O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish borasida davlat tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilmoqda, elektron to‘lovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasidagi normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.
Axborot-texnologik platformalarda faoliyat ko‘rsatadigan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda, bu esa shunday platformalarning yangi modellarini yaratish zaruratini taqozo etmoqda.
Oldingi tahrirga qarang.
Ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari, “sun’iy aql”, superkompyuterlar imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, kripto-aktivlar bo‘yicha faoliyat jahonning ko‘plab mamlakatlarida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari nafaqat iqtisodiyotning ko‘plab sektorlariga, balki davlat boshqaruvi tizimiga va boshqa jamoatchilik munosabatlariga asta-sekin joriy etilmoqda.
(muqaddimaning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Quyidagilar kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha eng muhim vazifalar deb hisoblansin:
Oldingi tahrirga qarang.
investitsiyaviy va tadbirkorlik faoliyatining turli shakllarini diversifikatsiya qilish uchun kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mayning, smart-kontrakt (raqamli tranzaksiyalarni avtomatik tartibda amalga oshirish orqali huquq va majburiyatlar bajarilishini nazarda tutuvchi elektron shakldagi shartnoma), konsalting, emissiya, ayirboshlash, saqlash, taqsimlash, boshqarish, sug‘urtalash, shuningdek, ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amaliy ish ko‘nikmalariga ega malakali kadrlarni tayyorlash;
kripto-aktivlar bo‘yicha faoliyat va ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari sohasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotda loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini ishlab chiqish sohasida faoliyat ko‘rsatadigan yuqori malakali xorijlik mutaxassislarni jalb qilish;
xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini hisobga olgan xolda ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini joriy etish uchun zarur huquqiy bazani yaratish;
raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish sohasida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining yaqin hamkorligini ta’minlash.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari joriy etiladigan aniq faoliyat sohalari manfaatdor vazirlik va idoralarning takliflari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan belgilanadi;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirishni va ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarning va texnik topshiriqlarning loyihalari Agentlikda majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkazilishi lozim;
kripto-aktivlar aylanmasi maxsus normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
2029-yil 1-yanvarga qadar yuridik va jismoniy shaxslarning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq operatsiyalari, jumladan, norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi, mazkur operatsiyalar yuzasidan olingan daromadlar esa soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-sentabrdagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.09.2024-y., 06/24/140/0728-son)
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan shaxslar tomonidan o‘tkaziladigan kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘lik valyuta operatsiyalariga valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari normalari tatbiq etilmaydi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) kripto-aktiv mulkiy huquq hisoblanib, ma’lumotlarning taqsimlangan reyestridagi raqamli yozuvlar yig‘indisi bo‘lgan qiymati va egasiga ega;
b) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat turlari quyidagilardan iborat:
mayning;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlar faoliyati (keyingi o‘rinlarda — xizmatlar provayderlari);
Oldingi tahrirga qarang.
v) mayning bu hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrini yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyatidir.
Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi, “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi hududida amalga oshiriladigan mayning bundan mustasno.
Yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda elektr energiyadan foydalanilgan taqdirda:
iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar o‘suvchi koeffitsiyentga muvofiq to‘lanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-189-son Farmoniga 1-ilovada nazarda tutilgan holatlar mustasno;
tig‘iz davrda iste’mol qilingan elektr energiya uchun tegishli tariflarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ustamalar qo‘llaniladi;
iste’mol qilingan elektr energiyasining hisobi alohida hisoblagich o‘rnatilgan holda yuritiladi.
Mayning Agentlik tomonidan majburiy ro‘yxatdan o‘tkaziladi va litsenziyalanadigan faoliyat turiga kirmaydi.
Mayning bilan shug‘ullanuvchi shaxslar (maynerlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
Maynerlarni ro‘yxatdan o‘tkazish faqat Internet tarmog‘i orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Maynerlar o‘z faoliyatini faqat ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilda, yong‘in xavfsizligi hamda sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirishi lozim;
(3-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
g) xizmatlar provayderlari jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan ularning nomidan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash, saqlash, chiqarish, joylashtirish va boshqarish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
Xizmatlar provayderlari faqat O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari — yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.
Xizmatlar provayderlari turlariga:
kripto-birja — kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash uchun elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot;
mayning-pul — mayning jarayonini ta’minlash maqsadida hisoblash quvvatlarini birlashtiruvchi elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot;
kripto-depozitariy — kripto-aktivlarni chiqarish, ularni dastlabki joylashtirish va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot;
kripto-do‘kon — kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish yuzasidan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha elektron platforma va (yoki) texnik va dasturiy vositalar majmuini taqdim etuvchi tashkilot;
Agentlik qarorlari bilan belgilanadigan boshqa turdagi xizmatlar provayderlari;
Oldingi tahrirga qarang.
d) 2023-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali belgilangan tartibda amalga oshiradi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
(3-bandning “d” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
e) Agentlik:
kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibini;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish va muomalaga kiritish tartibini belgilaydi;
j) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji miqdori va uni to‘lash tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi;
z) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berishdan tushadigan davlat bojining barcha summasi litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
Oldingi tahrirga qarang.
i) xizmatlar provayderlari faoliyatiga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan elektron platforma va (yoki) texnik hamda dasturiy vositalar majmuining mavjudligi;
kripto-aktivlar bilan bog‘liq barcha operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni, platforma ishtirokchilarining identifikatsiya ma’lumotlarini, xizmatlar provayderlarining platforma ishtirokchilari bilan munosabatlariga oid materiallarni (shu jumladan, platforma ishtirokchilari o‘rtasida), shu jumladan, ish yozishmalarini besh yil davomida saqlash;
kripto-aktivlar aylanmasi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish hamda shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi reklamaga qo‘yiladigan, shu jumladan, kripto-aktivlardan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatning samaradorligi (daromadi) haqida va’dalar berish, kripto-aktivlar bilan bitimlarni tuzish boyishning yengil usuli ekanligi haqidagi ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanganligi hamda kripto-aktivlar O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov yoki to‘lovni qabul qilish vositasi (qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno) sifatida qo‘llanilishi mumkin emasligi haqidagi talablarga rioya qilish;
anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirmaslik;
platforma faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq ma’lumotlarni vakolatli organning so‘roviga binoan bepul taqdim etish;
jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga, litsenziatning ustav kapitalidagi ulushini realizatsiya qilishni litsenziyalovchi organ bilan kelishish;
litsenziatning rahbariyati (direktor va uning o‘rinbosarlari), shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma rahbarini almashtirish masalasini litsenziyalovchi organ bilan kelishish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa talablar.
Quyidagilar kripto-birjalarga qo‘yiladigan qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
kripto-aktivlarni kotirovkalashni ularga bo‘lgan talab va taklif asosida amalga oshirish;
ariza berilgan sanada pul mablag‘i shaklida bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh ming baravari miqdorida shakllantirilgan ustav jamg‘armasi (kapitali) mavjudligi, shundan uch ming baravarini O‘zbekiston Respublikasining tijorat bankida alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yish;
(3-bandning “i” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
k) xizmatlar provayderlari faoliyatini ularning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini nazorat qilish funksiyalari xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalovchi organga va tegishli vakolatli davlat organlariga yuklanadi;
l) xizmatlar provayderlarining ustav jamg‘armasi faqat uning muassislarining mablag‘lari va boshqa mol-mulklaridan shakllantiriladi. Xizmatlar provayderlarining ustav jamg‘armasini shakllantirish uchun foydalaniladigan mablag‘lar kredit yoki garovga olingan mablag‘lar va shu kabi boshqa mablag‘lar jalb qilinishi orqali amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
m) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxslar yig‘im to‘laydilar. Yig‘imlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Agentlik o‘rtasida taqsimlanadi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Yig‘imlar miqdori, ularni to‘lash va ularning taqsimlanishi Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda tasdiqlanadigan tartib asosida amalga oshiriladi;
(3-bandning “m” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
n) quyosh fotoelektr stansiyalari uchun asbob-uskunalar va qurilmalardan foydalanuvchi maynerlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tiklanadigan energiya sohasida soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish huquqiga ega;
o) mayning bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning yagona energotizimiga noqonuniy ulanishi holatlari aniqlanganda, ularga nisbatan belgilangan tarif 5 barobar o‘suvchi koeffitsiyent bilan qo‘llaniladi;
p) 2022-yil 1-yanvarga qadar kripto-birja faoliyati uchun berilgan litsenziyalar davlat boji va yig‘imlar undirilmasdan mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda qayta rasmiylashtiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilarga:
a) xizmatlar provayderlariga:
ko‘rsatilgan xizmatlar uchun, shu jumladan, kripto-aktivlar shaklida mukofot olish, uning miqdorini va uni mijozlardan undirish tartibini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bilan kripto-aktivlarni milliy va xorijiy valyutaga sotib olish va (yoki) begonalashtirishga, shuningdek, kripto-aktivlarni boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlashga qaratilgan bitimlarini tashkil etish;
b) kripto-do‘konlarga o‘z faoliyatini faqat elektron platforma orqali amalga oshirish jarayonida mijozlarining mablag‘larini tranzaksiya amalga oshirilgan va ma’lumotlarning taqsimlangan reyestrida tegishli yozuv paydo bo‘lgan paytdan boshlab Agentlik tomonidan belgilangan muddatda saqlash;
v) maynerlarga mayning natijasida olingan kripto-aktivlarni milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha, belgilangan tartibda sotish va (yoki) ularni boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlash huquqi berilsin. Bunda mayning natijasida olingan kripto-aktivlarni boshqa yuqori likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlash va ularni keyinchalik milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga yo‘l qo‘yiladi. Mayning natijasida olingan (shu jumladan, boshqa yuqori likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlangan) kripto-aktivlarni sotishdan tushgan tushum majburiy tarzda O‘zbekiston Respublikasidagi bankning hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Shunday tartib o‘rnatilsin, unga muvofiq:
a) bir vaqtning o‘zida quyidagi mezonlardan kamida ikkitasi mavjud bo‘lganda, kripto-aktivlar bilan operatsiya (keyingi o‘rinlarda — operatsiya) o‘tkazish joyi sifatida O‘zbekiston Respublikasi tan olinadi:
operatsiyaning bir tomoni O‘zbekiston Respublikasining rezidenti (jismoniy yoki yuridik shaxs) bo‘lishi;
operatsiya O‘zbekiston Respublikasining hududida amalga oshirilishi;
operatsiya O‘zbekiston Respublikasining hududida ro‘yxatdan o‘tgan IP-manzildan va (yoki) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro kodi mavjud bo‘lgan mobil telefon raqamidan foydalangan holda amalga oshirilishi;
operatsiya bo‘yicha hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasining tijorat banki tomonidan emissiya qilingan bank kartasidan foydalanilganda yoki to‘lovlarga ishlov berish va ularning kliringi O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilganda;
operatsiyani amalga oshirish uchun xizmatlar O‘zbekiston Respublikasining hududida yashovchi mijozlar uchun mo‘ljallanganda, shu jumladan, davlat tilida taqdim etilganda yoki reklama qilinganda;
b) Agentlikka quyidagi vakolatlar beriladi:
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida noqonuniy xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarning (keyingi o‘rinlarda — xorijiy yuridik shaxslar) faoliyatini tekshirish. Bunda ushbu tekshirishlarga O‘zbekiston Respublikasining tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan davlat nazorati sohasidagi qonunchilik hujjatlari tatbiq etilmaydi;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun xorijiy yuridik shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llash. Bunda ushbu jarimaning 50 foizi litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
a) xizmatlar provayderlarini:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar tomonidan;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun gumonlanayotgan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan yoxud o‘talmagan shaxslar tomonidan;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda doimiy yashayotgan, bo‘lib turgan yoki ro‘yxatga olingan shaxslar tomonidan boshqarish;
(6-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) xizmatlar provayderlarining ustav jamg‘armasida:
ushbu bandning “a” kichik bandida ko‘rsatilgan shaxslarning;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar ishtirok etishi;
(6-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PQ-143-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlarning to‘lov yoki to‘lovni qabul qilish vositasi sifatida qo‘llanilishi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
(6-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.11.2025-y., 07/25/359/1106-son)
g) yashirin mayningni amalga oshirish (maxsus dasturiy ta’minotdan foydalanish orqali uchinchi shaxslarning hisoblash quvvatlarida, ularga bildirmagan holda yoki roziligisiz mayningni amalga oshirish bo‘yicha faoliyat) va anonim kripto-aktivlar mayningi (anonimlik prinsipi bo‘yicha ishlayotgan kripto-aktivlar) taqiqlanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda Agentlik:
a) Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat provayderlar faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi, Kripto-aktivlar mayningini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi hamda Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida tartibga solish maxsus rejimida (“Tartibga solish qumdoni” maxsus rejimi) ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni qabul qilinishini va amalga kiritilishini;
b) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Davlat boji to‘g‘risida” va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritilishini ta’minlasin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-121-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-iyul,
PQ-3832-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2018-y., 07/18/3832/1452-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son; 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son; 19.09.2024-y., 06/24/140/0728-son; 28.11.2025-y., 07/25/359/1106-son; 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)