O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ELEKTR VA ISSIQLIK ENERGIYASIDAN FOYDALANISh QOIDALARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-sonli “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2004-yil 1-noyabrdagi 511-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi:
bir oy muddatda ko‘rsatib o‘tilgan qoidalarni vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari bo‘yicha barcha elektr va issiqlik energiyasi foydalanuvchilariga, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlariga yetkazsinlar, shuningdek aholini belgilangan tartibda xabardor qilsinlar;
“O‘zteleradio” kompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalari mazmunini ommaviy axborot vositalarida keng yoritsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 27-yanvar,
32-son
Vazirlar Mahkamasining
2005-yil 27-yanvardagi 32-son qaroriga
1-ILOVA
2005-yil 27-yanvardagi 32-son qaroriga
1-ILOVA
Elektr energiyasidan foydalanish
QOIDALARI
QOIDALARI
I. Asosiy tushunchalar va atamalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar va atamalardan foydalanilgan:
elektr energiyasini qabul qiluvchi — elektr energiyasini qabul qilib olish va undan foydalanish uchun mo‘ljallangan qurilma yoki uskuna;
energiya qurilmasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish, o‘zgartirish, transformatsiya qilish, uzatish, taqsimlash hamda uni energiyaning boshqa turiga aylantirish uchun mo‘ljallangan mashinalar, apparatlar, elektr uzatish liniyalari va yordamchi uskunalar (ular o‘rnatilgan inshootlar va binolar bilan birga);
energiya ta’minoti tashkiloti — energiyani shartnoma bo‘yicha sotish va taqsimlash huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxs;
energiya ta’minoti tashkiloti abonenti — energiya ta’minoti tashkiloti tarmoqlariga bevosita ulangan va u bilan elektr tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasiga ega bo‘lgan iste’molchi, uning elektr energiyasidan foydalanish huquqi energiya ta’minoti tashkilotining iste’molchi yoki uning yuqori tashkiloti bilan shartnomasida kelishilgan bo‘ladi. Maishiy iste’molchilar uchun — kvartira, imorat yoki shaxsiy mulk bo‘lgan imoratlarning hududiy birlashgan guruhi;
energiya ta’minoti tashkilotining subabonenti — energiya ta’minoti tashkilotining roziligi bilan abonentning elektr tarmoqlariga bevosita ulangan va abonent bilan elektr energiyasidan foydalanish yuzasidan shartnomaga ega bo‘lgan iste’molchi. Energiya subabonentga berilganda abonent energiya ta’minoti tashkiloti oldida Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha javobgar hisoblanadi;
elektr tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasi — elektr tarmog‘ining balans bo‘yicha mansubligi bilan aniqlanadigan energiya ta’minoti tashkiloti va abonent o‘rtasidagi elektr tarmog‘ining bo‘linish nuqtasi;
hisobga olish nuqtasi — elektr bilan ta’minlash sxemasi nuqtasi, unda o‘lchash asbobi (hisob-kitob hisoblagichi, hisobga olish tizimi va shu kabilar) yordamida yoki boshqacha usulda elektr energiyasi sarfi miqdori aniqlanadi;
hisobga olishni nazorat qilish pribori — nazorat qilish uchun foydalaniladigan hisobga olish pribori, uning ko‘rsatkichlari asosida tarmoqning mazkur nuqtasidagi elektr energiyasi sarfi aniqlanadi;
elektr energiyasi va quvvatini hisobga olish pribori — hisobga olish (shu jumladan aktiv elektr quvvatini hisobga olish) priborlari, shuningdek jamlovchi qurilmalar va hisobga olishning avtomatik tizimlari, ular Elektr qurilmalarini o‘rnatish qoidalariga hamda Yoqilg‘i va energiyani hisobga olish priborlari bilan jihozlash, ulardan foydalanishni tashkil qilish qoidalariga muvofiq o‘rnatiladi;
iste’molchining ulangan quvvati — iste’molchining energiyani ishchi kuchlanishga (bevosita tok qabul qiluvchilarga beriladigan kuchlanishga) aylantiruvchi transformatorlarining va 1000 Volt (V)dan ortiq kuchlanishli elektr dvigatellarining elektr tarmoqlariga ulangan jami quvvati. Iste’molchilarning elektr qurilmalariga energiya transformatorlardan yoki energiya ta’minoti tashkilotining kam voltli tarmoqlaridan berilganda iste’molchining ulangan quvvati uchun foydalanishga ruxsat etilgan quvvat qabul qilinadi, uning miqdori energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan belgilanadi hamda elektr energiyasi berish va undan foydalanish shartnomasida ko‘rsatiladi;
avvaldan buyurtma berilgan quvvat — iste’molchining energiya tizimining eng katta yuklamasida qatnashuvchi hisoblangan eng katta quvvati (yuklamasi). Iste’molchining eng katta yuklamasi tegishli hisobga olish asboblari (hisob-kitob hisoblagichlarining yarim soatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha) yoki energiya tizimining eng katta yuklamali soatlarida hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi ko‘rsatkichlari bilan aniqlanadi;
hisob-kitob davri — elektr energiyasining iste’mol sarfi (hajmi) aniqlanishi, iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun iste’molchi va energiya ta’minoti tashkiloti o‘rtasida o‘zaro hisob-kitob qilinishi kerak bo‘lgan vaqt davri (oy). Tomonlar bilan kelishilgan hisob-kitob davri shartnomada ko‘rsatiladi;
oraliq hisob-kitob — hisob-kitob davri mobaynida iste’mol qilingan energiya va quvvat uchun to‘lovchi abonent tomonidan qisman haq to‘lash;
yakuniy hisob-kitob — hisob-kitob davri tugagach iste’mol qilingan energiya va quvvat uchun to‘lovchi abonent bilan hisob-kitob qilish;
to‘lov hujjati — to‘lov talabnomasi, uning asosida energiya ta’minoti tashkilotining hisob-kitob raqamiga pul mablag‘lari o‘tkaziladi, shuningdek bildirishnoma, uning bo‘yicha to‘lov naqd pul bilan amalga oshiriladi;
elektr energiyasi iste’molining shartnomaviy miqdori — tegishli hisob-kitob davrida abonent tomonidan iste’mol qilinadigan energiyaning energiya ta’minoti tashkiloti va abonent o‘rtasidagi shartnomada belgilangan miqdori;
elektr bilan ta’minlashdagi tanaffus (uzib qo‘yish) — iste’molchiga elektr energiyasi berishni to‘xtatish, avtomatik qurilmalarning muvaffaqiyatli ishlashi tufayli yoki iste’mol qilishning cheklanishiga olib kelmaydigan, bir vaqtning o‘zida bir nechta liniyalar bo‘yicha energiya oluvchi iste’molchilar uchun bitta yoki bir nechta energiya ta’minoti liniyalarining uzib qo‘yilishi tufayli sodir bo‘ladigan tanaffuslar bundan mustasno;
cheklash — shartnomada nazarda tutilgan tadbirlarning qo‘llanishi oqibatida muayyan oraliq vaqt davomida, shuningdek energiya ta’minoti tashkilotining elektr tarmoqlarida fors-major holatlar tufayli paydo bo‘lgan avariya rejimlari vaqtida iste’molchiga elektr energiyasi va (yoki) quvvati berish miqdorining kamayishi;
yetarli miqdorda berilmagan elektr energiyasi (kam berish) — energiya ta’minotidagi tanaffus, shu jumladan uzib qo‘yish va cheklash vaqtida iste’molchi to‘liq olmagan elektr energiyasi miqdori;
elektr energiyasi sifati — bu elektr energiyasining taqsimlanish chegarasida energiya ko‘rsatkichlarining standartlashtirish bo‘yicha qonun hujjatlarida yoki energiya ta’minoti shartnomasida belgilangan talablarga muvofiqligidir;
energiya ta’minotining texnologik broni — texnologik jarayonni, ishlab chiqarish siklini tugallash uchun zarur bo‘lgan elektr quvvati yoki energiya sarfi (hajmi);
energiya ta’minoti bo‘yicha avariya broni — mulkchilikning barcha shakllaridagi xo‘jalik yurituvchi subyektni qisman yoki to‘liq to‘xtatishda uskunalarni saqlash, insonlar hayotining xavfsizligini ta’minlash, avariya va qo‘riqlash yoritgichlari, shamollatish, suv haydash, suv ta’minoti, isitish, yong‘in xavfsizligi vositalari uchun zarur bo‘lgan eng kam miqdordagi elektr quvvati yoki energiya sarfi;
rejali uzib qo‘yish — energiya ta’minoti tashkilotining energiya qurilmalarini rejali — ehtiyotan ta’mirlash jadvali bo‘yicha ta’mirlash yoki profilaktika qilish davrida abonentlar bilan oldindan kelishilgan va ularni (kamida 3 sutka oldin) ogohlantirgan holda iste’molchiga energiya berishni to‘liq yoki qisman to‘xtatish, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa;
blok-stansiyalar — energiya tizimining elektr tarmog‘iga bevosita yoki abonentlar tarmog‘i orqali ulangan hamda yagona operativ-dispetcherlik boshqaruvi bo‘yicha ishlaydigan sanoat va idoraviy iste’molchilarning elektr stansiyalari.
II. Umumiy qoidalar
2. Mazkur Qoidalar “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”, “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq ishlab chiqilgan va energiya ta’minoti tashkilotlarining elektr energiyasi iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarini belgilaydi hamda energiya ta’minoti tashkilotlari hamda elektr energiyasi iste’molchilari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
3. Sanoat mahsuloti turi sifatida elektr energiyasi uzatish energiya ta’minoti tashkiloti va shu tashkilot tarmog‘iga energiya qurilmalari bevosita ulangan iste’molchi (abonent) o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida mazkur Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Namunaviy shartnomalar shakllari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqiladi va belgilangan tartibda Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zdavenergonazorat”) tomonidan tasdiqlanadi.
Subabonentlar abonent bilan elektr energiyasidan foydalanish uchun shartnomani energiya ta’minoti tashkilotining roziligiga ko‘ra tuzadilar.
Abonent va energiya ta’minoti tashkiloti o‘rtasidagi shartnomada quyidagilar nazarda tutiladi:
shartnoma mavzusi;
iste’mol qilishning belgilangan rejimlariga rioya qilishning va elektr energiyasi sifati ko‘rsatkichlarini kelishishning majburiyligi;
tarmoqlar va energiya uskunalarining balans bo‘yicha mansublik chegaralari;
elektr energiyasi uchun haq to‘lash bo‘yicha iste’molchilarning tarif guruhlari;
iste’molchining tasarrufidagi tarmoqlar va energiya uskunalaridan, hisobga olish priborlaridan foydalanishning xavfsizligini va ularning sozligini hamda energiya ta’minotining ishonchliligini ta’minlash;
subabonentlarni abonentning tarmog‘iga ulash (iste’molchining nomi, quvvati, hisobga olish priborlari, tariflar va boshqa ma’lumotlar);
alohida shartlar;
ahdlashuvchi tomonlarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
tomonlarning rekvizitlari;
Oldingi tahrirga qarang.
Tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan majburiy xizmat ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan iste’molchilarga elektr energiyasi sotishda shartnomada ushbu iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlashning eng kam darajasi ham nazarda tutilishi kerak.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 4-fevraldagi 33-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2009-y., 6-son, 53-modda)
4. Energiya ta’minoti tashkilotlariga, iste’molchida hisobga olishning ko‘p tarifli priborlari mavjud bo‘lgan taqdirda, elektr energiyasiga tariflarni sutka vaqti zonalari (tig‘iz soatlar, yarim tig‘iz soatlar, tungi yuklama) va yil fasllari (yozgi va qishki davr) bo‘yicha tabaqalashtirish huquqi beriladi.
Iste’molchi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasini hisobga olish uchun “O‘zstandart” agentligi yoki uning o‘lchov vositasi turini tasdiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining sertifikatiga ega bo‘lgan hududiy bo‘linmalari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan hamda elektr energiyasini har bir sutkaning kamida to‘rtta vaqt davri bo‘yicha alohida hisobga olish imkonini beradigan ko‘p tarifli hisoblagichlar yoki hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari qo‘llanilishi mumkin.
Energiya ta’minoti tashkiloti elektr energiyasining amaldagi iste’molini aniqlash uchun abonentlardagi hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini har oyda yozib olishi kerak.
5. Energiyaga tarif o‘zgargan taqdirda, sanasidan qat’i nazar, shartnoma o‘z kuchida qoladi va iste’molchi olingan energiya uchun yangi tarif joriy etilgan kundan boshlab haq to‘lashga majburdir.
Bunda elektr energiyasi uchun tarif oshirilgan taqdirda iste’molchilar elektr energiyasining avans tarzida haq to‘langan miqdori uchun (o‘n ikki oydan ko‘p bo‘lmagan vaqt uchun) qo‘shimcha to‘lovlardan ozod qilinadi.
6. Tomonlar shartnoma tuzish, uni o‘zgartirish, bekor qilish yoki uning muddatini uzaytirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va mazkur Qoidalarga amal qiladi.
7. Yangi energiya qurilmalarini foydalanishga topshirish va yangi subabonentlarni ulash energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining ishlatishga ijozati olinganidan so‘ng amalga oshiriladi.
8. Energiyani o‘z tarmoqlari orqali beruvchi tashkilotlar (blok-stansiyalar, abonentlar) oxirgi yillarda energiyaning o‘rtacha iste’moli tahlili asosida aniqlanadigan o‘z elektr tarmoqlariga ulangan boshqa obyektlarning energiya iste’molini hisobga olgan holda energiyaning umumiy (yig‘ma) miqdori yuzasidan energiya ta’minoti tashkiloti bilan shartnoma tuzadilar.
9. Iste’molchi (aholidan tashqari) o‘ziga tegishli tarmoqlarga kuchlanishi 1000 V.gacha bo‘lgan yangi xususiy elektr qurilmalarni ruxsat etilgan quvvat miqdori darajasida ulashi mumkin (binolarni elektr bilan isitish va reklamadan tashqari).
10. Energiya ta’minoti tashkiloti abonentga (aholidan tashqari) energiyani ulangan tarmoq orqali energiya ta’minoti shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va tomonlar o‘zaro kelishgan energiya berish rejimiga rioya qilgan holda berishga majburdir.
Iste’molchi “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi tomonidan energiyadan nooqilona foydalangan (imzolangan dalolatnomaga muvofiq), energiyani tejash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini bajarmagan taqdirda, energiya ta’minoti tashkiloti energiyadan nooqilona foydalanishning aniqlangan holatlaridan kelib chiqib energiya iste’molining shartnomaviy miqdorini kamaytirishga haqlidir.
11. Energiya ta’minoti tashkiloti tizimidagi avariyalarning oldini olish va bartaraf qilish yoki odamlarning xavfsizligini ta’minlash ishlari bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lganda va foydalanilgan energiya uchun haq to‘lanmaganda iste’molchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq uni darhol xabardor qilgan holda energiyani uzatishda tanaffus yoki cheklashlarga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
12. Obyektning elektr ta’minoti loyihasida ko‘zda tutilgan o‘zaro zaxiralanuvchi manbalarni avtomatik ishga tushirish yoki asosiy manbani qayta avtomatik tiklash vaqtida elektr energiyaning uzib qo‘yilishi (sabablaridan qat’i nazar), elektr ta’minotida tanaffus deb hisoblanmaydi.
13. Iste’molchilarning elektr qurilmalari ustidan davlat nazorati qonun hujjatlariga muvofiq “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
14. Energiyaning isrof qilib sarflanishi va iste’molchi energiya qurilmalarining avariya xavfi tug‘diradigan yoki odamlar hayotiga xavf soladigan qoniqarsiz texnik holati uchun “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi energiya berishni to‘xtatib qo‘yish huquqiga ega.
15. Maxsus qoidalar bo‘yicha foydalaniladigan elektr qurilmalari ustidan energetika nazorati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
16. Davlat energetika nazoratining amalga oshirilishi abonentlarni foydalanilayotgan energetika tarmoqlari, pribor va uskunalarning zarur texnik holati va xavfsizligi ta’minlanishi, energiya iste’molining belgilangan rejimiga rioya qilinishi uchun javobgarlikdan, shuningdek energiyadan foydalanish paytida paydo bo‘ladigan avariyalar, yong‘inlar, energiyani hisobga olish priborlarining nosozliklari va boshqa qoidabuzishlar to‘g‘risida energiya ta’minoti tashkilotlarini darhol xabardor qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
17. Energetika tarmoqlari, pribor va uskunalarning texnik holatiga va ulardan foydalanishga nisbatan qo‘yiladigan talablar, shuningdek ularga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
18. Ushbu Qoidalar buzilganligi uchun javobgarlik “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, Fuqarolik kodeksiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq energiya ta’minoti tashkiloti bilan iste’molchi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
III. Iste’molchilarning elektr qurilmalarini ulash uchun texnik shartlar
19. Elektr energiyasining barcha iste’molchilari, shu jumladan xususiy uy-joylarda yashovchi iste’molchilar elektr energiyasidan foydalanishda energiya ta’minoti tashkilotining tarmoqlariga elektr qurilmalarining yangi va qo‘shimcha quvvatlari ulanishi uchun texnik shartlarni olishga majburdirlar.
Elektr qurilmalarining elektr ta’minotini loyihalashtirish, uskunalarni montaj qilish va ularni energiya ta’minoti tashkilotining tarmoqlariga texnik shartlarsiz ulash taqiqlanadi.
20. Kuchlanishi 1000 Volt va undan yuqori bo‘lgan yangi transformatorlarni, dvigatellarni ulash yoki qo‘shimcha quvvatini oshirish, shuningdek energiya ta’minoti tashkilotining tarmoq transformatorlariga past kuchlanishli qurilmalarni yangidan ulash yoki ularning ruxsat berilgan quvvatini oshirish uchun texnik shartlar iste’molchi-buyurtmachidan (quruvchidan) yoki uning topshirig‘i bo‘yicha bosh loyihalash tashkilotidan buyurtma olinganidan so‘ng energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan belgilangan tartibda bir oy muddatda beriladi.
Tadbirkorlik subyektlarini elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar tadbirkorlik subyektlarining yoxud tuman (shahar) arxitektura va qurilish boshqarmasi (bo‘limi)ning buyurtmasiga ko‘ra uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatda beriladi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 10-iyundagi 158-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 24-son, 272-modda)
21. Iste’mol qilinadigan quvvatni ko‘paytirmaydigan, biroq iste’molchining tashqi elektr ta’minoti sxemasini o‘zgartiradigan elektr qurilmalarining toifalari o‘zgargan taqdirda (elektr ta’minoti ishonchliligi bo‘yicha) iste’molchi bunga energiya bilan ta’minlovchi tashkilotdan qo‘shimcha texnik shartlar olishga majburdir.
22. Iste’molchi buyurtmanomada loyihalashtirilayotgan obyektni tavsiflovchi ma’lumotlarni qisqacha shaklda ko‘rsatadi: yuklama miqdori, iste’molchining elektr ta’minoti ishonchliligi bo‘yicha toifasi, o‘rnashgan joyi (yangidan tashkil etilayotgan korxonaning aholi punkti bilan bog‘liq kartografiya materiali), obyektni loyihalashtirish va qurish muddatlari, balans bo‘yicha kimga tegishliligi.
23. Elektr qurilmalari energiya ta’minoti tashkilotining abonentlari (asosiy iste’molchilar) tarmog‘idan energiya oladigan iste’molchilar — subabonentlar texnik shartlarni energiya ta’minoti tashkilotining ruxsati bilan asosiy iste’molchilardan oladilar va ulanish uchun abonentdan texnik shartlarni olgan subabonent unga korxona, bino, inshootni uning tarmoqlariga ulash uchun loyiha hujjatlarini kelishish uchun taqdim etadi.
Agar subabonentning yuklamasi ko‘payishi munosabati bilan abonentning tashqi elektr ta’minoti sxemasini o‘zgartirish yoki energiya ta’minoti tashkiloti bilan tuzilgan shartnomada qayd etilgan transformatorlar va yuqori voltli dvigatellar quvvatini ko‘paytirish talab etilsa, abonent bunga texnik shartlarni energiya ta’minoti tashkilotidan oladi.
24. Texnik shartlarga muvofiq ishlab chiqilgan korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlarining energiya ta’minoti loyihalari (ishchi loyihalar) korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlar kompleks loyihasi tasdiqlangunga qadar energiya ta’minoti tashkiloti bilan kelishilishi kerak.
25. Ulanishga texnik shartlarni bajarish barcha iste’molchilar va loyihalash tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi, uning amal qilish muddati texnik shartlarda ko‘rsatiladi va obyektni, uning navbatini yoki alohida qurilishni loyihalashtirish, qurish yoki qayta tiklashning normativ muddatlari bilan belgilanadi.
Texnik shartlarning amal qilish muddati energiya ta’minoti tashkiloti bilan kelishilgandan keyin uzaytirilishi mumkin. Texnik shartlarning amal qilish muddati tamom bo‘lgandan keyin ular haqiqiy emas deb hisoblanadi. Iste’molchi yangi texnik shartlarni va yangi yoki qo‘shimcha quvvatlar ulanishiga ruxsatnomani mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda oladi.
26. Iste’molchilarning yangi yuklamalari bilan bog‘liq yangi elektr qurilmalarini qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va qayta tiklash (podstansiyalar, elektr uzatish liniyalari, transformator punktlari va hokazolarni) iste’molchilarning kuchlari va mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
IV. Kuchlanishni berish va iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishga ruxsat berish
27. Iste’molchilarning (foydalanilayotgan uy-joylarda ulanayotganlaridan tashqari) barcha yangidan ulanayotgan va qayta tiklanayotgan elektr qurilmalari berilgan texnik shartlarga muvofiq bajarilishi va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi me’yorlari va qoidalariga muvofiq bo‘lishi, kelishilgan loyiha va texnik qabul qilish-topshirish hujjatlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
28. “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi o‘z nazoratidagi obyektlarda ishlab chiqarish xavfsizligi bo‘yicha xorijiy texnologiyalarni qo‘llash imkoniyati to‘g‘risida ekspert xulosasini beradi.
29. Yangidan o‘rnatilgan va qayta tiklanayotgan elektr qurilmalarini foydalanishga topshirish, mazkur Qoidalarga muvofiq, ularni o‘rnatish tugagandan, ishga tushirish-sozlash ishlari bajarilgandan so‘ng, iste’molchida tegishli elektrotexnik xodimlar va elektr xo‘jaligi uchun mas’ul shaxs mavjud bo‘lganda, elektr qurilmalarni xavfsizlik texnikasi va yong‘in o‘chirish bo‘yicha himoya vositalari bilan butlanganda va elektr energiyadan foydalanish shartnomasi tuzilganda hamda iste’molchida tekshirilgan hisobga olish priborlari o‘rnatilganda mumkin bo‘ladi.
30. Iste’molchi elektr qurilmalarni ishga tushirishidan oldin o‘rnatuvchi tashkilotdan ularni mazkur Qoidalarga muvofiq dalolatnoma bo‘yicha qabul qilishi va “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining vakolatli vakiliga (inspektorga) Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari, qurilish me’yorlari va qoidalariga muvofiq loyihaviy, texnikaviy, qabul qilish-topshirish va foydalanish hujjatlarini hamda elektr qurilmani ko‘rib chiqish va uni ishga tushirish mumkinligini aniqlash uchun taqdim etishi kerak.
Iste’molchilarning elektr qurilmalarini o‘rnatishda kamchiliklar, ulashga berilgan texnik shartlardan chekinishlar aniqlanganda, shuningdek texnik hujjatlar va elektr qurilmalariga xizmat ko‘rsatish uchun tayyorgarlik ko‘rgan xodimlar mavjud bo‘lmagan taqdirda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ulardan foydalanishga ruxsat berish taqiqlanadi.
31. Yangi yoki qayta tiklangan elektr qurilmalariga kuchlanish berish elektr energiyasidan foydalanish uchun shartnoma tuzilgandan, hisobga olish priborlari tekshirilgandan va o‘rnatilgandan keyin ularni foydalanishga qo‘yish to‘g‘risida “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi vakili (inspektor) tomonidan imzolangan dalolatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
32. “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi va energiya ta’minoti tashkiloti, iste’molchining elektr qurilmasini texnik ko‘rikdan o‘tkazib, ishlatishga ijozat bergan holda, ishlatish jarayonida ularni bir maromda ishlashi uchun javob bermaydi.
33. Mavsumiy xususiyatli elektr qurilmalariga ega bo‘lgan iste’molchilar (aholidan tashqari) har yili ularni ishga tushirishdan oldin “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasiga yozma ravishda murojaat qilib, ko‘rikdan o‘tkazish uchun inspeksiya vakilini taklif qilishlari kerak.
V. Elektr qurilmalari va tarmoqlarining holati uchun tomonlarning javobgarligi
34. Iste’molchining yangidan o‘rnatilgan yoki qayta tiklanadigan energiya qurilmalarini energiya ta’minoti tashkilotining tarmoqlariga ulashning texnik shartlariga muvofiq tarmoqlar va uskunalarning balans bo‘yicha mansubligi belgilanadi, ular bo‘yicha elektr tarmoqlari va uskunalarining texnik holati va foydalanilishi uchun iste’molchi bilan energiya ta’minoti tashkiloti o‘rtasidagi javobgarlik chegarasi belgilanadi, bu shartnomaga ilova qilinadigan dalolatnomada qayd etiladi.
Tarmoqlar va uskunalarga xizmat ko‘rsatishning chegaralarini va ularning holati uchun javobgarlikni belgilash yuzasidan dalolatnoma energiya ta’minoti tashkilotining vakillari va abonent tomonidan imzolanadi.
Bunda javobgarlik chegaralari quyidagicha belgilanadi:*
*Iste’molchining roziligi bilan energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan elektr qurilmalaridan foydalanish xususiyatlari bilan izohlanadigan javobgarlikning boshqa asoslangan chegarasi ham belgilanishi mumkin.
1000 V va undan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalari uchun:
a) yopiq taqsimlash qurilmalarining tashqi tomonidan havo liniyasining o‘tish izolyatori birlashtiruvchisida va simning ochiq taqsimlash qurilmalari izolyatorlari portal tortiladigan tizma shodaning qisuvidan chiqishda;
b) ta’minlovchi yoki uzatuvchi liniyalarning kabeli yoki havodagi kirish simlari uchliklarida.
Turli tashkilotlarga tegishli, (yopiq yoki ajratgichlar orqali) tarmoqlangan simlarga ega bo‘lgan 1000 V va undan yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarining holati va ularga xizmat ko‘rsatish yuzasidan javobgarlik chegarasi asosiy liniyaning tarmoqlanish qilingan tayanchida belgilanadi. Asosiy liniya tasarrufida bo‘lgan tashkilot tarmoqlangan simlarni ulovchi qisqichlarning holati uchun javobgardir.
1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalari uchun:
a) havo tarmog‘ida — bino yoki quvur turgichda o‘rnatilgan birinchi izolyatorlarda;
b) kabel bilan kiritishda — binoga kirish joyida ta’minlovchi kabel uchliklarida.
35. Iste’molchi tasarrufidagi elektr qurilmalarini ishlatish va ulardan foydalanishni tashkil etishda ularning texnik holati va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi uchun javobgardir.
36. Texnik foydalanish va xavfsizlik texnikasining amaldagi qoidalarida hisobga olinmagan elektr qurilmalarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanishning o‘ziga xos shartlari mavjud bo‘lgan taqdirda (yer osti, portlash xavfi bo‘lgan ishlab chiqarishlar, elektr tortish kuchi va boshqalar) iste’molchilar ushbu elektr qurilmalaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalarga ega bo‘lishlari shart.
37. Shartnomaviy majburiyatlarni tomonlardan biri bajarmagan taqdirda qoida buzuvchi tomon qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq javob beradi.
VI. Elektr energiyasini hisobga olish priborlarini o‘rnatish va ulardan foydalanish
38. Elektr energiyasi iste’molchilarining elektr qurilmalari, energiya ta’minoti tashkiloti bilan iste’mol qilingan elektr energiya bo‘yicha hisob-kitobni amalga oshirish uchun o‘lchash doirasi va aniqlik toifasi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarning talablariga muvofiq bo‘lgan hisobga olish priborlari bilan majburiy tartibda ta’minlangan bo‘lishi lozim.
39. Elektr energiyaga haq to‘lash uchun hisobga olish priborlariga ega bo‘lmagan iste’molchilarning elektr qurilmalarini energiya ta’minoti tashkiloti, abonentlar yoki subabonentlarning tarmoqlariga ulanishi taqiqlanadi.
40. Turli tarif guruhlaridagi bir nechta iste’molchilar elektr ta’minotining bitta manbaidan ta’minlanganda hisobga olish priborlari har bir tarif guruhi uchun alohida o‘rnatilishi lozim.
41. Hisobga olish priborlari (shu jumladan aktiv va reaktiv quvvat va energiyani o‘lchash vositalari hamda jamlovchi qurilmalar va avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlari) mazkur Qoidalarga muvofiq o‘rnatiladi va Elektr uskunalarining tuzilishi qoidalari talablariga javob berishi shart.
Hisobga olish priborlari, o‘lchov transformatorlari, ikkilamchi zanjirlar, shu jumladan aloqa liniyalari, avtomatlashtirilgan tizimlar saqlanishi va ularning texnik holati uchun hisobga olish priborlari va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari balansida bo‘lgan tashkilot javob beradi.
Bundan tashqari, elektr energiyasini nazorat tartibida hisobga olish (elektr energiyasi sarfining belgilangan normalari bajarilishini nazorat qilish) uchun hisobga olish priborlari alohida sexlarda, energiya sig‘imli agregatlarda, texnologiya liniyalarida, binolarda, alohida obyektlarda o‘rnatiladi.
42. Ko‘p kvartirali uy-joylarda elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish uchun to‘lov elektr hisoblagichlari har bir kvartiraga o‘rnatiladi.
Har bir kvartiraga o‘rnatishdan tashqari, uy-joylarda uyning umumiy ehtiyojlari (zinapoyalarni yoritish, liftlar, nasoslarning ishlashi va hokazolar) uchun sarflanadigan elektr energiyasi bo‘yicha hisob-kitob qilish uchun to‘lov elektr hisoblagichlari o‘rnatiladi.
43. To‘lov elektr hisoblagichlari, shuningdek energiya ta’minoti tashkiloti bilan iste’molchilarning hisob-kitob qilishiga mo‘ljallangan elektr energiyasi va quvvatini hisobga olishning boshqa vositalari iste’molchining mablag‘lari hisobiga sotib olinadi, davlat tekshiruvidan o‘tkaziladi va o‘rnatiladi hamda energiya ta’minoti tashkilotining vakili tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
44. Hisobga olish sxemasi buzilgan taqdirda (tok va kuchlanishning o‘lchov transformatorlari ishdan chiqishi, ikkilamchi kommutatsiya, iste’molchining aybi bilan to‘lov elektr hisoblagichlari shikastlanishi va ularning yo‘qolishi) elektr hisoblagichlarni almashtirish, ta’mirlash, davlat tekshiruvidan o‘tkazish va o‘rnatish, shu jumladan ulash bo‘yicha energiya ta’minoti tashkilotining xizmatlariga haq to‘lash iste’molchilarning mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
45. Iste’molchi o‘lchov zanjirlarining zarur texnik holatini, xavfsiz foydalanilishini va o‘zi foydalanadigan elektr energiyasini hisobga olish priborlarining sozligini ta’minlashi shart.
Shartnoma bo‘yicha elektr energiyasidan maishiy iste’mol uchun foydalanuvchi fuqaro abonent sifatida ish ko‘rgan taqdirda elektr tarmoqlarining, shuningdek energiya iste’molini hisobga olish priborlarining zarur texnik holatini va xavfsizligini ta’minlash majburiyati energiya ta’minoti tashkiloti zimmasiga yuklanadi. Xonadonda, uyda o‘rnatilgan plombalar va hisoblagichlarning butligi uchun uy yollovchisi, ijarachisi, egasi javob beradi.
Umumiy foydalaniladigan joylarda xizmat ko‘rsatish va elektr energiyasi yetkazib berish uchun shartnoma tuzishda javobgarlik uy-joy fondidan foydalanuvchi tashkilotga yuklanadi.
46. Energiya ta’minoti tashkiloti bilan iste’molchi o‘rtasidagi hisob-kitoblar uchun faol va reaktiv energiya va quvvatni hisobga olish energiya ta’minoti tashkiloti bilan iste’molchi o‘rtasidagi energiya tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasidagi hisobga olish nuqtasida amalga oshiriladi.
47. Energiya tizimidan iste’molchi tarmog‘i orqali energiya ta’minoti tashkilotining elektr tarmog‘iga elektr energiyani tranzitli uzatishda iste’molchi tarmog‘idagi elektr energiyasi yo‘qotilishining bir qismi iste’molchi tarmog‘iga kelgan jami elektr energiya miqdoriga nisbatan iste’molchi tomonidan energiya ta’minoti tashkilotiga o‘tkazilgan energiya miqdoriga mutanosib ravishda energotizim tarmoqlaridagi yo‘qotilishga o‘tkaziladi.
48. To‘lov hisoblagichlari bilan birgalikda foydalaniladigan hisob-kitob elektr hisoblagichlari va o‘lchov transformatorlari (shuningdek sinov bloklari, o‘tuvchi klemmniklar qopqoqlari, kuchlanishning ajratuvchi o‘lchov transformatorlari simlari) kojuxlar mahkamlangan joyida va hisoblagich klemmnik qopqog‘ida “O‘zstandart” agentligining yoki uning hududiy boshqarmasining va energiya ta’minoti tashkilotining belgilangan namunadagi plombasi bo‘lishi kerak.
Elektr hisoblagichlar va o‘lchov transformatorlarini vaqti-vaqti bilan tekshirish “O‘zstandart” agentligi tomonidan belgilangan muddatlarda iste’molchining mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi kerak.
49. Hisobga olish priborlari bilan birgalikda foydalaniladigan o‘lchov transformatorlarini boshqa joyga o‘rnatish va almashtirish faqat energiya ta’minoti tashkilotining roziligi bilan amalga oshiriladi.
50. Elektr energiyasini hisobga olish sxemasini o‘zgartirish yoki buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday ishlarni bajarish uchun abonent ishlarni boshlashdan oldin bu haqda energiya ta’minoti tashkilotini yozma ravishda xabardor qilishi shart. Ta’mirlash davrida elektr energiyasi hisobi energiya ta’minoti bilan kelishilgan vaqtinchalik sxemalar yoki hisob-kitoblar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
VII. Berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilishning umumiy qoidalari
51. Bevosita energiya ta’minoti tashkilotlari tarmoqlaridan va boshqa tashkilotlar yoki energiya ta’minoti tashkiloti abonentlarining tarmoqlaridan uzatilayotgan elektr energiyasi uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan amaldagi elektr energiyasi tariflari asosida hisobga olish priborlarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
52. Tarif guruhlari bo‘yicha elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish uchun iste’molchilarni taqsimlash Elektr va issiqlik energiyasi iste’molchilarining tarif guruhlari to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.
Elektr energiyasi tariflari bir stavkali, ikki stavkali va tabaqalashtirilgan stavkalarga bo‘linadi.
53. Bir stavkali tarif iste’molchiga berilgan har bir kVt soat elektr energiyasi uchun haq to‘lashdan iboratdir.
54. Ikki stavkali tarif energiya tizimining eng katta yuklamasida (yoki ulangan quvvatida) ishtirok etuvchi tomonidan, avvaldan buyurtma berilgan eng katta quvvatning har bir kVti uchun yillik haq to‘lashdan va uzatilgan elektr energiyaning har kVtChs ga haq to‘lashdan iborat bo‘ladi.
55. Tabaqalashtirilgan tarif sutkaning quyidagi davrlarida iste’mol qilingan har bir kVtChs elektr energiyasi uchun haq to‘lashdan iborat bo‘ladi:
yarim tig‘iz davr — asosiy tarif (sutkaning yorug‘ vaqti);
tig‘iz davr — eng yuqori tarif (energiya tizimining eng katta yuklamali vaqti — ertalabki va kechki “eng katta miqdor”);
tungi davr — imtiyozli tarif (sutkaning qorong‘i vaqti).
Asosiy tarif (T)ning miqdori belgilangan tartibda aniqlanadi va tasdiqlanadi.
56. 750 kiloVoltAmper (kVA) va undan yuqori elektr quvvati bilan ulangan sanoat iste’molchilari va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar ikki stavkali tarif bo‘yicha, boshqa barcha elektr energiya iste’molchilari, ulangan quvvatlaridan qat’i nazar, bir stavkali tarif bo‘yicha hisob-kitob qiladilar.
57. Bir necha tarif guruhlariga ega bo‘lgan iste’molchilar bilan hisob-kitoblar har bir tarif guruhiga o‘rnatilgan hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Uzil-kesil hisob-kitob qilish tariflarga va shartnomada qayd etilgan belgilangan tartibga muvofiq elektr hisoblagichlar ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
58. Berilgan elektr energiyasi uchun iste’molchi bilan hisob-kitoblar energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan yozib beriladigan to‘lov hujjatlari bo‘yicha, beriladigan elektr energiyasi qiymatining shartnomadagi miqdoridan kamida 30 foizini navbatdagi oy uchun oldindan to‘lagan holda amalga oshiriladi (aholidan tashqari), iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun yakuniy hisob-kitoblar hisob-kitob oyi tugaganidan so‘ng 30 kun mobaynida amalga oshiriladi.
Iste’molchi (elektr energiyani uzatishda maxsus tartib o‘rnatilgan iste’molchilardan tashqari) tomonidan hisob-kitob oyi tugaganidan so‘ng 30 kun mobaynida to‘lov hujjatlari bo‘yicha haq to‘lanmagan taqdirda energiya ta’minoti tashkiloti elektr energiyasi berishni to‘xtatadi. Bunda energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan energiya tizimi tarmoqlariga ulash va elektr energiyasi berish bular bilan bog‘liq xarajatlarni undirishni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
59. Energiya ta’minoti tashkiloti vakili abonent bilan birgalikda har oyda hisobga olish priborlaridagi ko‘rsatkichlarni yozib oladi va hisobot oyidagi energiya sarfini aniqlaydi.
Abonent tomonidan hisobga olish priborlaridagi ko‘rsatkichlar yozib olinmaganda va elektr energiyasi iste’moli to‘g‘risida hisobot taqdim etilmagan taqdirda energiya ta’minoti tashkiloti hisob-kitobni elektr iste’molining shartnomadagi miqdori bo‘yicha amalga oshiradi, keyinchalik energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan abonent bilan birgalikda aniqlanadigan amalda iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qiladi.
60. Energiya ta’minoti shartnomasi bo‘yicha maishiy iste’mol uchun energiyadan foydalanuvchi fuqaro abonent sifatida ish ko‘rgan taqdirda energiya ta’minoti tashkiloti abonentni shartnoma bajarilishi rad etilishidan kamida bir oy oldin ogohlantirish sharti bilan abonent tomonidan foydalanilgan energiya uchun abonent haq to‘lamaganligi sababli shartnomani bajarishni bir tomonlama tartibda rad etishga haqlidir.
Energiya ta’minoti shartnomasi bo‘yicha yuridik shaxs va yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs abonent sifatida ish ko‘rgan taqdirda, energiya ta’minoti tashkiloti O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha shartnomani bajarishni bir tomonlama tartibda rad etishga haqlidir.
61. To‘lov hujjatida xatolar yoki hisoblagichlar ko‘rsatkichidagi noaniqliklar aniqlangan taqdirda, to‘lovchi bu haqda darhol energiya ta’minoti tashkilotiga xabar berishi kerak.
62. Energiya ta’minoti tashkiloti to‘lovchi tomonidan ariza berilgan kundan boshlab o‘n sutkadan kechikmay hisob-kitobni tekshirishi, zarur bo‘lganda esa joyning o‘ziga borib hisoblagichlarni tekshirishi hamda tekshirish natijalarini haq to‘lovchiga ma’lum qilishi kerak.
63. Hisoblagichni tekshirish to‘g‘risida yoki to‘lov hujjatidagi xato to‘g‘risida ariza berilishi to‘lovchini belgilangan muddatda to‘lov hujjati bo‘yicha haq to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi.
64. Elektr energiyasini hisobga olishning hisob-kitob priborlarida qoida buzishlar aniqlangan taqdirda, energiya ta’minoti tashkiloti iste’molchi bilan birgalikda foydalanilgan elektr energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilishi kerak.
65. Agar hisoblagichlardagi chetga chiqishlar mazkur pribor uchun belgilangan aniqlik chegaralaridan ortiq bo‘lmasa, bunday chetga chiqishlar yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan chetga chiqishlar deb hisoblanadi.
66. Agar tekshirishdan keyin qayta hisob-kitob qilish zarurligi aniqlansa, bunday qayta hisob-kitob qilish energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan elektr energiyasi uchun navbatdagi to‘lov hujjatini yozishda amalga oshiriladi.
67. Energiya ta’minoti tashkiloti “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasini yozma ravishda xabardor qilib quyidagi hollarda:
iste’molchida hisobga olish pribori bo‘lmaganda;
hisobga olish pribori abonentning aybi bilan shikastlanganda;
hisobga olish priborlarini ishga tushirish sxemasi o‘zgarganda yoki hisoblagichdan tashqari yuklama ulanganda shartnomaga muvofiq abonentni elektr tarmog‘idan uzib qo‘yadi.
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi inspektorlari tomonidan shunga o‘xshash qoida buzilishlari aniqlanganda uning talabi bilan iste’molchi elektr tarmog‘idan uzib qo‘yiladi.
68. Elektr energiya hisobi abonentning aybisiz vaqtinchalik buzilganda, sarflangan energiya uchun hisob-kitob energiya ta’minoti tashkilotining qarori bo‘yicha, hisobga olish buzilgunga qadar bo‘lgan oldingi oyning o‘rtacha sutkalik sarfi bo‘yicha yoki keyingi davr uchun hisobga olish tiklangandan keyin amalga oshiriladi.
Elektr energiyaning o‘rtacha sutkalik sarfi bo‘yicha hisob-kitob davri bir oydan oshmasligi kerak, shu vaqt ichida hisob-kitob hisobi tiklanishi zarur.
Agar hisob-kitobni hisobga olish priborini obyektiv sabablarga ko‘ra, belgilangan muddatda tiklash imkoniyati bo‘lmasa (tok transformatorining, elektr hisoblagichning yo‘qligi, o‘tib bo‘lmaydigan yo‘llar va shu kabilar tufayli), abonentga berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob tartibi va hisobga olishni tiklash muddati abonent va energiya ta’minoti tashkilotining ikki tomonlama bitimi bilan belgilanadi.
To‘liq yetkazib berilmagan elektr energiyasi miqdori cheklashdan oldingi (ish yoki dam olish sutkalarida) elektr ta’minoti normal bo‘lgan yaqin davrdagi o‘rtacha sutkalik elektr energiyasi iste’moli bilan elektr energiyasi to‘liq berilmagan sutka mobaynidagi haqiqiy iste’mol o‘rtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi.
69. Barcha iste’molchilarga 1 kVt soat uchun to‘lov iste’molchiga berilgan, balans bo‘yicha mansublik bo‘linish chegarasida o‘rnatilgan hisob-kitob hisoblagichida hisobga olingan aktiv elektr energiyasi uchun belgilanadi.
70. Hisob-kitob elektr hisoblagichi bo‘linish chegarasida o‘rnatilmagan taqdirda elektr tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasidan elektr hisoblagich o‘rnatilgan joyigacha elektr energiyasi yo‘qotilishi miqdori iste’molchilar bilan birgalikda hisob-kitob yo‘li bilan aniqlanadi va to‘lov uchun iste’molchiga berilgan foydali elektr energiyasi bilan jamlanadi.
71. Obyektlar boshqa jismoniy yoki yuridik shaxslarga berilgan, sotilgan hollarda iste’molchi, berish yoki sotish vaqtidagi foydalanilgan energiya uchun qarzni albatta to‘lagan holda, energiya ta’minoti tashkiloti bilan o‘zaro hisob-kitobni solishtirishi shart.
72. Abonent egallab turgan binodan ketgan taqdirda bu haqda energiya ta’minoti tashkilotini xabardor qilishi va ketish kunigacha elektr energiya uchun to‘liq hisob-kitob qilishi shart, shundan keyin energiya ta’minoti tashkiloti obyektga elektr energiyasi berishni to‘xtatadi. Yangi abonentni rasmiylashtirish va elektr qurilmalarini elektr tarmog‘iga ulash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
73. Agar tomonlar fors-major holatlari oqibatida o‘z majburiyatlarini to‘liq yoki qisman bajarmasa tomonlardan hech biri buning uchun javob bermaydi.
74. Agar ushbu Qoidalarning 73-bandida ko‘rsatilgan fors-major holatlari majburiyatlarning shartnomada belgilangan muddatlarda bajarilishiga ta’sir qilsa, u holda ushbu muddatlar fors-major holatlarning amal qilish vaqtiga uzaytiriladi.
75. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan elektr qurilmalari energiya ta’minoti tashkilotining elektr tarmoqlariga energiya ta’minoti tashkilotining tegishli ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan ulangan taqdirda elektr qurilmalari elektr tarmog‘idan darhol uzib qo‘yiladi, iste’molchidan esa ruxsatsiz foydalanilgan energiya qiymati oxirgi tekshirish kunidan boshlab (lekin da’vo muddatidan ko‘p emas) o‘tgan vaqt mobaynida sutkaning 24 soati uchun belgilangan quvvat bo‘yicha ulangan elektr uskunalarining ishlashi hisobidan undiriladi.
76. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi, energiya ta’minoti tashkilotining uch fazali tarmoqdan foydalanish bo‘yicha ruxsatiga ega bo‘lgan iste’molchilar elektr energiya uchun iste’molchilarning tegishli guruhlariga belgilangan tariflar bo‘yicha haq to‘laydilar.
VIII. Ikki stavkali tarif iste’molchilari bilan berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish
77. Ulangan quvvati 750 kVA va undan yuqori bo‘lgan sanoat iste’molchilari va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar tomonidan ishlab chiqarish ehtiyojlari, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish, ammo ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan binolar: sexlar, zavod boshqaruvlari, fabrika-zavod jamoat tashkilotlari, omborlar, garajlar va shu kabilar, shuningdek xususiy temir yo‘l kirish joylari korxona hududini yoritish va boshqa ehtiyojlarga, sanoat (zavodning ichki, shaxta va kon) elektr transporti uchun sarflangan elektr energiyasi uchun ikki stavkali tarif bo‘yicha haq to‘lanadi.
Ikki stavkali tarif, iste’molchi tomonidan buyurtma berilgan (band qilingan), energiya tizimi yuklamasi (asosiy stavka) maksimumida qatnashuvchi eng yuqori quvvatining 1 kilovatti (kvt) uchun yillik to‘lovdan va iste’molchiga berilgan aktiv elektr energiyasining (qo‘shimcha stavka) 1 kilovatt-soat (kVt.s) uchun to‘lovdan iborat bo‘ladi.
78. Ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan (turar joy shaharchalari, alohida uy-joylar, yotoqxonalar, mehmonxonalar, keluvchilar uchun uylar, kinoteatrlar, klublar, madaniyat uylari, shifoxonalar, poliklinikalar, tibbiyot punktlari, oshxonalar, bolalar bog‘chalari va yaslilari va sh. k.) binolar va xonalarni yoritish va boshqa ehtiyojlar uchun sanoat va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar sarf qiladigan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar iste’molchilarning tegishli guruhlari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi.
79. Sexlar yoki obyektlar tashkilotdan alohida joylashgan, u bilan umumiy taqsimlangan elektr tarmog‘iga ega bo‘lmagan hollarda, bu sexlar yoki boshqa alohida obyektlar bilan hisob-kitoblar, tashkilotning o‘zi uchun qo‘llanayotgan hisob-kitob tarifidan qat’i nazar, tegishli iste’molchilar guruhlari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi, agar ushbu sexlar va obyektlarning elektr energiyasi hisobi korxonaning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimiga ulanmagan bo‘lsa.
80. Hisobga olish pribori sifatida “energiyani hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi”ni va “eng katta miqdorni ko‘rsatuvchi hisoblagichlar”ni o‘rnatgan iste’molchilar hisobga olish tizimi tomonidan qayd etilgan amaldagi eng katta quvvat miqdori bo‘yicha hisob-kitob qiladilar.
81. Iste’molchi tomonidan avvaldan buyurtma berilgan, energiya tizimining eng katta yuklamasida ishtirok etadigan quvvat shartnomada yilning har choragi bo‘yicha qayd etiladi va energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan hisobga olish priborlarining ko‘rsatkichlari bilan aniqlanadigan iste’molchining amaldagi o‘rtacha yarim soatlik eng katta yuklamasi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan nazorat qilinadi.
82. Energiya tizimining eng katta yuklamali davrida iste’molchining amaldagi iste’mol quvvatini nazorat qilish vaqti energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan choraklar bo‘yicha belgilanadi va shartnomada qayd etiladi.
Energiya ta’minoti tashkiloti energiya tizimining eng katta yuklamali soatlaridagi yuklamani nazorat qilish huquqiga ega.
Nazorat davrlari ertalab 2 soatdan, kechqurun 3 soatdan oshmasligi kerak.
83. Energiya tizimining eng katta yuklamali soatlarida iste’molchining amaldagi yuklamasi shartnomada ko‘rsatilgan miqdordan ortiq bo‘lsa, chorak oxirida hisob-kitob choragi uchun 1 kVt uchun belgilangan haq bo‘yicha qayta hisob-kitob qilinadi. Qo‘shimcha quvvat uchun haq to‘lanishi keyinchalik shartnomada buyurtma berilgan quvvatga nisbatan ortiq quvvatdan foydalanish huquqini bermaydi. Buning uchun energiya ta’minoti tashkilotining har bir aniq holat uchun tegishli ruxsati bo‘lishi kerak.
Avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi yoki eng katta yuklamani qayd etuvchi hisoblagich o‘rnatilganda avvaldan buyurtma berilgan quvvat uchun har oyda priborlar qayd etgan amaldagi eng katta quvvat bo‘yicha haq to‘lanadi.
84. Korxona sexlarining joylashishiga va ularning elektr ta’minoti sxemalariga ko‘ra korxona eng katta qo‘shma yuklamasining jami qiymatini aniqlash mumkin bo‘lmasa, hisob-kitoblar iste’molchining avvaldan buyurtmalangan quvvatlariga ko‘ra alohida ta’minlash manbalari bo‘yicha amalga oshiriladi.
85. Agar elektr energiyaga ikki stavkali tarif bo‘yicha haq to‘laydigan abonent energiyaning bir qismini subabonentga bir stavkali tarif bo‘yicha bersa, u energiya ta’minoti tashkilotiga energiya tizimining eng katta yuklamasida ishtirok etuvchi subabonentlarga berilgan ushbu yuklama qiymatiga kamaytirilgan quvvat uchun haq to‘laydi. Quvvatning kamaytirilishi hisob-kitob yo‘li bilan aniqlanadi.
86. Subabonentlarning eng katta yuklamasini qayd etuvchi elektr hisoblagichlar mavjud bo‘lmasa, ularning amaldagi yuklamasi yilning shunday davrida subabonentning sutkalik yuklamasi jadvallari asosida aniqlanishi va abonentning energiya ta’minoti tashkiloti bilan tuzgan shartnomasida qayd etilishi lozim.
87. Mavsumiy ish xususiyatiga ega bo‘lgan iste’molchilar uchun asosiy to‘lov miqdori iste’molchining tegishli ish davri uchun hisob-kitob yo‘li bilan aniqlanadi va shartnomada choraklar yoki oylar bo‘yicha qayd etiladi.
IX. Etkazib berilgan elektr energiyasi uchun bir stavkali tarif iste’molchilari bilan hisob-kitob qilish
88. Elektr quvvati 750 kVA gacha ulangan sanoat iste’molchilari va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar, qishloq xo‘jaligi iste’molchilari, elektrlashtirilgan temir yo‘l va shahar transporti (tramvay, trolleybus, metropoliten) — harakatga solish maqsadida, shu jumladan yoritish va harakatlantiruvchi podstansiyalarining boshqa ehtiyojlari, eskalatorlar harakati, platformalarni yoritish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini tashkil etish uchun sarflanadigan elektr energiyasi uchun, aholi, aholi punktlari, shuningdek isitish, issiq suv ta’minoti va sovitish (namlikni bir xilda saqlash), reklama va chiroqlar bilan bezatish uchun elektr energiyasidan foydalanadigan iste’molchilar bir stavkali tarif bo‘yicha hisob-kitob qiladilar.
89. Reklama, chiroqlar bilan bezatish, bino va imoratlarni yoritish uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi iste’molchilar, iste’mol quvvatidan qat’i nazar, energiya ta’minoti tashkilotining ruxsatini olishga va tegishli tarif guruhi bo‘yicha hisob-kitob qilishga majburdirlar.
Elektr energiyasidan elektr bilan isitish maqsadida foydalanish uchun “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasiga boshqa turdagi yonilg‘i o‘rniga elektr energiyasini qo‘llashni kelishish uchun texnik-iqtisodiy asoslashni taqdim etish lozim, qurilish normalari va qoidalarida ko‘zda tutilgan ovqat tayyorlash va isitish uchun elektr energiyasidan foydalanish hollari bundan mustasno.
Elektr bilan isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanishni kelishish tartibini “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi belgilaydi.
90. Bir stavkali tarif iste’molchilariga yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori tomonlarning elektr tarmoqlarini balans bo‘yicha mansublik chegarasidagi elektr hisoblagichlar vositasida hisoblanadi.
X. Elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitob qilish
91. Tabaqalashtirilgan tarif elektr energiyasini energiya ta’minoti tashkilotlaridan oluvchi iste’molchilarga joriy etiladi hamda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
92. Elektr va issiqlik energiyasi iste’molchilarining tarif guruhlari to‘g‘risidagi nizomda belgilangan hamda ko‘p tarifli hisoblagichlar bilan jihozlangan iste’molchilarning I, II, III, IV, VI, VII, VIII tarif guruhlari tomonidan sarflanadigan elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha haq to‘lanadi.
93. Asosiy, eng katta va imtiyozli tariflarning amal qilish vaqti energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan yil choraklari bo‘yicha belgilanadi va shartnomada qayd etiladi.
XI. Etkazib berilgan elektr energiyasi uchun qishloq xo‘jaligi iste’molchilari bilan hisob-kitob qilish
94. Qishloq xo‘jaligi abonentining ishlab chiqarish ehtiyojlariga sarflanadigan elektr energiya hisob-kitobini soddalashtirish uchun ishlab chiqarish yuklamasi alohida liniyalarda va tarmoqlanish nuqtalarida jamlanadi, bunda hisobga olish priborlari qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi obyektlari guruhiga o‘rnatiladi.
95. Podstansiyada umumiy hisob-kitob elektr hisoblagichi mavjud bo‘lganda qishloq xo‘jaligi abonentida ishlab chiqarish va kommunal-maishiy ehtiyojlar hamda boshqa ehtiyojlar uchun elektr energiyasi sarfini alohida hisobga olish vaqtincha mavjud bo‘lmaganda, ishlab chiqarish ehtiyojlariga elektr energiyasi sarfini aniqlash uchun umumiy hisoblagich vositasida hisobga olingan jami sarfdan maishiy hisoblagich bo‘yicha aniqlanadigan maishiy iste’molga elektr energiyasi sarfi hamda boshqa noishlab chiqaruvchilarning elektr energiyasi sarfi chiqarib tashlanadi.
96. Iste’molchilarning umumiy to‘lov hisoblagichi bo‘lganda, iste’molchilarning tok qabul qilgichlar quvvatidan va ulardan foydalanish soatlari sonidan kelib chiqib aniqlanadigan har bir iste’molchining ishlab chiqarish, kommunal-maishiy va boshqa ehtiyojlariga energiya sarfi shartnomada jami elektr iste’moliga nisbatan foizlarda ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
XII. Etkazib berilgan elektr energiyasi uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va uy-joy kommunal-foydalanish tashkilotlari hamda aholi punktlari bilan hisob-kitob qilish
(XII bo‘limning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1-martdagi 2007-yil 43-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
97. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va kommunal-foydalanish tashkilotlari umumiy uy-joy ehtiyojiga sarflanadigan elektr energiyasi uchun energiya ta’minoti tashkilotlari bilan elektr tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasidagi hisobga olish nuqtasida o‘rnatilgan hisoblagichlar bo‘yicha, belgilangan tarifga muvofiq hisob-kitob qiladilar.
98. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va kommunal-foydalanish tashkilotlari tomonidan texnik maqsadlarga (liftlar, nasoslar ishlashi va boshqalar uchun) sarflanadigan elektr energiyasi alohida hisobga olinib, iste’molchilarning tegishli guruhi uchun belgilangan tarif bo‘yicha haq to‘lanadi.
99. Yangi uy-joylarni o‘z balansiga qabul qilib olgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va kommunal-foydalanish tashkilotlari ushbu uylarni elektr tarmog‘iga ulashga ruxsat olish uchun energiya ta’minoti tashkilotiga har bir uy-joyga o‘rnatilgan hisob-kitob elektr hisoblagichi uchun (elektr hisoblagichning tartib raqami, turi, tayyorlovchi zavod, davlat tekshiruvidan o‘tgan yili, ko‘rsatkichlari va kvartiraning tartib raqami bilan) vedomost taqdim etishi lozim.
Ilgaridan foydalanib kelingan uy-joylarga yoki xususiy mulk huquqi bilan alohida fuqarolarga tegishli bo‘lgan uylarga yangi elektr simlarini ulashga, shuningdek bog‘ uchastkalariga, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlarga va shu kabilarga elektr simini ulashga ruxsat olish uchun iste’molchi energiya ta’minoti tashkilotiga tegishli ariza berishi shart.
(97—99-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1-martdagi 2007-yil 43-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
100. Uy-joylarning elektr uskunalari va tarmoqlaridan foydalanishga ularni foydalanuvchi tashkilot qabul qilib olib rasmiylashtirgandan keyin ruxsat beriladi.
Elektr qurilmalariga kuchlanishni ulash elektr energiyasidan foydalanish shartnomasi tuzilgandan keyin amalga oshiriladi.
101. Energiya ta’minoti tashkiloti mas’ul yollovchilarga, ijarachilarga, turar joy binolari egalariga shaxsiy hisob raqamlari ochadi, ularning har biriga elektr energiyasi uchun to‘lov hujjatlarini mustaqil yozish uchun kvitansiya blankalari va bildirishnomalar bilan birgalikda hisob-kitob daftarchalari beradi.
102. Shaxsiy hisob raqamini boshqa abonentga qayta rasmiylashtirish hamda hisobga olish priborlarini ko‘chirish faqat energiya ta’minoti tashkilotining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Ilgari elektr tarmog‘iga ulangan kvartiraga ko‘chib kirgan yangi uy-joy mulkdori 5 kun muddatda energiya ta’minoti tashkilotida shaxsiy hisob raqamini o‘z nomiga rasmiylashtirishi shart. Ko‘rsatilgan muddatda rasmiylashtirilmasa, to‘lov to‘lanmaganligi uchun barcha mas’uliyat uy-joyning yangi mulkdori zimmasiga yuklanadi.
103. Umumiy hisob-kitob elektr hisoblagichi bo‘yicha hisob-kitob qilishda aniq maqsadli kommunal fond binosida istiqomat qiluvchilardan biri tomonidan elektr energiyasi uchun u to‘lashi lozim bo‘lgan summa to‘lanmagan taqdirda, energiya ta’minoti tashkiloti xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (kommunal-foydalanish tashkiloti) bilan yakka tartibdagi yashovchilar o‘rtasida tuzilgan o‘zaro shartnomaga muvofiq ish ko‘radi.
Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun o‘zaro hisob-kitoblar bo‘yicha yashovchilar o‘rtasidagi nizolar sud tartibida ko‘rib chiqiladi.
(103-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1-martdagi 2007-yil 43-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
104. Kommunal kvartirada bir nechta oila yashaganda hisob-kitob davrida sarflangan elektr energiyasini alohida oilalar o‘rtasida taqsimlash nazorat elektr hisoblagichi ko‘rsatkichlari bo‘yicha, ular mavjud bo‘lmaganda esa — har bir oiladagi tok qabul qiluvchining quvvati hamda ulardan foydalanish soatlari soni bo‘yicha amalga oshiriladi.
Umumiy foydalaniladigan joylarda sarflanadigan elektr energiyasi miqdori amalda yashovchilar soni bo‘yicha alohida oilalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Nazorat elektr hisoblagichlarining to‘g‘ri ishlashini nazorat qilish, ularning ko‘rsatkichlarini yozib olish va elektr energiyasi uchun o‘zaro hisob-kitob qilish yashovchilarning o‘z zimmasidagi majburiyat hisoblanadi.
Energiya ta’minoti tashkiloti umumiy hisob-kitob hisoblagichi orqali elektr energiyasidan foydalanuvchi fuqarolar o‘rtasida hech qanday hisob-kitobni amalga oshirmaydi.
105. Elektr energiyasi uchun to‘lov hujjatlari bo‘yicha o‘z vaqtida haq to‘lash, kvartiradagi hisob-kitob elektr hisoblagichining saqlanishi va butligini ta’minlash bo‘yicha ushbu Qoidalarga rioya qilinishi uchun javobgarlik xonadon egasining zimmasiga yuklanadi.
106. Hisob-kitob elektr hisoblagichlari zinapoya maydonchalarida o‘rnatilgan taqdirda ularning saqlanishi va butligi uchun uy-joy tasarrufida bo‘lgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va kommunal-foydalanish tashkiloti javob beradi.
Zinapoya maydonchalarida o‘rnatilgan elektr hisoblagichlar shikastlangan yoki o‘g‘irlangan taqdirda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va kommunal-foydalanish tashkiloti elektr hisoblagichlarni o‘z hisobidan tiklashlari shart.
(106-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
107. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, kommunal-foydalanish tashkilotlari, binolar va turar joylarni hamda boshqa binolarni korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ijaraga beruvchi boshqa tashkilotlar, energiya ta’minoti tashkilotining ruxsatisiz ijarachilarga (elektr energiyasidan foydalanish maqsadlaridan qat’i nazar) tegishli bo‘lgan elektr qurilmalarini uyning ichki tarmoqlariga ulash huquqiga ega emas.
(107-modda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1-martdagi 2007-yil 43-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
108. Ijarachilar (yuridik shaxslar) binoni egallash uchun dalolatnoma olingandan yoki bino (uy) egasi bilan shartnoma tuzilgandan keyin uch kun muddatda ijaraga olingan binoda elektr energiyasidan foydalanish bilan bog‘liq masalalarni hal etish uchun energiya ta’minoti tashkilotiga murojaat qilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
109. Tomonlarning tarmoqlar bo‘linishi chegarasidan abonentlargacha uzluksiz elektr ta’minoti uchun energiya ta’minoti tashkilotlari bilan shartnoma tuzgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va kommunal-foydalanish tashkilotlari javob beradi.
(109-modda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1-martdagi 2007-yil 43-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
XIII. Maishiy abonentlar (aholi) bilan foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish
110. Maishiy iste’molchilar (aholi) xonadonlarda shaxsiy ehtiyojlar uchun, yordamchi xo‘jaliklar, tomorqa bog‘ obyektlarida shaxsiy foydalanish uchun sarflanadigan elektr energiyasi uchun, turmushda qo‘llaniladigan tok qabul qiluvchi quvvati va vazifasidan hamda hisob-kitob elektr hisoblagichlari o‘rnatilgan joydan qat’i nazar, yagona bir stavkali tarif bo‘yicha haq to‘laydilar.
111. Elektr hisoblagich maishiy abonent tomonidan sotib olinadi va davlat tekshiruvi hamda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun energiya ta’minoti tashkilotiga topshiriladi.
Maishiy abonentning joy tayyorligi to‘g‘risidagi buyurtmanomasi bo‘yicha elektr hisoblagich pribori maishiy abonent ishtirokida energiya ta’minoti tashkilotining vakili tomonidan o‘rnatiladi.
112. Energiya ta’minoti tashkiloti bilan kelishgan holda elektr energiyasidan elektr hisoblagichsiz vaqtinchalik foydalanishga ruxsat etiladi, bunda to‘lov o‘rnatilgan tok qabul qilgichlarning quvvati va ularning ishlash soatlari soni bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ushbu holda bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lashga ruxsat beriladi, shundan keyin abonent hisoblagich o‘rnatish uchun uzib qo‘yiladi.
113. Abonent elektr hisoblagichlar ko‘rsatkichlari to‘g‘riligiga shubhalansa, energiya ta’minoti tashkilotiga belgilangan tartibda ariza beradi.
Agar hisoblagich yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan nuqsonlar doirasida ishlayotganligi aniqlansa, abonent hisoblagichni tekshirish yoki almashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘laydi.
114. Maishiy abonentning hisob-kitob elektr hisoblagichini ishga tushirish sxemasi o‘zgartirilganligi, shikastlanganligi, plomba buzilganligi, disk sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yilganligi va elektr energiyasi iste’moli ko‘rsatkichlarini pasaytirish maqsadidagi boshqa qoida buzishlar aniqlanganda, energiya ta’minoti tashkiloti abonent tomonidan oxirgi tekshirish kunidan boshlangan, biroq da’vo berish muddatidan ortiq bo‘lmagan davrda elektr energiyasidan foydalanganlik uchun qayta hisob-kitob qiladi.
115. Hisobga olish elektr hisoblagichiga ega bo‘lmagan abonent to‘lovni hisobga olish elektr hisoblagichi bo‘lmagan vaqt uchun, lekin da’vo arizasidagidan ko‘p bo‘lmagan muddat uchun, energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan tok qabul qiluvchi uskunalarning belgilangan quvvati bo‘yicha aniqlanadigan hisob-kitob miqdoridan kelib chiqqan holda, biroq abonentdagi yuklamani bir yo‘la ishga solish quvvatidan ko‘p bo‘lmagan miqdor uchun amalga oshiradi.
Agar hisobga olish hisoblagichiga ega bo‘lmagan abonent biror-bir sababga ko‘ra mazkur turar joyda vaqtinchalik yashamasa, energiya ta’minoti tashkilotini bu to‘g‘rida yozma ravishda xabardor qilishi shart.
116. Maishiy abonentlardan elektr energiyasi uchun belgilangan tarif qiymatidan ortiqcha biror-bir qo‘shimcha summalar undirish taqiqlanadi.
117. Xonadonlar, xususiy uylar, bog‘ uchastkalari, garajlarda yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi maishiy abonentlar foydalanilgan elektr energiyasi uchun tadbirkorlik ehtiyojlari uchun iste’mol qilish hajmlarini hisobga olish imkoniyati mavjud bo‘lgan taqdirda, tadbirkorlik faoliyati turi (savdo, xizmatlar, tovarlar ishlab chiqarish va boshqalar) bo‘yicha elektr energiyasi iste’molchilarining tarif guruhiga muvofiq haq to‘laydilar.
Bunda tadbirkorlik faoliyati uchun sarflanadigan elektr energiyasini hisobga oluvchi alohida elektr hisoblagich o‘rnatilishi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
118. To‘lov bo‘yicha uch oydan ortiq qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda energiya ta’minoti tashkiloti elektr energiyasini berish to‘xtatilishidan kamida bir oy oldin abonentni ogohlantirish sharti bilan foydalanilgan energiya uchun abonent haq to‘lamaganligi munosabati bilan shartnomani bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechishga haqlidir.
(118-modda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1-martdagi 2007-yil 43-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
Elektr energiyasi berish abonent tomonidan qarz to‘langandan va ulash xarajatlari qoplangandan keyin navbatda turish tartibida tiklanadi.
Elektr energiyasi uchun qarzdorlik bilan bog‘liq bo‘lgan energiya ta’minoti tashkiloti va maishiy abonentlar o‘rtasidagi barcha nizoli masalalar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
119. Energiya ta’minoti tashkilotidan har bir maishiy abonentga “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi tomonidan belgilangan namunadagi hisob-kitob daftarchasi beriladi, elektr energiyasi to‘lovi ular bo‘yicha amalga oshiriladi. Hisob-kitob daftarining har bir varag‘ida kvitansiya va bildirishnoma mavjud bo‘ladi, ularga abonent shaxsiy hisob raqamining tartib raqamining izi tushirilgan bo‘lishi kerak.
To‘lov hujjatining har ikkala qismi (bildirishnoma va kvitansiya) bir xilda, aniq, o‘chirib yozishlarsiz to‘ldirilishi kerak. To‘lov hujjatlarida familiya, manzil, to‘lovning joriy va oldingi sanasi hamda hisoblagichning ularga muvofiq bo‘lgan ko‘rsatkichlari, ko‘rsatkichlar tafovuti va to‘lov summasi ko‘rsatilishi kerak.
120. Ovqat tayyorlash uchun markazlashtirilgan tartibda elektr plitalar bilan jihozlangan uylarda yashovchi maishiy abonentlar elektr energiyasi uchun tegishli tarif bo‘yicha haq to‘laydilar.
121. Hisob-kitob davrida maishiy abonent tomonidan elektr energiyasi iste’mol qilish hajmi abonentda o‘rnatilgan hisobga olish priborlarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniqlanadi.
122. Hisob-kitob elektr hisoblagichlardan ko‘rsatkichlarni yozib olish va oldindan haq to‘lashni hisobga olgan holda to‘lov hujjatlaridan ko‘chirma olish har oyda energiya ta’minoti tashkilotining vakili yoki abonentning o‘zi tomonidan oldindan haq to‘lash, hisob-kitobi qaysi davr uchun amalga oshirilayotganidan qat’i nazar, to‘lov paytida amalda bo‘lgan tarif bo‘yicha amalga oshiriladi.
Agar to‘lov hujjati (bildirishnoma-kvitansiya) energiya ta’minoti tashkilotining vakili tomonidan to‘ldirilsa, u abonentga topshiriladi, abonent bo‘lmagan taqdirda esa — bir xonadonda yoki xususiy uyda u bilan birga yashovchi istalgan voyaga yetgan shaxsga topshiriladi.
123. Agar hisob-kitob hisoblagichi o‘rnatilgan binoni navbatdagi aylanib chiqishda bino yopiq bo‘lsa, energiya ta’minoti tashkilotining vakili oldingi davr uchun elektr energiyasining amaldagi sarfi to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida to‘lov hujjatini to‘ldiradi, bu haqda abonentning shaxsiy hisob raqamida tegishli belgi qayd etiladi.
Energiya ta’minoti tashkilotining nazoratchisi amal qilishining tegishli muddati ko‘rsatilgan, ismi-sharifi yozilgan guvohnomaga ega bo‘lgan taqdirda xonadondagi elektr hisoblagichlarni soat 8.00 dan boshlab soat 20.00 gacha tekshirib ko‘rish huquqiga egadir.
124. Elektr energiyasi uchun oldindan haq to‘lash qurilmasiga ega bo‘lgan hisoblagichlar o‘rnatilgan abonentlar elektr energiyasi uchun elektron kartochkalar yordamida haq to‘laydilar.
Hisob-kitob oldindan haq to‘lash prinsipi bo‘yicha amalga oshiriladi. Haq to‘langan elektr energiyasi miqdorining amaldagi sarfi bo‘yicha abonent elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish punktiga kelishi va elektr energiyasining navbatdagi ulushiga haq to‘lashi kerak.
125. To‘lov hujjati bo‘yicha haq to‘lash abonent tomonidan aholidan to‘lovlarni qabul qiluvchi tashkilot orqali har oyning 1—10-kunlarida amalga oshiriladi.
126. Abonent to‘lov bildirishnomasini mustaqil yozadi va hisob-kitob daftarchasida ko‘rsatilgan qoidalarga muvofiq summani to‘laydi.
To‘lov hujjatlarini to‘ldirish va haq to‘lash paytida abonent tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar ular aniqlanishi davomida da’vo muddati mobaynida energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan hisobga olinadi.
127. Bank hujjatida ko‘rsatilgan sana to‘lov amalga oshirilgan vaqt hisoblanadi.
Agar bildirishnoma, kvitansiya yoki kassa apparati ottiskida ko‘rsatilgan summalar o‘rtasida nomuvofiqlik mavjud bo‘lsa, u holda bank hujjatida (bank shtampida) ko‘rsatilgan summa qabul qilinadi.
128. Aholidan to‘lovlarni qabul qiladigan tashkilot (Xalq banki va boshqa tijorat banklari, “O‘zbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining bo‘limlari) bildirishnomalarni o‘ram va banderollarga jamlaydilar.
Har qaysi banderolda (bank bo‘limi tomonidan muayyan davrda qabul qilib olingan maishiy abonentlar bildirishnomalari to‘plamida) energiya ta’minoti tashkilotiga berish vaqtida yorliq bo‘lishi lozim, yorliqda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
banderolni shakllantirish boshlangan va tugallangan sana;
banderoldagi hujjatlar soni;
qabul qilib olingan to‘lovlarning umumiy summasi;
kassa xizmati ko‘rsatilganligi uchun to‘lov sifatida ushlab qolingan summa;
energiya ta’minoti tashkiloti hisob raqamiga o‘tkaziladigan summa.
Oldingi tahrirga qarang.
129. Maishiy abonentlar to‘lov bo‘yicha bir va undan ko‘p oy uchun qarz mavjud bo‘lganda to‘lov muddati o‘tgan har bir kun uchun 0,1 foiz miqdorida, lekin muddati o‘tgan to‘lov summasining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘laydilar.
(129-modda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1-martdagi 2007-yil 43-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 9-10-son, 85-modda)
130. Arifmetik xatoliklar, tariflarni noto‘g‘ri qo‘llash tufayli paydo bo‘ladigan kam va ortiqcha to‘lovlar amaldagi tarif bo‘yicha kVt.s.da qayta hisoblab chiqiladi va energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan, ularning aniqlanishiga qarab da’vo muddati doirasida, ortib boruvchi yakun bo‘yicha, ko‘rsatkichlardagi tafovut yoki qo‘shimchalar bilan hisobga olinadi.
131. Amaldagi tariflar o‘zgarganda energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan eski tarif bo‘yicha qarzni to‘lash sanasi belgilanadi, bu sana ommaviy axborot vositalari orqali aholiga ma’lum qilinadi.
Ko‘rsatilgan sanadan keyingi kundan boshlab to‘lov faqat yangi tarif bo‘yicha amalga oshiriladi.
132. Agar amaldagi tariflar o‘zgargan davrda eski tarif bo‘yicha to‘lov belgilangan muddatdan keyin amalga oshirilgan bo‘lsa, u holda to‘lov summasi kVt.s.da yangi tarif bo‘yicha qayta hisoblanadi va da’vo muddati doirasida, ortib boruvchi yakun bilan hisobga olinadi.
133. Abonent, o‘z xohishiga ko‘ra, kamida 1 oyga, ammo 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan to‘lab qo‘yishi mumkin, bu holda tarif o‘zgarsa ham, qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi.
134. Bir hisob-kitob davri tugagach hisob-kitob elektr hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini abonent aybi bilan chiqarib olish mumkin bo‘lmaganda, bunda agar abonentning o‘zi energiya ta’minoti tashkilotiga sarflangan elektr energiyasi miqdori va u bo‘yicha to‘langan haq to‘g‘risida ma’lumot taqdim qilmasa, shuningdek oldindan haq to‘lanmagan bo‘lsa, energiya ta’minoti tashkiloti abonentni elektr energiyasi berish to‘xtatilishidan bir oy oldin ogohlantirish sharti bilan abonent tomonidan foydalanilgan energiya uchun haq to‘lanmaganligi sababli shartnomani bajarishni bir tomonlama tartibda rad etishga haqlidir.
135. Qayta hisob-kitoblar quyidagicha: yorituvchi tok qabul qiluvchi asboblarning quvvati va ularni ishlatish soatlari soni bo‘yicha; abonentda shtepsel rozetkalari bo‘lganda (tok qabul qiluvchi asbob va rozetkalar sonidan qat’i nazar) — 600Vt quvvatdan sutkasiga 24 soat foydalanish hisobidan; quvvati 600 Vt dan ortiq bo‘lgan isitish priborlari yoki boshqa elektr uskunalaridan foydalanish hollarida, abonent foydalanayotgan uskunalarni amaldagi quvvati bo‘yicha, ularning sutkasiga 24 soat ishlatilishi hisobidan amalga oshiriladi.
136. Elektr energiyasidan foydalanishda abonent tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoida buzishlar energiya ta’minoti tashkiloti va abonentning ikki nusxadagi ikki tomonlama dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi, uning bir nusxasi abonentga beriladi va ayni bir vaqtda elektr energiyasidan foydalanish qoidasini buzgan abonent elektr energiyasidan uzib qo‘yiladi.
137. Energiya ta’minoti tashkiloti hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdorini dalolatnoma asosida aniqlaydi va abonentga to‘lash uchun qo‘shimcha to‘lov hujjati yozib beradi.
Qoida buzilishi yuzasidan da’vo muddatini hisobga olgan holda to‘lov hujjatini yozishda amaldagi tarif qo‘llanadi.
Abonent energiya ta’minoti tashkilotining qarori yuzasidan norozilik arizasi berish huquqiga ega, biroq bu uni qo‘shimcha to‘lov hujjati bo‘yicha summani belgilangan muddatda to‘lashdan ozod qilmaydi.
Qo‘shimcha to‘lov hujjati bo‘yicha haq 10 kun muddatda to‘lanmaganda energiya ta’minoti tashkiloti abonentni elektr energiyasidan uzib qo‘yadi va abonentdan ko‘rsatilgan summani majburiy tartibda undirish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi beradi.
138. Abonent va energiya ta’minoti tashkiloti o‘rtasida paydo bo‘ladigan nizoli masalalar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
Tomonlar kelishuvga erishmagan taqdirda nizolar sud tartibida hal etiladi.
XIV. Elektr energiyasi iste’molchilari (yuridik shaxslar) va energiya ta’minoti tashkilotining huquq va majburiyatlari
139. Elektr energiyasi iste’molchilari quyidagilarga majbur:
elektr energiyasi va iste’mol qilinadigan quvvat uchun shartnomadagi miqdorning kamida 30 foizi miqdorida oldindan haq to‘lash va iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun yakuniy hisob-kitobni hisob-kitob oyi tugaganidan so‘ng 30 kun mobaynida amalga oshirish;
energiya ta’minoti tashkiloti talabiga ko‘ra quyidagilarni hisobga olish va xabar qilish*:
* Elektr energiyasining sutkalik sarfi va haqiqiy (aktiv va reaktiv) yuklama iste’molchi tomonidan tartib raqami qo‘yilgan va ip bilan tikib muhrlangan daftarga yoziladi.
har sutkalik, har oylik sarflar va iste’mol qilinadigan quvvatning haqiqiy miqdori;
energiya tizimining eng katta va eng kichik yuklamali davrlarida reaktiv energiya va quvvatning har sutkalik sarfi;
energiya tizimining eng katta yuklamasi vaqtida har 30 daqiqadagi aktiv energiya (quvvat) sarfi.
140. Elektr energiyasi iste’molchilari energiya ta’minoti tashkilotidan quyidagilarni talab qilish huquqiga ega:
elektr energiyasini elektr tarmoqlarining bo‘linish chegarasiga shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda yetkazib berish;
elektr tarmoqlarining balans bo‘yicha mansublik chegarasida elektr energiyasining sifat ko‘rsatkichlarini shartnoma va standartlarda belgilangan qiymatda saqlash;
energiya ta’minoti tashkilotining elektr tarmoqlarining rejali ta’mirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi mumkin bo‘lgan uzilishlar to‘g‘risida ogohlantirish;
Oldingi tahrirga qarang.
elektr energiyasining tegishli miqdori uchun oldindan to‘lov amalga oshirilgan taqdirda elektr energiyasining shartnomaviy miqdorini o‘zgartirish. Bunday talabnoma nazarda tutilayotgan o‘zgartirishlardan (joriy oy tugashidan) 10 kundan kechikmay berilishi lozim.
(140-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 32-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2006-y., 8-son, 55-modda)
141. Energiya ta’minoti tashkiloti quyidagilarga majbur:
elektr energiyasini elektr tarmoqlarining bo‘linish chegarasiga shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda yetkazib berish;
elektr energiyasi sifat ko‘rsatkichlarini elektr tarmoqlarining balans bo‘yicha mansublik chegarasida shartnoma va standartlar bilan belgilangan darajada saqlab turish;
energiya ta’minoti tashkilotining elektr tarmoqlarini rejali ta’mirlanishi tufayli elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi mumkin bo‘lgan uzilishlar to‘g‘risida kamida 3 sutka oldin ogohlantirish;
elektr energiyasi berishning rejadan tashqari to‘xtatilishi sabablarini xabar qilish;
hisob-kitob elektr hisoblagichlarini amaldagi davlat normativ hujjatlari talablariga muvofiq almashtirish muddatlarini xabar qilish;
joriy etiladigan cheklashlar haqida cheklashning joriy etilish hajmi va vaqtini ko‘rsatgan holda o‘z vaqtida xabar qilish;
elektr energiyasining energiya ta’minoti tashkiloti va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq iste’molchiga uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash;
iste’molchilarning elektr energiyasining to‘liq berilmaganligi yoki elektr ta’minotidagi boshqa qoida buzilishlari to‘g‘risidagi arizalarini iste’molchidan ariza olingan kundan boshlab 10 kundan kechikmay ko‘rib chiqish va ushbu Qoidalarga muvofiq mufassal javob yuborish;
Oldingi tahrirga qarang.
iste’molchining belgilangan tartibda kiritilgan takliflariga muvofiq besh kun muddatda oylik shartnomaviy miqdorga o‘zgartirishlar kiritish, elektr energiyaning oylik shartnomaviy miqdorini ko‘paytirish (kamaytirish) imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa — bu to‘g‘risida iste’molchiga rad etishning sababini ko‘rsatgan holda yozma shaklda xabar qilish.
(141-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 32-sonli qarori asosida o‘ninchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2006-y., 8-son, 55-modda)
142. Energiya ta’minoti tashkiloti quyidagi hollarda elektr energiya yetkazib berishni to‘xtatish huquqiga ega:
elektr energiyasi elektr iste’molining shartnomadagi miqdoridan ortiqcha sarflanganda yoki elektr iste’molining belgilangan rejimi buzilganda;
elektr energiyasidan elektr iste’moli shartnomasisiz foydalanilganda;
“O‘zstandart” agentligi idoralari tomonidan tekshirilgan iste’mol qilinayotgan elektr energiyasini hisobga olish priborlari bo‘lmaganda;
belgilangan miqdorda oldindan to‘lov to‘lanmaganda;
uskunalar energiya ta’minoti tashkiloti tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganda yoki quvvat shartnomada belgilangan miqdordan oshirib yuborilganda;
uskunalar hisobga olish priborlaridan tashqari ulanganda yoki elektr energiyani hisobga olish sxemasi buzilganda;
Oldingi tahrirga qarang.
foydalanilgan elektr energiyasi uchun haq belgilangan muddatlarda to‘lanmaganda. Elektr energiyasini uzib qo‘yish texnogen va avariya oqibatlariga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘ta xavfli va uzluksiz texnologik jarayonli sanoat korxonalarining muddati o‘tgan qarzdorligi paydo bo‘lgan hollarda, to‘lamaganlik uchun elektr energiyasi uzatishni cheklash energiya ta’minotining texnologik va avariya broni miqdorigacha, to‘liq uzib qo‘yish esa — faqat sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin;
(142-modda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24-fevral 2006-yil 32-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2006-y., 8-son, 55-modda)
energiya ta’minoti tashkilotining vakili hisobga olish priborlariga ko‘rish uchun qo‘yilmaganda.
143. Energiya ta’minoti tashkiloti:
iste’molchi elektr iste’molining belgilangan rejimiga rioya qilmay, elektr iste’moli yoki quvvatning shartnomaviy miqdoridan oshib ketishiga yo‘l qo‘ygan, energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan belgilangan elektr iste’molini cheklash jadvalini bajarmagan sutkalarda past sifatli elektr energiya yetkazib berilganligi uchun;
zaxira manbaini avtomatik ulash (ZMAU), avtomatik qayta ulash (AQU) va avtomatik davrtezlikli o‘chirish (ADO‘)larning ishlash vaqtida elektr energiyani yetkazib berishdagi tanaffuslar uchun iste’molchi oldida moddiy javobgar bo‘lmaydi.
144. Energiya ta’minoti tashkiloti va elektr energiyasi iste’molchilarining shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki zarur darajada bajarmaganlik uchun moddiy javobgarligi qonun hujjatlari va shartnomada belgilanadi.
XV. Reaktiv quvvat va energiya kompensatsiyasi uchun elektr energiyasi bo‘yicha tarifdan chegirmalar va tarifga ustamalar
145. Reaktiv energiya (quvvat) o‘rnini to‘ldirish uchun chegirmalar (ustamalar) bir hisob nuqtasi bo‘yicha o‘rtacha oylik elektr energiyasi iste’moli 30 ming kVtChs dan ortiq bo‘lgan sanoat iste’molchilari va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar, elektrlashtirilgan (elektr energiyasi bilan yuradigan) temir yo‘l va shahar transporti, qishloq xo‘jaligi iste’molchilariga nisbatan tatbiq etiladi.
146. Reaktiv quvvat va energiya o‘rnini to‘ldirish uchun chegirmalar (ustamalar) reaktiv quvvat va energiyani hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari asosida belgilanadi hamda 1 kVAR eng katta yuklama uchun to‘lov va (yoki) iste’mol qilingan 1 kVAR reaktiv energiya uchun to‘lov tarzida undiriladi.
147. Ustamalar energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan iste’molchi ta’minlanadigan elektr tarmoqning katta yuklamali soatlarida abonent shartnomaviy miqdordan ortiqcha reaktiv quvvat va energiya iste’mol qilganda va energotizimning kichik yuklamali soatlarida reaktiv energiya hosil qilinganda qo‘llaniladi.
148. Iste’molchi tomonidan elektr tarmoqning katta yuklamali soatlarida energiya tizimi tarmog‘ida reaktiv energiya hosil qilinganda va elektr tarmoqning kichik yuklamali soatlarida energiya tizimi tarmog‘idan reaktiv energiya iste’mol qilinganda, agar iste’molchi bunday ish rejimida ishlashi zarurati shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lsa, energiya tizimi tomonidan tarifdan chegirmalar taqdim etiladi.
149. Elektr tarmog‘ining katta va kichik yuklamali soatlari — bu sutkaning abonent tomonidan reaktiv quvvatning iste’mol qilinishi tufayli energiya ta’minoti tashkiloti tarmog‘ida elektr energiyasining qo‘shimcha ravishda yo‘qotilishga olib keladigan davrlaridir.
Energiya ta’minoti tashkiloti elektr tarmog‘ining katta va kichik yuklamali soatlarini iste’molchining va u foydalanadigan tarmoqning reaktiv yuklamasi jadvallari asosida har qaysi iste’molchi uchun yakka tartibda belgilashi mumkin.
Har sutkadagi katta va kichik yuklamali soatlar yig‘indisi 24 soatga teng, shu jumladan:
katta yuklamali soatlar — soat 07.00 minutdan soat 23.00 daqiqagacha;
kichik yuklamali soatlar — soat 23.00 minutdan soat 07.00 daqiqagacha.
150. Reaktiv quvvat va energiya iste’moli hamda hosil qilinishi hisobga olish avtomatik tizimlari yoki to‘xtatgichli hisobga olish priborlari yordamida qayd etiladi.
Elektr tarmoqning katta va kichik yuklamali davrlarida kontakt soatlar orqali ishga tushiriladigan to‘xtatgichsiz hisobga olish priborlari ishlatilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Elektrlashtirilgan temir yo‘l va shahar transportini harakatlantirish uchun kuch beradigan podstansiyalar bitta to‘xtatgichsiz hisoblagich bilan jihozlanadi va hisob-kitoblar reaktiv energiya iste’moli yoki hosil qilinishi yig‘indisi uchun tarifga belgilangan ustamalarga muvofiq amalga oshiriladi.
151. Iste’molchining amaldagi reaktiv quvvati ustidan nazorat elektr tarmog‘ining katta yuklamali soatlarida 30 daqiqali eng katta reaktiv yuklamani qayd etadigan elektr hisoblagich yoki boshqa hisobga olish priborlari bo‘yicha amalga oshirilishi kerak. Reaktiv quvvatning eng katta miqdorini energiya tizimining eng katta yuklamali soatlarida qayd etishga ruxsat beriladi.
Ta’minlovchi liniyalar bir nechta bo‘lsa hisobga olinadigan reaktiv quvvat sifatida, maxsus uskuna — jamlagich bilan aniqlanadigan 30 daqiqalik jami reaktiv energiyasining eng katta miqdori qabul qilinadi.
Jamlagich bo‘lmasa, jami yuklamaning eng katta qiymati har bir ta’minlovchi liniya bo‘yicha elektr hisoblagichning ko‘rsatuvchi elementlari vositasida qayd etilgan eng katta miqdorlarning yig‘indisi sifatida aniqlanadi.
Energiya tizimi tomonidan iste’molchini elektr tarmoqning katta yuklamali soatlarida reaktiv energiyani hosil qilish va (yoki) uning kichik yuklamali soatlarida reaktiv energiyadan majburiy iste’mol qilish zarurati aniqlansa, energiyani hisobga olish usuli energiya ta’minoti tashkiloti va iste’molchi o‘rtasida kelishiladi hamda shartnomada aks ettiriladi.
152. Sanoat iste’molchilari va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan foydalanish shartnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
elektr tarmoqning katta yuklamali soatlarida energiya tizimi tarmog‘idan 1 oyda iste’mol qilinadigan reaktiv quvvatning iqtisodiy qiymati;
elektr tarmoqning katta yuklamali soatlarida energiya tizimi tarmog‘idan iste’mol qilinadigan 30 daqiqalik reaktiv quvvatning iqtisodiy qiymati;
reaktiv energiyaning elektr tarmoqning katta yuklamali soatlarida va (yoki) reaktiv energiyani shu soatlarda 1 oy ichidagi iste’molining texnikaviy chegaralari. Bu chegaralardan oshib ketganda energiya ta’minoti tashkiloti elektr energiyaning hisob nuqtasida quvvatning elektr energiyadan foydalanish shartnomasida elektr tarmoqning eng katta yuklamali soatlari uchun belgilangan darajasidan pasayib ketishi uchun javob bermaydi;
elektr tarmog‘ining katta yuklamali soatlarida energiya tizimiga bir oyda hosil qilingan va (yoki) uning kichik yuklamali soatlarida majburiy iste’mol qilingan reaktiv energiyaning chegaraviy qiymatlari.
Elektr tarmog‘ining katta yuklamali soatlarida reaktiv energiya va quvvatning iqtisodiy qiymati, aynan shu soatlarda reaktiv quvvat va (yoki) reaktiv energiya iste’molining bir oydagi texnik chegaralari energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan energiya tizimining har qaysi to‘plami bo‘yicha tizim hisob-kitobidagi abonentlarni ta’minlaydigan taqsimlash tarmoqlari rejimlarining hisob-kitobiga asosan belgilanadi.
Yuqorida qayd etilgan hisob-kitob mavjud bo‘lmaganda to‘lov faqat haqiqiy iste’mol qilingan reaktiv energiya uchun, qo‘shilgan qiymat solig‘isiz, aktiv energiya uchun amaldagi tarifning 5 foiziga teng narx bo‘yicha undiriladi.
153. Elektrlashtirilgan temir yo‘l transportining harakatlantiruvchi podstansiyalari va metropolitenning podstansiyalari tomonidan elektr energiyasidan foydalanish shartnomasida reaktiv energiya iste’mol qilishning bir oydagi iqtisodiy qiymati va texnik chegarasi ko‘rsatiladi.
Temir yo‘l transportining o‘zgarmas va o‘zgaruvchan tokli harakatlantiruvchi podstansiyalari tomonidan reaktiv energiya iste’mol va hosil qilinishining iqtisodiy qiymati va texnik chegarasi kontakt tarmoqda ulangan harakatlantiruvchi podstansiyalar uchun yig‘indi tarzida ko‘rsatiladi, ularning energiya iste’moli uchun hisob-kitoblari bitta energiya ta’minoti tashkiloti bilan amalga oshiriladi.
154. Agar reaktiv energiya va quvvatning iste’mol va hosil qilinishi avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlari yoki eng katta yuklamani qayd etuvchi hisobga olish priborlari bilan yozib boriladigan bo‘lsa, 1 oydagi reaktiv energiya iste’mol va hosil qilishning hamda elektr tarmoqning katta yuklamali soatlarida reaktiv quvvatning iqtisodiy qiymati va texnik chegaralari shartnomada yil choraklari bo‘yicha yoki har oyda qayd etiladi.
155. Agar elektr energiyasini hisobga olish nuqtasi iste’molchiga tegishli bo‘lgan transformatorning past kuchlanishli tomonida bo‘lsa, iste’molchi transformatordagi reaktiv quvvat va energiya yo‘qotilishi uchun shartnomada belgilangan tarif bo‘yicha haq to‘laydi.
XVI. Elektr energiyasi sifati uchun elektr energiyasi tarifidan chegirmalar va unga ustamalar
156. Elektr energiyasi sifati uchun tarifdan chegirmalar (unga ustamalar) amaldagi tariflar bo‘yicha belgilanadi. Elektr energiyasi sifati uchun tariflarga ustamalar jarima sanksiyasi hisoblanmaydi va shartnomaga muvofiq undiriladi.
157. Elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarda qo‘llanadigan elektr energiyasining sifat ko‘rsatkichlari (ESK) ro‘yxati energiya tizimi va iste’molchining birgalikdagi takliflari asosida belgilanadi, boshqa tomonning roziligi talab qilinmaydi.
158. Agar iste’molchining elektr energiyasi sifati yomonlashuvidagi haqiqiy ulushi yo‘l qo‘yiladigan darajadan oshsa, u holda sanksiyaning muayyan miqdori tarifga ustama, aks holda — tarifdan chegirma hisoblanadi.
159. Har qaysi ESK bo‘yicha chegirmalar (ustamalar) miqdori ko‘rib chiqilayotgan ESKning hisob-kitob davridagi nisbiy jami chiqish davomiyligi ko‘rsatkichlariga (T1 va T2) qarab yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tegishlicha normal va eng katta qiymatlari uchun hisoblanadi. T1 va T2 qiymatlari o‘lchash vaqti davomida aniqlanadi, o‘lchash vaqtining davomiyligi har bir ESK bo‘yicha shartnomada belgilanadi, lekin u 1 ish sutkasidan kam bo‘lmasligi kerak. Avtomatlashtirilgan o‘lchash vositalari mavjud bo‘lganda T1 va T2 qiymatlari uzluksiz ravishda o‘lchanishi lozim. Davriy o‘lchashlar amalga oshirilganda o‘lchash natijalari tatbiq etiladigan hisoblash o‘tkaziladigan vaqt oralig‘i energiya ta’minoti tashkiloti va iste’molchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha (lekin bir chorakdan kam emas) belgilanadi va shartnomada qayd etiladi.
160. Iste’molchining shartnomada qayd etilgan har qaysi ESK bo‘yicha elektr energiyasi sifati yomonlashuvidagi haqiqiy ulushlari qiymati epizodik o‘lchashlar asosida belgilanadi va o‘lchash bayonnomasiga yoziladi. Haqiqiy ulushlarning ushbu qiymatlaridan tomonlardan biri ularni qayta ko‘rib chiqish masalasini qo‘ygunga qadar foydalaniladi.
161. ESKni o‘lchash energiya ta’minoti tashkiloti va iste’molchi tomonidan birgalikda, shartnomada belgilangan muddatlarda o‘tkaziladi. Shartnomada o‘lchashlar davriyligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar bo‘lmaganda, shuningdek iste’molchining yoki energiya tizimining ish sharoitlari keskin o‘zgarganda o‘lchashlar istalgan tomonlardan birining tashabbusiga ko‘ra o‘tkazilishi mumkin. Boshqa tomon o‘lchashlarni o‘tkazishning aniq sanasini 3 kun muddatda kelishib olishi kerak. O‘lchashlar tashabbus ko‘rsatgan tomonning murojaatidan keyin 10 kun muddatda bajarilishi lozim.
162. Kuchlanishdagi tafovutlar nosinusoidallik koeffitsiyentlari va kuchlanishdagi o‘zgarishlar energiya ta’minoti tashkiloti va iste’molchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha yo fazalardan bittasida, yoxud barcha fazalarda o‘lchanadi. Barcha fazalarda o‘lchashda T1 va T2 o‘rtacha miqdor sifatida aniqlanadi.
163. Iste’molchining elektr energiyasi sifati yomonlashuvidagi haqiqiy ulushini aniqlash tartibi elektr energiyasidan foydalanish shartnomasida ko‘rsatiladi.
XVII. Elektr energiyasi berishni cheklash yoki to‘xtatish shartlari
164. Elektr energiyasi iste’molchiga uning bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq beriladi.
Elektr energiyasi iste’molini cheklash, shuningdek iste’molchilar yuklamalari jadvallarini tartibga solish tadbirlarini amalga oshirish “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan tartibda amalga oshiriladi.
Iste’molchilarning elektr energiyasi iste’mol qilishini cheklash abonent bilan kelishilgan cheklashlar jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi.
165. Energiya tizimida quvvat va energiya tanqisligi paydo bo‘lganda quvvat va iste’mol bo‘yicha cheklash va uzib qo‘yish jadvallari joriy etiladi.
166. Quvvat va elektr iste’moli bo‘yicha cheklash va uzib qo‘yish jadvallari iste’molchilar tomonidan energiya ta’minoti tashkiloti bilan birgalikda ishlab chiqiladi hamda joylardagi shahar va viloyatlar hokimliklari rahbarlari bilan kelishiladi.
167. Elektr energiyasini cheklash va uzib qo‘yish jadvallari energiya tizimida elektr energiya va quvvat tanqisligi hollarida elektr stansiyalari va elektr tarmoq uskunalarining yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan sharoitlarda ishlashining oldini olish, energiya tizimining barqaror parallel ishlashini ta’minlash, avariyalar yuzaga kelishining oldini olish hamda iste’molchilarning tartibsiz uzib qo‘yilishini bartaraf etish uchun tuziladi.
168. Elektr energiyasi iste’molini cheklash va uzib qo‘yish jadvallari “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining energiya ta’minoti tashkilotlari tomonidan iste’molchilar bilan birgalikda, tashkilotning texnologik va avariya bronini belgilash dalolatnomasi asosida tuziladi hamda ularni bajarish ushbu jadvallarga kiritilgan barcha iste’molchilar uchun majburiy hisoblanadi.
169. Elektr energiyasi iste’molini cheklash va uzib qo‘yish jadvallari joriy yilning 1-oktabridan keyingi yilning 1-oktabrigacha bo‘lgan davr uchun tuziladi va iste’molchilarga ma’lum qilinadi.
170. Quyidagi turdagi jadvallar tuziladi:
energiya tizimida yoqilg‘i yoki gidroresurslar yetishmaganda elektr energiya (kVtChs da) iste’molini cheklash jadvali. Jadvalda elektr energiya iste’molini texnologik brongacha, keyinchalik esa avariya bronigacha (cheklashga mansub bo‘lmagan obyektlardan tashqari), iste’molni 5 ta teng navbatga bo‘lgan holda qisqartirilishi ko‘zda tutilishi lozim;
energiya tizimida quvvat yetishmaganda quvvat (kVt da) iste’molini cheklash jadvali. Jadvalda energiya tizimining ertalabki va kechki eng katta yuklamalari o‘tishi soatlarida iste’mol qilinadigan quvvatni, uni 5 ta teng navbatga bo‘lgan holda avariya bronigacha kamaytirilishi ko‘zda tutilishi lozim;
quvvatni cheklash va uzib qo‘yish jadvallarini kiritish uchun vaqt bo‘lmaganda yuzaga kelgan quvvat yetishmasligi oqibatida avariya paydo bo‘lishi xavfida qo‘llaniladigan elektr energiyaning uzib qo‘yish jadvali. Jadvalda, uzib qo‘yilishi mumkin bo‘lmagan obyektlardan tashqari, energiya tizimi iste’molchilari iste’mol qiladigan quvvatni, 5 ta teng navbatga bo‘lgan holda to‘liq uzib qo‘yish ko‘zda tutilishi lozim.
Bundan tashqari, energiya tizimi elektr energiyasi uzatish liniyasidan energiya oladigan iste’molchilarni uzib qo‘yishning maxsus jadvalini ishlab chiqadi.
Elektr energiyani uzib qo‘yish jadvaliga va maxsus jadvalga asosan avtomatik qurilmalarga, teleboshqarishga yoki doimiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va ishonchli telefon aloqasiga ega bo‘lgan podstansiyalar kiritilishi lozim. Iste’molchilar elektr energiyani iste’mol qilishda elektr ta’minotining avariya bronigacha cheklab qo‘yilishi mumkin.
171. Cheklash va uzib qo‘yish jadvallarini amalga kiritish tartibi quyidagicha:
elektr energiyasi va quvvat iste’molini cheklash va uzib qo‘yish jadvallari “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining farmoyishi bilan amalga kiritiladi. Dispetcherlik boshqaruvining barcha darajalarida elektr energiyasi iste’molini cheklashni joriy etish yuzasidan farmoyishlar operativ daftarga cheklashning miqdori, boshlanish va tamom bo‘lish vaqti yozilgan holda beriladi;
energiya ta’minoti tashkiloti iste’molchilarga keyingi sutkalarda elektr energiyasi iste’molini cheklash jadvallarining amalga kiritilishi to‘g‘risida joriy sutkaning soat 14.00 dan kechikmay, cheklashning miqdorini, boshlanish va tamom bo‘lish vaqtini ko‘rsatgan holda ma’lum qiladi.
Elektr energiyasi iste’molini cheklash jadvallarini shoshilinch ravishda joriy etish zarur bo‘lganda, bu haqdagi bildirishnoma, sutkaning vaqtidan qat’i nazar, cheklashning amal qilishi boshlanishidan 1 soat oldin iste’molchilarga yetkaziladi.
Uzib qo‘yish jadvallari iste’molchilar tomonidan energiya ta’minoti tashkilotidan uzib qo‘yish jadvallari joriy etilishi to‘g‘risidagi bildirishnoma olingandan keyin darhol joriy etiladi.
Elektr energiyasi iste’molini uzoq davrga kamaytirish zarur bo‘lganda quvvatni uzib qo‘yish jadvaliga teng bo‘lgan elektr energiyasi va quvvati iste’molini cheklash jadvali amalga kiritiladi.
Cheklash va uzib qo‘yish jadvaliga kiritilgan tashkilotlar va muassasalar, shu jumladan uzluksiz texnologik ishlab chiqarishga ega bo‘lgan tashkilotlar (cheklash va uzib qo‘yishga tegishli bo‘lmagan obyektlardan tashqari) rahbarlari cheklash va uzib qo‘yish jadvallarining energiya ta’minoti tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan muddatda so‘zsiz bajarilishini tashkil etishlari shart, aks holda ular uzib qo‘yish va cheklash jadvallarini bajarilmaganligi va energiya markazlaridan majburiy uzib qo‘yish oqibatlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Energiya ta’minoti tashkiloti elektr energiyasi va quvvatini cheklash jadvallarini amalga kiritish to‘g‘risidagi farmoyish iste’molchilar tomonidan bajarilmaganda, ogohlantirishdan keyin, iste’molchilarga elektr energiyasi va quvvati iste’molini belgilangan darajada kamayishini ta’minlaydigan miqdorda elektr energiyasi berishni majburiy ravishda cheklaydi.
XVIII. Blok-stansiyaga ega bo‘lgan iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlar
172. Energiya tizimining elektr tarmog‘iga bevosita yoki abonentlar tarmog‘i orqali ulangan sanoat va idora iste’molchilarining elektr stansiyalari blok-stansiyalar hisoblanadi. Ular o‘zaro kelishilgan qarorlar bo‘yicha ishlashi kerak va energiya tizimining yagona operativ-dispetcherlik boshqaruviga bo‘ysunishlari shart.
Blok-stansiyalar bo‘yicha elektr energiyasini ishlab chiqarish yillik rejalari va blok-stansiyalar tomonidan energiya tizimiga elektr energiyasi berish yillik rejalari energiya ta’minoti tashkiloti va blok-stansiya shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi va tasdiqlanadi.
Blok-stansiyalar tomonidan energiya ta’minoti tashkiloti tarmog‘iga elektr energiyasi berilishi shartnomaga muvofiq belgilanadi.
173. Energiya ta’minoti tashkilotining dispetcherlik xizmati shartnomada kelishilgan oylik rejaga muvofiq blok-stansiyaga har bir sutka uchun yuklama va energiya tizimi tarmog‘iga elektr energiyasi berish jadvalini belgilaydi.
Blok-stansiya tomonidan yuklama dispetcherlik jadvali bilan belgilangan miqdordan kamaytirilsa, energiya ta’minoti tashkiloti blok-stansiyaga ega bo‘lgan sanoat korxonasi bo‘yicha, blok-stansiya tomonidan yuklama kamaytirilgan miqdorda quvvatga cheklashlar kiritish huquqiga ega, blok-stansiya yuklamasining kamayishiga fors-major vaziyatlari sabab bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
174. Energiya ta’minoti tashkiloti tarmog‘iga beriladigan, shuningdek energiya ta’minoti tashkilotidan iste’mol qilinadigan aktiv va reaktiv elektr energiyasi va quvvatni hisobga olish blok-stansiya o‘rnatgan, teskari aylanishi tormozlangan hisoblagichlar bilan amalga oshiriladi.
Elektr hisoblagichlarning ma’lumotlari energiya ta’minoti tashkilotiga foydalanish uchun beriladi.
Blok-stansiyaga tegishli bo‘lgan energiya miqdorini oshiruvchi transformatorlarda elektr energiyasining yo‘qotilishi elektr energiyasini tuman tarmog‘iga berishda ham, elektr energiyasini energiya ta’minoti tashkilotidan olishda ham blok-stansiya hisobiga tegishli bo‘ladi.
175. Blok-stansiyaga ega bo‘lgan iste’molchi elektr energiyasini energiya ta’minoti tashkiloti tarmog‘iga berganda va elektr energiyani energiya ta’minoti tashkilotidan olganda energiya ta’minoti tashkiloti va mazkur iste’molchi o‘rtasidagi hisob-kitoblar hisob-kitob davridagi elektr energiyasining saldo miqdori uchun amalga oshiriladi.
176. Iste’molchi tomonidan o‘z blok stansiyasidan energiya ta’minoti tashkiloti tarmog‘iga berilgan elektr energiyasi miqdori energiya ta’minoti tashkilotidan olingan elektr energiyasi miqdoridan ortiq bo‘lsa, elektr energiyasining saldo miqdori uchun haq energiya ta’minoti tashkiloti tomonidan hisob-kitob tarifi bo‘yicha to‘lanadi.
Blok-stansiyalar tomonidan energiya tizimlari tarmog‘iga beriladigan elektr energiyasi uchun hisob-kitob tariflari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda belgilanadi.
Agar blok-stansiyaga ega bo‘lgan iste’molchi tomonidan energiya ta’minoti tashkiloti tarmog‘iga berilgan elektr energiyasi miqdori, u energiya ta’minoti tashkilotidan olgan energiyadan kam bo‘lsa, u holda iste’molchi elektr energiyasining saldo miqdori uchun haqni iste’molchilarning u mansub bo‘lgan guruhi uchun belgilangan tarif bo‘yicha to‘laydi.
177. Blok-stansiya tomonidan energiya ta’minoti tashkiloti tarmog‘iga berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
178. Tuman tarmog‘iga elektr energiyasining blok-stansiya aybi bilan to‘liq berilmagan miqdori kelishilgan shartnomadagi miqdor va tarmoqqa haqiqiy berilgan elektr energiyasi miqdori o‘rtasidagi farq bo‘yicha aniqlanadi.
179. Blok-stansiya fors-major holatlari (yong‘inlar, suv taqchilligi, suv toshqinlari, elektr tarmoqlarida momaqaldiroqdan himoyalovchi vositalar mavjud bo‘lgandagi momaqaldiroq, yaxmalak, bo‘ron, qor bo‘roni, qor ko‘chkilari va shu kabilar) tufayli elektr energiyasi berishdagi uzilishlar uchun javob bermaydi.
180. Agar energiya ta’minoti tashkiloti tarmog‘iga berilgan elektr energiyasi miqdori energiya ta’minoti tashkilotidan olingan elektr energiyasi miqdoridan ortiq bo‘lsa, blok-stansiyaga ega bo‘lgan iste’molchi energiyani iste’molchiga to‘g‘ridan to‘g‘rishartnoma bo‘yicha berish huquqiga ega bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining
2005-yil 27-yanvardagi 32-son qaroriga
2-ILOVA
2005-yil 27-yanvardagi 32-son qaroriga
2-ILOVA
Issiqlik energiyasidan foydalanish
QOIDALARI
QOIDALARI
I. Asosiy tushunchalar va atamalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar va atamalardan foydalanilgan:
issiqlik energiyasini qabul qiluvchi — issiqlik energiyasini qabul qilib olish va undan foydalanish uchun mo‘ljallangan qurilma yoki uskuna;
issiqlik ta’minoti tashkiloti — issiqlik energiyasini shartnoma bo‘yicha sotish va taqsimlash huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxs;
issiqlik ta’minoti tashkilotining abonenti — issiqlik ta’minoti tashkiloti tarmoqlariga bevosita ulangan va u bilan issiqlik tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasiga ega bo‘lgan iste’molchi, uning issiqlik energiyasidan foydalanish huquqi issiqlik ta’minoti tashkilotining iste’molchi yoki uning yuqori tashkiloti bilan shartnomasida kelishilgan bo‘ladi;
issiqlik ta’minoti tashkilotining subabonenti — issiqlik ta’minoti tashkilotining roziligi bilan abonentning issiqlik tarmoqlariga bevosita ulangan va abonent bilan issiqlik energiyasidan foydalanish yuzasidan shartnomaga ega bo‘lgan iste’molchi. Energiya subabonentga berilganda abonent issiqlik ta’minoti tashkiloti oldida Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha javobgar hisoblanadi;
issiqlik tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasi — issiqlik tarmog‘ining issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan abonent o‘rtasidagi bo‘linish nuqtasi, u issiqlik tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik chegarasi bilan aniqlanadi;
hisobga olish nuqtasi — issiqlik bilan ta’minlash sxemasidagi nuqta, unda o‘lchash pribori (hisoblagich, hisobga olish tizimi va shu kabilar) yordamida yoki boshqacha usulda issiqlik energiyasi sarfi miqdori aniqlanadi;
hisobga olishni nazorat qilish pribori — nazorat qilish uchun foydalaniladigan hisobga olish pribori, uning ko‘rsatkichlari asosida tarmoqning mazkur nuqtasidagi issiqlik energiyasi sarfi aniqlanadi;
issiqlik energiyasini hisobga olish pribori — Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari hamda Yoqilg‘i va energiyani hisobga olish priborlari bilan jihozlash, ulardan foydalanish qoidalariga muvofiq o‘rnatiladigan hisobga olish priborlari;
hisob-kitob davri — issiqlik energiyasining iste’mol sarfi (hajmi) aniqlanishi, iste’mol qilingan issiqlik energiyasi uchun iste’molchi va issiqlik ta’minoti tashkiloti o‘rtasida o‘zaro hisob-kitob qilinishi kerak bo‘lgan vaqt davri (oy). Tomonlar bilan kelishilgan hisob-kitob davri shartnomada ko‘rsatiladi;
oraliq hisob-kitob — hisob-kitob davri mobaynida iste’mol qilingan energiya va quvvat uchun to‘lovchi abonent tomonidan qisman haq to‘lash;
yakuniy hisob-kitob — hisob-kitob davri tugagach iste’mol qilingan energiya va quvvat uchun to‘lovchi abonent bilan hisob-kitob qilish;
to‘lov hujjati — to‘lov talabnomasi, uning asosida issiqlik ta’minoti tashkilotining hisob-kitob raqamiga pul mablag‘lari o‘tkaziladi, shuningdek u bo‘yicha to‘lov naqd pul bilan amalga oshiriladigan bildirishnoma;
ulgurji iste’molchi — qayta sotuvchi — issiqlik ta’minoti tashkiloti abonenti sifatida chiquvchi, balansida o‘zining issiqlik tarmog‘i bo‘lgan va issiqlik ta’minoti tashkilotidan va elektr stansiyalaridan issiqlik energiyasini ulgurji xarid qiluvchi va uni shartnoma bo‘yicha turli iste’molchilarga qaytadan sotuvchi xo‘jalik hisobidagi ixtisoslashgan tashkilot;
issiqlik energiyasi iste’molining shartnomaviy miqdori — tegishli hisob-kitob davrida abonent tomonidan iste’mol qilinadigan energiyaning energiya ta’minoti tashkiloti bilan abonent o‘rtasidagi shartnomada belgilangan miqdori;
issiqlik bilan ta’minlashdagi tanaffus (uzib qo‘yish) — iste’molchiga issiqlik energiyasi berishni to‘xtatish, avtomatik qurilmalarning muvaffaqiyatli ishlashi tufayli yoki iste’mol qilishning cheklanishiga olib kelmaydigan, bir vaqtning o‘zida bir nechta liniyalar bo‘yicha energiya oluvchi iste’molchilar uchun bitta yoki bir nechta issiqlik ta’minoti liniyalarining uzib qo‘yilishi tufayli sodir bo‘ladigan tanaffuslar bundan mustasno;
cheklash — shartnomada nazarda tutilgan tadbirlarning qo‘llanishi oqibatida muayyan oraliq vaqt davomida, shuningdek issiqlik ta’minoti tashkilotining issiqlik tarmoqlarida fors-major holatlar tufayli paydo bo‘lgan avariya rejimlari vaqtida iste’molchiga issiqlik energiyasi berish miqdorining kamayishi;
yetarli miqdorda berilmagan issiqlik energiyasi (kam berish) — issiqlik ta’minotidagi tanaffus, shu jumladan uzib qo‘yish va cheklash vaqtida iste’molchi to‘liq olmagan issiqlik energiyasi miqdori;
issiqlik energiyasi sifati — issiqlik tarmog‘ining taqsimlanish chegarasida energiya ko‘rsatkichlarining standartlashtirish bo‘yicha qonun hujjatlarida yoki issiqlik ta’minoti shartnomasida belgilangan talablarga muvofiqligi;
issiqlik ta’minotining texnologik broni — texnologik jarayonni, ishlab chiqarish siklini tugallash uchun zarur bo‘lgan issiqlik quvvati yoki energiya sarfi (hajmi);
issiqlik ta’minotining avariya broni — mulkchilikning barcha shakllaridagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning uskunalarni saqlash, odamlar hayoti xavfsizligini ta’minlash uchun qisman yoki to‘liq to‘xtatishida avariya va qo‘riqlash yoritgichlarini saqlash, shamollatish, suv haydash, suv ta’minoti, isitish, yong‘in xavfsizligi vositalari uchun zarur bo‘lgan eng kam issiqlik quvvati yoki energiya sarfi;
rejali uzib qo‘yish — issiqlik ta’minoti tashkilotining energiya qurilmalarini rejali — ehtiyotan ta’mirlash jadvali bo‘yicha ta’mirlash yoki profilaktika qilish davrida abonentlar bilan oldindan kelishilgan va ularni (kamida 3 sutka oldin) ogohlantirgan holda iste’molchiga energiya berishni to‘liq yoki qisman to‘xtatishi, agar shartnomada boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa.
II. Umumiy qoidalar
2. Mazkur Qoidalar “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”, “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq ishlab chiqilgan va issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik energiyasi iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarini belgilaydi hamda ham issiqlik ta’minoti tashkilotlari, ham issiqlik energiyasi iste’molchilari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Mazkur Qoidalarning amal qilishi aholiga maishiy maqsadlar uchun issiqlik energiyasi berish bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
3. Sanoat mahsuloti turi sifatida issiqlik energiyasi berish issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan issiqlik qurilmalari issiqlik ta’minoti tashkilotining tarmoqlariga bevosita ulangan iste’molchi (abonent) o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida mazkur Qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi. Namunaviy shartnomalar shakllari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqiladi hamda belgilangan tartibda Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi) tomonidan tasdiqlanadi.
Subabonentlar abonent bilan issiqlik energiyasidan foydalanish uchun shartnomani, abonent tomonidan issiqlik ta’minoti tashkilotining roziligi olingandan keyin tuzadilar.
Abonent va issiqlik ta’minoti tashkiloti o‘rtasidagi shartnomada quyidagilar nazarda tutiladi:
shartnoma mavzusi;
iste’mol qilishning belgilangan rejimlariga rioya qilish va issiqlik energiyasi sifati ko‘rsatkichlarini kelishib olish majburiyati;
issiqlik tarmoqlari va issiqlik uskunalarining balans bo‘yicha mansublik chegaralari;
issiqlik energiyasiga haq to‘lash bo‘yicha iste’molchilarning tarif guruhlari;
abonentning tarmog‘iga ulangan subabonentlar (iste’molchining nomi, bir soatdagi eng yuqori yuklama, issiqlik iste’moli, oylar bo‘yicha qaytariladigan kondensat (tonna va foizlarda) miqdori, hisobga olish priborlari, tariflar va boshqa ma’lumotlar);
iste’molchining tasarrufidagi issiqlik tarmoqlari va issiqlik energiya uskunalaridan, hisobga olish priborlaridan foydalanishning xavfsizligini va sozligini hamda issiqlik ta’minotining ishonchliligini ta’minlash;
alohida shartlar;
ahdlashuvchi tomonlarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
tomonlarning rekvizitlari.
Oldingi tahrirga qarang.
Tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan majburiy xizmat ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan iste’molchilarga issiqlik energiyasi sotishda shartnomada ushbu iste’molchilarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlashning eng kam darajasi ham nazarda tutilishi kerak.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 4-fevraldagi 33-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2009-y., 6-son, 53-modda)
4. Issiqlik energiyasiga tarif o‘zgargan taqdirda, sanasidan qat’i nazar, shartnoma o‘z kuchida qoladi va iste’molchi olingan issiqlik energiyasi uchun yangi tarif joriy etilgan kundan boshlab yangi tarif bo‘yicha haq to‘lashga majburdir.
5. Tomonlar shartnoma tuzish, uni o‘zgartirish, bekor qilish yoki uzaytirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va mazkur Qoidalarga amal qiladilar.
6. Abonent o‘z issiqlik tarmoqlariga boshqa subabonentlarni, faqat issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan kelishgan holda ulashi hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash yuzasidan ular bilan shartnoma tuzishi mumkin.
7. Korxonalar va tashkilotlar uchun bug‘ va issiq suv sifatida issiqlik energiyasi berishning bir soatdagi eng ko‘p miqdori elektr stansiyalari (bug‘ qozonxonalari)ning texnik imkoniyatlariga, bug‘ va issiqlik quvurlarining o‘tkazish quvvatiga qarab issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan belgilanadi hamda shartnomada qayd etiladi.
Iste’molchi tomonidan iste’mol qilinayotgan issiqlik energiyasining shartnomada ko‘rsatilgan miqdorini ko‘paytirishga faqat iste’molchi tomonidan texnik shartlar bajarilgandan va uning iltimosiga ko‘ra shartnomaga tegishli o‘zgartirish kiritilgandan keyin issiqlik ta’minoti tashkiloti ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.
8. Yangi issiqlik qurilmalarini foydalanishga topshirish va yangi subabonentlarni ulash, issiqlik qurilmasidan foydalanish “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgandan keyin issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
9. Issiqlik energiyasini qayta sotuvchi yoki o‘z tarmoqlari orqali beruvchi tashkilotlar (ulgurji iste’molchilar — qayta sotuvchilar, abonentlar) keyingi yillarda issiqlik energiyasining o‘rtacha iste’moli tahlili asosida aniqlanadigan o‘z issiqlik tarmoqlariga ulangan boshqa obyektlarning issiqlik energiyasi iste’molini hisobga olgan holda issiqlik energiyasining umumiy (yig‘ma) miqdori yuzasidan issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan shartnoma tuzadilar.
10. Issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan issiqlik energiyasini qayta sotuvchi tashkilotlarning o‘zaro munosabatlari mazkur Qoidalar va ular o‘rtasida issiqlik energiyasi berish yuzasidan tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.
11. Issiqlik ta’minoti tashkiloti abonentga issiqlik energiyasini ulangan tarmoq orqali issiqlik energiyasi ta’minoti shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va tomonlar o‘zaro kelishgan issiqlik energiyasi sifati va rejimiga rioya qilgan holda berishga majburdir.
Iste’molchida “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi tomonidan issiqlik energiyasidan nooqilona foydalanish (imzolangan dalolatnomaga muvofiq), issiqlik energiyasini tejash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini bajarmaslik holatlari aniqlanganda, issiqlik ta’minoti tashkiloti ushbu holatlardan kelib chiqib, issiqlik energiyasi iste’molining shartnomaviy miqdorini kamaytirish huquqiga ega.
12. Issiqlik ta’minoti tashkiloti tizimidagi avariyalarning oldini olish va ularni bartaraf etish yoki odamlarning xavfsizligini ta’minlash ishlari bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ko‘rish zarur bo‘lganda va foydalanilgan issiqlik energiyasi uchun haq to‘lanmaganda, iste’molchi bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq uni darhol xabardor qilgan holda issiqlik energiyasi berishda tanaffusga yoki cheklashga yo‘l qo‘yiladi.
13. Iste’molchilarning issiqlik qurilmalari ustidan davlat nazorati va tekshiruv qonun hujjatlariga muvofiq “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
14. Issiqlik energiyasi isrof qilib sarflanganligi va iste’molchining avariya xavfi tug‘diradigan yoki odamlarning hayotiga xavf soladigan issiqlik qurilmalarining qoniqarsiz texnik holati uchun “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi issiqlik energiyasi berishni to‘xtatib qo‘yish huquqiga ega.
15. Maxsus qoidalar bo‘yicha foydalaniladigan issiqlik qurilmalari ustidan energetika nazorati amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
16. Davlat energetika nazoratining amalga oshirilishi abonentlarni foydalanilayotgan issiqlik tarmoqlari, priborlar va uskunalarning zarur texnik holati va xavfsizligi ta’minlanishi, issiqlik energiyasi iste’molining belgilangan rejimiga rioya qilinishi uchun javobgarlikdan, shuningdek energiyadan foydalanishda paydo bo‘ladigan avariyalar, yong‘inlar, issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining nosozliklari va boshqa qoida buzishlar to‘g‘risida issiqlik ta’minoti tashkilotini darhol xabardor qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
17. Issiqlik tarmoqlari, pribor va uskunalarning texnik holatiga va ulardan foydalanishga nisbatan qo‘yiladigan talablar, shuningdek ularga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
18. Mazkur Qoidalar buzilganligi uchun javobgarlik “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, Fuqarolik kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq issiqlik ta’minoti tashkiloti va iste’molchi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
III. Iste’molchilarning issiqlik energiyasi qurilmalari ulanishiga qo‘yiladigan texnik shartlar
19. Yangi quvvatlarni ulashga, ishlab turgan obyektlarda shartnomadagi miqdorlarga nisbatan iste’mol qilinadigan issiqlik energiyasini ko‘paytirishga ruxsatnomaga ega bo‘lgan barcha issiqlik energiyasi iste’molchilari, iste’molchilarning issiqlik qurilmalari ulangan issiqlik ta’minoti tashkilotidan issiqlik energiyasidan foydalanish uchun texnik shartlarni olishga majburdirlar.
20. Issiqlik ta’minoti tashkilotining issiqlik tarmoqlariga yangi iste’molchilarni (tashkilotlar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki ayrim ishlab chiqarishlari va shu kabilarni) ulashga texnik shartlar buyurtmachi tashkilot (quruvchi) yoki uning topshirig‘iga ko‘ra bosh loyihalovchi tashkilotdan loyihalanayotgan obyektni tavsiflovchi qisqa shakldagi ma’lumotlar: uni loyihalash va qurish muddati, o‘rnashgan joyi (kartografiya materiali), issiqlikni iste’mol qilish turlari (texnologiya ehtiyojlari, isitish, ventilatsiya, issiq suv ta’minoti va boshqalar) bo‘yicha yuklamalarning tavsifi va issiqlik bilan ta’minlashning ishonchliligi bo‘yicha talablar ko‘rsatilgan buyurtmanomasiga ko‘ra issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan beriladi.
21. Issiqlik ta’minoti tashkiloti buyurtmachi tashkilot (quruvchi) yoki uning topshirig‘iga ko‘ra bosh loyihalovchi tashkilotdan buyurtmanomani olgandan keyin ikki hafta muddatda, ularni turli maydonchalarda joylashtirish uchun texnik-iqtisodiy taqqoslash variantlari yoki qurilishni, kengaytirishni yoki qayta tiklashni asoslash bo‘yicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar qilinayotgan yangi quriladigan korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki ayrim ishlab chiqarishlarini issiqlik bilan ta’minlashning dastlabki shartlarini beradi.
Yangi tashkilotlarni, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki ayrim ishlab chiqarishlarni yoki iste’molchining tashqi issiqlik bilan ta’minlash sxemasini o‘zgartirishni talab qiluvchi kengaytiriladigan va qayta tiklanadigan ishlab turgan obyektlarni issiqlik bilan ta’minlash bo‘yicha mo‘ljallanayotgan loyiha yechimlarini kelishib olish issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan qurilish maydonini tanlash paytida amalga oshiriladi.
22. Issiqlik tarmoqlariga iste’molchilarni (tashkilotlar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki ayrim ishlab chiqarishlarni) ulashga texnik shartlarni issiqlik ta’minoti tashkiloti buyurtmachi tashkilot (quruvchi) yoki uning topshirig‘iga ko‘ra bosh loyihalovchi tashkilotdan obyektni tavsiflovchi quyidagi qisqa shakldagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan buyurtmanomani olgandan keyin bir oy muddatda beradi:
a) issiqlik bilan ta’minlash manbai va uning ishonchliligi, asosiy va rezerv ulanish yoki elektr stansiyalari va issiqlik markazlari kollektorlariga ulanish nuqtalari, beriladigan issiqlik energiyasi miqdorini tartibga solish usuli;
b) boshqa iste’molchining yuklamalarini hisobga olgan holda asosiy va rezerv ulanish nuqtalarida issiqlik beruvchi va gidravlik rejim parametrlari;
v) boshqa iste’molchilarning yuklamalarini kelgusida ulash imkoniyatini hisobga olgan holda asosiy iste’molchining yuklamasi;
g) yangi obyekt paydo bo‘lishi munosabati bilan issiqlik manbaida mavjud tarmoqlarning o‘tkazish qobiliyatini va isitish qurilmalari ish unumini oshirish bo‘yicha asoslangan talablar;
d) qaytariladigan ishlab chiqarish kondensatini chiqarib olish miqdori, sifati va rejimi, kondensatni yig‘ish va qaytarish sxemasi;
e) tashkilotlarning ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanishga doir tavsiyalar;
j) ishonchlilik talablari hisobga olingan holda rezerv issiqlik ta’minoti manbalari;
z) hisob-kitob hisobi nazorat-o‘lchov priborlarini hisobga olish va o‘rnatishga qo‘yiladigan talablar;
i) quvurlar yotqizishga va kanallar va kameralarni, zapor va tartibga soluvchi armaturani o‘rnatishga, quvurlarni izolatsiya qilishga, korroziyaga qarshi himoyaga, issiqlik punktlarini jihozlashga qo‘yiladigan talablar;
k) isitish-ventilatsiya va texnologik yuklama hamda issiq suv ta’minoti yuklamasini ulashning issiqlik sxemasi;
l) harorat jadvali va tarmoqdagi suv sarfi;
m) qurilayotgan yoki qayta tiklanayotgan issiqlik tarmoqlarining balans va foydalanish bo‘yicha mansubligi hamda issiqlik ta’minoti tashkiloti va iste’molchining issiqlik tarmoqlari bo‘linishi chegaralari;
n) texnik shartlarning amal qilish muddati.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlarini issiqlik tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar tadbirkorlik subyektlarining yoxud tuman (shahar) arxitektura va qurilish boshqarmasi (bo‘limi)ning buyurtmasiga ko‘ra uch kunda ortiq bo‘lmagan muddatda, dastlabki shartlar berilmasdan beriladi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 10-iyundagi 158-sonli qaroriga asosan o‘n beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2009-y., 24-son, 272-modda)
Buyurtmachi tashkilot (quruvchi) yoki bosh loyihalash tashkiloti texnik shartlar talablariga rozi bo‘lmagan taqdirda kelishmovchiliklar manfaatdor tomonlar bilan birgalikda, texnik shartlarni bergan tashkilotning texnik kengashida ko‘rib chiqiladi.
23. Iste’mol qilinadigan issiqlik energiyasi miqdorini yoki issiqlik manbai parametrlarini o‘zgartirishni talab qilayotgan iste’molchining issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarini qayta tiklash yoki kengaytirishda iste’molchi issiqlik ta’minoti tashkilotidan ularni issiqlik ta’minoti tashkilotining issiqlik tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni ham olishi kerak.
24. Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari ulgurji iste’molchilar — qayta sotuvchilarning yoki issiqlik ta’minoti tashkiloti abonentlarining (asosiy iste’molchilar) tarmog‘idan ta’minlanadigan iste’molchilar texnik shartlarni asosiy iste’molchilardan oladilar.
Subabonentga texnik shartlar berilgunga qadar ulgurji iste’molchi — qayta sotuvchi yoki abonent ularni issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan kelishishi shart.
Texnik shartlarning bir nusxasi issiqlik ta’minoti tashkilotiga beriladi.
25. Issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan berilgan texnik shartlarni bajarish iste’molchi — buyurtmachilar va issiqlik ta’minoti loyihasini ishlab chiqish zimmasiga topshirilgan loyihalash tashkilotlari uchun majburiydir.
Amal qilish muddati tamom bo‘lgan va boshqa muddatga uzaytirilmagan texnik shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Iste’molchi yangi texnik shartlarni va yangi yoki qo‘shimcha quvvatlarga ulanishga ruxsatnomani mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda oladi.
Obyektning maqsadi, vazifasi o‘zgargan taqdirda iste’molchiga berilgan texnik shartlar bekor qilinadi, shundan keyin iste’molchi yangi texnik shartlar olishi kerak.
26. Texnik shartlarga muvofiq ishlab chiqilgan korxonalar, binolar, inshootlar, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlari issiqlik ta’minoti loyihalari (ishchi loyihalar) korxona, bino, inshoot, ularning navbatlari yoki alohida ishlab chiqarishlari kompleks loyihasi tasdiqlangunga qadar issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan kelishilishi kerak.
Loyihaga muvofiq ishlab chiqilgan ishchi chizmalar qurilish ishlari boshlangunga qadar issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan kelishilishi kerak.
Ko‘rib chiqilgan loyiha hujjatlarida texnik shartlar va amaldagi normativ hujjatlar talablaridan chetga chiqish aniqlangan hollarda iste’molchiga obyektni issiqlik ta’minoti tashkiloti tarmoqlariga ulash uchun ruxsat berishning rad etilishini asoslab beradigan xat yuboriladi.
Ulgurji iste’molchi-qayta sotuvchining yoki abonentning issiqlik tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olgan subabonent unga obyektning iste’molchi-qayta sotuvchi yoki abonentning issiqlik tarmoqlariga ulanishi uchun ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini taqdim etadi.
27. Iste’molchilarning yuklamalarini ulash bilan bog‘liq issiqlikdan foydalanuvchi yangi qurilmalarini va issiqlik tarmoqlarini qurish, ishlab turganlarini kengaytirish va qayta tiklash iste’molchilarning kuchlari va mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
IV. Iste’molchilarning issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalari va issiqlik tarmoqlari ishlatilishiga ruxsat berish
28. Iste’molchilarning issiqlikdan foydalanuvchi barcha yangidan ulanadigan va qayta tiklanadigan tizimlari mazkur Qoidalarga va belgilangan tartibda issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan kelishilgan loyiha hujjatlariga muvofiq bajarilishi hamda amaldagi texnik foydalanish qoidalarining talablarini qoniqtirishi, shuningdek texnik va qabul qilish hujjatlariga ega bo‘lishi kerak.
29. Iste’molchilarning issiqlik ta’minoti tizimlari ishga tushirilishi uchun tegishli tayyorgarlik ko‘rgan xodimlar mavjud bo‘lib, issiqlik xo‘jaligi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tayinlanganda hamda xavfsizlik texnikasi va yong‘inni o‘chirish bo‘yicha himoya vositalari bilan butlangan taqdirda ruxsat berilishi mumkin.
30. Iste’molchi issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarni o‘rnatish tashkilotidan mazkur Qoidalarga muvofiq dalolatnoma bo‘yicha qabul qiladi.
Shundan keyin iste’molchi “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining vakolatli vakiliga Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlaridan texnik foydalanish qoidalariga, qurilish normalari va qoidalariga muvofiq loyiha, texnik, qabul qilish-topshirish va foydalanish hujjatlarini, shuningdek issiqlik iste’moli tizimini vaqtinchalik yoki doimiy foydalanishga ruxsat berilishi uchun ko‘rikdan o‘tkazishga taqdim qilishi shart.
Iste’molchining buyurtmanomasi bo‘yicha ishga tushirish-sozlash ishlarini amalga oshirish uchun issiqlik ta’minoti tashkiloti issiqlik iste’moli tizimini ariza berilgan muddatga vaqtinchalik shartnoma bo‘yicha ishga tushiradi.
Iste’molchilarning issiqlik iste’moli qayta tiklangan tizimlari foydalanishga berilishidan oldin ko‘rib chiqish uchun “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining vakolatli vakiliga taqdim etilishi kerak.
31. Iste’molchilarning issiqlik iste’moli tizimlarida o‘rnatishda nuqsonlar, issiqlik ta’minoti tashkiloti va “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan loyihaning berilgan texnik shartlaridan, shu jumladan mazkur Qoidalar va boshqa normativ hujjatlar talablaridan chetga chiqishlar aniqlangan taqdirda, shuningdek issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalarga xizmat ko‘rsatish uchun tayyorgarlik ko‘rgan xodimlar mavjud bo‘lmaganda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ulardan foydalanishga ruxsat berish taqiqlanadi.
32. Issiqlik ta’minoti tizimidan doimiy ravishda foydalanish uchun iste’molchiga ruxsatnoma issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan, tizim ikki hafta sinab ko‘rilib, bunda aniqlangan nuqsonlar bartaraf etilgach, issiqlik qurilmasi tizimi “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining vakili tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilgach, issiqlik energiyasini berishga shartnoma tuzilgach va iste’molchi ijro hujjatlarini taqdim etganidan keyin beriladi. Texnik ko‘rik va issiqlik qurilmalarini ishlatilishiga ruxsat berish issiqlik ta’minoti tashkiloti zimmasiga foydalanish vaqtida uning normal ishlashi uchun javobgarlikni yuklamaydi.
V. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini o‘rnatish va ulardan foydalanish
33. Issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarini o‘rnatish va ulardan foydalanish, shuningdek issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan iste’molchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan berilgan texnik shartlarga muvofiq belgilanadi.
34. Barcha issiqlik energiyasi iste’molchilarining issiqlik iste’moli tizimlari issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun zarur hisobga olish priborlari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Issiqlik energiyasini hisobga olish Yoqilg‘i va energiyani ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilishda hisobga olishni tashkil etish tartibiga muvofiq tashkil etilishi kerak.
Usullarni, o‘lchash vositalarini tanlash va ulardan foydalanish tartibi va qoidalari Yoqilg‘i va energiyani hisobga olish priborlari bilan jihozlash, ulardan foydalanishni tashkil etish qoidalarida belgilangan.
35. Issiqlik ta’minoti tashkilotining hamda abonentning, ulgurji iste’molchi-qayta sotuvchining issiqlik tarmoqlariga issiqlik energiyasiga hisob-kitob qilish uchun hisobga olish priborlariga ega bo‘lmagan issiqlik iste’moli tizimlarini ulash taqiqlanadi.
36. Issiqlik ta’minoti tashkilotining obyektlarda o‘rnatiladigan issiqlik energiyasini hisobga olish priborlari “O‘zstandart” agentligida attestatsiyadan o‘tkazilgandan keyin iste’molchi tomonidan sotib olinadi va o‘rnatiladi hamda issiqlik ta’minoti tashkilotining balansiga va xizmat ko‘rsatishiga bepul o‘tkaziladi. Bunda ushbu priborlarni vaqti-vaqti bilan tekshirish va ta’mirlashni issiqlik ta’minoti tashkiloti o‘z hisobidan tashkil etadi.
Iste’molchida o‘rnatilgan va uning balansida turgan hisobga olish priborlari iste’molchilarning o‘zlari tomonidan foydalaniladi va ta’mirlanadi.
Issiqlik energiyasi uchun hisob-kitob qilish uchun hisobga olish priborlarini boshqa joyga o‘rnatish va bo‘shatib olish faqat issiqlik ta’minoti tashkiloti hisobidan va uning xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
Hisobga olish priborlari buzilganligi yoki ularning ko‘rsatkichlari to‘g‘riligi yuzasidan shubha tug‘ilgan taqdirda iste’molchi yoki issiqlik ta’minoti tashkiloti uzib qo‘yish vaqtini va uzib qo‘yish paytida issiqlik energiyasining barcha ko‘rsatkichlarini qayd etgan holda bu haqda tegishli ravishda issiqlik ta’minoti tashkilotiga yoki iste’molchiga darhol ma’lum qilishi shart.
Bunda, issiqlikni hisobga olish priborlarini ta’mirlash davri mobaynida issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan oxirgi uch sutka uchun o‘rtacha sutkalik sarf bo‘yicha, biroq priborlar to‘xtashidan oldingi 15 sutkadan ortiq bo‘lmagan vaqt uchun, priborlar 15 sutkadan ortiq ishlamay qolgan taqdirda esa — shartnomaviy yuklama bo‘yicha amalga oshiriladi.
Iste’molchi hisobga olish priborlarini ta’mirlash tugashiga qadar iste’mol qilishni to‘xtatib turishga haqlidir. Bunda iste’molchi bu haqda darhol issiqlik ta’minoti tashkilotini xabardor qilishi va berkitish armaturasini birgalikda plombalashi shart.
Iste’molchi issiqlik ta’minoti tashkilotini priborning buzilganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida ogohlantirmagan taqdirda priborlar ishlamay turgan vaqt uchun issiqlik energiyasiga hisob-kitoblar shartnomaviy yuklama bo‘yicha amalga oshiriladi.
Issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan hisob-kitob qilish uchun xizmat qilmaydigan hisobga olish priborlaridan iste’molchining o‘zi foydalanadi.
Iste’molchilar tomonidan o‘lchash diafragmalarini o‘rnatish vaqtida issiqlik ta’minoti tashkilotining vakili ishtirok etishi kerak.
37. Issiqlik energiyasi berishni hisobga olish issiqlik ta’minoti tashkiloti va iste’molchining issiqlik tarmoqlari bo‘linishi chegarasida amalga oshirilishi kerak.
Hisobga olish priborlari bo‘linish chegarasida o‘rnatilmagan taqdirda issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar bo‘linish chegarasidan hisobga olish priborlari o‘rnatiladigan joygacha bo‘lgan uchastkadagi yo‘qotilishni hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Yo‘qotilishlarning hisob-kitobi yoki issiqlik yo‘qotilishining sinovini issiqlik ta’minoti tashkiloti iste’molchi bilan birgalikda amalga oshiradi.
VI. Iste’molchilar tomonidan issiqlikdan foydalanish tizimlarining ishlatilishi va rejimning asosiy shartlari
38. Issiqlik iste’moli tizimlari holati va ularga xizmat ko‘rsatish uchun iste’molchi bilan issiqlik ta’minoti tashkiloti o‘rtasidagi javobgarlik chegaralari ularning balans bo‘yicha mansubliligiga qarab belgilanadi va shartnomaga ilova qilinadigan issiqlik tarmoqlarining balans bo‘yicha mansubligini chegaralash va foydalanish uchun tomonlarning javobgarligi dalolatnomasida qayd etiladi.
39. Issiqlik ta’minoti tashkilotiga tegishli bo‘lgan issiqlik quvurlarida iste’molchiga tegishli bo‘lgan qurilmalar yoki uskunalar bo‘lmasligi kerak.
Bitta kamerada (quduqda), issiqlik quvurida, estakadada har xil tashkilotlar xizmat ko‘rsatadigan uskunalar bo‘lmasligi kerak.
Ishlab turgan uskunalarda har xil tashkilotlarga tegishli bo‘lgan qurilmalar mavjud bo‘lsa, barcha uskunalar tashkilotlardan birining balansiga va xizmat ko‘rsatilishiga o‘tkaziladi.
40. Yakka holdagi iste’molchiga keladigan issiqlik quvurlari, issiqlik punktlari, iste’molchi issiqlik iste’molining ichki tizimlari iste’molchining balansida bo‘ladi.
VII. Issiqlik energiyasi iste’molchilarining majburiyatlari
41. Iste’molchilar quyidagilarga:
“Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlaridan texnik foydalanish qoidalariga hamda Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga, shuningdek mazkur Qoidalarga qat’iy rioya qilishga;
foydalanilgan issiqlik energiyasi uchun shartnomada qayd etilgan muddatlarda haq to‘lashga;
issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan kelishmasdan issiqlik energiyasi iste’molining shartnomaviy miqdorini oshirmaslikka va tuzilgan shartnomaga muvofiq issiqlik iste’moli rejimiga rioya qilishga;
issiqlik iste’moli rejimiga nisbatan issiqlik ta’minoti tashkilotining tezkor ko‘rsatmalarini bajarishga;
kondensat va tarmoq suvini shartnomada belgilangan miqdorda, sifatda va tegishli haroratda qaytarishga, shartnomada ko‘zda tutilmagan suv oqib ketishi va suv olinishiga yo‘l qo‘ymaslikka, shuningdek orqaga qaytadigan quvurda harorat jadvaliga nisbatan suv harorati oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
issiqlikni iste’mol qiluvchi uskunalar, issiqlik quvurlari, issiqlikni hisobga olish priborlari, quvurlar izolatsiyasi va issiqlikdan foydalanuvchi asbob-uskunalarni texnik jihatdan soz holatda saqlashga;
issiqlik quvurlari, issiqlik iste’mol qiluvchi uskunalar, zapor va tartibga soluvchi armaturaning rejali-oldini oluvchi ta’mirlanishi va sinovini o‘z vaqtida o‘tkazishga, ta’mirlash hajmi, muddatlari va jadvalini issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan kelishishga;
hisob-kitob hisobga olish priborlari, pastga tushiruvchi kranlar, toraytib turuvchi qurilmalar va armaturani issiqlik ta’minoti tashkilotining vakili bilan birgalikda plombalashga, o‘rnatilgan plombalarning saqlanishini ta’minlashga majburdir. Plombalarni olish issiqlik ta’minoti tashkilotining ruxsati bilan amalga oshiriladi;
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi inspektori tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni hisobga olgan holda issiqlikdan foydalanishni yaxshilashga, kondensat qaytarilishini ko‘paytirishga, uning sifatini oshirish, ikkilamchi energetika resurslaridan foydalanishga, orqaga qaytadigan tarmoq suvi haroratini pasaytirish bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga;
korxona bo‘yicha umumiy va alohida issiqlik qurilmalari bo‘yicha bug‘-kondensat balanslari tuzishga;
issiqlik ta’minoti tashkilotining vakillarini issiqlikni hisobga olish asboblariga, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi inspektorlarini issiqlikdan foydalanuvchi uskunalarga o‘z xodimlari hamrohligida sutkaning istalgan vaqtida to‘siqsiz qo‘yishni ta’minlashga;
barcha issiqlik tarmoqlari va issiqlikni iste’mol qiluvchi qurilmalarning ijro chizmalari va pasportiga, shuningdek ishlab chiqarish yo‘riqnomalariga ega bo‘lishga;
issiqlik iste’moli tizimlariga tayyorgarlik ko‘rgan xodimlarning xizmat qilishini ta’minlashga;
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi vakillarining ko‘rsatmalarini belgilangan muddatlarda bajarishga majburdir.
VIII. Issiqlik energiyasi iste’molchilarining huquqlari
42. Iste’molchi quyidagi huquqlarga ega:
issiqlik ta’minoti tashkilotidan issiqlik energiyasi shartnomaga muvofiq uzluksiz berilishini talab qilish;
issiqlik berish rejimini nazorat qilish va bug‘ berish bo‘yicha issiqlik parametrlari (harorat, bosim) shartnomaviy miqdorlarning (+/-) 5 foizidan ortiq chetga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, issiq suv berish bo‘yicha:
issiqlik beruvchi quvurda suv harorati bo‘yicha — (+/-) 3 foizga;
issiqlik beruvchi quvurda suvning bosimi bo‘yicha — (+/-) 5 foizga;
orqaga qaytadigan quvurda suvning bosimi bo‘yicha — (+/-) 20 kPaga pasayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik;
issiqlik ta’minoti tashkilotining roziligi bilan ruxsat berilgan quvvat doirasida issiqlik energiyasining boshqa iste’molchilarini o‘zining issiqlik tarmoqlariga ulash yoki ular orqali tranzit bilan o‘tkazib yuborish;
texnologik maqsadlardagi bug‘ning shartnomaviy parametrlari issiqlik ta’minoti tashkilotining aybi bilan pasayganda iste’molchi bu haqda issiqlik ta’minoti tashkilotiga oldindan xabar bergan holda issiqlik energiyasi iste’molini to‘xtatishga haqlidir. Ushbu holda issiqlik ta’minoti tashkiloti mazkur Qoidalarning 43-bandiga muvofiq iste’molchi oldida javob beradi.
43. Issiqlik bilan ta’minlashda issiqlik ta’minoti tashkilotining aybi bilan tanaffuslar yuz bergan taqdirda, issiqlik ta’minoti tashkiloti berilmagan issiqlik energiyasi uchun moddiy zararni iste’molchiga qoplaydi.
Iste’molchini issiqlik bilan ta’minlashda kontraktda nazarda tutilmagan tanaffuslar texnologik uskunalarning buzilishiga yoki ko‘plab yaroqsiz mahsulot ishlab chiqarishga olib kelgan taqdirda issiqlik ta’minoti tashkiloti zararni iste’molchiga sud tartibida qoplaydi.
IX. Issiqlik ta’minoti tashkilotining huquqlari
44. Issiqlik ta’minoti tashkiloti iste’molchini ogohlantirib quyidagi hollarda unga issiqlik energiyasi berishni to‘liq yoki qisman to‘xtatish huquqiga egadir:
issiqlik energiyasi uchun to‘lov hujjatida belgilangan muddatlarda haq to‘lanmaganda (iste’molchi issiqlik energiyasi berish to‘xtatilishidan bir oy oldin ogohlantirilgan taqdirda);
abonent, subabonentlar, yangi issiqlik yuklamalari, sexlar va qurilmalar yoki ularning alohida qismlari issiqlik tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanganda, shuningdek boshqa tashkilotlar subabonentlari issiqlik tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganda;
issiqlik iste’moli tizimlari “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining inspektori ishtirokisiz foydalanishga topshirilganda;
issiqlik iste’moli tizimlari hisobga olish priborlari o‘rnatilgunga qadar ulanganda;
maksimal soatli yuklamalar shartnomasi bilan kelishilgan issiqlik iste’molining belgilangan shartnomaviy miqdorlari issiqlik ta’minoti tashkilotining roziligisiz oshirilganda yoki orqaga qaytadigan tarmoqdagi suv harorati shartnomaga muvofiq eng ko‘p yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan darajadan oshirilganda;
issiqlik energiyasini isrofgarchilik bilan iste’mol qilishga, uni talon-toroj qilishga, tarmoqdagi suvning oqizilishi va ifloslanishiga yo‘l qo‘yilganda;
issiqlik iste’moli tizimlari avariya xavfini tug‘diradigan yoki xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning hayotiga xavf soladigan darajada qoniqarsiz holatda bo‘lganda;
shartnomada nazarda tutilgan kondensat 50 foizdan kam miqdorda qaytarilganda;
issiqlik iste’moli tizimlariga xizmat ko‘rsatish uchun tayyorgarlik ko‘rgan xodim bo‘lmaganda;
issiqlik ta’minoti tashkiloti vakillari issiqlik iste’moli tizimlariga yoki issiqlik energiyasini hisobga olish priborlariga qo‘yilmaganda.
45. Uskunalarni ta’mirlash bo‘yicha rejali ishlarni amalga oshirishda va yangi iste’molchilarni ulashda zaxira ta’minlash manbai mavjud bo‘lmasa, issiqlik ta’minoti tashkiloti abonentlarni uzib qo‘yish huquqiga egadir. Iste’molchini issiqlik energiyasi berish to‘xtatilishi to‘g‘risida ogohlantirish issiqlik energiyasi berishda tanaffusning aniq sanasini (kunlar va soatlarni) kelishish uchun 10 kun oldin amalga oshiriladi. Agar ogohlantirish olingandan keyin 5 kun muddatda iste’molchi issiqlik berishdagi tanaffus vaqtini kelishmasa, issiqlik ta’minoti tashkiloti ushbu vaqtni mustaqil belgilash huquqiga egadir. Issiqlik energiyasi berishdagi tanaffus, imkoni boricha, bu haqda uzib qo‘yishdan kamida 24 soat oldin iste’molchini ogohlantirgan holda uning ishdan tashqari vaqtida amalga oshirilishi kerak.
46. Avariyaning oldini olish yoki bartaraf etish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rish uchun issiqlik ta’minoti tashkiloti shuningdek, keyinchalik uzib qo‘yish sabablarini ma’lum qilgan holda, abonentning issiqlik iste’moli tizimini uzib qo‘yish huquqiga egadir.
47. Issiqlik energiyasi iste’molini cheklash vaqti, uning yetkazib berilmagan hajmi issiqlik tarmoqlarining bo‘linishi chegarasida hisobga olish priborlari hamda issiqlik energiyasini beruvchi issiqlik ta’minoti tashkilotining dispetcherlik xizmati operativ daftarida cheklashning boshlanishi va tamom bo‘lishi qayd etilgan amaldagi yozuvlar bo‘yicha aniqlanadi hamda ikki tomonlama dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Issiqlik ta’minoti tashkilotining aybi bilan iste’molchining texnologik ehtiyojlariga issiqlik energiyasi to‘liq yetkazib berilmasligi, cheklash kunidan oldingi oxirgi 3 sutkada issiqlik energiyasining o‘rtacha sutkalik iste’moli bilan issiqlik energiyasi to‘liq yetkazib berilmagan sutkadagi haqiqiy iste’mol qilish o‘rtasidagi tafovut sifatida hisobga olish priborlari bo‘yicha aniqlanadi.
48. Issiqlik ta’minoti tashkiloti quyidagi holatlar oqibatida issiqlik manbai parametrlari pasayganligi va issiqlik energiyasi to‘liq yetkazib berilmaganligi uchun iste’molchilar oldida moddiy javobgar bo‘lmaydi:
a) tabiiy hodisalar: momaqaldiroq, bo‘ron, suv toshqini, zilzila, ushbu joyda isitishni loyihalashtirish uchun 48 soatdan ortiq vaqt mobaynida hisoblab chiqilgan haroratdan 3 (gradus) S ga va undan ortiq past bo‘lgan haroratda havoning uzoq vaqt sovib ketishi, boshlang‘ich suv sifatining yomonlashishi;
b) iste’molchi xodimlarining noto‘g‘ri xatti-harakatlari;
v) mazkur Qoidalarning 44-bandida nazarda tutilgan issiqlik energiyasi berishni cheklash yoki to‘xtatish shartlariga muvofiq iste’molchi iste’molning shartnomaviy miqdorlari oshirilishiga yo‘l qo‘yadigan yoki uning uchun belgilangan issiqlik iste’moli rejimlariga rioya qilmagan va foydalanilgan issiqlik energiyasi uchun muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlikka ega bo‘lgan sutkalar mobaynida past parametrli issiqlik energiyasi berilganligi uchun;
g) iste’molchi issiqlik tarmoqlariga ulangan paytdan boshlab 6 oy mobaynida past parametrli issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi yoki vaqtinchalik foydalanishda bo‘lgan elektr stansiyasi yoki issiqlik tarmoqlaridan issiqlik to‘liq yetkazib berilmaganligi uchun.
X. Issiqlik ta’minoti tashkilotining majburiyatlari
49. Issiqlik ta’minoti tashkiloti quyidagilarga majbur:
shartnomaga muvofiq iste’molchiga issiqlik energiyasi uzluksiz berilishini ta’minlash, issiqlik manbai kollektorlaridan berilayotgan issiqlik manbalari parametrlarining (bug‘ va issiq suv) shartnomaga muvofiqligini ta’minlash, ularning:
bug‘ bo‘yicha (bosim va harorat) — (+/-) 5 foizga;
issiqlik beruvchi quvurda suv harorati bo‘yicha — (+/-) 3 foizga;
suv bosimi bo‘yicha:
issiqlik beruvchi quvurda — (+/-) 5 foizga;
orqaga qaytadigan quvurda — (+/-) 20 kPa chetga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik;
issiqlik to‘liq yetkazib berilmaganligi to‘g‘risida iste’molchilarning yozma arizalarini iste’molchilardan ariza olingan kundan boshlab 10 kun muddatda ko‘rib chiqish;
issiqlik ta’minoti tashkilotining aybi bilan texnologik maqsadlardagi to‘liq yetkazib berilmagan energiya qiymatini qoplash. To‘liq yetkazib berilmagan energiya hajmi iste’molchining vakili ishtirokida issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan aniqlanadi va dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
50. Issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan belgilangan limit iste’molchilar tomonidan oshirib yuborilganligi, issiqlik qurilmalariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, mavjud quvvatlarning oshirilishi yoki ko‘paytirilishi holatlari aniqlanganda va bu hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari bilan tasdiqlanganda hujjatlar “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasiga beriladi.
XI. Issiqlik energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish
51. Issiqlikdan foydalanish xususiyatiga ko‘ra iste’molchilar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
a) sanoat iste’molchilari va ularga tenglashtirilgan iste’molchilar hamda keyingi guruhlarda ko‘rsatilmagan iste’molchilar;
b) ulgurji iste’molchilar — qayta sotuvchilar — o‘z balansida issiqlik tarmoqlariga ega bo‘lgan, ulardan foydalanuvchi, issiqlik ta’minoti tashkilotidan issiqlik energiyasini ulgurji xarid qiluvchi va uni har xil iste’molchilarga qayta sotuvchi xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar;
v) issiqxona xo‘jaliklari — issiqxonalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi iste’molchilar.
52. Berilgan issiqlik energiyasi uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar amaldagi tasdiqlangan tariflarga muvofiq issiqlik energiyasini hisobga olish priborlarining ko‘rsatkichlari asosida amalga oshiriladi. Hisobga olish priborlariga ega bo‘lmagan abonentlarga beriladigan issiqlik energiyasi miqdori issiqlik ta’minoti tashkilotining hisobga olish priborlari bo‘yicha shartnomaviy yuklamalarga muvofiq issiqlikning umumiy miqdorini abonentlar o‘rtasida taqsimlash asosida aniqlanadi.
53. Amaldagi tariflar turar joylardan foydalanuvchi (aholi) tashkilotlar bilan hisob-kitob qilishga tatbiq etilmaydi.
54. Issiqlik energiyasi berish yuzasidan issiqlik ta’minoti tashkiloti va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda issiqlik manbaining har bir turi va parametri bo‘yicha bir soatdagi maksimal yuklama hamda issiqlik energiyasini iste’molchiga oylik, choraklik va yillik berish miqdori belgilanadi.
55. Iste’molchi (abonent)ning issiqlik tarmoqlaridagi issiqlik energiyasi yo‘qotilishi, ular va subabonentlar o‘rtasida ularning issiqlik energiyasi iste’mol qilish ulushiga va issiqlik tarmog‘i uzunligiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
56. Iste’molchiga berilgan issiqlik energiyasi miqdori issiqlik ta’minoti tashkiloti va iste’molchining issiqlik tarmoqlari bo‘linishi chegarasida hisobga olinadi.
Issiqlik ta’minoti tashkiloti va iste’molchi tarmoqlarining bo‘linish chegarasigacha issiqlik energiyasini yetkazib berish bo‘yicha barcha xarajatlar va uning yo‘qotilishi tariflarda hisobga olingan bo‘lib tariflardan ortiqcha qo‘shimcha haq to‘lashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tarmoqlarning bo‘linish chegarasidan keyin issiqlik energiyasining barcha xarajatlari va yo‘qotilishi iste’molchining hisobiga kiritiladi. Agar bug‘ va issiq suv iste’molchining issiqlik tarmoqlari orqali berilsa, issiqlik energiyasi miqdori elektr stansiyasi kollektorida (tuman bug‘ qozonxonasi) hisobga olish priborlari bo‘yicha aniqlanadi.
57. Iste’molchi tomonidan hisob-kitob priborlari ko‘rsatkichlaridagi nuqsonlar yoki issiqlik energiyasi sarfini hisoblab chiqishda yo‘l qo‘yilgan xatolar aniqlangan taqdirda iste’molchi bir hafta muddatda bu haqda issiqlik ta’minoti tashkilotiga ariza berishi kerak.
Issiqlik ta’minoti tashkiloti 10 kun muddatda (iste’molchining arizasi berilgan kundan boshlab) hisobga olish priborini yoki u bo‘yicha amalga oshirilgan hisoblab chiqishlarning to‘g‘riligini tekshirishi shart.
58. Hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlarining noto‘g‘riligi tasdiqlangan taqdirda issiqlik ta’minoti tashkiloti oxirgi hisob-kitob davridagi issiqlik energiyasi sarfini tegishli ravishda qayta hisob-kitob qilishi shart.
Qayta hisob-kitob, joriy hisob-kitob davrida issiqlik energiyasi iste’moli hisobga olingan holda, navbatdagi to‘lov hujjatini yozishda oxirgi davr uchun hisob-kitoblar bo‘yicha tuzatilgan yoki yangidan o‘rnatilgan priborlarning ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
59. Agar hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlaridagi chetga chiqishlar “O‘zstandart” agentligi tomonidan belgilangan normalardan ortiq bo‘lmasa, ular yo‘l qo‘yilishi mumkin deb hisoblanadi va qayta hisob-kitob qilishga olib kelmaydi.
60. Hisobga olish priborlarini tekshirish to‘g‘risida arizaning berilishi iste’molchini u iste’mol qilgan elektr energiyasi to‘lovini belgilangan muddatda to‘lashdan ozod qilmaydi.
61. Hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari iste’molchi tomonidan ma’lum qilinmagan taqdirda hisob-kitob belgilangan shartnomaviy yuklama bo‘yicha amalga oshiriladi.
62. Asosiy iste’molchilar qayta sotiladigan issiqlik energiyasi uchun ham issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan, ham subabonentlar bilan iste’molchilarning subabonentlar tegishli bo‘lgan guruhlari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha hisob-kitob qiladi.
XII. Iste’molchilarga beriladigan bug‘ holidagi issiqlik energiyasi miqdorini belgilash va hisob-kitob qilish tartibi
63. Iste’molchiga berilayotgan bug‘ holidagi issiqlik energiyasining miqdori bug‘ miqdorini shartnomada kelishilgan bug‘ning belgilangan ko‘rsatkichlarida uning tarkibidagi issiqlik miqdoriga ko‘paytmasi sifatida aniqlanadi.
Bunda suv ta’minoti manbaidagi boshlang‘ich suvda mavjud bo‘lgan issiqlik miqdori hisobga olinadi.
64. Iste’molchi tomonidan kondensat bilan qaytarilayotgan issiqlik energiyasi miqdori kondensat miqdorini, boshlang‘ich suvdagi issiqlikni hisobga olgan holda, kondensatning issiqlik sig‘imi va haroratiga ko‘paytmasi sifatida aniqlanadi.
65. Qaytarilgan kondensat uchun iste’molchiga to‘lov miqdori shartnoma bilan belgilanadi.
XIII. Iste’molchilarga beriladigan issiq suv holidagi issiqlik energiyasi miqdorini aniqlash va hisob-kitob qilish tartibi
66. Iste’molchiga issiq suv holida beriladigan issiqlik energiyasining miqdori suv miqdorini uning issiqlik sig‘imiga, beriluvchi va orqaga qaytuvchi tarmoq suvlarining harorati o‘rtasidagi tafovutiga ko‘paytmasi sifatida aniqlanadi.
Ochiq suv olish tizimida iste’molchiga issiq suv holida beriladigan issiqlik energiyasi miqdori suv miqdorini uning issiqlik sig‘imi hamda issiq (berilayotgan) va boshlang‘ich suvlarning harorati o‘rtasidagi tafovutga ko‘paytmasi sifatida aniqlanadi, boshlang‘ich suv harorati uchun o‘rtacha oylik harorat olinadi.
67. Issiq suv holidagi issiqlik energiyasidan foydalanishda iste’molchi orqaga qaytadigan tarmoqdagi suvni shartnomaga ilova qilinadigan harorat jadvali bo‘yicha uning qiymatidan ortiq bo‘lmagan harorat bilan qaytarishi shart.
Iste’molchining issiqlik tarmog‘i uchun issiqlik beradigan tarmoq suvining harorati issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan belgilanadi.
Issiqlik berishni tartibga solish kun va tunning tashqi harorati o‘rtasidagi farq 8 (gradus) S va undan ortiq bo‘lsa, sutkada ikki marta va ushbu farq 8 (gradus) S dan kam bo‘lsa — bir sutkada bir marta amalga oshiriladi.
Tartibga solishda maishiy maqsadlarda va jamoat binolarini isitish tizimida foydalaniladigan suvning haroratini tungi vaqtda pasaytirish imkoniyati, shuningdek ishdan tashqari vaqtlarda uni sanoat korxonalariga berishni qisqartirish nazarda tutilishi kerak.
68. Orqaga qaytadigan tarmoq suvining o‘rtacha sutkalik harorati jadvaldagiga qaraganda 3 (gradus) S dan ortiq miqdorda iste’molchi tomonidan oshirilgan taqdirda issiqlik ta’minoti tashkiloti tarmoqdagi suvning o‘rtacha sutkalik harorati (+/-) 3 (gradus) S dan ortiq chetga chiqmasligiga rioya qilish sharti bilan issiqlik energiyasini iste’molchiga berishni pasaytirishga yoki to‘liq to‘xtatishga, yoxud berilgan issiqlik energiyasi uchun issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan iste’molchi uchun hisoblab chiqilgan va shartnomaga ilova qilingan jadvalda nazarda tutilgan harorat pasayishi bo‘yicha hisob-kitob qilishga haqlidir.
69. Iste’molchilarga beriladigan 40—45 (gradus) S haroratli issiq suv holidagi issiqlik energiyasi uchun hisob-kitob qilish 50 foizli chegirma bilan issiq suv uchun tarif bo‘yicha amalga oshiriladi.
70. Quyidagi hollarda tarmoq suvidagi issiqlik yo‘qotilishi uchun iste’molchilar tomonidan shartnomaviy narxlar bo‘yicha haq to‘lanadi:
issiqlik tarmoqlarini gidravlik va haroratli sinash o‘tkazilishi bilan bog‘liq yo‘qotishning o‘rnini to‘ldirish;
iste’molchi tarmog‘ini uning buyurtmanomasi bo‘yicha to‘ldirish, avariyali vaziyatlar ham shu jumlaga kiradi;
iste’molchidan qaytariladigan past sifatli (tarkibida temir, mexanik aralashmalar va boshqalar mavjud bo‘lgan) orqaga qaytadigan tarmoq suvini sizdirish.
Issiqlik ta’minoti tashkilotining aybi bilan yuz bergan tarmoq suvidagi issiqlik yo‘qotilishiga iste’molchi tomonidan haq to‘lanmaydi.
XIV. Iste’molchilar tomonidan qaytariladigan kondensat miqdorini aniqlash va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi
71. Isitish, shamollatish va issiq suv ta’minoti uchun bug‘ holidagi issiqlik energiyasidan foydalanilganda iste’molchilar issiqlik ta’minoti tashkilotiga kondensatning kamida 95 foizini, texnologik maqsadlar uchun bug‘dan foydalanilganda esa — shartnomada kelishilgan miqdorda va sifat bilan qaytarishlari shart.
Kondensatning iste’mol qilinadigan bug‘ miqdoriga nisbatan foizlarda qaytarish normasini va uning sifatini tomonlar shartnoma tuzish vaqtida belgilaydilar.
Iste’molchi issiqlik manbaiga qaytarishi shart bo‘lgan kondensat miqdori issiqlik iste’moli tizimlarining loyiha ma’lumotlariga, korxonaning bug‘-kondensat balansiga muvofiq va kondensatni qaytarish bo‘yicha erishilgan natijalar hamda mavjud zaxiralarni hisobga olgan holda belgilanadi.
Issiqlik ta’minoti tashkiloti iste’molchiga korxonada texnik imkoniyat mavjud bo‘lganda kondensat qaytarishni ko‘paytirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni bajarishni tavsiya etishga, ularni bajarishning iste’molchi bilan kelishilgan muddatini belgilashga haqlidir.
Belgilangan muddat tugagach, taklif etilgan tadbirlarni hisobga olgan va amaldagi shartnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan holda iste’molchiga kondensatni qaytarish normasi ko‘paytiriladi.
72. Iste’molchi tomonidan qaytariladigan kondensat shartnomada kelishilgan miqdorga va sifatga muvofiq bo‘lishi kerak.
Iste’molchi tomonidan qaytariladigan kondensat miqdori va sifati elektr stansiyasida (bug‘qozonxonasida) aniqlanadi.
Kondensat tozalagichga ega bo‘lmagan yoki kondensatni ishlatiladigan suv normalarigacha tozalashni ta’minlamaydigan kondensat tozalagichga ega bo‘lgan ishlab turgan elektr stansiyalarida (bug‘qozonxonalarida) bug‘ qozonlarini ta’minlash uchun foydalaniladigan ishlab chiqarish kondensatining sifati shunday bo‘lishi kerakki, toki uning boshqa tashkil qiluvchilari bilan aralashmasi Elektr stansiyalari va tarmoqlaridan texnik foydalanish qoidalariga binoan mazkur bug‘ qozonlari uchun ta’minlovchi suv me’yorlariga muvofiq bo‘lsin.
Kondensat tozalagich bilan jihozlangan va butun kondensatni ta’minlovchi suv me’yorlarigacha tozalashni ta’minlaydigan ishlab turgan elektr stansiyalaridagi (bug‘qozonxonalaridagi) bug‘ qozonlarini ta’minlash uchun yoki yangidan loyihalashtirilayotgan elektr stansiyalari uchun foydalaniladigan ishlab chiqarish kondensati miqdori Issiqlik elektr stansiyalarini va issiqlik tarmoqlarini texnologik loyihalash me’yorlarida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
73. Qaytarilgan kondensat miqdori uchun issiqlik ta’minoti tashkiloti abonentga to‘lovni shartnomada ko‘rsatilgan issiqlik qiymati bo‘yicha (qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda) to‘laydi. Ushbu summa issiqlik energiyasi uchun haq to‘lashda abonent hisobiga qo‘shiladi.
74. Elektr stansiyasiga sifati shartnomadagi shartlarga muvofiq bo‘lmagan kondensat topshirilganda issiqlik ta’minoti tashkiloti qaytarilgan kondensat miqdoriga tuzatuvchi koeffitsiyent joriy etadi: kondensatdan bug‘latgichlar, bug‘ni qayta ishlovchilar yoki issiqlik tarmog‘ini qo‘shimcha ta’minlash uchun foydalanilganda — 0,8, kondensat qo‘shimcha tozalash uchun qabul qilinganda esa — 0,5 koeffitsiyenti qo‘llanadi. Iflos kondensatdan texnik jihatdan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda ushbu kondensat drenajga oqiziladi, bu holda iste’molchi kondensatni topshirmagan deb hisoblanadi. Qaytarilgan kondensatdagi issiqlik energiyasi miqdori ham issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan hisobga olingan kondensat miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Qaytarilayotgan kondensatning issiqlik-texnik parametrlari (miqdori, harorati, ifloslilik darajasi) issiqlik bilan ta’minlash manbaida kondensatni kimyoviy tekshirish natijalari hamda hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniqlanadi va ikki tomonlama dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Kondensat ortiq darajada iflos bo‘lgan taqdirda uni elektr stansiyalarida (bug‘qozonxonalarida) yoki iste’molchida tozalashning maqsadga muvofiqligi texnik-iqtisodiy hisoblar asosida aniqlanadi. Bunda barcha hollarda kondensatni qo‘shimcha tozalash iste’molchi hisobidan amalga oshiriladi.
Qaytarilgan, ammo sifatiga ko‘ra shartnoma shartlarini qondirmaydigan va elektr stansiyasida foydalanilmagan kondensat qaytarilmagan kondensatga tenglashtiriladi.
75. Bug‘ kam sarflanadigan va kondensatni tozalash qimmatga tushadigan hollarda ayrim iste’molchilar issiqlik ta’minoti tashkiloti tomonidan kondensatni qaytarishdan ozod qilinishi mumkin, uning uchun texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar taqdim etilishi va kondensatdan o‘z ehtiyojlari uchun to‘liq foydalanilishi shart.
Iste’molchining yaqin atrofida issiqlik ta’minoti tashkilotining suv bilan ishlaydigan issiqlik tarmoqlari o‘tgan taqdirda, iste’molchi isitish, shamollatish va issiq suv bilan ta’minlash yuklamasini, agar bunga korxonaning ishlab chiqarish sikli imkon bersa, bug‘dan issiq suvga o‘tkazishi shart.
76. Qaytariladigan kondensat miqdorini belgilash yuzasidan issiqlik ta’minoti tashkiloti bilan iste’molchi o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘lgan taqdirda texnik ekspertiza o‘tkaziladi. Texnik ekspertiza iste’molchi tomonidan ikkala tomon vakillaridan, manfaatdor bo‘lmagan tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda, iste’molchi bilan issiqlik ta’minoti tashkiloti o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bayonnomasi rasmiylashtirilgandan keyin 2 oydan kechiktirmay tashkil etiladi.
Agar texnik ekspertiza o‘tkazilgandan keyin tomonlar kelishuvga erishmasalar, u holda kondensatning miqdori va sifati bo‘yicha yakuniy qaror “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi tomonidan qabul qilinadi.
XV. Issiqlik energiyasi uchun to‘lov hujjatlarini taqdim etish va to‘lash tartibi
77. Sanoat iste’molchilari, ulgurji iste’molchilar — qayta sotuvchilar va boshqa iste’molchilar, hisob-kitob oyi tugaganidan so‘ng 30 kun mobaynida yakuniy hisob-kitobni amalga oshirgan holda, yetkazib beriladigan issiqlik energiyasining bir oydagi iste’moli hajmining kamida 30% miqdori uchun oldindan haq to‘laydilar.
78. To‘lov hujjatida xato yoki pribor ko‘rsatkichlarida noaniqliklar topilganda abonent bu to‘g‘rida issiqlik ta’minoti tashkilotini xabardor qilishi shart.
To‘lov hujjatidagi xatolar, hisobga olish priborlarini tekshirish haqida arizaning berilishi abonentni to‘lov hujjati bo‘yicha belgilangan muddatda haq to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi.
Issiqlik ta’minoti tashkiloti abonent tomonidan ariza berilgan kundan boshlab 10 sutkadan kechiktirmay hisob-kitobni, agar zarur bo‘lsa hisobga olish priborlarini ham tekshirib ko‘rishi va tekshirish natijasini (to‘lov hujjatidagi xatoliklar yoki hisobga olish priborlaridagi noto‘g‘ri ko‘rsatkichlar to‘g‘risida) iste’molchiga xabar qilishi kerak.
Issiqlik energiyasini hisobga olishda xatoliklar aniqlangan taqdirda issiqlik ta’minoti tashkiloti oxirgi hisob-kitob davri uchun qayta hisob-kitob qilishi shart.
79. Sanoat iste’molchilariga, ulgurji iste’molchilarga, qayta sotuvchilarga va boshqa abonentlarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar issiqlik ta’minoti tashkilotining to‘lov hujjatlari (to‘lov talabnomasi va schyot-faktura) bo‘yicha, taqdim etilishiga qarab akseptsiz tartibda amalga oshiriladi. Iste’molchining hisob-kitob raqamida mablag‘larni akseptsiz hisobdan chiqarish bank tomonidan, to‘lov hujjati tushgandan keyingi kundan kechikmay amalga oshiriladi.
80. To‘lov muddati o‘tkazib yuborilgani uchun penya undirish huquqidan qat’i nazar, issiqlik ta’minoti tashkilotida ogohlantirishdan keyin to‘lamaganlik uchun qarzni to‘lamagungacha abonentga issiqlik energiyasi berishni to‘xtatish huquqi saqlanib qoladi.
Vazirlar Mahkamasining
2005-yil 27-yanvardagi 32-son qaroriga
3-ILOVA
2005-yil 27-yanvardagi 32-son qaroriga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-maydagi 180-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 5-son, 23-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 7-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Pensiya jamg‘armasiga va Respublika yo‘l jamg‘armasiga” so‘zlari “Pensiya jamg‘armasiga va Respublika yo‘l jamg‘armasiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“yuridik shaxslar tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun mablag‘lar to‘liq tushishini ta’minlash”;
b) 8-bandda:
8.1-kichik banddagi va 8.4-kichik bandning uchinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Pensiya jamg‘armasiga va Respublika yo‘l jamg‘armasiga” so‘zlari “Pensiya jamg‘armasiga va Respublika yo‘l jamg‘armasiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 8.4-1-kichik band qo‘shilsin:
“8.4-1. To‘lovlarning to‘liqligini ta’minlash uchun muddati o‘tkazib yuborilgan qarzlarni yig‘adi va yuridik shaxslar tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun mablag‘lar to‘liq tushishini nazorat qiladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr va issiqlik energiyasi uchun hisob-kitob qilish intizomini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2003-yil 5-avgustdagi 341-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshidagi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 8-son, 69-modda) “60 kun” so‘zlari “hisob-kitob oyi tugagandan keyin 30 kun” so‘zlari bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 2-son, 10-modda) bilan tasdiqlangan Moddiy-texnika resurslari strategik turlarini sotishning maxsus tartibi to‘g‘risidagi nizomning II bo‘limida:
12-banddagi “o‘tgan davrda iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun 60 kun mobaynida to‘liq hisob-kitob qilish sharti bilan” so‘zlari chiqarib tashlansin;
17-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Iste’molchining taklifiga ko‘ra shartnomaga joriy oy tugashidan 10 kundan kech bo‘lmagan muddatda o‘zgartirish kiritilishi, elektr energiyasining tegishli hajmi uchun oldindan haq to‘langan taqdirda, elektr energiyasini kam olish yoki ortiqcha olish hisoblanmaydi”;
19-bandga “haqini to‘lamaganlik uchun” so‘zlaridan keyin “alohida xavfli va uzluksiz texnologiya jarayoniga ega bo‘lgan” so‘zlari qo‘shilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan qarorlari ro‘yxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Foydalanilayotgan elektr energiyasi uchun o‘zaro hisob-kitoblar tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 5-dekabrdagi 469-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 74-modda) 2-bandi hamda ushbu qarorga 1-ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2003-yil 16-iyundagi 271-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 6-son, 46-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Elektr va issiqlik energiyasi uchun hisob-kitob qilish intizomini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2003-yil 5-avgustdagi 341-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 8-son, 69-modda) ilovaning 1-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat agentligini Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga aylantirish to‘g‘risida” 2004-yil 1-martdagi 96-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 3-son, 18-modda) 5-ilova II bo‘limining 5-bandi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 3-4-son, 26-modda; 2006-y., 8-son, 55-modda, 2007-y., 9-10-son, 85-modda; 2009-y., 6-son, 53-modda, 24-son, 272-modda)