Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yigʻimlar miqdorini belgilash, ularni toʻlash va taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 28-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3388]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yigʻimlar miqdorini belgilash, ularni toʻlash va taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2022-yil 30-avgust,
2-son
Moliya vaziri T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 30-avgust,
45-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh. KUDBIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-avgust,
2022-26-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2022-yil 30-avgustdagi 2-son, Moliya vazirligining 2022-yil 30-avgustdagi 45-son, Davlat soliq qoʻmitasining 2022-yil 18-avgustdagi 2022-26-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yigʻimlar miqdorini belgilash, ularni toʻlash va taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yigʻimlar miqdorini, ularni toʻlash va taqsimlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida mayning va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar (maynerlar va xizmatlar provayderlari) tomonidan ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yigʻimlar (bundan buyon matnda yigʻimlar deb yuritiladi) toʻlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida tashkil etiladigan “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi rezidentlari 2035-yil 1-yanvarga qadar mazkur yigʻimlarni toʻlashdan ozod etiladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2026-yil 13-iyuldagi 2-son, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 9-iyuldagi 389-son va Soliq qoʻmitasining 2026-yil 11-iyuldagi 2026-23-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 3388-2, 27.07.2026-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2026-y., 10/26/3388-2/0794-son)
2. Yigʻimlar ularni toʻlash sanasida amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoriga (bundan buyon matnda BHM deb yuritiladi) nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
a) mayning faoliyati uchun — BHMning 10 baravari;
b) xizmatlar provayderlari boʻyicha:
Oldingi tahrirga qarang.
kripto-birja faoliyati uchun — BHMning 740 baravari;
(2-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2024-yil 5-martdagi 17-son, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 1-martdagi 113-son, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining 2024-yil 5-martdagi 2024-04-son qarori (roʻyxat raqami 3388-1, 19.03.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 10/24/3388-1/0228-son — 2024-yil 20-iyundan kuchga kiradi)
mayning-pul faoliyati uchun — BHMning 100 baravari;
kripto-depozitariy faoliyati uchun — BHMning 5 baravari;
Oldingi tahrirga qarang.
kripto-doʻkon faoliyati uchun — BHMning 185 baravari.
(2-band “b” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2024-yil 5-martdagi 17-son, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 1-martdagi 113-son, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining 2024-yil 5-martdagi 2024-04-son qarori (roʻyxat raqami 3388-1, 19.03.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 10/24/3388-1/0228-son — 2024-yil 20-iyundan kuchga kiradi)
2-bob. Yigʻimlarni toʻlash va taqsimlash tartibi
3. Yigʻimlar maynerlar va xizmatlar provayderlari tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanish uchun belgilangan tartibda litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan paytdan eʼtiboran har oyda toʻlanadi.
Bunda, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat joriy oyning yigirmanchi sanasiga qadar olinganda, yigʻim ushbu oy uchun toʻliq miqdorda, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat joriy oyning yigirmanchi sanasidan keyin olinganda esa keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab toʻlanadi.
4. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat toʻxtatib turilganda yoki tugatilganda, yigʻimni hisoblab chiqarish keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab toʻxtatib turiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Yigʻimlar har oyda oldindan toʻlov tarzida mazkur oyning oʻninchi sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar agentligining (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2026-yil 13-iyuldagi 2-son, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 9-iyuldagi 389-son va Soliq qoʻmitasining 2026-yil 11-iyuldagi 2026-23-sonli qarori (roʻyxat raqami 3388-2, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2026-y., 10/26/3388-2/0794-son)
Bunda, mazkur Nizomning 3-bandi ikkinchi xatboshisiga muvofiq litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat oyning yigirmanchi sanasiga qadar olinganda, yigʻim ushbu oyning oxirgi sanasiga qadar, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat oyning yigirmanchi sanasidan keyin olinganda esa yigʻim keyingi oyning oʻninchi sanasiga qadar toʻlanadi.
6. Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
80 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga;
Oldingi tahrirga qarang.
20 foizi — Agentlikning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining 2026-yil 13-iyuldagi 2-son, Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 9-iyuldagi 389-son va Soliq qoʻmitasining 2026-yil 11-iyuldagi 2026-23-sonli qarori (roʻyxat raqami 3388-2, 27.07.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2026-y., 10/26/3388-2/0794-son)
3-bob. Yakuniy qoida
7. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2022-y., 10/22/3388/0864-son; 19.03.2024-y., 10/24/3388-1/0228-son; 29.07.2026-y., 10/26/3388-2/0794-son)