Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi hamda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-fevraldagi 77-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida” 2019-yil 13-avgustdagi PF-5780-son Farmoniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2019-yil 13-avgustdagi PQ-4417-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) Toshkent shahri, Qoratosh koʻchasi, 1-uy (11-qavat) manzili boʻyicha joylashtirilsin.
Bunda egallab turilgan xonalar uchun ijara haqi va foydalanish xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tijorat banklaridagi depozitlarga mablagʻlarni joylashtirishdan olingan daromadlarining bir qismi hisobiga qoplanishi nazarda tutilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosariga shaxsan biriktiriladigan 1 birlik, shuningdek, 1 birlik navbatchi xizmat avtotransportini saqlash uchun limit ajratsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A. Xoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 16-yanvar,
28-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 28-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) maqomi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Agentlik tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, aholining keng tabaqalarini biznes bilan shugʻullanishga jalb etish, boshlangʻich kapital manbalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash tizimini kengaytirish va samaradorligini oshirish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Agentlik oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga (keyingi oʻrinlarda Vazirlik deb ataladi) hisobot beradi.
3. Agentlik Vazirlikning tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va uning tizimiga kiradi.
Agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va unga umumiy rahbarlik qilish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash Vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.
4. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar va Vazirlikning qarorlariga amal qiladi.
5. Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
6. Agentlik uning vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha oʻz faoliyatini Vazirlik, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat organlari, tijorat banklari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, shu jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
7. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisobvaraqlariga egadir.
8. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi;
qisqartirilgan nomi — Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi;
b) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Agency for the development of small business and entrepreneurship under the Ministry of Economy and Industry of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Agency for the development of small business and entrepreneurship;
v) rus tilida:
toʻliq nomi — Agentstvo po razvitiyu malogo biznesa i predprinimatelstva pri Ministerstve ekonomiki i promishlennosti Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Agentstvo po razvitiyu malogo biznesa i predprinimatelstva.
9. Agentlik joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahri, Qoratosh koʻchasi, 1-uy (11- qavat).
2-bob. Agentlikning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
kichik va oʻrta biznesni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini va hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish, biznes muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni tashkil etish;
ishbilarmonlik muhitining joriy holatini oʻrganish, shu jumladan, soʻrovnomalar oʻtkazish asosida, hamda yer uchastkalari taqdim etish va qurilish-montaj ishlarini bajarish tartib-taomillarini soddalashtirish, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasi, boshqa moddiy-xomashyo va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan byurokratik toʻsiqlar va gʻovlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash;
biznesni kengaytirishni ragʻbatlantirishga, qoʻshimcha qiymat yaratishning yaxlit zanjirlarini shakllantirishga, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishga, eksportni koʻpaytirishga, doimiy ish oʻrinlarini yaratishga yoʻnaltirilgan natijaga qaratilgan vositalarni joriy etish;
kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslariga kafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordam koʻrsatish;
yirik ishlab chiqaruvchilar tomonidan kichik va oʻrta korxonalar — oraliq tovarlar va xizmatlar (xomashyo, butlovchi qismlar va boshqalar)ni yetkazib beruvchilar faoliyatini, shu jumladan, tijorat banklarida maqsadli depozitlar ochish hisobiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish;
kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik, yangi texnologiyalar va mahsulotlar, bozorlar va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash (bepul telefon va onlayn-maslahat xizmatlari, oʻquv markazlari, biznes-inkubatorlar, axborot xizmatlari va boshqalar) tizimini shakllantirish;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish, ularga texnik va maslahat koʻmagini tashkil etish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish;
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha qabulxonalari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat va hududiy dasturlarni tayyorlash, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishda yaqindan hamkorlik qilish.
11. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) kichik va oʻrta biznesni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish sohasida:
manfaatdor vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda kichik va oʻrta biznesni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirish masalalari boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
tadbirkorlikni istiqbolli rivojlantirish boʻyicha asosiy yoʻnalishlar yuzasidan takliflarni ishlab chiqadi, shuningdek, tegishli dasturlarni tayyorlash va amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydi;
respublikada kichik va oʻrta biznesni, xususiy tadbirkorlikning barcha shakllarini rivojlantirishni baholash uchun milliy indikatorlar tizimini ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida xalqaro va davlatlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat organlari va xususiy sektor, xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va boshqa manfaatdor tomonlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻzaro hamrohlik qilishni tizimli taʼminlaydi;
muammolarni hamda islohotlarni roʻyobga chiqarish yakunlarini tizimli oʻrganish asosida ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha tegishli hujjatlar va dasturlarni bajaradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari bilan ish olib borish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
tadbirkorlikni rivojlantirishni tubdan yaxshilash, xususiy mulkchilik darajasi va ahamiyatini oshirish, davlatning iqtisodiyotda, shu jumladan, davlat va xususiy sektor oʻrtasida hamkorlik qilish uchun shart-sharoitlarni yaratish, xususiy sektorga davlat funksiyalarini topshirish yoʻli bilan davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlar va gʻovlarni bartaraf etishga, tadbirkorlikka ishonchli himoyani taʼminlash va koʻproq erkinlik berishga, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish chora-tadbirlarini roʻyobga chiqarish jarayoni ustidan monitoring olib boradi;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlari va hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlariga va hududiy dasturlarga kiritish boʻyicha takliflarni yigʻish, sifatli va oʻz vaqtida koʻrib chiqish va umumlashtirish tizimini tashkil etadi;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini va hududiy dasturlarni amalga oshirish jarayoni monitoringini olib borish tizimini joriy etadi;
hududning amaldagi ehtiyojlaridan va mavjud mehnat, tabiiy va mineral-xomashyo resurslaridan kelib chiqib mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda mavjud moliyaviy resurslar doirasida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlari va hududiy dasturlarni ishlab chiqadi;
tayyorlangan dasturlarni Vazirlikka va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha tasdiqlangan dasturlarni amalga oshirishni tashkil etadi va amalga oshirilishi ustidan monitoring olib boradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va manfaatdor tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda loyihalari kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlariga va hududiy dasturlarga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama koʻmak koʻrsatish boʻyicha ishlarni amalga oshiradi;
oʻtkazilgan monitoring natijalariga koʻra kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini va hududiy dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayoni toʻgʻrisidagi hisobotlarni tuzadi va eʼlon qiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlari va hududiy dasturlar barbod boʻlishiga va oʻz vaqtida amalga oshmasligiga olib kelgan sansalorlik va byurokratizm holatlariga yoʻl qoʻyish boʻyicha vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllash yuzasidan takliflar kiritadi;
v) vakolatli davlat organlari va tashkilotlarining kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish, biznes muhitini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni tashkil etish sohasida:
tadbirkorlik faoliyatini, shu jumladan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida tashkil etish va amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha davlat boshqaruvi va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatidagi mavjud kamchiliklar va zaif joylarini bartaraf etish yuzasidan muayyan chora-tadbirlar va takliflarni ishlab chiqadi;
tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish yuzasidan asoslangan takliflar tayyorlaydi;
xalqaro reytinglarda, xususan, “Doing Business” reytingida Oʻzbekiston Respublikasining koʻrsatkichlarini yaxshilash ishida ishtirok etadi;
g) ishbilarmonlik muhitining joriy holatini oʻrganish, shu jumladan, soʻrovnomalar oʻtkazish asosida, hamda yer uchastkalari taqdim etish va qurilish-montaj ishlarini bajarish tartib-taomillarini soddalashtirish, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasi, boshqa moddiy-xomashyo va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan byurokratik toʻsiqlar va gʻovlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash sohasida:
ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha muntazam soʻrovnomalar oʻtkazadi, keyinchalik aniqlangan muammolarni chuqur oʻrganadi va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Internet tarmogʻida va boshqa ommaviy axborot vositalarida materiallar eʼlon qilish monitoringini olib boradi, ishbilarmonlik muhitining joriy ahvolini oʻrganish, shu jumladan, soʻrovnomalar asosida hamda uni yaxshilash yuzasidan tegishli takliflar tayyorlash uchun ijtimoiy tarmoqlarda va Agentlikning Internet tarmogʻidagi saytida rasmiy sahifasini olib boradi;
tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun muntazam seminarlar, munozaralar va boshqa tadbirlarni oʻtkazadi;
d) biznesni kengaytirishni ragʻbatlantirishga, qoʻshimcha qiymat yaratishning yaxlit zanjirlarini shakllantirishga, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishga, eksportni koʻpaytirishga, doimiy ish oʻrinlarini yaratishga yoʻnaltirilgan natijaga qaratilgan vositalarni joriy etish sohasida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda har bir loyihani amalga oshirish boʻyicha muayyan maqsadlarni belgilab, davlat-xususiy sheriklik va “klasterli yondashuvni” joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
qoʻshilgan qiymatni yaratish boʻyicha yaxlit zanjirlar shakllantirilishini, zamonaviy texnologiyalar oʻzlashtirilishini, eksport koʻrsatkichlarini, respublikada doimiy ish oʻrinlari yaratilishini tahlil qiladi, oʻtkazilgan tahlil yakunlari boʻyicha asoslangan takliflar tayyorlaydi;
xorijiy mamlakatlarning hukumat va nohukumat tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan texnologiyalar transferiga va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro aloqasini taʼminlashga doir muzokaralarni belgilangan tartibda olib boradi;
biznesni kengaytirishni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan natijaga qaratilgan vositalarni joriy etishga doir ilgʻor xorijiy tajribani va qoʻllaniladigan xalqaro standartlarni oʻrganadi;
e) yirik ishlab chiqaruvchilar tomonidan kichik va oʻrta korxonalar — oraliq tovarlar va xizmatlar (xomashyo, butlovchi qismlar va boshqalar)ni yetkazib beruvchilar faoliyatini, shu jumladan, tijorat banklarida maqsadli depozitlar ochish hisobiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish sohasida:
yirik ishlab chiqaruvchilar hamda kichik va oʻrta korxonalar oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish yuzasidan muzokaralar olib boradi va choralar koʻradi, shuningdek, shu asosda ular oʻrtasida klasterli tizimni joriy etadi;
tijorat banklari bilan birgalikda tijorat banklarida yirik korxonalarning portfelli investitsiya depozitlarini shakllantirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
yirik ishlab chiqaruvchilar tomonidan kichik va oʻrta korxonalar — oraliq tovarlar va xizmatlar (xomashyo, butlovchi qismlar va boshqalar)ni yetkazib beruvchilar faoliyatini, shu jumladan, tijorat banklarida maqsadli depozitlar ochish hisobiga moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish va yoʻlga qoʻyishda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi hamda metodologik va maslahat berish koʻmagini amalga oshiradi;
j) kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, aholining zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslariga kafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordam koʻrsatish sohasida:
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari orqali tushgan murojaatlarini koʻrib chiqadi;
ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy saytlari, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot konferensiyalari va brifinglarni tashkil etish yoʻli bilan Agentlik va Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining imkoniyatlari va ishlash mexanizmi boʻyicha jamoatchilik orasida keng tushuntirish ishlarini olib boradi;
kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, aholining zaif qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslariga kafilliklar va kafolatlar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish shaklida moliyaviy yordam koʻrsatilishini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan aholining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyati cheklangan zaif qatlamlariga belgilangan tartibda subsidiyalar ajratilishini tashkil etish masalalari boʻyicha oʻzaro aloqalarni amalga oshiradi;
z) kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini shakllantirish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan, aholining imkoniyatlari cheklangan zaif qatlamlarini kasblar va mutaxassisliklarga, tadbirkorlik faoliyati sohasi boʻyicha qonun hujjatlari, yangi texnologiyalar va mahsulotlar, bozorlar va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha oʻqitishni (bepul telefon va onlayn-maslahat xizmatlari, oʻquv markazlari, biznes-inkubatorlar, axborot xizmatlari va boshqalar) tashkil etadi;
bepul telefon va onlayn-maslahat xizmatlari va boshqa platformalarni, qonun hujjatlari, yangi texnologiyalar va mahsulotlar, bozorlar va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha muntazam oʻquv kurslari va boshqa tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etadi va zarur tarzda faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi;
kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun metodik va oʻquv materiallari, boshqa axborot-maslahat berish resurslarining doimiy maʼlumotlar bazasini yaratadi va olib boradi, bunda ulardan bepul va toʻliq foydalanish imkonini taʼminlaydi;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun seminarlar, munozaralar va boshqa tadbirlarni oʻtkazadi;
aholining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyati cheklangan zaif qatlamlarini “oilaviy tadbirkorlikni” rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlari doirasida boʻshayotgan avval ajratilgan kreditlarni “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB va AT “Xalq banki”da joylashtirishdan olingan qoʻshimcha daromadlar hisobidan ushbu tadbirlarni moliyalashtirish bilan, ularni talab qilinadigan kasblar va mutaxassisliklarga oʻqitishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi vositalarni shakllantiradi;
aholining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyati cheklangan zaif qatlamlarini tijorat banklarida erkin mablagʻlarni joylashtirishdan Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining qoʻshimcha daromadlari hisobidan ushbu tadbirlarni moliyalashtirish bilan, ularni talab qilinadigan kasblar va mutaxassisliklarga oʻqitishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy va nomoliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi vositalarni shakllantiradi;
i) xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish, ularga texnik va maslahat koʻmagini tashkil etish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish sohasida:
kichik biznes va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash loyihalarini amalga oshirish, ularga texnik va maslahat koʻmagini tashkil etish, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari, kreditlari va texnik koʻmagini jalb etish masalalarini ishlab chiqadi;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari, imtiyozli kreditlari, maqsadli portfelli investitsiyalari va boshqa mablagʻlari hisobiga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining resurs bazanisi kengaytirish boʻyicha birgalikda choralar koʻradi;
y) tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha qabulxonalari bilan kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha davlat va hududiy dasturlarni tayyorlash, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishda hamkorlik qilish sohasida:
tadbirkorlik masalalari boʻyicha murojaatlarni tahlil qiladi, Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha qabulxonalariga tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalarni hal etish va toʻsiqlarni bartaraf etishga koʻmak koʻrsatadi;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq muammoli masalalarni joyiga chiqib oʻrganadi va ularni hal etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda, shu jumladan, Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazi negizida vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning mutaxassislarini oʻqituvchilar va murabbiylar sifatida jalb qilgan holda tadbirkorlarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha qisqa muddatli va oʻrta muddatli oʻquv kurslari, seminarlar va treninglarni tashkil etadi;
biznes uchun, shuningdek, tadbirkorlar moliyaviy, tovar-xomashyo resurslari, muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanishi, investitsiyaviy va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish, mulkiy va nomulkiy javobgarlikni sugʻurta qilish uchun imkoniyatlar, imtiyozlar masalalari boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishga yoʻnaltirilgan maʼlumot beruvchi materiallarni va boshqa moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini ishlab chiqadi.
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
12. Agentlik oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
kichik biznes va tadbirkorlik masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ishlab chiqishda ishtirok etish, shuningdek, ular boʻyicha oʻz xulosalarini berish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan oʻz vakolatlari jumlasiga kirgan masalalar boʻyicha maʼlumotlar va materiallarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Agentlikka yuklangan vazifalardan kelib chiqib tadbirkorlik sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
Vazirlik bilan kelishgan holda kontrakt asosida malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish, Vazirlik bilan kelishgan holda Agentlikning vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha idoralararo tusdagi xalqaro shartnomalarni belgilangan tartibda tuzish;
Vazirlik bilan kelishgan holda Agentlikning vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini xalqaro darajada belgilangan tartibda ifodalash;
Vazirlik bilan kelishgan holda oʻz vakolatlari doirasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
Agentlikning faoliyatini keng yoritish maqsadida saytlarni, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda sahafalarni yaratish;
oʻz vakolatlari doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar oʻtkazish, shuningdek, boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan shunga oʻxshash xorijiy tadbirlarda ishtirok etish;
kichik biznes va tadbirkorlik sohasining dolzarb va istiqbolli rivojlantirish muammolarini ishlab chiqish maqsadida ishchi guruhlarni, shu jumladan xorijiy ekspertlar ishtirokida tuzish;
tadbirkorlik subyektlariga xorijiy va xalqaro tashkilotlarning moliyaviy va texnik yordamini jalb qilishda koʻmaklashish.
Agentlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Agentlik:
unga yuklangan vazifalar zarur tarzda va samarali bajarilishi, shuningdek, tegishli sohada davlat siyosati amalda olib borilishi;
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha dasturlar, tadbirlar rejalari, “yoʻl xaritasi” va boshqa hujjatlar samarali amalga oshirilishi;
Agentlikning vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini va himoya qilinishini taʼminlash uchun javob beradi.
4-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
1-§ . Agentlik faoliyatini tashkil etish
14. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan direktor — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirining oʻrinbosari boshchilik qiladi.
15. Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ikki nafar oʻrinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega.
Agentlik direktorining oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining ijro etuvchi direktori hisoblanadi.
2-§. Agentlik rahbarlarining funksional majburiyatlari
16. Agentlikka yuklangan vazifalarga muvofiq Agentlikning rahbarlari quyidagi funksional majburiyatlarni bajaradi:
a) Agentlik direktori:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etadi;
yakkaboshchilik asosida Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
direktor oʻrinbosarlarining va Agentlikning boshqa mansabdor shaxslarining faoliyatning ayrim yoʻnalishlari va uchastkalariga rahbarlik qilish boʻyicha vakolatlarini va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan Agentlikning ish yuritish sahasiga daxldor takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida kichik biznesni va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasiga oid davlat siyosatiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydi, tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qoʻyadi. Tegishli hujjatlar qabul qilinganidan keyin ularning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida Agentlik xodimlari uchun bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi;
belgilangan tartibda ishga qabul qilish va Agentlik xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish ishlarini amalga oshiradi, shuningdek, ularning samarali mehnat qilishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi va Agentlikning kadrlar zaxirasini shakllantiradi;
Agentlik tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni va uning xodimlari lavozim yoʻriqnomalarini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ijro etish muddatlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydi;
Agentlik faoliyati rejalashtirilishini tashkil etadi, Agentlikning choraklik ish rejalarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi;
b) Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari:
Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarishda Agentlikning tegishli boʻlinmalari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshiradi;
rahbariyatning topshirigʻiga binoan kichik biznesni va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarning va dasturlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi;
Agentlikning oʻziga topshirilgan va mutasaddilik qilinadigan boʻlinmalari ustidan bevosita rahbarlikni amalga oshiradi;
Agentlik tarkibiy tuzilmalari boshliqlari va mutaxassislari lavozimlariga nomzodlarni direktor tomonidan tasdiqlanishi uchun belgilangan tartibda kiritadi;
Agentlikning oʻzi mutasaddilik qilayotgan boʻlinmalari boshliqlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi takliflarni kiritadi.
v) Agentlik direktorining oʻrinbosari — Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining ijrochi direktori:
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining faoliyatini oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq tashkil etadi va uning faoliyati uchun shaxsan javob beradi;
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining Ijroiya direksiyasi aktivlarni boshqarish, tahlil va ekspertiza qilish, biznesni, shu jumladan, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish sohasidagi malakali mutaxassislar bilan belgilangan xodimlar soni doirasida toʻldirilishini tashkil etadi.
3-§. Agentlik rahbarlarining javobgarligi
17. Agentlik direktori:
ushbu Nizom bilan, boshqa qonun hujjatlari bilan oʻziga yuklangan vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi, shuningdek, Agentlik ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilishi;
amalga oshirilayotgan dasturlar, strategiyalar va konsepsiyalar boʻyicha kutilgan natijalarga erishilishi;
Agentlikda ijro intizomiga ogʻishmay rioya etilishi uchun javob beradi.
18. Agentlik direktorining oʻrinbosarlari:
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha topshiriqlar oʻz vaqtida va samarali bajarilishi;
biriktirilgan yoʻnalishlar boʻyicha kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish vazifalarini va dasturlarini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligi uchun javob beradilar.
4-§. Agentlikning davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek tijorat banklari bilan oʻzaro munosabatlari
19. Agentlik davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, tijorat banklari bilan oʻzaro hamkorlik qilishda:
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, tijorat banklarining faoliyatini Agentlik vakolatiga tegishli boʻlgan masalalar boʻyicha muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha qabulxonalari hamda tijorat banklari bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda va tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishda mavjud muammolarning tizimli tahlil qilinishini tashkil etadi, shu asosda keyinchalik tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni tayyorlaydi;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, shuningdek, tijorat banklari rahbarlari va mutaxassislari ishtirokida majlislar chaqiradi;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek, tijorat banklaridan oʻz vakolatiga tegishli maʼlumotlar bazasini va axborot resurslarini yaratish uchun zarur axborotni soʻrab oladi;
oʻz vakolatlariga doir masalalar boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq muammolarni hal qilish yuzasidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
Agentlik vakolatiga kiritilgan masalalar boʻyicha belgilangan tartibda takliflarni tayyorlash va kiritishda ishtirok etadi;
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va Agentlik vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qiladi.
5-bob. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish
20. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Agentlikning budjetdan tashqari mablagʻlari, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining qoʻshimcha daromadlarining bir qismi, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
21. Agentlik boshqaruv xodimlariga nisbatan Vazirlikning markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya shartlari tatbiq etiladi.
22. Agentlik xodimlarni ragʻbatlantirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining boshqaruv Kengashi qarori asosida Agentlikka Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining qoʻshimcha daromadlarining bir qismi mablagʻlari yoʻnaltirilishi mumkin.
23. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshidan, mukofotlardan, qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalardan, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlardan, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirishlardan tashkil topadi.
24. Agentlik xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish manbai Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining qoʻshimcha daromadlarining bir qismi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan iborat.
6-bob. Agentlik faoliyati samaradorligini baholash mezonlari
25. Faoliyat samaradorligini baholash:
direktorning faoliyatini baholash Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi;
direktor oʻrinbosarlarining faoliyatini baholash Vazirlik tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi;
tarkibiy boʻlinmalar boshliqlari va boshliq oʻrinbosarlarining, shuningdek, Agentlik xodimlarining faoliyati Agentlik direktori tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida baholanadi.
26. Faoliyatning samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari asosida Agentlik rahbarlari va xodimlariga nisbatan ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy jazo choralari qoʻllanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
27. Agentlik muntazam ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Vazirlikka oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot berib turadi.
28. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 28-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) vazifalari va faoliyat yoʻnalishlarini, shuningdek, uning mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilab beradi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 17-avgustdagi PQ-3225-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Jamgʻarmaning boshqaruv Kengashiga (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) hisobot beradi.
3. Jamgʻarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respubliksi iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Agentlikning qarorlariga amal qiladi.
4. Jamgʻarma davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻzining mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son) “”
5. Jamgʻarma barcha huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
6. Jamgʻarma joylashgan joy (pochta manzili): Toshkent shahri, Qoratosh koʻchasi, 1-uy (7-qavat).
7. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qarz oluvchi — tadbirkorlik tashabbusini amalga oshiruvchi kichik biznes va tadbirkorlik subyekti yoki aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga taalluqli shaxs (keyingi oʻrinlarda loyiha tashabbuskori deb ataladi);
kredit — qarz oluvchilarning loyihalarini moliyalashtirish uchun foydalaniladigan kredit;
kompensatsiya — tijorat banklari kreditlari boʻyicha foizli xarajatlarning bir qismini qoplash;
kafillik — qarz oluvchining tijorat banki oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun javob berish masʼuliyatini Jamgʻarmaga yuklaydigan kafillik shartnomasi;
loyihalar — oldindan belgilangan vaqt mobaynida tadbirkorlik faoliyatidan iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa manfaat koʻrish maqsadida amalga oshiriladigan oʻzaro bogʻliq tadbirlar va ishlar majmui, quyidagilarni nazarda tutuvchi maqsadlar bundan mustasno:
ilgari olingan kreditlarni yoki istalgan boshqa qarzdorlikni qaytarish;
alkogolli va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
savdo-vositachilik tashkilotlari va umumiy ovqatlanish korxonalarining aylanma mablagʻlarini shakllantirish;
savdo obyektlari va umumiy ovqatlanish obyektlari qurilishini moliyalashtirish;
bankdan tashqari kredit tashkilotlari va lizing kompaniyalarining resurs bazasini shakllantirish;
tavakkalchilikka asoslangan qimor va boshqa oʻyinlarni tashkil etish hamda shu maqsadlar uchun uskunalarni xarid qilish;
sugʻurtalash — kredit garovi va qaytarilmasligini sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta kompaniyalarining majburiyati;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari — aholining kam taʼminlangan qatlamlaridan boʻlgan ushbu Nizomning 29-bandida belgilangan tartibda aniqlanadigan shaxslar toifasi.
2-bob. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari
8. Ushbu Nizomga ilovada koʻrsatilgan shakllarda moliyaviy yordam koʻrsatish Jamgʻarmaning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Ushbu Nizomga ilovada nazarda tutilgan talablar oldin qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan kafillik va kompensatsiyalarning Jamgʻarma tomonidan taqdim etilishi shartlariga tatbiq etilmaydi.
9. Quyidagilar Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash sohasida davlat siyosati amalga oshirilishiga koʻmaklashish;
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ish oʻrinlari yaratish imkonini beradigan davlat, tarmoq dasturlari va hududiy dasturlar, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarining innovatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, shuningdek, ishlab chiqarish faoliyatiga samarali yangi texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashish;
ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda respublikada kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashni takomillashtirish muammolarini oʻrganishga qaratilgan kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlar amalga oshirilishini tashkil etish.
10. Jamgʻarmadan moliyaviy yordam olish uchun berilgan arizalarni koʻrib chiqish boʻyicha elektron hujjatlar aylanishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha agentlik faoliyatini tashkil etish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 13-avgustdagi PQ-4417-son qarorida maʼqullangan elektron hujjatlar aylanishi sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Bitta shaxsga bir paytning oʻzida kompensatsiya va kafillik berilmaydi. Jamgʻarmadan moliyaviy yordam olgan shaxs Jamgʻarmaning buyurtmasida qarz oluvchi sifatida koʻrsatilgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami boʻyicha aniqlanadi.
12. Oldin Jamgʻarmaning moliyaviy yordamini olgan shaxs quyidagi holatlarda Jamgʻarmaga takroran murojaat qilishga haqli boʻladi:
a) ilgari kompensatsiya olgan boʻlsa:
ilgari kompensatsiya taqdim etish boʻyicha shartnoma amal qilgan kredit boʻyicha qarzdorlik toʻliq qaytarilganda;
kompensatsiya taqdim etish toʻgʻrisidagi shartnoma bekor qilinganda, haqiqiy emas deb topilganda yoki amal qilishi toʻxtatilganda;
b) ilgari kafillik olgan boʻlsa:
qarzdorlikni kafillik bilan taʼminlangan qismi boʻyicha qaytarish;
kafillik shartnomasi bekor qilinganda, haqiqiy emas deb hisoblanganda yoki amal qilishi toʻxtatilganda.
3-bob. Jamgʻarmani boshqarish
13. Tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan Kengash Jamgʻarmani boshqaruvining oliy organi hisoblanadi.
14. Kengash:
Jamgʻarma moliyaviy yordam koʻrsatishi uchun ishlab chiqarishning ustuvor sohalari va kichik tadbirkorlik yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari boʻyicha har yilgi prognozlarni tasdiqlaydi;
Jamgʻarma vaqtinchalik boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy aktivlariga joylashtirish boʻyicha cheklangan parametrlarni belgilaydi;
Jamgʻarmaning faoliyati, shu jumladan mablagʻlarning maqsadli yoʻnaltirilishi, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy yordam koʻrsatishga doir qarorlarning oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Jamgʻarma rahbarining Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi, shuningdek, manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar vakillarining amalga oshirilayotgan operatsiyalar samaradorligi va taqdim etilgan resurslar, Jamgʻarma kafilligi hamda kompensatsiyalari natijalari haqidagi hisobotlarini muntazam eshitadi;
Jamgʻarma tomonidan ushbu Nizomda koʻrsatilmagan moliyaviy yordamning boshqa turlarini koʻrsatish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
Jamgʻarmani yillik auditdan oʻtkazish uchun, shu jumladan, uning mablagʻlaridan maqsadli foydalanish boʻyicha auditorlik tashkilotini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Jamgʻarmaning ustav kapitalini oshirish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
15. Tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan Ijro etuvchi direksiya Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
16. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi:
Jamgʻarma joriy faoliyatini operativ boshqaradi;
tijorat banklaridan tushgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va oʻz vakolatlari doirasida Jamgʻarmaning kafilligi va kompensatsiyalarini taqdim etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining navbatdagi yil uchun Davlat budjeti asosiy parametrlari bilan bogʻliq holda Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining har yilgi prognozlarini shakllantiradi hamda tasdiqlash uchun Kengashga kiritadi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalarini kengaytirishga doir takliflarni ishlab chiqadi va koʻrib chiqish uchun Kengashga kiritadi;
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali bajarilishi uchun zarur qoʻshimcha mablagʻlarni jalb etish boʻyicha amaliy choralar koʻradi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarini hisobga olish hamda ularning ijrosi toʻgʻrisida hisob yuritilishini va hisobot berilishini taʼminlaydi hamda tasdiqlash uchun Kengashga taqdim etadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishning tizimli monitoringini olib boradi;
Jamgʻarmaning vaqtinchalik boʻsh mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy aktivlarga joylashtirish yuzasidan Kengashga takliflar kiritadi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilangan tartibda lavozimiga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan Ijrochi direktor Ijro etuvchi direksiyaning rahbari hisoblanadi.
Ijrochi direktor bir paytning oʻzida Agentlik direktorining oʻrinbosari hisoblanadi.
Ijrochi direktor Agentlik direktori bilan kelishgan holda malakali, shu jumladan, xorijlik mutaxassislarni ularning xizmat haqini Jamgʻarmaning oʻz mablagʻlari hisobiga toʻlagan holda jalb qilishga haqli.
Ijrochi direktor:
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq Ijro etuvchi direksiya faoliyatini tashkil etadi va uning uchun shaxsan javob beradi;
Ijro etuvchi direksiyani xodimlarning belgilangan soni doirasida aktivlarni boshqarish, biznesni, shu jumladan, tadbirkorlikning turli yoʻnalishlariga oid investitsiya loyihalarini tahlil qilish, ekspertizadan oʻtkazish va moliyalashtirish sohasida yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirishni tashkil etadi;
xalqaro va xorijiy tashkilotlarda Jamgʻarma manfaatlarini ifodalaydi;
Jamgʻarma nomidan mehnat, xoʻjalik, kredit shartnomalarini va boshqa shartnomalarni, shu jumladan, kafillik va kompensatsiyalar taqdim etish hamda vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarida depozitga joylashtirish toʻgʻrisidagi shartnomalarni imzolaydi;
bajarilgan ishlar hamda kelgusi chorak uchun ish rejalari toʻgʻrisida har chorakda Agentlik va Kengash oldida hisob beradi.
Jamgʻarma Ijrochi direktori oʻrinbosarini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod qilish Ijrochi direktorning taqdimnomasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri bilan kelishgan holda Agentlik direktori tomonidan amalga oshiriladi.
Jamgʻarma tarkibiy tuzilmalarining rahbarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod qilish Agentlik bilan kelishgan holda Ijrochi direktor tomonidan amalga oshiriladi.
18. Ijro etuvchi direksiyaning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
Jamgʻarma mablagʻlaridan toʻgʻri va samarali foydalanish yuzasidan javobgarlik jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasiga yuklanadi.
19. Xodimlarni ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Jamgʻarma budjetdan tashqari mablagʻlarining sarflanishi boʻyicha nizom ishlab chiqadi va u toʻgʻrisidagi nizom Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
20. Ijro etuvchi direksiyaning xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligining markaziy apparati xodimlariga belgilangan mehnatga haq toʻlash va ragʻbatlantirish shartlari joriy etiladi.
21. Jamgʻarma xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haq va ustamalar, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish mablagʻlaridan iborat boʻladi.
22. Xizmat vazifalarini bajarishda foydalanish uchun Jamgʻarmaga 1 dona shaxsan biriktirilgan hamda 1 dona navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratiladi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
23. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiradi va uning hisobi belgilangan tartibda Davlat budjetining gʻazna ijrosi orqali amalga oshiriladi.
24. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-avgustdagi PQ-3225-son qaroriga 1-ilovada koʻrsatilgan tashkilotlarning badallari hisobiga shakllantiriladigan boshlangʻich badal;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining ushbu maqsadlar uchun har yilgi tasdiqlanadigan ajratmalar doirasidagi mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki har yilgi sof foydasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga yoʻnaltiriladigan bir qismi;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan kreditlari (qarzlari) va grantlari;
Jamgʻarmaning, shu jumladan, vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklariga depozitlarga joylashtirish, kafilliklar berishdan tushadigan daromadlari, shuningdek, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)
26. Xorijiy valyutadagi mablagʻlar Jamgʻarmaning chet el valyutasidagi Yagona gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkaziladi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)
27. Jamgʻarma mablagʻlaridan:
qarz oluvchilarning kreditlari boʻyicha taqdim etilgan kafilliklar bilan bogʻliq toʻlovlarni tijorat banklariga toʻlash;
tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foizli xarajatlarning bir qismini qoplash;
kredit qaytarilmasligini sugʻurtalashning barcha shartnomalari, jumladan, moliyaviy yil davomida “Kafolat sugʻurta kompaniyasi” AJni oʻz kapitalining 10 foizi miqdorida garov taʼminoti, kafillik va kafolat bilan (kreditlar va lizing operatsiyalari boʻyicha tadbirkorlik tavakkalchiligini sugʻurtalash) qoplanmagan sugʻurta qoplamasi umumiy hajmi oshib ketganida “Kafolat sugʻurta kompaniyasi” AJning yoʻqotishlarini qoplab berish;
Jamgʻarma faoliyatini moddiy-texnik taʼminlash, asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni xarid qilish, Kengash tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq operatsion xarajatlarni, shu jumladan, mehnatga haq toʻlash va mehnatga haq toʻlashga tenglashtirilgan toʻlovlarni hamda ragʻbatlantiruvchi tusdagi toʻlovlarni toʻlash xarajatlarini amalga oshirish uchun foydalaniladi.
Ushbu bandda qayd etilgan maqsadlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan Jamgʻarma mablagʻlaridan qatʼiy belgilangan yoʻnalishlarda foydalaniladi.
28. Jamgʻarma kafilligi va kompensatsiyalari faqat yangi ajratiladigan kreditlar uchun beriladi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida oldin ajratilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiyalar berilishi bundan mustasno.
Oldin ajratilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiyalar berish toʻgʻrisida qarz oluvchilarning murojaatlari tijorat banklari tomonidan keyinchalik Jamgʻarmaga yuborish uchun qabul qilinadi.
5-bob. Aholini ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari kreditlarini ajratishda Jamgʻarma kafilligi berilishini koʻrib chiqishning shartlari va tartiboti
29. Loyiha tashabbuskorlarining Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Agentlik va Jamgʻarma tomonidan belgilangan mezonlarga mosligi, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtganligi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari ajratadigan kreditlar boʻyicha Jamgʻarma kafilligini berish sharti hisoblanadi.
30. Tijorat banklari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kreditlar ajratishda Jamgʻarma kafilligini kredit summasining 50 foizigacha (shu jumladan 50 foizi), ammo bazaviy hisob qiymatining 100 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdorda qabul qiladi.
31. Loyiha tashabbuskori kreditni qaytarganda va kredit boʻyicha oʻz majburiyatlarini imkon qadar kamaytirganda, birinchi navbatda, kredit boʻyicha qaytarilgan summaga mutanosib ravishda Jamgʻarma kafilligi taʼminlanishidan ozod etiladi. Bunda loyiha tashabbuskori tomonidan ajratilgan kredit boʻyicha taʼminlash sifatida taqdim etilgan mulk faqat Jamgʻarma kafilligi toʻliq qoplanganidan soʻng garovdan ozod etiladi.
32. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun tijorat banklari ajratadigan kreditlar boʻyicha Jamgʻarma kafilligini berish xizmatlari bepul hisoblanadi.
33. Loyiha tashabbuskori loyihani moliyalashtirishga kredit olish uchun tijorat bankining filialiga ariza bilan murojaat qiladi, unda quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Jamgʻarma kafilligini olish istagini bildiradi:
qarz oluvchining bank hisobvaragʻiga pul mablagʻlari tushish prognozi (amalga oshiriladigan loyiha boʻyicha pul oqimi) koʻrsatilgan biznes-reja;
kredit boʻyicha taʼminlash sifatida taqdim etiladigan garov toʻgʻrisidagi maʼlumot.
34. Tijorat bankining filiali ariza va hujjatlarning toʻliq turkumini olgandan soʻng ikki kun ichida:
loyiha tashabbuskorining belgilangan mezonlarga muvofiqligini, shuningdek, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtganligini aniqlaydi;
taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligini tekshiradi. Hujjatlarning toʻliq boʻlmagan turkumi taqdim etilganda bank filiali bir kun muddatda tegishli axborot (hujjat)ni soʻrab oladi;
taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi, qonunchilik va ichki kredit siyosatida belgilangan tartibotga muvofiq loyihaning moliyaviy-iqtisodiy samaradorligini baholaydi.
35. Quyidagi hollarda:
kredit ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda bank filiali Jamgʻarma kafilligini olish uchun buyurtmani ilova qilgan holda oʻz xulosasini tijorat bankiga yuboradi va bu haqda loyiha tashabbuskorini xabardor qiladi;
kredit ajratish rad etilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda — bank filiali rad etishning asosli sabablarini koʻrsatgan holda loyiha tashabbuskoriga yozma javob yuboradi.
36. Tijorat banki filialdan hujjatlarni olgandan soʻng bir kun mobaynida:
olingan hujjatlarni koʻrib chiqadi;
Jamgʻarma tomonidan belgilangan tartibda buyurtmani tayyorlaydi;
ajratiladigan kreditlar boʻyicha loyiha tashabbuskoriga kafillik berish toʻgʻrisida Jamgʻarmaga buyurtmani yuboradi.
Buyurtmada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va haqqoniyligi uchun tijorat bankining imzo qoʻygan mansabdor shaxsi javob beradi.
37. Buyurtma qabul qilingandan soʻng Jamgʻarma ikki kun mobaynida:
buyurtmani koʻrib chiqadi va uni ushbu Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan tekshiradi;
qabul qilingan qaror toʻgʻrisida tijorat bankini xabardor qiladi.
38. Kafillik olish uchun talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda Jamgʻarma xabarnomada rad etishning asosli sabablarini koʻrsatadi.
39. Buyurtma maʼqullanganligi toʻgʻrisida xabarnoma olingandan soʻng tijorat banki bir kun mobaynida bank filiali tomonidan:
loyiha tashabbuskori bilan kredit shartnomasi;
Jamgʻarma va loyiha tashabbuskori bilan kafillik shartnomasi tuzilishini taʼminlaydi.
Kafillik shartnomasi elektron raqamli imzo bilan imzolangan boʻlishi mumkin.
40. Jamgʻarmaning berilgan kafillik boʻyicha tijorat banki oldidagi majburiyatlari kafillik shartnomasi barcha tomonlari tomonidan imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi.
41. Jamgʻarmaning berilgan kafilliklar boʻyicha tijorat banki oldidagi majburiyatlari quyidagi holatlarda toʻxtatiladi:
kredit boʻyicha asosiy qarz kafillik summasi miqdorida toʻliq qaytarilganda;
Jamgʻarma tomonidan kafillik boʻyicha toʻlovlar amalga oshirilganda;
Jamgʻarmaning yozma ravishdagi ruxsatisiz kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlardagi shaxslar oʻzgarganda.
Jamgʻarmaning kafilliklar boʻyicha majburiyatlari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ham toʻxtatilishi mumkin.
6-bob. Kompensatsiyani berish, toʻxtatib turish, toʻxtatish va qayta tiklash tartibi
42. Jamgʻarma ushbu Nizomga ilovada nazarda tutilgan tartibda kompensatsiyalar beradi.
43. Tijorat banklari kompensatsiyalarni oluvchi hisoblanadi.
44. Kredit stavkalari, muddatlari va boshqa parametrlari oʻzgargan taqdirda kompensatsiyalarning stavkasi va summasi oʻzgarmasdan, kompensatsiya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanada qayd etilgan darajada qoladi.
45. Jamgʻarma joriy kreditlar yoki budjetga toʻlovlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlgan qarz oluvchilarning loyihalari boʻyicha kompensatsiya bermaydi.
46. Kredit berilishi uchun zarur boʻlgan qonun hujjatlari va tijorat bankining kredit siyosatida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan holda qarz oluvchining tijorat banki filialiga murojaat qilishi kompensatsiya tashabbusiga asos hisoblanadi.
47. Kredit berishning imkoniyati toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqqandan soʻng tijorat bankining filiali qaror qabul qilingan sanadan boshlab ikki kun mobaynida:
kredit ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilsa — kompensatsiya berish toʻgʻrisidagi buyurtmani ilova qilgan holda oʻz xulosasini tijorat bankiga taqdim etadi va bu haqda qarz oluvchini xabardor qiladi;
kredit ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsa — rad etishning asosli sabablarini koʻrsatgan holda qarz oluvchiga yozma javob yuboradi.
48. Tijorat banki filialdan hujjatlar olingandan soʻng bir kun mobaynida:
olingan hujjatlarni koʻrib chiqadi;
Jamgʻarma tomonidan belgilangan shaklga koʻra buyurtmani tayyorlaydi;
qarz oluvchiga kompensatsiya berilishi uchun Jamgʻarmaga buyurtmani yuboradi.
Buyurtma elektron raqamli imzo orqali imzolanishi mumkin.
Buyurtmada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va haqqoniyligi uchun tijorat bankining uni imzolagan mansabdor shaxsi javob beradi.
49. Ijro etuvchi direksiya buyurtma Jamgʻarmaga tushgan sanadan boshlab uch kun mobaynida uni koʻrib chiqadi va kompensatsiya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
50. Jamgʻarma bir kun mobaynida tijorat bankini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida (rad etilganda taqdirda — asosli sabablar koʻrsatilgan holda) keyinchalik bank filiali va qarz oluvchini boxabar qilishi uchun xabardor qiladi.
51. Kompensatsiya berilgani toʻgʻrisida bildirishnomani olgan tijorat banki ikki kun mobaynida:
kompensatsiya berilgani toʻgʻrisida bank filialini xabardor qiladi;
Jamgʻarma va qarz oluvchi bilan kompensatsiya berilishi toʻgʻrisida shartnomani imzolaydi.
Kompensatsiya berilishi toʻgʻrisidagi shartnoma elektron raqamli imzo orqali imzolanishi mumkin.
52. Tijorat bankining filiali kompensatsiya berilishi toʻgʻrisidagi bildirishnomani olgandan soʻng uch kun mobaynida qarz oluvchi bilan kredit shartnomasini imzolaydi.
53. Kompensatsiya berilishi rad etilgani toʻgʻrisidagi bildirishnomani olgan tijorat banki bir kun mobaynida bu haqda bank filiali va qarz oluvchini xabardor qiladi.
54. Har bir oy uchun kompensatsiya Jamgʻarma tomonidan oy yakunlangandan soʻng 20 kun mobaynida, tijorat banki tomonidan Jamgʻarmaga oy yakunlangandan soʻng 15 kun mobaynida taqdim etiladigan kompensatsiya reyestri asosida toʻlanadi.
55. Tijorat banki kompensatsiya berilishi toʻgʻrisidagi shartnoma amal qiladigan har bir kreditning qoldiqlari boʻyicha hisoblangan foizlardan kelib chiqqan holda kompensatsiya reyestrini tuzadi.
56. Tijorat banklari kompensatsiya reyestrining haqqoniyligi va toʻliqligi, shuningdek, Jamgʻarmaga oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javob beradi.
57. Tijorat banklari belgilangan tartibda:
mazkur Nizom doirasida ajratilgan kreditlarni muddati va qarz oluvchilarning turi boʻyicha alohida balans hisobvaraqlarda;
kompensatsiya shartnomalariga asosan hisoblangan Jamgʻarma tomonidan kompensatsiya qilinadigan foizlarni alohida balans hisobvaraqlarda hisobini yuritadi.
58. Xorijiy valyutadagi kreditlar boʻyicha kompensatsiyalarni toʻlash milliy valyutada, kompensatsiya toʻlovi amalga oshiriladigan oydan keyingi oyning birinchi kunidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
59. Jamgʻarma kompensatsiyasi bankning bildirishnomasi asosida bir paytning oʻzida bir qancha kredit shartnomalari boʻyicha asosiy bankning 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” tranzit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
60. 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” tranzit hisob-varagʻiga tushgan mablagʻlar bankning 16300 — “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi subsidiyalari hisobiga qoplanadigan hisoblangan foizlarni olish” hisobvaragʻiga avtomatik ravishda oʻtkaziladi.
61. Qarz oluvchilar kreditni muddati oʻtganidan soʻng qaytargan holatlarda ajratiladigan kompensatsiya summasi tasdiqlangan qaytarish jadvalida qayd etilgan summadan oshmasligi lozim.
62. Jamgʻarma kompensatsiya berishni:
kompensatsiya berish toʻgʻrisidagi shartnoma amal qiladigan kreditdan boshqa maqsadda foydalanilganda;
qarz oluvchi tomonidan kredit boʻyicha asosiy qarzning tegishli qismi kredit shartnomasi boʻyicha toʻlovlar jadvaliga muvofiq majburiyatlar yuzaga keladigan sanadan boshlab 90 kun mobaynida qaytarilmaganda;
qarz oluvchi va/yoki tijorat bankining buyurtmasida ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlanganda toʻxtatib turadi.
Tijorat banki ushbu bandda nazarda tutilgan holatlarni aniqlash maqsadida qarz oluvchining faoliyati yuzasidan, shu jumladan, joyiga chiqib monitoring olib boradi va ular aniqlanganda bu toʻgʻrida Jamgʻarmani uch kun mobaynida xabardor qiladi.
63. Jamgʻarma kompensatsiya berishni toʻxtatib turish uchun asos boʻladigan holat aniqlangani toʻgʻrisida tijorat bankining bildirishnomasini olgandan soʻng uch kun mobaynida kompensatsiya berishni toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu toʻgʻrisida tijorat bankini xabardor qiladi.
64. Kompensatsiya berishni toʻxtatib turish uchun asos boʻladigan sabablar bartaraf etilgach, kompensatsiya berish qayta tiklanishi mumkin.
65. Jamgʻarma:
qarz oluvchi kredit shartnomasi boʻyicha kreditni toʻliq qaytarsa;
kredit shartnomasining amal qilishi toʻxtatilsa;
kompensatsiya berish toʻgʻrisidagi shartnomaning amal qilishi toʻxtatilsa kompensatsiya berishni toʻxtatadi.
Jamgʻarma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ham kompensatsiya berishni toʻxtatishi mumkin.
66. Kompensatsiya berish toʻxtatilgan yoki kompensatsiya berish toʻgʻrisidagi shartnoma muddatidan oldin bekor qilingan holatlarda:
bu qarz oluvchining aybi bilan sodir boʻlsa — qarz oluvchi kredit boʻyicha foizlarni toʻliq toʻlaydi;
bu bankning aybi bilan sodir boʻlsa — bank kompensatsiyani oʻz mablagʻlari hisobiga toʻlaydi.
7-bob. Tijorat banklarining kreditlari boʻyicha kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga Jamgʻarmaning kafilligi berilishini koʻrib chiqish shartlari va tartibi
67. Jamgʻarma ushbu Nizomga ilovada nazarda tutilgan kafilliklarni beradi.
68. Jamgʻarma faqat:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtgan va faoliyatini amalga oshirayotgan;
tugatilish bosqichida boʻlmagan;
joriy kredit va budjetga toʻlovlar boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzdorligi boʻlmagan;
ularga nisbatan bankrotlik tartiboti qoʻzgʻatilmagan;
ushbu Nizomda belgilangan boshqa talablarga rioya qiladigan qarz oluvchilarga kafillik beradi.
69. Qonun hujjatlarida va tijorat bankining kredit siyosatida nazarda tutilgan kredit berish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni ilova qilgan holda qarz oluvchining tijorat banki filialiga murojaat qilishi kafillik tashabbusi bilan chiqish uchun asos hisoblanadi.
70. Kredit berish imkoniyati toʻgʻrisida masala koʻrib chiqilgandan keyin tijorat bankining filiali qaror qabul qilingan sanadan boshlab ikki kun mobaynida:
kredit ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa — kafillik olishga buyurtmani ilova qilgan holda oʻz xulosasini tijorat bankiga taqdim etadi va bu haqda qarz oluvchini xabardor qiladi;
kredit ajratish rad etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinsa — rad etishning asosli sabablarini koʻrsatgan holda qarz oluvchiga yozma javob yuboradi.
71. Tijorat banki filialdan hujjatlar olinganidan keyin bir kun mobaynida:
olingan hujjatlarni koʻrib chiqadi;
Jamgʻarma tomonidan belgilangan shaklga muvofiq buyurtma tayyorlaydi;
qarz oluvchiga kafillik berilishi uchun Jamgʻarmaga buyurtma yuboradi.
Buyurtma elektron raqamli imzo orqali imzolanishi mumkin.
Buyurtmada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va haqqoniyligi uchun tijorat bankining uni imzolagan mansabdor shaxsi javob beradi.
72. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi buyurtma Jamgʻarmaga tushgan sanadan boshlab uch kun mobaynida uni koʻrib chiqadi va kafillik berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
73. Jamgʻarma bir ish kuni mobaynida tijorat bankini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida (rad etilganda taqdirda — asosli sabablar koʻrsatilgan holda) keyinchalik bank filiali va qarz oluvchini boxabar qilishi uchun xabardor qiladi.
74. Kafillik berilgani toʻgʻrisida bildirishnoma olinganda tijorat banki ikki kun mobaynida:
kafillik berilgani toʻgʻrisida bank filialini xabardor qiladi;
Jamgʻarma va qarz oluvchi bilan kafillik berilishi toʻgʻrisida shartnomani imzolaydi.
Kafillik berilishi toʻgʻrisidagi shartnomani elektron raqamli imzo orqali imzolash mumkin.
75. Kafillik berilganligi uchun Jamgʻarma qarz oluvchidan milliy valyutada kafillik summasining bir foizi miqdorida bir martalik vositachilik haqini undiradi.
Jamgʻarmaning kafillik boʻyicha majburiyatlari vositachilik haqi toʻliq toʻlangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
76. Kafillik boʻyicha majburiyatlar quyidagi holatlarda toʻxtatiladi:
kredit boʻyicha asosiy qarzning kafillik bilan taʼminlangan qismining toʻlanishi;
Jamgʻarma tomonidan kafillik boʻyicha toʻlovning amalga oshirilishi;
Jamgʻarmaning yozma ruxsatisiz kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarda shaxslarning almashtirilishi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
77. Jamgʻarma kafillik portfelining qisman yoki toʻliq hajmi uchun sugʻurta qoplamasini jalb etish huquqiga ega. Bunda sugʻurta qoplamasi boʻyicha sarf-xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
78. Kredit qaytarilmasligini sugʻurta qilishning barcha shartnomalari boʻyicha sugʻurta qoplamasining umumiy hajmi (kreditlar va lizing operatsiyalari boʻyicha tadbirkorlik tavakkalchiligini sugʻurta qilish) moliyaviy yilda “Kafolat” sugʻurta kompaniyasi AJ oʻz kapitalining 10 foizidan ortiq boʻlgan taqdirda kompaniyaning oʻz kapitalining 10 foizidan ortiq summadagi yoʻqotishlari Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga kompensatsiya qilinadi.
8-bob. Berilgan kafillik boʻyicha majburiyatlarning Jamgʻarma tomonidan ijro etilishi tartibi
79. Qarz oluvchi kreditni qaytarganda va kredit boʻyicha oʻz majburiyatlarini imkon qadar kamaytirganda, birinchi navbatda, kredit boʻyicha qaytarilgan summaga mutanosib ravishda Jamgʻarma kafilligi taʼminlanishidan ozod etiladi. Bunda qarz oluvchi tomonidan ajratilgan kredit boʻyicha taʼminlash sifatida taqdim etilgan mol-mulk faqat Jamgʻarma kafilligi toʻliq qoplanganidan soʻng garovdan ozod etiladi.
80. Tijorat banki berilgan kredit boʻyicha toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilishi boʻyicha majburiyatlar ijrosi yuzasidan qarz oluvchi faoliyatining, shu jumladan, joyiga chiqib monitoringini olib boradi.
81. Qarz oluvchi berilgan kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarmasa yoki tegishli ravishda bajarmasa, bajarilmagan yoki tegishli ravishda bajarilmagan sanadan boshlab oʻn kun mobaynida bank qonun hujjatlarida belgilangan tartibda unga yozma talablar qoʻyadi.
82. Qarz oluvchi kredit shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan sanadan (tegishli ravishda bajarmaganda) boshlab bank 90 kalendar kun mobaynida qarz oluvchidan kredit boʻyicha asosiy qarzning qaytarilmagan summasini olish, undan foizlarni undirish va kredit shartnomasida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishi uchun, jumladan:
qarz oluvchining hisob raqamidagi mablagʻlarni uning ruxsatisiz olib qoʻyish;
undiruvni garov predmetiga qaratish va taʼminlashga talablar qoʻyish (Jamgʻarma kafilligi bundan mustasno) yoʻli bilan barcha oqilona va yuzaga kelgan vaziyatda mumkin boʻlgan choralarni koʻrishga majbur.
Muddatlar tugagach va ushbu bandda nazarda tutilgan barcha zarur tartibotlar bajarilgandan soʻng, agar kredit shartnomasida belgilangan tartibda bank oldidagi qarz summasi qaytarilmasa, bank Jamgʻarmaga quyidagilar qayd etilgan talablarni qoʻyadi:
kafillik shartnomasi rekvizitlari (shartnoma tuzilgan sana, raqami, bank va Jamgʻarma kafil boʻlgan qarz oluvchining nomi);
kafillik shartnomasi bilan taʼminlanadigan kredit shartnomasi rekvizitlari (shartnoma tuzilgan sana, raqami va boshqalar);
kredit boʻyicha asosiy qarz va hisoblangan foizlar summasiga boʻlingan talablar hajmi;
qarz oluvchining shartnoma boʻyicha bajarilmagan majburiyatlari hajmi boʻyicha javobgarlikning haqiqiy hajmidan kelib chiqqan holda Jamgʻarmaning kafillik shartnomasi boʻyicha moliyaviy javobgarlik hajmi hisob-kitobi;
toʻlov rekvizitlari koʻrsatilgan Jamgʻarma tomonidan toʻlanadigan mablagʻlar oʻtkazilishi kerak boʻlgan bank hisobvaragʻi;
bank talablarini qanoatlantirish muddatlari.
83. Talab (eʼtiroz) tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan imzolanishi va bank muhrining bosma izi bilan tasdiqlanishi kerak.
84. Ushbu talabga quyidagilar ilova qilinadi:
talabni (eʼtirozni) imzolaydigan shaxsning vakolatini tasdiqlaydigan hujjat nusxasi;
qarz oluvchining qarzdorligi hisob-kitobi va Jamgʻarma javobgarligining hisob-kitobi;
qarz oluvchining bank oldidagi qarzdorligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
bankning qarz oluvchiga yoʻllagan talabining (eʼtirozining) nusxasi;
tijorat banki ushbu Nizomda qayd etilgan qarz oluvchiga nisbatan choralar koʻrgani va tegishli ishlarni amalga oshirganligini tasdiqlaydigan hujjatlar nusxalari bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
Bankning Jamgʻarmaga nisbatan talabi (eʼtirozi) qayd etilgan barcha hujjatlar tijorat bankining vakolatli vakili tomonidan tasdiqlanib, bank muhrining bosma izi bilan mustahkamlanishi lozim.
85. Taqdim etilgan talab Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi tomonidan berilgan kafilikka va ilova qilingan hujjatlarga muvofiqligi boʻyicha koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish kafillik shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
86. Jamgʻarma quyidagi holatlarda tijorat bankiga kafillik summasini toʻlash haqidagi talabni bajarishni rad etish huquqiga ega:
talablar va ilova qilingan hujjatlar kafillik shartnomasi shartlariga muvofiq emasligi;
u boʻyicha Jamgʻarmaning kafillik shartnomasi tuzilgan kreditdan maqsadli foydalanish ustidan belgilangan tartibda tegishli nazorat amalga oshirilmasligi.
Eʼtirozlar bildirilgan taqdirda, Jamgʻarma bankdan talab tushgan sanadan boshlab uch kun mobaynida tijorat bankiga mavjud barcha eʼtirozlar koʻrsatilgan xatni yuboradi.
87. Jamgʻarma eʼtirozlar bildirilmaganda tijorat banki tomonidan koʻrsatilgan hisobvaragʻiga pul mablagʻlarini oʻtkazishi shart. Jamgʻarma tijorat bankining talablari asosida va kafillik shartnomasiga muvofiq tijorat bankiga kreditning toʻlanmagan qismi boʻyicha kafillik shartnomasida koʻrsatilgan majburiyatlar summasidan oshmaydigan miqdorda toʻlovni amalga oshiradi.
88. Jamgʻarma majburiyatlari Jamgʻarma tomonidan tijorat bankiga pul mablagʻlari oʻtkazilgan paytdan ijro etilgan hisoblanadi.
89. Kafillik boʻyicha toʻlovlarni toʻlagandan soʻng Jamgʻarma tijorat banki bilan birgalikda xarajatlar qarz oluvchining boshqa likvid mulki hisobiga, shu jumladan, sudga murojaat qilish orqali qoplanishini regress tartibida talab qilish huquqiga ega boʻladi.
9-bob. Jamgʻarma tomonidan moliyaviy koʻmak berilishida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish
90. Jamgʻarma zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tadbirkor” axborot tizimidan foydalanish huquqiga ega:
elektron raqamli imzodan foydalangan holda kafillik, shuningdek, tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar berish toʻgʻrisida elektron shartnomalar tuzish;
tijorat banklari va ularning mijozlariga Jamgʻarmaning rasmiy veb-sayti orqali real vaqt rejimida kredit buyurtmalarining koʻrib chiqilishi va bajarilishi holatini kuzatib borish imkonini berish.
10-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishini hisobga olish, hisobot berish va nazorat qilish
91. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Jamgʻarmaga mablagʻlar tushishi va ularning sarflanishini hisobga oladi hamda ular boʻyicha hisobot tuzadi.
92. Tijorat banklari har oyning 15-kunidan kechiktirmay Jamgʻarmaga uning mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etadi.
93. Ijro etuvchi direksiya Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilgani toʻgʻrisida har chorakda — tasdiqlash uchun Kengashga hisobot taqdim etadi.
94. Ijro etuvchi direksiya 1-fevralgacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga moliyaviy hisobot yili uchun qarz oluvchilar boʻyicha kafilliklar yuzasidan amalda toʻlangan kompensatsiyalar va toʻlovlar toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
95. Ijro etuvchi direksiya, tijorat banklari va davlat moliyaviy nazorati organlari qarz oluvchilar tomonidan kafilliklar boʻyicha kompensatsiyalar berilishi va toʻlovlar toʻlanishining ushbu Nizomda belgilangan shartlari, maqsadlari hamda tartibiga rioya etilishini tekshiradi.
96. Qarz oluvchi toʻgʻrisidagi axborotni olish va tekshirish uchun Jamgʻarma qarz oluvchining kredit tarixi haqida axborotni soʻrab olishga yoki kredit byurosi, tijorat banklari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining axborot tizmlariga ulanish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasidan budjetga toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik haqida axborot soʻrash huquqiga ega.
97. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti yilda kamida bir marta Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini belgilangan tartibda tekshiradi.
98. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki har chorakda kamida bir marta berilgan kafilliklar yuzasidan kompensatsiyalar va toʻlovlar miqdorini aniqlashda amalga oshirilgan hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligini joyida oʻrganadi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
99. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
100. Ushbu Nizomni amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, shu jumladan, sud tartibida hal etiladi.
101. Jamgʻarmani qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisida nizomga
ILOVA
ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan koʻrsatiladigan moliyaviy yordam shakllari
1. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 50 foizigacha (50 foizi ham shu jumlaga kiradi), biroq bazaviy hisob-kitob miqdorining 100 baravaridan ortiq boʻlmagan tijorat banklari kreditlari boʻyicha kafillik berish.
2. Tijorat banklarining kreditlari boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham shu jumlaga kiradi) miqdorda kafillik berish, biroq 8 milliard soʻmdan ortiq emas.
3. Tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foizli xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiya berish, shu jumladan:
a) summasi 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foizli stavka bilan qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq boʻlgan, biroq 5 foizli punktdan ortiq boʻlmagan qismi boʻyicha milliy valyutada;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 17-martdagi PQ-2844-son qaroriga 2-ilovadagi roʻyxatda koʻrsatilgan chekka va togʻli tumanlarda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PF-5386-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshiriladigan summasi 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan loyihalar uchun — 8 foizli punkt miqdorida qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravari miqdoridan ortiq boʻlmagan foizli stavka bilan milliy valyutada;
v) summasi 10 milliard soʻmga teng miqdordan oshmaydigan xorijiy valyutada — tijorat banklari tomonidan belgilangan foizli stavkaning 30 foizgacha miqdorda, biroq 3 foizli punktdan ortiq emas;
g) xorijiy valyutada — issiqxonalar qurish, intensiv bogʻlar yaratish va sovutgichlar qurish uchun 2017-yil 5-sentabrgacha xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari hisobiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ajratilgan valyuta kreditlari boʻyicha — belgilangan foizli stavkaning 50 foizi miqdorida;
d) fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga, “Tomorqa xizmati” MChJlar hamda qishloq xoʻjaligi kooperativlariga Fermer, dehqon xoʻjaligi va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasida ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining 50 foizi miqdorida.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyundagi PQ-4767-sonli qaroriga asosan “d” kichik bandi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2020-y., 07/20/4767/1009-son)
Izoh. Kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan bosh bitimlar asosida vakolatli tijorat banklari orqali milliy va xorijiy valyutada amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 28-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-sentabrdagi 704-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 9-son, 199-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2018-yil 15-yanvardagi 26-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 1-son, 11-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-sentabrdagi 704-son qarorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 6-apreldagi 273-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 4-son, 85-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 10-avgustdagi 644-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 8-son, 204-modda).
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/28/0059-son, 01.07.2020-y., 07/20/4767/1009-son, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)