O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO TIKLANISH VA TARAQQIYOT BANKI ISHTIROKIDA “QISHLOQ XO‘JALIGI KORXONALARINI QO‘LLAB-QUVVATLASH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISHGA DOIR AMALIY CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-noyabrdagi 461-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga besh yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 20 yil muddatga 36,14 mln. AQSH dollari miqdorida qarz berilishini ma’qullaganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz bitimini imzolashga va Qarz berish to‘g‘risidagi bitimga va loyihani amalga oshirish jadvaliga muvofiq qayta kreditlash to‘g‘risida shartnomalar tuzishga;
Oldingi tahrirga qarang.
“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki loyihani amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy kreditga hisob-kitob-bank xizmati ko‘rsatishga vakil qilinsin.
(2-bandining uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-maydagi 142-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 21-son, 252-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi qarz bitimiga belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
4. Qarzni qaytarish jadvali 1-ilovaga* muvofiq ma’qullansin.
5. Belgilansinki:
loyiha bo‘yicha xarajatlar 2-ilovaga* muvofiq Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining mablag‘lari, loyihada ishtirok etuvchi xo‘jaliklar va xususiy korxonalar mablag‘lari, shuningdek markazlashtirilgan kapital mablag‘lar hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadi;
qarzning asosiy qismi, qarz bo‘yicha foizlar va vositachilik haqi 3-ilovaga* muvofiq loyihada qatnashuvchi xo‘jaliklarning mablag‘lari va loyiha doirasida tashkil etiladigan moliyaviy tuzilmalar, xo‘jalik hisobidagi korxonalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qaytariladi.
* Ilovalar berilmaydi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta qurish agentligiga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tartibotlariga muvofiq loyihaning samarali amalga oshirilishini, loyiha mablag‘lari o‘zlashtirilishi va ulardan maqsadli foydalanilishini, shuningdek loyihani amalga oshirish bo‘yicha zarur hujjatlar, shu jumladan qarz mablag‘larini qayta kreditlash to‘g‘risidagi shartnomalar loyihalari o‘z vaqtida ishlab chiqilishi va tegishli idoralarga kiritilishini ta’minlash yuklansin.
7. Mazkur loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi tashkilotlar va xo‘jalik yurituvchi subyektlar uni amalga oshirish davrida loyiha doirasida import bo‘yicha respublikaga olib kelinadigan asbob-uskunalar, tovarlar (xizmatlar)dan olinadigan bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod qilinsin (bojxonada rasmiylashtirganlik yig‘imlaridan tashqari).
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
loyihaning samarali amalga oshirilishini va qarzning belgilangan qismi loyiha qatnashchilari tomonidan o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlasin;
mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilishini muntazam nazorat qilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda investitsiya dasturlarini shakllantirishda 2002-yildan boshlab “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga* muvofiq ulushini mablag‘ bilan ta’minlashni nazarda tutsin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 4-son, 42-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi chet ellik mutaxassislar davlat boji to‘lashdan ozod etilgan holda ularga ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek ular vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishini va uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi chet ellik mutaxassislarga kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Azimov va T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 15-fevral,
52-son