tomonidan mustaqil tuzatilishi maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikni istisno etadi.
Bojxona deklaratsiyasi va bojxona maqsadlari uchun zarur boshqa hujjatlar berilguniga qadar tovarlarni bojxona nazorati ostida koʻzdan kechirish hamda oʻlchash, ularning namunalari va nusxalarini olish huquqi (BK 275-moddasi)dan deklarantning foydalanmaganligi uning javobgarligini istisno etmaydi.
10. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 182-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning tugallanish payti har bir muayyan ish boʻyicha tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan oʻtkazish usulidan (bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan aldash yoʻli bilan foydalangan holda yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib) kelib chiqqan holda aniqlanishi kerak.
Bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirgan holda tovarlarni bojxona chegarasidan oʻtkazish jinoyati tovarlar bilan bojxona chegarasini amalda kesib oʻtgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Bojxona hujjatlari yoki vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan aldash yoʻli bilan yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalangan holda tovarlarni bojxona chegarasidan oʻtkazish jinoyati bojxona deklaratsiyasi qabul qilinganligi rasmiylashtirilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi (BK 264-moddasi).
11. Bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilayotgan tovarlar miqdorini aniqlashda ushbu tovarlarning jinoyat sodir etilgan vaqtdagi bozor qiymatidan kelib chiqilishi lozim.
Qonunga xilof ravishda bojxona chegarasidan oʻtkazilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtgan tovarlar amalda mavjud boʻlmagan (erkin muomalaga chiqarilgan, sotib yuborilgan va h.k.) hollarda ularning qiymati sifatida bojxona rasmiylashtiruvi paytida BK 44-bobiga muvofiq aniqlangan bojxona qiymati tan olinadi.
Tovarlar qiymatini aniqlashning imkoniyati boʻlmagan hollarda (masalan, qalbakilashtirilgan spirtli ichimliklar, kontrafakt tovarlar) ularning qiymati baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi.
Bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda oʻtkazilayotgan tovarlar miqdorini aniqlashda faqat bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki identifikatsiyalash vositalaridan aldash yoʻli bilan foydalangan holda yoki deklaratsiyasiz yoxud boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib oʻtkazilgan tovarlar qismining qiymati inobatga olinishi kerak.
12. Agar shaxs bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish bilan bir qatorda qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga kirish jinoyatini sodir etsa, uning harakatlari JK 182 va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, uni bojxona organlariga haqiqiy hujjat sifatida taqdim etgan shaxsning harakati JK 182-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi va qoʻshimcha ravishda JK 228-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish talab qilinmaydi.
13. Sudlarga tushuntirilsinki, agar jinoyat bojxona chegarasini buzib oʻtish yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, shaxsning harakatlari JK 182-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Bunda buzib oʻtish deganda, bojxona postiga hujum qilish, bojxona chegarasini har qanday texnikaviy vositalar yoki boshqa xil usullar bilan bojxona rejimi talablariga ochiqdan-ochiq boʻysunmaslik yoki boshqa har qanday yoʻl bilan bojxona chegarasini kesib oʻtishda ifodalangan harakatlar tushunilishi lozim.
Agar bojxona chegarasini buzib oʻtish paytida aybdor tomonidan biror-bir shaxsning badaniga qasddan ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazilgan yoki u qasddan oʻldirilgan yoki biror-bir tarzda mulkiy ziyon yetkazilgan boʻlsa, qilmish JK 182-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi va tegishlicha JK 97, 104, 105, 173-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday holatlarda qasddan badanga yengil tan jarohati yetkazish, shuningdek xizmat vazifasini bajarayotgan xodimning qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik koʻrsatish, oʻzining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga majbur qilinganida JK 182-moddasining ikkinchi qismi dispozitsiyasi bilan qamrab olinadi va tegishlicha JK 109 va 219-moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
14. Tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazish uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan deb topilgan hollarda JK 182-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi boʻyicha nafaqat tovarlarni bevosita bojxona chegarasidan oʻtkazgan, balki barcha uyushgan guruh aʼzolarining (masalan, Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish maqsadida chet elda tovar xarid qilgan, bojxona nazorati punktida uni oʻtkazishda koʻmaklashgan yoki bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida taqdim etilgan hujjatlarni qalbakilashtirgan, yukning qonunga xilofligini bila turib, transport ekspeditori sifatida qatnashgan uyushgan guruh aʼzolari) harakatlari ham kvalifikatsiya qilinadi.
15. Jinoyatni oʻz xizmat lavozimidan foydalangan holda sodir etgan shaxs (JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi) deb, xizmat burchiga koʻra bojxona chegarasi orqali oʻtkazilayotgan tovarlar ustidan bojxona nazoratini (hujjatlar va maʼlumotlarni tekshirish, ogʻzaki soʻrov, bojxona koʻrigi, bojxona identifikatsiyalashi, tovarlar hisobini yuritishni) amalga oshirishga majbur shaxs topilishi lozim. Bunday shaxslar qatoriga, shuningdek bojxona nazoratining muayyan shakllaridan BK 189-moddasiga asosan ozod etilgan va oʻz xizmat lavozimidan tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazish uchun foydalangan shaxslar ham kiradi.
Tovarlarni oʻz xizmat lavozimidan foydalangan holda qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazgan shaxslarning harakatlari JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi va Jinoyat kodeksining hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish (JK 19211, 205-moddalari), hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (JK 206-moddasi) jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi JK moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.
Tovarlarni qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazishda oʻz xizmat lavozimidan foydalangan shaxs (jinoyat tashkilotchisi, dalolatchisi, yordamchisi)ning harakatlari JK 28-moddasi va JK 182-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi, uyushgan guruh aʼzolarining harakatlari bundan mustasno.
16. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning valyutani qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazish boʻyicha aybdorligi masalasini hal etishda, Oʻzbekiston Respublikasiga erkin olib kiriladigan va olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy va milliy valyutaning miqdori:
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi naqd valyutasi va naqd chet el valyutasini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish qoidalarini tasdiqlash haqida” 2018-yil 30-yanvardagi 66-sonli qarori bilan belgilangan.
Shaxsning harakatlari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kiriladigan yoki olib chiqib ketiladigan Oʻzbekiston Respublikasi naqd valyutasi va naqd chet el valyutasining deklaratsiya qilinishi talab qilinmaydigan qismidan oshiqcha boʻlgan miqdoridan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi hamda naqd valyutaning deklaratsiyalash shart boʻlmagan qismi jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik predmeti hisoblanmaydi.
Bunda naqd valyuta bir necha shaxslarning ishtirokida, ular oʻrtasida taqsimlanib bojxona chegarasi orqali oʻtkazish holati aniqlanganida, qilmish naqd valyutaning jami miqdoridan kelib chiqib kvalifikatsiya qilinadi.
Tushuntirilsinki, naqd valyutani bojxona chegarasi orqali oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlar JK 182-moddasi bilan qamrab olinib, JK 177-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
161. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning zargarlik buyumlarini qonunga xilof ravishda bojxona chegarasi orqali oʻtkazish boʻyicha aybdorligi masalasini hal etishda, zargarlik buyumlarini Oʻzbekiston Respublikasiga erkin olib kirish va olib chiqish tartibi amaldagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Sudlar zargarlik buyumlarini noqonuniy olib chiqish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishda, qonunchilikda jismoniy shaxslar tomonidan faqat tayyor zargarlik buyumlarini bojxona chegarasidan olib chiqishlari mumkinligiga, Oʻzbekiston Respublikasi davlat standarti talablariga (OʻZ DSTning 2308:2019-sonli texnik talablari) javob bermaydigan zargarlik buyumlari (mahsulotlari) bundan mustasno ekanligiga eʼtibor qaratsinlar.
Shaxsning harakatlari Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib kiriladigan yoki olib chiqib ketiladigan zargarlik buyumlarining deklaratsiya qilinishi talab qilinmaydigan qismidan oshiqcha boʻlgan miqdoridan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi hamda zargarlik buyumining deklaratsiyalash shart boʻlmagan qismi jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik predmeti hisoblanmaydi (Oʻzbekiston Respublikasi davlat standarti (OʻZ DSTning 2308:2019-sonli texnik talablari) talablariga javob bermaydigan zargarlik buyumlari (mahsulotlari) bundan mustasno).
Zargarlik buyumi bir necha shaxslar oʻrtasida taqsimlanib, bojxona chegarasi orqali oʻtkazish holati aniqlanganida qilmish zargarlik buyumining umumiy miqdoridan kelib chiqib kvalifikatsiya qilinadi.
Bunda, shaxs zargarlik buyumlari unga qonunga xilof ravishda olib oʻtish uchun topshirilganligini anglagan holdagina jinoyatda ishtirokchi sifatida javobgarlikka tortilishi mumkin.
(161-band Oʻzbekicton Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
17. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 246-moddasiga muvofiq, bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib yoxud bojxona hujjatlari yoki vositalariga oʻxshatib yasalgan hujjatlardan aldash yoʻli bilan foydalanib, deklaratsiyasiz yoki boshqa nomga yozilgan deklaratsiyadan foydalanib, kuchli taʼsir qiluvchi, zaharli, zaharlovchi, portlovchi moddalarni, radioaktiv materiallarni, portlatish qurilmalarini, qurol-yarogʻni, oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni yoki oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, shuningdek giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targʻib qiluvchi materiallarni, yadroviy, kimyoviy, biologik va ommaviy qirgʻin qurolining boshqa turlarini, shunday qurollarni yaratishda foydalanilishi mumkinligi ayon boʻlgan material va moslamalarni, radioaktiv materiallarni (bundan buyon matnda kontrabanda ashyolari deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan oʻtkazish boshqa jinoyatni, yaʼni kontrabanda jinoyatining tarkibini tashkil etadi.
Bojxona chegarasi orqali JK 246-moddasining birinchi qismida qayd etilgan kontrabanda ashyolarini oʻtkazishda ifodalangan harakatlarni kvalifikatsiya qilishda kontrabanda predmetlari miqdori huquqiy ahamiyat kasb etmaydi.
Agar shaxs JK 182-moddasi taʼsiriga tushuvchi tovarlarni bojxona chegarasi orqali oʻtkazish bilan bir qatorda kontrabanda jinoyatini sodir etsa, uning harakatlari JK 182 va 246-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agarda shaxs kontrabanda jinoyati bilan birga kontrabanda predmetining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq boshqa jinoyatlarni ham sodir etsa, (JKning 247, 248, 273-moddalari va boshqalar), uning harakatlari jinoyatlar majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
18. Diniy materiallar bojxona chegarasidan qonunga xilof ravishda olib oʻtilgan har bir holatda shaxsning harakatlarini toʻgʻri kvalifikatsiya qilish uchun ularda diniy ekstremizm, separatizm, aqidaparastlik gʻoyalari targʻiboti mavjud yoki mavjud emasligi masalasini aniqlash maqsadida sud-dinshunoslik ekspertizasi tayinlanishi lozim. Agar ekspertiza natijalariga koʻra diniy mazmundagi materiallarda diniy ekstremizm, separatizm, aqidaparastlik gʻoyalari targʻiboti mavjudligi aniqlansa, shaxsning harakatlari JK 246-moddasi boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi.
19. Bojxona nazoratini chetlab, tovarlar yoki boshqa moddiy qimmatliklarni, shuningdek kontrabanda ashyolarini uchuvchisiz uchadigan apparatdan foydalanilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan oʻtkazilganida, JK 2444 yoxud 2481-moddasi bilan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 8-iyundagi 191-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda belgilangan meʼyorda psixotrop moddalar yoki giyohvandlik vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda jismoniy shaxsda tibbiyot muassasasi tomonidan davolash kursining tavsiya etiladigan miqdori koʻrsatilgan hujjatlar mavjudligi jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.
Bunda tibbiy hujjatda koʻrsatilgan dori vositalari hisoblanuvchi psixotrop moddalar yoki giyohvandlik vositalarining miqdori olib kirilayotgan miqdorga teng boʻlishi, shuningdek dori vositalari hisoblanuvchi psixotrop moddalar yoki giyohvandlik vositalarini olib oʻtayotgan shaxs yoki uning ishonchli vakilining maʼlumotlari hujjatlardagi maʼlumotlarga mos boʻlishi shart.
Ushbu Nizom talabiga koʻra, ruxsat berilgan miqdorda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan holda olib kirish va olib chiqish bilan bogʻliq holatlar aniqlansa, jinoyat ishini JK 65-moddasiga asosan tugatish masalasi muhokama etilishi kerak.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq, hukm, jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida ajrim (qaror) chiqarish paytida sud ish boʻyicha ashyoviy dalil deb topilgan predmetlar, shu jumladan transport vositalari (konteynerlar)ning taqdirini hal etishi shart.
Mazkur masalani koʻrib chiqish chogʻida sudlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Jinoyat ishlari boʻyicha ashyoviy dalillarga oid qonunchilikni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2012-yil 13-dekabrdagi 17-sonli qarorida berilgan tushuntirishlarga amal qilishlari lozim.
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha tovar-moddiy boyliklar davlat egaligiga oʻtkaziladi. Agar tovar-moddiy boyliklar uchun bojxona toʻlovi amalga oshirilgan boʻlsa, ushbu toʻlovlarni qaytarish masalasi hal qilinishi lozim.
Ashyoviy dalillarning davlat egaligiga oʻtkazilishi natijasida boshqa shaxslarga yetkazilgan mulkiy zarar iqtisodiy yoki fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida hal etiladi.
22. Shuni nazarda tutish lozimki, bojxona chegarasi orqali tovarlarni noqonuniy oʻtkazishda (JK 182-moddasi) foydalanilgan transport vositalari (konteynerlar) faqat tovarlar bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib oʻtkazilgan holdagina jinoyat quroli deb topiladi.
23. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlarni koʻrishda sudlar bunday jinoyatlar sodir etilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlashlari, shuningdek ashyoviy dalillarni olish, hisobga qoʻyish, baholashda qonunchilikka rioya etilganligini sinchiklab tekshirishi va protsessual qonunchilik normalari buzilishi aniqlangan hollarda xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabat bildirishlari zarur.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik va kontrabandaga doir ishlar boʻyicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari hamda yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrishlari lozim.
25. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish va kontrabandaga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida” 2013-yil 6-sentabrdagi 18-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-fevral,
2-son