Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida
1-modda. Siyosiy partiya tushunchasi
Siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini roʻyobga chiqarishga intiluvchi hamda oʻz vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi koʻngilli birlashmasidir.
2-modda. Siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asoslari
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar oʻz faoliyatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga, boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq, shuningdek oʻz ustavlari asosida amalga oshiradilar.
(2-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Siyosiy partiyalarni tuzish va ularning faoliyat koʻrsatish prinsiplari
Siyosiy partiyalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish maqsadida, xohish-irodani erkin bildirish, partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish, aʼzolarining teng huquqliligi, oʻzini oʻzi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik asosida tuziladi va faoliyat koʻrsatadi.
Quyidagi siyosiy partiyalarni tuzish va ularning faoliyat koʻrsatishi taqiqlanadi:
konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishni maqsad qilib qoʻyuvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi;
urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qiluvchi;
xalqning sogʻligʻi va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi;
milliy va diniy ruhdagi partiyalar.
4-modda. Siyosiy partiyalarga aʼzolik
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bir paytning oʻzida faqat bitta siyosiy partiyaga aʼzo boʻlishi mumkin.
Partiyaga mansubligiga koʻra fuqaroning huquqlarini har qanday cheklash, xuddi shuningdek unga imtiyozlar yoki ustunliklar berish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti respublika barcha fuqarolarining huquq va erkinliklariga rioya qilinishining kafili sifatida prezidentlik vakolatlarini bajarish muddati davomida siyosiy partiyaga aʼzolikni yoki unda ishtirok etishni toʻxtatib turishi yoxud butunlay toʻxtatishi shart.
Quyidagilar siyosiy partiyalarga aʼzo boʻla olmaydilar:
sudyalar;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining mansabdor shaxslari;
(4-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 17-martdagi OʻRQ-612-sonli Qonuniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2020-y., 03/20/612/0326-son)
prokurorlar va prokuratura tergovchilari;
Oldingi tahrirga qarang.
ichki ishlar, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari, davlat xavfsizlik xizmati xodimlari;
(4-modda toʻrtinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktabrdagi OʻRQ-575-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2019-y., 03/19/575/3972-son)
harbiy xizmatchilar;
xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.
Siyosiy partiyalarga aʼzolik yakka tartibda qayd etiladi.
5-modda. Siyosiy partiyalar faoliyatining kafolatlari
Davlat siyosiy partiyalar huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini kafolatlaydi, ustavda belgilangan oʻz maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining siyosiy partiyalar ichki ishlariga aralashishlari yoxud, agar faoliyat qonunga hamda oʻz ustavlariga muvofiq amalga oshirilayotgan boʻlsa, ular faoliyatiga u yoki bu tarzda toʻsqinlik qilishlari man etiladi.
Siyosiy partiyalarning davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
Siyosiy partiyalar tashkilotlarining tadbirlari asosan ular aʼzolarining ishdan tashqari vaqtida va ana shu partiyalar mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi. Xususiy ish beruvchilarning oʻz xodimlaridan ular mehnat vazifalarini bajarayotgan paytda partiya nomidan siyosiy faoliyat bilan shugʻullanishni talab qilishi man etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar apparati xodimlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurta haqidagi qonunchilik tatbiq etiladi.
(5-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Siyosiy partiyani tuzish
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida boʻlgan kamida yigirma ming fuqaroning imzosi boʻlishi talab etiladi.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 18-modda)
Siyosiy partiya tuzish tashabbuskorlari kamida ellik kishidan iborat boʻlishi, ular partiya taʼsis hujjatlarini tayyorlash, aʼzolar tarkibini shakllantirish hamda taʼsis syezdi yoki konferensiyasini chaqirish boʻyicha tashkiliy qoʻmitani tuzishlari lozim.
Tashkiliy qoʻmita oʻzi tuzilgan kundan boshlab yetti kunlik muddatdan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga oʻz tashabbusi, qoʻmitaning tarkibi, rahbari (yetakchisi), joylashgan manzili hamda taʼsis syezdi yoki konferensiyasi chaqiriladigan sanani yozma ravishda xabar qilishi lozim.
Tashkiliy qoʻmita tuzilgan kundan boshlab uzogʻi bilan uch oy faoliyat koʻrsatish huquqiga egadir.
Siyosiy partiya taʼsis syezdida yoki konferensiyasida tuziladi.
Taʼsis syezdi yoki konferensiyasi partiya ustavi va dasturini qabul qiladi, uning saylab qoʻyiladigan organlarini tuzadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning siyosiy partiyalarini, ularning boʻlinmalarini tashkil etishga va ularning faoliyati amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(6-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 2-iyuldagi OʻRQ-934-sonli Qonuniga asosan yettinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son)
7-modda. Siyosiy partiyaning ustavi
Siyosiy partiyaning ustavida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
partiyaning nomi, maqsadi va vazifalari;
partiyaning tuzilishi;
partiya aʼzoligiga qabul qilish va undan chiqish shartlari va tartibi;
partiya aʼzolarining huquq va majburiyatlari;
partiya va uning tashkilotlari rahbar organlarining vakolatlari hamda ularni tuzish (chaqirish) tartibi, ularning vakolat muddatlari;
partiya rahbar organlarining faoliyatini nazorat qilish tartibi;
partiya va uning tashkilotlari mablagʻlarini shakllantirish hamda boshqa mol-mulkini sotib olish manbalari;
partiya rahbar organi joylashgan manzil;
partiya ustavi va dasturini qabul qilish, ularga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi;
partiya faoliyatini qayta tashkil etish yoki toʻxtatish tartibi.
Ustavda partiya faoliyatiga oid boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
8-modda. Siyosiy partiyalarni roʻyxatga olish
Siyosiy partiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Siyosiy partiyani roʻyxatdan oʻtkazish uchun ustav qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida quyidagilar taqdim etiladi:
partiya rahbar organining kamida uch aʼzosi imzolagan ariza;
ustav;
dastur;
taʼsis syezdi yoki konferensiyasining bayoni;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi OʻRQ-905-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Qonun talablari bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan mazkur partiyaga birlashish istagini bildirgan yigirma ming nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining oʻzlari imzo qoʻygan roʻyxati, saylab qoʻyiladigan organlarning aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, turar joyi va ish joyi, telefon raqami), rahbar organ aʼzolariga vakolatlar, shu jumladan roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida yoxud munozaralar kelib chiqqan taqdirda sudda partiya nomidan ishtirok etish huquqi berilganligi toʻgʻrisidagi partiya oliy organining qarori.
(8-moddaning ikkinchi qismining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 18-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyani roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza u tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish natijalariga binoan siyosiy partiyani roʻyxatga olish yoki roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Qaror qabul qilingach, uzogʻi bilan uch kun muddat ichida u siyosiy partiya rahbar organiga beriladi yoki pochta orqali joʻnatiladi.
(8-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
Siyosiy partiya roʻyxatdan oʻtgan kundan eʼtiboran yuridik shaxs maqomini oladi va u oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Siyosiy partiyalar ustavlariga kiritilgan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar ularning ustavlarini roʻyxatga olish uchun ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Siyosiy partiya roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi xabar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
9-modda. Siyosiy partiyani roʻyxatga olishni rad etish
Oldingi tahrirga qarang.
Agar siyosiy partiyaning ustavi, maqsadlari, vazifalari va faoliyat uslubi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga zid boʻlsa yoki oldinroq xuddi shunday nomdagi siyosiy partiya yoki jamoatchilik harakati roʻyxatga olingan boʻlsa, bu partiya roʻyxatga olinmaydi.
Siyosiy partiyani roʻyxatga olish rad etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taqdim etilgan hujjatlar qonunchilikning qaysi qoidalariga zid ekanligini koʻrsatgan holda bu xususda partiya rahbar organining vakolatli aʼzosiga yozma tarzda xabar qiladi. Ushbu siyosiy partiya rahbar organining vakolatli aʼzolari roʻyxatga olish rad etilganligi toʻgʻrisida xabarnoma olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunchiligiga butunlay muvofiq holga keltirgan taqdirdagina partiyani roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga takror murojaat etishga haqlidirlar.
(9-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Siyosiy partiyani roʻyxatga olishni rad etish ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
10-modda. Siyosiy partiyaning faoliyatini toʻxtatib turish
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, ushbu Qonunni, boshqa qonunchilik hujjatlarini yoki oʻz ustavini buzgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikning yoki ustavning qaysi normalari buzilganligini koʻrsatgan holda bu xususda partiya rahbar organlariga yozma tarzda xabar qiladi va bunday buzishlarni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. Agar buzishlar belgilangan muddat davomida bartaraf etilmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi siyosiy partiyaning faoliyatini olti oygacha muddatga toʻxtatib turishi mumkin.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Siyosiy partiyaning faoliyati toʻxtatib turilgan taqdirda, shu muddat davomida partiyaning har qanday ommaviy axborot vositalaridan foydalanishi, targʻibot va tashviqot ishlarini olib borishi, saylovlarda ishtirok etishi man qilinadi.
11-modda. Siyosiy partiyaning faoliyatini tugatish
Siyosiy partiyaning faoliyati quyidagi tarzda tugatiladi:
partiyaning oʻz ustaviga muvofiq tarqalib ketishi orqali, bu haqda partiya oliy organi uch kunlik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga xabar qiladi;
partiya ushbu Qonun 3-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan xatti-harakatlarni sodir etgan hollarda yoki oʻz faoliyati toʻxtatib qoʻyilganidan soʻng bir yil muddat ichida oʻsha xatti-harakatlarni takror sodir etgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori bilan.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisidagi rasmiy xabari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan kundan boshlab siyosiy partiyaning faoliyati tugaydi.
12-modda. Siyosiy partiyalarning huquqlari
Siyosiy partiyalar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni erkin tarqatish, oʻz gʻoyalari, maqsadlari va qarorlarini targʻib qilish;
saylab qoʻyiladigan davlat organlaridagi oʻz vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish;
qonunda belgilab qoʻyilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etish;
partiya faoliyati bilan bogʻliq yigʻilishlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositalari taʼsis etish va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;
(12-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining siyosiy partiyalari bilan ittifoq (blok) tuzish, ular bilan va boshqa jamoat birlashmalari bilan shartnoma munosabatlari oʻrnatish.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar ushbu Qonunda hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻz partiyalarining siyosatini uyushqoqlik bilan oʻtkazish uchun, siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan deputatlarning taʼsis yigʻilishlarida tuziladi. Fraksiyalar fraksiyaning rahbari bergan tegishli ariza va taʼsis hujjatlariga asosan Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyasi quyidagi huquqlarga ega:
Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibini tuzishda ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi tashabbus bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish;
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11-apreldagi OʻRQ-90-sonli Qonuni asosida uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 15-son, 153-modda)
Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibidagi har bir masala boʻyicha muzokaralarda fraksiya vakiliga kafolatlangan soʻz berilishi;
tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeriga va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga, vazirlarga, shuningdek boshqa davlat organlarining rahbarlariga soʻrov bilan murojaat etish;
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasining Spiker oʻrinbosarligiga qoʻmitalari va komissiyalari raisligiga nomzodlar boʻyicha takliflar kiritish;
(13-moddaning ikkinchi qismi oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11-apreldagi OʻRQ-90-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 15-son, 153-modda)
Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilinayotgan masala boʻyicha fraksiya fikrini deputatlar orasida tarqatish;
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi deputatlari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
(13-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi tarkibiga kiradi.
Fraksiyalarning faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy jihatdan va boshqa xizmatlar koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining devoni tomonidan taʼminlanadi.
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
131-modda. Parlamentdagi koʻpchilik va parlamentdagi muxolifat. Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida koʻpchilik oʻrinni egallagan siyosiy partiya fraksiyasi parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻz dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta siyosiy partiyalar fraksiyalari parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etishi mumkin.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
(131-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son — 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
oʻz vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir nafar qoʻmita raisi va ikki nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallashi;
qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar oʻsha masalaga doir qonun loyihasining muqobil tahririni, qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar uning ikkinchi oʻqishga tayyorlangan matnining yoki tarkibiy birligi matnining muqobil tahririni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish;
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisi bayonnomasiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarida hukumat aʼzolarining Qonunchilik palatasi deputatlari savollariga javoblarini eshitish (“hukumat soati”) doirasida yilning har choragida kamida bitta masala kiritish;
parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yilning har choragida kamida bitta masala kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha kelishuv komissiyasida oʻz vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
(131-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-iyuldagi OʻRQ-1077-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2025-y., 03/25/1077/0674-son)
Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi koʻpchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas.
(131-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11-apreldagi OʻRQ-90-sonli Qonuni bilan kiritilgan — OʻR QHT, 2007-y., 15-son, 153-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari
Partiya guruhi — siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida, xalq deputatlari Kengashida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan deputatlar birlashmasi.
Siyosiy partiyadan koʻrsatilgan va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga yoki xalq deputatlari Kengashiga saylangan deputat faqat shu partiyaning partiya guruhi aʼzosi boʻlishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlarning taʼsis yigʻilishlarida tuziladi. Partiya guruhlari partiya guruhi rahbarining tegishli arizasi va taʼsis hujjatlariga asosan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan roʻyxatga olinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari ularda tegishli siyosiy partiyadan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga yoki xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar Kengashlariga saylangan kamida uch nafar deputat birlashgan taqdirda tuziladi;
(14-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Partiya guruhi hisobga olish roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
Partiya guruhining faoliyati quyidagi hollarda tugatiladi:
partiya guruhining oʻz tashabbusi bilan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining yoki xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddati tugaganda;
partiya guruhi tarkibiga kiruvchi deputatlar soni uni tuzish uchun zarur boʻlgan meʼyordan kamayib ketganda;
tegishli siyosiy partiyaning faoliyati tugatilganda.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvardagi OʻRQ-365-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 4-son, 45-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
141-modda. Partiya guruhlarining huquqlari
Oldingi tahrirga qarang.
Partiya guruhlari quyidagi huquqlarga ega:
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi sessiyasi kun tartibini shakllantirishda ishtirok etish;
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi qoʻmitalari yoki komissiyalari raisligiga, rais oʻrinbosarligiga va aʼzoligiga nomzodlar yuzasidan takliflar kiritish;
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi sessiyasi kun tartibidagi har bir masala boʻyicha muzokaralarda partiya guruhi vakiliga soʻz berilishini kafolatlash;
tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining va Vazirlar Kengashining raislariga, vazirlariga hamda boshqa davlat organlari rahbarlariga, hokimlarga, hokim oʻrinbosarlariga, hokimliklar boshqarmalari, boʻlimlari va boshqa boʻlinmalarining rahbarlariga, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashi hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga soʻrov bilan murojaat qilish;
hududlarni rivojlantirish dasturlarining loyihalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
tegishli hududda joylashgan davlat organi rahbarining, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan hisobotini yoki axborotini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari Kengashining sessiyalarida eshitish toʻgʻrisida, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini koʻrib chiqish haqida takliflar kiritish. Bunda qaror deputatlarning yarmidan koʻpi qoʻllab-quvvatlagan taqdirda qabul qilinadi;
tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining yoki xalq deputatlari Kengashining sessiyasida muhokama qilinayotgan masala boʻyicha partiya guruhining fikrini deputatlar orasida tarqatish;
tuman (shahar) hokimining, shuningdek tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyat yoki Toshkent shahar hokimiga xulosa taqdim etish.
(141-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari viloyat hamda Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi huquqiga ega.
Partiya guruhlarining tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga va xalq deputatlari Kengashiga kiritiladigan masalalar boʻyicha taklifi albatta koʻrib chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Partiya guruhlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(141-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi partiya guruhlari faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatdan xizmatlar koʻrsatish Joʻqorgʻi Kengesning devoni tomonidan, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatdan xizmat koʻrsatish tegishli xalq deputatlari Kengashi kotibiyati tomonidan taʼminlanadi.
(141-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-iyuldagi OʻRQ-1077-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2025-y., 03/25/1077/0674-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(142-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-oktabrdagi OʻRQ-722-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2021-y., 03/21/722/0960-son)
Oldingi tahrirga qarang.
15-modda. Siyosiy partiyalar mulki
Binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, nashriyotlar, transport vositalari, shuningdek ustavida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur boshqa mol-mulk siyosiy partiyalarning mulki boʻlishi mumkin.
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar faqat ustavda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi. Siyosiy partiyaning tadbirkorlik faoliyati natijalari uning moliyaviy hisobotida aks ettirilishi kerak.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Siyosiy partiyalarning tadbirkorlik faoliyatidan olgan daromadlari partiya aʼzolari oʻrtasida taqsimlanishi mumkin emas va ulardan faqat ustavda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun foydalaniladi.
Siyosiy partiyalar har yili barchaning eʼtibori uchun oʻz budjetlarini eʼlon qilib boradi va oʻz faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yoki u vakolat bergan organga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
Siyosiy partiyalarning mulki qonun bilan muhofaza qilinadi.
(15-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 30-apreldagi 621-II-son Qonuniga muvofiq chiqarilgan — OʻR QHT, 2004-y., 25-son, 287-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Siyosiy partiyalar faoliyatining qonunchilikka va oʻz ustavlariga muvofiqligini nazorat qilish
Siyosiy partiyalarning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunchilikka va oʻz ustavlariga muvofiqligini Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nazorat qiladi.
(17-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-dekabr,
337-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 36-modda; 1999-y., 9-son, 229-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda; 2007-y., 15-son, 153-modda; 2008-y., 52-son, 510, 513-modda; 2014-y., 4-son, 45-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son, 30.10.2019-y., 03/19/575/3972-son; 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son; 18.03.2020-y., 03/20/612/0326-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 15.10.2021-y., 03/21/722/0960-son; 07.02.2024-y., 03/24/905/0106-son; 04.07.2024-y., 03/24/934/0469-son; 31.07.2025-y., 03/25/1077/0674-son)