O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO TIKLANISh VA TARAQQIYOT BANKI IShTIROKIDA “QIShLOQ XO‘JALIGI KORXONALARINI QO‘LLAB-QUVVATLASh” LOYIHASINI AMALGA OShIRIShGA TAYYORLANISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirish va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan uning “Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirishga qarz berishga tayyorligi bildirilgan va loyihaning umumiy parametrlari belgilangan, ularga muvofiq:
loyiha respublikaning beshta tumanida — Ellikqal’a (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Marhamat (Andijon viloyati), Nishon (Qashqadaryo viloyati), Sherobod (Surxondaryo viloyati), Ohangaron (Toshkent viloyati) tumanlarida amalga oshiriladi;
loyihaning 43,46 mln AQSh dollari miqdoridagi umumiy qiymati va tomonlarning uni mablag‘ bilan ta’minlashdagi ishtiroki belgilangan, shu jumladan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 5 yildan iborat imtiyozli davrni qo‘shgan holda 20 yil muddatga 36,1 mln AQSh dollari miqdorida kredit berilishi ko‘rsatilgan (1-ilova*);
* 1-ilova berilmaydi.
loyihani amalga oshirish davri besh yildan iborat qilib belgilangan;
xo‘jaliklararo va xo‘jaliklar ichidagi irrigatsiya shoxobchalarini rekonstruksiya qilish va qurish ishlari, muqobil mashina-traktor parklarini va agroservis markazlarini jihozlash uchun mo‘ljallangan revolver kredit liniyalari, shuningdek loyihada qatnashuvchi tumanlar xo‘jaliklari tomonidan aylanma mablag‘larni to‘ldirish hamda texnika va asbob-uskunalar sotib olish hajmlari belgilangan;
loyihada qatnashuvchi tumanlarda ishlab chiqarishni tashkil etishning yangi metodlarini va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari marketingini sinab ko‘rish nazarda tutilgan.
2. Belgilab qo‘yilsinki, loyihada qatnashuvchi tumanlarda tajriba tariqasida:
2002-yil hosilidan boshlab davlat ehtiyojlari uchun paxta xomashyosi va boshoqli don xarid qilish bo‘yicha topshiriqlar o‘rniga ularga 2-ilovaga* muvofiq qat’iy belgilangan xarid kvotalari belgilanadi;
* 2-ilova berilmaydi.
belgilangan xarid kvotalaridan ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosi va boshoqli don qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermer xo‘jaliklari tomonidan shartnomaviy narxlar bo‘yicha sotiladi;
paxta xomashyosi bo‘yicha xarid kvotalarini bajargan qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari, qayta ishlovchi korxonalarga qayta ishlash xarajatlari qaytarilgandan so‘ng, paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan qo‘shimcha mahsulotlarni o‘z xohishlariga ko‘ra tasarruf etadilar.
3. Belgilansinki:
xarid kvotalari loyihada qatnashuvchi tumanlarning qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida ular tomonidan foydalaniladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonlari va sifatini hisobga olgan holda taqsimlanadi;
har bir alohida xo‘jalik paxta xomashyosi va boshoqli don bo‘yicha o‘ziga belgilangan xarid kvotalarining bajarilishi uchun mustaqil ravishda javob beradi.
4. Loyihani amalga oshirishga doir birinchi navbatdagi tadbirlar ro‘yxati 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va manfaatdor viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda loyihada qatnashuvchi tumanlarning qishloq xo‘jaligi korxonalari va fermer xo‘jaliklari uchun paxta xomashyosi va boshoqli don bo‘yicha xarid kvotalarini taqsimlashning ularni bajarish yuzasidan javobgarlikni nazarda tutuvchi mexanizmini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va joriy etsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda loyihada qatnashuvchi tumanlarning qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan belgilangan xarid kvotalaridan ortiqcha yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi:
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi tomonidan loyihani ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga uni amalga oshirish chora-tadbirlari, shu jumladan loyihani tashkiliy boshqarish va kreditni qaytarish masalalari to‘g‘risida takliflar kiritsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikda o‘tkazilayotgan eksperimentning borishini va natijalarini chuqur tahlil qilsinlar, zarurat bo‘lganda Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsinlar.
7. Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish” loyihasi amalga oshirilishini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 19-avgustdagi 356-son qarori 1-bandining to‘rtinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Azimov va T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 26-noyabr,
461-son